Bu gʻamda menki ishim fikrini ne navʼ etayin,
Ne yerda sokin oʻlay, ne qilay, qayon ketayin.
Zahiriddin Muhammad Bobur
Daryoning narigi sohilida bir bahodir orom olib yotibdi. Ammo u menga Iso kabi, Xizr kabi hanuz dunyo kezib yurgandek tuyiladi. Hozir darvoza qoqib keladigandek tuyiladi... Bu yil Bobur Mirzo tavalludiga boshqacha tayyorgarlik koʻrdim, davralardan biroz chekinib, “Boburiynoma”ni oʻqidim. Quroq tuzilishi-yu tarkibi bilan xush yoqadigan bunday kitoblar bizda koʻp emas. Unda safarnoma, “Boburnoma”, Bobur gʻazaliyoti, maktublaru goʻzal hikoyatlar birlashib ketgan. Bobur Mirzo va uning avlodlari izidan yoʻlga chiqqan bir guruh olimlarning 18000 km.lik yoʻl xotiralari, Eron, Turkiya, Suriya, Iordaniya, Saudiya Arabistoni, BAA, Pokiston, Afgʻoniston manzaralari qalamga olinadi.
Talabaning kundaliklaridan boshlangan safarnoma 1974-1996-yillarni qamrab oladi. Ulardan orzularga toʻla talabalik dunyosining epkinlari kelib turadi. Tahririyatlar, nashriyotlar ichida yorugʻlik qidirgan yoshlik epkinlari. “Guliston” jurnali haqida gap ketar ekan, menga koʻproq tanish boʻlgan “Jahon adabiyoti” jurnalining olis harorati yuragimga uriladi. Safar xotiralari 1992-yil 19-may Andijon tuproqlaridan boshlanadi. 14 kishidan iborat Bobur nomidagi birinchi Xalqaro ilmiy ekspeditsiya tarix tomon yoʻlga chiqadi.
Olimlarga qoʻshilib, Ashxobod, Mashhad, Tehron, Tabriz, Anqara, Damashq, Makka, Madina, Dubay, Zohidon, Moʻlton, Lohur, Islomobod, Jalolobod, Kobul, Mozori sharif, Dehli, Haydarobod, Agra tuprogʻini kezar ekanman, “Yoʻlbarsning tugʻilishi”, “Oy botgan pallada”, “Panoh”, “Tavba”, “Boburning tushlari”, “Nuqta” hikoyalar, “Saodat sohili” qissasi orqali Boburning jonli va jonga yaqin qiyofasi gavdalanadi, zamonlar osha qoplab yotgan tarixning chang bosgan pardalari ortga suriladi.
Yozuvchining fikr toʻlqinlari siz shunchaki yoʻl esdaliklarini oʻqimayotganingizni eslatib turadi. Yoʻllarda yoʻliqqan, hayrat bilan qaraganlarning holatini u quyidagicha sharhlaydi: “...dunyo bizning bundogʻ yengil mashinalarda minib, sayr-u sayohat qilishimizga oʻrganmagan edi. Chunki biz xoh Chexoslovakiya boʻlsin, xoh Vengriya boʻlsin, xoh Afgʻoniston boʻlsin, albatta, ogʻir tank minib borganmiz. Olam ahli ham shunga koʻnikkan va har safar bizning bu kabi tashriflarimizni yurak hovuchlab kutadigan boʻlib qolgan edi”.
Ayniqsa, kunimizda koʻplab “tanklar” Yer yuzini har tomondan zirillatib yurganini hisobga olsak, ular inson bolalarini bir-biridan uzoqlashtirib, bir-biridan bezori jon qilib yuborganini chuqurroq his qilasiz. Bu mamlakatlarning oʻtmishi, farovon va ayanchli hayoti, shahar va inson manzaralari biz kitoblarda oʻqib yurgandan ancha farqli ekaniga amin boʻlasiz. Bu oʻlkalarning hech biri bizga begona emas, ammo turmush va taqdir yoʻllaridan mutlaqo bexabar qolib ketibmiz, afgʻonlarini yanglish tushunibmiz.
Ziyoratchilarimizga minnatsiz muzqaymoq tutganlar, qadim oʻlkalarni xorlikka choʻktirayotgan axloqsiz ayollar, non ilinjida maktablarni tark etgan murgʻak bolalar-u, savdo ustida gʻavgʻo qilayotgan hojilar, olis yoʻllardagi sarbonlar, qoʻriqchilik qilganlar-u osh-non berganlar – bir-butun asar qahramonidek yodingizda qolib ketadi.
Bobur Mirzo, Abdulla Qodiriy tiliga xos ohanglar bilan bezak berilgan uslub xayolotni allalaydi. Safarning ogʻir kezlarini ifodalashda foydalanilgan – “uyqu esa, echkining yoʻtaliday qisqa boʻldi”, “yonboshimiz yerga tegmayoq pinakka keta boshladik”, “koʻngilni bamisoli afgʻonning ishtoniday keng qilish kerak”, “hech birorta tilni bilmasang, chet ellarda nomaʼqulning nonini yeb yuribsanmi” kabi qochirimlar-u, xalqona iboralar, maqollar – qaysi zaminda ketib borishmasin, kitobxonga ularning oʻzbek ekanligi, oʻzimizniki ekanligini uqtirib turadi, zavq uygʻotadi, oʻzbekona oʻktamlikka qorishib ketadi.
Turkiston tarixini oʻrgangan, oʻrganayotgan xorijlik va oʻzbek olimlari, ularning eng muhim tadqiqotlari hamda noyob manbalardan xabardor boʻlasiz. “Boburnoma”, “Zafarnoma”, “Tarixi Muhammadiy” bilan uygʻun tasvirlar olis 137-yillik temuriylar, 350-yillik boburiylar, deyarli yarim asr hukm surgan bir sulola tarixi, necha-necha kechmishlar ichiga olib kirib ketadi. Baʼzan gʻarb adabiyotidan voqelikning qaysidir jihatlariga aloqador oʻrinlar eslanadiki, tafakkurning bu oʻyini menda juda xush yoqadi.
Roviy Bobur Mirzo asarlarini mukammal oʻrgangani, tarixiy asoslarini aniqlagani anglashiladi. Safarning har odimini Bobur bilan ruhoniy birlikda tashlaydi, oʻzini har qachon Bobur hazratlari kuzatib turgandek his qiladi va yozadi. Qadamba-qadam siz ham Bobur Mirzo asarlarini, hayot sahifalarini, maktublari-yu, muomala munosabatini oʻrganib borasiz. Bu oʻrganish – Bobur avlodlari merosi, tarixi, hayot yoʻllari, ajdod-avlodlar oʻrtasidagi ruhoniy bogʻlanishlarni oʻrganishga qadar kengayib boradi. Bobur Mirzo ijodidan Kamron Mirzo ijodiga sizib oʻtgan nozikli-gu iztiroblar, alamlar avlodlar taqdiridagi uygʻun va ayanch nuqtalarni koʻrsatib beradi. Kaʼba yoʻlidagi har turli irqlar-u, millatlardan iborat toʻs-toʻpolon ulkan oqim ichida ketib borasiz, aslida ham dunyomizdan shunday ketib boryapmiz. Har muqaddas zaminning shukri ham tavbasi bilan.
Roviy “...Bobur Mirzo ham (Hazrat Alisher Navoiy kabi) bizning odatiy turmushimizdan, kundalik mayda hoy-u havaslar ila xiralashgan, samoviy sirlardan, ilohiy jozibadan mahrum boʻlib, benihoya gʻariblashib, huvullab qolgan hayotimizdan naqadar yuksakda!” – deydi. Yozuvchi bularni ayni mening yoshimda qogʻozga tushirgani, shonli oʻtmishga, ota-bobolarning yorugʻ yoʻliga muhabbat bilan bogʻlanganini hisobga olsak, kitobning xush yoqqani va mutaassir qilgani bir jihatdan oydinlashadi.
Ziyoratchilarning uzoq, mashaqqatli, xatarnok yoʻldan kelib, Bobur ziyoratiga yetganlarida kitobxon yuragida bir simillash uygʻonadi. Olis ajdodlaringga muhabbat ham iymondandir: “Bismillo aytib, yuragimiz hayajondan entikib, zinalarga qadam qoʻydik. Mana, balandda, yuksak togʻlar poyida joylashgan oq marmar maqbara. Moʻjazgina, xuddi Bobur Mirzoning oʻzi yangligʻ ortiqcha hasham va dabdabalardan xoli, sipo va kamtarin bir oromgoh. Beixtiyor koʻzlaringiz namlanib, boʻgʻzingizga xoʻrsiniq tiqilib kela boshlaydi. Mana shu sovuq sagʻana ostida, ikki gaz qora tuproq qaʼrida shiddat-shijoati bilan olamga sigʻmagan sheʼri mard yotibdi...” Vatandan koʻz uzmagan, ehtimol, har tong Vatan ziyoratiga keladigan joʻmard bahodir.
Kitobning keyingi sahifalarida Bobur nomidagi xalqaro ilmiy ekspeditsiyaning navbatdagi safarlari ham tilga olinadi. Umuman, ekspeditsiyaning 1992-1996-yillarda 100 000 km.dan ziyod yoʻl bosgani, oʻndan ortiq mamlakatlar boʻylab temuriy va boburiy ajdodlar yoʻlidan yurilgani hikoya qilinadi. Bobur Mirzo avlodlari bilan uchrashuv, ularning shonli tarix haqidagi xotiralari, necha asrlik quvgʻin va qatllar, azob-uqubatlarga qaramay, boburiylar shaʼnini hech oʻksitmay koʻtarib yurganlari, Ota yurtga boʻlgan soʻnmas intilishi menda cheksiz muhabbat uygʻotdi. Sulola sohibasi Laylo Ummaxoniy 1993-yil Toshkentga yoʻllagan maktubida “... yosh nasllar tarbiyasi borasida sizlar koʻp mehnat qilishingiz lozim”, deya vasiyat qiladi. Bu buyuk sulolaning sharafi, nomusini saqlagan, avlodlarni shu ruhda tarbiyalagan ulugʻ yoshdagi onaxonning soʻzlari. Endigina mustaqillikka erishgan navqiron Oʻzbekiston farzandlariga boʻlgan onalarcha mehr va avlodlar oldidagi masʼuliyatning ifodasidir.
Kitobdan olgan eng muhim xulosam shu boʻldiki, insonni – faoliyatsizlik zaiflashtiradi va xarob qiladi. Bobur Mirzo boʻlsa, jahoniy faoliyat maydonlarida suron solib yashadi, ijod qildi va mislsiz ibrat namunasiga aylandi.
Shahnozaxon NAZAROVA,
filologiya fanlari doktori, dotsent
Jarayon
Tarix
Falsafa
Adabiyot
Tarix
Adabiyot
Jarayon
Vatandosh
Tarix
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Din
Til
//
Izoh yo‘q