Velosipedchilar “boshqaradigan” shaharlar. Ilgʻor mamlakatlar velomadaniyatni qanday shakllantirgan?


Saqlash
18:22 / 16.03.2026 185 0

Velosport bu shunchaki mashgʻulot emas, toza ekologiya, barqaror salomatlik va yevropaliklar uchun – hayot tarziga aylangan foydali mashgʻulot hamdir. Afsuski, biz oʻzbekistonliklar transport deganda asosan jamoat transportlari yoki avtomobilni tasavvur qilamiz. Velosipedga esa odatda, faqatgina koʻngilochar uskuna sifatida qaraladi. Kamharakatlik oqibatlarini boʻlsa har birimiz atrofimizdagilarda, hatto oʻzimizda kelib chiqayotgan turli kasalliklar yoki ortiqcha vazn muammolarida koʻrib turibmiz.

 

Sanalgan muammolarga yechim yoki duch kelmaslik maqsadida rivojlangan mamlakatlar velosiped transportidan faol foydalanishni yoʻlga qoʻygan. Ushbu qaror sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish bilan birga, yoʻllardagi tirbandliklarni kamaytirishga, mamlakat ekologiyasi, iqtisodiyoti va sogʻliqni saqlash tizimiga ham sezilarli taʼsir koʻrsatgan.

 

Ular velomadaniyatni qanday shakllantirdi? Yosh-u qari velosipedchilar uchun davlat qanday imkoniyat va ragʻbatlarni taklif qiladi? Mavzuga tegishli shu va boshqa savollarga javoblarni dunyo tajribasi asosida koʻrib chiqamiz.

 

Velosiped – zamonaviy Yevropa shaharlarining bir qismi sifatida

 

Yevropada velosiped – oddiy sport yoki yakshanbalik mashgʻulot emas, u yillardir, qulay transport turi sifatida ham koʻriladi. Ushbu tendensiyaning mantiqiy asosi – tezkorlik, kamxarjlik va ekologiyaga qaygʻurish bilan birga, tez qarish va kasalliklarga qarshi kurashish sanaladi. Velosipeddan maksimum foyda olish uchun esa birinchi navbatda, unga mos infrastruktura talab etiladi.

 

Yevropa mamlakatlari bu borada ham yaxshi namuna boʻla oladi.

 

Suv orasidan oʻtgan, quyosh va harakatdan energiya olib, qorongʻida yonadigan veloyoʻlaklar

 

Mamlakatlar veloyoʻlaklarga shunchaki yoʻl sifatida emas, shunchalik ijodkorona nuqtai-nazardan qaraganki, unda harakatlanayotgan yoʻlovchi nafaqat bir manzildan boshqasiga oson va xavfsiz yetib oladi, balki bu vaqt davomida yoʻlakdan va undagi harakatidan zavq ham oladi.

 

Veloyoʻlaklar tarixiga qarasak, Gollandiya uni XIX asrning ikkinchi yarimidayoq barpo etgan. Bu mamlakat oʻzining koʻp sonli, asosiy harakatlanish vositalaridan biri boʻlgan velotransportlari bilan mashhur sanaladi. XX asrga kelib, AQSH, Angliya, Daniya va Germaniyada ham veloyoʻlaklar qurila boshladi. Urush davridan keyin Finlyandiya va Shvetsiyada ham trotuarlar bilan birlashtirilgan veloyoʻlaklar paydo boʻldi.

 

Polshada quyosh energiyasining ommalashuvi ortidan quyoshdan quvvat olib, qorongʻida yonadigan qoplamali veloyoʻlak loyihasi ishlab chiqilgan. Shunga oʻxshash yoʻlak Niderlandiyaning Eyndxoven shahri tajribasida ham boʻlib, yoʻlakda qorongʻu tushishi bilan koʻzga zarar bermaydigan yorugʻlik va aylanma naqshlar paydo boʻladi. Ushbu texnologiya asosida kun davomida quyoshdan energiya oladigan fosfor toshining oʻta mayda zarralari yotadi.

 

 

Londonda boʻlsa tashlandiq piyodalar yoʻlagi toʻliq ishlaydigan velosiped yoʻlaklariga aylantirilgan. Uning oʻziga xosligi shundaki, yoʻlakdagi har bir harakat energiyaga aylanadi.

 

Belgiya velomadaniyat bilan birga, velosiped turizmini ham rivojlantirish maqsadida, oʻzining “velosipedlar jannati” nomini olgan Limburg shahrida “Suvda velosipedda sayohat” loyihasini ishlab chiqqan. Unga koʻra, yoʻlovchi De Wijers qoʻriqxonasidagi katta hovuzdan koʻprik orqali emas, balki 2016-yilda ochilgan “Cycling Through Water” yoʻlagi orqali hovuz orasidan velosipedda oʻta oladi.

 

 

Ushbu 200 metrli beton yoʻlak suv sathidan pastroqda boʻlib, suv yuzasi velosipedistning yuzi bilan teng darajada chuqur qurilgan. Shunga qaramay, betonning ikki chetidagi suv quruq yoʻlakka sizib chiqmaydi – beton devorlar hovuzdagi suvni ushlab turadi. Yoʻl ostidagi tonnellar boʻlsa amfibiya va boshqa hayvonlarning ikki tomonga ham oʻtib, erkin harakatlanishini taʼminlaydi.

 

Velosipedlar soni aholidan koʻp mamlakat – Gollandiya tajribasi

Gollandiyaliklar ommaviy tarzda ikki ballonli transportga oʻtib, yangi shahar muhitini yaratgan va bundan milliardlab foyda olishni oʻrgangan mamlakat sanaladi. U yerda velosipedlar soni aholidan ham koʻp, hatto mamlakat bosh vaziri ham ishiga tez-tez shu transportda borib turadi. Mamlakatda safarlarning chorak qismi, shuningdek, 7,5 kilometrdan kam masofaga boʻlgan har uchinchi safar velosipedda amalga oshiriladi.

 

 

2022-yil holatiga koʻra, 17 million nafar aholisi boʻlgan niderlandlarga 23 millionta velosiped toʻgʻri kelgan. Bu, albatta, ularning ushbu transportga boʻlgan ahamiyatini aks ettiradi.

 

Tor koʻchalar, avtomobillar uchun juda oz turargoh va ikki balonli transportda harakatlanish anʼanasi – XIX asrdayoq oʻz ishini bajargan: bu yerda qatnov koʻpaygan vaqt jiddiy tirbandliklarni baʼzan velosipedlar shakllantiradi. Aholi kunlik barcha vazifalarini velosiped bilan oson uddasidan chiqadi: bolalarni maktab yo bogʻchasiga olib borish, doʻstlar bilan sayr qilish, doʻkondan oziq-ovqat olib kelish va hatto, mebel tashish ham maxsus bagajli velosipedlarda amalga oshirilishi mumkin. Va atrofdagilarga sen nimada ketayotganingning umuman ahamiyati yoʻq. Velosiped qimmat, chiroyli, oddiy, yangi yoki eski boʻlishi mumkin, asosiysi, u egasining maqsadiga yetishtirishi sanaladi. Yoʻllardagi tartib boʻlsa, barcha uchun teng.

 

 

Mamlakatda shaharni velosipedchilar “boshqaradi”, mashina haydovchilari boʻlsa ularni tabiiy ravishda hurmat qiladi, piyodalar ham ehtiyotkorlik bilan ularga yoʻl beradi.

 

Taqqoslash uchun, kopengagenliklar uchun velosiped – hayot tarzining bir qismi boʻlsa, amsterdamliklar uchun haqiqiy transport ehtiyojidir.

 

Shahar bosh rejasini oʻzgartirgan harakat

 

1970-yillarga kelib, boshqa Yevropa mamlakatlari kabi bu yerda ham avtomobil boshqaruvchilar soni barqaror tarzda oʻsib borgan. Gollandiya koʻchalari mashinalarga toʻlib ketgan. Raqamlarda aytganda, 500 nafar fuqaroga 100 ta mashina toʻgʻri kelgan. Asosan oʻrta asrlarda qurilgan tor koʻchalar transportlarning bunday intensiv harakatiga moslashtirilmagan edi va koʻplab piyodalar mashina urib ketishi oqibatida halok boʻlgan:

 

1971-yil 3000 dan ortiq odam YTHda vafot etgan. Qurbonlarning 500 nafarini bolalar tashkil etgan. Buning ortidan “Stop de Kindermoord” (“Bolalarni oʻldirishni bas qiling”) harakati vujudga kelgan.

 

 

Jamoatchilikning koʻplab oʻlimga qarshi ushbu harakati 1973-yilgi neft inqirozi bilan bir vaqtga toʻgʻri keladi. Oʻsha vaqtlarda neft eksport qiluvchi davlatlar tashkiloti (OPEK)ning baʼzi aʼzolari ishlab chiqarishni qisqartirib, ayrim mamlakatlar eksportiga embargo (cheklov) qoʻyadi.

 

Ushbu ikki voqea qirollik hukumatini mashinalarning erkin harakatlanishini taʼminlashga qaratilgan shahar rejasidan voz kechishiga ishontirish uchun yetarli boʻladi.

 

“Mashinalar bu yoʻlda mehmon”


Bugun esa Niderlandiyada qariyb 40 ming km velosipedchilar yoʻlagi mavjud. Mamlakatda shuningdek, avtomobilistlar bilan birga velosipedchilar teng harakatlanadigan, lekin asosiy ustunlik baribir velosipedchilarga beriladigan yoʻllar ham bor. Bunday yoʻlaklarning aksariyatida “fietsstraat auto te gast” – “Mashinalar bu yoʻlda mehmon” deb yozilgan ishoralarga koʻzingiz tushadi.

 

 

Niderlandiyadagi aylanma yoʻllar – shahar rejasi velosipedchi va piyodalarga qanchalik ustunlik berishiga yana bir yaxshi misol boʻladi. Mamlakatda taxminan 60% halqa yoʻli chorrahalarida velosiped haydovchilar uchun alohida qism ajratilgan.

 

Aksariyat shahar hududlarida velosipedchilarga birinchi yurish ustunligi berilgan, avtomobillar esa ularni oʻtkazib yuborishi kerak boʻladi. Velosiped egalari uchun xavf darajasini kamaytirish maqsadida koʻplab chorrahalar ham qayta loyihalashtirilgan.

 

Bundan tashqari, hukumat velosipedlarga parkovka tashkillashtirish uchun ham yetarlicha resurs sarflagan. 2019-yilda Gollandiyaning Utrext shahrida dunyodagi eng yirik, bir vaqtda 12 500 ta velosipedni sigʻdira oladigan koʻp qavatli velopark barpo etilgan. Mamlakatda shuningdek, avtomobillarni qoldirib, velosipedda harakatni davom ettirish imkonini beruvchi manzillar ham bor. Koʻplab temiryoʻl stansiyalarida veloparkovkalar tashkil etilgan. Baʼzi poyezdlarda boʻlsa velosipedchilar uchun maxsus vagon yoki ular xavfsiz harakatlanishi uchun vagon ichida alohida joy mavjud.

 

Koʻplab mamlakatlar velomadaniyatni shakllantirish boʻyicha hali-hanuz Niderlandiya muvaffaqiyatini takrorlashga urinadi. Chunki motorsiz harakatlanishni rivojlantirish qiymati – milliardlab dollarlik manfaatlarga teng koʻriladi.

 

2016-yil Buyuk Britaniyada oʻtkazilgan tadqiqot shuni koʻrsatganki, velosipedda harakatlanish nafaqat sogʻliq uchun foyda, balki unumdorlikni oshirib, jamiyatga ijobiy taʼsir koʻrsatadi, shuningdek, davlat Sogʻliqni saqlash tizimi xarajatlarini ham keskin kamaytiradi.

 

“Tur de Frans” buyurtmasiga asosan tayyorlangan Decisio hisobotiga koʻra, golland velotransporti mamlakatga yiliga 1,2 dan 3,8 milliard yevrogacha foyda keltiradi. Ishlab chiqarish, savdo, texnik xizmat koʻrsatish va velosipedlar ijarasi esa toʻliq bandlikni taʼminlovchi 13000 ta ishchi oʻrnini yaratgan.

 

Hukumat shuningdek, 200 mingdan ortiq ehtiyojmand bolalar va yoshlarni velosiped bilan taʼminlaydi.

Velosipedlar poytaxti – Daniya tajribasi

2018-yil holatiga koʻra, Daniyada oʻrtacha aholi yiliga 893 km masofani velosipedda bosib oʻtadi. Taqqoslash uchun, ushbu koʻrsatgich veloinfratuzilma juda yaxshi rivojlangan, mahalliy velohaydovchilar yoʻlda oʻzini xuddi avtomobil haydovchilari yoki piyodalar kabi toʻlaqonli yoʻl harakati ishtirokchisidek xis qiladigan Germaniyada ham 300 km ni tashkil etgan.

 

Mamlakat poytaxti Kopengagenni boʻlsa “dunyoning velosipedlar poytaxti”, deb ham atashadi. Bu yerda jamiyatning barcha aʼzosi – maktab oʻquvchisidan to vazirlargacha velosipedda harakatlanadi. Shaharda 390 kilometrdan ortiq keng veloyoʻlaklar, yoʻllarni toʻxtamasdan kesib oʻtish imkonini beruvchi “yashil toʻlqin” hosil qiladigan aqlli svetoforlar, shuningdek, minglab oʻringa ega veloparkovka, metrolarda boʻlsa velosipedlarni tashish imkoniyatlari mavjud.

 

 

Lekin eng ajablanarlisi – mahalliy aholining velosipedlarga munosabati, deyish mumkin: qator kopengagenliklar uchun velosiped pedalini aylantirish yil faslidan qatʼiy nazar piyoda yurishdek gap. Mahalliy aholining yarmidan koʻpi har kun ishiga yo boshqa manzilga velosipedda qatnaydi, shaharda 550 mingdan ortiq aholiga 650 ming velosiped va 125 ming dona avtomobil toʻgʻri keladi.

 

40-yillar, Kopengagen. Velosipedda uchrashuv

Oʻzbekiston

Ofis ishchilarida turli kasalliklar avj olib, ekologiya kundan kunga yomonlashyapti. Ortiqcha vazn muammosi davlat siyosati darajasiga koʻtarilib, tashkilotlarda majburiy badantarbiya-yu xodimlarning vaznini nazorat qilish talablari paydo boʻldi. Avtomobillar narxi ham oshsa oshsin, lekin haqiqiy oʻzbekistonlik qarz olib, uzoq navbatda turib boʻlsa-da mashina sotib olishi kerak.

 

Velosiped-chi? Velosiped beshik toʻyi, tugʻilgan kunda sovgʻa boʻlib keladigan, yoz-bahorda, dam olish kunlari bir aylantirib kelinadigan uskuna. Nari borsa, yetkazib berish xizmatini amalga oshirish uchun arzon tushadigan transport.

 

Ushbu transportga oʻzbekistonliklarning munosabatiga bir qarashda shunday baho berilishi mumkin, lekin umuman olganda, velosipedning Oʻzbekistonda ommalashishi-yu velomadaniyatning toʻgʻri shakllanishi faqatgina aholiga bogʻliq emas.

 

Aslida, undan bajonidil foydalanish istagidagi koʻngillilar shaharda ham, viloyatlarda ham yetarlicha. Biroq ular harakatini toʻlaqonli xavfsiz amalga oshirishi uchun elementar sharoit, aniqroq aytganda, veloinfrastruktura deyarli mavjud emas. Bu esa koʻngillilarga ancha qimmatga tushishi mumkin. Chunki yoʻllardagi ehtiyotsizlik oqibatida velosipedistlar bilan sodir boʻlgan avariyalar anchagina. Ularning aksariyati (1, 2, 3), afsuski, oʻlim bilan yakun topgan.

 

Bu birinchi navbatda, velosipedchilar uchun mos yoʻl infratuzilmasi yoʻqligini koʻrsatsa, boshqa tarafdan, ularga nisbatan yoʻl harakatining toʻlaqonli ishtirokchisi sifatida qaralmasligidan, yaʼni, jamiyat aʼzolarida velomadaniyat yetishmovchiligidan darak beradi.

 

Veloyoʻlaklarga toʻxtalsak, ha, ularning soni tobora ortib boryapti. Lekin ular bilan bogʻliq vaziyat ham koʻngildagidek emas:

 

 

Veloyoʻlaklarning aksariyati noqulay, tor, baʼzan xavfli tashkil etilgan. Toʻgʻri yaratilganlarida boʻlsa tegishli chiziqlarga piyodalar diqqat qilmaydi. Buning oqibatida ham turli koʻngilsizliklar yuzaga kelgan. Chorrahalardagi piyodalar oʻtish yoʻlaklarining aksariyatida velosipedchilar uchun alohida boʻlak bor boʻlsa-da, odamlarning bunga rioya qilishi haligacha muammo, aksariyat hollarda piyoda va velosiped qarama qarshi kelib qoladi.

 

Xulosa qilib aytganda, qaysi davlatda boʻlmasin, har qanday madaniyatning shakllanishi imkoniyat, sharoitdan tashqari, jamiyat tomonidan toʻliq qoʻllab-quvvatlanishiga, asosiysi, belgilangan tartib qoidalariga doimiy amal qilinishiga bogʻliq. Jarayon qanchalik intensiv olib bormasin, bir tomonlama harakat hech qachon kutilgan natijani bermaydi.

 

Muqaddas MUSAYEVA

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Tarix

13:03 / 18.03.2026 0 12
Fayzulla Xoʻjayevning nohaq otilgan kotibi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//