Oʻzbekcha, oʻzbeklik va mavjudlik haqida psixologik imho


Saqlash
18:58 / 22.01.2026 9 0

Bir tanishimni xursand qilish uchun Oʻzbekistondagi ancha mashhur Bloom ilovasiga kirdim. Hali ilova ochilib ulgurmay qarshimda uch til paydo boʻldi. Ruscha (birinchi, doimgidek), oʻzbekcha (uyat boʻlmasin) va inglizcha (davr talabi). Albatta oʻzbekchani tanladim. Oʻzim chetda boʻlganim uchun negadir oʻzbek ilovalarini ocha turib boshqacha hayajon tuyaman. Ipidan-ignasigacha turkcha sayraydigan saytlardan oʻzbekchaga oʻtish Anqaraning bagʻrida palov yeyishdek gap. “Mana”, deyman, “Hozir oʻzbekcha chiqadi-yu, uzoqdan boʻlsa-da uyimga qaytaman. Oʻzbekistondagi minglab vatandosh kabi uning sekin ishlashidan noliyman, chetdagi minglab vatandosh kabi bir nimalarning nisbatan arzonligini koʻrib orziqaman”... ammo ilovada oʻzbekchani tanlaganim bilan hech narsa boʻlmadi. Uch-toʻrt tasnif va xoʻjakoʻrsin maʼlumotdan boshqa butun matn ruscha edi. Hatto tizim ham oʻlkadagi til mafkurasini uncha tushunmaganidanmi, oʻzbekcha menyuni qoʻshimchasi bilan ruscha ham taqdim qila boshladi. Men esa oʻzimni uydagidek his qilolmadim. 

 

Freyd bu holatni unheimlich deb atardi. Bir vaqtning oʻzida ham tanish, ham notanish. Aynan tanishligi bilan odamning ichiga gʻulgʻula solguvchi allatovur tilsim. Ha, ilovada ruschaning chiqishini bilardim. Shu bilish, shu tanishlik holati gʻippa boʻgʻgandi meni. Oʻzbekcha menyuning tuzuk-quruq ishlamasligi ham maʼlum edi. Million dollarlik banklar oʻz nomlarini oʻzbekchada toʻgʻri yozisholmas, oʻ harfi hatto rasmiy ilovada ham u boʻlar, bu bank xodimlari esa ruscha gapirmagan odamning hatto mavjudiyatidan ham hazar qilardi. Bu hazarni ham bilardim. Lekin bilish doim ham mudofaani kuchaytirolmasdi. Aksincha, baʼzan uning oʻzi dushmanga aylanar, botiningni zabtiga olib yoʻqligingni, koʻrinmasligingni yuzingga solardi.

 

Boshqa psixoanalist, Yuliya Kristeva esa bu holni abject deb ifodalardi. Endi tanishlik hissi jirkanch zaruratga aylanadi. Biz odatda qon yo soʻlak kabi hamma qochadigan, ammo hayot uchun kerakli moddalarni abject deb ataymiz. Ammo istehzoga qarangki, ilova voqeasida kimning abject ekanligini aniq bilmasdim. Yoki… ham shirkatning daromadi uchun zaruriy, ham shirkat jirkanib qaraydigan oʻsha unsur menmidim? Yo ruschani shunday majburiy zarurat deb bilarmidik? Hartugul, kattalarning “ruscha bilmaganga ish yoʻq” qabilidagi gaplariga koʻp duch kelgandim. Biroq, bu gap ostida majburiyat yoxud xazardan koʻra koʻproq oʻzi oid boʻlgan davrning xayoliy iftixori ham sezilardi. Oʻtmish bu odamlar qabilida doim shonli koʻrinar, ruscha esa bu shonli davrning asosiy ifoda vositasi boʻlib xizmat qilardi. Shirkatning menga yoʻnalgan jirkanishi, meni abject maqomiga bandi qilishi oʻzbeklik bilan chambarchas bogʻliq. Chunki oʻzbeklik ular uchun shunchalar katta va yiringdor jarohatki, hech qaysi til, hech qaysi ifoda uni bogʻlolmaydi. Oʻzbeklik yiringi oqmagan taqdirda ham qoʻlansa isini tarataveradi. Bu doiradagi insonlar nazdida oʻzbek kimligi keyinchalik orttirilgan kasallik ham emas. U tugʻma bir tamgʻa, kasallik, hatto sindromdir. Uni tinimsiz qaysidir malhamlar bilan xaspoʻshlashimiz, yashirishimiz kutiladi.

 

Bu jirkanchlik arosati va tashqarining Aʼrofini Oʻzbekistonga har qaytishimda koʻp kuzatardim. Bilasiz, azim poytaxtimiz chavaqlanib yotibdi. Chang esa bu oʻlimtik shaharning qoniga oʻxshaydi. Qon burnimdan sizib butun badanimga oʻrlaydi. Koʻzimga, quloqlarimga toʻladi. Badanimga yopishib terimni yoradi-yu, chiqib ketish uchun xuddi ruschaning ostidagi oʻzbeklik kabi silqib oqadi. Bunday paytlar oʻzim bilan doim bir malham olib yurardim. Biroq soʻngi borishimda unutibman. Qonab yotgan koʻchalar aro tentiy turib koʻzimga oʻsha najot qalʼasi koʻrindi: LʼOccitane! Piyodalar oʻtish yoʻlida tovoni qichib gazga bosadigan haydovchi podasidan sogʻ chiqib doʻkon tomon yaqinlashdim. Albatta, yuqorida aytganimdek, ruschaga toʻqnashishimni bilardim. U ham oʻsha haydovchilarga oʻxshardi. Borligi mening yoʻqligimdan suv ichmasa-da, doim borligimni oʻz soyasiga olardi. Bir oʻzbek oʻlaroq bu tilning soyasida, toʻgʻrirogʻi zulmoniy koʻlankasida qaysidir devorlarni paypaslagancha yoʻlimni topishga majbur edim. Va, bu yoʻlning qayerga olib borishini albatta bilmasdim. Hech qaysi oʻzbek bilmasa kerak. Kirdim. Oʻsimlig-u yogʻlarning qadrdon isi dimogʻimga urildi, ammo begonalik koʻp kuttirmadi. “Zdravstvuyte” degan oʻsha soʻz, kalishingdagi changni artib kir degan xitob. Salom, deb javob berdim. Yolgʻon boʻlmasin, salomdan avval bir nafas toʻxtadim. Xuddi boshqa, ruscha gapirilganida avval tutilib qoladigan butun oʻzbeklar kabi. Umuman, bu toʻxtash, tutilish lahzasi nimani anglatardi? Yo tilimiz tugagan joyda biz ham tugarmidik?

 

Vittgenshteyn qistirib oʻtgan “Tilimning chegarasi mening chegaramdir” degan gapni doim “men”ning deb talaffuz qilardim. Til voqelikni tasvirlash vositasi emas, balki aslida voqelikni yaratish unsuri ekanini hisobga olsak, buni tushunish mumkin. Til nomlaydi, rad etadi, tan oladi, narx qoʻyadi va eng asosiysi ramziylashtiradi. Bu ramziylashtirish maydoni qisqargani sayin shaxsning menligi ham oqsayveradi. Til chegaralarini boshqa bir psixoanalist Jak Lakanga tatbiq qiladigan boʻlsak, menlikning oʻzi ramziylashtirolmagan, moslashtirolmagan muhitda qandoq parchalanishini koʻramiz. Lakan ushbu menlik sahrosini Haqiqat deb ataydi. Inson oʻzini ifodalay olmagan nuqtada mana shu haqiqat, aniqrogʻi, Boshqaning haqiqati portlaydi. Qiziq, sotsiologiyaning umumiy qabul qilingan qoidalariga koʻra jamiyat doim Boshqani chetlashtirishi, koʻrib koʻrmaganga olishi yo yoʻq qilishi kerak, ammo mustamlaka travmasi barini agʻdar-toʻntar qiladi. Mustamlaka lisoni oʻzbekning ongidagi tarixiy-jamoaviy travma taʼsiri ostida yuksalib, oʻzbekni koʻlankasiga mahkum qiladi. Ushbu mahkumiyat lahza oʻtgani sayin mazlumiyatga aylanadi va unutmangki, mazlum gapira olmaydi, chunki uni hech kim tinglamaydi...

 

Mazlumning voqeligi mustabidning ramziy nizomiga suqilib kirolmasligi bor gap, chunki mustabid uni koʻrib koʻrmaganga olsa, demak voqelik ham oʻz mavjudiyatini isbotlay olmaydi. Isbotlanmagan mavjudiyat esa aynan oʻsha, oʻzbekning ruscha qarshisidagi bir lahzalik tutilib qolishidir. Tutilishdan keyin bir umid yoxud isyon bilan kerakli malhamning nomini inglizcha aytdim. Menga qarab nim qisilgan koʻz nimadan dalolat berardi? Tushunmaslikmi? Negadir meni bu malhamga loyiq koʻrmaslikdek tuyuldi – Sen oʻzbeksan, palon soʻmlik kremga balo bormi? Malhamning nomini oʻzbekcha aytdim. Yana koʻzlar qisildi, yana sukunat boyagi hidlar uzra xonada muallaq qoldi. Oxiri ayolning orqasidagi rastada koʻrdim uni. Ana, dedim. Turibdi. – Aaaaa, krem dlya ruk s maslom shi!

 

Ha, dedim. Toʻlovdan avval ism-sharifimni olgan ayol tugʻilgan sanam va telefon raqamimga kelganda oʻngʻaysizlandi. Oʻzbekcha gapirishda davom etishimni koʻrgach, ol, yoz, degandek qogʻoz-qalam tutqazdi. Yozdim-u hali qogʻozini qaytarmay, “oʻzbekcha gapiradigan xodiminglar yoʻqmi?”, dedim. LʼOccitane xalqaro brend, degan mujmal javob oldim. – Then why not English? Ayol har bir rus, yo Xudoyim, har bir rusning inglizcha qarshisidagi boʻgʻilishi bilan unsizgina javob qaytardi. Sounds like skill issue. Demak, til oʻrganish qobiliyati chindan muammo ekan, degim keldi. Oʻzbekchani oʻrganish mafkuraviy masala boʻlishi mumkin, lekin ikkita inglizcha soʻzni ham bilmaslik kamida sotsiologik tahlilga arzirli holat. Qishloqdagi bolalar ham inglizchadan allaqaysi sertifikat uchun jon olib jon berayotgan payt bu opalar til bilmay turib xalqaro brendning doʻkoniga qandoq joylashgandi?

 

Oʻzbekcha yoʻq boʻlgani uchun hech narsa olmay eshikdan xuddi Qoʻchqor Norqobil pyesalaridagi qahramonlar kabi shartta chiqib ketolarmidim? Albatta, yoʻq. Doʻkon ostonasi yomgʻir va doʻl orasidagi koʻprikka oʻxshardi. Tashqari, chang, allergiya, qon va ogʻriq. Ichkari, hatto mening borligimdan ham bezovta muhit. Faqat, bu yerda aynan qaysi tarafning yomgʻir yo doʻlligini aniq bilolmasdim.

Malhamni oldim. Uni avval ishlatmagan boʻlsam, albatta olish tugul doʻkonga ham qadam bosolmasdim. U men uchun yaratilmagandi. Ruscha bilmagan oʻzbek, kimdir aytganidek, Toshkentda mardikorlik ham qilolmasdi. Kim biladi, balki senga ish bergan odam oʻzbekcha bilmas? Natijada, oʻzbekni oʻzbekcha bilmay ishlatadigan odam kam emas.

 

Bu nuqtada Toshkent kimniki, degan savol tugʻiladi. Unga oʻzimni qanchalar moslashgan deb oʻylasam-da, hech qachon oʻzimniki deb atolmadim. Vaholanki, undan nari borsa qirq daqiqalik narida tugʻilgan, uning qoq markazidagi musiqa maktabida oʻqib ulgʻaygan va ketishdan avval butun umrimni koʻchalarida tentirab oʻtqazgandim. “Samarqand darvoza” (savdo markazi) poyida kirsak boʻlarmikan, deb sovuqda diydiragan tovus jemperli xolalarni koʻrdim. Puli boʻla turib Korzinkadan biror nima olishga iymangan amakilarni koʻrdim. Oʻzbek toʻlagan soliq bilan uyushtirilgan festivallarda kulganning boshqa-yu, bir chetda qimtinib turganning oʻzbekligini koʻrdim. Kulgan boshqalar-u yigʻlagan menman, desam oshirib yuborarmikanman?

 

Toshkent va etnik oʻzbek orasidagi bu taranglik ruhiy taraflama jarohatlar ustiga qurilgandir balki. Lekin biz bu jarohatlarni doim oʻtmishning entikish toʻla malihulyosiga yoʻyamiz. Uning achimsiq dudi koʻzimizni qanchalar achishtirmasin, oqqan yoshni baxtdan, deymiz. Bugunning, tiriklik va borlik qutlovining baxti. Bizda shukuh doim shu – balodan omon chiqish natijasi oʻlaroq yaraladi. Suv icha turib suvimizga taʼm kirgani uchun emas, balki sahro bagʻrida bir qultum chashma topganimiz uchun quvonamiz faqat.

 

Toshkent borasida hech qachon hisob soʻralmadi. Berilmadi ham. Soʻyish deb ehtimol yanglishgandirman, chunki qishloqda bir jonliq soʻyilsa qoʻshni ham bir burda goʻsht olardi. Biroq soʻyilgan Toshkentdan qaysi oʻzbek nasiblandi? Chehrasi har maʼnoda ochilib borayotgan duragay Toshkent qaysi oʻzbekni bagʻriga oldi? Yangi doʻkonlariga ruscha bilmagan odam kirolarmikan? Ikki enlik inglizcham bilan sal kirgandek boʻldim. Baribir uylik qilmadi, baribir qimtindim. Oʻzbek va Toshkent orasidagi bu muallaq munosabat menga doim oshiq oʻspirinni eslatadi. Oʻn besh yashar, moʻylabi sabza urmagan yigit sinfning eng goʻzal qizini sevadi. Qizning uni ikki pulga olmasligini bilsa-da, xayolan u bilan baxtli boʻlaveradi. Unga atab sheʼr yozadi, hajrida yigʻlaydi, tunlarini bedor oʻtkazadi, ammo qiz uyida uxlab yotgan boʻladi. Toshkent ham shu. Ruscha bilmagan qoravoy oʻzbekning xayollaridagina bor, xolos.

 

Darhaqiqat, “Toshkent kimniki?”, degan savolni “Toshkent bormi?”, degan savolga oʻzgartirsak qanday boʻlarkin? Men tasavvur qilgan Toshkent va bir rus vatandosh tahayyulida jonlangan Toshkent farqli ravishda, xuddi boshqa oʻlchamlarda yashayotgan ikki inson kabi bir-biridan bexabar.

 

Qachondir mashhur zanjir qahvaxona ofitsianti ruscha gapirdi, deb ancha tortishuvlar boʻlgandi. Kimlardir buni shovinizm deb baholadi. Toshkentda kim boʻlishingizdan qatʼiy nazar gap ruscha boshlanarmish. Ammo, bu doʻstlar mustamlakadan keyingi jamiyat muhitini unutib qoʻyishgandi. Mustamlakadan chiqqan har bir mazlum shaxsiyat oʻz mavjudiyatini baralla va ochiq oydin taqdim qilishi shart. Boisi, mazlumiyat shunchalar baland chinqiradiki, uning ovozini oʻchirish uchun oʻz mavjudiyatimizni hayqiriq barobarida yashashdan boshqa ilojimiz qolmaydi. Yoʻq, bu shovinizm emas, yashash uchun kurash, xolos. Oʻzbek sifatida yashash uchun kurash.

 

Shaxsan men LʼOccitane doʻkonidagi xaridimni oʻzbeklik uchun toʻlangan oʻlpon deb tushundim. Tashqari Mad Max misoli gʻubor jahannami ekanligini hisobga olsak, bu oʻlponni toʻlamasdan ilojim yoʻq edi. Chunki bilasiz, men Shermuhammadbek emasdim. Goho terim baʼzi mafkuralardan azizdek tuyulib ketadi. Bu nuqtada Dekartning “Oʻylayapman, demak borman” luqmasini rad etaman: Ogʻriyapman, demak borman. Bir oʻzbek oʻlaroq faqat ogʻriq va aziyatgina mening borligimni isbotlay oladi, xolos. Yoʻq, darrov jahlingiz chiqmasin. Bu taslimiyat barobarida doʻstim uchun Bloom orqali sovgʻa olishdan voz kechdim. Oʻrniga oʻzim turgan mamlakatdan muqobil nimadir yoʻllayman, dedim. Oʻzbekligim uchun oʻlpon toʻlashdan voz kechdim. Bilaman, bu brend uchun qiziq emas, bir qoravoy qaysidir koreys kremini ishlatmasa ham oʻlib qolmaydi, ammo… bizning isyonimiz doim shunday boʻlmaganmi? Zarari oʻzimizga boʻlsa boʻlsin, asosiysi oriyat butun qolsin…

 

Mirzohid MUZAFFAR

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Ta’lim-tarbiya

16:01 / 22.01.2026 0 16
Oʻzbek jamiyatini choʻchitayotgan feminizm

Mafkura

18:01 / 20.01.2026 0 1020
Biz uchun Vatan nomusdir – Duginlarga javob





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//