Oʻrta asrlarda dunyo xaritasida paydo boʻlgan eng yirik imperiyalardan biri – Moʻgʻullar davlati edi. Chingizxon asos solgan bu saltanat qisqa vaqt ichida Osiyodan Yevropagacha choʻzilgan ulkan hududni egalladi. Tabiiyki, bunday katta hududni boshqarish juda murakkab bo‘lgan. Shuning uchun Moʻgʻullar davlati bosib olingan yerlarni bir necha qismlarga – uluslarga boʻlib boshqargan.
Ana shunday uluslardan biri – Xitoyda tashkil topgan va tarixda Yuan sulolasi yoxud imperiyasi nomi bilan tanilgan moʻgʻul sulolasidir. Bu davlatda turli xalqlar yashagan bo‘lib, ular orasida uygʻurlar alohida oʻrin egallagan. Ular nafaqat imperiyaning fuqarolari, balki boshqaruvda ham faol ishtirok etganlar.
Moʻgʻullar jangovar, kuchli va harbiy qobiliyatli xalq boʻlsa-da, lekin yozuv, hujjat yuritish, moliyaviy ishlar va boshqa boshqaruv masalalarida tajribasiz edilar. Ana shunday vaqtda ular uchun savodli, tajribali, madaniyatli xalqlar kerak edi. Shu paytda uygʻurlar ularning eʼtiborini tortdi.
Uygʻurlar – qadimdan savodli, oʻz yozuviga ega, davlat boshqaruvini yaxshi tushunadigan xalq boʻlishgan. Moʻgʻullar ularning xizmatidan foydalanishni toʻgʻri deb topishdi va ularni imperiya ishlariga jalb qilishdi.
Uygʻurlar Yuan imperiyasida turli sohalarda faoliyat yuritishgan. Jumladan, davlat boshqaruvida, turli idoralarda ishlaganlar. Ular soliq yigʻish, hujjat yuritish, qonunlar ishlab chiqish kabi masʼuliyatli vazifalarni bajargan. Moʻgʻullar oʻz yozuv tizimini uygʻur yozuvidan olgan. Rasmiy hujjatlar, buyruqlar aynan shu yozuv asosida tuzilgan. Uygʻurlar esa yozuvchilar, tarjimonlar sifatida saroyda xizmat qilganlar.
Madaniyat va maʼrifatda uygʻurlar bagʻrikeng boʻlib, buddaviylik, moniylik kabi dinlarga eʼtiqod qilishgan. Ularning madaniy merosi Yuan saroyida qadrlangan. Uygʻur olimlari, ziyolilari saroy hayotida muhim oʻrin tutganlar.
Uygʻurlar savodli boʻlgani uchun taʼlim tizimida ham oʻrni yuqori boʻlgan. Koʻplab uygʻur ustozlar va kotiblar imperiyada xizmat qilgan. Ular moʻgʻullarga (ayniqsa hukmron qatlam vakillarining bolalariga) yozuv, hisob-kitob, hujjat yuritishni oʻrgatganlar.
Chingizxon uygʻurlarni qadrlagan. Hatto ayrim tarixiy manbalarda aytilishicha, u ularni “katta birodarlarimiz” deb atagan. Moʻgʻullar uygʻurlarni oʻzlariga sodiq, ishonchli deb bilishgan. Uygʻurlar ham oʻz navbatida majburiy yoki ixtiyoriy boʻlsa-da, moʻgʻul hukmronligini tan olib, oʻz bilim va tajribalari bilan davlat boshqaruviga hissa qoʻshganlar.
Uygʻurlar nafaqat Xitoy yoki Ulugʻ yurtda, balki Yaqin va Oʻrta Sharqda Moʻgʻullar davlati tanazzulga uchrayotgan paytda tuzilgan Elxonlar yoxud Hulokuiylar davlatida ham muhim rol o‘ynaganlar. 1253-yilda Gilyom de Rubruk Eron shaharlarida nasroniy uyg‘urlar keng tarqalganini qayd etgan. Rashididdin Fazlulloh esa Hulokuxon davrida Yuan imperiyasidan minglab uyg‘urlar “yom” – choparlar, yo‘lovchilar va ot almashtirish bekatlari xizmatini tashkil qilish uchun yuborilganini maʼlum qiladi.
XIII asrda Chingizxon va uning birinchi vorislari tomonidan amalga oshirilgan istilolardan soʻng Yevroosiyoning koʻplab mintaqalari aholisi tarkibida sezilarli oʻzgarishlar yuz berdi. Bu oʻzgarishlar odamlarning katta guruhlarining sharqdan gʻarbga va gʻarbdan sharqqa ixtiyoriy va majburiy koʻchib oʻtishi bilan bogʻliq edi. Uygʻurlar ham XIII asrning birinchi choragida Xitoyning shimoliy qismini Chingizxon bosib olganidan keyin son jihatdan yanada koʻpayganlar. Mar Yabalaxi va Rabbon Sauma bayonida yerlari Yuan imperiyasi tarkibiga kirgan tangʻutlar mamlakati (hozirgi Xitoyning shimoli-gʻarbi) moʻgʻullar hukmronligi davrida koʻp sonli uygʻur jamoalari mamlakati sifatida koʻrsatiladi. Ammo Xitoy va Tangʻut manbalaridan maʼlum-ki, Chingizxon bosqinidan ancha oldin ham Xitoyda uygʻur jamoalari boʻlgan.
Shunday qilib, moʻgʻullar Xitoyga bostirib kirishidan yetti yuz yil oldin, paydo boʻlishining boshida koʻchmanchi turkiy xalqlardan boʻlgan Tan sulolasi davrida oz sonli boʻlsa-da, uygʻur jamoasi mavjud edi. Ammo XIII asrga kelib, faqat tosh ustunlar va saqlanib qolgan qabr toshlari oʻtmishni eslatib turardi. Shu bilan birga, moʻgʻullar istilosidan soʻng Xitoy hududida aholi tarkibida sezilarli oʻzgarishlar yuz berganligi maʼlum. Ehtimol, aynan shu davrda tangʻit va xitoy shaharlariga uygʻur va boshqa qabilalar aholisining koʻplab kirib kelishi sodir boʻlgan. Qizigʻi shundaki, uygʻurlar va boshqa turk-moʻgʻul qabilalari, aniqrogʻi, ularning hukmron qatlami XII asrning boshlaridayoq nestorian yoʻnalishidagi nasroniylikni Buyuk Ipak yoʻli orqali Osiyoning ichkarisiga missioner va savdogar sifatida kirib kelgan suryoniylardan (nasroniylikning bu yoʻnalishi ular orasida paydo boʻlgan) qabul qilgan.
1007-yili Turonning sharqiy boʻlagida tashkil topgan yirik koʻchmanchi davlat – Kerayitlar ulusi hukmdorlari nestorianlikka oʻtdilar, keyin esa uygʻurlar va qangʻlilarning bir qismi, naymanlar va oʻngutlar nestorian boʻldilar. Bu holat oʻsha davrda Gʻarbiy Yevropada mashhur boʻlgan Osiyoning ichkarisidagi nasroniy hukmdor — “papa Ioann” toʻgʻrisidagi afsonada oʻz aksini topgan boʻlib, uning timsoli Chingizxonning safdoshi, keyinchalik dushmani boʻlgan kerayit hukmdori Toʻril Vanxon boʻlishi mumkin. Xristianlik keyinchalik Chingizxon avlodiga ham kerayitlar va uygʻurlardan kirib kelgan, ularning vakillari 1368-yilgacha Xitoyni boshqargan.
Maʼlumki, Vanxonning jiyani, Chingizxonning oʻgʻli Toʻluyning xotini, Moʻgʻullar davlatining soʻnggi ulugʻ xoqoni Munka va Yuan imperiyasining asoschisi Qubilayning onasi Soʻrqaqtanibeka nasroniy boʻlgan. Rusni istilo qilgan Botuxonning (qadimgi rus yilnomalaridagi Botixon) oʻgʻli Sartaq nestorian yoʻnalishidagi nasroniy edi. Munka nasroniylikka qiziqish bildirgan, uning ulugʻ xoqon taxtidagi oʻtmishdoshi Guyuk esa rus ruhoniylari timsoli boʻlgan pravoslav yoki yunon shoxobchalariga xayrixoh boʻlgan va shuning uchun atrofida koʻplab pravoslav ruhoniylarini toʻplagan va ularga oʻzlarining xoqon oʻtovi oldidagi cherkovda “yunon urf-odatlariga koʻra” xizmat qilishlariga ruxsat bergan.
Shunday qilib, rus ruhoniylari moʻgʻullar hukmronligi oʻrnatilgan dastlabki yillardanoq bosqinchilar orasiga kirib, “jon uchun” kurashda boshqa konfessiyalarning taʼsiriga qarshi chiqdilar. Buni 1253-yili Munka saroyidagi fransuz elchisi flamand Gilyom de Rubrukning: “Shunday qilib, shuni aniq bilib qoʻyingki, ular (moʻgʻullar) dindan (yaʼni katolik mazhabidagi xristianlik) juda uzoqda, chunki bu fikr ular orasida ruslar tufayli (yaʼni ruslar targʻib qilgan pravoslav dinining taʼsiri tufayli) mustahkamlangan, ularning soni juda koʻp”, degan maʼlumotidan bilish mumkin.
Moʻgʻullar davridagi fors tarixchisi va solnomachisi Rashididdin yevropaliklarning fikrini tasdiqlaydi: “Guyukxon davrida otabek (qoʻshinlarning bosh qoʻmondoni) lavozimida bolaligidan nasroniy boʻlgan Qadaq boʻlganligi sababli, bu (Guyuk) feʼl-atvorida iz qoldirdi. Shundan keyin Chinkay (Xitoy sulolalari yilnomalaridagi kerayit Chjenxay va Rashididdinning uygʻurlari, Guyukning hukumat boshligʻi) ham bu ishda yordamchi boʻlib chiqdi; shu sababli (Guyuk) ruhoniylar va nasroniylarning taʼlimotiga doimo yoʻl qoʻyardi. Bu haqda mish-mish tarqalgach, Shom, Rum, Osov va Rus mamlakatlaridan uning poytaxtiga nasroniy ruhoniylari yoʻl olishdi. Qadaq va Chinkayning doimo hozir boʻlishi tufayli islom dinidan qaytishda kamchilik yoʻq edi va Guyukxon davrida nasroniylar ishi gʻalaba qozondi va birorta musulmonning ularga qarshi ovoz koʻtarishga kuchi yetmadi”.
Guyuk hamda Munka xonlari Shimoliy Xitoyga hukmronlik qilib, Janubiy Xitoyga istilochilik yurishlari uyushtirganlar va 1259-yili Munka shu yerda halok boʻlgan. Shuningdek, Rubruk ulugʻ moʻgʻul xonlari saroyida nasroniy uygʻurlar qanday rol oʻynaganligi to‘g‘risida ham maʼlumot qoldirgan. Ularning marosimlari haqida qiziqarli maʼlumotlar beradi, “u mamlakatlardagi nestorianlar qoʻllarini qovushtirmay” namoz oʻqiydilar, “qoʻllarini koʻksiga choʻzib” namoz oʻqiydilar.
Rubruk nestorianlar ibodatiga batafsil toʻxtalib, Munkexon va uning xotini nestorianlar ibodatiga qanday va qanday marosimlar bilan qatnashganiga koʻp oʻrin ajratadi. Aqlli va kuzatuvchan Rim-katolik rohibi tomonidan moʻgʻul saroyida koʻrilgan barcha narsalar tasviri Xitoydagi moʻgʻul hukmdori va uning atrofidagilarning maʼnaviy-maʼrifiy ehtiyojlarini qondirishda nasroniy uygʻurlar sezilarli rol oʻynaganligiga hech qanday shubha qoldirmaydi.
Hozirgi Xitoy Xalq Respublikasi hududida arxeologlar tomonidan topilgan uygʻur-nestorianlarning oʻrta asrlarga oid diniy va dunyoviy asarlarining uygʻur tilidagi matnlari bizning davrimizgacha saqlanib qolgan. Turfondan shimolroqda topilgan suryoniy yozuvidagi qoʻlyozmalardan birida “toʻy sharofati” deb nomlangan nasroniy matni mavjud. Ushbu hujjatning asosiy mazmuni toʻy munosabati bilan sheʼriy uslubda bildirilgan tilaklardir. Dunhuan va Turfon topilmalaridan shunga oʻxshash ikkita qoʻlyozma maʼlum boʻlib, ularda Yuan sulolasiga mansub moʻgʻul imperatorlarini madh etuvchi matnlar, sheʼrlar mavjud.
Chingizxon imperiyasida Uygʻurlarning siyosiy roli juda sezilarli boʻldi. Dastlabki paytlardayoq fuqarolik hokimiyati tizimida kidanlar va jujanlar bilan bir qatorda uygʻurlar ham asosiy oʻrinlarni egallagan. Uygʻurlar semularning eng nufuzli guruhlaridan biri edi. Moʻgʻullar davriga oid Xitoy manbalarida Xitoy boshqaruvida moʻgʻullarga xizmat qilgan 300 dan ortiq uygʻurlar tilga olinadi. Birgina “Yuan shi”da tilga olingan moʻgʻullarning Xitoydagi 227 dorugʻachisidan 34 tasi uygʻurlar edi.
Yuan imperiyasi tashkil etilgunga qadar, yaʼni 1260-yilgacha Xitoy manbalarida 12 ta uygʻurning dorugʻalik mansabida boʻlganligi qayd etilgan. Henan va Shimoliy Xitoyning boshqa viloyatlarida bosh dorugʻa Arintemur ham shular jumlasidandir. “U vayron boʻlgan yerlarni oʻzgartirish bilan shugʻullangan, ilgari u yerda yashagan xitoylarning farovonligi haqida koʻp gapirgan... Uning buyrugʻi bilan suv qiyin boʻlganda quduqlar qazilardi”. U koʻchmanchi aholining oʻtroq hayotga koʻnikishiga ham yordam bergan...
“Yuan shi”da keltirilgan tarjimayi holidan maʼlum boʻlishicha, uygʻurlar moʻgʻul saroyidagi moʻtadil siyosiy yoʻnalish tarafdorlari boʻlib, bu yoʻnalish Yelyuy Chutsay timsolida namoyon boʻlgan. “Yuan shi”da yuqori martabali amaldorlarning tarjimayi hollari soni boʻyicha uygʻurlar birinchi oʻrinda turadi. Ular Qubilayxonga yaqin boʻlib, uning ishonchiga sazovor edilar. Uyg‘urlar boshqa chingiziylarga ham xizmat qilganlar (masalan, Mungʻuz, Chingizxonning ukasi Temugʻe Oʻtchigʻin ulusining shimoliy yarmini boshqarishga tayinlangandi).
Qubilayxon davrida Xitoy manbalari 70 dan ortiq uygʻurlar haqida maʼlumot beradi. Shu bilan birga, ularning bir qismi uning vorislariga xizmat qilishda davom etdi. Shulardan 60 nafari Yuan imperiyasi markazi va viloyatlarida xizmatda boʻlib, 21 nafari dorugʻalar edi. Ularning nomlarini tarix yozib qoldirgan – Toʻrmish, Xitoysoli, Uygʻursoli, Argʻunsoli, Alixayya, Lyansisyan, Yesyanay, Shiban, Mungʻuz, Sargʻis. “Yuan shi”da keltirilishicha, Qubilay 1260-yili ulugʻ xoqon taxti uchun Ariqbuqa bilan kurashganida aynan uyg‘urlarga tayangan. Moʻgʻullar uchun eng qulay sharoitda Janubiy Sunga uzil-kesil zarba berishga Qubilayxonni koʻndirgan sarkardalardan biri Alixayya boʻlganligi yuqorida aytib oʻtilgan edi. Bu hal qiluvchi yurish vaqtida Alixayya moʻgʻullarning bosh qoʻmondonlari qatorida boʻlib, uning qoʻl ostida 40 ming jangchi bor edi.
XIII asr oxiri – XIV asr boshlarida, 1330-yillar atrofida, Xitoy manbalarida Yuan sulolasi xizmatida boʻlgan 30 nafar yuqori martabali uygʻurlar haqida soʻz boradi. Xitoyda moʻgʻullar hukmronligining eng soʻnggi davrida Yuan imperiyasining yuqori va oʻrta boshqaruv boʻgʻinidagi 170 nafar uygʻur haqida maʼlumot berilgan. Bu yerda Shichen shahri dorugʻasi Bayan Toʻgʻril, Yuan sulolasi imperatori Ayurbarobod shaxsiy qoʻriqchilarining boshligʻi Ilchay, Yuan sulolasi qulashi paytida oʻz oilasining 20 aʼzosi bilan halok boʻlgan Syanyan dorugʻasi Bulattimur va boshqalar bor edi. Yuan saroyida nufuzli uygʻur Temurbuqa boʻlib, u idikut unvoniga ega edi – uygʻurlarning Turpan hokimligi hukmdori va Xitoydagi Yuan sulolasi xizmatida yuqori mavqega erishgan, Chingizxon avlodidan boʻlgan malikaga uylanib, u bilan qarindosh boʻlgan. 1301-yilda u otasi bilan Xonbaligʻda xoqon qoʻriqchi gvardiyasida (keshikda) xizmat qilgan.
Yuan imperiyasining etnik jihatdan aralash hukmron sinfining paydo boʻlishi Qubilayxon hukmronligi davriga toʻgʻri keladi, unda uygʻur qatlami juda sezilarli edi. Uygʻurlar bu davrda Xitoydagi moʻgʻul xizmatidagi semular orasida eng koʻp sonli guruh edi. Uygʻurlarning 60 foizi viloyatlarda davlat lavozimlarini egallagan (ular orasida 47 dorugʻachi boʻlgan), 20 foizi Xonbaligʻda xizmat qilgan. Ehtimol, bu Xitoyda Yuan davrida yashagan uygʻurlarning bir qismi, asosan Yuan saroyida eng yuqori mavqega ega boʻlganlar. Bu haqda xitoy manbalarida shunday maʼlumotlar bor: 1280-yili Yuan hukumati uygʻurlarga Shimoli-gʻarbiy Xitoyning Hesi shahrida manzilgohlar tashkil etishni buyurgan.
1285-yili ming uygʻur oilalari bilan Xitoyning janubidagi Yunnan shahriga joylashtirildi; 1301-yili uygʻur koʻchmanchilari Henandagi yerlarga ega boʻlishdi, 1308-yili esa uygʻurlar Yunnandan Tibetga yuborildi va bir yildan soʻng avvalgi joyiga qaytib kelishdi. 1315-yili Yunnanda dehqonchilik bilan shugʻullanish uchun uygʻurlar va xitoylardan jami 5 ming xonadondan iborat harbiy manzilgohlar tashkil etildi. Bu faktlar Xitoyning shimoli-gʻarbiy, janubi-gʻarbiy va shimoliy viloyatlarida uygʻur koʻchmanchilarining mavjudligidan dalolat beradi.
Uygʻurlarning Xitoyga qochishiga Sharqiy Turkiston hududidagi moʻgʻul hukmdorlarining oʻzaro urushlari, yuan hukumatining ogʻir soliqlari, tabiiy ofatlar va buning natijasida uygʻur dehqonlarining qashshoqlashuvi sabab boʻlgan. 1282-yili uygʻurlar tabiiy ofatlar tufayli Yuan hukumatidan yordam soʻrashadi, 1329-yili 800 uygʻur oilasi oʻzlarini ochlikdan qutqarishni soʻrashdi. Shu bilan birga, uygʻurlar yerlarida moʻgʻullar hukmronligi qanchalik halokatli boʻlmasin, Yuan davri Xitoy va Moʻgʻuliston hayotining barcha sohalarida ularning roli sezilarli darajada oʻsgan davr edi.
Umuman olganda Yuan imperiyasi – bu faqat moʻgʻullar davlati emas, koʻplab xalqlarning, ayniqsa turonliklar, shuningdek, turkiylarning kuchi, bilimi va tajribasiga tayanib barpo etilgan edi. Turkiy xalqlardan boʻlmish uygʻurlar esa bu jarayonda eng muhim rollardan birini oʻynagan xalq boʻldi. Ularning savodxonligi, yozuv tizimi, boshqaruvdagi tajribalari moʻgʻullar uchun bebaho boʻldi. Shu sababli, Yuan imperiyasi tarixida uygʻurlarni madaniyat va boshqaruv koʻprigi, deb bemalol atash mumkin.
Zafar SHAMSIDDINOV,
O‘zR FA Tarix instituti tayanch doktoranti
Adabiyot
Til
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Mafkura
Tarix
Vatandosh
Jarayon
Tarix
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Din
Til
//
Izoh yo‘q