Do‘stlashdingmi – ishon. Seneka maktublari sharhi


Saqlash
16:51 / 11.03.2026 12 0

Seneka Lusiliyga salom yo‘llaydi!

Menga atalgan maktublarni do‘sting orqali yuborganingni yozib, bilganlarim haqida u ila baham ko‘rmasligimni so‘rab, ogohlantirgansan, zotan sening ham boshqalarga nisbatan bunday yo‘l tutish odating yo‘q. Shunday qilib sen, bir maktubning o‘zida uni ham do‘sting deb tan olasan, ham tan olmaysan. Agar sen xuddi saylovda barcha nomzodlarni "mard er kishilar" deb ataganimizdek yoki uchragan odamning ismini eslay olmaganimizda "janob" deb murojaat qilganimizdek, do‘st so‘zini odatiy (rasmiy) ibora sifatida ishlatib, "do‘st" deb atagan bo‘lsang, mayli ziyoni yo‘q.

 

Agar sen kimnidir do‘st deb bilsang-u, ammo unga o‘zingga ishongandek ishonmasang, adashayapsan va haqiqiy do‘stlikning mohiyatini anglab yetmagansan. Har qanday masalani do‘st ila tahlil qilishga intil, lekin avvalo do‘stingni yaxshilab tahlildan o‘tkaz. Do‘stlashishdan oldin – hukm qil, do‘stlashdingmi - ishon. "Hukm chiqargandan so‘ng sevish o‘rniga, sevib, keyin hukm chiqaradigan" insonlar Feofrastning (yuqorida tilga olingan) o‘gitiga zid ish tutib, nimani oldin, nimani esa keyin qilish kerakligini chalkashtirib yuboradilar. U yoki bu kishi bilan do‘st bo‘lish to‘g‘ri-noto‘g‘riligi haqida uzoq o‘yla, ammo qaror qildingmi, do‘stingni butun qalbing bilan qabul qil va u bilan xuddi o‘zing bilan gaplashayotganingdek – dadil so‘zlash.

 

Shunday yashaginki, dushmandan yashirish talab etiladigan ayblaring borligini o‘zingga ham tan olishga to‘g‘ri kelmasin (yashiradigan, vijdonga og‘ir botadigan sharafsiz ish qilma). Ammo, nima bo‘lganda ham, har bir insonda yashirib yuriladigan narsalar bo‘ladi, shunday holda bor tashvishing, barcha fikrlaringni faqat do‘sting bilangina baham ko‘r. Uni sodiq deb bilar ekansan – sodiq ham qilasan. Ko‘pincha aldovdan qo‘rqib aldovga o‘rgatishadi va shubha-gumonlar bilan xiyonatkor bo‘lishga huquq berishadi. Nega men do‘stim huzurida u yoki bu so‘zlarni ayta olmayman? Nega uning oldida o‘zimni o‘zim bilan yolg‘iz qolgandek his qilmasligim kerak?

 

Ba’zilar faqat do‘stga aytish mumkin bo‘lgan narsalarni duch kelgan odamga so‘zlab berishadi, kim bo‘lsa bo‘lsin – eshituvchi topilsa bas, ichida to‘planib qolgan hamma gapni to‘kib soladi. Boshqalar esa hatto eng yaqinlari ham ular haqida biror narsa bilishidan cho‘chishadi; bular ilojini qilsa o‘zlariga ham ishonmasdi, shuning uchun ham hamma narsani ichida mahkam saqlashadi. Bu ikki holatda bo‘lish ham to‘g‘ri emas: axir, duch kelganga ishonish ham, mutlaq hech kimga ishonmaslik ham nuqson-ku, faqat men aytardimki, birinchi nuqson olijanobroq, ikkinchisi esa xavfsizroq.

 

Xuddi shunday, doimo xavotirda yuradiganlar ham, hamisha xotirjam qoladiganlar ham malomatga loyiqdir. Chunki bekorchi yugur-yugurga berilish faol ruhning emas, balki uzluksiz hayajonlanishda qiynalayotgan qalbning belgisidir. Shuningdek, har qanday harakatni og‘ir deb bilish odati ham osoyishtalik emas, balki erkalanganlik va shalvirash alomatidir.

 

Shuning uchun Pomponiyadan o‘qigan so‘zlarimni qalbingda asra: «Ba’zilar zulmatga shunchalik chuqur botishganki, yorug‘likka cho‘mgan narsalarni ham xira ko‘rishadi». Har narsa uyg‘unlikda bo‘lishi lozim: osoyishtalikni yoqtiruvchi odam ham faollik ko‘rsatishi, serharakat odam ham osoyishta bo‘la olishi kerak. Tabiatdan maslahat so‘ra: u senga kun va tunni yaratganini aytadi.

Salomat bo‘l.

 

SHARH

Uchinchi maktubda Seneka axloq falsafasida muhim bo‘lgan tushuncha – do‘stlikni mafkuraviy emas, balki axloqiy mezon sifatida tahlil qiladi. Seneka maktubni Lusiliyning bir qarashda maydadek tuyuladigan, ammo mazmunan jiddiy ikkilanishidan boshlaydi: u do‘st deb atagan insoniga to‘liq ishonmaydi. Bu hol zamonaviy (har qanday davrga xos) axloqiy ikkiyuzlamachilikni fosh qilish uchun qulay misol. Seneka shu yerda nozik farqni ko‘rsatadi: “do‘st” so‘zi ikki xil ma’noda qo‘llanadi. Birinchisi, ijtimoiy-rasmiy bo‘lib, bunda “do‘st” deyish aslida hech qanday ichki yaqinlikni anglatmaydi. Xuddi saylovlarda barcha nomzodlarni “mard er kishilar” deb atashdek gap. Bu muloqot odobi, xolos. Bu yerda do‘stlik yo‘q, faqat til odati bor. Ikkinchisi esa axloqiy, ma’naviy do‘stlik. Bunday do‘stlikda fikrlar ochiq va holis bo‘ladi, chunki bu munosabat manfaat yoki ehtiyotlilikka emas, ishonchga quriladi. Shu sabab Seneka uchun “do‘st” deya turib, unga to‘liq ochilmaslik – ichki ziddiyatdir. Maktubdagi muhim falsafiy nuqta shundaki: do‘stlikni ehtiyotkorlik bilan almashtirib bo‘lmaydi. Agar insonni do‘st deb tan olsang, undan hadiksiramaysan; agar hadiksirayotgan bo‘lsang, demak, u hali do‘st emas. Seneka bu yerda mutlaq ishonchni emas, balki axloqiy izchillikni talab qiladi: kimni do‘st deb bilsang, unga nisbatan shubhani to‘xtat.

 

Bu fikr stoisizm axloqning markaziy tamoyiliga bog‘lanadi: inson avvalo o‘zi bilan rostgo‘y bo‘lishi kerak. Agar inson do‘stlikni nom uchun ishlatsa, u aslida o‘z tilini ham, munosabatini ham arzonlashtiradi. Natijada jamiyatda “do‘st” degan so‘z qoladi, lekin do‘stlikning o‘zi yo‘qoladi. Shu ma’noda, Seneka Lusiliyni ayblamaydi, balki uni fikrlashga majbur qiladi: sen bu odamni chindan do‘st deb bildingmi yoki shunchaki odob yuzasidan shunday atadingmi? Agar ikkinchi holat bo‘lsa, bu ayb emas. Lekin birinchi holat bo‘lsa, unda hadiksirashni to‘xtatish lozim. Chunki haqiqiy do‘stlik yarim ishonchni ko‘tarmaydi. Seneka do‘stlikni hissiy yaqinlik emas, axloqiy qaror sifatida ko‘radi. Do‘stlik – kimnidir “do‘st” deb atashmas, balki u bilan o‘zingni yashirmasdan tutishdir. Agar kishi bunga tayyor bo‘lmasa, u hali do‘st orttirmagan, faqat so‘z ishlatgan bo‘ladi.

 

Seneka fikrni qattiq ohang bilan boshlaydi: agar sen kimnidir do‘st deb bilsang-u, ammo unga o‘zingga ishongandek ishonmasang, adashyapsan. Bu yerda u do‘stlikni oddiy yaqinlik, suhbatdoshlik yoki manfaatli aloqa sifatida qabul qilishni rad etadi. Do‘stlik bu – insonning ikkinchi “men”idir. Shu sababli do‘stlikda yarim ishonch bo‘lishi mumkin emas: ishonch bor yoki do‘stlik yo‘q.

 

Shu nuqtadan kelib chiqib, Seneka do‘stlikni ikki bosqichga ajratadi. Birinchi bosqich – hukm qilish, ya’ni do‘st tanlashdan oldin uni sinchkovlik bilan baholash. Bu yerda “hukm” deganda ayblash yoki shubha emas, balki axloqiy sinov nazarda tutiladi: bu insonning xarakteri qanday, u rostgo‘ymi, barqarormi, qiyin paytda qanday yo‘l tutadi? Stoikcha aytganda, do‘st tanlashda shoshilish – o‘z hayotini xavf ostiga qo‘yishdir. Ikkinchi bosqich – ishonch. Agar inson do‘st sifatida qabul qilingan bo‘lsa, hadiksirash tugashi kerak. Seneka shu yerda qat’iy qoida qo‘yadi: “do‘stlashdingmi – ishon”. Chunki do‘stlikda doimiy sinov va shubha qolsa, u munosabatni yemirib yuboradi. Bu holatda munosabat axloqiy emas, qandaydir hisob-kitobga aylanib ketadi.

 

Matnda Feofrastga ishora qilinishi bejiz emas. Feofrast “oldin hukm qilib, keyin sevish” qoidasini taklif qilgan. Seneka esa uni to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi va teskari yo‘l tutuvchilarni tanqid qiladi: ya’ni avval sevib, keyin hukm chiqaradiganlar nimani avval, nimani keyin qilish kerakligini adashtirib yuboradilar. Bu muhim fikr: hissiyot bilan boshlangan munosabat ko‘pincha aqlni sukutga mixlaydi, keyin esa kech bo‘ladi. Seneka do‘stlikni shoshilinch qaror sifatida emas, balki uzoq o‘ylangan axloqiy tanlov sifatida ko‘radi. U yoki bu kishi bilan do‘st bo‘lish to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri ekani haqida uzoq o‘ylash kerak, deydi u. Lekin qaror qabul qilingach, ikkilanish tugashi lozim. Bu yerda do‘stlikning eng yuksak ta’rifi beriladi: do‘st bilan suhbat – o‘zing bilan suhbat. Bu nafaqat sirlasha olish, balki fikrni yashirmaslik, o‘zingni niqoblamaslik, qalbni himoya holatida ushlamaslik demakdir. Stoik nuqtai nazarda, inson faqat ana shunday munosabatda axloqiy kamolotga yaqinlasha oladi. Seneka do‘stlik etikasini aniq belgilaydi: do‘stlikdan oldin – aql; do‘stlikda – to‘liq ishonch; do‘stlik ichida – niqobsiz rostgo‘ylik.

 

Agar bu tartib buzilsa, do‘stlik yo hissiyot yoki ehtiyotkorlik qurboniga aylanadi. Seneka esa insonni har ikkalasidan ham ozod qilib, do‘stlikni axloqiy jasorat darajasiga ko‘taradi. Seneka fikriga ko‘ra, shunday yashaginki, dushmandan yashirishga to‘g‘ri keladigan ayblaringni hatto o‘zingga ham tan olishga majbur bo‘lma. Bu yerda gap ehtiyotkorlik yoki obro‘ haqida emas. Gap ichki poklik haqida.

 

Lekin Seneka yerdan uzilmaydi. U inson tabiatini tan oladi: “baribir odamlarda yashirib yuriladigan narsalar bo‘lar ekan”. Shu yerda u ikkinchi, juda nozik axloqiy qoidani qo‘yadi: agar insonda aytilmaydigan tashvishlar, og‘ir fikrlar bo‘lsa, ularni butunlay ichida saqlash emas, balki faqat do‘st bilan bo‘lishish kerak. Chunki inson yolg‘iz qolganda og‘irlik chuqurlashadi, do‘st bilan bo‘lishilganda esa u ma’naviy tartibga tushadi. Seneka do‘stlikka faol axloqiy vazifa yuklaydi: sen kimni sodiq deb bilsang, unga sodiqlik bilan muomala qil. Ya’ni ishonch zaif kutish emas, balki faol qarordir. Agar sen do‘stga doimiy shubha bilan qarasang, uni ehtiyotkorlik bilan “sinovda ushlab tursang”, oxir-oqibat munosabatni buzasan. Shu ma’noda Seneka ruhiy tizimni ochadi: ko‘pincha odamlar aldovdan qo‘rqib, o‘zlari aldov muhitini yaratib qo‘yadi. Shubha xiyonat uchun ruxsatnoma vazifasini bajaradi.

 

Oxirgi savollar esa butun maktubning cho‘qqisidir: nega men do‘stim huzurida ayrim so‘zlarni ayta olmasligim kerak? Nega uning oldida o‘zimni o‘zim bilan yolg‘iz qolgandek his qilmayman? Bu yerda do‘stlikning yuksak ta’rifi beriladi: do‘st davrasi insonning niqobsiz qola biladigan makoni. Agar do‘st huzurida ham inson o‘zini nazorat qilib, gapini o‘lchab, qalbini berkitib o‘tirsa, u munosabat do‘stlik emas, ijtimoiy rol o‘ynashdir. Seneka uch bosqichli axloqiy talab qo‘yadi: o‘z oldingda rost bo‘l – ayb bilan yashama; do‘st oldida ochiq bo‘l – tashvishni yolg‘iz ko‘tarma; ishonchni himoya qil – shubha bilan munosabatni yemirma. Shu ma’noda, Seneka uchun do‘stlik – insonning vijdoni tekshiriladigan joy. Kim do‘st huzurida ham o‘zini yolg‘iz qolgandek his qila olmasa, u hali na do‘st orttirgan, na o‘zi bilan rost bo‘lishni o‘rgangan bo‘ladi.

Maktubda do‘stlik, ishonch va ichki tartib falsafasi yanada nozik ruhiy darajaga olib chiqiladi. U yerda Seneka inson tabiatining ikki og‘ishi – cheksiz ochiqlik va mutlaq berkitilganlikni bir vaqtning o‘zida tanqid qiladi. Seneka avvalo birinchi toifani tasvirlaydi: ba’zilar uchun sir degan narsa yo‘q. Ular faqat do‘stga aytish mumkin bo‘lgan gaplarni ham duch kelgan odamga so‘zlab tashlaydilar. Bu yerda gap ichki tartibning yo‘qligi haqida ketyapti. Bunday inson uchun eshituvchi kim ekani muhim emas; muhimi – ichida to‘planganni to‘kib solish. Unda do‘stlik mezoni ham, ishonch chegarasi ham yo‘q. Shu ma’noda, u go‘yo ochiqdek tuyuladi, aslida u o‘z gapining qiymatini bilmaydi. Ikkinchi toifa esa butunlay qarshi qutbda joylashgan. Bu odamlar hatto eng yaqinlaridan ham qo‘rqadilar, o‘zlari haqida biror narsa bilishidan cho‘chishadi. Ular iloji bo‘lsa, o‘zlariga ham ishonmas edilar. Shuning uchun ham barcha fikr va tashvishlarni ichida mahkam saqlaydilar. Bu yerda Seneka inson boshqalarga emas, o‘ziga ham ishonmay qolganini ko‘rsatishni niyat qiladi. Bu holat tashqi jihatdan ehtiyotkorlikka o‘xshaydi, ammo ichki jihatdan u doimiy qo‘rquv va yakkalikka olib keladi. Har ikki holat ham nuqsondir. Chunki birinchi holda odam ishonchni arzonlashtiradi, ikkinchisida esa ishonchni butunlay yo‘q qiladi. Birinchisi – axloqiy tartibsizlik, ikkinchisi – ruhiy yopilishdir. Shu bilan birga, Seneka hayotiy xulosa qiladi: agar tanlashga to‘g‘ri kelsa, u birinchi nuqsonni olijanobroq, ikkinchisini esa xavfsizroq deb ataydi. Bu juda muhim farq. Olijanoblik – insonning ochiqlikka, ishonchga moyilligi; xavfsizlik esa o‘zini himoya qilish istagidir. Birinchi holatda inson o‘zini xavf ostiga qo‘yadi, lekin u hali ham insonlar bilan bog‘lanish istagini saqlab qolgan bo‘ladi. Ikkinchi holatda esa inson o‘zini saqlab qoladi, lekin insoniy yaqinlikdan voz kechadi. Gʻoya shuki, haqiqiy do‘stlik bu – ikki chegara orasidagi axloqiy muvozanatdir. Inson hammaga ishonmasligi kerak, lekin hech kimga ishonmay yashash ham mumkin emas.

 

Senekaga ko‘ra, doimo xavotirda, shoshqaloq harakatda yuradigan odam faol emas. Unda harakat bor, lekin bu harakat ongli maqsaddan emas, ichki iztirobdan kelib chiqadi. Bekorchi yugur-yugurlar irodali faollikmas, balki qalbning tinchlana olmayotganidan dalolat. Bunday inson harakat orqali o‘z qo‘rquvini, bo‘shligini yoki ichki tartibsizligini bosmoqchi bo‘ladi. Shu ma’noda, shoshqaloqlik – kuch belgisi emas, balki ruhiy charchoq alomatidir. Lekin Seneka ikkinchi qutbni ham keskin rad etadi. Har qanday harakatni og‘ir deb bilish, “osoyishtalik” niqobi ostida harakatdan qochish ham haqiqiy xotirjamlik emas. Bu erkalanganlik, shalvirash, hayot yukini ko‘tarishga tayyor emaslikdir. Ya’ni sukunat ham, agar u irodadan emas, qochishdan tug‘ilsa, fazilatga aylanmaydi.

 

Shu tariqa, asosiy xato – harakatni yoki sukunatni mutlaq qadriyatga aylantirishdir. Fazilat muayyan holatda emas, balki ular o‘rtasidagi to‘g‘ri nisbatda. Shuning uchun u Pomponiydan iqtibos keltiradi: “Ba’zilar zulmatga shunchalik chuqur botishganki, yorug‘likka cho‘mgan narsalarni ham xira ko‘rishadi”. Inson bir holatga haddan ortiq ko‘nikib qolsa, u harakat bo‘ladimi yoki sukunat, boshqa holatni to‘g‘ri baholay olmaydi. Zulmatga ko‘nikib qolgan odam uchun yorug‘lik ko‘zni qamashtiruvchi xiralikday tuyuladi. Xuddi shunday, doimiy bezovtalikda yashagan inson osoyishtalikni yalqovlik deb o‘ylaydi; doimiy sukutga o‘rgangan odam esa faollikni bezovtalik deb qabul qiladi.

 

Seneka shu yerda tabiatga murojaat qilishni taklif qiladi. Bu muhim, stoiklar uchun tabiat – axloqiy muallim. Tabiat bizga kun va tunni yaratganini ko‘rsatadi. Ya’ni hayotning o‘zi harakat va dam olish, faollik va osoyishtalikdan iborat muvozanatdir. Bu ritm buzilsa, hayot ham buziladi. Shu ma’noda, haqiqiy donishmandlik shunday ta’riflanadi: osoyishtalikni sevuvchi inson faollik ko‘rsata olishi kerak; serharakat inson esa osoyishta bo‘la bilishi shart. Bu ikkalasi bir-biriga qarshi emas, balki bir-birini to‘ldiruvchi holatlardir.

 

Hamid SODIQ

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

12:03 / 10.03.2026 0 283
Nega “Momaqaldiroq ostida sayr” qilish kerak?

Adabiyot

13:03 / 04.03.2026 0 391
Tama bilan, shama bilan yozilgan dostonlar tahlili

Til

12:03 / 03.03.2026 0 250
Nega ayrim eski turk bitiklari oʻqilmayapti?





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//