Abakanga borganimizda xakas qardoshlarning ism-familiyasi asosan slavyan-nasroniycha ekaniga achingan boʻldim. Bugun dunyoda atigi 60 ming atrofida xakas borligi, ona tilini bilmaydigani ham koʻpligi, ruslashib ketish xavfi ostida qolgani ogʻritadi odamni. Dabdurustdan oʻzimning ism-familiyam forsiy-arabiy ildizga egaligini eslab, ichimda istehzoli kuldim.
Ism bu – mavjudlik belgisi.
Ism bu – mafkura.
Ism bu – sir!
Eski inonchlarda ins-jinslar Sizning ismingizni bilib olsa, ovloq joyda chaqirganda qarasangiz, ruhingizga egalik qiladi, deb ishonilgan. Bugun biz buni xurofot deymiz. Ammo necha asrlardan beri ismimizga egalik qilib, ruhimizga-da egalik qilib kelishmoqda-ku. Mingyillik forsiy adabiy, arabiy islomiy nomenklatura hukmronligi shaxsan oʻzimning ism-familiyamda yaqqol koʻrinadi. “Jannat umidi” va ohangjamaga oʻchligimizni deb ismiy sarhadlarimizni tobora boy berib bordik va bu hanuz davom etmoqda.
Turkiylarda ikki ismlilik qadimdan bor. Bola tugʻilganida birinchi oti qoʻyilgan, ulgʻayganida esa oʻziga oʻzi nom orttirgan. Sinovdan qanday oʻtishiga qarab. Masalan, Hakimbek bobosidan qolgan yoyni koʻtarib Alpomishga aylanganidek. Ikki ismlilik anʼanasi keyinroq diniy (arabiy) va turkiy atalish bilan saqlanib qolgan (masalan, temuriy shahzodalarda). Bora-bora turkiy nomimiz shunchaki mazaxomuz laqabga oʻrnini boʻshatib bergan.
Ajnabiy soʻzlarga ishqibozligimiz sabablaridan biri turkiy tillarda omonimlik, paronimlik xususiyatlari kuchligiga ham bogʻliq deb oʻylayman. Bir yozuvchi akamiz oʻgʻliga Bilga (donishmand) ismini qoʻymoqchi boʻlganida singillari yigʻlagan ekan: jiyanimizni hamma “burga” deb chaqirsinmi... Tayoqning bir uchi bizning bilga emasligimizga, Bilga xoqonni ommatan tanimasligimizga borib uriladi. (Mana shu yerda ham oʻz soʻzimizni izohlash uchun qavs ichida oʻzlashma soʻzni yozishga majbur boʻldim.)
“Kelajak soati” darsiga ssenariylar tayyorlash chogʻi ijodkor singlimiz taʼlimiy hikoyachasini oʻqib berdi. Muhokama qizidi. Munosabat bildirish navbati pedagogika fanlari doktori, professor Muhammadjon Quronovga keldi (domlani “Zamonamiz Avloniysi”, deyishadi, bu eʼtirofga qoʻshilish-qoʻshilmaslik har kimning oʻziga tan).
– Yaxshi, yaxshi, – dedi u salmoqlab. – Lekin nega salbiy obrazlaringiz ismi nuqul turkiycha, ijobiy obrazlaringiz esa faqat ajnabiycha ataladi?
Siz asrlar boʻyi bosqinchilar ongimizga singdirib tashlagan mafkura bosimi ostida ish tutyapsiz. Endi bunaqasi ketmaydi! Hikoyangiz xuddi sovet filmlariga oʻxshaydi: tubjoy aholi yomon, mustamlakachi yaxshi, deb nuqul peshonamizga niqtab turardi. Biz bugun bolalarimiz ongiga nimani singdirmoqchimiz?
Yashang, domla!
Jadidlar uchun ism ham mafkura maydoni edi. Ular yaxshi tushungan: badiiy asarda ijobiy qahramonlar milliy nomlar bilan atalishi oʻzlikni mustahkamlaydi, salbiy personajlarga yot ismlar berilishi ham umummilliy psixologiyaga taʼsir qiladi (birgina misol: Otabek, Kumush, Zaynab). Jadidlar turkiy otlarni asarlarida ishlatibgina qolmay, oʻzlariga va shogirdlariga taxallus qilib tanlaganlar. Bunga oʻzlikni tiklash harakatining muhim qismi deb qaralgan. Bir asr ilgari ekilgan urugʻ hamon unib chiqmasdan, yer bagʻrida yashirin yotib bizdan parvarish kutmoqda.
Qachon turkiy nom koʻtarganlar koʻpayadi, qachonki masalani jamiyatda ijobiy maʼnoda diskursga olib kirsak. Oʻzi qanaqa ismlar bizniki, Boltavoy va Teshavoydan boshqa, deb kuladiganlar hamon koʻp oramizda. Avvalo, bunaqalarga mana deb koʻrsatish uchun turkiy antroponimikani bir yerga jamlashga kerak. Ilk urinishlar bor. Ikki-uch yil ilgari Oyina.uz portalida Abduvohid Hayit, Ulugʻbek Hamdam yiqqan roʻyxat nashr etilgan edi.
Orzu qilamanki, tarixdagi barcha turkiy nomlar toʻplanib, shaxslari haqida qisqacha maʼlumot berilib, ensiklopedik manba yaratilsa. Kim farzandiga ism tanlamoqchi boʻlsa, kitobni varaqlab, saytni titkilab, izlaganini topsa. Roʻyxatdagi kishi otlarining ibratli ildizini koʻrsatsak, ota-onalarda ragʻbat uygʻonadi, bolalarga tarbiyaviy taʼsir qiladi. Ismlar oʻgʻil-qizlarimizni buyuk oʻtmishimiz bilan bogʻlab tursa...
Qanday ismlar koʻpayib borayotgani jamiyatda oʻsha madaniyat kuchayib borayotganini anglatadi. Oʻzbekistonda keyingi yillarda eʼlon qilingan statistik maʼlumotlarga bir koʻz tashlab qoʻying. Kishining kimligini, qanday muhitning mevasiligini nomi ham aytib turadi. Qolaversa, ism-familiyalarimiz orqali dunyoga oʻzligimizni tanitamiz. Shu maʼnoda bolalarimizga ot qoʻyish mafkuraviy masalaki, xalqning ong ostidagi tushunchalar hal etadi buni.
Keskin qarorlar qabul qilish, masalan, “ism tozalash” kampaniyasini boshlash tarafdori emasman. Oʻzbekning oʻzligi serqatlam, faqat shu qat-qavatlar orasida turkiylik siqilib qolmasin deyman. Bu nega kerak? Bir hovuch xayolparast ziyolilarning utopik orzulari roʻyobga chiqishi uchunmi? Yoʻq! Jahonning beqaror geosiyosiy maydonida oʻyin emas, oʻyinchi boʻlishdek real maqsadning mittigina murvati bu!..
…Toʻgʻri, biz bor-yoʻgʻi 60 ming emasmiz, lekin jon boshiga hisoblanganda ahvolimiz xakaslardan yaxshimi? Kamsonli xalqlarda oʻzlikdan uzoqlashish jarayoni ochiq koʻrinadi. Bizda esa yashirin, asta-sekin, lekin keng miqyosda kechadi. Xakaslar “yoʻqolib ketmaslik” haqida qaygʻuradi – oʻzbekning esa parvoyiga kelmaydi. Chunki koʻpmiz-da. Koʻpligimiz bizni hamisha ham himoya qilolmaydi. Madaniy barqarorlik son bilan emas, ong bilan oʻlchanadi. Qadimda nufusi moʻl, oʻzligi zaif boʻlgan xalqlarni bugun faqat tarix darsliklarida uchratish mumkin.
Men bolalarimga turkiy ism qoʻydimmi?
Har kim oʻziga oʻzi berishi shart shu savolni. Endi kech boʻlsa, nabiralarga ulgurasiz!
Farrux JABBORBEK
O‘xshash maqolalar: Attila, Dengiz, Yomg‘ir, Ko‘kalp – unutilayotgan o‘zbekcha ismlar
Tarix
Jarayon
Tarix
Til
Tarix
San’at
Jarayon
Tarix
Til
Vatandosh
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Din
Til
//
Izoh yo‘q