
Qulteginning vafoti
Botirligi bilan nomi dunyoga tanilgan Qultegin, alptegin boʻlgan Qultegin muzaffariyatdan soʻng oʻzini boshqacha his qila boshlaydi. Endi urushlar yoʻq, barcha dushmanlar mahv etilgan, bobomeros saltanat tiklangan, kimsan Xitoy ularga oʻlpon toʻlay boshlagan edi. Qultegin nima qilsin? Toʻnyuquq va Bilge Xoqon maslahatlashib uni saroyni boshqarish uchun qaytarishadi. Ammo, xoqonlikni hali fitnalar tark etmagan, alamzada yurganlar koʻp edi. Shunday alamzada oʻgʻuzlarning bir toʻdasi toʻsatdan Oʻrdaga hujum qilib qoladi. Qultegin ular bilan jangga kirishib, butun oilasini saqlab qoladi. Oʻzi esa milodiy 731-yil, 47 yoshida shahid ketadi. Xabarlarga koʻra, u urushgan-urushmagan turk ellarining bari yigʻlaydi. Eng koʻp yigʻlagan ogʻasi Bilge xoqon boʻladi.
Bilge xoqon aytadi: Inim Qultegin nobud boʻldi, oʻzim siqindim, koʻrar koʻzim koʻrmasday, bilar aqlim bilmasday boʻldi, oʻzim sogʻindim. Netayki, kishining taqdirin Tangri yaratar, kishi bolasi oʻlish uchun tugʻilar ekan. Shunchalar siqindimki, koʻzlarimdan yosh qalqar, ichimdan bir xoʻrsiniq kelar boʻldi, juda qattiq siqindim. Qulteginning uylangani va xotini haqida faktlar bor, biroq bolalari boʻlganmi, yoʻqmi? Bu haqda maʼlumotlar yoʻq.
Qultegin majmuasi va bitiktoshi
Bilge xoqon inisi Qultegin xotirasi uchun Oʻrxun daryosining sohilida ulkan va hashamatli majmua qurdirgan. Majmua 67x31 m oʻlchamdagi toʻrtburchakli qoʻrgʻon bilan qoʻrgʻalgan. Qoʻrgʻon atrofi suv bilan oʻralgan. Toʻrt tomonida koʻtarma koʻprikli toʻrtta darvoza oʻrnatilgan. Darvozalar orasini toʻrtkoʻchali yoʻlaklar birlashtirgan.
Sharq tarafdagi markaziy darvozadan kirganda yoʻlakning ikki tomoniga ikkita saygak haykali oʻrnatilgan. Undan keyin Qultegin toshbitigi joylashgan. Toshning balandligi 3,15 m, eni 1,34, qalinligi 0,41 metr. Toshning old va yon tomonlariga turkiy runik yozuvda Qulteginning butun hayoti, ort tomoniga esa Xitoy iyeroglifida unga atalgan marsiyalar bitilgan.
Marmartoshning yoysimon tepa qismida bir-biri bilan olishayotgan uchta ajdaho tasvirlangan. Tepa qismining oʻrtasidagi uchburchak ichida xoqonlikning tamgʻasi – saygak tasvirlangan. Turkiyalik olimlarning aytishicha, bu ashina urugʻining ramzi – “ona boʻrini emayotgan bola” tasviri boʻlishi ham mumkin[1].
Bitiktoshdagi yozuvlar 0,4-0,5 sm chuqurlikda, 2x1,5-2 sm oʻlchamda aniq tartibda, chiroyli husnixat bilan yozilgan. Marmartosh toshbaqa shaklidagi tagkursi ustiga oʻrnatilgan. Oʻlchami -2, 26 x 1,33 x 0,57 m. Toshbaqa shaklidagi tagkursining chap yoniga ham toʻrt qator turkiy bitiklar yozilgan, ammo ularni oʻqish juda qiyin, chunki koʻp zarar yetgan.
Bitiktoshning ikki yonida Qultegin va xotinining marmar haykali qoʻyilgan. Ulardan keyin koʻndalang yoʻlakkacha boʻlgan yoʻlakning ikki tomoniga 10 dona balbaltosh oʻrnatilgan. Koʻndalang yoʻlakdan keyin 13x13 oʻlchamdagi maqbara qurilgan, maqbara ustida 5x5,85 m oʻlchamdagi gumbaz oʻrnatilgan. Maqbaraning kirish eshigining ikki yoniga ikkita sher haykali qoʻyilgan. Uning ortida, orqa eshikka yaqin joyda kvadrat shaklidagi 14 tonnalik, oʻrtasi aylana teshik tosh oʻrnatilgan. Bu tosh ustiga odamlar kelib, Qultegin haqiga qurbonlik qilishgan. Ularning atrofiga toʻrtta toshquti qoʻyilgan.
Majmudagi saqlanib qolgan asosiy yodgorliklar hozirgi kunda TIKA(Türk İşbirliği ve Koordinasyon Ajansı Başkanlığı) tomonidan barpo etilgan muzeyga koʻchirib oʻtkazilgan. Faqat 14 tonnalik, oʻrtasi aylana teshik tosh va ayrim artefaktlar oʻz oʻrnida qolgan. Qultegin bitiktoshining oʻrniga ramziy tosh oʻrnatilgan. Majmua devorlarining ichki qismiga Qulteginning hayoti, janglari aks ettirilgan devoriy suratlar tasvirlangan. Ammo ular saqlanib qolmagan. Hozirgi devorlar esa soʻngi davrda barpo etilgan. Qultegin majmuasida saqlanib qolgan odam va hayvon haykallarning hech birida bosh yoʻq. Ularni Turk xoqonligi tanazzulga yuz tutgandan keyin iqtidorga kelgan uygʻurlar vayron qilgan. Faqat Qultegin va xotinining bosh qismi 1958-yili N.Ser-Odjav rahbarlik qilgan Moʻgʻul-Chex arxeologik ekspeditsiyasi tomonidan topilgan. Hozir uning boshi Moʻgʻuliston Arxeologiya institutida, xotininiki esa Milliy muzeyda saqlanadi.
Bitiklar va ularning qisqacha mazmuni
Bitiklar ikki qism: katta va kichik bitiklardan iborat. “Katta bitik” 428 ta misradan, “kichik bitik” 8 ta alohida matndan iborat. Bitiklar matni 1731-yilda Bilge xoqonning oʻgʻli Yoʻlligʻ tegin tomonidan yozilgan.
Yodgorlik 1889-yilda N.M.Yadrinsev tomonidan topilgan va uni 1893-yil 25-noyabrda birinchi bor daniyalik tilshunos Vilgelm Tomsen oʻqiy olgan. Vilgelm Tomsen oʻqigan birinchi soʻzlar “Tangri” va “Turk” soʻzlari boʻlgan. Shu sabab, 25-noyabr sanasi “Xalqaro turkiy yozuvning qayta tiklanish kuni” deb eʼlon qilingan.
Bitiktosh V.V. Radlov, S.Ye.Malov, L.N.Gumilev S.Amanjolov, Gʻ.Aydarov, M. Joldasbekov, I.V. Stebleva, N. Kelimbetov, M.Ergin, E. Konur kabi oʻnlab olimlar tomonidan tadqiq etilgan. Avval Qultegin bitigi oddiy matn sifatida qabul qilingan. Ammo, I.V. Stebleva matnni badiiy asar sifatda oʻrganib, uning nazmiy bayon etilgan qahramonlik dostoni ekanini aniqlagan[2]. Darhaqiqat, matnni tahlil qilsangiz, tarixiy hikoyalar, oʻgitlar, nutqlarda jiddiy va qatʼiy ohanglar, xoqonlar portretida ulugʻvorlik, jang manzaralari tasvirlanganda esa shiddat va rang-baranglik koʻzga tashlanadi.
Matn Bilge Xoqon nomidan yozilgan. Kichik bitikda asosan Bilge xoqonning nutqi berilgan. Nutqida Tangri, Umay, xoqonlar, xonlar, vazirlar, turkiy va boshqa xalqlar, urugʻlar, joy nomlarining tavsifi berilgan. Toshbitikning kim tomonidan oʻrnatilgani, matnni kim yozgani maʼlum qilingan.
Katta bitikning boshida esa dunyoning, odamlarning yaralishi bayon qilingan: Osmonda Koʻk Tangri, pastda yastangan Yer yaralganda, ikki orada kishi oʻgʻullari yaratildi. Kishi oʻgʻullari ustidan bobolarim Bumin xoqon va Istemi xoqon boʻldi. Xoqon boʻlib, xalqni turk elining qonunlari bilan birlashtirdi.
Bunday, zalvorli soʻzlar asta-asta yengil ritmlarga almashadi. 26-qatorda Qultegin obrazi paydo boʻladi. Qultegin bola, oʻsmir, navqiron yigit, otlar koʻtara olmay beli sinadigan darajadagi ulkan alp obrazida tasvirlanadi. Bilge Xoqon uni goh piyoda, goh oq otda, goh boʻz otda, goh toʻriq, goh qoʻngʻir otda jang qilayotgan holatda tasvirlaydi. Qultegin oʻn olti yoshida chinakam alp sifatida tasvirlanadi. U otasi tuzgan mamlakatni kengaytirish uchun “olti chub” urugʻidan soʻng soʻgʻdlar ustiga yurishlarda ishtirok etadi. Soʻng besh tuman(ellik ming)qoʻshinli tabgʻachlar ustiga yurish boshlanadi. Qultegin piyoda jangga kirib, tabgʻachlar sarkardasi Oʻng Tutuqni qoʻlga oladi.
Yigirma bir yoshida Chacha-Sengun bilan jangga kiradi. U avval Tadiqin Churening oq otiga minib jang qiladi, otga oʻq tegib oʻladi. Ikkinchi marta Eshbara Yamtaruning oq otini minadi. Bu ot ham oʻladi. Uchinchi marta Yigʻin Siligʻ bekning toʻriq otini minadi, bu ot ham oʻladi. Qulteginning sovutiga yuzlab oʻqlar kelib tegadi, ammo u tirik qolaveradi[3].
Qultegin yigirma olti yoshida Toʻnyuquq, Qultegin va Bilge xoqon bilan birlashib nayzaboʻyi qorli yoʻllardan Koʻgmen yerlariga koʻtarilib borgani, Enasoy qirgʻizlarini bosgani tasvirlanadi. Qultegin Bayirqu urugʻidan oʻlja olgan oq otni minib Sunga yerida jangga kiradi. Ot uni koʻtarolmay beli sinadi. Qirgʻiz xoqoni oʻldirilib, eli qoʻshib olinadi.
Shu yili Oltun yeri(Oltoy togʻi)ga chiqib, Irtish daryosidan kechib oʻtib, turgeshlarni tunda bosishadi. Qultegin bu yerda Bazgʻuning boʻz otiga minib, jangni boshlab beradi. Ot oʻladi. Keyin shaxsan oʻzi borib, turgesh xoqonining buyruqchisi Tutuqni qoʻlga oladi. Bilge Xoqon va boshqalar xoqonni oʻldiradi. Eli qoʻshib olinadi. Koʻpchilik togʻ ichiga qochadi[4]. Ortga qaytib, soʻgʻdlarni boʻysundirish uchun Yenchu daryosidan oʻtib Temir Qapuqqa(darvozaga)cha yoʻl tortishadi. Yoʻlda hamma charchaydi, oziq-ovqat ham tugaydi. Shu palla turgeshlar kengereslarga qoʻshilib ketadi. Qulteginni yana ortga qaytarishadi. Qultegin Shalchi botirning oq otiga minib turgeshlarning koʻpini oʻldiradi, qolganini boʻysundiradi. Ortga qaytib, Qoʻshu Tutuqni ham yengib, asir oladi.
Qultegin yigirma yetti yoshida qarluqlar ashinalar sabab tabgʻachlardan ozod boʻladi, ammo ular bu mustaqillikning qadriga yetmaydi. Aksincha, yogʻiylik yoʻlini tutib, fitnalar chiqaradi. Bu payt Qultegin oʻttiz yoshda edi, ular bilan muqaddas Tamagʻ tepaligida jang qiladi. U Shalchi botirdan olgan oq otini minib jangga kiradi. Qarluqlarning koʻpini oʻldirib, qolganini asir oladi. Bu orada azlar dushman boʻladi. Ular bilan Qorakoʻl boʻyida jang boʻladi. Qultegin Shalchi botirdan olgan oq otini minib jangga kiradi va azlarning Eltebarini qoʻlga oladi. Bu orada Qapagʻonxonning eli isyon koʻtaradi. Izgillar bilan jangga kiriladi. Qultegin yana Shalchi botirdan olgan oq otini minib urushga otlanadi, oti shu yerda oʻladi, izgillar ham qiriladi.
Toʻgʻuz oʻgʻuzlar Elterishning eli edi. Osmon va yer kabi ular ham kelishmay qoladi. Fitna boshlanib bu el dushmanga aylanadi. Ular bilan besh marta jang boʻladi. Birinchi bor Toʻgʻu togʻida oʻtgan urushda Qultegin Azmanning oq otini minib, jang qiladi. Olti odamni nayza sanchib oʻldiradi, yettinchisini qilich bilan chopadi. Keyin Qoʻshlagʻach yonida edizlar bilan jang boʻladi. Qultegin oʻzining azlardan oʻlja olgan qoʻngʻir otini minib, avval bir odamni, soʻng yana toʻqqiz odamni quvib yetib oʻldiradi. Edizlar qiriladi.
Uchinchi jang oʻgʻuzlar bilan boʻladi. Qultegin Azmanning oq otini minib janga kiradi, oʻgʻuzlarning koʻpini oʻldiradi, elini qoʻshib oladi. Toʻrtinchi jang Chush togʻining tepasida boʻladi. Turk eli oyoqdan charchagan, qoʻrquv bosgan edi. Qultegin ularni quvishga tushadi. Poylab borib, Toʻnga Tegin dafn qilinayotganda Toʻngra urugʻining oʻn botirini oʻldiradi.
Beshinchi jang oʻgʻuzlar bilan Ezginti Kadaz yonida boʻladi. Qultegin azlarning qoʻngʻir otini minib hujumga oʻtadi. U ikki odamni nayza bilan oʻldiradi. Bu qoʻshin ham qiriladi. Magʻi degan joyda qishlab, bahorda yana jangga kiriladi. Shu jangdan soʻng Qultegin egalik qilish uchun uyga – Oʻrdaga qaytariladi. Ammo, oʻgʻuzlar oʻrdaga ham hujum qiladi. Qultegin Oʻgʻsizning oq otini minib, bir hujumda toʻqqiz odamni oʻldiradi. U Onasi – Xotunni, boshqa onalari(otasining xotinlari)ni, xolalari, kelinlari, xotinlarini, bari-barini omon saqlab qoladi. Hamma omon qoladi. Ammo... Qultegin oʻladi.
Qulteginning janozasiga qitaylar, Udar Segun bosh boʻlib qitanlar, tatabilar, tabgʻachlar xoqonidan Isyi va Likang tuhfalar, oʻn ming oltin va kumushlar bilan keladi. Tungutlar, kunbotishdan soʻgʻdlar, barchakarlar, buxoro ulusidan – Nang Sangun va Oʻgʻul Tarxonlar keladi. “Oʻn oʻq” urugʻidan odamlar, Tergesh xoqonidan Makrach tamgʻachi va Oʻgʻuz Bilga tamgʻachi, Qirgʻiz xoqonidan tardush Inanchu Chur keladi. Maqbara qurish, oʻymakor bitik tosh yoʻnish uchun tabgʻach xoqonining oʻymakori Chang Sengun keladi.
Qultegin qoʻchqor yilining oʻn yettinchi kuni, qirq yetti yoshida uchadi(oʻladi). Toʻqqizinchi oyning yigirma yettinchi kuni dafn etiladi. Unga atalgan maqbara, bitik toshini bichin(maymun) yilining, yettinchi oyi, yigirma yettinchi kuni qoʻyishadi. Toshbitikni yozish uchun turli mamlakatlarning erkinlari, yobgʻulari, tuygʻunlar va eltebarlari juda koʻplab oʻymakor va toshyoʻnarlarni olib kelishadi. Xitoydan kelgan ustalar maqbarani, binolarni, qoʻrgʻonni qurishadi.
Xulosa oʻrnida
Qultegin bitiktoshi – turkiylar tarixidan soʻzlovchi eng qadimiy yozma manbalardan biri. Shu bilan birga, u eng qadimiy yozma folklor asari hamdir. Shuning uchun, bitiktoshning matnini yozgan Yoʻlligʻ tegin eng birinchi turk shoiri, yozuvchisi va tarixchisi sanaladi. Bitiktoshni oʻqib “Qultegin asli kim edi?” degan savolga javob topsa boʻladi.
Qultegin kim edi?
Qulteginning otasi qoʻrqmas jangchi, mohir yoʻlboshchi edi. Ammo, ilmda ustun emasdi. Buni doʻsti Toʻnyuquq ham taʼkidlab oʻtgan. Ogʻasi Qaragʻonxon ham iqtidorli lashkarboshi edi. Ammo, davlat boshqaruvida koʻp adashar edi. Bilge Xoqon ham qoʻrqmas jangchi boʻlsa-da, strategik fikrlashda ortda edi. Qultegin hukmdor emasdi, ammo unda hamma fazilatlar mujassam edi.
Qulteginning qabri koʻp martalab vayron qilingan boʻlsa-da, to XX asrga qadar ziyoratgoh sanalgan. Turli din vakillari oʻz bilganicha bu yerga kelib qurbonliklar chiqarib turishgan. Uning nomiga atab turli dostonlar bitilgan, kuylangan. Hozir ham uning nomiga dostonlar, ashʼorlar bitiladi. Sahna asarlari ishlanadi. Rassomlar Qultegin obrazini oʻz asarlarida aks ettirishadi. Turkiy davlatlarda koʻchalar, xiyobonlar, maktablar, doʻkonlarga Qultegin nomi berilgan. Qulteginning tarixiy shaxs sifatidagi oʻrni shundaki, u taxt talashmaydi. Tugʻilganidan to oʻlgunga qadar Vatan ozodligi uchun kurashadi. Yurt ozod boʻlgandan keyin oʻladi. Qultegin tarixini oʻqisang, beixtiyor “baʼzi odamlar dunyoga maʼlum bir vazifa(missiya)ni bajarish uchun keladi” degan oʻy keladi. Chindan ham, u Turk xoqonligi endi oyoqqa turgan payt tugʻiladi, barcha ellarni birlashtirib, yogʻiyni mavh etgach, eli ozod boʻlgach omonatini topshiradi.
Anvar BOʻRONOV
Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi
Oyina.uz
[1] Istanbul universiteti professori, tarix fanlari doktori Qurshat Yildirimning fikri.
[2] Stebleva I.V. Poetika drevnetyurkskoy literaturы i yeyo transformatsiya v ranneklassicheskiy period.
– M .: GRVL. 1976. – 216 s.
[3] Qultegin bitigi: 30, 31, 32, 33 qatorlar.
[4] Qultegin bitigi: 35, 36, 37, 38 qatorlar.
Ta’lim-tarbiya
Adabiyot
Adabiyot
Jarayon
Adabiyot
Tarix
Jarayon
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Din
Tarix
Til
//
Izoh yo‘q