Movorounnahrning mintaqaviy moliya markaziga aylanishi – Kebekxonning pul islohoti


Saqlash
12:53 / 21.01.2026 37 0

O‘rta asrlar Markaziy Osiyo davlatchiligi tarixida Chig‘atoy ulusining mustaqillik davri (1306–1346) nafaqat siyosiy, balki iqtisodiy transformatsiyalar bilan ham xarakterlanadi. Ushbu davrning asosiy figurasidan biri Kebekxon (1318–1326) bo‘lib, uning faoliyati Movarounnahrni parchalangan harbiy-ma’muriy hududdan yagona va suveren iqtisodiy makonga aylantirishga qaratildi. Bularning markazida Kebekxonning hijriy 718–725-yillarda (Grigorian taqvimi bo‘yicha 1318–1326-yillar) amalga oshirgan pul islohoti bo‘lgan. Bu islohot mintaqa tarixida mo‘g‘ul bosqinidan keyingi birinchi tizimli monetar islohot bo‘lib, u mintaqaning keyingi ikki asrlik iqtisodiy hayotini belgilab berdi. Uzoq vaqt davomida tarixshunoslik bu davrni Eron yoki Xitoy manbalari prizmasidan o‘rganib kelgan; ammo zamonaviy numizmatik tadqiqotlar bizga bu voqealarga yangi nuqtayi nazardan qarash imkonini beradi.

 

 

XIII asr oxiri va XIV asr boshlarida Movarounnahrda pul muomalasi o‘ta tarqoq va nazoratsiz bo‘lgan. Mintaqada asosan “Mas’udbek” dirhamlari deb ataladigan turli xil og‘irlikdagi eskirgan tangalar “ishlardi”. Bu holat savdo rivojlanishiga to‘sqinlik qildi va yangi paydo bo‘layotgan suveren davlatning iqtisodiy poydevoriga putur yetkazdi. Chig‘atoy ulusi o‘zining mustaqil pul birligiga ega bo‘lmagani sababli, “Mas’udbek” pulidan tashqari bozorlarda turli xil og‘irlikdagi, sifatsiz va xususiy shaxslar yoki mahalliy hokimlar tomonidan zarb etilgan tangalar muomalada edi. XIII asr o‘rtalaridan boshlab “kumush inqirozi” natijasida kumush tangalar muomaladan chiqib ketgan yoki ularning tarkibidagi sof metall miqdori keskin kamaygan. Har bir shahar yoki tuman o‘zining og‘irlik standartiga ega bo‘lib, bu trans-regional savdoni qiyinlashtirar va inflyatsiyani keltirib chiqarardi. Y.A.Davidovich ta’kidlaganidek, 1321-yilgacha bo‘lgan davrda “pul – bu metall vazni” tamoyili amal qilgan bo‘lsa, Kebekxon mazkur tizimni “pul – davlat kafolati” darajasiga ko‘tarishni maqsad qildi.

 

Kebekxon bu muammoga tizimli va bosqichma-bosqich yondashdi. Yondashuv Sharqdagi o‘rta asr davlat islohotlariga xos bo‘lib, ular kamdan-kam hollarda bir kechada amalga oshirilgan. Kebekxon davri tangalarini chuqur o‘rgangan numizmat olimlar islohotning uchta asosiy bosqichda amalga oshirilganini ta’kidlaydilar:

 

Birinchi bosqich (718-hijriy/1318): Buxoroda kumush tangalar (dinorlar) zarb qilinishi boshlanadi. Bu tangalar taxminan sakkiz gramm og‘irlikda edi, ammo keng remedium (ruxsat etilgan vaznga bardoshlilik) bilan ajralib turardi, ba’zan me’yordan 0,5 gramm yoki undan ko‘proqqa oshib ketardi.

 

Ikkinchi bosqich (722-hijriy/1322-dan): Nominal tizimni tizimlashtirish. Buxoroda dinorlar uchun qat’iy vazn standarti (taxminan 8 g) o‘rnatildi va kumush dinorning 1/6 qismiga teng, taxminan 1,36 g og‘irlikdagi dirhamlar joriy etildi.

 

Uchinchi bosqich (725-hijriy/1325-dan): Islohot boshqa zarbxonalarga ham tarqaldi. Yangi dinorlar va dirhamlar zarb qilinishi Samarqandda, keyin esa boshqa markazlarda boshlandi. Bu davrdagi tangalar xalq orasida keyinchalik ham Kebekxon nomi bilan – “Kebakiy” deb yuritila boshlandi. Bu tizim Chig‘atoy ulusining keyingi xonlaridan biri Tarmashirinxon davrida (1326–1335) yanada rivojlantirildi. Natijada, Kebekxon boshlab bergan mintaqaviy islohot milliy islohotga aylandi.

 

Zamonaviy tadqiqotlar, xususan, tanga kumushining rentgen-fluoressensiya tahlili islohotdan oldingi va keyingi tangalarning metall sifati bo‘yicha yangi ma’lumotlarni beradi. Kebekxon davriga aloqador tangalar numizmat olimlar tomonidan uch guruhga bo‘lib taqqoslandi. Bu – islohotdan oldingi dirhamlarning ikki guruhi hamda Samarqand va Buxorodan olingan islohotdan keyingi “Kebakiy” dirhamlarining bir guruhi. Rentgen-fluoressensiya tahlili shuni ko‘rsatdiki, islohotdan oldingi tangalardagi kumush miqdori “o‘ndan bir qismi” (to‘qqiz qism kumush va bir qism aralashmalar bilan qotishma) terminologiyasiga mos keladi. Islohotdan keyingi Samarqand va Buxorodan olingan “Kebakiy” dirhamlaridagi kumush miqdori “o‘ndan o‘ngacha” darajasida ekanligi aniqlandi. Bu esa aslida “sof” kumushdan foydalanilgani, islohotdan keyin tanga-pullar metalining sifati sezilarli darajada yaxshilanganini ko‘rsatadi. Kebekxonning “kebakiy” kumush tangalarining tarkibi yuqori darajada ekani “Gresham qonuni” (yomon pul yaxshi pulni siqib chiqarishi)ning oldini oldi va yangi pulga bo‘lgan ishonchni oshirdi.

 

Institutsional asos sifatida yagona, yuqori sifatli va to‘liq amal qiladigan pul tizimining joriy etilishi xonning markazlashgan hokimiyatining aniq ifodasiga aylandi. Tangalarning sifatini yaxshilash va standartlashtirish ulus ichida ham, xalqaro savdo yo‘llarida ham pulga ishonchni tikladi. “Kebakiy” dinorlari ishonchli ayirboshlash vositasiga aylandi va Movarounnahr orqali Buyuk Ipak yo‘lining tiklanishiga yordam berdi. Kebekxon islohotining inqilobiy jihati shundaki, u butun ulus uchun yagona og‘irlik va nominal standartini joriy etdi.

 

Sharqdagi o‘rta asr milliy pul islohotlari deyarli hech qachon qisqa fursatda amalga oshirilmagan, ayniqsa to‘liq qiymatli pullar (kumush yoki oltindan yasalgan) muomalaga kiritilganda. Ba’zan kelajakdagi islohotning “sinov” versiyasi davlatning faqat bitta mintaqasida tanga zarb qilishdagi o‘zgarishlar bo‘lar edi.

 

Islohotning muvaffaqiyati zarbxonalar faoliyatining qat’iy davlat nazoratiga olinishi bilan ham bog‘liq bo‘lgan. Kebekxon davrida Samarqand, Buxoro, Termiz va yangi barpo etilgan poytaxt – Qarshi shaharlarida markaziy zarbxonalar tashkil etildi. Tangalarda birinchi marta Buyuk Qoon (Pekin) nomi butunlay olib tashlanib, xonning suveren maqomini bildiruvchi “Sulton al-Adil” (“Adolatli sulton”) unvoni bitila boshlandi. Bu numizmatik jihatdan ulusning Yuan imperiyasidan iqtisodiy mustaqilligini e’lon qilishi edi.

 

Kebekxon joriy etgan pul tizimi tezda xalqaro e’tirofga erishdi. “Kebakiy” dinorlari Oltin O‘rda, Elxoniylar Eroni va Hindiston bilan bo‘lgan savdo aloqalarida asosiy valyuta vazifasini o‘tadi. Ibn Battuta o‘z sayohatnomalarida Movarounnahr bozorlaridagi pullarning barqarorligi va qimmatini alohida ta’kidlab o‘tadi. Bu barqarorlik Buyuk Ipak yo‘li orqali keladigan kumush oqimini tartibga soldi va Movarounnahrni mintaqaviy moliya markaziga aylantirdi.

 

Kebekxon pul islohoti shunchaki iqtisodiy chora emas, balki mintaqaviy davlatchilikning poydevori edi. Amir Temur va Temuriylar davrida ham “kebakiy” atamasi pul birligi sifatida ishlashda davom etdi. Hatto keyingi o‘rta asrlarda ham Movarounnahr pul tizimi Kebekxon o‘rnatgan vazn standartlariga asoslangandi. Mazkur pul islohoti Chig‘atoy ulusining iqtisodiy jihatdan ham mustaqilligini amalda (de-fakto) tasdiqlagan eng kuchli vosita hisoblanadi.

 

1318–1326-yillar oralig‘ida bosqichma-bosqich amalga oshirilgan pul islohoti Kebekxonning uzoqni ko‘zlagan siyosiy irodasining natijasidir. “Kebakiy” dinorlarining joriy etilishi Movarounnahrda monetar anarxiyaga chek qo‘ydi, iqtisodiy suverenitetni mustahkamladi, o‘troq sivilizatsiyaning yuksalishiga xizmat qildi. Ushbu islohot tajribasi Movarounnahrning keyingi asrlardagi iqtisodiy qudrati uchun institutsional baza bo‘lib xizmat qildi va mintaqaviy davlatchilik evolyutsiyasida muhim burilish nuqtasi bo‘lib qoldi.

 

Shahlo MAXAMOVA,

mustaqil tadqiqotchi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Mafkura

18:01 / 20.01.2026 0 864
Biz uchun Vatan nomusdir – Duginlarga javob





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//