Tama bilan, shama bilan yozilgan dostonlar tahlili


Saqlash
13:52 / 04.03.2026 19 0

Adabiyot, ayniqsa, sheʼr doimiy harakatdagi TIRIK hodisa. U koʻngillardan chiqib, koʻngillarga yetishguvchi ilohiy bir neʼmat. Yaʼniki, sheʼriyat haqidagi suhbat koʻngil intilishlari, uning bugun yetib kelgan manzillari haqidagi mulohazalardan iborat boʻlmogʻi lozim. Shu bois, nimalar yozilganini sanay boshlagan damdayoq, aslida, qayerga yetib kelganimizni savqi tabiiy tushunib qolamiz. Buyogʻi qayoqqa qarab yurish lozim ekani yanayam oydinlashadi. Oʻtgan yili oʻzbek adabiyotida oʻndan ortiq doston chop etilibdi. Saviyalari har xil – oʻynab yozilgani ham, oʻylab yozilgani ham, kuyib yozilgani ham, suyib yozilgani ham, tama qilib yozilgani ham, shama qilib yozilgani ham bor.

 

Lekin ularning hammasi ham oʻtgan yilning mahsuli emas. Baʼzilari salkam qirq yil burun, koʻpi yigirma-oʻttiz yil oldin yozilgan. Yaqin besh-oʻn yilda yaratilganiyam bor. Demoqchimanki, dostonlar tahliliga qarab sheʼriyatimiz bugun qayerda turganini, nimani oʻylab, qanday yozayotganini aniq aytish mushkul. Lekin shunga urinib koʻrsak boʻladi.

 

Doston sheʼriyatning eng teran, eng qiyin janri. Unga qoʻl urishga har qanday shoirning ham yuragi dov beravermaydi. Bitta dostonni bitirish uchun yurakni, ehtimol, yillar davomida har kuni qiynash kerak. Doimo va toʻxtovsiz bitta mavzu haqida oʻylash, tuygʻuning asosiy oʻzanidan chetga chiqmay, aksincha, unga tobora teranroq shoʻngʻish, aytishga oson, amalda qiyin masala.

 

Shu qiyinchilik vajidan doston fitratiga nasrga xos ayrim jihatlar ilashib qolgan. Chunki voqea bilan oʻquvchini ergashtirsa boʻladi, syujetning orqasidan yurish oson. Biroq doston, magʻzi-mohiyatiga koʻra, avvalo, sheʼr, koʻp hollarda voqeaband sheʼr, baʼzan maʼrifiy hikoyatlar guldastasi kabi tuzilsa ham, baribir sheʼr ekanini esdan chiqarmaslik kerak. Doston, nasrga xos qora soʻz bilan yozilmaydi (sal ilmiyroq qilib, buni prozaizm deb aytiladi). Voqeani hikoya qilib bermaydi, balki voqeaga nisbatan fikriy va hissiy munosabatni namoyon etadi. Doston sheʼr bilan yozilmasa, dostonlikdan chiqadi, uni, nihoyati, sheʼriy yoʻlda, sirtdan sheʼrga oʻxshatib yozilgan hikoya, qissa deyish kerak, xolos. Shuningdek, bir mavzudagi, yagona talqin va oʻxshash kayfiyat asosida yaratilgan turkum sheʼrlarni doston deya taqdim qilish hodisasi ham amaliyotda uchraydi. Bu masalaga keyinroq albatta toʻxtalamiz.

 

Alohida taʼkidlash lozimki, dostondagi voqea, syujet va boshqa nasriy-epik unsurlar sheʼrga nisbatan ikkilamchi hodisa. Hamma voqea ham doston boʻlavermagani kabi, asl dostonlarni hikoya qilib berish ham mushkul. Baʼzida buning sira imkoni yoʻq. Deylik, “Layli va Majnun” dostonining nasriy bayonini oʻqigan odamlar undan dostonning kayfini ololmaydi. Chunki voqealar tasviri qora soʻzga – nasrga koʻchishi bilan tarovatini, sehrini yoʻqotadi. Nari borsa, boshqotirmaga, jumboqqa aylanadi. Ayrim misra va baytlarni izohlash uchun sahifa-sahifa sharh kamlik qilib qolishi mumkin. Masalan, quyidagi baytni sharhlash uchun jild-jild kitob yetmaydi, deb oʻylayman:

Har negaki desa oʻxshamassen,

Sendin durur ul, sen ul emassen.

 

Navoiy buyuk-da, sal mundayroq misollar keltiring, deb soʻraguvchilar boʻlsa, xalq ogʻzaki ijodiga qarang deyman. “Alpomish”ni, “Goʻroʻgʻli” turkum dostonlarini olsangiz, ularning hatto nasriy bayon qismi ham odatda saj bilan bitilgan. Tokim, doston tarovati oz vaqtga boʻlsa ham soʻnmasin, degan niyatda. Alpomish chohda yotganida oldiga doʻsti Qorajon keladi. Qorongʻi zindonda koʻzlari xira tortgan Alpomish doʻstini darrov tanimay, kimsan, deb soʻraydi. Endi Qorajonning javobini eshiting:

“Otangdi oyttinga xoʻb oyting, Enangdi oyttinga xoʻb oytting, Ulingdi oyttinga xoʻb oytting, Qulingdi oyttinga xoʻb oytting, Zotingdi oyttinga xoʻb oytting, Otingdi oyttinga xoʻb oyting, Hammasidan keymon meni oytting”...

 

Bundan goʻzalroq sheʼr boʻlishi mumkinmi? Unda doʻst uchun jon chekib, mashaqqat kechib kelgan Qorajonning doʻstona arazi-alami bor! U doʻsti darrov tanimagani uchun xafa boʻlmadi. Araz urdi! Illo, doʻstdan xafa boʻlinmaydi. Doʻstlikning maqomi shunday ulugʻki, Allohning bir ismi DOʻSTdir. Qorajon shuni bilardi. U doʻstlikni Vatanidan, ota-onadan ham yuqori qoʻyib, doʻstining ortidan Boysunga ketgan alp edi. Katta shaxs edi. U shu doʻstligi uchun mukofot olsa, doʻstidan shunday jonfidolik kutsa, haqli edi. Bunday boʻlmadi. Uning shunga alami keldi. Araz urdi.

 

Goʻyo, oddiy voqea real tasvir usulida hikoya qilinayotganga oʻxshaydi. Biroq tuzukroq razm solinsa, har bir soʻz obrazga, sheʼriy sanʼatga aylanib, misralar badiiy jilo taratadi. Qahramonlar nutqi esa top-toza, tip-tiniq sheʼr. Oybarchin yori kelganini eshitadi, biroq vaʼdasi bor edi – dushmanga boʻlsa-da, bergan vaʼdasi bor edi. U vaʼdasidan tonadigan nomard emas:

“Ot chopsa, gumburlar togʻning darasi,

Savashda bilinar mardning sarasi,

Olti oylik yoʻldir Bobotogʻning orasi,

Bobotogʻdan, bilsang, poyga qilaman,

Kimning oti oʻzsa, shunga tegaman...

 

Shunday badiiy jilo, baland ruh boʻlmasa, doston tugʻilmasligini XX asrda oʻtgan ayrim ulkan shoirlarimiz ham yaxshi bilishardi. Hassos shoir Hamid Olimjon “Oygul bilan Baxtiyor”ni shunday boshlaydi:

Bolalik kunlarimda,

Uyqusiz tunlarimda,

Koʻp ertak eshitgandim,

Soʻylab berardi buvim...

 

Usmon Nosirning “Naxshon” dostonidagi quyidagi misralarga eʼtibor qarating:

Bogʻlarga namozgar

Salqini tushdi,

Gullar nam bargini

Qayirdi asta.

Oftob ham suv ichar

Togʻlardan pastda,

Loladek qip-qizil

Oʻt shafaq oʻchdi.

Koʻz tutdim

Koʻzlarim nigoron boʻldi;

O, dilbar,

Siymbarim, yuzlari qirmiz.

Kiprigi koʻksiga

Soya solgan qiz,

Koʻz tutdim,

Yuragim toʻla qon boʻldi.

 

Shu oʻrinda Mirtemirning “Surat”, Abdulla Orifning “Hakim va ajal” kabi dostonlarini ham eslash mumkin. Bu dostonlarda ham voqea bor, syujet bor, lekin asosiysi, ularning hammasi SHEʼR bilan yozilgan. Afsuski, bizning adabiyotshunosligimizda sheʼriy satr, misrani alohida ifodalaydigan atama yoʻq. Ruslar buni nasriy ifodadan farqlab, stix deydi. Stixlar jami stixotvoreniye boʻladi. Men sheʼr deyish bilan kifoyalandim.

 

Yuqorida keltirgan misollarni oʻzimizga namuna etib, endi bevosita oʻtgan yili nashr etilgan dostonlarga bir nazar tashlasak. Oygul Ubaydulla qizining “Adashmagin yoʻlingdan, bolam” deb nomlangan bir dostoni chop etildi. Dostonning fabulasi quyidagicha (fabula – biror asarda tasvir etilgan voqealarning hayotda yuz berish tartibi): yosh bir yigit internet tufayli diniy mutaassiblar domiga tushadi. Buni ota-onasi bilgach, farzandini notoʻgʻri yoʻldan qaytarishga urinib, nasihat qiladi. Biroq oʻgʻil koʻnmaydi. Yashirincha chetga chiqib ketadi. Xorijdagi diniy aqidaparastlarga qoʻshilib, urushlarga kiradi. Begunohlarni oʻldiradi. Buyoqda ota-onaning boshi egilib qolgan. Bir kuni oʻgʻil pushaymon chekib, yurtiga qaytib keldi. Ota-onasidan kechirim soʻradi. Tabiiyki, bular ham kechirdi. Zoʻr voqeami? Ha, zoʻr voqea. Faqat, uni doston qilib yoza bilish kerak. Buning uchun eng avval syujet toʻqish kerak boʻladi (syujet – voqealarning asarda yozilish tartibi).

 

Biroq bu doston syujeti juda nochor. Ota qishloqdoshlaridan, oʻgʻling yomon yoʻlga kiribdi, degan gap eshitadi. Yaʼni, voqea allaqachon boshlanib boʻlgan, faqat bundan ota xabarsiz. Bilgach, u oʻgʻliga zugʻum qiladi. Onaizor oʻgʻlining yonini oladi: ichmaydi, chekmaydi, nomahramlarga qaramaydi, qoʻshnining qiziga uylantirib qoʻyishni orzulab turibman va hokazo gaplar.

 

Janr qoidasiga koʻra, oʻgʻil ham allaqachon ota-onani tanimaydigan darajaga yetgan. Ularga tik qaraydi, sizday otam yoʻq, deyishgacha boradi. Yaʼni, dostonda voqealar ichiga kirilmaydi, uning atrofida aylanib yurilaveradi. Oʻquvchi shunday boʻlibdi, degan xabar topadi, biroq voqeaning oʻzini koʻrmaydi. Doston syujeti nochorligi ustiga, mantiqiy kamchiliklardan ham holi emas. Ota urushda yurgan oʻgʻli ustida bomba portlab, jasadi ham parcha-parcha boʻlib ketganini, hatto, mozor ham nasib qilmaganini biladi. Buni kasalmand xotiniga aytolmay qiynaladi. Biroq oxirida oʻgʻil uyga bir joyi tirnalmay, tirik qaytadi. Muallif bu holga sharh berishniyam oʻziga ep koʻrmagan.

 

Xullas, juda dolzarb mavzu. Yosh insonning ong-shuurida, qalbida kechadigan ogʻir oʻzgarishlar natijasida yuz beradigan hodisa bu. Oʻnlab, yuzlab doston-u roman-u qissa va hikoyalarga asos boʻlishga arzigulik choʻng mavzu. Ammo... mazkur voqelikning dostondagi ifodasiga qarab, boshimni chayqadim. Shoiramiz oʻquvchini ishontirolmabdi, fojiani koʻrsataman, debdi-yu, lekin amalda samarasiz bir natijaga kelibdi. Nega? Birinchidan mavzu original emas. Ommaviy axborot vositalarida tinimsiz aylanadigan targʻibot materiallaridan koʻchirilgan. Ikkinchidan, mavzu original boʻlmasa, talqin original boʻlishi kerak. Ammo ayrim gʻoʻr yoshlar internet tufayli yot gʻoyalarga qoʻshilib qolayotir, degan talqin ham oʻsha joydan olingan. Demak, u ham yangi emas. Uchinchidan, syujeti juda boʻsh. Oʻquvchini qiziqtirib, ortidan ergashtiradigan burilishlar, kutilmagan tafsilotlar yoʻq. Toʻrtinchidan, xarakterlar yoʻq. Shunchalikki, hatto, qahramonlarga ism qoʻyilmaydi. Ota, ona, birinchi oʻgʻil, ikkinchi oʻgʻil, birinchi mahalla faoli, ikkinchi mahalla faoli va hokazo deb ketilaveradi. Beshinchidan, tasvir juda xira va rangsiz. Oltinchidan va eng muhimi, dostonda SHEʼR yoʻq.

 

Yigit yoshiga yetib qolgan oʻgʻilning koʻnglida nima borligini ota bilmaydi. Bilmaganiyam mayliga, talmovsirab soʻraydi:

“Yo, chiqdingmi, ulim, betayin?”

 

Otaning soʻrogʻidan keyin onaning aytgan gaplariga qarang:

Ozdirolmas toʻgʻri joʻlidan,

Ulimizni avrogʻich loʻli.

Jomonlik hech kelmas qoʻlidan

Egri-bugrimas, toʻgʻridir joʻli.

 

Shu savol-soʻroqqa qoʻshilgan akaning gapi:

Gapirmaydi, borday gʻussasi,

Xonasini titdim qaysi kun

Doʻllirlarga,

Toʻla ekan, ota, kissasi.

 

Lekin nobakor oʻgʻil hech ahdidan qaytadigan emas:

“Kim kofir-u, kimlar musulmon

Ekanligin yaxshi bilaman.

Men musulmon, sizlar kofirsiz!”

 

Meningcha, bu doston haqidagi fikrlarni shu yerdayoq toʻxtatsam boʻladi. Uning adabiyotga, xususan, sheʼriyatga mutlaqo daxli yoʻq. Ehtimol, undan davlatning targʻibot mashinasi biron yoʻsinda foydalanishning epini qilar. Lekin oʻshanda ham biron natija chiqishiga koʻzim yetmaydi. Chunki bugunning odami ahmoq emas. Bu gapni minbardan eshitsa ham, qogʻozda oʻqisa ham, shu turishida uning yuragiga yetib bormaydi, deb oʻylayman. Albatta, muallif bu dostonni yurakdan chiqarib yozgan boʻlishiga shubha qilmayman. Lekin badiiylikka daʼvogar asarning soʻzida sanʼat boʻlmasa, oʻzga dillarning qulfiga kalit topolmaydi.

 

(Yana bir kamchiligini aytib oʻtmasam boʻlmas ekan. Doston mutlaq shevada yozilgan va bu ish ayni dostonda juda katta xatodir. Oʻzbek tilidagi har qanday badiiy asar adabiy tilda yozilishi shart. Bu qonun. Mening talabim emas, estetikaning qonuni. Sheva unsurlarini asarga mahalliy kolorit berish, qahramonlar tilini individuallashtirish maqsadida kiritish mumkin, xolos. Shundan ortiqchasi ortiqcha. Qolaversa, dostonning mutlaq shevada yozilishi bunday salbiy voqealar faqat oʻsha yerning xalqigagina xos ekan-da, degan fikrga ham olib kelishi mumkin. Holbuki, Shomu Iroqqa urush istab ketgan mutaassiblar ichida gapni “gov” deydigan olis qishloq odamlarigina emas, katta-katta shaharlar ahlidan chiqqanlar ham bor.)

 

***

Shunday dolzarb mavzudagi dostonlardan yana biri Ziyovuddin Mansur qalamiga mansub “Mening yangi Oʻzbekistonim” asari. Uni muallifning oʻzi lirik doston, deb atagan. Kitobga soʻzboshi yozgan siyosiy fanlar doktori, professor Tursunboy Fayzullayev siyosiy lirika debdi. Men, bu doston maddohlik sheʼriyatining yangi bir choʻqqisi boʻlibdi, deya gapni muxtasar qilishim mumkin edi. Biroq adabiyotimizda shunday hodisa bor ekan, demak, bu borada fikr aytib oʻtmaslik gunoh.

 

Muallif vatanimizda yuz berayotgan ijtimoiy-siyosiy oʻzgarishlarni, islohotlarni jon dili bilan maʼqullaydi. Dostonni:

Olam buncha yashnamish, hay-hay,

Avvallar bu haybat boʻlmagan.

Aynan Yangi Oʻzbekistonday

Dil tortuvchi davlat boʻlmagan. – deb boshlaydi.

 

Shu fikrini isbotlash uchun qadim tarixdan yangi davrlargacha bir qur xayoliy sayohat qilib chiqadi. “Yurtim choʻng avliyolar yurti, Olamshumul siymolar yurti, Ruda, kumush tillolar yurti”, deya taʼrif bergach, imom Buxoriydan boshlab oʻtgan ulugʻ bobolarimizni sanaydi. Nihoyat, tarixning yaqinroq sanalariga kelganda “Lekin afsus, afsus, ming afsus, Oqibati boʻlmasdan durust, Bora-bora ishlar ketib sust, Keyincha baxt, omad boʻlmagan”ligini tan oladi. Va birdan esiga yangi zamonni joʻshib-toshib kuylayotgani tushadi va:

Nainki bir Xudoga, volidam, otam va Yurtboshim –

Asl Shavkatligʻ odil Rahnamoga ragʻbatim cheksiz. – deya bir bora yengil nafas oladi. Hukmdorlarga bagʻishlov, qasidalar bitish odati bizda qadimdayam, oʻrta zamonlardayam boʻlgan, hozir ham yoʻq emas va buning bir isboti sifatida shu doston qoʻlimizda turibdi. Oʻtmish zamonlarda bu ish uyat sanalmagan, nainki biz ham uni uyat sanasak. Biroq madhiya, qasida yozishning oʻziga yarasha qonun-qoidasi boʻlgan. Hukmdor va yo boshqa bir homiyning buyukligini ochiq-ravshan, yalangʻoch holda qalamga olishga majbur boʻlinsa, qisqa yozilgan. Qasidalar faqat maqtovdan iborat boʻlsa ham, sheʼriy sanʼat bilan yozilgan (Hah, ukkagʻar, topibdi-ya, deb tizzasiga shappalaydigan darajada). Osmonda Xudo, yerda Sizu biz, otamsiz, otamdan ham aʼlosiz kabi beparda yozilmagan, aksincha, shaxsiy sifatlaridan boshqalarga ham oʻrnak boʻlarli bir jihatini topib, ulugʻlangan.

 

Misol. “Farhod va Shirin” dostoni debochasida Boyqaroga bagʻishlangan maxsus bob bor va hazrat Navoiy unda Boyqaroning saxiyligini shunday madh etgan:

Chu baxshish topib andogʻ mulku johe,

Boʻlub ul dam gado ham podshohe.

 

Yaʼni, uning (Boyqaroning) zamonida gadolar ham hadyaga boylik va martaba olib, xuddi podsholardek yashaydigan boʻlib qoldi, deyilmoqda. Biroq “Farhod va Shirin” Husayn Boyqaro haqida emas. Insonning taqdir bilan boʻylashib koʻrishi haqida. Taqdir bilan kurashib, oxiri unga SHODON taslim boʻlishi haqida. Sevgan yoringda Alloh jamolining jilvasini tajalli etib, tasavvur va tafakkur qilish haqida. Xullaski, salaflar ijodidagi madhiya yashash va ijod qilishga sharoit yaratib bergani uchun podshohga aytiladigan rahmat maqomidagi fozil soʻz, sanʼatkorona tavoze, shundan ortiq emas.

 

Ziyoviddin Mansur dostonida qasidagoʻylikning shunday qoidalari keskin buzilgan. Uning nazarida yaqin tariximizda bironta, yomon demayin, mundayrogʻ arbob ham oʻtmagan.

“Rashidov – chinakam donishmand odam,

Arboblar ichida boshqa bir olam.

Bittagina metro timsolida u

Hayot olib kirgan Yer qaʼriga ham”.

“Usmonxoʻjayev ham aslida

Xoʻja, eshonlarning nasli-da!

Toʻgʻrilikdan norgʻul faslida

Hibs boʻlgan”.

Respublikaning boshqa rahbarlari ham “asl” arbob boʻlgan. Tavba, deb yoqangni ushlaysan kishi. Ichida bironta oʻgʻrisi, noinsofi boʻlmagan ekan. Yo, biz, Ziyovuddin Mansurdan boshqa, parallel zamonlarda yashab oʻtdikmikin?!

 

Toʻgʻri, tarixda baʼzan sal yoqimsiz ishlar ham boʻlgan. Masalan:

“Biz huquqiy davlat, — deb yurdik,

Lekin alal-oqibat koʻrdik:

Huquqchilar davlatin qurdik,

Kun boʻlmadi hasrat boʻlmagan”.

Shunday qiyinchiliklardan keyin birdaniga:

“Mana, Egam berganday farmon,

Evrilib el, evrilib zamon,

Boshlandi chun Shavkatli davron

Bu Arshdan beruxsat boʻlmagan”...

 

Men yuqoridagi kabi qip-yalangʻoch satrlarni yana koʻplab keltirishim mumkin, biroq gapni shu yerda muxtasar qilsam. Chunki bunday maddohona misralarni oʻqigan odamda, xohlasa-xohlamasa, yurtimiz rahbariga nisbatan ishonchsiz kayfiyat uygʻonishi mumkinki, buni qosh qoʻyaman, deb koʻz chiqarish deyiladi.

 

Doston janri sheʼriyatning maxsus bobi va u voqelikka nisbatan hissiy munosabatning oʻziga xos bir shakli dedik. Doston matni muayyan bir voqea-hodisaning epik (xalq dostonlari), lirik (Mirtemir – “Surat”, Usmon Nosir – “Naxshon”), dramatik (Abdulla Orif – “Hakim va ajal”, Gyote – “Faust”), falsafiy (Navoiy – “Xamsa”) tasviri atrofida uyushadi. Bu voqealarni bir gʻoya atrofida jipslashtirib turishning turli shakl va usullari bor. Yagona syujet, qoliplovchi hikoya, voqelikka nisbatan paydo boʻlgan fikr-munosabatning turli talqinlari shular jumlasidan.

 

Masalan, Farhodning bolalikdan yetuk taʼlim olishi uning oʻzi kabi yetuk bir goʻzalga muhabbat qoʻyishi uchun kerak edi. Farhodning insoniy hayotda baxt topmasligi oldindan belgilangan taqdir edi. Gʻorda uchraydigan Suqrot hakim unga muhabbati ishqi majoziy boʻlishini, Farhod shu ishq olovida “bamisli xoshok” kuyib, haqiqiy ishqqa yetish bashoratini beradi. “Farhod va Shirin” dostonini taqdirga qarshi borish emas, taqdirga boʻyin egish dramasi tarzida qabul qilish kerak. Muxtasar aytsak, har qanday dostonda ichki drama boʻlishi shart.

 

Biroq “Mening yangi Oʻzbekistonim” dostonida lirik qahramonning ham, voqeaning ham asar sahifalarida davom etayotgan kolliziyasi, dramasi yoʻq. Doston oʻtgan va hozir boʻlayotgan voqealar bayonidan iborat, xolos. Oʻquvchi shunday boʻldi va toʻgʻrisi ham shu, degan qatʼiy talqin qarshisiga gʻoz oʻtirgʻizib qoʻyiladi. Unga fikr yuritishi va muayyan xulosalarga kelishi uchun imkon qoldirilmaydi. Shu bois kishini darrov zeriktiradi. Chunki muallif har qancha ulkan va ezgu niyatlarni koʻzlagan boʻlmasin, tuygʻular, fikrlarning botiniy harakati, dramasi boʻlmasa, bunday asarni oʻqib boʻlmaydi. Oʻqishli boʻlmagan asar suvga tushgan toshdir.

 

Darvoqe, shu dostonni oʻqiy turib (ishoning, men uni oxirgi misrasigacha hijjalab oʻqib chiqdim, toki bir yaxshi, tamadan holi sogʻlom fikr uchrab qolarmikin deb), ijtimoiy tarmoqlarda anchagina vaqt aylanib yurgan va koʻplarning haqli eʼtiroziga sabab boʻlgan “Investitsiya kerak”, “Hokim boʻlaman” kabi sheʼrlar bekorga paydo boʻlmaganini tushundim. Katta yoshdagi, hayotning oq-u qorasini tanigan shoirlarki, shunday paxtakorlik, maddohlik qilib tursa, hali suyagi qotmagan avloddan nima kutamiz?

 

***

Oʻtgan yili shoir va jurnalist Toʻlqin Eshbek “Sharq yulduzi” jurnalining 9-sonida “Behbudiy va Choʻlpon” dostonidan parcha, yangi kitobida “Boburning gavharlari” hamda Maxtumquli haqida “Turkman bulbuli”, shuningdek, “Nasimiyning mangu ziyosi” dostonlarini eʼlon qildiribdi.

 

Mazkur kitobga soʻzboshi yozgan professor Nurboy Jabbor shoir ijodining asosiy qirrasi sifatida oqkoʻngillik va samimiyatni koʻrsatadi. Va biroz mubolagʻa qiladiki, samimiylikdan “mahrum badiiy asar oʻquvchi koʻngliga yetib borishi mahol”, deb. Lekin Nurboy domla ayyorlik ham qilgan. U dostonlarda oʻsha badiiyatning oʻzi bormi, degan savolga javob bermay oʻtib ketgan. Shu savolga biz javob izlashdan burun, yana biroz nazariyaga toʻxtalsak.

 

Maʼlumki, mumtoz adabiyotimizdagi doston janri XX asrga kelib keskin transformatsiyaga uchragan. Avvalgi dostonlarda asos voqea turgʻun boʻlardi, oʻzgarmasdi. Misol: Farhodning Shiringa, Majnunning Layliga uchrashi taqdir, u oldindan qazoyi qadarda belgilab qoʻyilgan. Bu taqdirni Farhod yo Majnun oʻzgartirolmaydi. XX asr dostonlarining voqeasini esa qahramonning oʻzi yaratadi. Chunki “Taqdirni qoʻl bilan yaratur odam, Gʻoyibdan kelajak baxt bir afsona” (Gʻafur Gʻulom). Oygulning harakati bilan butun bir xalq ozod-u farovon boʻladi (Hamid Olimjon). “Na xotin, na farzand koʻrmagan, Kimsasiz, bechora bir yigit” Jontemir mehnat-u izlanish tufayli yorugʻlikka chiqadi. Biroq Toʻlqin Eshbek dostonlaridagi asosiy voqea, mumtoz adabiyotimizdagi kabi turgʻun emas. Ammo XX asrdagi kabi qahramon xarakteridan ham oʻsib chiqmaydi. Aro yoʻlda qolib ketgan.

 

“Boburning gavharlari” dostoni uch qism. Birinchisi juda qisqa kirish. Bor-yoʻgʻi oʻn olti misra. Shoir soʻz ham olmosdir, degan gapni aytadi va yodimga gavhartosh haqida ikkita – qoʻsh naql tushdi deydi. Ikkinchisida gavhar va hind eli bilan bogʻliq rivoyat beriladi. Uchinchisida Bobur podshoh xasta oʻgʻli Humoyun tuzalishi uchun dunyodagi eng qimmat gavhar boʻlmish “Koʻhinur”ni emas, oʻz jonini sadqa qiladi. Agar ikkinchi va uchinchi qism voqeligi hind tuprogʻida va gavhar tosh atrofida aylanayotganini aytmasak, bularni birlashtirib turadigan boshqa umumiy jihat yoʻq. Qolaversa, voqealar shunday yengil hikoya qilinadiki, unda rostdan ham Nurboy domla taʼriflagan samimiylikdan oʻzga xususiyat qolmaydi.

Bu dunyodir tarozili,

Qorongʻi oy oʻn beshi.

Bir kun Boburning boshiga

Tushdi jigarlik ishi.

 

Boburning farzand-u arjumandi, dilining tirgagi, taxtining valiahdiga oʻlim soya solib turibdi, biroq bu holat “jigarlik ishi” deya oddiygina, joʻngina sharhlanayotir... Bu qofiyali jumlalarni sheʼr deb atash qiyin-ov.

 

“Boburning koʻngil ranglari” dostonini esa sheʼrlar jamlanmasi, degan boʻlardim. Chunki ularda yagona fikr, yagona gʻoya, yagona syujet va boshqa xil yaxlitlik belgilarini koʻrmadim. Sheʼrlarning aksariyati rangin va goʻzal. Oʻquvchiga Bobur timsolini koʻrsatib, buyuk bobomizdan faxrlanish hissi, masrur bir kayfiyat bera oladi. Biroq u doston emas.

 

Toʻlqin Eshbek Boburnimi, Maxtumqulinimi, Nasimiy, Behbudiy yo Choʻlponni yozadimi, bularning tarjimai holi bilan oʻquvchini tanishtirmoqchi, oʻtgan hayot yoʻlidan saboq chiqarib, koʻrsatmoqchi boʻladi. Lekin bugungi oʻquvchi miyasi axborot oqimini qabul qilmay qoʻydi, desam yolgʻonchiga chiqarmang. Bugungi oʻquvchi muallifga emas, oʻziga emas, miyasiga emas, telefoniga ishonadi. Binobarin, Maxtumquli yo Behbudiy bobomiz qilgan ishlarni bir boshdan sanab bugun obroʻ topib boʻlmaydi. Bu obyektiv haqiqat va u bilan hisoblashishga majburmiz.

 

Musulmon Namoz

 

***

Oʻtgan yili chop etilgan dostonlar sirasida marhum shoirimiz Usmon Qoʻchqorning “Quvgʻin” dostoniga duch kelib, juda yuragim achishdi. Usmon aka zoʻr shoir edi. Zoʻrligini bildirmay yuradigan shoir edi. Oʻzi bildirmasayam, boshqalar yaxshi biladigan shoir edi. Usmon akaning “Saylanma”siga soʻz yozgan Ibrohim Haqqul domla ham oʻtib ketdi. Katta bir avlod, ularga ergashib adabiyotning butun bir davri oramizdan sitilib ketayotir.

 

“Quvgʻin” ancha oldin, adashmasam, shoʻro zamoni oxirlashib, ogʻirlashib qolgan zamonlarda yozilgan edi. Shu boisdan ham unda XX asr oʻzbek adabiyoti ulgʻaygan muhit – milliy bagʻrikenglik va shoʻroviy mahdudlik qorishmasidan iborat gʻalati estetika manaman deb boʻy choʻzib turadi. Xudoga shukurki, sotsialistik realizm metodi zugʻumini his qilmay oʻsgan yangi bir avlod shoirlar yetishib chiqmoqda. Biroq oʻsha metodning, aniqrogʻi shoʻro adabiyotining yaqqol koʻrinib turadigan bir jihatini eslab oʻtmasam boʻlmaydi. Shoʻro tuzumi uchun adabiyot qurol edi. Mafkura quroli edi. Oʻz fikringni oʻtkazish, boshqalarni ortingdan ergashtirish uchun qurol edi.

 

Usmon Qoʻchqor shoʻrolarga qarshi shoʻrolar yoʻlini tutib yozgan shoir edi, desam mubolagʻa boʻlmaydi. Uning “Quvgʻin” dostoni shoʻro tuzumiga qarshi yoʻnaltirilgan qurol boʻldi. Bilasizlar, Ikkinchi jahon urushi arafasida, urushni bahona qilib, Uzoq Sharq oʻlkasidan koreyslar koʻchirib yuborilgan. Urush boshlangach, Volgaboʻyidan nemislar, Qrimdan tatarlar, Kavkazdan chechen va ingushlar badargʻa qilingan. Xalqni oʻz Vatanidan judo qilishgan. Usmon Qoʻchqorning dostoni shu haqda. U badiiy soʻz vositasida oʻsha alamli haqsizlik suratini chizib beradi. Xalqning dilida adolatsiz tuzum va tizimga qarshilik harakatini uygʻotadi. Bir xalqni Vatanidan mahrum qilish adolatsizlik demaydi, balki shu adolatsizlikning suratini chizadi. Insonlar taqdiri orqali chizadi. Tong saharda tepib ochilayotgan eshiklar, onasini yoʻqotib, chumchuqday chirqillayotgan bolalar, oʻlayotgan onalar...

 

Aybing – turkiyligingmi, Mahdi,

Qayga borar bu xalq podasi?

Kushxonaga haydashmi ahdi

Turkiy xalqni “xalqlar otasin?”

Bu yovuzlik qaydan, alhazar,

Bu xalqlarga nechun bul hasad?

Aytgil, sening bagʻringda, Xazar,

Baliq koʻpmi va yoki jasad?

 

 

Usmon Qoʻchqor didi baland, fikri ochiq, soʻzi oʻtkir shoir edi. Haqni, haqiqatni yozardi. Zamonga qarab tuslanishni, turlanishni bilmasdi. Eng muhimi, u shoir edi va hayotdan ham shoir kabi yashab oʻtdi. U shoir oʻz pozitsiyasida mahkam turishi lozim, deb hisoblar edi. Shoirning ijtimoiy va axloqiy pozitsiyasini estetikaning talablaridan biri, deb tushunadigan avlod vakili edi.

 

Oʻtgan yili shu avlodning yana bir munosib vakili Muhtarama Ulugʻovaning “Bir moʻtabar vujuddir Vatan” dostoni “Sharq yulduzi” jurnalida chop etildi. Mavzusi zamonaviy, yoʻli-yoʻnalishi ijtimoiy, xulosasi axloqiy, sheʼri sodda va samimiy, tili goʻzal va dardchil bu dostonning oʻquvchisi oʻzini oʻsha olis saksoninchi yillar sheʼriyatiga oshno boʻlganday his qilsa, ajab emas. Chunki shoir real hayotning koʻziga tik qarab yozadi. Arzimagan narsani oʻgʻirladi, degan ayblov bilan melisaxonaga olib kirib ketilgan oʻsmir bolakayning oʻsha melisaxonadan oʻligi chiqqaniga chidolmay yozadi. Adolat tarozisi hammani teng tortmayotganiga oʻkinib, odamlarning qalb koʻzini ochish niyatida yozadi.

 

Haqiqatning tubiga yetmoqchi emas u, chunki haqiqat shundoq yuzada xor boʻlib yotibdi. Bu haqiqat odamlarga kerak emas. Ayniqsa, huquq posbonlariga kerak emas. Shoir opamizning ulkan dard bilan bizga koʻrsatib berayotgan yana bir haqiqati shuki, haqiqat hatto oʻsha jabrdiydalarning oʻziga ham kerak emas. Oʻlgan yigitchaning onasi ham haqiqat soʻramaydi, “Bolamni koʻrsating”, deb soʻraydi, xolos. Men bu dostonda koʻtarilgan gʻoya, mavzuning ochilishi, yechimi kabi masalalar bilan vaqtingizni olmay. Bu dostonni oʻqish kerak.

 

Shunday katta avlodga mansub yana bir shoirimiz Akif Azalp (Akif Bagʻirov)ning “Oʻzbeknoma” dostoni ham oʻtgan yili chop etildi. Holbuki, bu doston 2000-yillar boshida yozilgan. Ozarboyjon farzandi Akif Azalpning “Oʻzbek kelayotir” va “Sarbador nidosi” (Bu sheʼr xalq orasida “Assalom alaykum dorning ogʻoji” nomi bilan mashhur) sheʼrlari shoʻro zamonida qoʻlma-qoʻl tarqalgan. “Oʻzbeknoma” dostoni millati oʻzbek boʻlmagan shoir oʻzbek tilida yozgani uchun bizga ikki karra qadrli. Akif Azalp dostonida, ehtimol, biron yangilik kashf qila olmagandir. Biroq necha yildir tuzini ichgan xalqqa bu darajada sadoqatni yurakdan his qilish va uni sheʼriy satrlarda jonlantirishning oʻzi gʻaroyib va tahsinga loyiq ish. Akif Azalp oʻzbekning oʻzi koʻrmagan jihatlarini, yo qahramonlarini, yo goʻshalarini qalamga olsaydi, oʻshanda ham “Vo, darigʻ!” derdik. Lekin Akif Azalp oʻzbekka aylanib ulgurgan shoir edi. Oʻzbekcha lutf bilan oʻzbekligimizga munosib madhiya bita olgan.

 

Quyida Usmon Qoʻchqor, Muhtarama Ulugʻova, Akif Azalp dostonlari mutolaasidan soʻng tugʻilgan ayrim fikrlar:

Birinchidan, bu dostonlar, qachon yozilganidan qatʼi nazar, oʻtgan asr toʻqsoninchi yillari sheʼriyatining tafakkuri bilan yozilgan. Yaʼni, bir umr hadiksirab yashagan millat sheʼriyati birdaniga ozodlikka chiqqan millat sheʼriyati bilan toʻqnashgan zamonlar tafakkuri bilan yaratilgan sheʼriyat bu. Istibdod qulayotganini anglash tufayli tugʻilgan ozgina shiddat, ozgina jurʼat bor edi. Shularga salaflardan kelayotgan ozgina fikrat, ozgina itoat omixta boʻldi. Va hech kim kutmagan yangi bir sheʼriy tafakkur tugʻildi. Shoir oʻz shaxsiyati tarafida emas, xalq tarafida turib yozadi. Boʻlgan va boʻlayotgan voqelikka xalq nuqtai nazaridan turib baho beradi. Bu hamma narsadan sinfiylik, partiyaviylik, partiyaning yetakchilik rolini koʻrsatish talabi ostida oʻsgan adabiyot uchun mutlaq yangilik edi.

 

Ikkinchidan, bu dostonlar tili ham oʻsha davr tafakkuriga mos. Akif Azalpning “Oʻzbeknoma”sida “men” soʻzi biron marta ishlatilmagan, desam ishonasizmi?! Bu kamchilik emas, bu shoirning oʻzini ulkan millat bilan bir, yagona vujud, deb his qilishi mevasi. Muhtarama opa ham oʻz dostonini uchinchi shaxs tilidan hikoya qiladi. Goʻyoki, voqea shunday boʻlgan, yolgʻon qoʻshayotganim yoʻq, umuman, men oʻzim chekkada turibman, deganday. Faqat, Usmon Qoʻchqor dostonida shoir shaxsi, “men” degan soʻz, tushuncha juda oz oʻrinda uchraydi. Oʻshanda ham, voqelik yo tafsilot mohiyatiga hissiy baho bermaslik mumkin boʻlmay qolsa.

 

Uchinchidan, bu dostonlardagi ifoda uslubi informatik xususiyatga ega. Oʻquvchiga koʻproq yangi axborot berishga intiladi. Axir, oʻsha zamonlar axborotning oʻzi tanqis edi, desak hozirgi yoshlar kuladi. Shunday boʻlishi mumkinligi ularning tasavvuriga sigʻmaydi.

 

Toʻrtinchidan, mazkur dostonlar umumiy, hamma rozi boʻladigan, “umuman toʻgʻri” talqinga asoslanadi. Akif Azalp – oʻzbeklarning tarixi buyuk, daholari koʻp oʻtgan va hokazo; Usmon Qoʻchqor – xalqni Vatanidan quvgʻin qilish mumkin emas; Muhtarama Ulugʻova – qiynoqlar toʻxtamayapti, ayniqsa, kambagʻal-bechoralarni hech kim soʻrayotgani yoʻq, degan umuman toʻgʻri pozitsiyada turib yozgan.

 

Beshinchidan, oʻta shaxsiy, ichkin fikrlash yoʻlidan qochiladi. Oʻzingning, kattadir, kichikdir, meningni oʻrtaga chiqargandan koʻra, hamma qatori odil, hamma qatori aqlli boʻlib tursang yaxshi-da!

 

***

Gʻayrat Majidning “Oppoq tabassum” kitobidagi “Xoʻjailmkoni” dostonini men bir mavzudagi, yagona talqin va oʻxshash kayfiyat asosida yaratilgan turkum sheʼrlardan iborat doston, deya tushundim. Vataningga qasida bagʻishlash bilan cheklanmay, butun boshli doston armugʻon etish yurtga muhabbatning bir koʻrinishi, aslida. Bashar zotiga madhiya bitishni qoralaymiz, ich-ichimizdan yoqtirmaymiz, chunki unda, xohlasak-xohlamasak, tama zohir boʻlib turadi. Dinimizda ham, soʻrasang, yaratgandan soʻra, insonga qullik qilma, deb uqtiriladi. Buning aksi – yurtga madhiyani oqlaymiz, yoqlaymiz. Chunki bunda tama emas, shukur bor. Inson yaratguvchisiga shukur aytgani kabi, yurtiga ham shukur aytishi joiz va maqbul.

 

***

Oʻtgan yili chop etilgan dostonlar orasidan meni qattiq oʻylatgani Minhojiddin Mirzo qalamiga mansub “Qaygʻu guli” va “Sohibqiron yogʻdusi” dostonlari boʻldi. “Qaygʻu guli” mistik mavzuda. Diniy-mistik emas, faqat mistik mavzuda. Bu asar 1989-90-yillari, shoir 25 yoshga toʻlgan-toʻlmagan davrda yozilgan. Ehtimol, shuning uchundir, unda avvalroq bir qur eslatib oʻtganim oʻtgan asr oxiridagi oʻzbek sheʼriyatining asosiy xususiyatlaridan birontasi koʻrinmagani oʻylatdi meni. Nega bu dostonga avval koʻzim tushmagan ekan, deb afsuslandim. Doston haqida umumiy tasavvur bersam: lirik qahramon – shoir xayol va hayot orasida sarosar kezgan, kundan tunni – xayolotga berilish onlarini maʼqulroq koʻrgan bir davr. Uning xayolotdagi hamrohi Mashrab. Mashrab gʻazaliyotidagi misralar shoirni yetaklab yuradi, yangi dunyolar sari boshlaydi. Xayolot dunyosida esa farishtalar va Iblis bor. Shoir, Mashrab, farishtalar va Iblis orasida muloqotlar boʻladi. Doston shu xayolning, shu muloqotning badiiy tasviridan iborat.

 

Toʻgʻri, dostonning tili anchagina gʻaliz, ishlov berishga, tahrir qilishga mos oʻrinlari koʻp. Koʻp joylarida baʼzan fikr oxiriga yetmay qoladi, yo mahorat yetishmagani bois tumanli chiqib qoladi. Ayrim joylarini tushunib olish qiyin, besh-olti martalab oʻqisang ham, aniq nima deyilmoqchi boʻlganini ilgʻash mushkul. Ravshan fikrlagan odam ravshan bayon etadi, degan qoida bilan tekshirsak, shoirning oʻz fikrini ifoda etishga qiynalganini sezamiz. Lekin dostonning yutuqlari kamchiliklarini bosib ketgan. Shunisi muhim.

 

Farishta aytadi:

Gar u gunohkorday tuyulsa, netay,

Sening vasling deya qilmishdir gunoh.

Chin oshiqni maʼshuq jazolay olmas,

Seni degan ul zot gunohkormas, oh...

 

Iblis aytadi:

Lek tushun, bir zamon insonni avrash

Va yoʻldan ozdirish mushkul ish edi.

Koʻrding-ku, endi-chi, ular ezgulik

Ulashgan sohiblar boshini yedi.

Zaminga boqqil sen, ayt oʻzing chin soʻz,

Nahot alar ichra komillari bor.

Bu kun bir orifni kashf etar boʻlsa,

Albatta erta kun tikajaklar dor...

 

Davlat mustaqilligi haqida koʻp gapiramiz. Davlat mustaqilligi bu, davlatning erki degani. Ijtimoiy erkinlik haqida ham koʻp gapiramiz. Bu inson huquqlarining taʼmin etilishidir. Lekin insonning maʼnaviy erkinligi borasida negadir jimmiz. Nima, bu haqida oʻylashga qudratimiz yetmaydimi? Holbuki, davlati paydo boʻlishidan buyon xalqi erkin, ijtimoiy huquqlari taʼminlangan Angliya, Olmoniya, AQSH kabi davlatlarda ham insonning maʼnaviy erki toʻliq taʼmin topmagan. Nega? Chunki nafs ehtiyoji koʻngil ehtiyojidan ustun kelgan zamonda yashamoqdamiz. Insonga toʻliq erk bersang, u eng avval nafsining ehtiyojini qondira boshlaydi... Menga “Qaygʻu guli” shu azaliy haqiqatni yana bir bor eslatdi.

 

“Sohibqiron yogʻdusi” dostoni 2010-yilda, shoir qirqdan oʻtib, aqli va koʻngli toʻlishgan, sheʼriyatda mahorati oshgan bir davr yozilgan ekan. Shuning uchun ham bu dostonda fikrlar ochiq va ravshan, shirali va tushunarli ifoda topgan. Qiynalmay oʻqiysiz, qiynalmay tushunasiz. Faqat meni bir jihat qoniqtirmadi. Shoir bu dostonida salaflar ijodiga xos boʻlgan “toʻgʻri fikr tarafida turish” qoidasiga oʻtib ketgan ekan. Qolaversa, “Temur tuzuklari”dan bir parcha olib, keyin shuni sheʼriy yoʻl bilan sharhlash ishini shoirlik deb aytish qiyin. Toʻgʻri, shoir har bir parchani oʻz aqli, tafakkuri, insoniy va axloqiy pozitsiyasida turib, oʻz soʻzlari bilan sharhlaydi. Birovlardan fikr oʻgʻirlashga zarra ehtiyoj sezmaydi. Ammo sheʼr, sheʼriyat koʻproq aqlning emas, koʻproq koʻngilning ishi ekanini eʼtiborga olsak, fikr ustun kelgan joyda tuygʻu bir qadam boʻlsa ham orqaga chekinishini tan olishimiz kerak. Aql koʻngildan ustun kelgan joyda sheʼriyat zaiflashadi.

 

***

Va nihoyat, oʻtgan yili chop etilgan dostonlar ichida menga eng maʼqul boʻlgani, mening nazarimda, badiiy jihatdan eng baquvvati – “Naqshband” dostoniga ozroq toʻxtalsam. Bu doston Eshqobil Shukur qalamiga mansub.

 

Bu dostonning har bir satri SHEʼR. Unda pishmagan, xom fikrni; teranlik izlasangiz, tubiga yetmay ora yoʻlda sarson qolgan tuygʻuni; oʻrniga tushmay, har tarafga shox tashlayotgan soʻzni; quruq boʻlmasin endi, deb ishlatilgan yengil-yelpi tashbehni; birovlardan oʻqib yo oʻgʻirlab olingan taʼrifni; hammaga maʼlum-u mashhur talqinlarni koʻrmaysiz.

 

Dostonning har bitta satri shoirning yuragini oʻyib, yorib chiqqan vulqonday taassurot qoldiradi. Uzun matnni oʻqishni yoqtirmaydiganlar uning bir parchasidagi magʻzni chaqib oʻtirsa ham olam-olam zavq va hayrat olishiga ishonaman.

Bu

Dengiz devoriga chizilgan tasvir,

Bir qultum hayotday yutilgan daryo. – deb yozadi shoir. Dengizning devori bormi? Bor boʻlsa, unga tasvir chizish mumkinmi? Chizilsa, u nima haqida boʻlardi? Chizsang-u, uni dengiz dolgʻalari yuvib ketmaydimi? Dengiz tinmay dolgʻalanadi, demak, shunda ham oʻchmaydigan tasvir boʻlishi mumkinmi? Bu tasvirni kim chizgan, yo chizadi? Bu, axir, faqat, qudrat qalamining qoʻlidan keladigan ish emasmi? Qudrat qalamining sohibi kim? Tasvirni U chizganmidi? Nega chizdi? Biz uning qoshida, qarshisida yukunib oʻtiribmizmi shunda?..

 

Hayotni bir qultum suv yoki havoday yutish mumkinmi? Yoʻq, hayotni emas, daryoni bir qultum hayotday yutish mumkinmi? Daryoni yuta olsa, demak, u juda ulkan. Kim u bu darajada ulkan shaxs? Bu shaxs, chunki u Xudo boʻlishi mumkin emas. Illo, Xudo oʻzi yaratgan narsaga muhtoj emas. Yaratilgan narsalarga faqat biz insonlargina muhtojmiz...

Maqtovni juda oshirib yuboryapsiz, nahotki oddiygina, oʻylamasdan ham qabul qiladigan misralari boʻlmasa, hammasi shunday keng va teran maʼnoli boʻlishi juda qiyin-ov, deya eʼtiroz bildirguvchilar topilsa, men ularga bu dostonni satrma-satr, misrama-misra oʻqishni maslahat bergan boʻlardim. Toʻgʻri, doston voqeligini ulash, syujet burilishlarini izohlash uchun oddiygina darak gap tarzida bitilgan oʻrinlar ham bor, albatta. Lekin ularni tabiiy qabul qilamiz. Ular oʻqiyotgan kishining tishiga tegmaydi. Aksincha, fikrlarni, tuygʻularni bir-biriga bogʻlashga xizmat qiladi.

 

Boshqa shoirlarda oddiygina harakat, holat tasviri boʻlib qoladigan joʻn oʻrinlarni ham Eshqobil Shukur oʻta mahorat bilan chizadi. Masalan, hazrati Naqshbandning piri Boboyi Samosiy Hinduvon qishlogʻidan oʻtayotgan paytda koʻradigan manzaralari shunday ifoda etilgan:

Qari gujumlarning xush salqinida

Sajdaga bosh qoʻyar sersut bulutlar.

Quruqshox gujumlar gullay boshlaydi,

Gullagani kabi choʻbin tobutlar.

 

Gujum qari edi, uning xush soyasida, yaʼniki, panohida namoz oʻqisa boʻladi. Namozni esa oddiy emas, sersut bulutlar oʻqiyotir. Nega bulut namoz oʻqiydi? Chunki gujum qari, qari daraxtlar esa ulkan boʻladi. Bu gujum esa shu qadar ulkanki, osmonlarda uchib yurgan bulutlar ham uning panohida tin oladi. Bulutlar nega sersut? Chunki ular bagʻrida qut-baraka olib yuradi. Chunki sut endi tugʻilgan tiriklikning timsoli. Demak, sersut bulutlar yangi hayot boshlanayotganini, olamga Naqshband hazratlari kelayotganini sezayotgan ekan-da...

 

Tobutlar ham gullaydimi? Gul hayotning, tobut oʻlimning ramzi emasmi? Sal teranroq fikrlasak, tushunamiz, tobutning gullagani ham yangi hayot boshlanayotganidan darakchi ekan. Yangi hayot esa hazrati Naqshband janoblari edi...

 

Men bu dostonning har bir jumlasini sharhlamoqchi emasman. Yuqorida qisqacha aytganlarim, dostonni tushunishga bir kalit berish ehtiyojini sezganim uchundir. Lekin yuqorida aytganlarimdan doston mutlaq mukammal ekan-da, degan bir xulosa chiqishini istamas edim. Chunki doston matnining alohida qismlari mukammal ekani uning bir butun holida ham mukammal ekanini anglatmaydi.

 

Bu kamchilikni Eshqobil Shukurning oʻzi ham koʻrgani va tan olgani mening xulosalarimni osonlashtirmoqda. Hazrati Bahovuddin Naqshband janoblari juda ulugʻ siymo boʻlgan. Oʻzbek adabiyotidagi tasavvuf tushunchasi toʻligʻicha Naqshband hazratlari asos solgan naqshbandiya tariqatining nazariyasi va amaliyotiga chambarchas bogʻlanadi. Navoiy naqshbandiya tariqatining soliki boʻlgani, tariqatning piri boʻlgan Jomiyga qoʻl bergani, Jomiy orqali esa Xoja Ahrori valiyning muridi boʻlganini eslash kifoya, deb oʻylayman.

 

Dostonda naqshbandiya tariqatining bir qoidasi – “Dil ba yoru, dast ba kor”ni (Qoʻling ishda, diling yor(Alloh)da boʻlsin) ozgina sharh etishga urinilgan:

Bu soʻzni –

Bu quyma oltinni olmak istadim,

Ichimda mahbus qush ruhoniyatim. – Lekin Eshqobil Shukur bu borada oʻzining bilimi va intilishi kamligini oshkora tan oladi va parchani shunday yakunlaydi:

Bu soʻzga –

Dilim daryosiga yetmagan kabi...

Bu soʻzga yetmadim... Afsus... Yetmadim...

 

Holbuki, Naqshband hazratlari haqida yozishga qoʻl urgan kishi bu tariqatni chuqurroq oʻrganib, kengroq yozishi mumkin edi. Eshqobil Shukurda bunday ulkan masʼuliyatni zimmaga olish uchun iroda va amalga oshirishga yetarli kuch bor, deb oʻylayman.

 

***

Adabiyot oʻrganilmasa, tahlil va targʻib etilmasa, kerakli oʻrinda tanqid qilinmasa, bir joyda depsinib turaveradi. Adabiy dolzarblikning qonun-qoidalarini koʻrsatib bermaganimiz uchun birinchi oʻgʻil, ikkinchi oʻgʻil degan doston qahramonlari paydo boʻldi. Maddohlik, uning qonun-qoidalari, chegaralari, el-ulusga, adabiyotga zarari haqida hech gapirmagan edik, butun boshli maddohlik dostonlari paydo boʻldi. Axborot zamonida badiiy matn qanday boʻladi, degan savolni oʻrtaga tashlamaganimiz uchun shoirlarimiz vikipediyadan oʻqib olsa boʻladigan axborotlarga tayanib, sheʼru doston yozib yuribdi. Adabiy tafakkur oʻzgarishlarini tadqiq qilmaganimiz uchun oʻzida mistik doston yaratishga kuch-quvvat topolgan shoirimiz ijtimoiy mavzulardan nariga oʻtolmay qoldi. Mumtoz adabiyotimizning bosh masalasi – tasavvufni chuqur oʻrganmaganimiz uchun eng kuchli shoirimiz buyogʻiga ojizman, deb tan olishga majbur boʻldi.

 

Harholda, umidim borki, yoshlar biz kattalar qilgan xatolarni takrorlamasligi mumkin. Chunki axborot zamonida hammayam kallasini keraksiz maʼlumotga toʻldirib olayotgani yoʻq, ozchilik boʻlsayam uning imkoniyatlaridan foydalanib, kerakli ilmlarni oʻrganmoqda, deb oʻylayman.

 

Musulmon NAMOZ,

adabiyotshunos

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Til

12:03 / 03.03.2026 0 107
Nega ayrim eski turk bitiklari oʻqilmayapti?





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//