Mirtemirning mash’um kunlari, 25 yil yashirilgan sir – Nosir Fozilov xotiralari


Saqlash
19:02 / 28.02.2022 0 2153

Nosir FOZILOV

 

Odam umrida ro‘y beradigan xayrli ishlarga kimlardir sababchi bo‘lar ekan-u, so‘ng o‘sha yaxshilik ko‘rgan odam uni bir umr alqab yurar ekan. Sobit og‘a bilan Mirtemir aka mening tarjimonlik faoliyatimga sababchi bo‘lganlardan. Shuning uchun men ularni har gal chuqur hurmat va farzandlik mehri bilan eslayman.

 

1952-yil. SAGUda o‘qib yurgan kezlarimiz edi. Bir baxtli tasodif bo‘lib, qo‘limga Sobit og‘aning “Mening maktablarim” degan kitobi tushib qoldi. Qozoq tilini uncha-muncha bilishim qo‘l kelib, kitobni o‘qiy boshladim. Kitob – avtobiografik roman bo‘lib, taxminan o‘ttiz besh-qirq bosma toboqcha kelardi. O‘sha paytlardagi studentlarning o‘ziga xos riyozatlariga, dars va konspektlarning ko‘pligiga qaramay, kitobni ikki kunda o‘qib chiqdim. Nihoyatda yengil, shirali tilda yozilgan bu kitob muallifining boshidan kechirganlari, ko‘rgan-bilgan voqealari, hayotda muloqotda bo‘lgan kishilari haqida hikoya qilardi. “Yozuvchi bo‘lish uchun  biografiyang boy, ko‘rgan-bilgan narsalaring ko‘p bo‘lishi kerak. Ana shunda yozgan asarlaring samimiy va rostgo‘y chiqadi... degan gaplarni o‘rta maktabda muallimlardan ham, keyinchalik universitetda olimlarning ma’ruzalaridan ham talay-talay marta eshitganmiz, maqolalaridan ham ko‘p o‘qiganmiz. Menda: Ba’zi yozuvchi bo‘lishni havas qilib yurgan o‘rtoqlarimizning bir hovuchgina biografiyasi bor-u, tag‘in yozuvchilikni da’vo qilib yurishibdi. Shu asar o‘zbek tiliga tarjima qilinsa, ana shu o‘rtoqlarga dars bo‘lmasmikan?..” degan bir xomaki fikr tug‘ilib qoldi. Ammo bu fikrimni kimga aytishni, kim bilan maslahat qilishni bilmasdim. U paytlarda kitob yozish u yoqda tursin, yozilgan asaru qilingan tarjimani qaerga olib borish, kim bilan gaplashishni ham tuzukroq bilmas edik. Sobit og‘ani G‘afur aka bilan do‘st, sirdosh deb eshitgan edim-u, ammo u paytda G‘afur G‘ulomdek ulkan shoir bilan gaplashishga yuragim unchalik dov bermas edi.

 

Kunlardan bir kun Sobit og‘aning qalin kitobini qo‘ltiqlab, hamshaharim Mirtemir akaning oldiga bordim. U vaqtlarda bir-birimizni tanimas edik. Men o‘zimni tanishtirdim. Maqsadimni aytdim. U kishi biroz sukut qildi-da:

 

– Yaxshi o‘ylabsan, inim, – dedi. – Biroq... biroq sal kichikroq asardan boshlash kerakmidi? Bu juda katta asar, boshlovchi tarjimonga sal og‘irlik qilar...

 

Men indamay o‘tirardim. Indamay o‘tirganimni u kishi qaysarlikka yo‘ydi shekilli:

 

– Hay, bo‘lmasa ertaga nashriyotga kel. Men ham boraman, o‘zimning ham ishlarim bor edi. U yerdagi o‘rtoqlar bilan bir gaplashib ko‘raylik-chi? – dedi.

– Nashriyot qayerda? – deb so‘radim Mirtemir akadan.

 

U kishi piq etib kulib yubordi.

 

– E, hali nashriyotning qayerdaligini bilmay, yostiqday romanni ko‘tarib yuribsanmi, bo‘tam.

 

Nashriyot shunday biqinginamizda bo‘la turib, uni bilmaganim uchun qizarib, Mirtemir aka bilan ertaga qaysi vaqtda uchrashishimizni kelishib olib, yotoqqa qaytib keldim. Mirtemir aka bilan tanishganimdan, ozgina bo‘lsa ham ishim yurishay deganidan boshim osmonda edi.

 

*  *  *

Ertasiga darsdan chiqib, soat uchlarda nashriyotning oldiga borsam, Mirtemir aka eshik oldida kutib turgan ekan. Borishim bilan meni ichkariga olib kirib, qorachadan kelgan, sochlari quyuq bir kishi bilan tanishtirdi. Chamasi ilgariroq kelib, bor gapni u kishiga aytgan shekilli, aslida kamgapmi yo u kishiga ham kitob kattaroq ko‘rindimi, stolni chertib biroz indamay o‘tirdi. Mirtemir aka gaplashaveringlar, deganday boshqa xonaga chiqib ketdi. Haligi quyuq qora sochli, egniga yangi qora kostyum kiygan chorpahil kishi kitobni qo‘liga olib asta varaqlar ekan, qoshlarini chimirdi.

 

– Talaba ekansiz-da... Qaysi kursdasiz?

– Ikkinchi.

– Tarjimaga birinchi qo‘l urishingizmi?

– Endi... Hali qo‘l urganim yo‘q, domla, – dedim iymanibroq.

 

Talabalik yillari o‘zimizdan kattaroq kishilarni kimligini surishtirib o‘tirmay “domla” deb chaqirishga odatlanib qolgan edik.

 

– Men bu kitobning ixchamlashtirilgan ruscha nusxasini ko‘rgan edim, – dedi nashriyot xodimi boyagi holatini buzmay. – Bu kitob bizga ham, sizga ham kattalik qilardi. Avtorga bir xat yozmaysizmi?

– Nima deb?

– Mana shu kitobni ixchamlashtirib bera olasizmi, deb-da.

– Qaydam.

– Bir yozib ko‘ring. Bizning fikrimizni ham ayting. Agar xo‘p desalar planga kiritamiz.

 

Maslahat shunga kelib taqalib, men u kishi bilan xayrlashib koridorga chiqdim-da, keyingi kelganimda adashmay deb eshigiga qaradim. Eshikda “bo‘lim mudiri Shukur Sa’dulla” deb yozib qo‘yilgan edi. “Shukur Sa’dulla degan shoir shu kishi ekan-da”. O‘rta maktabda o‘qib yurganimizda u kishining she’rlarini talay marta yod olganmiz, pyesalarini sahnalashtirganmiz.

 

Tanish adiblarim yana bittaga ortganidan xursand edim. Chamasi, Mirtemir aka men haqimda durust fikr aytgan shekilli, yaxshi muomala qilishdi. Shu xursandchilik bilan darhol qo‘limga qalam olib, Sobit og‘aga xat yozdim. Xatda boyagi gaplarni batafsil aytdim, u kishining roziliklarini so‘radim. Sobit og‘aning aniq adresini bilmaganim uchun Chexovning Vankasiga o‘xshab: “Olmaota shahri, Qozog‘iston Yozuvchilar Soyuzi, yozuvchi Sobit Muqonovga deb yozdim-u, pochta qutisiga tashladim.

 

Birovni intizorlik bilan kutish, ayniqsa xat kutishning qanaqa bo‘lishini yaxshi bilasiz. Bir haftalardan so‘ng yotoqxonaga pochtalyon ayol telegramma ko‘tarib kirib keldi.

 

– Fozilov qaysi biring?

– Men.

– Telegramma. Mana bu yeriga qo‘l qo‘y...

 

Quvonchli hayajondan qo‘llarim titrab, pochtalyon ayol ko‘rsatgan joyiga imzo chekib, telegrammani oldim. Sobit og‘adan!

 

Hurmatli Nosir Fozilov. Xatingizni oldim. Tez kunda “Mening maktablarim”ning qisqartirilgan variantini yuboraman. Mirtemirga mendan salom ayting. Sobit Muqonov”.

 

Birpasda yotoqdosh do‘stlarim atrofimni o‘rab olishdi. Ular mening niyatimdan bexabar edilar. Bir boshdan gapirib berdim. So‘ng telegramma qo‘ldan-qo‘lga o‘tib ketdi. O‘zimda yo‘q xursandman, buning ustiga kursdoshlarim oldida birpasda obro‘yim oshib ketdi. O‘sha kuniyoq telegrammani nashriyotga, Shukur Sa’dullaga olib borib ko‘rsatdim. U kishi ham xursand bo‘ldilar. Qandaydir papkani ochib, “S. Muqonov. “Mening maktablarim” deb qayd qilib qo‘ydilar-da:

 

– Endi qo‘lyozmani kutamiz, – dedilar.

 

Shu orada hovliqib telegrammani Mirtemir akaga ham olib borib ko‘rsatdim. Xursand bo‘ldilar.

 

*  *  *

Mirtemir akanikiga kirib borganimda allaqachon oqshom salqini tushib, atrof nimqorong‘i tortib qolgan edi. Hovlida Mirtemir aka atirgullarga suv sepib yurar, sadarayhonning tarovatli bo‘yi hovlini tutib ketgan, gullarning barglariga sepilgan suv tonggi shudringday tiniq yiltillar, hovliga allaqanday bir go‘zallik baxsh etar edi. Mirtemir aka meni ko‘rishi bilan qo‘lidagi rezina shlangni shundoqqina atirgullar jo‘yagiga to‘g‘rilab qo‘ydi-da, peshvoz chiqdi.

 

– Kel, mulla Nosir.

– Assalomu alaykum.

 

Odatdagi salom-alikdan so‘ng o‘rtadagi kattagina ping-pong o‘ynaydiganga o‘xshash stolga taklif qildi.

 

– Marhamat. Xo‘sh, boyagi gap nima bilan tugadi? – dedi Mirtemir aka tok shoxida ilig‘liq turgan sochiqqa qo‘lini artayotib. Egnida ko‘kish finka, pijamaning jigarrang yo‘l-yo‘l sharavari; pochalari suv tekkanidan ho‘l bo‘lib, shalvirab turar edi. – Ishga kiradigan bo‘ldingmi?

– Kiradigan bo‘ldim shekilli, – dedim sal dudmalroq qilib. Mirtemir aka hayron bo‘libroq qaradi. Men gapimga aniqlik kiritdim. – O‘n besh kunlardan keyin boradigan bo‘ldim.

– Nega?

– “Qarag‘anda” romanining tarjimasini bitirib, mashinkaga bergan edim. Shuni birato‘la tugatib, ustidan ko‘rib, nashriyotga topshirib olay deb...

– Shunga rozi bo‘lishdimi axir?

– Kutamiz, deyishdi-ku. Rozi bo‘lgani shu bo‘lsa kerak-da.

– Yaxshi, – dedi Mirtemir aka nimanidir o‘ylaganday bo‘lib.

– Boya kelgin, bir maslahatli ish bor, deganingizga keluvdim, – dedim o‘rtadagi sukutni buzib.

– Ha, aytganday, – deb Mirtemir aka uyga yo‘l oldi. – Men hozir...

 

Negadir hovlida Mirtemir akaning bolalari ko‘rinmas, kelinoyimiz oshxona tomonda kechki ovqat bilan kuymanar, mening kelganimdan bexabar edi. Hovlida qandaydir taomning ishtahani qitiqlovchi hidi rayhon va atirgullarning bo‘yiga omuxta bo‘lib ketgan, hozirgina sepilgan suvdan atrof qo‘ng‘ir salqin tortib, odamga orom baxsh etar, bu manzara menga – endigina universitetni tugatib, adabiyot deb atalmish sehrli gulshanga qadam qo‘yishni mo‘ljallab yurgan mullaquruq bir bola uchun jannatning go‘zal bir go‘shasiga o‘xshab ko‘rinar edi.

 

Xayol bilan bo‘lib Mirtemir akaning chiqib kelganini ham payqamay qolibman. U kishi stolga pop etkazib qandaydir og‘ir papkani qo‘yganida o‘zimga keldim. Qarasam, boyagi tanish papka! Hayron bo‘lib Mirtemir akaga qaradim.

 

– Mulla Nosir, seni chaqirganim... – dedi jiddiy tortib. – Menga bugun mana bu asarni berishdi. Muxtor og‘aniki. “Abay”ning ikkinchi jildi. Shuni tahrir qilib berasan, deyishdi. – Menga bu asarning nima aloqasi bor ekan, deb hayron bo‘lib o‘tirardim. Mirtemir aka biroz sukutdan so‘ng so‘zida davom etdi. – Birinchidan, bu mening ishim emas, bunaqa katta asarni hech qachon tahrir qilmaganman. Ikkinchidan, Nekrasovni qo‘lga olganman. “Кому на Руси жит хорошо”ni tarjima qilishim kerak, – deb menga tikilib qoldi. Oraga biroz jimlik cho‘kdi.

 

– Olmaslikning iloji bo‘lmadi. Sening ancha qo‘ling kelib qoldi. Sobit og‘ani tarjima qilib berding. Tarjimang ma’qul. G‘abiden og‘aning “Qarag‘anda”sini ag‘darding. Ishonchim komilki, bu ham joyida bo‘ladi. Muxtor og‘aning ijodi bilan ham yaxshi tanishsan. Qolaversa, shu kitobning birinchi jildiga taqriz yozgansan. Taqrizing “Qizil O‘zbekiston” (hozirgi “O‘zbekiston ovozi”)dek mo‘tabar gazetada bosilib chiqdi. Odamlarga ma’qul. Gapning qisqasi: shu asarning tahririga bir qarashib yubor...

 

Nima deyishimni bilmay qoldim. Ancha vaqtgacha indamay o‘tirib:

 

– Bu ish mening qo‘limdan kelarmikan? – dedim ming‘irlab.

– Keladi! – dedi Mirtemir aka ishonch bilan. – Mana qozoqcha originali. Tarjima bilan originalni solishtirib, ma’no buzilgan joylari bo‘lsa bemalol tuzataverasan. Hali o‘n besh kundan keyin ishga kiraman, dedingmi? Iloji bo‘lsa shu o‘n besh kun ichida ko‘rib bersang. O‘zingning qo‘lyozmangni, yosh narsasan, ishlab yurib ko‘rsang ham bo‘laveradi.

– Mayli, – dedim sal cho‘chibroq.

 

Cho‘chishimning boisi bor edi albatta. Universitetni endigina tugatganman, shaharda turar joy yo‘q, oilamiz shahardan oltmish chaqirim narida Vrevskiy (hozir Olmazor deb ataladi) degan joyda istiqomat qilardi. Men endi qo‘lyozma bilan originalni olib o‘sha yoqqa ketib ishlash niyatida ishonchsizroq gap qotdim.

 

– Unda bering qo‘lyozmani...

– Olib ketmoqchimisan?! Yo‘q, buni berib bo‘lmaydi. Zumradxonim sal tixirroq tarjimon. Mendan tez-tez xabar olib turmoqchi, – dedi Mirtemir aka. – Yaxshisi, shu yerga kelib ishlay qol. Mana bu uyga joy qilib beraman, – u kishi darvozadan kiraverishdagi – o‘ng qo‘ldagi kichkina uyga ishora qildi. – Bemalol ishlayverasan. Zumradxonim kelib qolguday bo‘lsa, ko‘rinmaslikka harakat qil...

 

Mirtemir aka shunday dedi-yu, qornini ushlab qotib-qotib kuldi. Men u kishining gapiga ko‘ndim: ertadan boshlab kelib ishlaydigan bo‘ldim.

 

– To‘rash! – deb chaqirdi Mirtemir aka. U kishi nimagadir kelinoyimni shunday deb chaqirardi. Vaholanki, kelinoyimning oti Yorqinoy edi. – Bir choy ichaylik.

 

Hammamiz dasturxon atrofiga jam bo‘ldik...

 

*  *  *

Atrofga kuz nafasi urib, hamma kostyumga o‘tgan, yaproqlarning rangi sarg‘ayib, qushlarning chug‘uri kamaygan payt edi. Jurnalda ish boshlab yuborganimga ikki oylar chamasi bo‘lgan. U paytlarda jurnal nashriyot binosining o‘ng qanotida, birinchi qavatda edi. Tushlikda jurnal xodimlari bilan Taxtapuldagi “chollar choyxonasi”ga tamaddi qilgani borardik. Endi tushlikdan qaytib, xonamda ishlab o‘tirsam, Mirtemir aka kirib keldi. Chamasi, nashriyotga bir ish bilan kelgan-u, buyoqqa tushgan. O‘sha mahalda jurnalning muharriri Erkin Jabborov edi. Hazil-mutoyibaga suyagi yo‘q, bag‘rikeng odam. Birpas Mirtemir aka bilan chaqchaqlashib o‘tirdik. Mirtemir akaning bugun negadir kayfi chog‘ ko‘rindi. Bilmadim, haqiqatan ham kayfi bormidi o‘shanda? Har holda menga shunday tuyuldi.

 

– Bizga Mulla Nosir kerak edi-da! – dedi u biroz gurunglashganimizdan so‘ng.

Men yalt etib muharrirga qaradim.

– Mana mulla Nosiringiz, – dedi Erkin aka sho‘xlik bilan.

– Birpas kechiksa koyimaysiz-da... – dedi Mirtemir aka.

Bu ruxsat so‘ragani edi.

– Bamaylixotir. Bugunga ruxsat. Ammo-lekin ko‘p ichib qo‘ymasin...

 

Yengil kulishdik. Mening ichmasligimni hamma bilardi. Bu gap shunga ishora edi. Birpasda stolimning ustini yig‘ishtirib, Mirtemir akaga ergashdim. Nashriyot eshigining oldiga chiqqanimizda u kishi meni xiyobondagi daraxtning tagiga boshlab bordi-da, cho‘ntagidan bir dasta pul oldi.

 

– Ma, mana buni olib qo‘y, – dedi haligi pullarni menga cho‘zib.

Men shoshib qoldim. Har pullarki, shapaloqday-shapaloqday keladi. Nuqul yuz so‘mlik, ellik so‘mlik... Bir dasta! Eski pul-da, cho‘g‘i ko‘p!

– Ol, olaver, – dedi Mirtemir aka hamon meni qistab. – Qo‘rqma, bu sening haqqing.

Men umrim bino bo‘lib buncha pulni ko‘rmaganman. Uni qo‘limga olishdan cho‘chirdim.

– Qanaqasiga meniki bo‘ladi? – dedim men orqaga tisarilib. – Qo‘ying, Mirtemir aka.

– Olaversangchi axir, bular seniki dedim-ku... Anavi tahriringga. Hozir berishdi. Ma!

– Mayli, undoq bo‘lsa bo‘lishamiz.

– Ol degandan keyin olaver-da. Bu pullar seniki-ku, axir.

– Yo‘q, ikkalamizniki, – dedim men sal bo‘shashib, – axir men... buni nashriyot sizga bergan-ku, axir. Tahrir ham sizning nomingizda, qanaqa qilib meniki bo‘lsin. Men sizga qarashib yubordim, xolos.

– Ha, xo‘p, mana bo‘lmasa, – deb Mirtemir aka haligi qo‘lidagi bir dasta puldan uchta yuz so‘mligini oldi-da, qolganini menga uzatdi. – Mana, o‘zimga tegishligini oldim. Yana elligini Qassobovga ham berdim. Bosh bo‘g‘oltir-da, pulni beradi-yu, qo‘lingga tikiladi. Bir narsa bermay ketolmaysan.

 

Men pulni xuddi cho‘g‘ ushlaganday avaylab olib, yon cho‘ntagimga soldim. Pul turgan joy bamisoli yondirib borardi. Xijolatdan yuzlarim yonib, xuddi o‘g‘irlik ustida qo‘lga tushganday Mirtemir akaga to‘g‘ri qarayolmasdim. U bo‘lsa mening egni-boshimga qarab boshini chayqardi. Nega ekanini kim bilsin? Balki kostyumimning tirsagidagi bir parcha yamoqqa ko‘zi tushib qolgandir. Ehtimol...

 

*  *  *

Men qayoqqa, deb so‘ramadim, u kishi ham aytmadi. Katta yo‘lga chiqqanimizda qandaydir bir mashinani to‘xtatib, chiqib oldik. Mashina ishchilar shaharchasiga qarab zuvillab borardi. Boya mashina egasiga nimadir deganday bo‘luvdi, men nima deganini anglamadim. Qarasam, mashina zuvillagancha Mirtemir akaning uyi oldidan o‘tib ketdi. Hayron bo‘ldim. Qayoqqa ketyapmiz? Bir mahal mashina hozirgi Mikond zavodining oldiga borib to‘xtadi. Mirtemir aka kira haqini to‘ladi. Ikkalamiz boshlashib, ko‘chaning narigi tomoniga o‘tdik. Kichkinagina bir mato do‘konchasi oldiga borganimizda Mirtemir aka, yur, deganday ishora qildi. Kirdik. Do‘konchi bilan yaxshi tanish shekilli, quyuq so‘rashib ketishdi. Pirovardida:

 

– Olib qo‘ydingizmi, mulla? – deb so‘radi.

 

Do‘konchi boshini liqillatib, ichkariga kirib ketdi-da, qog‘ozga o‘rog‘liq mato olib chiqib, peshtaxta ustiga qo‘ydi. Shundoqqina qog‘ozning ochiq joyidan ko‘rinib turibdi: to‘q ko‘k jun material, o‘zidan chiqqan mayda yo‘lli... Aftidan, chet eldan olib kelingan mato bo‘lsa kerak. Yaltirardi. Mirtemir aka meni do‘konchiga ko‘rsatib, bir nima deganday bo‘ldi. Sal matoga hushim ketib qolgan shekilli, o‘zimga keldim. Do‘konchi menga boshdan-oyoq tikilib:

 

– Bu bolangizga uch metrdan bemalol chiqadi, – dedi. – Beraymi?

– Ma’qul, bering, – dedi Mirtemir aka, – bu mulla bolayam bir kostyumlik bo‘lib qolsin.

 

Men hayron bo‘lib turardim. Hash-pash deguncha haligi do‘konchi yana qog‘ozga o‘rab haligi materialdan olib chiqdi.

 

– Qancha bo‘ladi? – Mirtemir aka do‘konchining javobini kutmasdan boyagi olib qolgan uch yuz so‘mni olib peshtaxtaga tashladi. Do‘konchi keragini oldi-da, ozroq mayda qaytim berdi. Men cho‘ntagimdagi puldan olib berishni ham unutib, baqrayib turardim. Chatoq bo‘ldi!

– Rahmat sizga, – dedi Mirtemir aka do‘konchiga.

– Kelib tursinlar, – dedi do‘konchi ikki qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib.

Ikkalamiz qo‘ltiqlarimizda o‘rog‘liq mato bilan yo‘lga tushdik. Menda un yo‘q. Chamasi, bugungi voqealardan garang edim chog‘i.

– Uyga boramiz, – deb qoldi Mirtemir aka ko‘chaning berigi betiga o‘tganimizda. – Kostyumlarni yuvmasak bo‘lmaydi endi.

 

Ko‘cha bo‘ylab asta kelayotganimizda kun botay-botay deb qolgan, atrofga oqshom salqini tushgan edi. Kelinoyim xuddi bizning kelishimizni oldindan bilganday, hovlini chinniday qilib supurib, suv sepib qo‘ygan, o‘rtadagi katta stolda dasturxon yozig‘lik turar, bolalar hovlini boshiga ko‘tarishib, bir-birlarini quvlashib, qiyqirishar edi. O‘rog‘lik matolarni stolning bir chetiga qo‘yib, krandan qo‘limni yuvib kelgunimcha, Mirtemir aka uyga kirib, yechinib, qo‘lida ikki ryumka, bir g‘alati grafin ko‘tarib chiqib keldi. U grafin va ryumkalarni stolga qo‘yarkan:

 

– Kavkaz konyagini ko‘rganmisan? – deb so‘rab qoldi.

 

Men grafinga tikildim. Juda antiqa: o‘ngdan chapga burab qo‘yilganday, oppoq, nafis. Billur bo‘lsa kerak. Tiqini ham did bilan ishlangan edi.

 

– Oq konyak!

 

Men oq konyak u yoqda tursin, hali qiziliga ham ishim tushmagan. Meni uning ichidagisidan ko‘ra, sirtidagi idishi maftun qilib qo‘ygan edi.

 

– To‘rash, – bir nimang bormi gazakka! – dedi Mirtemir aka oshxona tomonga qarab.

 

Kelinoyim kelib men bilan so‘rashdi-da, “hozir” deb uyga kirib ketdi. Ungacha Mirtemir aka qadahlarga ichimlik to‘ldirib qo‘liga oldi.

 

– Qani, mulla, ishlarimiz hamisha o‘ngidan kelaversin. Ol.

 

Nima bo‘lsa bo‘lar qabilida qadahdagi ichimlikni yutib yubordim-da, ko‘zimni ochdim. Hammasini ichdim, deb o‘ylovdim, yo‘q bir enlik qolibdi. Nazarimda tomog‘imdan oshqozonimgacha nimadir o‘rtab borayotganday bo‘ldi. Kelinoyim bir tarelkada yarimta qazi, yaxna go‘sht, ikkita non olib chiqib qo‘ydi. Yonida dandon sopli pichoq ham bor.

 

– Qani, to‘g‘ra, – dedi Mirtemir aka. – Har holda yoshroqsan.

 

Men taqsimchani oldimga olib to‘g‘ray boshladim. Negadir darmonim qurib, a’zoyi badanim bo‘shashib borardi. Falokat-da, bir qaltis harakat qilib, chap qo‘limning ko‘rsatkich barmog‘iga pichoq tekkizib oldim. So‘ng uni Mirtemir akadan berkitgan bo‘lib, pichoqni chap qo‘limga oldim. Chap qo‘lda, buning ustiga ishni eplay olmayotganimni ko‘rib qolib, og‘a:

 

– E, o‘zlari chapaqaymilar? – dedi. Bir to‘g‘ram qazini qo‘liga olib turib, menga jiddiy qaradi. – Ie, mulla, mana, bu nima?!

 

Qazining bir chetiga jindek qon yuqi ilashgan edi.

 

– Sal qo‘limni... – dedim g‘uldirab.

 

Mirtemir aka oldimda turgan qadahni nariroqqa surib qo‘ydi. Haroratim sal oshganidan bo‘lsa kerak, nega?.. deganday Mirtemir akaga qaradim.

 

– Buni ham ichsang, meni so‘yib yuborasan, – deb qadah tagida qolgan konyakka ishora qildi-da, o‘zining gapi o‘ziga nash’a qildi chog‘i, qornini ushlab qotib-qotib kuldi. Bu kulgiga chor-nochor men ham qo‘shildim. O‘rnimdan turib oshxona tomondagi suvdan qo‘limni yuvgani borganimda oynaga qarasam, yuzim lolarang bo‘lib ketibdi. Stolga kelib o‘tirganimda Mirtemir aka bir-ikki qadah benavbat ichgan shekilli, juda ko‘ngilli, sergap bo‘lib qolgan edi. Qizarib ketganimni ko‘rib kular, deb o‘ylagan edim, yo‘q, ahamiyat bermadi.

 

– Men senga bir gap aytay, – deb gap boshladi Mirtemir aka. U ancha jiddiy tortib qoldi. Aftidan, aytadigan gapi muhim shekilli. – Endi aytsam ham bo‘laveradi. Kap-katta yigitsan, dunyoning pasti-balandini tushunadigan bo‘lib qolding.

 

Men miq etmay u kishiga tikilib o‘tirardim. Endi meni urishsa kerak, deb o‘yladim. Chunki, “kap-katta yigit bo‘lib, dunyoning pasti-balandini tushunadigan bo‘lib qolganimni” yuzimga solayotgan ohangda gap boshlagan edi.

 

– Xabaring bor, bir mahal meni soyuz a’zoligidan o‘chirishgan edi. Nima uchun o‘chirishganining senga keragi yo‘q, – dedi u chuqur tin olib. So‘ng qo‘lida aylantirib tomosha qilib o‘tirgan qadahni sipqorib yubordi. – Endi soyuzga qayta tiklashlari uchun men ularning bir shartini bajarishim kerak edi. Ya’ni “Abay” romanini tahrir qilib berishim kerak edi. Bu ishda sen menga tengi yo‘q xizmat qilding. Men sendan juda minnatdorman. Bugun men juda xursandman. Soyuz a’zoligiga qayta tiklandim...

 

May ta’siridanmi yo kap-katta bir shoirga, begunoh bir insonga mash’um shart qo‘yilgani ta’sir etdimi, har qalay diydam bo‘shab, ko‘zimga g‘ilt-g‘ilt yosh kelib, o‘zimni idora qilolmay qoldim. Shartta o‘rnimdan turib borib Mirtemir akaning yuzlaridan o‘pa boshladim. U kishi ham ko‘ngli bo‘shab ketdi chog‘i, bo‘ynimdan mahkam quchib:

 

– Ba’zan shunday ishlar ham bo‘lib turarkan, mulla Nosir, nachora... – dedi. Uning tovushiga ham titroq ingan, ko‘zlari yoshlangan edi.

 

Beixtiyor grafindan qadahimga konyak quyib otib yubordim.

 

– O‘ho‘, zo‘rsan-ku...

 

Kelinoyim olib kelgan shilpildoqdan tortinmay tushirdim. Allamahalda ketish uchun ruxsat so‘radim.

 

– Mayli boraqol. Haligi gaplar sir, a?

– Ishonavering... – dedim ko‘rsatkich barmog‘imni lablarimga bosib.

– Aytganday, mato shu yerda qola qolsin. Bir ustam bor. Qo‘l tekkanda olib borib ikkalamiz ham tiktirib olamiz.

– Mayli...

 

*  *  *

Mirtemir aka bilan xayrlashib ko‘chaga chiqqanimda tevarak-atrofga qorong‘i tushib qolgan edi. Ko‘rmagan joyning uydim-chuquri ko‘p deganlariday, qoqilib-surinib borar edim. Oyoqlarim odatdagidan yengilroq harakat qilar, ko‘nglimda tushunib bo‘lmas bir mav-hum g‘alayon bor edi: “Nahotki shundoq odamga shunaqa mash’um shart qo‘yishsa?! Nahotki...”

 

Ishga kirgan kunimning ertasigayoq Jonrid Abdullaxonov ikkalamiz bir rus oilasining hovlisidan bir xonalik, oldi ravonlik uyni ijaraga oldik. Bu shundoqqina ishchilar shaharchasidagi o‘ninchi tramvayning oxirgi bekatiga yaqin, “Shuhrat” kinoteatrining yonginasida edi. Uyga kirib borsam, Jonrid karavotga cho‘zilganicha kitob o‘qib yotgan ekan. U meni ko‘rishi bilan:

 

– Ha, qayoqlarda sanqib yuribsan? – dedi.

– Yuribmiz-da davringda, – dedim iljayib.

Tovushimdan bildimi yo qizarib ketganimni ko‘ribmi, kitobni rangi o‘chib ketgan ko‘rpasining ustiga qo‘ydi-da, o‘rnidan turib o‘tirdi.

– Yangilik-ku... Eh-he, – dedi cho‘zib. – Otibdilar-da!

– Nima bo‘pti, – dedim bo‘sh kelmay.

– Dard bo‘pti, balo bo‘pti! Hali uyning xo‘jayini kirdi. Ikki oylik ijara haqini to‘lab qo‘yinglar, deb. Sen bo‘lsang, kayfi safo qilib yuribsan... – dedi u jig‘i biyron bo‘lib.

– To‘laymiz... To‘rt oyligini ham to‘laymiz, – dedim men parvo qilmay.

 

So‘ng cho‘ntagimdan bir dasta pul olib, o‘rtadagi stol ustiga otib yubordim. – To‘lamagan nomard...

 

Jonrid angrayib qoldi.

 

Qayoqdan o‘marding bu pullarni, ovsar?!

– Jim. Bu sir!

 

*  *  *

Ha, hurmatli o‘quvchim. Bu aytib bo‘lmaydigan sir edi. Bu sirni men yigirma besh yildirki, ko‘ksimda ko‘tarib kelardim. Bu sir ko‘nglimning bir chekkasida goh kir bo‘lib tabiatimni xira qilar, goh bir nurli xotira bo‘lib ko‘nglimni yoritib yurar edi. Har qanday sir yigirma besh yil o‘tgach, o‘z kuchini yo‘qotadi, degan gap bor. Hayotda shunaqa hodisalar ham bo‘lib turar ekan. Men sizlarga ko‘nglimni bo‘shatdim, xolos.

 

Xullas, shunaqa gaplar... 

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bilasizmi?

10:12 / 03.12.2024 0 46
Pul va minora – ular “qarindosh”mi?

Bilasizmi?

17:11 / 21.11.2024 0 232
“Tarif”ning ta’rifi va tarixi

Qatra

17:11 / 21.11.2024 0 521
Yoshlar yomonlanadigan davralarda o‘tirmayman



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

01:12 / 08.12.2021 143 219187
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

01:12 / 03.12.2021 88 104700
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

22:08 / 04.08.2023 4 35347
Milliy urf-odatlar

Qomus

16:12 / 29.12.2021 4 27552
Kompetentlik

Qomus

17:09 / 18.09.2023 0 27483
Nutq. Nutq madaniyati. Nutq odobi

Qomus

17:04 / 17.04.2023 1 26664
Xarakter

Qomus

17:05 / 03.05.2023 1 25379
Alpomish

Qomus

20:07 / 28.07.2023 5 22638
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

//