“Hodisa faqatgina sodir bo‘lgan joydagina haqiqatga aylanadi” – adabiyot bo‘yicha Nobel sohibi Laslo Krasnaxorkai


Saqlash
11:17 / 19.10.2025 76 0

Lav singari sokin oquvchi qorongʻu bir yozuv daryosi

 

Eslatib o‘tamiz, 2025-yilda adabiyot bo‘yicha Nobel mukofoti Laslo Krasnaxorkaiga “qiyomat dahshati sharoitida san’atning kuchini yana bir bor tasdiqlagan ishonchli ijodi uchun” berildi.

 

Venger yozuvchisi Laslo Krasznaxorkai 1954-yilda Vengriyaning janubi-sharqidagi Gyula shahrida tug‘ilgan. U ko‘plab roman, esse va hikoyalar muallifi bo‘lishiga qaramay, o‘ttiz yil davomida u bilan hamkorlik qilgan  venger rejissyori Bela Tarr orqali tanilgan. Asosiy ijod uslubi distopik va melanxolik xarakteriga koʻra  postmodernizmga oid deb qaraladi. Otasi Dyorji Krasznaxorkai advokat, onasi Yulia Palinkas esa ijtimoiy xavfsizlik xizmatchisi boʻlgan. Yozuvchi 1972-yilda Jozef Attila universiteti huquqshunoslik fakultetida oʻqishni boshlagan va uni Budapeshtda davom ettirgan. Ijtimoiy fanlar sohasida ilmiy daraja olgan. Adabiyotni oʻrganish davomida Gondolat Konkyvkiado nashriyotida ishlagan. 1985-yilda yozilgan “Shayton tangosi” romani unga juda katta muvaffaqiyat keltirgan. 2013-yilda romanning inglizcha nashri “Eng yaxshi tarjima qilingan kitob” mukofotiga sazovor boʻlgan. Krasznaxorkai 1987-yilda Gʻarbiy Berlinga boradi. Sharqiy Berlin qulagach, dunyoning turli joylarida yolgʻiz yashagan. Moʻgʻuliston va Xitoyga qilgan sayohati “Urga asiri” va “Jannat ostidagi halokat va qaygʻu” asarlarining paydo boʻlishiga sababchi boʻladi. Urush va Urush” asarini yozish jarayonida Yevropa boʻylab turli nuqtalarda istiqomat qilgan. “Seyobo pastda” romani 2014-yilda “Eng yaxshi tarjima qilingan kitob” mukfotini olgan. Oilaviy hayotiga ayoli Aniko Pelihe bilan 1990-yilda ajrashgach putur yetadi. 1997-yilda esa Dora Kopksanyi bilan turmush qurgan. Hozirda uchta farzandi bor. Yozuvchining yana quyidagi asarlari mavjud:

 

“Baron Venkheimsning uyga qaytishi” 2016-yil nashr qilingan, 2019-yilda ingliz tiliga oʻgirilgan. “Hersxt” 2021-yilda Magveto tomonidan inglizchaga tarjima qilingan. “Soʻnggi boʻri” (2009), “Qasr uchun tayyorgarlik” (2018), “Gomerni kuzatish” (2019). Shuningdek, “Oxirgi qayiq”, “Bagdanovich hikoyasi”, “Qopqonga tushgan Ray”, “Ustaning oʻlimi”, “Bekat izquvari” kabi koʻplab hikoyalar muallifi.

 

Krasznaxorkaining “Qarshilik melanxoliyasi” (Az ellenállás melankóliája) nomli romani 1989-yilda yozilgan bo‘lib, asli venger ingliz shoiri Jorj Szirtes tomonidan 2000-yilda ingliz tiliga tarjima qilingan va bu uning ingliz tilida nashr etilgan birinchi asari bo‘lgan. Asar Syuzan Sontag va U.G.Sebald tomonidan katta maqtov bilan kutib olingan. Sontag Krasznaxorkaini “Bashoratchilikning zamonaviy venger ustasi” deb atagan boʻlsa, Sebald “Uning universal dunyoqarashi Gogolning “O‘lik jonlar”i bilan bellasha oladign darajaga ega boʻlib, zamonaviy adabiyotning barcha kichik tashvishlaridan yuksak turadi” deb yozgan.

 

2015-yilda Booker xalqaro mukofotini qo‘lga kiritgan Krasznaxorkai bugungi kunning eng yaxshi romannavislaridan biri sifatida tan olinadi.

 

Adam Sirlwell “The New York Review of Books” jurnalida shunday yozadi:

 

“Krasznaxorkai yozuvidagi jo‘shqinlik uning o‘ziga xos shakl topganidadir. Zamonaviy adabiyotda bunga  o‘xshash boshqa narsa yo‘q”.

 

“The New Yorker” jurnalida yozuvchi Jeyms Vud esa Krasznaxorkaini Tomas Bernhard, Klaud Simon va Devid Foster Vallis kabi urushdan keyingi davr yozuvchilari bilan bir qatorda qoʻyadi hamda taqqoslashni quyidagicha izohlaydi:

 

“Haddan ziyod uzun, nafas kabi to‘xtovsiz davom etuvchi jumlalardagi uygʻun yaqinlikka qaramay, Krasznaxorkaining asarlari, ehtimol, ichlaridagi eng go‘zal, eng o‘ziga xos va eng g‘ayrioddiysidir!”.

 

Hozirgacha yozuvchining uchta asarini ingliz tiliga tarjima qilgan Jorj Szirtes, “Qarshilik melanxoliyasi” haqida shunday deydi: “Lav misoli sokin oquvchi, qorong‘u bir daryoga oʻxshaydi (uning matnlari). Krasznaxorkaining jumlalari sizni bir zindondan boshqasiga, doʻngliklarga va zulmatli yo‘laklarga olib kiradi”.

 

Quyida Laslo Krasznaxorkai bilan suhbatni taqdim etamiz: (suhbatdosh: Jorj Szirtes, 2013-yil sentyabr)

 

Suhbatdosh:  Sizningcha, tarjimaning afzalliklari, kamchiliklari va xavflari nimalarda koʻzga tashlanadi?

 

Laslo Krasznaxorkai: Afzallik yoki kamchilik haqida koʻp narsa ayta olmasligim mumkin, ammo, xavflari haqida to‘xtalishim kerak. Chunki, aslida, hech qanday xavf asosiy darajada boʻlolmaydi. Mening fikrimcha, tarjima qilingan hech bir asar, u yozilgan tildagi asli kabi aynan bir xil boʻlolmaydi. Buni o‘ylashning o‘zi mantiqsizlik. Tarjima asar yozuvchining emas, tarjimonning asaridir. Yozuvchiniki esa faqat o‘sha o‘z tilida yozilgan hikoyadan iborat asliyatdir. Tarjima asar – tarjimon oʻgirgan tilda yaratilgan, tarjimon “bastalagan” yangi asardir.  U asli bilan faqat oiladagi odamlarning bir-biriga o‘xshashligi darajasida o‘xshaydi.

 

Yozuvchi bu jarayonni aralashmasdan kuzatadi, o‘qiydi: matn unga tanish tuyuladi, ba’zida (kamdan-kam hollarda) juda yaxshi tanish bo‘ladi; agar ko‘ziga yaxshi ko‘rinsa – quvonadi, yomon ko‘rinsa – g‘azablanadi. Menda bunday holat faqat bir marta bo‘lgan: “Urush va Urush” romanimning nemischa tarjimasi shunchalik yomon ediki, natijada chinakamiga parchalangan kitob paydo bo‘lgan, uni tuzatish deyarli imkonsiz edi. Uni qayta tarjima qilishni kim ham o‘z zimmasiga olardi? Bu juda qiyin vaziyat. Ammo bundan boshqa kitoblarimning tarjimalari meni doim hayratda qoldiradi – mening juda ajoyib tarjimonlarim bor.

 

Suhbatdosh: Nima uchun Berlinda yashashni tanladingiz?

 

LK: Bu shaharda birinchi bor 1987-yilda uzoq vaqt qolganman va o‘sha paytdan beri shahar bilan o‘rtamizda bir bogʻ paydo bo‘lgan. O‘sha paytlarda G‘arbiy Berlin ruhiy jarohat olgan insonlar uchun go‘yo bir boshpana edi. San’atkorlar, ijodkor bo‘lishni orzu qilganlar – hamma chala qolgan ishini yakunlash uchun shu yerga kelardi. Katta oilaning bir a’zosi sifatida yirik ijodkorlar bilan bir xil barda, hatto bir xil stol atrofida o‘tirish imkoniga ega bo‘lish  juda ajoyib edi. Bu aloqalar hozir ham davom etmoqda. Ammo vaqtimning ko‘p qismini Berlinda o‘tkazsam-da, endilikda bu shahar bilan yaxshi taassurotlarim qolmagan. Bugungi kunda shahar, asar yaratishdan ko‘ra uni pullashni istaydiganlar uchun makonga aylangandek. Agar shunday bo‘lsa – unda bu yer bilan boshqa bir joy o‘rtasida qanday farq qoladi?

 

Suhbatdosh: Yozganda nimalarga e’tibor berasiz va qanday yozasiz?

 

LK: Men faqat ishlash uchun ajratilgan joyda, yozuv stoliga oʻtirib olgan holda soatlab kompyuter ekraniga tikilib, fikr kelishini kutadigan yozuvchi emasman. Adabiyot – mening haqiqiy ishim, degan fikrdan kelib chiqaman, shuning uchun hamma voqealar boshimda kechaveradi. Faqatgina barcha shaxsiy sabablarni bir chetga uloqtirsak, haqiqat shuki: yozishni boshlaganimda juda og‘ir sharoitlarda yashardim. Ish  stolim yo‘q edi, atrofim doimo odamga to‘la bo‘lardi. Shu sababdan, asarning boshlanish qismlarini xayolimda tasavvur qilishga, birinchi jumlalarni miyada tuzishga o‘rganib qolganman. Umid baxsh etuvchi bir jumla topganimda, uni qo‘yib yubormasdim, toki “tamom” deb hisoblagan nuqtaga qadar qoʻshimchalar kiritardim.  Hozir ham xuddi shunday ishlayman – eng kutilmagan vaqtlarda, eng kutilmagan joylarda. Ya’ni, doimo ish ustidaman. Hammasi ongimda to‘liq shakllanganda yozishga o‘tiraman. Tahrir qilishga deyarli hojat qolmaydi, chunki tahrirlarni allaqachon xayolimda bajarib bo‘lgan bo‘laman.

 

Suhbatdosh: Kafka kabi klassiklardan tashqari yana kimlarni o‘qiysiz?

 

LK: Hatto Kafkani o‘qimayotganimda ham Kafkani o‘ylayman. Uni o‘ylamayotganimda esa Kafka haqida oʻylamaslikni bir nuqson deb bilaman. Bu azob bir qancha vaqt davom etadi. So‘ngra uning kitoblaridan birini olib, yana o‘qiy boshlayman, bu jarayon shunday kechishi ham kerak, aslida.

 

Ammo bu faqat Kafka uchun emas: Gomer, Dante, Dostoyevskiy, Prust, Ezra Pound, Bekket, Tomas Bernhard, Attila Jozef, Shandor Voʻresh, Pilinskiy – bularda ham xuddi shunday hisni tuyaman.

 

Suhbatdosh: “Shayton tangosi”ning muvaffaqiyati haqida nima deysiz? Nega aynan hozir? Dunyo yoki adabiyotda unga eshik ochgan narsa bormi?

 

LK: Ehtimol, Bela Tar bilan hamkorlikda yaratilgan “Shayton tangosi” filmi orqali tanilganligimiz sababdir. Shuningdek, hozirgacha “Qarshilik melanxoliyasi”, “Urush va Urush” yoki “Animalinside”ni o‘qib, bu roman tarjimasini kutayotgan o‘quvchilar bilan ham bir qadar bog‘liq. Bundan tashqari, ko‘rinishidan, “Shayton tangosi” bugungi davrda ko‘p odamlar o‘qishni istaydigan kitob turiga kiradi.

 

Ta’sirlarga to‘la dunyoning charchatadigan yangiliklaridan qochmoqchi bo‘lganlar, dunyo faqat ko‘ngilxushlikdan iborat emasligini anglaydiganlar, dunyo haqida yozib qoʻyishga arzigulik biron nima aytilishini istaydiganlar, hayotdan qochish o‘rniga uni qayta his etishni, o‘z hayotlarida o‘z o‘rni borligini anglashni istaganlar va har narsaga qaramay shu ogʻriqli goʻzallikni tanlaganlar uchun bu asar zarur.

 

Aslida, bir nazar solsangiz u qadar yuksak adabiyotimiz yoʻq. Ammo o‘quvchilarning bunga ehtiyoji bor, bir davo, bir yanglishlik sifatida emas, balki ularga hech qanday davo yo‘qligini aytib beradigan bir ovozga ehtiyojlari boʻlganligi uchun.  

 

Suhbatdosh: Nega siz uchun voqealarni joy va xarita bilan tasvirlash juda muhim?

 

LK: Chunki bir voqeaning qayerda sodir bo‘layotganini bilish har doim muhimdir. Bir hodisa faqatgina sodir boʻlgan joydagina haqiqatga aylanadi.  

 

Suhbatdosh: Siz yozishni boshlagan dunyo, ya’ni “Shayton tangosi” ilk bor chop etilgan paytdagi dunyo bugungi dunyoga qay darajada o‘xshaydi?

 

LK: O‘xshashliklari juda hayratlanarli. Hammasi o‘zgargandek tuyulsa ham, aslida hech narsa o‘zgarmaydi. Oqib turgan daryo yuzasini tasavvur qiling: suvlar to‘lqinlanadi, hosil boʻlgan ko‘piklar o‘z atroflarida aylanadi, kichik tomchilarga ajraladi va keyin yana qo‘shilib, sokin oqimi bilan yoʻlida davom etadi. Men tomchilarni kuzataman, faqat bittasiga e’tibor qaratishga harakat qilaman.      Bu esa deyarli imkonsiz. U bir lahza bor, keyin yo‘q. Ammo aslida u mavjud.

 

Hamisha o‘zgarib turadigan, lekin baribir o‘shanday qoladigan butunlik. Holbuki   “butunlik” degan narsa yo‘q. Parchalar ham shunday. Yaxshi, u holda  mavjud narsa nima? Oʻzgaruvchanlik doim oʻzgaruvchi bir turgʻunlik. Va bu, idrok etish qobiliyatimizning biroz narisida.

 

Tarjimon: Ruxsora Imomova

Manba: Interview with László Krasznahorkai - The White Review

 

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Tarix

09:10 / 16.10.2025 0 433
Mustafo Choʻqay oʻzbeklarni yomon koʻrganmi?





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//