Nega ayrim eski turk bitiklari oʻqilmayapti?


Saqlash
12:03 / 03.03.2026 13 0

Koʻpincha “Oʻrxun – Enasoy bitiklari” deb yuritiladigan, aslida esa tarqalish koʻlamidan kelib chiqib, “Yevroosiyo turk bitiklari” deb atalishi kerak boʻlgan eski turkcha yozuvli yozma yodgorliklar salmogʻi yil sayin ortib bormoqda. Yenisey (Enasoy) va Oʻrxun irmoqlari qirgʻogʻidan topilgani uchun shunday atalgan yodgorliklar oʻtgan 100-yildan ortiq vaqt kesimida Talas va Fargʻona vodiylari, Sharqiy Turkiston, Volga – Ural boʻyi, Sirdaryoboʻyi, Kuban va Don irmoqlari qirgʻoqlari va yana oʻnlab oʻlkalardan topilgach, bu yozuvdagi topilmalarni Oʻrxun – Enasoy bitiklari deb atash birmuncha eskirdi. Toshga, qoyaga, teriga, qogʻozga, yogʻochga, metall va sopol buyumlarga yozilgan eski turk yozma yodgorliklarining soni bugungi kunda mingga yaqinlashib qoldi. 

 

Turon(Markaziy Osiyo) va unga kunchiqardan qoʻshni oʻlkalardan topilgan yozma yodgorliklarning koʻpi oʻqib chiqilib, allaqachon dunyoga tanitilgan boʻlsa-da, Volga(Uralboʻyi)dan Sharqiy Yevropagacha choʻzilgan kengliklardagi bitiklar haligacha egasini kutmoqda. Ulardagi soʻzlarni aniqlashga, atamalarni ochiqlashga intilgan tilchilarning qarashlarini esa koʻpchilik qoʻllab-quvvatlayotgani yoʻq. Izlanuvchilar biri ikkinchisiga toʻgʻri kelmaydigan ochiqlamalar berayotgani, chinlik – haqiqatdan uzoq koʻzqarashlarni ilgari surayotganlari uchun kunbotar oʻlkalardan chiqqan eski turk yozma yodgorliklari koʻpchilikka qorongʻu boʻlib qolmoqda [Щyerbak 1954: 269-282; Turchaninov 1971; Xabichev 1970: 64-69; Baychorov 1989; Mudrak 2010: 21-35; Nuriyeva 2009: 96-101; Babayar, Kubatin 2016 va b.lar]. Bir bugina emas, quyida koʻrib oʻtiladiganidek, kunchiqar oʻlkalardagi Kungay Yenisey (Enasoy) bitiklari, Talas tayoqchalaridagi yozuvlar, Fargʻona bitiklarining ayrimlari, Oʻrta Sirdaryo qirgʻoqlaridagi Chordara bitiklari haligacha oʻz sirini ochganicha yoʻq.

 

Quyida Don, Kuban va Kungay Yenisey yozuvlarini atoqli sibirlik turk tilbilimchisi Igor Kыzlasov solishtirib chiqqan chizalga (jadval)ni keltirib oʻtish orqali bu yozuvlarni tanishtirib oʻtamiz.

 

 

Koʻrinib turganidek, Don – Kuban irmoqlari qirgʻoqlaridan topilayotgan bitiklar oʻzaro yaqin oʻxshash harf belgilarini qamrab olgan. Boshqa tomondan esa ular Kungay Yenisey yozuvlari bilan ancha yaqinlikka ega. Har uchalasida ham toʻlaqonli oʻqib chiqilgan Oʻrxun – Enasoy yozuvlaridagi harf belgilaridan ajralib turadigan ayrim belgilar bor. Ulardan o‘rnaklar keltiramiz:  ,,, , , va boshqalar. Ushbu belgilarni qaysi tovush uchun qo‘llanilgani bo‘yicha izlanuvchilar turlicha ko‘zqarashlarni o‘rtaga tashlaganlar. O‘rnak keltirsak: - “z” (uzangi – narvon),   - “nt” (ant – ond),  - “sh” (eshik), - “k” (egik - egilgan), - “nch” (O‘rxun bitiklaridagi bo‘g‘inli harf belgisi - “nch”dan). Biroq bu solishtirishlar yetarlicha qoʻllovchilarini topmagan. Belgilarning har biri butunlay boshqa tovushlar uchun ishlatilgan boʻlishi ham mumkin.

 

Ayrim izlanuvchilar Sharqiy Yevropa bitiklarini turkiy emas, oʻzga til negizida oʻqishga uringan, bu boʻyicha oʻnlab izlanishlar olib borilgan. Kimlardir ularni Kavkazning turkiy boʻlmagan el-uluslari – osetin, cherkez, chechen kabi dogʻistonlik va ularga qoʻshni elatlar tilida oʻqishga uringan boʻlsa-da, biroq ularning birortasi ishonarli chiqmagan. Shuningdek, slavyan, nemis, fin-ugor tillarida oʻqishga intilishlar ham koʻngildagidek emas. Ushbu yozuvlarni turklar bilan bogʻlashdan qochadigan izlanuvchilarning koʻpchiligi “bitiklar nega turkiy ellar keng tarqalgan oʻlkalardan topilaveradi, qolaversa, Don, Kuban, Volga, Uralboʻyida eski chogʻlarda koʻproq turk el-uluslari yashagan-ku, yozuvli idishlar bilan birga chiqqan boshqa topilmalar koʻpincha turk ellariga tegishli boʻlib tursa-yu, nega ularni bu til negizida oʻqimaslik kerak?” degan savol-u soʻroqlarni oʻylab koʻrishmayapti.

 

Toʻgʻri, bu bitiklarni eski turkchada oʻqish ham kutilgan yechimni bermayotgani izlanuvchilarning ikkilanishiga sabab boʻlyapti. Biroq Sharqiy Yevropa bitiklarining tili uzoq kunbotardagi Oʻrxun – Enasoy bitiklari bilan yuzda-yuz bir tilda (dialektda) yozilmagan boʻlishi ham mumkin-ku! Ushbu bitiklarning tili eski turkchadan ancha ajralib turadigan bulgʻor, oʻgʻur (ogur), suvor, xazar kabi bugungi chuvash turklari ota-bobolari tilida yozilgan bitiklar boʻlsa-chi?! Boshqa tomondan esa Don – Kuban bitiklari Kungay Yenisey yozuvlari bilan oʻta yaqin kelishi, Sharqiy Yevropa yozuvining ildizi Ichki Osiyoda boʻlganini koʻrsatmaydimi? Biz bu yerda Sharqiy Yevropa bitiklarining barchasi bitta yozuv, bitta tilda boʻlgan demoqchi emasmiz, ular orasida bir-biriga oʻxshamaydigan oʻnlab harf belgilari uchraydigan topilmalar ham uchraydi. Ularning ancha-munchasi eski turkcha, yo boʻlmasa, uning yondosh tarmogʻi – oʻgʻur-bulgʻorchadan butunlay boshqa tilda yozilgan-u, shuning uchun biz ularni anglay olmayotgandirmiz?

 

Sharqiy Yevropa – Volga – Ural, Kuban – Don bitiklarining oʻqilmasdan qolishi negizida VII – X yuzyilliklar oraligʻida Volga va Qora dengiz qirgʻoqlari oraligʻidagi oʻlkalarni boshqargan Xazar xoqonligi va Bulgʻor xonliklariga tegishli deb qaralayotgan topilmalardagi yozuvning Oʻrxun – Enasoy yozuvlaridan ancha farqli harf belgilariga ega ekanidir. Quyida koʻrib oʻtiladiganidek, Tunyuquq, Kul-tegin, Bilga xoqon bitiktoshlarida qoʻllanilgan 40 ga yaqin harf belgisi Enasoy bitiklarida ham deyarli oʻzgarishsiz ishlatilgan boʻlsa, Sharqiy Turkiston, Yettisuv, Fargʻona bitiklari ham ular bilan yalpi oʻxshashlikka ega. Quyida esa Don, Kuban, Yenisey, Oʻrxun va Talas yozuvlarini ham Igor Kizlasov solishtirib chiqqan chizalga (jadval) oʻrnagida koʻrib chiqamiz [D – Don, K – Kuban, Ye – Yenisey, O – Oʻrxun, T – Talas. qar. Kizlasov 1994: 40-41]:

 

 

 

Koʻrinib turganidek, Kungay Yenisey, Don, Kuban harf belgilarining deyarli 80% i oʻxshash boʻlib, yarmiga yaqini Enasoy, Oʻrxun irmoqlari va ularga qoʻshni oʻlkalardan topilgan yozuvlar bilan oʻta yaqin keladi. Bu esa ularning barchasi bitta ildizga ega boʻlib, oradan bir necha yuzyilliklar oʻtishi, yashaydigan oʻlkalarning ancha uzoqdaligi uchun yangi-yangi harf belgilar qoʻshilgani bilan ochiqlansa kerak. Boshqa tomondan esa Don – Kuban va unga yaqin yerlardagi bitiklar (Volga, Ural, Qora dengiz boʻylari, Vengriya), shuningdek, Turon – Markaziy Osiyodagi Oʻrta Sirdaryo, Fargʻona (ayrimlari), Kungay Yenisey yozuvlarini turkcha boʻlmagan tillar – fin-ugor, sharqiy eron tillari negizida oʻqib koʻrishga ham ochiqmiz. Biroq Oʻrxun – Enasoy yozuvlarining yon tarmogʻi, “oraliq yozuv” deb atasa boʻladigan bunday yozuvlar Moʻgʻuliston, Oltoy tomonlardan ham topilayotgani kishini baribir ularni oʻqishda eski turkchaga, yo boʻlmasa, unga yondosh tarmoq tillar negizida oʻqishga chorlayveradi, kelajakda bu chigallik oʻz yechimini topib qolar.

 

Quyidagi Kungay Sibir – Sharqiy Yevropa bitiklaridan ayrimlarini oʻqib chiqishga urinib koʻramiz. Kuban irmogʻi qirgʻogʻidagi eski shahar qoldiqlaridan birida – Jitkov deb ataladigan yerdan topilgani uchun “K 12 – Jitkov” bitigi deb yuritiladigan topilmadagi yozuvni Andrey Kubatin (marhum) bilan quyidagicha oʻqigan edik:

 

 

Wčs1r1 (ili Wčs1A) y1y1ŋ Ws1p ŋ mW mI : y1y1 : oqŋ mW – učs(a)r y(a)y(ї)ŋ os(ї)p / oz(ї)p (e)ŋ mu mi? : y(a)y : oq(ї)ŋ mu? – “uchsa (sening) yoying oʻzib, eng (tez) ..., yoy, oʻqing-mu?”.

 

Yalpi uzunligi 7,3 sm boʻlgan suyakdan yasalgan ushbu oʻq uchi — boshoqda 23 ta harf belgisi boʻlib, ular Oʻrxun – Enasoy yozuvlari bilan Don – Kuban – Kungay Yenisey yozuvlari orasidagi “oraliq yozuv”da yozilgani anglashiladi. Topilmaning VIII yuzyillikda yozilgani, eski turklar yashagan oʻlkada yer yuziga chiqarilgani, yoy (kamon) uchi ekani bizning bu yondashuvimizni qoʻllab-quvvatlaydi, biroq bu qarashni yanada kuchaytirish uchun bitikni toʻliq oʻqib chiqish kerak boʻladi [Babayarov 2024: 19].

 

Yana bir topilma Don irmogʻi qirgʻogʻidagi eski aholi yerlashuvidan topilgan sopoldan yasalgan suv idish sirtiga yozilgan boʻlib, undagi bitiklarni Igor Kыzlasov chizmasiga tayanib, quyidagicha oʻqidik [Kizlasov 1994: 248]:

 

ličt2y1W : mWičt2y1W : k2l2čs1r1 (a)l iç t(i)yü mu˂n˃ iç t(i)yü (ö)k(ü)l içs(a)r – osh ich deya, mun (shoʻrva) ich deya, koʻp ichishsa!”

 

1896-yilda Salsk – Shedrin yoʻnalishidagi temir yoʻl qurilishi chogʻida topilib, bugungi kunda Novocherkask muzeyida saqlanayotgan va VIII – X yuzyilliklarga tegishli deb qaralayotgan ushbu bitik 18 ta harf belgisiga ega. Turlicha oʻqishlar bildirilishiga qaramay, bitik yetarlicha ochiqlamasini topmagan edi. Bizning koʻplab bitiklar bilan solishtirishimiz soʻnggida Don bitigining ham Oʻrxun – Enasoy bitiklari bilan Don – Kuban – Kungay Yenisey yozuvlari orasidagi oraliq yozuv ekani aniqlandi. Biroq bu bitikning tili eski turkchaning yondoshi – oʻgʻur-bulgʻorcha ekani koʻzga tashlanadi. Buni ushbu tarmoqdagi l ~ sh tovush almashinuvi koʻrsatib turibdi. Bilamizki, Oʻrxun – Enasoy yozuvlari tili boʻlmish eski turkchadagi soʻz oʻrtasi va soʻz soʻngidagi “sh” undoshi “l” deb aytilgan (lambdaizm). Shunga koʻra bitikda “al – ash (osh, yemak); “oʻkul – oʻkush (koʻp, ancha)” oʻlaroq yozilgan kuzatiladi. Bitikdagi “mun” (mun) coʻzi eski turkchadagi “mun [mün] – shoʻrva” soʻzining bulgʻorcha koʻrinishi, chamasi. Mahmud Koshgʻariyning “Devonu lugʻatit turk”ida (XI yuzyillik) bu soʻz “mun [mün] — shoʻrva, uvralik shoʻrva” deb keltirilgan [Koshgʻariy 1960: 327]. Don bitigidagi “oʻkul” soʻzi esa “Devonu lugʻatit turk”da “oʻkul [ökül] – koʻp” deb ochiqlanishi bilan birga, “oʻkil [ökil] – koʻp “qipchoqcha” deb keltirib oʻtiladi [Koshgʻariy 1960: 93, 103]. Bu esa bulgʻorlar bilan qoʻshni yashagan qipchoqchada oʻsha kezlarda “koʻp” soʻzi bulgʻorchaga yaqin aytilganini koʻrsatadi.

 

Eng qiziq topilmalardan biri bu – yaqin yillarda Firat (Evfrat) irmogʻining oʻrta oqimi oʻng qirgʻogʻidagi eski Sura shahar qoldigʻidan topilgan tosh ustun sirtidagi bitikdir. Igor Kыzlasov va yana bir necha izlanuvchilar tomonidan oʻrganilib, turlicha oʻqishlar va ochiqlamalar berilgan Sura bitigidagi harf belgilari Don – Kuban – Kungay Yenisey yozuvidagi belgilar bilan oʻta yaqin oʻxshashlikka ega. Kыzlasov ushbu yozuvlarni quyida koʻriladiganiday Kungay Sibir (Yu) va Sura bitigi (S) oʻrnagida oʻzaro solishtirib, ilk oʻrta asrlarga tegishli bu topilma Kungay Sibir tegralaridan borgan kishilar tomonidan yozilgan degan toʻxtamga kelgan [Kыzlasov 2018: 193-199, 205].

 

 

Bizning oʻqishimiz: ŋk2 : poqr1ičk2 : k2 l1r1 n1mI : aWm

(e)ŋ (ö)k(ü)nč : (e)p oq(u)r ičik : (e)k (a)l(ї)r (a)n(u)mї : anč(a) um

 “Eng oʻkinch! Qattiq oʻqur (chaqirur / chorlar) (Tangri), ichik (boʻysun!) (Boʻlmasa) kuchayar anumi (moxov kasalligi). Shuningdek, um (oshqozon kasalligi)!”

 

Koʻrinishidan bu yerda inonch tizimiga (moniylik, yo boʻlmasa, xristianlikka) sigʻingan markaziy osiyolik – kungay sibirlik turkiy kishi borgan yeridagi topinoq (ibodatxona) ustuniga ushbu oʻgitli soʻzlarni yozib, kishilarning yomon qiliqlarni tashlab, sogʻliklarini oʻylashga urgʻu bergan. Eski turkchada “oʻkunch” soʻzi “oʻkinch, pushaymonlik” anglamida kelib, bu soʻz “Devonu lugʻatit turk”da ham shu anglam – maʼnoda kelsa, “oʻqimoq” feʼli negizidagi “oʻqur” soʻzi bugungidan boshqacharoq anglamda – “chaqirmoq, chorlamoq” oʻrnida qoʻllanilgan, “ichik” soʻzi boʻlsa Oʻrxun bitiktoshlarida boʻlgani kabi Mahmud Koshgʻariy tomonidan “oʻz istagi bilan boʻysunish, taslim boʻlish, yogʻiy (dushman) tomonga oʻtish” deb ochiqlangan [Koshgʻariy 1960: 152, 200; Koshgʻariy 1963, III: 270]. “Oʻqur” soʻzining oldidagi “ep” soʻzi eski turkchada ayrim soʻzlar oldida kelib, uni kuchaytirishda qoʻllanilgani “Devonu lugʻatit turk”dagi “ep – kuchaytiruv yuklamasi: ep ezgu näӊjuda yaxshi narsa” oʻrnagida oʻz koʻrinishini topgan [Koshgʻariy 1960: 70].

 

Sura bitigidagi keyingi soʻzlarni “ek alïr – qoʻshimcha olur, koʻpayadi” anumi (ola / moxov), yo boʻlmasa, um (oshqozon kasalligi) deb ochiqlar ekanmiz, “ek” soʻzi Onadoʻli turkchasida “qoʻshimcha” anglamida ishlatilishi, qolgan soʻzlar esa “Devonu lugʻatit turk”da uchrashini aytib oʻtish kerak boʻladi. Mahmud Koshgʻariy “anumï – moxov kasalligi”, “um – meʼda buzuqligi” deb keltiradi [Koshgʻariy 1960: 83, 155].

 

Bu yerda turli inonch tizimlari tarqalgan yurt – Yaqin Sharq oʻlkalariga borgan turkiylar vakilining yerli turgʻunlar orasida aytiladigan biror oʻgit soʻzni oʻz tiliga oʻgirib, ulgi – oʻrnak boʻlsin, deya tosh ustunga yozgan boʻlsa kerak, deb ochiqlash mumkin. Uning tili eski turkchaning Oʻrxun – Enasoy bitiktoshlarida qoʻllanilgan til bilan birday ekani Sura bitigidagi soʻzlar oʻrnagida koʻrinib turibdi.

 

Qisqasi, bugungacha oʻqilmay kelayotgan eski turk bitiklaridan ayrimlari boʻyicha bizning koʻzqarashlarimiz shunday. Ularni boshqacharoq oʻqishga urinib koʻradigan izlanuvchilar topiladi va bu yozuvlar boʻyicha izlanishlar yanada oshishiga olib keladi, deb oʻylaymiz.

 

Gʻaybulla BOBOYOR,

tarix fanlari doktori, professor

 

Qoʻllanilgan adabiyotlar

Babayarov G. Vostochno-yevropeyskiye runicheskiye nadpisi i problemi ix rasshifrovki // Slavyano-tyurkskiy mir: istoriya i sovremennost: Materialы Vserossiyskoy nauchno-prakticheskoy konferensii s mejdunarodnim uchastiyem (g. Cheboksarы, 24 – 26-iyunya 2024 g. / sost. i otv. red.: D.V. Yegorov, E.Ye. Lebedov, I.I. Boyko. – Cheboksari: CHGIGN, 2024. – S. 18-26.

Babayar G., Kubatin A. Moneti Severnogo Kavkaza s drevnetyurkskimi nadpisyami / G.Babayar, A.Kubatin. – Astana: “Gʻilim” baspasi, 2016.

Baychorov S.Ya. Drevnetyurkskiye runicheskiye pamyatniki Yevropi. – Stavropol, 1989.

Kizlasov I.L. Runicheskiye pismennosti yevraziyskix stepey. M.: Vost.lit., 1994.

Kizlasov I.L. Tyurkskaya runicheskaya nadpis na Yevfrate. Yujnosibirskiy sposob proverki religioznix istin // Descrierea CIP a Bibliotecii Naţionale a României Studia mediaevalia Europaea et orientalia : miscellanea in honorem professoris emeriti Victor Spinei oblata / ediderunt: George Bilavschi, Dan Aparaschivei. — Bucureşti : Editura Academiei Române, 2018. – S. 193-205.

Mahmud Koshgʻariy. Turkiy soʻzlar devoni (Devonu-lugʻatit-turk). 1‑tom. – Toshkent: Fan, 1960.

Mahmud Koshgʻariy. Turkiy soʻzlar devoni (Devonu-lugʻatit-turk). 3‑ tom. – Toshkent: Fan, 1963.

Mudrak O.A. Tyurkskaya nadpis na Batenevskom altare // Voprosi Tyurkologii, № 1. – Moskva, 2010. – S. 21-35.

Nuriyeva F.Sh. Opit issledovaniya povoljskix runicheskix nadpisey // Nauchniy Tatarstan, 4, 2009. – Kazan, 2009. — S. 96-101.

Turchaninov G.F. Pamyatniki pisma i yazika narodov Kavkaza i Vostochnoy Yevropi. – L.: Nauka, 1971.

Xabichev M.A. O drevnetyurkskix runicheskix nadpisyax v alanskix katakomkbax // Sovetskaya tyurkologiya, № 2. – Baku, 1970. – C. 64-69.

Shyerbak A.M. Neskolko slov o priyemax chteniya runicheskix nadpisey, naydennix na Donu // Sovetskaya arxeologiya, XIX. – Moskva, 1954. – C. 269-282.

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//