Oʻzbek adabiyotining generali Abdulla Qahhorga dastxat
Yozuvchi Nosir Fozilov nafaqat soʻzga talabchanligi, balki topqirliklari bilan ham adabiyot ahli orasida tanilgan edi. Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Neʼmat Aminov “Kitob yozish boshqa-yu, ustozlarga, hamkasb doʻstlar-u muxlislarga maqbul keladigan dastxat yozib berish boshqa ekan. Bu borada ham Nosir aka oʻziga xos hozirjavob adib”, deya eslaydi.
Bir kuni Abdulla Qahhor Nosir akadan:
– Gʻabiddin Musrepovning “Qozoq soldati” romanini tarjima qilibsiz deb eshitdim, kitob boʻlib chiqdimi? – deb soʻraydi.
Ertasiga Nosir aka kitobga dastxat yozib, talabchan adibga oborib beradi. Ustoz kitobni ochib, ichki muqovaga yozilgan dastxatga koʻz tashlaydi. “Oʻzbek adabiyotining generali Abdulla Qahhorga! “Qozoq soldati”ni agʻdarib tashlagan oʻzbek adabiyoti soldati Nosir Fozilovdan” deb yozilgan edi.
Ustoz miyigʻida mamnun jilmayib qoʻyadi.
***
Qoraqalpoq yozuvchisi Oʻrozboy Abdurahmonovning “Changalzor yoʻlbarsi” degan kitobini Nosir aka qotirib tarjima qilgani hammaning esida. Bundan Oʻrozboy nihoyatda erib ketib, Nosir akani oʻzining tarjima kitobiga dastxat yozib bering, deb hol-joniga qoʻymabdi. Shunda Nosir aka bor tavakkal deb, “Qoraqalpoqning Oʻroz yozuvchisiga oʻzbekning xoʻroz tarjimonidan”, deya imzo qoʻyib beribdi.
Olmaxon Hayitovaning taraqa-turuq ashulasini eshitgandek bo‘ldim
Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Tohir Malik xotiralarida Nosir Fozilov bir “xom” qissasining nashr qilinishidan asrab qolgani, lekin keyingi asarlarini maqtaganini aytgan:
“Falak”ni yozib tugatgach, uni ham Nosir akam bilan togʻamga berdim. Nosir akam uzoq kuttirmadilar. Ishlari koʻp boʻlsa ham tez kunlarda oʻqib, huzurlariga chaqirtirdilar. Xavotir bilan borgan edim, qoʻlimni siqib, “Ha, shoir, bu boshqa gap”, deb koʻnglimni koʻtargach:
– Men ikki ruhdagi asarni oʻqiganday boʻldim. Tarixga doir sahifalarni oʻqishda “Munojot”ni tinglaganday huzurlandim. Fantastikaga doir sahifalarda Olmaxon Hayitovaning taraqa-turuq ashulasi yangrab ketganday tuyuldi, – dedilar.
– Olmaxon Hayitovaning ashulasiga odamlar miriqib oʻynashadi-ku? – deb hazillashdim”.
***
Bir kuni shoir akalarimizdan biri Shekspir asarlarini ingliz tilidan tarjima qilib kelibdilar. Tahririyat rad etibdi. Masala tahrir hayʼatida muhokama qilinibdi. Oxiri, shoir akamiz achchiqlanib: “Sizlarni Shekspir bobomning arvohi uradi”, debdilar. Shunda Nosir akam xotirjam ravishda javob qilibdilar:
– Qoʻrqitmang, Shekspir bobongizning arvohini mening bobomning ruhi urib, pachaq qilib tashlaydi.
– Sizning bobongiz kim? – deb ajablanibdilar shoir akamiz.
– Yassaviy… – debdilar Nosir akam.
Oʻzlari Turkiston shahridan boʻlganlari uchun javob juda oʻrniga tushib, barchada kulgu uygʻotgan ekan.
Nosir ogʻaning “changyutkichi”
Fozil Farhodning Nosir Fozil bilan qilgan suhbatida yozuvchi hayotni ichdan kuzatishi kerakligiga haqida alohida toʻxtalingan:
“Mirtemir akaning 100-yilligini nishonlash uchun Toshkentdan Turkistonga bordik. Mashinadan tushayotib, shimimga changmi, loymi tekkizibman. Xotin kishi baribir xotin kishi-da – rafiqam roʻmolchasini olib, oʻsha joyni darrov artishga tushdi. Bizni kuzatib turgan ikki qozoq qardoshimiz “Nosir ogʻam Toshkentdan oʻzi bilan “pilesos”ini ham opkepti”, desa boʻladimi! Qarang, qanday chiroyli oʻxshatish.
Yana bir yili Shahrixonga bordik. Pichoq olay deb bozorga tushdim. Ikki cholning gurungiga quloq tutdim: “Bizning yerlar juda yaxshi-da, shudgorga oyogʻingni tiqib tursang, qulogʻingdan barg chiqib ketadi”, deydi. Mana, yozuvchi soʻzni qayerdan olishi kerak! Bunaqa noyob topilmalarni, betakror oʻxshatishlarni yozuv stoli oldida ming yil oʻtirib oʻylasangiz ham topolmaysiz. Bu singari soʻzlar bugʻdoy boshogʻiga oʻxshab bitta-bittalab teriladi, yon daftarga qayd qilinadi va kerak mahali sayqal berilib, ishlatiladi”.
Lugʻatda yoʻq degani tilda yoʻq degani emas
“Asar yozish jarayonida eski oʻzbek tilidagi “jigi”, “murt”, “urt”, “yulun” singari soʻzlardan foydalanishga toʻgʻri keladi. Shunday paytlar baʼzan ayolim bilan tortishamiz. U “Bu soʻz adabiy tilda, izohli lugʻatlarimizda yoʻq”, deydi. Endi, qanaqa qilib isbot qilasiz. Lekin garchi odamlarning yodidan koʻtarilgan eski oʻzbek tilidagi oʻshanday soʻzlar hozirgi adabiy tilimizda, yangi lugʻatlarimizda boʻlmasa-da, ularni qoʻrqmasdan, dadillik bilan adabiyotga, adabiy asarlarga kiritaverish kerak. Bu soʻzlar lugʻatlarimizda, adabiy tilimizda yoʻq deb muomaladan chiqarib tashlayversak, tilimiz kambagʻal boʻlib qoladi. Bu soʻzlar sekin-sekin lugʻatlarga ham kiradi. Til mana shular orqali boyiydi-da. Vaholanki, bizning til boyligimiz ortiq boʻlsa bordir, hech qaysi xalqnikidan kam emas. Masalan, tilimizda “opa”, “xola”, “egachi”, “amma” kabi soʻzlarimizni olaylik. Tojik birodarlarimiz bularni yoppasiga “Xohar” deb qoʻya qoladi. Ruslar esa “jiyan”, “amakivachcha”, “boʻla”ni “plemyannik” deydi-qoʻyadi”.
Tilning nozik jihatlari
“Chimkentga bordim. Oʻsha yerlik oʻzbek yosh shoirlari kelib, menga: “Haftalik toʻgaragimiz bor. Shunga “Sayqal” deb nom qoʻygandik. Qozoq doʻstlarimiz bunga monelik qilib, toʻgarak nomini bu soʻz bilan atamaslikni iltimos qilyapti”, deyishdi. Men shoirlarga: “Qardoshlarimiz toʻgʻri aytibdi”, deb javob berdim. Negaki “sayqal” soʻzini oʻzbeklar “jilo” maʼnosida ishlatsa, qozoq doʻstlarimiz bu soʻzni oʻziga oro berguvchi tannoz ayollarga nisbatan qoʻllaydi.
Yana bir misol. “Majlisda falonchi odam fistonchi odamga “noz” aytdi”, deymiz biz oʻzbeklar. Bu soʻz qozoq doʻstlarimizda “gina” maʼnosida keladi. Qozoqlar davrasida: “Majlisda falonchi odam fistonchi odamga “noz” aytdi”, deyolmaymiz. Negaki soʻzning maʼnosi oʻzgarib ketadi. Fosh degan soʻzimizni olaylik, bizda bu soʻz biror ishni, biror narsani oshkor qildi deb ishlatiladi. Lekin qozoq adabiyotshunoslari “mahorat bilan ochib berdi, taʼrifladi” degan jumlani “fosh” qildi tarzida qoʻllaydi”.
Muborak FOZILOVA tayyorladi.
Adabiyot
Tarix
Adabiyot
Ta’lim-tarbiya
Ma’naviyat
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
1 Izoh
Nodir
06:01 / 01.01.1970
Yaxshi maqola bo'libdi