Bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlar va kundalik suhbatlarimizda “feminizm” atamasi bahs va munozaralarga sabab boʻlayotgan mavzulardan biriga aylandi. Afsuski, koʻp hollarda bu tushuncha jamiyatimizda salbiy boʻyoqlarda talqin qilinadi. Koʻpchilikning tasavvurida feminist ayol bu –erkakni hurmat qilmaydigan, farzand koʻrishni istamaydigan, faqat oʻz erkinligini oʻylab, oilani buzishga harakat qiladigan shaxs sifatida gavdalanadi. Aslida, feminizmning mohiyati ayolni erkakka qarshi qoʻyish emas, balki ayolning ham inson sifatida huquqlarini, uning taʼlim olishi, mehnat qilishi va oilada hurmat qilinishini taʼminlashdir. Feminizm oilaga qarshi emas, balki oiladagi adolatsizlikka, zoʻravonlikka va ayolning shaxsiyati kamsitilishiga qarshidir. Quyida biz feminizm va oila oʻrtasidagi munosabatlarni tahlil qilamiz hamda keng tarqalgan stereotiplarning asossiz ekanini koʻrib chiqamiz.
Feminizm kimningdir xohishi bilan oʻylab topilgan mafkura emas, balki ayollarning asrlar davomida duch kelgan adolatsizliklariga nisbatan tabiiy reaksiyasidir. Uning paydo boʻlishi bir nechta muhim bosqichlarni bosib oʻtgan. Birinchi qadam: taʼlim va ovoz berish huquqi. Bundan bir-ikki asr avval ayollar nafaqat saylovlarda qatnasha olmagan, balki ularga oliy maʼlumot olish ham taqiqlangan. Feminizmning ilk vakillari ayolni buyum emas, balki fikrlaydigan, jamiyat rivojiga hissa qoʻsha oladigan shaxs sifatida tan olinishi uchun kurashgan. Ikkinchi bosqich: mehnat va iqtisodiy erkinlik. Ayollar ishlasa-da, ularga erkaklardan ancha kam maosh toʻlangan. Feminizm ayolning oʻz mehnatiga yarasha haq olishi va iqtisodiy jihatdan birovga qaram boʻlmasligini maqsad qilgan. Uchinchi va toʻrtinchi bosqich: shaxsiy daxlsizlik va ijtimoiy hurmat. Bu bosqichda ayollarning oiladagi va jamiyatdagi oʻrni, ularga nisbatan zoʻravonlikni toʻxtatish va shaxsiy chegaralarini himoya qilish masalalari oʻrtaga chiqdi. Feminizm paydo boʻlgan davrda ayol hatto oʻz mulkiga egalik qilolmagan, eri yoki otasining ruxsatisiz hech qanday qaror qabul qila olmagan. Demak, bu harakatning asl maqsadi erkaklarning oʻrnini yoʻq qilish emas, balki ayolni ham inson sifatida qadrlanishiga erishish boʻlgan.
Koʻpchilik feminizm oilaviy rollarni aralashtirib yuboradi va bu oilaning buzilishiga olib keladi, deb qoʻrqadi. Aslida hurmat qoʻrquvga asoslanmaydi. Anʼanaviy qarashda ayol eridan qoʻrqqani uchun itoat qilishi kerakdek tuyuladi. Feminizm esa oiladagi hurmat qoʻrquvga emas, balki oʻzaro anglashuv va tenglikka asoslanishini targʻib qiladi. Erini shaxs sifatida hurmat qiladigan ayol qoʻrquv bilan itoat qiladigan ayoldan koʻra sodiq va samimiyroq boʻladi. Feministik qarashdagi oilalarda roʻzgʻor ishlari va farzand tarbiyasi faqat ayolga tashlab qoʻyilmaydi. Bu esa ayolning charchab, ruhiy tushkunlikka tushishining oldini oladi va oilaviy muhitni sogʻlomlashtiradi.
Eng katta yanglishishlardan biri – feminist ayollar tugʻishni istamaydi, uy ishlarini qilmaydi, degan qarashdir. Aslida, feminizm ayolning tabiatiga yoki onaligiga qarshi emas, u ayolning majburiy tanlovsizligiga qarshi. Feminizm ayol kishiga faqatgina reproduktiv mashina (farzand dunyoga keltiruvchi vosita) sifatida qaramaslikni talab qiladi. Agar ayol uyda oʻtirib, farzand tarbiyasi bilan shugʻullanishni oʻz xohishi bilan tanlasa, bu uning huquqi va bu tanlov hurmat qilinishi kerak. Muammo ayolning fikri soʻralmasdan, uning salomatligi va xohishi inobatga olinmasdan majburlanganida boshlanadi. Koʻp hollarda ayol farzandli boʻlgach, butunlay ijtimoiy hayotdan uzilib qoladi. Feminizm davlat va jamiyatdan onalar uchun sharoit yaratishni (bolalar bogʻchalari, onalar uchun imtiyozlar, ish joyida qulayliklar) talab qiladi. Yaʼni, ayol “farzand yoki karyera” degan tanlov qarshisida qolmasligi kerak. Feminizm uyda ovqat qilish, idish yuvish yoki tozalik ishlarini faqat ayolning vazifasi deb hisoblamaydi. Bu ishlar ikki inson yashayotgan xonadondagi umumiy ehtiyojdir. Er va xotinning bu ishlarni boʻlishib olishi ayolning zimmasidagi ruhiy va jismoniy yukni kamaytiradi, bu esa oiladagi muhitni sogʻlomlashtiradi.
Koʻpincha “Ayol koʻp pul topsa, erini mensimay qoʻyadi” deyishadi. Bu juda yuzaki va qoʻrquvga asoslangan fikr. Pul topadigan ayol erini mensimay qoʻymaydi, balki u bilan muammolarni teng darajada hal qiladigan sherikka aylanadi. Bunday oilalarda qarorlar “men pul topyapman, mening aytganim boʻladi” qabilida emas, balki maslahatlashuv asosida qabul qilinadi. Feminizm oilani buzish emas, balki uni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish haqida ham qaygʻuradi. Zamonaviy oila – bir tomonlama hukmronlik emas, balki ikki erkin va baxtli insonning ixtiyoriy ittifoqi.
Uzoq asrlar davomida qiz bola tarbiyasi deganda uni uy-roʻzgʻor ishlariga oʻrgatish, pazandalik va eng asosiysi sabrli va itoatkor boʻlishi tushunib kelindi. Albatta, roʻzgʻor tutish yomon emas, lekin qiz bolaning butun hayoti faqat shundan iborat boʻlishi uning shaxsiyatini cheklab qoʻyadi. Qizlarga berilgan taʼlim ularning kelajakdagi suyanchigʻi ekan, ota-onalar qizlariga “oʻqib shahar olib berarmiding” deb emas, balki “oʻqisang, huquqlaringni taniysan, hayotda adashmaysan va farzandlaringga munosib tarbiya berasan” deya anglatishlari kerak. Anʼanaviy tarbiyada qiz boladan doim jim turish va kattalar nima desa, shunga rozi boʻlish talab etiladi. Feministik tarbiya esa qiz bolani oʻz fikrini odob bilan bayon qilishga, kerakli joyda yoʻq deyishga va shaxsiy chegaralarini himoya qilishga oʻrgatadi. Bu uni kelajakda oiladagi zoʻravonlik va kamsitishlardan asraydi. Qiz bolani faqat birovning xasmi deb emas, balki oʻz oyogʻida mustaqil tura oladigan shaxs qilib tarbiyalash lozim. Bu eriga qarshi chiqish uchun emas, balki hayotning kutilmagan sinovlari (ayriliq, kasallik, iqtisodiy inqiroz)da oilasini va oʻzini saqlab qolish uchun kerak. Shu bois feminizm qizlarning fan, texnologiya, boshqaruv yoki sanʼat sohasidagi intilishlarini erkaklar bilan teng qoʻllab-quvvatlashni nazarda tutadi.
Jamiyatda erkaklar zimmasiga ham ayollarnikidan kam boʻlmagan ijtimoiy qoliplar yuklangan. Feminizm ayni qoliplarni sindirish orqali erkaklarga yengilliklar berishni nazarda tutadi. Anʼanaviy jamiyatda erkak – yagona boquvchi degan tushuncha bor. Bu erkak kishini tinimsiz ishlashga, sogʻligʻini yoʻqotishga va doimiy stressda yashashga majbur qiladi. Agar ayol kishi ham iqtisodiy faol boʻlsa, oila byudjeti uchun masʼuliyat ikkiga boʻlinadi. Bu erkakning yelkasidagi ogʻir yukni yengillatadi va unga ham dam olish, oʻz ustida ishlash yoki xobbilari bilan shugʻullanish uchun imkoniyat yaratadi. “Erkaklar yigʻlamaydi”, “Erkak kishi zaifligini koʻrsatmasligi kerak” degan qarashlar ularning ruhiy salomatligiga jiddiy zarar yetkazadi. Ichga yutilgan tuygʻular erta oʻlim, yurak kasalliklari va agressiyaga sabab boʻladi. Feminizm erkak kishining ham inson ekanini, uning ham qoʻrqish, xafa boʻlish yoki yordam soʻrashga haqqi borligini tan oladi. Bu esa ruhiy muvozanatni taʼminlaydi. Koʻpincha otalar faqat pul topuvchi shaxs sifatida koʻriladi va ular farzandlarining ulgʻayishida ishtirok eta olmaydilar. Feminizm esa uy ishlari va bola tarbiyasini umumiy masʼuliyat deb biladi. Bu otalarga oʻz farzandlari bilan yaqinroq boʻlish, ularning dunyoqarashini shakllantirishda bevosita qatnashish va farzand mehridan toʻliq bahramand boʻlish imkonini beradi. Qoʻrquv va boʻysunishga asoslangan oilada hech qachon chin samimiyat boʻlmaydi. Agar ayol kishi erini pul manbai yoki xoʻjayin deb emas, balki teng huquqli doʻst va sherik deb bilsa, bunday oilada mehr, ishonch kuchliroq boʻlishi haqiqatga yaqin. Erkak kishi uyida diktator emas, balki tushuniladigan va qadrlanadigan insonga aylanadi. Feminizm – erkaklar va ayollar oʻrtasidagi urush emas, bu ikki insonning bir-birini kamsitmasdan, bir-birining shaxsiyatini hurmat qilgan holda baxtli yashashi uchun kurash.
Bilimli va huquqini biladigan ayol erkak uchun xavf emas, ishonchli doʻst, oqila maslahatchi va kuchli hamkordir. Sogʻlom jamiyat faqat bir jinsning ustunligi bilan emas, balki har ikki tomonning uygʻunligi bilan quriladi. Milliy tariximizda ayollar nafaqat uy bekasi, balki davlat arbobi, shoira va jangchi boʻlgan. Toʻmarisning jasorati yoki Nodirabegimning maʼrifatparvarligi oʻzbek ayolining azaldan kuchli shaxs boʻlganidan dalolat beradi. Feminizm ayollarni mana shunday asl ildizlariga qaytarishga, ulardagi salohiyatni roʻyobga chiqarishga xizmat qiladi. XX asr boshidagi jadid bobolarimiz aynan ayollarning taʼlim olishi, jamiyatda faol boʻlishi va zulmdan ozod boʻlishi uchun kurashgan. Ular ayol bilimli boʻlmas ekan, millat rivojlanmasligini juda yaxshi anglagan. Demak, ayollar huquqi uchun kurashish biz uchun yot gʻoya emas, balki ziyolilarimiz boshlab bergan harakatdir.
Koʻp hollarda diniy tushunchalar va feminizm qarama-qarshi qoʻyiladi. Aslida esa, Islom dini ayolning mulkka egalik qilish, merosga egalik qilish, taʼlim olish va nikohda roziligini berish huquqlarini kafolatlagan. Feminizm ham aynan mana shu huquqlarning amalda ishlashini, ayolning hurmat qilinishini va unga nisbatan zoʻravonlik qilinmasligini talab qiladi.
Agar ayol kishi oilada oʻzini xavfsiz his qilsa, qadrlansa va shaxs sifatida tan olinsa, u oilani hech qachon buzmaydi. Aksincha, oʻsha oila uchun butun borligʻini baxsh etadi. Feminizm – oilaning dushmani emas, uning himoyachisidir. Chunki faqat baxtli ayolgina komil farzandlarni tarbiyalay oladi va yuksak jamiyatni qura oladi.
Nodirabegim IBROHIMOVA
Til
Tarix
Mafkura
Tarix
Tarix
Mafkura
Vatandosh
Jarayon
Tarix
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Din
Til
//
Izoh yo‘q