“Turkiylar ilm-fanga layoqatsiz” daʼvosi qanday paydo boʻlgan?


Saqlash
17:38 / 27.02.2026 22 0

XIX asr… Yevropaning ayrim ilmiy doiralarida gʻoyat xavfli va kibrli bir daʼvo paydo boʻldi: “Turklar ilm-fanga layoqatsiz”. Bu fikr oddiy ilmiy xulosa emas, balki mustamlakachilik mafkurasining nazariy asoslaridan biri edi. Goʻyoki sivilizatsiyadan orqada qolish – tabiiy qobiliyatsizlik natijasi, goʻyoki ilmiy taraqqiyot – faqat ayrim xalqlarga xos imtiyoz, degan maʼno bor edi bu iddaoda.

 

Tarix sahifalarini varaqlasak, turkiy xalqlar faqat jang maydonlarida emas, balki ilm va tafakkur maydonida ham faol boʻlganiga guvoh boʻlamiz. Al-Xorazmiy algebra asoslarini yaratdi, Ahmad al-Fargʻoniy astronomiya ilmini rivojlantirdi, Abu Rayhon Beruniy ilmiy kuzatuv va tajriba metodini atroflicha yoritib berdi, Ibn Sino tibbiyot va falsafada butun insoniyat tafakkuriga ulkan taʼsir koʻrsatdi, Mirzo Ulugʻbek esa rasadxona va aniq hisob-kitoblar orqali butun boshli Samarqand ilmiy maktabini vujudga keltirdi. Agar bir xalq bagʻridan shuncha olimlar yetishib chiqqan boʻlsa, bu olimlar mansub boʻlgan millatni ilm-fanga layoqatsizlikda ayblash qanchalik toʻgʻri? Bu daʼvoda qanchalik jon bor? Oʻzi umuman “Turkiylar – ilm-fanga layoqatsiz”, degan soxta va absurd qarashning tub ildizlari bizni qayerga olib boradi? Quyida shu haqida fikr yuritamiz.

 

Alohida qayd etish lozimki, XIX asrga kelib Yevropa ilmiy muhitida shakllangan klassik oriyentalizm doirasida Sharq, xususan, musulmonlar, jumladan, turkiy etnoslar asosan koʻchmanchi, harbiy-siyosiy faoliyatga moyil, biroq, nazariy tafakkur va ilmiy ijodga kamroq qiziqadigan xalqlar sifatida tasvirlana boshladi. Bu oriyentalizm namoyondalari ichida Ernest Renan, Artur Gobinau, Gustav Lebon, Hyuston Chemberlen va boshqa shu kabi koʻplab olimlarning borligiga guvoh boʻlamiz. Xususan, XIX asr fransuz faylasufi va sharqshunosi Ernest Renan Sharq xalqlarining, jumladan, turkiylarning intellektual salohiyati borasida keskin va bahsli qarashlarni ilgari surgan olimlardan biridir. U “Ilm-fanning kelajagi” asarida musulmonlarni, xususan, turkiylarni “falsafiy tafakkurga kamroq moyillik”da ayblagan. Shuningdek, fransuz diplomati va yozuvchi Artur Gobinau (1816-1882) 1853-1855 yillarda yozilgan toʻrt jilddan iborat “Inson irqlarining teng emasligi haqida tajriba” asarida turkiy xalqlarni tarixiy-ijodiy jihatdan ikkinchi darajali xalqlar sifatida belgilab, ularni koʻproq harbiy yoki maʼmuriy qobiliyatga ega, biroq mustaqil yuqori darajadagi sivilizatsiya yaratishga qodir boʻlmagan millat, deb hisoblagan.

 

Hyuston Chemberlenning (1855-1927) bu boradagi qarashlarini asosan “XIX asr asoslari” asarida bayon qilgan boʻlib, kitob XIX asr oxiridagi irqiy-deterministik tarix falsafasining eng muhim asarlaridan biri hisoblanadi. Chemberlen tarixiy taraqqiyotni iqtisodiy, siyosiy yoki ijtimoiy omillar bilan emas, balki biologik-irqiy omil bilan bogʻlaydi. Uning fikricha, insoniyat tarixi bu – irqlar oʻrtasidagi ruhiy va biologik kurash tarixidir. Har bir irq oʻziga xos psixologik, maʼnaviy va ijodiy salohiyatga ega boʻlib, sivilizatsiya yaratish qobiliyati ham aynan shu tabiiy xususiyatlarga bogʻliq hisoblanadi. Chemberlen oʻz izlanishlari asosida “Oriy” tushunchasini tilshunoslikdagi hind-yevropa kategoriyasidan olib, uni biologik va madaniy ustunlik mezoniga aylantirdi. Uning yozishicha “Oriy irq, ayniqsa, german xalqlari, Yevropa sivilizatsiyasining haqiqiy yaratuvchilaridir. Ilm-fan, texnika, siyosiy institutlar va yuksak madaniyat german-oriy ruhining mahsuli hisoblanadi. Nemis xalqi esa bu tarixiy missiyani amalga oshirishda eng haqli millatdir”. Shu tariqa Chemberlen Yevropa taraqqiyotini deyarli toʻliq nemis millati bilan bogʻlaydi.

 

Chemberlen insoniyatni madaniy-ijodiy salohiyatiga koʻra iyerarxik tarzda tabaqalashtirdi. Uning konsepsiyasida nemis-oriy millati faol va kashfiyotchilik qobiliyatiga ega subyekt sifatida koʻrsatildi, boshqa xalqlar esa ikkilamchi yoki passiv tarixiy rolga ega deb baholandi. Jumladan, u turklarni koʻproq harbiy-intizomiy yoki siyosiy tashkilotchilik xususiyatlariga ega ekanligini qayd etarkan, biroq mustaqil va yuksak sivilizatsiya yaratishga qobiliyatsiz millat, deb eʼlon qildi.

 

Chemberlen kelib chiqishiga koʻra ingliz millatiga mansub boʻlsa-da, Germaniyada yashashi davomida nemis millatchiligi tarafdoriga aylangan. Shu boisdan keyinchalik hokimiyat tepasiga kelib fashizm deb atalmish ogʻu bilan butun boshli nemis millatini zaharlab millionlab insonlarni qurbon boʻlishiga sababchi boʻlgan Adolf Gitler ham Chemberlenning asarlarini sevib oʻqigan va undan ilhomlangan. Garchi koʻpchilik dunyo tadqiqotchilari turkiylarni ilm-fanga layoqatsizlikda ayblashni XIX asr bilan bogʻlashsa-da, biroq aslida bu iddaoning tarixi ancha qadimga borib taqalashiga guvoh boʻldik.

 

Maqolani yozish jarayonida mavzu yuzasidan adabiyotlar ustida izlanar ekanmiz, bir manbaga koʻzimiz tushdi. Bu asarning nomi “Kitabut-taʼrif bi tabaqotul-umam” (“Xalqlarning tabaqalari haqida tanishtiruv kitobi”) boʻlib, uning muallif Said Andalusiydir. Andalusning turli hududlariga qilgan safarlari davomida uchrashgan olimlari haqida qimmatli maʼlumotlar yozib qoldirgan Said Andalusiy umrining oxirlarida Tulaytula qozisi etib tayinlanadi. Shu sababli u koʻpincha manbalarda “Qozi Said” nomi bilan tilga olingan.

 

Said Andalusiyning bizgacha yetib kelgan yagona va mashhur asari “Kitabut-taʼrif bi tabaqotul-umam” boʻlib, qisqacha “Tabaqotul-umam” nomi bilan shuhrat qozongan. Muallif uni vafotidan ikki yil avval yozgan. Asar toʻrt bob va oʻn fasldan iborat boʻlib, unda inson jamoalari irq, til, din, madaniyat va ilmiy taraqqiyotga qoʻshgan hissasi nuqtai nazaridan ikki guruhga: “Ilm bilan bilan shugʻullangan” va “Ilm bilan shugʻullanmagan” millatlarga ajratilgan.

 

Muallif asarning kirish qismida quyidagilarni yozadi: “Qozi Abul-Qosim Said ibn Ahmad ibn Said shunday deydi: Bilgilki, yer yuzining sharqida, gʻarbida, janubida, shimolida yashovchi insonlar bir turga mansub boʻlishlariga qaramay [yaʼni inson turiga] axloq, shakl [tashqi koʻrinish], rang va til borasida bir-birlaridan farq qiladilar”.

 

Shundan soʻng muallif, xalqlarning millat sifatida shakllanishidagi eng asosiy omil – til birligi boʻlganini, boshqa omillar esa shu asosga tayanishini urgʻulaydi. Uning taʼkidlashicha, qadimgi davrlarda yer yuzida yettita asosiy millat yashagan boʻlib, bular kaldoniylar (bobil ahli), yunonlar, misrliklar (qibtiylar), turklar, forslar, hindlar va xitoyliklardir. Ularning barchasi butparast boʻlib, ayrimlari sanamlarga, boshqalari esa yetti sayyoradan biriga sigʻingan.

 

Said Andalusiy asarning ikkinchi bobini “Millatlarning faoliyatiga koʻra turlari va darajalari” deb nomlab, jumladan, unda quyidagilarni yozadi: “Said derki: qabilalarning koʻpligiga, dinlarining farqligiga qaramay, bu millatlar ikki toifaga ayriladi. Birinchi toifa ilm bilan shugʻullangan va turli ilmlarni maydonga keltirganlardir. Ana shu toifadagi millatlardan turli ilm yoʻnalishlari paydo boʻlgan. ikkinchi toifa esa ilm bilan shugʻullanmagan, undan nasiba olmagan millatlardir. Bu oxirgi toifadan hikmat (ilm)ga oid narsalar rivoyat qilinmagan, [ular tomonidan aytilgan] fikrlarning natijalari kitoblarga qayd etilmagan”.

 

Shundan soʻng u ilm bilan shugʻullangan millatlarni sanar ekan quyidagilarni keltirib oʻtadi: “Ilm bilan shugʻullangan 8 millat quyidagilardir: hindlar, forslar, kaldoniylar, yunonlar, rumlar, misrliklar, arablar, ibroniylar”.

 

Bizning mavzuyimizga daxldor masala bevosita asarning uchinchi bobidir. Said Andalusiy ushbu bobni “Ilm bilan shugʻullanmagan millatlar” deb nomlaydi. Unda quyidagilarni oʻqiymiz: “Ilm bilan shugʻullanmagan millatlarning eng peshqadamlari chinlar va turklardir. Turklar ham koʻp sonli millatdir. [Ular] Islom olamiga qarashli Hurosonning sharqidan to Chinning gʻarbiga qadar, shuningdek, Hindistonning shimoligacha boʻlgan maʼmur hududlarning eng shimoliy qismidagi keng hududlarda yashaydilar. Ular mohirlik bilan egallagan ishlar – urushlar va urush qurollarini ishlata olishdir. [Ular] mohir chavandozlar boʻlib, qurol ishlatish va oʻq otishda eng mohir millatdir”.

 

Said Andalusiyning “Tabaqotul-umam” asarining ilk sahifasi. Ushbu asar qoʻlyozmasi hozirda Turkiya Millat qoʻlyozmalar kutubxonasida Inv. № 1472 raqami ostida saqlanmoqda.

 

Said Andalusiy oʻz asarining toʻrtinchi bobi boʻlmish “Ilm bilan shugʻullanadigan millatlar” bobida ushbu tabaqaga mansub millatlar Alloh tomonidan tanlab (!) olingan xalqlar ekanini taʼkidlab, turkiylarning ilm-fanga layoqatsizligini bu oʻrinda yana bir bor taʼkidlab oʻtadi. Jumladan u “Ilmlar bilan shugʻullangan millatlarga kelsak, bular Alloh tomonidan tanlab olingan xalqlardir. Zero, ular oʻz gʻayratlarini insonni inson qiladigan va uning tabiati hamda quvvatini mustahkamlaydigan fazilatlarni egallashga sarflaganlar. Ular chinliklar, turklar va ularga oʻxshagan boshqa millatlarga oʻxshab dushmanlikka moyil xulqlar hamda hayvoniy quvvatlarga ovunib yashashga koʻngil qoʻymaganlar”.

 

Lekin, Said Andalusiy ushbu asarida ilm bilan shugʻullanmagan millatlarni sanar ekan, bu borada turkiylarni kamsitib xatoga yoʻl qoʻygan. Chunki, u ushbu asarida ilm bilan shugʻullangan millatlar, xususan arablar va musulmonlar toʻgʻrisida yozarkan, xalifa Maʼmun davrida gullab-yashnagan “Baytul-Hikma” va unda faoliyat olib borgan olimlar va ularning asarlari toʻgʻrisida toʻxtalar ekan, ayni shu akademiyada oʻz ilmiy izlanishlari bilan dovruq qozongan Markaziy Osiyolik olimlarni qayd etib oʻtishni negadir “esdan” chiqaradi. U faqat Abu Nasr Farobiy va Ahmad ibn Muhammad Kasir al-Fargʻoniylarning hayoti va faoliyatini qisqacha qayd etish bilan cheklanib, ularning millati toʻgʻrisida maʼlumot bermaydi. Vaholanki, Maʼmunning “Baytul-Hikma”sida ilmiy tadqiqotlar olib borgan Muhammad ibn Muso al-Xorazmiy (783-850), Ahmad as-Sagʻoniy (914-990), Yahyo ibn Abu Mansur (vafoti 832-yil), Ahmad as-Saraxsiy, Abul Fadl ibn Turk al-Xuttaliy, Xolid al-Marvarudiy, Ahmad al-Marvaziy (770-870), Ahmad al-Fargʻoniy (797-865), Abdumalik ibn Amajur at-Turkiylarning barchasi turk edi. Nahotki, Said Andalusiy buni bilmagan boʻlsa?..

 

Shu tariqa turkiylarning ilm-fanga layoqatsiz ekani toʻgʻrisidagi soxta daʼvo va iddaolar asta-sekinlik bilan kitobdan kitobga, davrdan davrga koʻchib XIX asrgacha yetib keldi va Yevropa olimlari tomonidan goʻyoki ilmiy jihatdan “isbotlandi”.

 

Jadidchilik harakatining gʻoyaviy rahnamosi Ismoilbek Gaspirali 1894-yilda “Islom madaniyati” asarini yozib, ayni yevropalik “olimlarga” oʻzining oʻtkir raddiyalarini berib oʻtgan: “Turk qavmi zehn va fahmda noqis va qutsiz [baxtsiz], isteʼdod va aql talab qiladigan ishlarda nochor va holsiz ekanligi Yevropa olimlari tomonidan taʼkidlangani sababli bu masalaga diqqat qaratishni lozim topdik.

 

Asl turk va turkiy tillarda soʻzlashuvchi xalqlar – ilm-fan va maorifda yetarli kuch va taraqqiyotga erishish qobiliyatiga ega emas, ular faqat choʻponlik, mol boqish yoki oddiy qora mehnatga xos kasb-hunarlar bilangina shugʻullanishga yaroqlidirlar, degan daʼvo rostmi? Axir, kishi oʻqib, oʻrganib soʻngra bilar, bunga kim shubha qiladi?

Bugungi madaniyatli va maʼrifatli xalqlar eng ibtido [dastlab] choʻpon va qora xizmatchi edilar. Zero dunyoga har kishi tilsiz kelur, soʻngra til oʻrganur.

Har millatning, har xalqning qaror va darajasini u yetishtirgan ulamosidan, hukamosindan va ustozlaridan zohir boʻlur.

Darhaqiqat, turklar orasidan olimlar, adiblar va mashhur dono zotlar yetishib chiqqanmi? Agar shunday boʻlsa, ularning buyuk namoyandalari kimlar?

Boshqa baʼzi xalqlarga nisbatan funun va sanoeda [sanʼatlarda] ulardan koʻra koʻproq qobiliyatga ega boʻlgan oʻzga xalqlar borligini inkor etmaymiz. Ammo shu bilan birga aytamizki, Xudoyi taolo bizga ham yaxshi idrok va isteʼdodni bergan. Bu bizga kifoya qilmaydimi?

Oramizda axloq va odob lozim darajadadir. Sadoqat, toʻgʻrilik, musofirchilik va marhamat turk qavmi orasida umumiy fazilatlar ekani sayyohlar – kezuvchilar tarafidan maqtalgandir. Oʻzganing moli va nomusiga hurmat koʻrsatish, ziyon yetkazmaslik tabiati milliyatimiz [milliy xaraktermiz] boʻlib, turk-tatar xalqlari yashovchi tinch shaharlarda xirssizliq va oʻgʻri yoʻqligi ahli tijorat tarafidan ham eʼtirof etilgandir.

Bir xalqning yoki bir qavmning axloq kasb etishi uning aqliy isteʼdodidan darak beradi. Zero, noqis aqldan maqbul axloq va odob tugʻilmas.

Bu kunda madaniyatli va ziyoli ellar boʻlmish xalqlar va yoki fikriy isteʼdod va quvvati aqliyaga daʼvo qiladigan millatlarning orasidan dunyoga kelmish mashhur ulamo, hukamo, udabo, fozil, shoir, faylasuf va kashshoflar bularning isteʼdodiga dalil va burhondir.

Bizlar, yaʼni turk xalqlari kimlar ila iftixor etajakmiz? Oramizdan ulum, funun, fahm va maishat [hayot] bogʻchasini gullab-yashnatgan, zulmat pardasini oʻz ziyolari bilan yirtib uloqtirgan hukamo, ulamo va udabolarimiz bormi?

Mol asramoq, choʻponlik qilmoq va yoʻl bosmoq hamda qorabur sochmoq [urush olib bormoq] ilmidan yaxshi hunarimiz boʻlgani holda, samavit [samoyed], chuvash va chankana (chiygʻon) [sigan, loʻli] xalqlari kabi zehn va aql asarlaridan mahrum bir xalqmizmi, yoki?!

 

Ismoil Gaspiralining “Islom madaniyati” asari. 1894-yil, Bogʻchasaroy.

 

Hayr, ming marotaba hayr! Bunday deb oʻylovchilar tarixni bilmaydiganlardir. Bilganlar esa iqrordan ojiz va mahrum qolganlardir. Chunki, turklarning ulum va funun, sanoe va maishat maydonida asarlari, xizmatlari bordir. Bu haqida uzundan uzoq va koʻp yozmoq murodimiz boʻlmay, oz soʻz ila masalani isbot etaylik.

Turklarning dini islom bilan musharraf boʻlmasdan oldingi hollari aniq maʼlum boʻlmasa-da, musulmon boʻlgach nomlari butun olamga mashxur boʻlganliklari maʼlumdir. Oralaridan odil va komil hukmdorlar zuhur etishi bilan birga ulamo va udabo ham maydongʻa chiqmishdir. Bularning bari arab yoki fors boʻlmay, tatar oʻgʻli tatarlar, turk oʻgʻli turklardir! Bu oʻrinda barchasini emas bir ozginasini koʻrsataylik:

Islom olamida mashxur va Yevropa Farangiston olimlariga maʼlum “Muallimi soniy” nomini kasb etmish Abu Nasr Farobiy hazratlari turk oʻgʻli turkdirki, u ulamo va hukamolarning birinchilaridandir.

Ali Husayn Ibn Sino hazratlari Yevropada Avitsenna nomi ila mashhur boʻlgan olim turk oʻgʻli turkdir. Yunon qavmi Buqrot kabi tabib va Arastu kabi faylasuf ila iftixor etsa, Ibn Sino ham tabib, ham nodir faylasuf edi! Ibn Sino Arastuning aksi yoki shogirdi emas edi. Lekin u oʻzining aqliy isteʼdodi va zehniyasi ila Arastuga tenglashgandir. Ibn Sino Buxoro mevasidir. Uning zamonida esa Buxoroda Arastu asarlari va falsafasi maʼlum emas va oʻqilmas edi. Ibn Sino tomonidan taʼsis etilgan baʼzi ilojlar [daʼvolash usullari] va dorilar bugungi kunga qadar Yevropada isteʼmol qilinadir.

Gʻaznaviylarning va Temuriylarning saroylari ulamo va hukamo jamoatlari bilan sharaflangani tarix kitoblarida yozilmishdir. Bu jamoatlarda arab va fors olimlarining soni koʻp boʻlgan esa-da, turk va tatar jinsidan [millatidan] ulamo va udabolar ham oz emas edi.

Osiyo qitʼasining eng mashhur jahongirlaridan oqsoq Temur tatarlarning Iskandaridir. Uning ulamoga va hukamoga koʻrsatgan ragʻbati sababidan oʻz nasalidan olim yetishib chiqmish. Yaʼni oʻgʻlining oʻgʻli Ulugʻbek hazratlari ilmi nujum va hayʼatda kitob sohibidir. Bu olim hukmdorning atrofida boʻlgan ulamo va udabo ham turklar edi. Hasan Chalabiy, Qozizoda, Ali ibn Muhammad Qushchi va boshqalar turk ulamosi va mutafannilaridir (koʻplab fanlarni egallagan bilimdon kishilardir). Birgina Alisher hazratlariga ishorat etaylikki, u chigʻatoy turkiysida mashhur shoir va mashhur adibdir.

Turk va tatar xalqlarining ogʻizdan-ogʻizga oʻtib kelayotgan koʻplab zarbulmasal va sheʼrlari toʻplanadigan boʻlsa qirq kitob boʻlur. Bular ularning isteʼdodi aqliyalariga va nazokatdan bebahra qolmaganlariga yana bir dalildir. Chunki, maʼlumdirki aql va fahmdan nuqsoni bor xalqlarda sheʼr va masal boʻlmas va yoki juda ham oz boʻlur.

Zamonamizga yaqinroq vaqtlarda xonlardan va yana xotinlardan devon sohibi boʻlgan shoir va shoiralar chiqmishdirki, ularning totli til va diltortar asarlarini oʻqir ekanmiz, ulugʻlar saroyida ham xotinlar bobi ham fahm-farosat yuksak darajada boʻlganligiga amin boʻlamiz”.

 

Afsuski, ne-ne ulugʻlarni yetishtirib bergan goʻzal Turkiston dastlab Chor Rossiyasi, soʻngra Sovet bolsheviklari tomonidan ikki bor bosib olingach, mahalliy xalq boʻlmish turkiylarni qoloqlikda ayblash, oʻzlarini ilm-fan va madaniyatni bu oʻlkaga olib kelgan millat sifatida koʻrsatish siyosati olib borildi. Yaʼni ular Turkiston xalqiga fan va madaniyatni olib kelish orqali sivilizatorlikni daʼvo qildilar.

 

Sovetlar, biz turkiy xalqlarning ilm-fanga layoqatsiz, qoloq millat ekanligimiz toʻgʻrisidagi taʼlimotni shu darajada ong va shuurimizga singdirib tashladiki, natijada oʻtgan XX asrda oʻz ichimizdan chiqqan baʼzi “olimlar” milliy tariximizga “rus koʻzoynagi” ostidan qaragan holda oʻzimizni, oʻzligimizni tahqirlovchi, ulamo va udabolarimizni haqoratlovchi asarlarni yozdilar, qoloq va madaniyatsiz ekanligimiz toʻgʻrisida “olamshumul kashfiyotlar” qildilar. Men ushbu maqolani Oʻtkir Hoshimovning “Daftar hoshiyasidagi bitiklar” kitobchasida keltirilgan quyidagi alamli soʻzlar bilan yakunlashni lozim topdim:

 Toʻqqizinchi asr. Muhammad al-Xorazmiy algеbra faniga asos soldi.

Oʻninchi asr. Abu Nasr Forobiy Aristotеlning “Mеtafizika” asariga eng mukammal sharh yozib, “Ikkinchi ustoz” unvonini oldi.

Oʻn birinchi asr. Abu Rayhon Bеruniy Yer bilan Oy oʻrtasidagi masofani oʻlchadi.

Ibn Sino tibbiyot Qomusi – “Tib qonunlari”ni yaratdi.

Oʻn toʻrtinchi asr. Sohibqiron Amir Tеmur Yevrosiyoning yarmini tasarrufga oldi. Ahli ilm boshini silab, oʻlmas obidalar yaratdi.

Oʻn bеshinchi asr. Ulugʻbеk 1019 yulduzning harakat jadvalini tuzdi. Alishеr Navoiy oʻlmas “Xamsa”sini yozdi.

Oʻn oltinchi asr. “Boburnoma” olamga tarqaldi.

Oʻn yettinchi asr. Shohjahon dunyodagi yеtti moʻjizaning biriga tatigulik “Tojmahal”ni bunyod etdi.

Yigirmanchi asr. Oʻzbеk sovеt olimlari misli koʻrilmagan “ixtiro” qildilar: tarix “xato”sini tuzatib, oʻtmishda biz yoppasiga “savodsiz” boʻlganimizni isbotlab bеrdilar...”.

 

Muslimbek ALIJONOV

Tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//