Ular qanday yashagan? Turkiyadagi muhojir turkistonliklarning oʻzlik yoʻli


Saqlash
14:31 / 27.02.2026 12 0

Turkiston mintaqasidagi Rossiya imperiyasi va sovet hukumatining mustamlakachilik siyosati aholining boshiga ne-ne falokatlarni yogʻdirdi. Koʻplab insonlar mustamlakachilik siyosatining qurboni boʻldi. Yana bir qancha insonlar taʼqib va zoʻravonliklar oqibatida oʻz yurtini tashlab muhojirlikni tanlashga majbur boʻldi. Turkistonliklarning bu ravishdagi koʻchishiga bir necha sabablar bor edi: Oʻlim xavfining ortishi, istiqlolchilikka qarshi kurash, oziq-ovqatning majburan tortib olinishi, xususiy savdoni taqiqlash, aholining urf-odat, anʼanalariga mensimay qarash, dinga qarshi kurash, kollektivlashtirish va mulkdorlarni quloq qilish siyosati natijasida koʻplab turkistonliklar oʻzga yurtlarga chiqib ketishga majbur qolishgandi. 

 

Manbalarda aks etgan maʼlumotlar va xotiralarga tayanib, turkistonlik muhojirlarning oʻlkani tark etish yoʻli Qoshqar, Shimoliy Afgʻoniston, Eron, Ozarboyjon orqali amalga oshganini koʻrish mumkin. Ularning bir qanchasi Turkiyaga borishgan va umri yakuniga qadar yashab qolishgan. Ular garchand yurtidan olisda boʻlsalar-da, ona vatan tili, madaniyati, urf odatlari va marosimlarini saqlagan holda yashaydi. Turkiston haqidagi yangiliklardan voqif boʻlish uchun oʻzbek tilidagi gazeta va jurnallar nashr etishadi. Turkiyada jadid oydinlaridan boʻlmish Usmon Xoʻja muharrirligida nashr etilgan “Yangi Turkiston” (1927–1932), Berlin va Parijda chiqarilgan Mustafo Choʻqay rahbarligidagi “Yosh Turkiston” (1929-1939) majmualari shular jumlasidan. Bu jurnallarda Turkiya va Germaniyada oʻqib oʻsha oʻlkalarda qolishga majbur boʻlgan talabalar, ziyolilar Turkistonning ijtimoiy, iqtisodiy, madaniy, siyosiy faoliyatiga doir maqolalari bilan ishtirok etdi.

 

Muhojirlikdagi turkistonliklar bir-birlariga koʻmak berish hamda turli ijtimoiy, iqtisodiy, madaniy maqsadlarda uyushib harakat qilish uchun maʼrifiy jamiyatlar tuzadi. 1927-yilning 29-iyulda Istanbulda tuzilgan “Turkiston turk yoshlari birligi” (“Türkistan Türk Gençlik Birliği”) nomli uyushma ulardan biri edi. Uyushma nizomnomasining 2-moddasida: “Birlikning maqsadi va gʻoyasi – Turkiston turk yoshlarining milliy harat ahbor bilan yuksalishini va bilim ila qurollanmasini, uyushma aʼzosi orasinda koʻmakga muhtoj bulgonlarga moddiy va maʼnaviy yordamda berish taʼminidan iboratdir”, deb koʻrsatilgan (1).

 

“Turkiston turk yoshlari birligi” uyushmasi faoliyati jarayonida “Turkiston kuni”, “Turon kechasi”, “Sharq kechasi” nomi ostida bir qancha tadbirlar, sayillar tashkil etdi. Muhojirlikda boʻlsa-da, Vatan sogʻinchi bilan uning urf-odatlari va anʼanalarini oʻzida ifoda etgan kechalarda ishtirokchilar Turkiston muhitini yaratishga harakat qildi.

 

Turkiston turk yoshlari birligining 1933-yildagi “Sharq kechasi”

 

“Turkiston kuni” kechalari uchun tayyorlangan zal devorlari buyuk ajdodlarimiz – Ibn Sino, Alisher Navoiy, Amir Temur, Zahiriddin Muhammad Bobur, Mahmudxoʻja Behbudiy, Munavvar qori Abdurashidxon oʻgʻli kabilarning suratlari bilan bezatilgan. Turkiston xaritasi hamda Turkistonga oid suratlar bilan bezatilgan katta zal oʻlkani eslatuvchi turli ashyolar, liboslar va mehmondorchiliklari bilan bir muddat boʻlsa-da hurlikdagi yurtni eslash imkonini bergan (2).

 

Turkiston xaritasi

 

Tadbirlarda nafaqat Turkiyaning turli shaharlarida yashovchi, shu bilan birga, Berlin, Parij, Arabiston va Hindistondan kelgan turkistonliklar ham ishtirok etgan. Hattoki kechada Kavkaz, ozorboyjon, turk, tatar va boshqa xalqlardan ham mehmonlar tashrif buyurgan.

 

Har bir tadbirdagi jarayonlarda milliylik, oʻzbeklarga xos odat va anʼanalarga katta eʼtibor berilgan. Ularda dastlab yoshi ulugʻlar va mehmonlarni soʻzga chorlash, choy tashkil etib, mehmondorchilik qilish hamda xursandchilik bazmi (musomara) uyushtirilgan. Turkistonliklar odati boʻyicha tadbirni yoshi ulugʻlar ochib bergan. Xususan, 1930-yil 10-avgustda uyushmaning 4 yoshga toʻlishi munosabati bilan Istanbulda tashkil etilgan kecha Usmon Xoʻjaning soʻzga chiqishi bilan boshlangan. U maʼruzasida oʻtmishga nazar tashlash va oʻz yurtimiz tarixini yaxshi anglash, undan ibrat olish lozimligi xususida fikrlarini bildirgan(3).

 

“Turkiston kuni” tadbirlaridan birida Istanbulda taʼlim olgan turkistonlik yosh – Solih Ismoilbek esa “Bizning bir xususiyatimiz bor. Biz yolgʻiz jahongir Temurlarning emas, ilm dunyosining har doim yod etdigi, tabobatda hola dasturlari joriy boʻlgʻon buyuk olim va faylasuf Ibn Sinoning oʻgʻullarimiz. Ilk dafa oʻlaroq turk tilining boyligʻini isbot qilib turk tili inqilobini ochqon Navoiyning oʻgʻullarimiz. Turkistonda chor qamchisi va qobo chizmasi ostida bizga matbuot, yangi maktab ochishda buyuk bir azm va iroda koʻrsatgan Munavvarqorilarning oʻgʻullarimiz. Milionlarini Turkiston turk harsi yoʻlida sarf qilgʻon, jaholat ila boʻgʻushqon va nihoyat johillarning qurboni boʻlgʻon Behbudiylarning oʻgʻillarimiz”(4), deya taʼkidlab oʻtadi.

 

Turkistonliklar tadbirlarda milliy kiyimlarda boʻlishga harakat qilishgan: yigitlar doʻppi, etik, yaktak, chakmon kiygan boʻlsa, qizlar boshida doʻppi bilan atlas va adrasdan tikilgan liboslarda qatnashgan. Kechada ishtirok etuvchilarga milliy kiyim yetmay qolgan paytlarda, hech boʻlmasa boshlarida doʻppi, koʻksida Turkiston bayrogʻi tasmasini ilgan holda ishtirok etishga harakat qilgan(5).

 

Uskudardagi “Turkiston turk yoshlari birligi”ning tadbirida milliy kuy-raqs 1933-yil.

 

Kechalarning mehmondorchilik qismi tanbur, dutor, tor, nay kabi milliy musiqa asboblarida chalingan qoʻshiqlar sadosi ostida oʻtgan, oʻzbek milliy yemaklari tayyorlashga harakat qilingan. Manbalarda yozilishicha, aksariyat kechalarda mehmonlarga palov, qovurma, halvoyitar tortilgan (6).

Ushbu kechalar muhojirlikdagi turkistonliklarni bir-birlari bilan tanishtirish, hamjihat boʻlishga chorlash maqsadida tashkil qilingan. Shuningdek, muhojirlikda tugʻilib, voyaga yetayotgan yoshlarga Turkiston haqida maʼlumotlar berib, vatan mafkurasini anglatishga qaratilgan edi.

 

Turkiston kechalarining asosiy qismida sheʼr, ashulalar, teatr tomoshalari va laparlar ijro etilgan. “Oʻrtoqlar”, “Oʻynang yor”, “Valo-valo toʻram”, “Ana shunda bir gap bor”, “Uyoniga tashlab oʻynasun”, “Fabriqa yoʻlinda”, “Suv boʻyida oʻtirgʻon yigit” kabi ashulalar yakkaxon va guruh holida ijro etilib, hattoki ishtirokchilar ham bu qoʻshiqlarga joʻr boʻlgan. Ayrim qoʻshiqlar avvaldan mavjud qishloq xoʻjaligi va xalq hunarmandchiligi anʼanalari bilan bogʻliq boʻlib, ulardan biri “Paxta” qoʻshigʻidir. Ashulada yerni haydash, chigit ekish, joʻyak olishdan tortib paxtaning kiyim-kechak boʻlishiga qadar boshidan oʻtgan butun jarayon raqs orqali ijro etilgan. “Yor-yor kelin tushdi” ashulasi ham Turkistonning milliy toʻy marosimlarini aks ettirgan holda qizlar tomonidan kuylangan. Katta olov yoqilib, kelin toʻyda boʻlgani kabi gulxan atrofida aylanib, “Yor-yor” aytib oʻynalgan.

 

Bunday tadbirlarning koʻplab tashkil etilishi hukumatning ham eʼtiborini tortgan. Ular oʻzlarining milliy chiqishlari bilan bir qator kechalarda ishtirok etgan. “Yosh Turkiston” gazetasining 42-sonidagi maqolada “... Bundan keyin “Birlik” bir koʻb yerlarga choqirilmoqdadir. Masalan 20 nisonda Istanbul teatrisi (Dor al Badoyi) salonida “Turk milliy talaba birligi” tomonidan Istanbulga kelgan roman va yunon talabalari sharafiga bir “Turk talaba kechasi” tartib qilindi. Biz unga yuqorining orzusi ila choqirildiq. Ketdik. Muvofaqiyat qozondiq. Yana 2 nchi mayda (moys) “Malik Sinamas” salonida berilaturgʻon musomara uchun Istanbul volisidan ruxsat soʻragʻonlarida “Turkiston turk ganchilar birligi” ningda qushulishini volibek istaganlar”(9), deya yozilgan maʼlumot yuqoridagi fikrni tasdiqlaydi.

 

Bahor va yoz fasllarida turkistonliklar kecha va sayllarini Turkiyaning Adana shahrida koʻproq nishonlaganlar. Chunki ushbu hudud Turkiston tabiatiga yaqinligi bilan muhojirlikdagi turkistonliklarga maʼqul boʻlgan. Ochiq dala va vodiylikda tashkil etilgan sayllarda oʻyin-kulgi va tomoshalar bilan birga “Turkiston milliy kurashi”i ham uyushtirilgan. Unda koʻplab turkistonlik yosh-u qari kurash tushgan (10). Kurash musobaqasiga qiziqish kuchliligini avvaldan sezgan tashkilotchilar, uni tartibli oʻtishi uchun alohida nazoratchilik guruhlarini tayin etgan holda tashkillashtirgan.

 

Adanadagi Turkiston Milliy kurashi 1934-yil

 

Oʻz vatanidagi siyosiy vaziyatning qaltisligi bois ilojsizlikdan oʻzga yurtda yashashga majbur boʻlgan turkistonliklar ona yurt kelajagini oʻylab, uning ozod boʻlishiga ishonib yashaydi. Shuning uchun oʻzaro birlashib, bir-birlariga koʻmak berib, ahillikda yashashadi. Ularning bunday kechalarni tashkil etishlari bir kun, albatta, Turkistonning ozod boʻlishi va yurtlariga qaytib sodiqlik bilan unga xizmat qilish umidida boʻlganliklarini bildiradi.

 

Abduvali YO‘LDASHYEV,

Tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori

 

Manbalar:

1.     Yosh Turkiston. Turkiston turk ganjilari (6 nchi dunumi munosabati ila) // “Yosh Turkiston” jurnali. 1933 yil. 45-son. 6-8-betlar.

2.     Duqtur Eltar. Birlikning 6 nchi yil // “Yosh Turkiston” jurnali. 1933 yil. 46-son. 23-bet.

3.     Eltar. Istanbulda Turkiston kuni // “Yosh Turkiston” jurnali. 1930 yil. 12-son. 33-bet.

4.     Duqtur Eltar. Birlikning 6 nchi yil // “Yosh Turkiston” jurnali. 1933 yil. 46-son. 24-bet.

5.     Duqtur Eltar. Istanbulda birinchi topqir yosolgʻon “Turkiston kechasi” // “Yosh Turkiston” jurnali. 1933 yil. 42-son 28-29-betlar.

6.     Duqtur Eltar. Istanbulda turkistonliklarning bir jamoasi // “Yosh Turkiston” jurnali. 1933 yil, 43-son. 22-bet.

7.     Duqtur Eltar. Istanbulda Turkiston kuni // “Yosh Turkiston” jurnali. 1932 yil. 36-son. 26-33-betlar.

8.     Non yemas oʻgʻlu. Otnodagi Turkistonlilarning koʻzgusining aklinjasi // “Yosh Turkiston” jurnali. 1934 yil. 51-son. 38-bet.

9.     Duqtur Eltar. Istanbulda birinchi topqir yosolgʻon “Turkiston kechasi” // “Yosh Turkiston” jurnali. 1933 yil. 42-son. 31-32-betlar.

10. Non yemas oʻgʻlu. Otanadagi Turkistonlilarning koʻzgusining aklinjasi // “Yosh Turkiston” jurnali. 1934 yil. 51-son. 39-bet.

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//