Ijtimoiy tarmoqlarda bir yozuvga koʻzim tushdi: “Shum bola”ni bekor oʻqibman, Gʻafur Gʻulom sotqin ekan”. Afsuski, keyingi paytda yoshlar orasida bunday fikrlar koʻp aytilmoqda. Hamid Olimjon, Gʻafur Gʻulom, Oybek hatto Qodiriyni dinga qarshiligini roʻkach qilib chiqishdi. Hatto Navoiy hazratlariga ham tosh otayotganlar yoʻq emas. Yoshlar orasida rad etish, voz kechish kayfiyati sezilarli darajada ekanligi masalaga hushyorroq qarashga undaydi. Shu orada Xurshid Doʻstmuhammadning “Qahr” qissasi eʼlon qilindi. Muallif yondashuvidagi kutilmagan va koʻnikilmagan taqdim usuli bahs maydonini yanada kengaytirdi. Ulugʻbek Hamdamning ijtimoiy tarmoqlardagi vazmin va xolis fikrlari, Musulmon Namozning asar yuzasidan tahlillari, Talant Bekning keskin ruhdagi mulohazalari adabiy jarayon sukunatni buzganday boʻldi. Ha, bugun adabiy bahslar matbuot sahifalaridan ijtimoiy tarmoqlarga koʻchgani bor gap. Jamoatchilik orasida fikriy tebranishlarni paydo qilish muallif maqsadining bir qismi, nazarimizda. Chunki muallif adabiy jamoatchilik Abdulla Qahhor shaxsiyati bilan bogʻliq asarni “silliqqina” qabul qilmasligini bilgan boʻlsa kerak. Xoʻsh, bu asar borasida nega kelisha olmadik? Oʻzimiz turgan maydonni haq dedikmi, yoki bahslarda aytilganidek, sigʻingan “maʼbud”larimizdan yuz oʻgirish ogʻirroq kechdimi?
Jamoatchilik orasida A.Qahhor haqida mavjud turgʻun tasavvur borligi bois asar yuzasidan bahs yuzaga keldi. Taraflar aniq, fikriy boʻlinish obyektlari – qahhorchilar va antiqahhorchilar. Fikriy tortishuvlar – ijobiy hodisa, yangilanish debochasi. Qahhorni oqlovchilar anʼanaviy qadriyatlarni yoqlovchilar, antiqahhorchilar – koʻnikilgan meʼyor chegaralarini yangilash umididagi fikrlovchilar. Munozaralarda xolislikdan toyib, hissiyotga berilib biryoqlama qarashni mahkam tutish tafakkurimizdagi oʻlchovlarning qolipdan chiqib keta olmayotganidan xabar beradi. Oqlamang, qoralamang... boricha qabul qilish tarafdorimiz. Qahhorning yutugʻi va yutqizigʻi zamondoshga Ibrat.
“Qahr” qissasi eʼlon qilingach, Farrux Jabborbek tomonidan muallif ishtirokida mazkur asar muhokamasiga bagʻishlangan adabiy klub tashkil qilindi. Odatda bunday uchrashuvlarda muallif tomonidan “yollangan” yoki tayyorlanganlar maqtov, hamd-u sano, oxirda bir chimdimgina ogʻrintirmaydigan tanqid bilan siylashadi. Bu noodatiy uchrashuvda esa qiziquvchilar muallif bilan yuzlashib, fikr bildirishdi. Yaqin oʻrtada bunday jonli va samimiy uchrashuvga guvoh boʻlmagandim. Munozara tarzidagi uchrashuvda fikrimizni keskinroq tarzda bildirdik. Tajribali yozuvchining tanqidiy ruhdagi bahsda shaxsan ishtiroki hamda adabiyot tarixidagi ziddiyatli shaxs qismatini markaziy oʻringa olib chiqishi muallif siyratida hanuz biz bilmagan jihatlarga ishora qiladi.
M.Namoz maqolasida A.Qahhor shaxsi haqidagi ustoz N.Karimov tomonidan aytilgan dalilsiz, tusmol gaplarga qoʻshilib boʻlmaydi. Maqola muallifi sanab oʻtgan “afsona”lar ham eskirgan dardning yangilanishiday boʻlibdi. Bahsli mulohazalar. “Qahr”ning qahriga oʻt qalashdan boshqa narsa emas. Toʻgʻri, bu davrni bilishda akademik olimga yetadigani yoʻq. Uzoq yillar davlat arxivlarida ishlagan ustoz bu davr haqida koʻzyoshsiz gapirmasdi. N.Karimov “Choʻlpon”, “Oybek va Zarifa”, “Mirtemir”, “Maqsud Shayxzoda” nomli maʼrifiy-biografik romanlarni eʼlon qildi. Domla Qodiriy va Qahhor haqida u qadar ochilib soʻzlamasdilar. Ustozning Qahhorga munosabati oʻta keskin edi. Juda koʻp xotiralarni aytib berganlar. Asos maʼlumot “Botir gapchilar” atrofida edi. “Nega Qodiriy haqida yozmaysiz, domla?” degan koʻp savol berganman. Ustoz hech qachon ochiq javob bermadi va bu haqda keyin ham yozmadi. Sababi aytilmagan, izohlanmagan. Ustoz Oybekka koʻproq urgʻu berar, baʼzan Qodiriydan ham yuqoriga qoʻyishni istardi. “Yolgʻiz” (Abdulla Qodiriy) va “Qahr” (Abdulla Qahhor) haqida yozish Xurshid Doʻstmuhammadga nasib qilgan ekan. X.Doʻstmuhammad ham davlat arxivida bir muddat ustoz bilan birga ishlagan. Balki koʻp hujjatlari koʻrgandir. “Qahr”ning xamirturushi oʻsha yillarda undirilgan boʻlsa ajabmas...
Muallif nima uchun bu ogʻriqli va murakkab mavzuga qoʻl urdi? Yozuvchi ijodiy konsepsiyasi asosida tafakkur qilinsa, shakllangan “qolip”larni buzish, mezonlarni yangilash, tabuga aylangan tushunchalardan voz kechish orqali millat tafakkurida yangilanish paydo boʻlishiga umidvorlik hissi yetakchilik qiladi. Ammo yangilanish faqat rad etish bilan bogʻliqmi, degan haqli savol tugʻiladi. Nega aynan Qahhorni rad etish? Kim omon qolar ekan bu mudhish davrning silqib turgan yaralarini ochib tashlasak?
Asarda murod haqni aytishmi yoki fosh etish? Bugun u davrning tahlikali va qaltis manzarasini tasavvur etish qiyin. Biz oʻzimiz oʻsha lahzalarda haqni ayta olarmidik? Yoki bugun haqni aytish uchun jurʼatimiz yetyaptimi? Muallifning muammoga yondashuvi va masalani yoritishdagi munosabat shakli munozaraning asosiy sababidir.“Qahr” matniga razm solinsa, haqni aytishdan koʻra fosh etish hissi ustunlik qiladi. Qahramon taʼrifidayoq muallif pozitsiyasi ochiqlanadi: “Hayotning oʻt-otash choʻgʻidan uzilmagan tovasida qovrilgan odam u. Shunchalar qovrilganki, sirtida sezilmasa-da, ichi-vujudi qat-qat qorayib, kuyib ketgan. Yumshoqroq qilib aytganda, obdan toblangan-pishgan. Ha, u oʻzi oʻxshatib tasvirlagan Babar, Qobil bobo yoki boshsiz Faxriddin emas! Qahhor – u, Qahhor!” Qahramonga nisbatan berilgan taʼrifda xolislikdan koʻra iddao, pisanda ohangi kuchliligini anglash qiyin emas. Babar va Qobil bobolarday noshud emas, u “obdan toblangan-pishgan”. Lekin Qahhor turgan vaziyat Qobil bobonikidan kam emas-ku! Holbuki, bu holatni muallif eʼtiborga olmaydi. Qahramonning “ichi-vujudi qorayib, kuyib ketgan” gunohlardan qorayganmi yoki nadomatdanmi? Muallif azbaroyi qoralikni kuchaytirish uchun “oʻt-otash”, “ichi-vujudi, qat-qat”, “obdan toblangan-pishgan” birikmalarida soʻzlarni juftlab, takrorlab qoʻllaydi. Goʻyo “oʻt” maʼnoni yetarlicha ochmaydi, unga “otash”ni qoʻshsa, maʼno bilan birga harorat ham kuchayadigandek. “Qorayib” ketgan “ich-vujud”ning qatlariga xolisroq nazar solinsa, qahramon fojiasining zalvori ortardi. Asarda Qahhor shaxsini his qilishdan koʻra uni ayblash hissi yetakchilik qiladi.
Biografik yoʻsindagi asarlarda toʻqima obrazlar cheklanadi, hujjatlilik yetakchilik qiladi. Janr talabi shuni taqozo qiladi. Qissada hujjatlilikka toʻliq amal qilinganmi, sirli faktlar oydinlashganmi? Asarda mashhur yozuvchi hayotining bir boʻlagi, yaʼni umr nihoyasi tasvirlanadi, uning oilaviy hayoti, yashash tarzi, tutumlari havola qilinadi. Shu bois muhokamalarda fikr adib shaxsiyatiga borib ulanaveradi. Bunday yondashuv janr tabiatidan kelib chiqmoqda. Qolaversa, yuqoridagi taraflarga boʻlinishning asl sababi adib shaxsiga nisbatan munosabat va yondashuvga borib taqaladi.
Abdulla Qahhor – oʻta murakkab va ziddiyatli shaxsiyat. Turli davrlarda u haqida munozaralar boʻlib oʻtganini koʻpchilik eslaydi. Ahmad Aʼzam “Mansur dard” maqolasida Qahhor ruhiyatiga anchayin yaqin keladi, mohiyatni anglaydi, adibga hamdardlik hissi bilan qaraydi. “Kelgindi” tamgʻasining ortidagi psixologik holatlarga teranroq nazar soladi. Adib millat tarixidagi eng qaltis davrda yashab oʻtdi. Tahlikali zamonda kimlar kimni sotmadi? Yaralarni kavlab kim baraka topadi? Bugun Qahhorni inkor qilsak, qotil desak, nima oʻzgaradi, adabiyot tozalanib tafakkur yuksalib ketadimi? Fitna saltanatining qurboniga aylangan qahramon tanlovda adashdi, yoʻlini yoʻqotdi. Haqni aytish shart, inkor qilmaymiz. Lekin qanday usulda aytish muhim. Gap shunda! Hujjatlar tilga kirganda oqlov kuchini yoʻqotadi. “Botir gapchilar” haqidagi hujjatlarni dastaklab haqiqatparast adibni qoralash orqali adolatga erishib boʻlarmikan? Qahhor faqat millatning zarariga ishladimi? Milliy adabiyotga foydasi tegmadimi? Qanchadan qancha isteʼdodlarning ulgʻayishiga yoʻl ochmadimi? Vaziyatni hisobga olmay, zamon nafasini his qilmay ayblab voz kechaversak, kim naf koʻradi: adolatmi, haqiqatmi? Borar yoʻlini yoʻqotgan yozuvchilar sotqinlikni jon saqlash usuli deb bildi. Bu mexanizm shoʻroning bosh oʻyini edi. Afsuski, “oʻyin” qoidalari koʻpchilikni chalgʻitdi, yoʻldan adashtirdi, hayotini yoʻldan chiqardi. Shoʻrolar uyushtirgan siyosiy fitnalardan omon chiqqan kam boʻldi.
Aslida Qahhorning qismati, fojiasi koʻproq mulohazaga chorlaydi. Afsona-yu haqiqatlar oʻz yoʻliga. Qahhor – sindirilgan, alami ichiga qamalgan shaxsiyat. Qahhor qismati – qadrlanmagan “sadoqat”, eʼtiqodning parchalanishi... Adib qismatida bir odamga ogʻirlik qiladigan dard bor, mung bor, ammo bu dardni tilga koʻchirib boʻlmaydi. Qissada shunday deyiladi: “Ichimdagi lahadga koʻmilgan, lahadga! – deya xayolidan kechgan oʻylarini oʻzicha shibbalab “joyladi” va toliqdimi, bir zum oʻtmay bosh chayqadi: – Faqat, faqat mana shu lahadning ogʻzi ochilib ketmoqda!..” Alamlar qalqib chiqsa, iztiroblar boʻy koʻrsatsa, qahramon fojiasining taʼsir kuchi oʻquvchiga ham yuqardi. Imkon boy berilgan.
Asarda Qahhor oilasi samimiyat va ishonchdan mahrum josuslik uyushmasi sifatida tasvirlanadi. Aslida-chi... Kibriyo opa adibni salkam pir-ustoz oʻrnida koʻrganligi ham azbaroyi idoraning talabi emasdir... Oilada nafaqat tilga, balki koʻngilga tushov solingan: “Oila barpo boʻlgan kundan emas, daqiqalardan boshlab oʻrnatilgan temir intizomga binoan biron soniya, biron lahza tilga erk berilmaydi – aslo, zinhor, abad-ul abad”. Oilaviy qadriyat – oʻta shaxsiy, oʻzgalar nazaridan saqlanadigan hudud. Muallif mana shu “qizil chiziqni” bosib oʻtadi. Xonadonda er xotiniga nisbatan “qaltisroq rasmiy idoradagi xizmatdoshiga” qaraganday muomala qilishi oʻta ishonch bilan tasvirlanadi. Muallif fikrini quvvatlantirish maqsadida qahramon tilidan xotinini “oʻgʻri mushuk”, “qargʻa” deb ataydi. “Quv boʻlmay qol! Jon taslim qilishimni kutyaptimikan?”, degan gumonlarni qistirib oʻtadi. Muallif adibning oilaviy tutumlari haqidagi qarashlariga maʼno bermaydi, tafsilot oʻrnida keltiriladi.
Adib yozuvchilar uyushmasida ijodkorlarni kuzatgan, poylaganligi aytiladi: “taftish oʻtkazgan, muhokamaga tortgan, tegishli joylarga taqdim etilgan tegishli xulosalarga tegishli tartibda imzo chekkan. Vazifasi, lavozimi shu tariqa qalb amriga aylangan”. Demak, xoinlik avval xizmat, keyin amal, oxirida butun qalbiga jo boʻlib ketgan. Bu parchani oʻqigandan soʻng Qahhor butun faoliyatini xoinlik qilib oʻtkazgan ekan-da, degan savol paydo boʻladi. Asarga sof adabiy hodisa sifatida qaralsa, bu ayblovlar qanchalik badiiy yuklamaga ega? Shaxs fojiasining asl mohiyatiga yetishga nima toʻsqinlik qilgan: Qahhorning qahrimi yoki “Qahr”ning qahri?
“Abdulla dadasiga havasi kelib yashadi, unga havasi kelib ulgʻaydi. Dadasi esa lenincha, bolshovoycha, stalincha eʼtiqodidan bir odim boʻlsin yuz oʻgirmadi. Dadasining aytgani rost, haqqi rost, axir oddiy temirchining oilasini ochlik, xoʻrlik va muhtojlikdan bolshovoylar xalos etdi. Ulardan yuz oʻgirishni esa nonkoʻrlik deb bildi”. Rostdan havas qildimi otasiga? Quvgʻindi boʻlishning bosh sababi otasi emasmidi... Alamini ichiga koʻmib yashashni u oilasidan meros qilib oldi. Otasining “hunar”idan onasi xabar topgach, uni bu yoʻldan qaytarmoqchi boʻldi, yalindi, akasini chaqirtirdi, foydasi boʻlmadi. Ota zamonga sotildi, badali ogʻir boʻldi. “Oʻtmishdan ertaklar” bunga dalil boʻldi. Uning josuslikka bogʻlanishi otasining himmati emasmi? “Botir gapchilar” ham otasining marhamati bilan bogʻlanmasmikan? Uni balolarga giriftor qilgan ostonaga otasi yoʻllamadimikin... Boshqa yoʻl qoldirmadi-ku! “Oʻtmishdan ertaklar” qanday yakunlangani esingizdami: “Endi nima boʻladi?”
Asarda eʼtirof etadigan oʻrinlar ham bor. Loʻli xotin bilan bogʻliq epizod asardagi muallif topilmasi. Ayol unga bir umr taʼqib qilgan ogʻriqli tamgʻani eslatadi. Ayol bosh qahramon ruhiyatini ochqich personaj sifatida muhim, ammo unga koʻp oʻrin berilmaydi. Muallif psixoanalizga urgʻu beradi: “Ichingga yutilgan alam vaqti kelib zahar-zaqqumga aylanib, tashqariga dud-boʻron boʻlib chiqar ekan. Ana oʻsha zahar-zaqqumlar, dud-boʻronlardan paydo boʻlmaganmikan Abdulla Qahhor?! Qahhorning qattol qahri?!” Moʻljalda adashilmagan, nishon toʻgʻri olingan. Faqat vaziyat va holatlar aytib oʻtiladi, “dud-boʻron”, “zahar-zaqqum” qayerdan kelib oʻrnashganligi ochilmaydi. K.Simonov tomonidan berilgan taʼrifda ham qahramon tabiatidagi ochiqlovchi nuqta nishonga olingan: “Hamisha aytolmaydigan gaplari borday yurardi, ranj-alammi, hasratmi… oʻsha narsa, koʻzlari yumuq holida ham sezilmoqda…”
Abdulla Qahhorning hujjatga koʻra aybdorligi inkor qilib boʻlmas oʻjar fakt. Lekin yana bir fakt borki, bu faktga qarshi “ishlaydi”: 1964-yil A.Qodiriyning 70-yillik yubileyda “Abdulla Qodiriy” sarlavhali maxsus maʼruza matnini tayyorlaydi. Qoʻlyozmada maʼruza matniga chiqarilmagan “Qodiriy – oʻzbek yozuvchilarining amiri” deb yozib qoʻyilgan. Adib Qodiriyning oqlanishga qarshilik qilgan ijodkorlarga qarata: “oʻliklar tirilsa, hozir adabiyotda ishgʻol qilib turgan oʻrni poygaroq boʻlib” qolishidan qoʻrqadi. Holbuki, aytilgan adib va shoirlar safiga qaytsa, hech kimni oʻrnidan turgʻizmaydi, oʻzining boʻsh turgan oʻrniga oʻtiradi, chunki adabiyotda hech qachon birov birovning oʻrnini ola olmaydi”. “Bizning vazifamiz bularning hammasini joy-joyiga oʻtqazib, 20-yillar oʻzbek sovet adabiyoti tarixining goʻzal manzarasini tiklashdir”. Bu vazifa bizga ham tegishli.
Umrining adogʻida Qahhor ruhan iztiroblar ichiga “koʻmilib” ketgan boʻlsa-da, jasadining olis yurtda qolib ketishini istamaydi. Janozasiz, kafansiz ketishdan xavotiri asosli edi. “Gʻafur aka bilan Shayxning yonida boʻsh joy boridi, toʻgʻrimi?..” Oxirat umididan ayrilmagan adibning iztiroblari bu! Zotan, bu qissadagi xarakter mantigʻiga mos kelmaydi.. Sababi, asarda shaxs TAVBAsiga emas, qahramon oʻziga ilashgan dardning ildizini bilishga va “kerakli idoraning keraksiz odami”ga aylanishidan ozorlanishiga urgʻu beriladi. Muallifning masalaga yondashuvi Qahhorning istigʻforga kelish jarayonini ochib berishga monelik qiladi. Yozuvchi Qahhor qismatiga munosib ifoda topa olgan: “Ermak qilingan taqdir”...
Asarda qahramon hayotining soʻnggi lahzalari shunday tasvirlanadi. “Saidiy ham oʻxshamadi, oʻzim istaganday yozolmadim. “Saidiy kim? Girdobga gʻarq boʻlgan odam u. Romanni qayta yozaman, u “Sarob” emas, “Girdob”! Xarakter mantigʻi yetarli dalillanmagani uchun mazkur fikr Qahhorga emas, muallifga tegishli ekanligi sezilib turadi. Asarda bir yoqlama yondashuv ustun, posangi toʻgʻri qoʻyilmagan. Qahramon shaxsiyatni ochiqlovchi oq va qora ranglar mutanosibligi saqlanmagan. Qora ranglarning quyulib ketishi, ayblov ohangining ortib borishi oʻquvchini malollantiradi. “Qahr”da qahramonni tushunish, hamdardlik hissini uygʻotishga urinishni sezish qiyin.
A.Qahhor mansub avlodning fojiasini, bitmas yaralardan qolgan chandiq izlarini hujjatlar asosida oʻrganish, haqiqatlarni xolis baholash ehtiyoji bor. Ilm ehtirosdan saqlanishni talab etadi. Zero, “Qahr” dan soʻng ham A.Qahhorning adabiyotdagi oʻrni oʻzgarib qolmaydi, nazarimizda. Millatning badiiy-estetik tafakkurida oʻzgarishlar sodir boʻlsa, balki munosabat oʻzgarar... Vaqt soʻzini aytadi.
“Qahr” qissasi bilan X.Doʻstmuhammad tafakkurimizda mavjud tushunchalarga bir turtki berib koʻrdi. Asarda tarixiy-adabiy shaxs siymosi toʻliq pishib yetilmagan boʻlsa-da, muhimi, bu zarb berildi. Adib goʻyoki: “Qani, koʻraylik-chi, milliy adabiy tafakkurimiz bunday zarbga tayyormikan?” demoqchidek.
Fokus nuqta faqat Qahhorga emas, uni shu koʻylarga solgan zamonga, tarixiy vaziyatga va siyosiy tuzumga qaratilganda, Qahhor qaytadan kashf etilardi. Qahhorning qahridan mehr undirsa, fojianing ildizlariga nazar solinsa, uni yuzaga keltirgan omillar ochib berilsa, ijod maʼrifati va badiiyati toʻlaqonli namoyon boʻlardi...
Adabiyot – oʻz-oʻzini himoya qila oladigan tirik organizm. Oʻziga daxldor boʻlgan hodisotlarni esa hech qachon inkor qilmaydi. Abdulla Qahhor, shubhasiz aytish mumkin, adabiyotga daxldor siymo. Uning inson sifatida davr zugʻumlari ostida qilgan xatolarini dastalab millat adabiyoti yoʻlida qilgan xizmatlaridan koʻz yumib boʻlmaydi. Qahhor aytganidek, adabiyot maydonida “hech qachon birov birovning oʻrnini ola olmaydi”.
Sanobar TOʻLAGANOVA,
adabiyotshunos
Tarix
Til
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Mafkura
Tarix
Vatandosh
Jarayon
Tarix
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Din
Til
//
Izoh yo‘q