Siz bilmagan Qultegin. 1-maqola


Saqlash
16:52 / 05.08.2025 291 0

Men birinchi Qultegin toʻgʻrisida ilmiy maqola yozishni niyat qilgan edim. Buning amali uchun juda koʻplab maʼlumotlar toʻpladim. Ikki marta Moʻgʻulistonga borib, bitiktoshlarni ziyorat qildim. Ammo, yaqinda, iyun oyining oxirlari, Moʻgʻulistonga joʻnab ketishimizdan oldin “Qani, Qulteginni yurtimiz yoshlari qanchalik bilar ekan”, degan savol bilan kichik soʻrovnoma oʻtkazib koʻrdim va fikrim oʻzgardi: yoshlarimiz Qulteginni bilishmaydi! Shundan soʻng ilmiy maqolani qoʻya turib, elimizga avval Qulteginni tanitishni niyat qildim va siz oʻqiyotgan maqolani qoraladim. 

 

***

Moʻgʻulistondagi Oʻrxun daryosining vodiylarida Bilge xoqon memorial majmuasi bor. Majmua Oʻrxun daryosining Koʻkshin oʻzani qirgʻoqlarida, Qoʻsho Saydam manzilgohida joylashgan. Aslida, Bilge xoqon va Qultegin majmualari alohida joylashgan, ammo madaniy yodgorlik oʻlaroq bitta nom bilan “Bilge xoqon majmuasi” deb ataladi. Ikkinchi turk xoqonligini tuzib Elterish nomini olgan Qutlugʻ xoqonning toʻngʻichi Bilge xoqon, kichik oʻgʻli esa Qultegin edi. Ushbu maqola kichik oʻgʻil – Qultegin haqida boʻladi.

 

Qultegingacha tarix

Milodiy VI asrda ashina urugʻidan chiqqan Bumin xoqon “Mangu El” atalmish turk xoqonligini tuzadi. Bu davlatning xoqonlari Elxon ataladi. Asrning oxirlariga borib, “Mangu El” Tinch okeanidan to Qora dengizgacha choʻzilgan yerlarga hukmronlik qila boshlaydi. Ammo... VII asrning boshida, oʻzaro kelishmovchiliklar va tashqi kuchlarning taʼsirida xoqonlik ikkiga boʻlinib ketadi. Gʻarbda “Oʻn oʻq budun” nomi bilan gʻarbiy, sharqda esa Sharqiy turk xoqonligi yuzaga keladi. Biroq, bu xoqonliklar ham atigi yarim asr hukm suradi xolos.

 

Qultegin tegishli Sharqiy turk xoqonligi uning ajdodi Jangar xoqon tomonidan tuziladi. Jangar Oʻtegen shahrini poytaxt qilib, turkiy ellarni birlashtiradi. Ammo, bu orada xitoy madaniyatini qabul qilgan tabgʻachlar Tan imperiyasini tuzadilar va ular asta-sekin kuchayib borib, asrning oʻrtalarida Turk xoqonligini magʻlub etadilar. Turklar oʻttiz yil Xitoyning taʼsirida qoladi, oʻzligini unuta boshlaydi. Er yigitlar qulga, suluv qizlar choʻriga aylanadi.

 

 

VII asrning 80-yillariga kelib, Qulteginning otasi Qutlugʻ xoqon tabgʻachlar yurtida tarbiya topgan, Xitoy falsafasini, madaniyatini, jang sanʼatini yaxshi oʻrgangan Bilge Toʻnyuqyuq bilan birlashib, Turk xoqonligini yana qayta tuzadilar. Qultegin oʻsha yillari tugʻilgan. U tugʻilganda otasi va uning buyruqchisi(vaziri) Toʻnyuquq mamlakatni Xitoydan ozod qilib, Turk davlatini qayta tuzganiga atigi uch yil boʻlgan edi. U tugʻilgan yer Xoqonlikning boshkenti – Oʻtegen yer edi.

 

Oʻtegen yer taʼrifi

Oʻtugen asli Ona Yerning nomi boʻlgan. Turkiylar ilk qurgan shahar shu nom bilan atalgan[1]. Shuning uchun bu nom muqaddaslashtirilgan. Oʻtegen yerni Toʻnyuquq mamlakat va xalqning xavfsizligini oʻylab, bobolar tanlagan eski joydan – Oʻrxun daryosining boshlanish joyidan qaytadan barpo etgan.

 

Oʻtegen nomining oʻzi ham turkiylar uchun qadriyat sanalgan. Oʻtegen qadimgi turkiy tilda Oʻtuken, (Ötüken jer) Oʻtuken jer, qadimgi uygʻurcha Oʻtuken yish(Ötüken yïš) atalgan. Oʻtugen soʻzi Oʻtyuken, Oʻtuken, Oʻtagan, Oʻtuchan shakllarida ham uchraydi. Mahmud Koshgʻariyda اتوكان Oʻtuken shaklida kelgan. Moʻgʻul tilida Etugen, Ityugen, Odigan shakllari, tuva tilida Odugen, qipchoq dialektlarida Oʻtegen, Oʻtagan variantlari ham bor.

Qultegin bitigida Oʻtugen – farovonlik yurti oʻlaroq tasvirlangan: “Agar Oʻtuken yishda qolsang, bori el bilan boʻlarsan, qaygʻu boʻlmaydi, ey sen turk xalqi agar oriq va och boʻlsang toʻyasan, toʻygach ochlik nimalagini unutasan”[2].

 

Qulteginning otasi

Qultegin xoqon oʻgʻli – tegin boʻlib tugʻiladi. Otasi Qutlugʻ ashina urugʻidan, Bumin xoqon va Istemi xoqonlarning avlodidan edi. Qutlugʻning otasi Itmishbek Mangu El atalmish Turk xoqonligining soʻngi davrini koʻrgan, ammo u buni koʻrmagan edi. Qutlugʻ yoʻq mamlakatning shahzodasi boʻlib tugʻilgan edi. Shuning uchun, butun orzusi turkiylarni birlashtirish va davlatni qayta tiklash boʻladi. U doʻsti Toʻnyuquq bilan butun mamlakatni kezib, oʻziga maslakdosh odamlarni yigʻadi. U odamlarni oʻziga ishontiradi, birlashtiradi va Elterish nomini oladi. Ammo, Qultegin endi yetti yoshga toʻlganda vafot etadi.

 

Qulteginning onasi

Qadimda turklar Xotun deb malikani aytardi. Qulteginning onasi El Bilge Xotun ham ashina urugʻidan boʻlgan. El Bilge oʻsha davr uchun kamdan-kam uchraydigan oqila va olima ayol, erining sodiq maslahatchisi edi. Bilge xoqon onasini Umayga oʻxshatadi, uni otasiga esh boʻlsin, deb Tangri berganini aytadi. Onasi chindan ham oqila ayol edi.

 

Qulteginning ulgʻayishi

Bilge xoqonning guvohlik berishicha, Qultegin yetti yoshda yetim qolib, oʻn yoshida er yetilib, askar boʻladi: “Otam – xoqon oʻlganda inim Qultegin yetti yoshida yetim qoldi, oʻn yoshida Umay kabi onam – Xotunning baxtiga yigit yetilib, alplarga xos Qultegin ataldi[3]. Aftidan, Qulteginning asl ismi boshqa boʻlgan. Chunki, barcha manbalarda bu ism unga oʻn yoshida berilgani aytiladi.

 

 

Qutlugʻxon vafot etgach, oʻrniga inisi Mochur – Qapagʻonxon taxtga oʻtiradi. Qapagʻonxon xoqonlikni juda yaxshi boshqaradi. Bu orada Qultegin va Bilge Xoqon yigit boʻlib yetiladi. Ikkisining ham bilimda, yodkashlikda, qurol tutishda tengi yoʻq edi. Qultegin harb ilmini Qapagʻonxondan, bilikni otasining doʻsti va buyruqchisi Toʻnyuquqdan oʻrganadi. Qultegin va ogʻasi Bilge Xoqon doim Tonyuquqning maslahatlariga suyanadi.

 

Oʻsha yillar Turk xoqonligi ancha oyoqqa turgan boʻlsa-da, yogʻiylar har tomondan qurshab olgan edi. Dushmanning koʻpi begona emas – birlashmagani uchun bir-birini dushman tutib, Xitoyga oʻlpon toʻlaydigan turkiy ellar edi. Ular oʻgʻuz, “yashil oʻgʻuz”, “toʻgʻuz oʻgʻuz”, “olti chub”, bayirqu, soʻgʻd, qirgʻiz, quriqan, “oʻtuz tatar”, “oʻn oʻq”, tatabi, teles, tardush, “koʻk turk”, turgesh, qarluq, az, izgil, ediz, uygʻur, sir, “oʻn ersen”, toʻngra, basmil, kidan kabi ellar ediki, aksari Xitoyning magʻlub boʻlishiga, turk xoqonligining tiklanishiga ishonmasdi. Faqat, “oʻn oʻq” va sir(qipchoq) ellari bundan mustasno boʻlib, ularning koʻpchiligi gʻarbda yashasa-da, nafaqat Sharqiy, balki butun turk ellarining birlashuvi tarafdori edi.

 

Yogʻiyning kattasi – tabgʻachlar ham asli turk boʻlib, Xitoy madaniyatini qabul qilib, oʻzligini unutgan, ularni faqat jang bilan boʻysundirish mumkin edi. Shuning uchun, Qapagʻonxon elini janglarga boshlaydi. Kim unga ishonsa qoʻshib oladi, ishonmasa magʻlub qilib boʻysundiradi. Toʻnyuquq unga maslahatchi va yoʻldosh, ikki inisi – Bilge Xoqon va Qultegin koʻmakchi boʻladi.

 

Bu paytda qirgʻizlar hozirgi Xakasiya hududlari – Enasoyda, bayirqular va quriqanlar Selenganing Boykoʻlga quyilish joyidan janubiy-gʻarbiy tomonlarda, oʻgʻuzlar Boykoʻl atrofida, toʻgʻuz oʻgʻuz va otuz tatarlar shimolda, kidanlar, tatabilar va yashil oʻgʻuzlar sharqda, tabgʻachlar janubda, tibetlar ularning gʻarbida, basmillar Beshbalik(Turfon) atrofida, sirlar Irtish boʻylab gʻarbda, qarluqlar janubiy-gʻarbda Olatov va Balxash oraligʻida, Soʻgʻdlar Sirdaryo va Temirdarvoza oraligʻida yashashgan.

 

Janglar yilnomasi

Aniq strategik maqsadlarni koʻzlagan Qapagʻon Toʻnyuquqning maslahati bilan ishni kidanlar va tatabilarni boʻysundirishdan boshlaydi. Soʻng to 697-yilgacha kuch yigʻib, Tan imperiyasiga tahdid sola boshlaydi, uning tarkibidagi oʻzi taraf boʻlgan barcha turkiylarni safiga qoʻshib oladi. 698-yildan Tan imperiyasiga qarshi chinakam urushga kiradi. Koʻp oʻtmay yashil oʻgʻuzlar yashaydigan Shantung tekisligigacha boʻlgan yerlarni bosib oladi. Gʻarbga yoʻl tortib Temir darvozagacha boʻlgan yerlarni oʻziga boʻysundiradi. 701-yilda soʻgʻdlar toʻliq Turk xoqonligi tarkibiga kiradi.

 

Bilge xoqon va Qultegin 706-yilda tabgʻachlar ustiga ikkinchi bor yurish qiladi. Qultegin Minsha hududida tabgʻach sarkardasi Chacha Sengun qoʻshinlari bilan toʻqnashadi. Chacha Sengun koreyslarning puyo urugʻidan boʻlib, Tan imperiyasining eng mashhur sarkardasi edi. Qultegin uni magʻlub qiladi, 6000 askarini oʻldiradi, buning uchun Chacha Sengun imperator tomonidan qattiq jazolanadi[4]. Bu turklarning eng yirik gʻalabalaridan biri boʻlib, Qulteginga cheksiz shuhrat, turkiy ellarga ishonch olib keladi. Turklarning kuchayishidan qoʻrqqan Tan imperiyasi shimolda yashaydigan Bayirqu turklari bilan kelishib, hujumga oʻtmoqchi boʻlishadi. Buni sezgan Qapagʻon Bilge Xoqon va Qulteginning qoʻshinini ikkiga boʻlib, birini Tan Imperiyasiga, ikkinchisini Bayirqu yeriga yuboradi. Bayirquning xonini Erkin deb atashar edi. Turgi Yargʻun yonida Erkining qoʻshinlari bilan katta jang boʻladi. Jangda Erkin yengiladi, jonini asrash uchun yurtini va elini tashlab qochib ketadi.

 

709-yilda Tan imperiyasi turgeshlar bilan birikib, Turk xoqonligini toʻliq qurshab olishga erishadi. Shu yili, Enasoy qirgʻizlari ham Tan imperiyasi bilan ittifoq tuzadi. Tez orada boshqa kichik xonliklar ham tabgʻachlar bilan birika boshlaydi. 710-yilda Tan imperiya Turk xoqonligi ustiga hujum qilish uchun tayyorlarlik koʻra boshlaydi. Ammo, saltanatda taxt talashish va ichki nizolar kuchaygani sabab hujum qoldiriladi. Bundan foydalangan Qapagʻonxon Tan imperiyasi bilan birlashmoqchi boʻlgan qirgʻizlar va turgeshlarni bir-bir yakson qiladi. Shundan soʻng, soʻgʻdlar ustiga yurish boshlanib, Tabar yonida yirik gʻalabaga erishiladi. Qultegin barcha janglarda old saflarda yuradi. Temir Darvozagacha boʻlgan yerlar Turk xoqonligi ixtiyoriga oʻtadi. Ammo bu orada turgeshlar yana bosh koʻtaradi. Qultegin ortga qaytib, ularni ham yakson qiladi.

 

Bu gʻalabalardan soʻng Turk xoqonligi janglardan toʻxtab, davlat qurilishi, ijtimoiy-iqtisodiy muammolar, xalqaro munosabatlar, ilm-fan, taʼlim masalalari bilan shugʻullanishadi. Bu ishlarning ustida ham Toʻnyuquq, Bilge xoqon va Qultegin turadi. Shu yillari Toʻnyuquq qizi Qutlugʻ Sebagʻ Xotunni Bilge Xoqonga erga beradi. Ulardan Yoʻlligʻ tegin va Bilge Qutlugʻxon ismli oʻgʻillari tugʻiladi.

 

 

Koʻp oʻtmay oʻgʻuzlar va qarluqlar bilan kelishmovchiliklar boshlanadi. Qultegin yana otga minadi. Tamagʻ tepaligi ustidagi jangda Qultegin qarluqlarni magʻlub qiladi. 715-yili esa azlarni va izgillarni boʻysundiradi. Ammo, Qapagʻonxon hukumatidan norozilar anchagina koʻp edi. Hoqon tarqab ketgan yilqilarini yigʻib olomayotgan bir sayis kabi, hali u, hali bu otining jilovini oldirib qoʻyardi. Shu yili toʻgʻuz oʻgʻuzlar bosh koʻtaradi. Bundan foydalangan Tan imperiyasi 716-yilda turklarning ustiga uch marta hujum uyushtiradi. Ularning ikki hujumi samarasiz boʻladi, ammo uchinchi jangda “toʻgʻuz oʻgʻuz”lar bilan birlashib, avval Tibetni qoʻlga kiritadi, keyin esa Turk xoqonligi chegaralarining ichiga qadar kirib keladi.

Qultegin xavfni oldindan sezib, unga qarshi kurash choralari ishlab chiqadi. Amakisiga borib maslahatlar beradi, qoʻshinni toʻliq unga topshirishini soʻraydi. Ammo Qapagʻonxon uni tinglamaydi, aksincha qoʻshinni boshqarishdan chetlatadi. 716-yilda Qapagʻonxonning oʻzi toʻgʻuz oʻgʻuzlarning ustiga qoʻshin tortib, ularni tor-mor qiladi. Biroq, ortga qaytishda oʻrmon orasida qoʻqqisdan Bayirqu jangchilariga duch kelib qoladi va ular xoqonni oʻldirib, boshini qopga solib, Xitoyga joʻnatishadi.

 

Saroydagi fitnalar va Qulteginning qaltis qarori

Qapagʻonxonning qoʻqqisdan qazo qilishi oqsoqollar orasida nifoq keltirib chiqaradi. Ashina hukmronlarining tamoyillariga koʻra, xon oʻlsa uning oʻrniga oʻgʻli emas, balki shu sulolaning eng yoshi kattasi oʻtirishi kerak edi. Ushbu tamoyilga tayanilsa, Qapagʻonxon oʻrniga Bilge xoqon haqdor edi. Ammo, toʻsatdan oqsoqollardan biri Qapagʻonxon taxtni oʻgʻli Inelxonga vasiyat qilganini yetkazadi. Turk elida marhumning soʻzi hurmat qilinar, shunga koʻra ashide va qipchoq urugʻlari oqsoqollari vasiyatni yerda qoldirmaslikka chaqirishadi. Shu tariqa Qapagʻonxonning oʻgʻli Inelxon xoqonlik taxtiga oʻtiradi.

 

 

Qapagʻonxon qazo topganda Qultegin qirgʻizlar ustidan gʻalaba qozonib qaytayotgan edi. U Oʻtegen yurtiga kelishi bilan amakisining oʻlimidan xabar topadi. Qultegin amakisining oʻlimidan qanchalik aziyat chekmasin, oqsoqollar saylovidan koʻngli toʻlmaydi. Saroydagi igʻvo va fitnalarga barham berishga kirishadi. Dafn va yoʻqlov marosimlari tugashi bilan Qapagʻonning barcha bolalarini oʻldirib, akasi Bilge Xoqonni taxtga oʻtirgʻizadi. Bu Qulteginning hayotidagi eng mashʼum qaror, oqlab boʻlmas harakat edi. Ammo... Aslida, 712-yildan boshlab Qapagʻon inilarini hokimiyatdan chetlatishni boshlagandi. Hoqon doim ularni imkon qadar uzoqdagi janglarga yuborardi. Ularning gʻalabalaridan quvonmas, ragʻbatlantirmas edi. Qultegin ancha ziyrak edi. Ogʻasining bunday qiliqlaridan ranjisa-da, itoatni yoʻqotmas, uni otasi kabi hurmat qilardi. Shu bilan birga adolatsizlikka ham chiday olmas, shuning uchun, bu mashʼum ishni amalga oshirgan edi. U Qapagʻonxonning saroydagi barcha yoqlovchilarini oʻldiradi. Faqat ashidening oqsoqoli – Toʻnyuquqqa teginilmaydi. Chunki u yangi xoqonning qaynatasi, marhum otasining uzangi yoʻldoshi edi. Toʻnyuquq esa bu xunrezlikdan xafa boʻlib, ketib qoladi. Qultegin Qapagʻonxonning barcha maʼrakalarini oʻzi tashkil qiladi, uning nomini hurmat bilan tilga oladi.

 

Bilge xoqon davri tarixi

717-yilda Bilge xoqon vaqtdan yutish uchun Tan imperiyasi bilan tinchlik sulhini tuzadi. Ammo, Tan imperiyasi zimdan turgeshlarni avray boshlaydi. Bilge xoqon va Qultegin Toʻnyuquqning taʼlimini olgan emasmi, tabgʻachning shumligini yaxshi bilishadi. Ular diplomatiyani ishga solib, Tabgʻachni dogʻda qoldirib, turgeshlar sultoni Suluq bilan qudalashadi. Qizini unga erga berib, uning qizi Suluvni oʻgʻliga kelin qiladi.

 

Bunga javoban Tan imperiyasi basmillar, qirgʻizlar, kidanlar va tatabilar bilan muzokaraga kirishib oʻzaro ittifoq tuzadi. 718-yilda Bilge xoqon avval qarluqlar va tatabilarni tobe qilish uchun yana urush boshlaydi. Ammo, mamlakat kuchsizlanib qolgan, dushmanlar esa kuchaygan zamon edi. U qaynotasi, otasining doʻsti, ustozi Bilge Toʻnyuquqning maslahatlari qanchalik qimmatli ekanini anglab yetadi. Toʻnyuquq ham xavfning kattaligi ilgʻab, 719-yilda saroyga “Boʻyla bagʻa tarxon” lavozimiga qaytadi. Toʻnyuquqning qaytishi koʻpchilikka ishonch bagʻishlaydi. Ellar yana birlasha boshlaydi.

 

Bu davrni tarixchilar Toʻnyuquq, Bilge Xoqon va Qultegin triumvirati – uchlik saltanati deb atashadi. Inchunun, saroydagi bu uchlikning bir yoqadan bosh chiqarishi, Toʻnyuquqning donoligi, Bilge Xoqon va Qulteginning alpona yurishlari Tan imperiyasi qoʻshinlarini dovdiratib qoʻyadi.

 

Tez orada Bilge xoqon va Qultegin Beshbaliqda basmillarni boʻsundirib, Tan imperiyasiga ishonchli hujumlarni amalga oshiradi. Tabgʻachlar janglarda ketma-ket yengiladi. 720-yilda tibetliklar, kidanlar, tatabilar ham Turk xoqonligi safiga kirib, Tan imperiyasiga qarshi janglarga qoʻshiladi.

 

724 Tan imperiyasi Bilge xoqonga sulh taklif qilishga majbur boʻladi. Turklar gʻalaba qozonadi. Tan imperiyasi Turklarga oʻlpon toʻlaydigan boʻladi. Turk davlatiga sanoqsiz oltin, kumush, ipak, bugʻdoy va boshqa mollar bilan soliq toʻlashadi. 729-yilda toʻquz uygʻurlar, 730-yilda tatabi va kidanlarning qolganlari ham Tan imperiyasi tarkibidan chiqib noiloj turklarga qoʻshiladi.

 

Butun turk eli birlashadi. Bilge Xoqon aytadi: “Men zinhor boy xalqning ustiga xon boʻlib oʻtirmadim, ichida oshi, tashida toʻni yoʻq, ayanchli va nochor bir xalqqa xon boʻldim. Men inim Qultegin bilan soʻzlashdim, otamiz va achi(ogʻa)miz birlashtirgan elning nomi va qudrati oʻchmasin uchun, turk xalqi uchun tunlar uxlamadim, kunduzlar oʻtirmadim”. Chindan ham, turkiy ellar birlashgach tinchlik va farovonlik keladi. Ochlar toʻq, yalangʻochlar toʻnli boʻladi.

 

Anvar BO‘RONOV

O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi a’zosi

Oyina.uz

2-maqola


[1] Saadettin Gömeç. Eski Türk İnancı Üzerine Bir Özet, Ankara Üniversitesi. Internet Archive WayBack Machine. http://dergiler.ankara.edu.tr/dergiler/18/29/208.pdf

[2] Malov S.Ye. Pamyatniki drevnetyurkskoy pismennosti. Moskva – Leningrad: Nauka. 1951. – 446 str.

[3] Malov S.Ye. Pamyatniki drevnetyurkskoy pismennosti. Moskva – Leningrad: Nauka. 1951. – 446 str.

[4] Yejenxanұlы B., Oshan J. Qazaqstan tarixы turalы qыtay derektemelerі. – ІV tom. Әulettіk tarixi jыlnamalar 2-bөlіm. – Almatы, 2006. – B.184.

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//