Turon sivilizatsiyasining injusi – oʻzbek davlatchiligi uzoq oʻtmishga borib tarqaladi. Bu zaminda eng eski chogʻlardayoq yashab kelgan ota-bobolarimiz davlatchilik tariximizning katta qismida Turon yurtni birlashtirgan boʻlsa, ayrim kezlarda voha va vodiylarda, dashtlarda bir-biridan alohida holda boshqaruvni amalga oshirgan. Bu ularning har biri oʻz davlatchilik ramzlariga – tugʻ, bayroq, tamgʻalarga ega boʻlgani, bu kabi ramziy belgilar har bir sulola tomonidan zarb qilingan tanga va muhrlarda oʻrin olganida koʻzga tashlanadi. Biz ayni shu jihatdan kelib chiqib, “Oʻzbek davlatchiligi bayroqlari kompozitsiyasi”ni tayyorladik. Unda uch ming yillik tadrijiy taraqqiyot davomida mustaqil boshqaruvni amalga oshirgan davlatchiligimizni davriy va sulolaviy konsept nuqtai nazaridan ramzlari ifodalangan.
Tariximizning barcha bosqichlarida ham davlat ramzi sifatida hozirgi koʻrinishdagi shakl va bichimga ega boʻlgan bayroq ishlatilmagan. Qadimda davlat va hokimiyat ramzi vazifasini koʻproq tugʻlar bajargan. Biroq, mutaxassislar tangalar va ularga tushirilgan tamgʻalar, toshga, buyumga, hayvonlar sirtiga bosilgan en va belgilar, koshinlar, sopol, metall buyumlarga tushirilgan bezak va naqshlar, shuningdek, yozma manbalar orqali qadimgi va oʻrta asrlarning turli bosqichlarida eng keng koʻlamda ishlatilgan boshqa ramziy belgilarni ham aniqlagan. Shu bois kompozitsiyada maʼlumotlar yetarli boʻlmagan qadimgi va oʻrta asrlardagi sulolalarning eng keng tarqalgan tamgʻalari shartli ravishda, ramziy maʼnoda bayroq sifatida qabul qilindi. Shu oʻrinda urgʻulab oʻtish kerakki, ularda aks etgan tasvirlar qatʼiy norma emas – ajdodlarimizning bayroqlari aynan shunday boʻlgan, degan yakuniy xulosani bermaydi.
Koʻpchilik tarixchilarning soʻnggi tadqiqotlariga koʻra, davlatchilik ildizlarimiz Turonning ilk hukmdori Alp Er Toʻnga (Afrosiyob) davridan boshlanishi urgʻulanadi. Biroq, yuqorida aytib oʻtilganidek, mutaxassislar tomonidan qatʼiy toʻxtamga kelingan davlat ramzlari va belgilari haqidagi xulosalar hozircha yetarli emas. Shuningdek, Turon yurtda yashagan sak va massaget birlashmalari toʻlaqonli davlat tarzida emas, balki davlatchilikka oʻtish bosqichidagi qabilalar ittifoqi sifatida koʻriladi va ularning bayroqlari haqida ham tasavvurlarimiz yetarlimas. Shu sababdan ularning bayroqlari bu kompozitsiyadan joy olmagan. Bundan tashqari, tarixda yurtimiz qaysidir davlatlar tomonidan bosib olingan davrlar ham boʻlgan. Bu qaramlik sharoitida ishlatilgan bayroqlarda mahalliy qadriyatlar aks etmagani uchun ular ham kompozitsiyaga kiritilmagan.
Oʻzbek davlatchiligi bayroqlari:
1. Qadimgi Baqtriya
Baqtriya bayrogʻi uchun ikki oʻrkachli Baqtriya tuyasi obrazi tanlanishining asosiy sababi shuki, bu tasvir Baqtriya–Tohariston mintaqasi tanga anʼanasida uchraydigan barqaror tasviriy motiv hisoblanadi. Uni qatʼiy ravishda faqat bir sulolaga bogʻlab qoʻyishdan koʻra, “oʻlkaning ramzi” sifatida talqin qilish toʻgʻriroq: yaʼni bu – sulola tamgʻasi emas, balki mintaqaviy tanga motividir. Ushbu obrazning maʼnosi haqida olimlar, odatda, umumiy va amaliy talqinni qabul qiladi. Karvon, savdo yoʻllari, Ipak yoʻlidagi logistika, choʻl-dasht sharoitiga mos chidamlilik, shuningdek, “Baqtriya tuyasi”ning oʻzi mintaqaning mashhur tabiiy-geografik belgisi ekanini anglatadi. Ayrim qarashlarda esa bu tasvir boylik va farovonlikka, shuningdek, davlatning yoʻllar ustidan nazoratiga ishora qiladi, degan fikrlar ham tilga olinadi. Shu sababli bayroq belgisi sifatida ikki oʻrkachli tuya tasviri olindi. U Baqtriyani tez tanitadi va mintaqaviy maʼnoni toʻliq ifoda etadi.
2. Qadimgi Xorazm
Qadimgi Xorazm uchun bayroq oʻlaroq Afrigʻiylar davri tangalarida eng koʻp takrorlanadigan otliq chavandoz tasviri tanlandi. Ushbu davrga oid mis va kumush tangalarning katta qismida tanganing orqa tomonining markazida otliq joylashadi, maydonda esa qoʻshimcha tamgʻa hamda uning atrofida xorazmiy yozuv (hukmdorning unvoni yoki ismi) keltiriladi. Olimlar taʼkidlashicha, bu tasvir avvalo hukmdor hokimiyatining harbiy-siyosiy qonuniyligini mustahkamlaydigan gʻoyani – “shoh himoyachi, qoʻshin boshligʻi, tartib saqlovchi va hudud nazoratchisi” degan maʼnoni — pul muomalasi orqali xalq ongiga yetkazuvchi davlat ramziy tili vazifasini bajargan. Ayrim talqinlarda esa mazkur obraz umumiy ramziy maʼnoda, yaʼni jangovar qudrat va sulolaviy davomiylik gʻoyasini ifoda etishi bilan cheklanadi.
3. Sugʻd
Sugʻd bayrogʻi uchun mazkur tamgʻa tanlanishining asosiy sababi uning Sugʻd tanga anʼanasida, ayniqsa, Buxoro vohasiga oid mis tangalarda tez-tez uchrashi bilan bogʻliq. U tangalarda shajara va maʼmuriy muhitga xos belgi sifatida qayta-qayta takrorlanib, mahalliy muomalada hokimiyatning tanish ishorasi vazifasini bajargani koʻrinadi. Mazkur tamgʻa Sugʻd tangalarida uchraydigan eng taniluvchan va grafik jihatdan oʻqilishi oson belgilardan biri hisoblanadi. U Sugʻdni boshqa davlatlar ramzlaridan bir qarashda ajratib koʻrsatish imkonini ham beradi. Shu sababdan bu tamgʻa Sugʻd bayrogʻiga shartli ravishda, ramziy maʼnoda asos qilib olindi.
4. Fargʻona (Davan)
Fargʻona qadimdan otchilik, chavandozlik madaniyati va ayniqsa, mashhur “samoviy otlar” (Fargʻona otlari) haqidagi tarixiy tasavvurlar bilan tanilgan. Shu bois ot obrazi bu hududni boshqa oʻlkalardan ajratib turadigan eng tez taniladigan belgilardan biri hisoblanadi. Bu haqda Xitoy manbalari juda koʻp maʼlumot beradi. Hatto ushbu otlarga ega boʻlish uchun xitoyliklar (Xan saltanati) Fargʻona (Davan)ga 2-marta katta qoʻshin tortgan. Xitoy manbalarida Fargʻona otlarini tezkorligi uchun “qanotli otlar”, “samoviy otlar”, “terisidan qon tomadigan otlar” deya taʼriflar berilgan. Uning maʼnosi haqida odatda umumiy, amaliy va ramziy talqin qabul qilinadi: ot – harakat, tezlik, harbiy salohiyat, savdo-aloqa yoʻllaridagi mobillik, kuch va nufuz timsoli; shu bilan birga u Fargʻonaning tabiiy muhiti, zotdor otchilik anʼanasi va mintaqaning tashqi dunyo bilan bogʻlanishidagi oʻrnini ham anglatadi. Baʼzan bu obraz davlat qudrati, harbiy madaniyat va yuksak maqom ramzi sifatida ham talqin qilinadi. Bu ikonagrafiya Fargʻona nomi tilga olinganda darhol tarixiy xotirani uygʻotadi. Shuningdek, mintaqaning oʻziga xos qiyofasini ifodalovchi kuchli ikonagrafik obraz hamdir. Fargʻonaning antik davri uchun hozirga qadar bundan boshqa kuchli obraz, asosli tamgʻalar topilmagani sababli qanotli ot ikonagrafiyasi shartli ravishda Fargʻonaning antik davri – Davan davri bayrogʻi sifatida ramziy maʼnoda qabul qilindi.
5. Qangʻ (Kangyuy)
Bayroqda aks etgan ushbu tamgʻa Qangʻ tanga anʼanasida bir necha seriyalarda koʻp bora uchraydi. U shajaraviy, maʼmuriy identifikator sifatida namoyon boʻladi. Ayrim talqinlarga koʻra tangalardagi S-simon shakli “tamgʻa anʼanasi”dagi grafik belgilar tizimi bilan bogʻlanib, muayyan sulola, hukmdor guruhini ajratish uchun xizmat qilgan, degan nazariyalar tilga olinadi. Ammo bu semantika qatʼiy konsensus emas. Qangʻ tangalarida uchraydigan eng taniluvchan va grafik jihatdan oʻqilishi oson boʻlgani uchun bu belgi Qangʻ bayrogʻiga shartli ravishda, ramziy maʼnoda asos qilib olindi.
6. Kushonlar
Kushon bayrogʻi uchun tanlangan asosiy belgi, tamgʻa — Kushonlarning Kadfiz I, Kadfiz II, Kanishka, Huvishka, Vasudeva, Vasudeva I, Vasudeva II va yana birqancha hukmdorlari tomonidan zarb qilingan tangalarda anʼanaviy ravishda takrorlanadi. Ayrim talqinlarda uning shakli Kushonlar davridagi diniy-ramziy muhit bilan bogʻlanishi mumkin, degan nazariyalar ham tilga olinadi. Ammo bu semantika qatʼiy konsensus emas. Bayroqda aks etgan tamgʻa Kushon merosini tez tanitadi va Kushonlar davrini boshqa sulolalardan darhol ajratib koʻrsatish imkoni paydo boʻladi. Shu sababdan bu tamgʻa Kushon bayrogʻiga shartli ravishda, ramziy maʼnoda olindi.
7. Kidariylar
Kidariylar bayrogʻi uchun tanlangan asosiy belgi – manbalarda “Kidarite tamga” sifatida qayd etilgan shajaraviy belgi boʻlib, u Kidariylar tarixiy identifikatsiyasida ramz darajasiga chiqqan. Kidariylar hukmronligi davrida Baqtriyadagi Balx zarbxonasida chiqqan ayrim tangalarda Kushon-Sosoniy hukmdori Bahrom nomidan zarb qilinsa ham, maydonga maxsus Kidariy tamgʻasi qoʻshilgani qayd etiladi. Bu holat odatda Kidariylar mintaqada siyosiy-iqtisodiy nazorat oʻrnatganini koʻrsatuvchi maʼmuriy belgi sifatida talqin qilinadi. Bayroqda aks etgan tamgʻa kidariylar nomi bilan bogʻliqligi, sodda va tanish oson boʻlganligi uchun tanlab olingan. Shuningdek, u kidariylarni boshqa “hun” guruhlaridan (eftalit, alxon va h.k.) darhol ajratib koʻrsatish imkonini beradi.
8. Eftalitlar (oq xunlar)
Eftalitlarga oid tamgʻalar koʻp boʻlsa-da, bugungi kunda turkiy mamlakatlarda oq fonda vertikal tarzda qatorasiga 3 ta 5 qirrali sariq rangdagi yulduzlar tasviri tushirilgan bayroq ramziy maʼnoda qabul qilingan.
9. Koʻkturk xoqonligi (Birinchi Turk xoqonligi)
Turkiy xalqlar jamoatchiligi tomonidan Turk xoqonligi bayrogʻi sifatida moviy fondagi boʻri boshi tasviri qabul qilingan. Boʻri motivi Turonda hunlar davridan boshlab bayroq, tugʻ anʼanasidan joy olgan. Xitoy manbalariga koʻra, turklarning bayrogʻiga boʻri boshi kashta tarzida tushirilgani yoziladi. Shuningdek, sanjoqqa boʻri boshi oʻrnatilgani qayd etiladi. Turkiylarda boʻri obrazi davlatchilik va harbiy ruhni ifoda etuvchi eng taniqli etno-mifologik ramzdir.
10. Gʻarbiy Turk xoqonligi
Gʻarbiy Turk xoqonligi bayrogʻi sifatida keltirilgan tamgʻa tadqiqotlarga koʻra, xoqonlikdagi oliy hokimiyat nomidan zarb etilgan tangalarda doimiy identifikator sifatida qatnashadi. Bu holat uning “xoqon tamgʻasi” sifatida eʼtirof etilishiga sabab boʻlgan. Bu tamgʻa tushirilgan tangalar Ashina avlodi oliy hukmdorlari nazoratida zarb etilgan. Tanga boshqaruv va harbiy iyerarhiya – yabgʻu → yabgʻu-qagʻan → qagʻan zanjirini ham anglatadi. Gʻ.Boboyor tadqiqotlariga koʻra, shu tamgʻa variantlari tushgan tangalar xoqonlik iyerarhiyasining mahalliy hokimliklari titullarida deyarli uchramaydi — bu ham uning “oliy hokimiyat tamgʻasi” sifatida qabul qilinishiga kuchli dalil hisoblanadi. Gʻarbiy Turk xoqonligining tanga merosida eng yaxshi hujjatlashgan, oliy hukmdor (Ashina) bilan bogʻlangani va bundan qatʼiyroq ramzning mavjud emasligi, tanish osonligi sabablariga koʻra mazkur tamgʻa Gʻarbiy Turk xoqonligi bayrogʻiga shartli ravishda, ramziy maʼnoda asos qilib olindi.
11. Somoniylar
Somoniylar bayrogʻi uchun tanlangan asosiy belgi — Somoniy davri keramikasida uchraydigan gulsimon ornamentning stilizatsiyasidir. Mazkur gulsimon ornamentning somoniylar bayrogʻi uchun shartli ravishda asos qilib olinishining sababi shuki, bu ornament namunalari somoniylar davri sopolchilik anʼanalarida koʻp takrorlanadi. Shuningdek, internetda somoniylar ramzi sifatida norasmiy boʻlsa-da koʻp qabul qilingan tushunchaga aylangan.
12. Qoraxoniylar
Turkiy xalqlar jamoatchiligi tomonidan ushbu bayroq Qoraxoniylar bayrogʻi deb ramziy maʼnoda qabul qilingan.
13. Gʻaznaviylar
Turkiy xalqlar jamoatchiligi tomonidan ushbu bayroq gʻaznaviylar bayrogʻi sifatida ramziy maʼnoda qabul qilingan.
14. Saljuqiylar
Turkiy xalqlar jamoatchiligi tomonidan ushbu bayroq saljuqiylar bayrogʻi deb ramziy maʼnoda qabul qilingan.
15. Xorazmshohlar (Anushteginiylar)
Turkiy xalqlar jamoatchiligi tomonidan ushbu bayroq xorazmshohlar bayrogʻi deb ramziy maʼnoda qabul qilingan. Manbalarga koʻra, bayroq qora rangda boʻlgan. Qora rang buyuklikka ishora qilingan. Musulmonchilik anʼanalariga koʻra bayroqda Qurʼoni Karimdan oyatlar, hukmdorlarning ismlari va nisbalari arab harflarida yozilgan. Shu nuqtai nazardan xorazmshohlarda ham bu anʼana davom etgan, deb taxmin etiladi. Ammo bu yerda biror bir hukmdor emas, sulola bayrogʻi nazarda tutilgani uchun hech qanday yozuvlar yoʻq. Shuningdek, bayroqqa ramziy maʼnoda musulmonchilik va turkiy anʼanalarda koʻp uchraydigan yashil fondagi yarim oy tasviri tushirilgan.
16. Chigʻatoy ulusi
Bayroqqa Katalon atlasidagi Chigʻatoy ulusi bayrogʻi asos qilib olingan. 1375-yilda chizilgan Katalon atlasida Chigʻatoy ulusi xaritasiga oq bayroq foniga sariq toʻrtburchak rasmi tushirilgan.
17. Oltin Oʻrda
Bayroqqa Katalon atlasidagi Oltin Oʻrda bayrogʻi asos qilib olingan. 1375-yilda chizilgan Katalon xaritasida Oltin Oʻrdaga tegishli shaharlarni belgilashda oq fondagi bayroqqa qizil rangda yarim oy va toʻrtburchaksimon grafikadan iborat kompozitsiyadan iborat bayroq tasviri tushirilgan. Mazkur atlasdagi bayroq shartli ravishda asos qilib olindi. Undan tashqari turkiy xalqlar jamoatchiligi tomonidan ham ushbu bayroq ramziy maʼnoda Oltin Oʻrda bayrogʻi sifatida qayd etiladi.
18. Temuriylar
Turkiy xalqlar jamoatchiligi tomonidan ushbu bayroq Temuriylar bayrogʻi sifatida qayd etiladi. Aksariyat manbalar va tadqiqotlarda Amir Temur bayrogʻi moviy rangda boʻlgani va bayroqda 3 halqa borligi qayd etilgan.
19. Buxoro amirligi
Buxoroning xonlik davriga oid rasmiy davlat bayrogʻi haqidagi maʼlumotlarimiz yetarli boʻlmagani uchun ularning davomchilari boʻlgan amirlik davri bayrogʻi olingan. Manbalar va tadqiqotlarga koʻra, bu bayroq Buxoro Amirligi bayrogʻidir. Bayroqdagi yashil rang islomiy qadriyatlar bilan hamohang. Hilol va yulduz ham shu nuqtai nazardan tasvirlangan. Bayroqdagi panja belgisi himoya va baraka ramzi sifatida talqin qilinadi. Ayrim anʼanalarda u Xamsa yoki “Fotima qoʻli” bilan ham bogʻlanadi.
20. Xorazm xonligi
Koʻpincha Xiva Xonligi deb ishlatiladigan Xorazm xonligi bayrogʻi muzeylarda ham saqlanib qolgan. Bayroqning qora rangdaligini Xorazm xonligi oʻzlarini Anushteginiy Xorazmshohlar anʼanasini davomchilari, vorislari sifatida koʻrgan, deb talqin qilish mumkin. Bayroqning hoshiyasi ayrim hollarda moviy, ayrim hollarda yashil rangda ham uchraydi. Moviy rang turkiy muhitda Tangrining inoyati, tinchlikka intilish ruhiyati, deb talqin etilishi mumkin. Markazdagi hilol va yulduzlar turkiy ham islomiy muhitga ishora qiladi.
21. Qoʻqon xonligi
Qoʻqon xonligi bayrogʻining yashil rangi xonlikning musulmon davlat sifatidagi ruhiy-siyosiy muhitini anglatadi. Bayroqdagi hilol va yulduz islom dunyosida keng tarqalgan boʻlib, eʼtiqod, baraka maʼnolarni ifoda qiladi.
22. Turkiston Muxtoriyati
Bayroq toʻgʻri toʻrtburchak shakldagi matoda qizil va koʻk rangdagi teng gorizontal chiziqlardan tashkil topgan. Markazda oq yarim oy va besh qirrali yulduz tasvirlangan. Bayroqning moviy rangi Turkiston hududi aholisining asosiy qismi turkiy xalqlarga mansubligini, qizil rang esa Rossiya imperiyasi oʻrnida yuzaga kelgan yangi hokimiyat ramzini bildirgan.
23. Oʻzbekiston
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻi 1991-yil 18-noyabrda qabul qilingan. U yurtimiz sarhadida qadimda mavjud boʻlgan davlatlar bilan tarixan bogʻliqlikni anglatadi hamda respublikaning milliy-madaniy anʼanalarini oʻzida mujassamlashtiradi. Bayroqdagi moviy rang – maʼno qatlamlari boy boʻlib, bu davlatning tangrining inoyati, tiriklik mazmuni aks etgan mangu osmon ramzi. Timsollar tilida bu yaxshilik, donishmandlik, halollikni, shon-shuhrat va sadoqatni bildiradi. Binobarin, bu rangning bayrogʻimizda aks etishi Turk xoqonligi, temuriylar, Turkiston Muxtoriyati kabilarning merosxoʻri ekanini ham anglatadi. Bayroqdagi oq rang – muqaddas tinchlik ramzi boʻlib, u kun charogʻonligi va koinot yoritqichlari bilan uygʻunlashib ketadi.
Yashil rang orqali mamlakat musulmonchilik anʼanalari davomchisi ekanini his qilish mumkin. Shuningdek, u koʻpgina xalqlarda navqironlik, umid va shodumonlik timsoli hisoblanadi. Qizil chiziqlar – Vatan uchun jon olib, jon bergan ajdodlar qoni tomirimizda oqayotganiga ishora qiladi. Navqiron yarim oy tasviri tarixiy anʼanalarimiz bilan bogʻliq. Ayni paytda u qoʻlga kiritilgan mustaqilligimiz ramzi ham. Yulduzlar barcha uchun ruhoniy, ilohiy timsol sanalgan. Davlat bayrogʻimizdagi 12 yulduz tasviri ham tarixiy anʼanalarimiz, qadimgi yilnomamizga bevosita aloqador. U Oʻzbekiston sarhadidagi qadimgi davlatlar ilmiy tafakkurida nujum ilmi taraqqiy etgani bilan ham izohlanadi. Bir soʻz bilan aytganda, Oʻzbekiston bayrogʻida ajdodlarimizning davlatchilik tafakkuri aks etgan deyish mumkin.
Bekzod ABDIRIMOV,
Tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori.
Gʻaybulla BOBOYOR,
Tarix fanlari doktori professor.
Til
Jarayon
Adabiyot
Adabiyot
Tarix
Tarix
Jarayon
Vatandosh
Tarix
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Din
Til
//
Izoh yo‘q