Badiiy tafakkur tadrijida muhim o‘rin tutgan nemis ijodkori Herman Esse adabiyot haqida shunday yozadi: “Jahon adabiyotiga jonli bir narsa yanglig‘ munosabatda bo‘la bilmoq uchun kitobxon o‘ziga kuchli ta’sir ko‘rsatgan asarlarni allaqanday qoliplar yoxud ta’limiy dasturlar asosida emas, balki o‘zligini topish orqali o‘rganmog‘i muhimdir. U burch yo‘lida emas, ishq yo‘lidan yurmog‘i lozim”. Shubhasiz, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Erkin A’zamning “Momaqaldiroq ostida sayr” asari ana shunday: favqulodda bir ishq, tuganmas zavq va kuchli qiziqish bilan o‘qiladi. Roman qahramonlariga yuzlashib, ularning tabiatidan bugunning odamlari, atrofdagilar, tanish-u notanish chehralarni topish – tanib olish u qadar qiyinchilik paydo qilmaydi. Unda o‘quvchi chinakam, real hayot bilan ro‘baro‘ keladi, istaydimi-yo‘qmi, hamisha ham yurak betlab qarashga botina olmagan ichki “suvrat”i bilan oxir-oqibat to‘qnashadi. Yozuvchi bir-biriga chambarchas bog‘liq, aniqrog‘i, biri ikkinchisini muntazam ravishda to‘ldirib kelgan voqeliklar tasviri orqali kitobxonni hayot mazmuni, tiriklik mohiyati haqida teran xulosalar chiqarishga, o‘z-o‘zini shafqatsizlarcha taftish qilish va ko‘ngil haqiqatlarini bor bo‘y-basti bilan qayta-qayta inkishof etishga imkon yaratib beradi.
Tabiat hodisalariga oddiygina munosabat bildirilsa, “Momaqaldiroq ostida sayr” qilib bo‘larkanmi? Sayr tugul, yurak betlab, uch-to‘rt qadam yurishga ham jur’at topish amrimahol-ku! Shunday emasmi? Tahlika va qo‘rquv aralash hadsiz xavotir hissi shundoq ham vahimali bo‘lgan ayqash-uyqash ko‘rimsiz manzaraning dahshatini yanada oshiradi. Darhaqiqat, mahoratli yozuvchi maqsad-muddaosini, asar g‘oyasi, syujet tizginini ham, eng avvalo, kitobning sarlavhasida jamlaydi. Badiiy ifoda imkoniyatlaridan g‘oyatda ustalik bilan foydalanib, o‘quvchini yangi bir olam – romanning butkul o‘ziga xos dunyosiga shiddat bilan boshlab ketadi. “Momaqaldiroq ostida...” Tirikchilik tashvishlari-yu turli-tuman hoyu-havaslar ilinjida dunyo saylgohini kezmoq istagan har bir “jon”ning qismati alaloqibat shudir! Adib buni bo‘yab-bejab, ifodani imkoni boricha silliqlab, kitobxonni cho‘chitmay, qo‘rqitmay, avaylab-asrab, keskin tasvirlarga ko‘nikib olishini shunchaki “poylab” o‘tirmaydi. Aksincha, borini boricha, asl haqiqatning ko‘ziga tik boqib, davron o‘zgarishlari-yu zamon evrilishlarini, mayda, siyqa, uvadasi chiqib ketgan telba-teskari “qiyofa”larning bashang va soxta “surat”larini ham, qolaversa, ko‘ngil ko‘zgusida yarqirab nur sochgan bezavol tuyg‘ular sohiblarini ham jasorat-u mahorat bilan yorqin gavdalantiradi.
Erkin A’zam so‘zni chertib-chertib tanlaydi, saralab, sayqallab, sozlab ishlatadi. Uning asarlarida so‘zlar go‘yo jonlanadi, harakatga keladi, o‘z tarovati, jozibasi, bitmas-tuganmas ta’sir quvvati bilan kitobxonni yozuvchining asl maqsadi sari dadil yetaklaydi – yo‘lboshchilik qiladi. “Momaqaldiroq ostida sayr”da ham shunday! Romanning “Sel” bo‘limi (“Xotimaning boshi”) tezisnamo xarakterda bo‘lib, asarning umumiy mazmuniga ishora qilgan. Aynan “Sel”da muallif badiiy niyatining tiniq ifodasi, ayniqsa, bo‘rtib ko‘rinadi. Bilamizki, mumtoz poetika ilmida baroati istihlol degan badiiy san’at mavjud. “Badoyi’u-s-sanoyi’” asari muallifining yozishicha, unda “kalom ibtidosi maqsudg‘a ishora qilmoq yo‘li bila maqsudg‘a munosib qilinur”. Ya’ni bu san’atda ijodkor asar mundarijasini uning mazmuniga ishora qiluvchi turli vositalar bilan boshlaydi. “Sel”dagi hodisalar ham kitobxonni roman syujeti, mazmuniga tomon yo‘naltiradi, qiziqishini orttirib, gap nima haqida kechishidan ogoh qiladi. Unda deyarli hamma bosh qahramonlarning nomlari keltirilgan: Oyravshan, Iskandar, G‘ayrat... Uch xil qiyofa! Uch xil xarakter! Uch turfa olam! Uch ayro taqdir!
Ma’lumki, adabiyot obrazlar tilida so‘zlaydi. Obraz tabiati esa muallif dunyoqarashiga ham u yoki bu darajada uyg‘un bo‘ladi, albatta. Masalan, Iskandarni olaylik. U – bu hayotdan o‘z “ulush”ini g‘irromlig-u nayrangbozlik bilan, sira tap tortmasdan uzib, yulqib olgan, tiyiqsiz odam! Nafs iskanjasida insoniy qiyofasini ham boy bergan bu kimsa ma’naviy tubanlik namunasidir! G‘ayrat-chi? U – hamisha bir chekkasi kemtik bu dunyoning noqis-u nojins kimsalari orasida o‘zligiga sobit qolishga intilgan chin e’tiqod timsoli! Asarda yozilishicha, “Yuki birgina osma sumkadan iborat ozg‘inroq kishi” – G‘ayrat “ko‘p o‘ylab o‘tirmay, poyabzalini yechib bog‘ichlaridan yelkasiga iladi-da, shimining pochalarini shimarib, shoshilmay soyga enadi, shoshilmaygina suv kecha ketadi. To‘xtab-to‘xtab, toshlarda tiyg‘ana-tiyg‘ana narigi sohilga yetib oladi”.
Ha, yuki yengil uning. Toshday og‘ir, zil-zambilday zalvorli ayb-u gunohlardan, har qalay, xoli u! Bir chekkada nima qilarini bilmay, tomoshabin bo‘lib turgan jonsarak olomondan ayricha yashashga intiladi u! Ana shu – “tosh”lar yo‘lidan chiqib, “tayg‘an”tirmaganida, ehtimol, qadami o‘ktam, manzili nurli bo‘larmidi uning! Shunga qaramay, ojizgina jussasida maromini topmagan qaysargina, ammo jur’ati nursiz bir jasorati bor! “Bir tutam”gina haqiqatini faqat o‘zigagina isbot qilishga uringan, o‘z qismatining metin yetovidan chiqishga chog‘i kelmagan beozor “mardlik”ning tirik, ammo jonsiz “soya”si u! Yozuvchi asar davomida G‘ayratni o‘quvchiga hijjalab tushuntiradi – erinmay tanishtiradi. Shijoati ko‘ksiga sig‘magan G‘ayrat o‘z jamiyatining past-u baland ko‘chalarida bir-biridan farqli qoidalar amal qilishini bilavermaydi. Shoshadi, hovliqadi, oxir-oqibat, o‘zidan o‘zgani o‘ylamaydigan – manfaatparast, nafs bandalarining turfa “o‘yin”lari sabab taqdir yo‘li chuvalashib, “soya”lar olamida sarson kezadi.
Oyravshan!.. Oydin oqshomlarda nurli chehrasini olamga ko‘z-ko‘z etib, zulmatning ko‘ksiga ayovsiz sanchilgan ravshan Oy – yuzlari dog‘li, yuragi dog‘li... Yozuvchi Oyravshanni dastlab quyidagicha tasvirlaydi: “Juvon bu tomon sovuq bir nazar tashlaydi-yu, so‘qmoq bo‘ylab ketmoqqa shaylanib turgan yo‘lovchilar to‘dasiga qo‘shilib, yelkasida kattakon sumka, qo‘lida ham og‘irgina yuk, bolasini ergashtirib jo‘naydi. Bu esa Oyravshan deganimiz bo‘ladi”.
Uning “sovuq nazar”ida Iskandarga nisbatan cheksiz nafrat, orsiz o‘tmishidan orlangan o‘ksiz bir ifoda qalqib turadi. “Jiydali”ga qaytyapti u. Turfa ko‘rgiliklarning ming bir chig‘iriqlarida toblana-toblana, xatolar ko‘lankasidan nadomat kengliklariga yo‘l topib, hammasiga “etak silkigancha”, ruhsiz va mazmunsiz “loshi”ni sudrab “ko‘ngli”ga qaytyapti u: “yelkasida kattakon sumka, qo‘lida ham og‘irgina yuk”. Yozuvchi shu birgina ifodaga g‘oyatda zalvorli, ammo asl haqiqatni oshkor qiluvchi teran ma’no yuklaydi. Qolaversa, Oyravshanning o‘y-kechinmalari, dard-u iztiroblari nihoyatda “yuqumli” – uning tabiatidan ayb-u nuqson qidirasiz-u – topolmaysiz, mabodo topganingizda ham, yo achinish hissi uyg‘onadi sizda yoki qismat maydonidagi beayov taloto‘plarda manzilini yo‘qotib qo‘ygan bu mushtiparginaga rahmingiz ham keladi. Mana Erkin A’zamning obraz yaratishdagi mahorati nimada! Qahramonlarini kamolot cho‘qqilarining mutlaq egalari o‘laroq tanishtirmaydi yoki barcha insoniy sifatlardan to‘la mosuvo aylab, tuproqqa qorishtirib yubormaydi. Shu boisdan bu qahramonlarga alohida mehr qo‘ya olmaymiz, biroq o‘zimizdan butunlay itarib, uzoq tutishga ham sabab topolmaymiz. Deylik, roman so‘ngida Iskandarning boqiy dunyoga safari oldidan boshidan kechirgan ruhiy qiynoqlari o‘quvchini sergaklantiradi. Oyravshanning janozaga borgani kitobxon ruhiyatida ichki bir olishuv – bahs-u munozaraga yo‘l ochadi.
Yozuvchi har bir qahramonga ism tanlashda uning xarakteri, hayotiy maslagidan kelib chiqib yondashadi. Masalan, ne-ne davr-u davronlar, shon-shuhrat, aysh-ishrat “maydon”larida “ot surib”, bu dunyoning bori ne’matlaridan bahramand bo‘lgan Iskandar tarixdan ma’lum va mashhur Iskandar Zulqarnaynni yodga soladi. Kitobning “Sel” qismida qahramonlar tilidan uning ana shu “qudrat”iga ishora qilingan: “Bu manzarani zavq va xavotir bilan kuzatib, hali soy kechishda tayin qarorga kelolmay turganlardan biri mushtini kaftiga urib:
– Qoyil! – deb yuboradi. – Zo‘rniki tegirmon yurgizar degani to‘g‘ri ekan. Iskandar akamidi? Toshkentdan kelyapti-da, a?”
Ma’lumki, dialoglar nafaqat badiiy matn strukturasida, balki asar mazmun-mohiyatini ochib berishda ham muhim o‘rin tutadi. Ular qahramonning axloqiy qiyofasi, atrofdagilar bilan o‘zaro munosabatini yoritishga ham yordam beradi. Shunga ko‘ra ilmda dialoglar bir necha turlarga bo‘lib tasnif qilingan: dialog-hikoya, dialog-yumor, dialog-munozara, dialog-tavsif... Iskandar va G‘ayrat o‘rtasidagi dialog tavsifiy xarakterda bo‘lib, Iskandarning ichki olamini kengroq tushunib olishga ko‘maklashadi: “– Meni qachon o‘ldirasan, xo‘sh? – dedi Iskandar dabdurustdan, negadir sensirab. Kayfi borga o‘xshardi. – O‘ldirsang ham haqqing ketadi, uka! Lekin agar hozir bir balo qilmasang armonda qolasan, bilib qo‘y! Ketyapman men. Uzoqqa. Xudoyini o‘tkazaman-u jo‘nayman. Vaqt bo‘lganida-ku sen bilan bi-ir o‘tirishib erkakchasiga hisob-kitob qilib olardig-a! Sen uncha-munchasini bilasan-u, ko‘pidan bexabarsan. Hay, eshitarsan bir kuni. Lekin sen, G‘ayrat, mard bola ekansan. Nomard bo‘lganingda menga o‘xshab boyib ketarding! – deya o‘zicha nash’avorona xaxolab qo‘ydi u. – He, enasini uray bu dunyongni! Mardlik qilyapman deysan-u, nomardlik bo‘lib chiqadi. Qip-qizil masxarabozchilik hammasi! Esdan chiqarolmaysan, bilaman. Mayli, umrbod so‘kib yur, xohlaganingcha so‘k! G‘ayrat, men sendan kechirim so‘rab kelganim yo‘q, uka. Ertaga osh beryapman, bormasang – o‘ldiraman! – U tag‘in quchoqlab, G‘ayratning kiftiga qoqib qo‘ydi. Jo‘narkan, daf’atan to‘xtadi: – Bir gap, og‘ayni. Anovi qiz, Oyravshanni aytaman-da, zo‘r qiz edi, zo‘r qiz! Lekin senga to‘g‘ri kelmasdi, bilib qo‘y shuni!”
Shu birgina parchada yozuvchi Iskandarni to‘la fosh etadi: “Kechirim so‘rab kelganim yo‘q” – ha, uning hatto kechirim so‘rashga jur’ati yetmaydi. Kibr-u manmanlik, havoyilig-u kekkayishlar dag‘dag‘asi ila yurgan, amal pillapoyalaridan hamisha silliq ko‘tarilib borgan, davlatmand Iskandar bu, axir! U yana birgina jumla bilan G‘ayratning ko‘ksiga tig‘ sanchadi go‘yo va o‘sha yaraga suhbatdoshini ayabgina, yuzaki iqrorlarga inontirmoq uchun soxta “malham” ham qo‘ya biladi: “senga to‘g‘ri kelmasdi”. Shubhasiz, Erkin A’zam katta iste’dod sohibi! U so‘zni shunchaki ovora qilib, ortiqcha tafsilotlarga yon berib o‘tirmaydi. Har bir so‘zni qayrab, shaylab, o‘quvchiga randalab, tozalab, yarqiratib taqdim qiladi. So‘z kayfiyatidan qahramon fe’l-atvori va, albatta, yozuvchining maqsad-muddaosini ham oson anglab olsa bo‘ladi.
Asar so‘ngida keltirilgan she’r esa qahramonlar ruhiyati, ma’naviy olamini, qolaversa, hayotiy xulosalarini yorqin ifoda etgan. Ochig‘i, she’r asar mohiyatiga yetib borish, o‘quvchi va yozuvchi o‘rtasidagi qandaydir bir devorni olib tashlash uchun o‘ziga xos badiiy vazifa bajargan:
Sokin uchar mezon iplari,
Derazamda oftob chaqini...
Ko‘p adashdim, xatolar qildim –
Ilk bor yashab, kechiring meni.
Hayot totin angladim picha
Va topinib ichurman qasam:
Yashar edim tamom boshqacha,
Bu dunyoga qaytadan kelsam!
Agar kelsam, agarda kelsam,
Qaytmasligim ayondir lekin.
Darhaqiqat, asar qahramonlarining har birida shunday bir ruhiyat ustunlik qiladi!
Erkin A’zam asarlarida obrazlar – o‘ziga, o‘zligiga talpinib yashaydigan qalb kishilaridir. Bosib o‘tilgan umr manzillarining xatolig-u nuqsonlari ularni taassuf-u nadomatga yuzlashtiraveradi. Ular qaysarlik bilan bir manzil-u bir maromda muqim turib qolmaydi. Aksincha, voqealar rivoji yechimga tomon yo‘nalgani sari qahramonlar o‘z-o‘zini isloh qilishga, insoniylik matlabiga loyiq bo‘lishga matonat topadi. Hech yo‘qsa, shunga harakat qiladi. Birgina misol sifatida “Anoyining jaydari olmasi“ hikoyasi asosida suratga olingan “Chantramore” filmini olaylik. Unda Komron va Ramazonning sarguzashtlari yoritilgani ayon. Kibr-u manmanlik, dunyoviy mayllar yengib qo‘ygan Komronning asar so‘ngidagi pushaymoni ko‘ngilni o‘rtab yuboradi, ochig‘i.
Mumtoz adabiyotda uzlat degan tushuncha bor. Uni bir necha xil talqin qilish mumkin. Uzlat – ko‘ngilga yuzlanish holi, o‘tkinchi istaklardan to‘la voz kechib, chin insoniylik matlabi ila yashash zavqidir. Buyuk mutafakkir va shoir Alisher Navoiy bu haqda shunday yozadi: “Kim dedim uzlat eshigin ochqamen, dahri bema’ni elidin qochqamen”. Yozuvchi roman oxirida qahramoni Oyravshanni ana shunday bir ruhiyat egasi sifatida gavdalantiradi, tanishtiradi. “Barchadin etak silkib, ko‘z yopdim”, – deydi Navoiy bir she’rida. “O‘tgan kunlar” romanida Yusufbek hojining qutidorga aytgan quyidagi gaplari ulug‘ shoirning fikrlariga uyg‘un: – Bu soqol shu el qayg‘usida oqardi. Bu ko‘ngil shu manfaatparastlar ta’sirida qoraydi. Yoshim oltmish beshka yetib bir vaqt bo‘lsin ibodatimni janobi Haqqa bevosita yo‘naltirg‘animni va ko‘ngil ko‘zim ochilib qilg‘an sajdamni xotirlay olmayman. Bu aldanishim ersa, Haq tarafidan bir tanbeh, bo‘lmag‘anlarg‘a bo‘lishmoqchi bo‘lg‘anim uchun bir kinoyadir. Endi mundan keyingi besh kunlik umrim dunyo mojarolaridan etak silkib to‘sha’yi oxirat tadorikini qilmog‘im uchun g‘animat ko‘rinadir”. Jahon adabiyotining yorqin namunalari Teador Drayzerning “Amerika fojeasi”, Stendalning “Qizil va qora” romanlarida ham qahramonlar tavbaga yuz buradi, oxir-oqibat o‘z qilmishlaridan afsus-nadomat chekadi. “Momaqaldiroq ostida sayr” yozuvchi Erkin A’zamning mumtoz va zamonaviy o‘zbek adabiyoti, shuningdek, jahon adabiyotidan o‘qigan, o‘rgangan, anglagan haqiqatlari, qolaversa, uzoq yillik hayotiy tajriba va teran xulosalari asosida yuzaga kelgan betakror badiiyat namunasidir.
Romanda bir-biriga o‘xshamaydigan, nafaqat tashqi ko‘rinishi, balki axloqiy qiyofasi, xatti-harakatlari, jamiyatdagi mavqe-martabasi bilan ham biri biridan anchayin farqlanib turadigan obrazlar “galereya”si yoritilgan. Ularning aksariyati begona emas: yonimizdagilar, ko‘rganlarimiz, ko‘rayotganlarimiz, ba’zilari hatto tanish ham... Obrazlar nihoyat darajada jonli, hayotiy, ta’sirchan! Shubha yo‘qki, “Momaqaldiroq ostida sayr” romani bugungi jahon so‘z san’atining alohida e’tirofga loyiq go‘zal durdonalari safida tizilib turadigan yangi ifoda, yangi taassurotlarga sohib o‘ziga xos asar. Uni atroflicha tadqiq etish esa o‘zbek adabiyotining yorqin tamoyillarini yanada kengroq mushohada qilishga imkon yaratadi.
Maqsud ASADOV,
filologiya fanlari doktori, professor
Tarix
Adabiyot
Til
Jarayon
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Vatandosh
Jarayon
Tarix
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Din
Til
//
Izoh yo‘q