Yozuvchining ayoli


Saqlash
12:06 / 05.09.2025 30 0

Duoda eslaydigan odamlarim koʻpayib boryapti. Oʻn, yigirma, oʻttiz, qirq... Koʻpayib, koʻpayib, oxiri oʻzimiz ham duoda eslanadigan odamga aylanib qolamiz. Nasib qilganga qiladi bu ham...

 

...Telefonlashganimizga koʻp boʻlgani yoʻq edi. Tanish raqamdan qoʻngʻiroq boʻldi – “Nosir Fozil” deb saqlaganman. Oqsoqol dunyodan oʻtganiga yetti yildan oshdi, ammo ayoli – Muborak aya haligacha oʻsha raqamdan aloqaga chiqib turardi.

– Ustozingizga tegishli nima boʻlsa, hammasini telegramdan tashlab bering, – dedi salom-alikdan soʻng.

 

Hali kompyuter otliqqa orzu paytlar edi, bir kuni Nosir Fozilov telefonda meni uyiga chorladi. Aniqroq aytsam, Muborak yanga avval hol-ahvollashib, keyin “Ustozingiz gaplashmoqchilar”, deya bogʻlab berdi. Koʻpincha shunday qilardi, endi eslasam. Bordim. Yap-yangi noutbuk. Amerikadan oldiribdilar. Endi uni ishga tushirish, xotirasiga jamiki materiallarni jamlash kerak ekan...

 

Oqsoqol bir umr zamon bilan hamqadam yashadi. Yangiliklarni muntazam kuzatib borardi. Shundanmi miya tiniq ishlardi. Toʻqsonga kirib ham aljib qolganini koʻrmaganmiz. Oʻqlangan miltiqdek askiyaga shay turardi. Lekin gapning obdoviga qiziqib, bachkana va hayosiz soʻzbozlikka oʻtib ketmasdi. Yozganida ham, aytganida ham hikmat bor edi. Shunchaki kulgili latifa emas.

 

Nosir ogʻadan soʻng “Doʻrmon” ijod uyining fayzi yoʻqolgandek (balki bizga shunday tuyular). Har yili koʻklamdan kuzga qadar yanga ikkisi qoʻsh kabutardek bogʻni kezar, oʻtgandan-qaytgandan gurung berib, ustozlar merosini yoshlarga yetkazar edi. Ular bilan tengdosh yana bir ijodkor boʻlar, hamma Nosir ogʻaning atrofida aylanishidan gʻashlanar edi. Ayb kimda? Sen oʻzingdan zahar taratsang, asalarilarning nodonligidan qaygʻurmoq joizmi? Baxt olishda emas, berishda...

 

Oʻtgan yili Doʻrmonning ishkomli yoʻlagidan borar ekanman, katta archa tagidagi oʻrindiq yogʻochlari yangilanganiga uzoqdan koʻzim tushdi. Doim shu yerda Nosir ogʻa va Muborak aya tin olib oʻtirganini koʻrar edik. Taomdan soʻng sayrga chiqib, daraxt soyasida oyoq ilardilar. Ikkilanish ichra qoldim. Jihozlar yangilangani yaxshi, zamonaviylik va qulaylikka intilish kerak. Chirib yotgan yogʻochlar rahbariyatga obroʻ keltirmasligi aniq. Biroq xotira, tarix degan tushunchalar bor. Biz tengilar bu oʻrindiqni Nosir Fozilov bilan bogʻlab eslaymiz. Boshqa ulugʻlarimiz ham dam olgan, gurung qilgan boʻlishi tabiiy. Ijod uyi adabiy xotiralari bilan qadrli emasmi? Aks holda, shunchaki sanatoriydan qanday farqi qoladi...

 

 

Xayolan oʻzim bilan oʻzim kurashib archaga yaqinlashib borardim. Xarrak suyanchigʻiga nimadir deb yozib qoʻyishibdi. Odatda oʻmarib ketilmasligi uchun en solinadi, kimga tegishli ekani oʻchmaydigan qilib bitiladi. Shunaqa boʻlsa kerak. Ancha yaqinlashib qolgach, yozuvni oʻqib koʻnglim yorishdi: “Ustoz Nosir Fozil oʻrindigʻi”. Boʻlar ekan-ku! Shu ishni qilganlarning otasiga rahmat! Kuniga ishkomli yoʻlakdan necha-necha kishi oʻtadi. Biri emas, birining nigohi yozuvga tushadi. Nosir Fozilovni, u kishi orqali boshqa ustozlarni eslaydi, haqqiga duo qiladi. Adabiy xotiralar uygʻonadi, adabiyot olamiga kirib boriladi.  

 

...Yangi noutbuk deb chaqirilganimda qiziq voqea boʻlgan. Yanga qavat-qavat oʻralgan bir nimani qoʻlimga tutdi. Fleshka ekan. Oʻram-oʻram yelim xaltani, soʻng qogʻoz qutini, yana... Ortiqcha ehtiyotkorlik boisini soʻradim. “Bu oʻlgurgayam virus tusharmish-u...” Beixtiyor kulvordim. Toʻgʻri, lekin odamga yuqadigan virusga oʻxshamaydi, deya tushuntirgan boʻldim. Oqsoqol qah-qah urib kuldi. Hozir gʻalati tuyuladi-yu, oʻsha payti nuroniy kampir tugul, navqiron juvonlarning koʻpi bilmasdi buni.

 

Olis xotiralarni yozyapman-u, oʻylab qolaman: Muborak yanga bir umr erini qanday parvarishlagani, qogʻozga oʻralgan qanddek asraganining ramzi ekan fleshka. Oqsoqol juda orasta kiyinardi. Koʻzlari xira tortgan paytlari ham soch-soqoli kuzalgan, taralgan boʻlardi. Bir qarashdayoq qarov yaxshiligi sezilardi. Hammasi yanganing xizmati, albatta.

 

Yana bir voqea. Turkiston shahrida Mirtemirning 100-yilligi nishonlanadi. Toshkentdan Nosir Fozilov rafiqasi bilan boradi. Adibning shimiga changmi, loymi tekkan ekan, ayoli mashinadan tushayotib buni payqab qoladi va roʻmolchasini olib, darrov artishga tushadi. Faxriy mehmonlarni kuzatib turgan ikki qozoq qardoshimiz “Nosir ogʻam Toshkentdan oʻzi bilan changyutkichini ham olib kelibdimi”, deya hazil qiladi... Nufuzli tashriflar chogʻi yuksak martabali juftliklarning xatti-harakatini tomosha qilar ekanman, hokisor yangani tez-tez eslayman. Har gal oqsoqol oʻsha voqeani hikoya qilib bersa, yashnab ketardi. Oʻtgan umridan rozilik, umr yoʻldoshidan minnatdorlik, chin erkakka xos ozgina xudbinlik ham bor bunda. Muborak aya ham jilmayib tinglar, allaqanday faxr tuyardi. Zarracha ogʻrinish yoʻq. Eri olamdan oʻtgach, yozgan bir maqolasiga kiritdi ham. Ayolning baxti sevimli erkagiga xizmat qilishida: avval otasiga, keyin eriga, soʻng oʻgʻliga. Bunaqa falsafani aytsang, hozirgilar dunyoni boshiga koʻtaradi. Chunki muhabbat deb bilganlari shunchaki havas, biologik ehtiyoj... nari borsa, teng manfaatli kelishuv. Oʻzdan kechib na sevadilar, na seviladilar.

 

 

“Qozoq soldati”ni agʻdarib tashlagan oʻzbek adabiyoti soldati Nosir Fozilov

 

Yana yigirma yilcha burunga qaytaman. Nosir Fozilovning navbatdagi kitobi vord fayli ustida ishladik. Matnning bahsli joyini, muharrirlik odatiga koʻra, sariq rangga belgilab qoʻydim. “Yoshlar yomon, – dedi adib, menga pishak doʻq qilib. – Shu yerda ham sariqligimni yuzimga soladi-ya”. Ustozning askiyalarda eslanadigan laqabiga beixtiyor tegishib qoʻygan ekanman (Said Ahmad yoʻl patrul xodimini Nosir Fozilovning sariq kasalga chalinganini aytib “eritgan”ini eshitgan chiqarsiz).

 

...Oqsoqol 2018-yili olamdan oʻtdi. Shumxabar menga yomon taʼsir qildi. Chunki bir haftacha oldin gurunglashgan edik-da. “Oʻlmaydigan odam” degan fiqra yozib, “XXI asr” gazetasiga berdim. Biroq oʻsha savollarga hamon javob topganimcha yoʻq:

“Hayot va oʻlim, chegara qayerda? Jon nima? Ruh-chi? Kuni kecha sen bilan fikrlashgan odam bugun gaplaring­ga quloq qoqmay jim yotadi. Nima oʻzgardi?.. Adoqsiz savollar… Ming marta, million marta soʻralgandir. Lekin bunga javoban aytilgan gaplar insonni hech qachon qoniqtirmagan. Ayniqsa, koʻz oʻngingdagi tirik jon qaro tuproq mulkiga aylanganida… har qanday falsafiy mulohazalar ham oʻz ahamiyatini yoʻqotadi. Oʻzbek adabiyotining azim chinorlaridan biri, salkam bir asrlik tariximiz guvohi, Oybek, Gʻafur Gʻulom, Abdulla Qahhor, Mirtemirlar nafasini bugungi avlodlargacha yetkazgan ulugʻ zot Nosir Fozilov vafoti va bu mashʼum voqeadan bir necha kun oldingi gurungimizni oʻylasam, tiriklik mohiyati toʻgʻrisidagi uch-quyruqsiz savollar yogʻilib kelaveradi.

 

Oʻladigan odam qanaqa boʻladi?! Nahotki tanamizdan “puf” etib uchgan bir nafas bilan hammamiz shunchaki loshga aylansak?! Bir qop goʻshtga aylansak?! Oʻladigan odam ­bugun butun mamlakatni qamragan hayotbaxsh islohotlarning ertangi samaralaridan toʻlib-toshib gapirishi mumkinmi? Ehtimol, besh-oʻn yilda, balki chorak asr yo undan ham narida roʻyobga chiqajak orzular, maqsadlar xususida toʻlqinlanib soʻzlashi-chi? Oʻlimni boʻyniga olgan odam shular haqida oʻylaydimi? Oʻlimni boʻyniga olmagan odamni esa oʻldirib boʻladimi?! Uning qarshisida ajal ham ojiz qolmaydimi?! Oqsoqol oʻz tanasini kemirayotgan darddan aslo qaygʻurmas, qadim Turkistonning ochiq yaralariga bogʻlangan malhamlardan quvonardi. Umri qardosh xalqlar doʻstligini mustahkamlash yoʻlida oʻtgan ustoz adib va taniqli jurnalist Yoqubjon Xoʻjamberdiyevning “Hurriyat” gazetasida ayni shu mavzuda eʼlon qilingan suhbati jamoatchilik orasida tilga tushganini esladik. Ustozning bir parcha qoralamasigacha avaylab yigʻib yuradigan, ham kotibasi, ham muharriri ­– umr yoʻldoshi Muborak aya shifoxonadayoq choʻntagidan fleshka chiqarib qoʻlimizga tutqazdi. Suhbatning toʻliq elektron nusxasi borligini aytdi.

 

Turkistonning choʻng va chin oʻgʻlonini yangi yilning 14-yanvarida tuproqqa qoʻyib kelib, oʻsha tarixiy gurungga yana bir bor koʻz tashladim. Insonni oʻldirish mumkin, ammo yengib boʻlmaydi, deyilganda uning mohiyatini tashkil etadigan ­– mehr, muhabbat, orzu, maqsad singari tuygʻu va tushunchalar zavol bilmasligi nazarda tutilgan boʻlsa, ajab emas. Umrboqiy gʻoyalar bilan yashagan zotning oʻz umri ham boqiyligiga ishonging keladi. Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sanʼat arbobi, “El-yurt hurmati” ordeni sohibi, Davlat mukofoti, “Tinchlik va maʼnaviy hamjihatlik uchun” xalqaro mukofoti (Qozogʻis­ton) sovrindori Nosir Fozilov matbuotda hozirgacha eʼlon qilingan eng soʻng­gi suhbatida asosan besh masalaga eʼtibor qaratgan, joʻyali takliflarini bildirgan”.

 

Maqolaga bosh muharrir Norqobil Jalil “Besh barmoq tugilsa musht boʻlur” deya sarlavha qoʻygan edi. Bunda Markaziy Osiyo birligi nazarda tutilgan. Nosir Fozilov koʻzi tirikligida qardosh xalqlar oʻrtasidagi aloqalarning qayta tiklanganini koʻrganidan quvonib, bu jarayon nafaqat siyosiy, balki maʼnaviy-ruhiy ehtiyojligini, “xalq diplomatiyasi” rasmiy siyosatdan ham kuchli taʼsirga egaligini taʼkidlagan. Turkiston davlatlari orasida yagona pul birligi (ehtimol, “Osiyo” deb atalar) va oʻrtoq alifbo masalasini koʻtargan. Umumiy tarixni oʻqitish tashabbusini ilgari surgan, mintaqa davlatlarda “Turon tarixi” fanini joriy etishni taklif qilgan. Har bir millatning oʻtmishi nafaqat oʻziga, balki boshqalarga ham tegishli ekanini anglatish lozim. Chet eldagi oʻzbeklar haqida qaygʻurish davlat siyosatiga aylanishi kerakligini uqtirgan. Oʻtgan davr mobaynida bu ezgu gʻoyalarning roʻyobi yoʻlida jiddiy qadamlar tashlandi.

 

 

Mirtemirning mash’um kunlari, 25 yil yashirilgan sir – Nosir Fozilov xotiralari

 

Oqsoqoldan soʻng oila boshiga ogʻir kunlar kelganini ham qisqacha aytib oʻtmasam boʻlmas. Pandemiya Fozilovlar xonadonini parokanda qilib yubordi. Oʻgʻli Xondamir akaning qirchillama yoshda bevaqt oʻlimi, keksa ona va bolalarning uysiz qolishi. Muborak aya bir muddat qarindoshining balkonida jon saqladi. Kelin esa farzandlarini olib, otasinikidan panoh topdi. Yil emas, oy emas, bir necha kungina shunday yashashni tasavvur etish qiyin. Yaxshiyamki, yaxshi insonlar bor. Ularning aralashuvi bilan davlat tomonidan ikki xonali uy sovgʻa qilindi. Nosir Fozilovning tiriklikda yiqqat savoblari oʻlimidan soʻng ham avlodlariga asqatdi. Muborak yanga oilani tang vaziyatdan olib chiqmasdan, umr yoʻldoshining ijodiy merosini saranjomlamasdan dunyoni tark etishni istamas edi. Toʻshakka mixlanib qolganida ham shu haqda qaygʻurdi. Adibning kutubxonasini shogirdlariga boʻlishib berdi (eng muhim kitoblarni nabiralariga qoldirdi, albatta). Mavridi kelganda, kaminaga ham muborak dastxatli manbalar nasib etganini maqtanib qoʻyay. Yozuvchining hayoti va ijodiga doir hujjatlar, qoʻzlyozmalarni muzeyga topshirdi, asarlarini qayta-qayta chop ettirdi...

 

Shu avgust oyida Muborak aya bilan bir-ikki telefonlashdik. Maqola avvalida aytganimdek, Nosir Fozilovga tegishli elektron materiallarni telegram orqali yuborishni soʻradi. Oʻzlarida saqlangan va mening noutbukimda bor barcha matn, surat, audio va video lavhalarni ikki yilcha burun uchta fleshkaga uch nusxada yozib, olib borib bergan edim. Shuni eslatdim. Baribir yuboravering, dedi yanga. Ochigʻi, behafsala boʻldim. Ishxonalar oʻzgargan, kompyuterlar almashgan. Qaysi hard diskka yozilgani aniq emas... xullas, bahona koʻp. Maqola yozish asnosida materiallarni topib, ziplab, kontaktlarimda “Nosir Fozilov” deb saqlangan, Muborak Fozilova rasmi turgan akkauntga yubordim. Kech boʻlsa-da...

 

Janoza payti “Yoshlik” jurnali bosh muharriri Nurilla Chori aytib qoldi. Muborak aya yaqinda bir maqola yozgan, Abdulla Ayizov esa matnini kopmyuterga tushirib bergan ekan (baraka topsin, otasiga rahmat!). Nima haqida, deb soʻradim. Sarlavhasi zoʻr, dedi hamrohim: “Biz yaxshi yashadik”. Umr poyonida har kimga ham nasib etmaydigan saodat, shu jumlani aytish! Goʻzal yakun! Har erkak xotinidan eshitishni istaydigan eʼtirof! Muborak aya oxirgi oylarda shiftga tikilib yotarkan, Nosir ogʻa bilan xayolan uzun-uzun, shirin-shirin suhbatlar qurganiga ishonaman. Quruqshoq lablarida bir jumlani takror-takror aytgan: “Biz yaxshi yashadik!” Yelday kechgan yillardan rizolik, shukronalik ifodasi, mazmundor hayot xulosasi!

 

Farrux JABBORBEK

 XXI asr gazetasi, 35-son

“Biz yaxshi yashadik...” maqolasi

 

Biz yaxshi yashadik

 

Men taniqli yozuvchi, mohir tarjimon, ulugʻ inson Nosir Fozilov bilan kechirgan yorugʻ, shodumon va mahzun kunlarimni mehr va sogʻinch bilan eslayman.

“Men esimni tanib, qoʻlimga qalam olganimdan beri ulugʻ ustozlarimning, yoru doʻstlarimning mehru oqibatlarini tuyib yashadim, men ularni suyub yashadim. Oʻzimdan kichiklarni esa boshlarini silab yashadim. Ularga sogʻlom ijod tilab yashadim. Hukumatimizning, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi rahbariyatining yelkamga qoʻyilgan kafti haroratini har lahzada, har daqiqada, har soatda sezib yashadim. Koʻnglimning arzon baxt vaʼda etguvchi imo-ishoralariga parvo qilmay, nafsimning qingʻir koʻchalariga kirmay yashadim. Agar Yaratgan Egam umr bersa, bundan keyin ham shu zayl shukronalik bilan yashayajakman...”

 

Ushbu iqrorga birorta nooʻrin soʻz, nooʻrin fikr yoʻq. Umr yoʻldoshim xuddi shunday shukronalik bilan yashadilar. U kishi uchun hamma doʻst, hamma birodar edi. Bir shogirdi oʻzi guvoh boʻlgan voqeani shunday xotirlaydi:

“Nosir akaning uyi doim doʻstlari, shogirdlari bilan gavjum boʻlardi. Biz hammamiz borardik. Bir gal borganimizda biz yoqtirmaydigan odam oʻtirgan ekan. Shunda Nosir akam nima qiladi shu odamni chaqirib, deb norozi boʻlgan edik. Endi oʻylab qarasam, u kishi uchun hamma birdek, odamlarni yaxshi-yomonga ajratmas ekan. Shuning uchun u kishining dushmani yoʻq ekan”.

 

Ha, shunday. Uyimiz doim gavjum edi. Qozogʻistondan, Qoraqalpogʻistondan, viloyatlardan keladigan ijodkor mehmonlarning keti uzilmasdi. Toshkentdagi shoir, yozuvchi ukalari tez-tez biznikiga yigʻilishib, adabiy munozaralar, mushoiralar oʻtkazishardi.

 

Oybek domla, Gʻafur Gʻulom, Uygʻun domla, Abdulla Qahhor, Mirtemir domla bilan ota-bola, Said Ahmad aka, Odil aka Yoqubov, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Oʻtkir Hoshimov, Oʻlmas Umarbekov, Shukur Xolmirzayev bilan aka-uka boʻlib ketishgandi. Biznikiga kelmagan shoir-yozuvchi qolmagan, desam mubolagʻa boʻlmas.

 

Nosir akaning ota-onalari ham, joylari jannatda boʻlsin, bagʻri keng, koʻngli toza, mehmondoʻst, mehribon odamlar edi. Qaynona oyimdan koʻp narsalarni oʻrgandim: odamgarchilikni, mehmon kutishni, pazandalikni, ayniqsa, xamir ovqatlarni... Qayin singlim Zebiniso opa, qayin ukam Sunnatillo aka, ovsinim Nasibaxon ham olijanob insonlar edi. Shuncha yil birga yashab, bir-birimizga hamisha izzatda, hurmatda boʻldik. Qoʻlimdan kelgancha xizmatlarini qildim. Qarindoshlar juda mehr-oqibatli edi. Tez-tez kelib turishardi. Men shunday oilada yashaganimga Allohga shukronalar aytaman.

 

Hamisha umr yoʻldoshimning ardogʻida boʻldim. Hayotimizdagi xursandchiliklarni baham koʻrdik. Qiyinchiliklarni birgalikda yengdik. Ijodda bir-birimizga koʻmakdosh boʻldik.

 

Nosir aka ustozlardan saboq olib, baholi qudrat ijod bilan shugʻullandilar. Adabiyotga, xalqlar doʻstligiga sidqidil xizmat qildilar. Odamlarga yaxshilik ulashdilar. Men doim yonlarida boʻldim.

Hayotimdan roziman...

 

Muborak FOZILOVA,

adiba va tarjimon

 

 

 



Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

San’at

17:09 / 05.09.2025 0 85
San’at – qurol. Bizga qanday qo‘shiqlar kerak?

Tarix

17:09 / 03.09.2025 0 340
Ovropalik qochqin xonimning Turkiston kundaligi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//