XX asr adabiyotida o‘zlarining ulkan izlarini qoldirgan, hatto maktab yaratgan “Absurd teatri” sahna tomoshasini “ko‘z tomoshasi”dan “tafakkur va idrok tomoshasi”ga olib chiqqan oqim sanaladi. Ularning dramalari faqat dramaturgiya uchun emas, umuman, falsafa, psixologiya, sotsiologiya uchun ham muhim bir yuksalish davrini o‘zida aks ettiradi, inchunin bu adiblarning jahon adabiyotida o‘ziga xos voqea bo‘lgan mazkur pyesalari bugun milliy kitobxonligimiz (tomoshabinligimiz) uchun faqat shu janr emas, balki nasr va nazmga, adabiy jarayon, jurnalistika va sotsilogiyaga katta turtki berishiga ishonaman. Albatta, bu kitoblar o‘qilsa, o‘zbek tafakkuriga singsa, tahlil qilinsa. Milliy tafakkurning yangi qopqalari ochilishiga ta’sir qiladigan har qanday asar, fikr milliylashishi shart. Shunda milliy tafakkur bashariy tafakkurning maromiga moslashadi.
XX asr badiiy tafakkurida keskin burilish yasagan, yangi oqim sifatida butun dunyoda shov-shuv qo‘zg‘agan “absurd teatri” o‘z davrining, umuman, drama janrining yangi bosqichi, yangi pog‘onasi edi: teatr ifoda uslubiga yangi yo‘nalish olib kirishgani va sahna haqidagi mavjud qarashlarni dovdiratib qo‘ygani bilan ahamiyatli. Bu esa tomosha sahnasiga nisbatan yangi munosabat davri boshlanganini bildiradi.
Natija va mulohazalar
Yangi bosqichning asoschilari safida Bekket nomi birinchilardan qayd etiladi. Bekket tomoshabinning hislariga emas, zakovatiga murojaat etadi va o‘quvchining idrok sahnasi, har bir o‘quvchi o‘zining dunyoqarashi, didi, saviyasidan kelib chiqadigan tasavvur sahnasini yaratadi. Tasavvur qilishga zakovati yetmaganlar uchun Bekket asarlari shunchaki cho‘pchak bo‘lib qoladi. Nomini butun dunyoga mashhur qilgan “Merfi”, “Molloy”, “Malonning o‘limi”, “Ismsiz” kabi romanlari, “Teatr I”, “Teatr II”, “Falokat”, “Elefteriya”, “O‘yin”, “O‘yinning oxiri” pyesalarida (jami 11 ta roman, 20 ta dramatik asarlarida) Bekket insonning mavhumlik bilan yuzma-yuz turgan holatdagi ruhoniyatini tahlil qildi. Xuddi Kafka asarlari kabi bu pyesalarda ham inson umrini beadad sarobga, mavhumotga, o‘zligidan, o‘z qiyofasidan, insoniy xislatlaridan yotlashtirishga xizmat etuvchi, uni mute va qul qiluvchi jamiyat bilan qarama-qarshi turgan inson fojiasi qalamga olinadi. XX asr odami ma’naviy qadriyatlar xarobasi ustida o‘tiribdi, unda o‘z hurligiga intilishdan ko‘ra qullikka, mutelikka moyillik kuchli. U o‘tmishdan ayro qilingan, kelajakka ishonmaydi. Bekket bu holni shunday ifodalaydi: kelajak zulmat ichida, o‘tmish esa olisda. Shu sababli ham uning asarlarida zulmat, olislik, yotlashuv ramzlari qayta-qayta bo‘y ko‘rsatadi.
Bekket nomini dunyoga tanitgan “Godoni kutishyapti” asari shu ma’noda adib ijodida markaziy o‘rinda turadi. Umuman, bu asar dramaturgiyaninggina emas, XX asr dunyo adabiyotining o‘ziga xos nayob hodisasi sanaladi. Alan Shneyder birinchi marta AQShda asarni sahnalashtirganda adibning o‘zidan “Godo kim o‘zi?! Siz Godo orqali nimani nazarda tutayapsiz?!” deb so‘raganida Bekket “Agar Godoning kimligini bilganimda pyesani yozib o‘tirmasdim” degan ekan. Ehtimol, yozuvchi bu yerda biroz adabiy oliftachilik qilgandir? Lekin oliftachilik qilish Bekket tabiatiga xos emasdi. Nima bo‘lganda ham bir narsa ayonki, Godoning sirli bo‘lib qolishining, ya’ni uning kimligi haqida adib hech qanday xulosa qoldirmaganining o‘ziyoq asar haqida har kim o‘zining saviyasidan kelib chiqib xulosa qilish va sharhlash imkonini yaratdi. Asarda hech qanday voqea yo‘q, Estragon va Vladimir katta yo‘l yoqasida, qurigan daraxt ostida Godoni kutib o‘tirishadi, so‘ng ularga yana ikki kishi – Posso va Lakki qo‘shiladi. Godoning kimligi ham noma’lum. Uning kimligini yoki nimaligini hech kim bilmaydi. Biroq asar qahramonlari “Hozir Godo keladi” deb kutib turishaveradi. Godo sahna oxirigacha noma’lum bo‘lib qoladi, u kelmaydi, Estragon va Vladimir yana ertaga Godoni kutish uchun shu yerda uchrashishga kelishib, xayrlashadi. Boshqacha aytganda, inson hayotining bir bosqichi yakun topadi, lekin shu bosqich ertaga ham davom etishiga ishora qilinadi, demak, Estragon va Vladimirlar bir umr Godoni kutib yashashga mahkum etilgan. Bu mahkumlikni fojea sifatida baholash mumkinmi? Mumkin, lekin bu xil sharhlash ham bir tomonlama bo‘lib qoladi.
“Godoning kutishayapti” – xaos, bo‘shliq bilan yuzma-yuz turgan odamlar haqida. Ana shu bo‘shliqda kimdir umid bilan Godoni kutib yashaydi, kimdir esa uni kutishga ham holi yo‘q, ularda kutishga ehtiyojning o‘zi yo‘q.