
San’at
Ushbu maqola tatar farzandi – Olimjan og‘a Qulmametov xotirasiga bag‘ishlanadi.
Din
Tatarlarning 90% dan ortig‘i islom diniga e’tiqod qiladi. Nufusi 100 atrofida bo‘lgan kerashenlar va no‘g‘aybaqlar nasroniylik dinining pravoslov oqimida. Ammo ularning e’tiqodida ham islom ta’siri ko‘zga tashlanadi[1]. Tatarlar islom dinini dastlab IX asrdan qabul qila boshlagan. XIV asrda O‘zbekxon o‘tkazgan diniy islohotlardan keyin islomni to‘liq qabul qilishgan. XV asrda vujudga kelgan Qozon, Astraxan, Sibir xonliklarida islom asosiy mafkura vazifasini o‘tagan. Xonliklarning turkiy, slavyan, fin-ugor, somodiy qavmlari baqamti yashaydigan hududlarida musulmonlar yashaydigan aholi punktlari ajaralib turgan va ular mahalla deb atalgan. Xonliklarda islom dinini o‘qitish uchun yuzlab madrasalar ochilgan. Ularda Misr, Buxoro va boshqa ilm markazlaridan kelgan domlalar dars berishgan. Sayyidlarga, olimlar va qorilarga alohida hurmat ko‘rsatilgan. Dinning Sibir va boshqa shimoliy hududlarda tarqalishida naqshbandiya tariqati so‘fiylari ishtirok etgan.
XVI asrda Ivan Grozniy Qozon xonligini to‘liq bosib oladi. Bosqin davrida asosiy qarshilik musulmonlar tomonidan ko‘rsatiladi. Shuning uchun Rus-tatar urushlari tarixda xristian-islom urushi sifatida qayd etiladi. O‘sha davr madaniyati hayot tasvirlaridan ko‘rinadiki, tatarlarning liboslari Markaziy Osiyo musulmonlarining kiyimlaridan mutlaqo farq qilmagan.
Sayyid Qul Sharif masjidi oldida jang.
Janglarda xonlikning muftiysi Said Qulsharif bosh bo‘lib islom bayrog‘i ostida Grozniy qo‘shinlari bilan kurashadi. Ammo Qozon xonligi mag‘lubiyatga uchragandan so‘ng vaziyat o‘zgaradi. Ivan Grozniy Qozonni olgani sharafiga bag‘ishlab Moskvada Vasiliy Blajenniy soborini qurdiradi. Bu esa amalda xristianlarning g‘alabasini anglatgan.
Rossiya tarkibiga kirgach islom diniga ta’qib boshlanadi. Islom olimlarining katta qismi Turkiy, Markaziy Osiyo va Xitoyga qochib keta boshlaydi. Tatar va boshqirdlarning ma’lum bir qismi nasroniylikka o‘tib ketadi. Ayrim boylar mol-mulkini va mavqe’ini saqlab qolish uchun nasroniylikka o‘tadi. Kerashenlar va no‘g‘aybaqlar shu jarayonlarda shakllangan bo‘lishi mumkin[2].
Tatarlar va kerashenlar ikki xil dinga e’tiqod qilishsa-da, ularning e’tiqodida umumiyliklar kuzatiladi. Jumladan, o‘likni uch kun saqlash, “xalos-xalos”, mayitning ko‘ksiga pichoq qo‘yish, 3, 9, 20, 40, yil marosimlarini o‘tkazish, o‘lgan qarindoshlariga atab jonliq so‘yish, is chiqarish, tabikmek (chalpak) pishirish kabi tangrichilik elementlari har ikkisida ham saqlangan.
Kerashenlar va shimol tatarlarida urin saqlau (o‘rin saqlov) odati bor. Unga ko‘ra mayit qabrga qo‘yib kelingach qarindoshlar uning o‘rnini bildirmaslik uchun uyida tunashgan. O‘lgan kishining to‘shagi yig‘ishtirilmagan, narsalari o‘z o‘rnida turgan. Yettinchi kunigacha aqiret beyete (oxirat bayati) deb ataladigan yo‘qlov qo‘shiqlari aytilgan. Ular qirq kungacha o‘likning ruhi o‘z uyiga kelib turishiga ishonishgan. Yil to‘lganda “olo ash itu” (ulug‘ osh berish) marosimi o‘tkazilib, shu bilan aza tugagan. Qirqi va yili kuni yaqinlari mayitning ruhini chaqirib kelish uchun qabristonga borishgan. Keyin uyiga kelib dasturxon yoyib, atrofida mayitning ruhi uchun joy, idishlar, ovqatlar qo‘yilgan. Ovqatdan so‘ng “baxit jitte ozatug‘a” (kuzatish vaqti yetdi) deb ko‘chaga chiqishgan va to‘g‘ri sharqqa qarab yurishgan. Bu odatlar tangrichilik dini bilan bog‘liq bo‘lib, “ruhlarni oziqlantirish” yoki “is chiqarish” deb atalgan.
Kerashenlarda bir odat saqlanganki, bu barcha tatarlarga xos bo‘lib, unga ko‘ra biror oilada bolasi chaqaloqlik davrida vafot etsa buni yovuz ruhlar bilan bog‘lashgan. Shuning uchun keyingi tug‘ilgan bolasini asrab qolish uchun “Bo‘bak (chaqaloq) sotish” marosimi o‘tkazilgan. Bola tug‘ilgach uni biron qarindosh ayol derazadan kelib “sotib olgan”. Shu yerda yig‘ilgan odamlar esa “sotdi, sotib oldi, ko‘rdik” deb baqirishgan. Ammo chaqaloq o‘z uyida ota-onasi bilan qolavergan. Bolaga esa o‘g‘il yo qizligiga qarab marosimga mos ismlardan qo‘yilgan: Satuqay, Satiy, Satqin, Satibaldi.
Tatar tili
Tatar tili o‘rta asrlarda juda mashhur bo‘lgan. Yevropaliklar shuning uchun, barcha qipchoq tillarini tatar tili, deb atashgan. Oltin O‘rda rasmiy tili tatar tiliga yaqin bo‘lgan. Hatto, “Kodeks Kumanikus” ham tatar tilida yozilgan[3].
Hozirgi tatar tili qipchoq tillarining volgabo‘yi-qipchoq til guruhiga mansub. Rasmiy manbalarga ko‘ra hozirgi kunda 5 milliondan ortiq kishi ushbu tilda so‘zlashadi. Ammo yuqorida aytilganidek, bu ma’lumotlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Tatar tili hozirgi kunda rus tili bilan bir qatorda Tatariston Respublikasining davlat tili sanaladi. Polshaning Podlyaskoye voyevodasida va Xitoyning Dasyuan-Tatar milliy volostida muloqot tili maqomiga ega. Xitoyda tatarlar arab alifbosidan foydalanadi.
Tatar tilining lahjalarga tasniflanishi bo‘yicha ikki xil versiya bor. XX asrning birinchi yarmida uchta lahja ko‘rsatilgan:
Mishar (kunbatish) lahjasi;
Qozon (o‘zak(markaziy) lahjasi;
Sibir (kunchig‘ish) lahjasi[4].
Ammo 70-yillardan keyin sharqiy lahjaning o‘zi uchga bo‘linib tasniflana boshlangan:
Tobol-irtish lahjasi;
Barabin lahjasi;
Tomsk lahjasi.
Bu o‘zgarishlar asosan sharqiy lahjasi ustida ilmiy tadqiqot olib borgan Gabdulxay Ahatovning talqiqotlari bilan bog‘liq bo‘lib, u Sibir (sharqiy) lahjasini alohida lahjalarga ajratgan[5]. Ayrim olimlar Sibir (kunchig‘ish) lahjasini “Sibir tili” nomi bilan alohida til sifatida isbotlashga ham urinishgan[6]. Ammo bu tilshunoslar tomonidan ma’qullangan emas va Sibir (kunchig‘ish) lahjasi Tobol-irtish, Barabin, Tomsk shevalari bilan tatar tili tarkibiga kiradi.
Negizi qipchoq hozirgi tatar tiliga bulg‘or tilidan so‘zlar o‘zlashgan. Adabiyot orqali esa chig‘atoy turkchasidan ham ko‘plab so‘zlar, iboralar kirib kelgan. Ana shu uch omil tatar adabiy tiliga asos bo‘lgan.
Adabiy til qozon-tatar shevasi doirasida shakllangan. Qozon shevasi Qozon va Astraxon xonliklari davrida qo‘llanilgan “eski tatar tili” bazasida vujudga kelgan. Ungacha Oltin O‘rda davrida o‘g‘uz-qipchoq shevasi tatar tili deb atalgan. Aynan shu davrda til tarkibiga so‘fizm adabiyoti orqali chig‘atoy tili kirib kela boshlagan.
Eski tatar tiliga arab tili o‘zlashishi davrida arabcha ayn (ع) tovushini talaffuz qilish qiyin kechgani uchun, uning o‘rniga g qo‘llanilgan. Natijada barcha ayn bilan boshlanadigan so‘zlarga g qo‘shilgan: Abbas – Gabbas, Abdulla – Gabdulla, Abdurahman – Gabduraxman, Aysha – Gaysha, oila – gaile, avf – gafu va h.k. Ayrim shevalarda ayn (g) g‘ayn (g‘) bilan ham talaffuz qilinadi: G‘abbas, G‘alim, mug‘allim, mag‘ana. Ayni holat boshqird tilida ham bor. Chunki Oltin O‘rda davrida ular madrasalarda yagona qolipdagi dasturlar bilan o‘qitilgan.
Tatar tilining hozirgi alfaviti 13 ta unli, 26 ta undosh tovushdan tashkil topgan. Bu tarkib, tatar tilini boshqa turkiy tillardan uzoqlashtiradi. Ayniqsa i tovushining “ye”, ye va e tovushlarining esa “i” shaklida yozilishi keyinchalik fonetikaga katta ta’sir o‘tkazgan.
O‘zbekcha |
bir |
biz |
kishi |
men |
ber |
er |
eshik |
Tatarcha |
ber |
bez |
keshe |
min |
bir |
ir |
ishek |
Ayni farqlar u tovushining o‘ va o‘ tovushining u shaklida talaffuz qilinishida ham ko‘rinadi.
O‘zbekcha |
un |
ulov |
uzun |
qo‘l |
o‘quv |
bo‘ri |
to‘rt |
Tatarcha |
o‘n |
o‘lav |
o‘zыn |
qul |
uquv |
bure |
turt |
Poloves-qipchoq tillari va boshqird tilidagi kabi tatar tilida ham h harfini tushurib qoldirish kuzatiladi: Haybat – aybat, halak – alak va h.k.
O‘zbeklar tatarlar bilan tarjimonsiz gaplashishi mumkin. Tasavvuf adabiyoti ta’sirida Oltin O‘rda davridan boshlab til y-lashgan va yetarli darajada arabcha-forscha so‘zlarni singdirgan. Bu o‘zaro muloqotda aniq ko‘zga tashlanadi:
Assalomu alaykum! |
Isenmesez! |
Xush keldingiz! |
Rexim itegez (xush kildegez)! |
Bizga mehmonlar keldi |
Bezge qunaqlar kilde |
Xayrli tong! |
Xeyerle irte! |
Xayrli kun! |
Xeyerle kon! |
Xayrli kech! |
Xeyerle kich! |
Tanishing |
Tanish bulig‘iz (tanishig‘iz) |
Mening otim Ali |
Mining atim Ali |
Siz bilan tanishganimdan xursandmiz! |
Seznen belen tanishuibizg‘a shatbiz! |
Tanishing bu mening oilam: |
Tanish bulig‘iz, bu minem gailem: |
Xotinim, erim |
Xatinim, irem |
Bolalarimiz |
Balalaribiz |
Buvimiz va bobomiz |
Ebiebez, bababiz |
Ishlaringiz qalay? |
Eshleregez nichek? |
Rahmat, yaxshi |
Rexmet, eybet |
Min tatarcha soyleshmim. |
|
Siz tatarcha gaplashasizmi? |
Sez tatarcha soyleshesezme? |
Govorite, pojaluysta, pomedlennee. |
Zinxar, erkenrek eytegez. |
Bizga tarjimon kerak |
Bezge terjemeche kirek. |
Siz meni tushanayapsizmi? |
Sez mine anliysizmi? |
Siz tez gapirayapsiz |
Sez artiq tiz soylisez |
Siz nim dedingiz? |
Sez ni didegez? |
Bu so‘zni qanday aytsa bo‘ladi? |
Bu suzne nichek eyterge? |
Bu so‘zni tatarcha yozing qani |
Bu suzne tatarcha yazig‘iz ele |
Tatarlar yil fasllarini sof turkiy shaklda qo‘llashadi: Yaz (bahor), jey (yoz), kuz, qish.
Hafta kunlari o‘zbek tilidagi bilan bir xil: Dushembe, sishembe, chershembe, penjeshembe, jomg‘a, shembe, yakshembe. Faqat hafta so‘zi o‘rniga atna ishlatiladi. Faqat so‘zi o‘rniga -gina affiksi qo‘llaniladi: tatarchagena soyleybiz, Tigezlegezgene (faqat tuzalib keting). Bundan ko‘rinadiki, o‘zbek tiliga fors tilidan “faqat” so‘zi o‘zlashgach bir muddat -gina qo‘shilib faqatgina shaklida ishlatilgan, keyinchalik faqat so‘zining o‘zi qo‘llanila boshlagan. Ammo hanuzgacha qipchoq o‘zbeklari bu so‘zni affiks sifatida qo‘llab keladi: birgina, sengina, shugina...
Tatar tilida juda ko‘plab turkiy o‘z qatlam so‘zlar saqlangan: Eshigoldi (hovli), basqich (zina), jay (yoz), qunaq (mehmon), jayli (qulay), ashyavliq (dasturxon), o‘ram (ko‘cha), aqcha (pul), urug‘dash (ota tomondan qarindosh), buruch (qarz), ikmek (non), ag‘ach (daraxt), mugez (shox), to‘pas (qo‘pol), yaralg‘i (homila).
Kerashen lahjasi qozon lahjasidan j-lovchiligi bilan farqlanadi. Ma’lumki, qozon lahjasiga arab va chig‘atoy tilining ta’siri katta bo‘lgan, shu sabab adabiy tildagi aksariyat so‘zlarda j o‘rniga y qo‘llanilidi:
Qozon lahjasi |
yul |
Yefәk (ipak) |
yashel |
Yatim (yetim) |
yaz |
yomыrqa |
Kerashen lahjasi |
jul |
jepak |
jәshel |
jitim |
jaz |
jomrqa |
Kerashen tatarlarida slavyanlar qo‘llaydigan nasroniy so‘zlar o‘zlashish jarayonida go‘zal tarzda turkiy qolipga keltirilgan:
Arkadiy – Erkey;
Ivan – Ibiy;
Grigoriy – Gorey;
Filipp – Piley;
Tatyana – Tatiy;
Irina – Uriy;
Akulina – Uksi;
Anyuta – Atna;
Fekla – Pikla;
Timofey – Tapiy/Timey.
J-lash bu yerda hamko‘zga tashlanadi:
Yevgeniya – Jaulich;
Yelena – Jәnkә;
Darya – Darjiy;
Mariya – Marjiy;
Yevdokiya – Jaydiy.
Shuningdek, kerashen tatarlarida arxaik va boshqa turkiy tillarda uchramaydigan so‘zlar ham ko‘p:
Bashqaziq – qabrboshiga qo‘yiladigan taxtakach;
kulpa tas – qabrtosh;
tash bilge – yozuvli qabrtosh;
chardug‘an – maqbara;
Sanaq – ayri (panshaxa). Öch jyaple syanyak – uch sixli panshaxa;
Chibiq – shox, butoq.
Sibir tatarlarida s-lovchi va ch-lovchi, ya’ni ch o‘rniga s, s o‘rniga ch tovushini ishlatuvchi shevalar uchraydi: pichaq – pitchaq, pitsax; urchiq – ursix. Sharqiy qismida xakas tiliga xos o‘zgarishlar, xususan b tovushining p shaklida talaffuzi kuzatiladi: boru – poru, bau (bog‘) – pau, bala – pala va h.k.
Sibir tatarlari tiliga o‘zbek tilidan ham ko‘plab so‘zlar o‘zlashgan, chunki madrasalarda asosan Xiva va Buxorodan borgan mudarrislar dars berishgan.
Sabanto‘y va folklor
Tatarlar madaniyati va san’atini butun dunyoda nishonlanadigan “Sabanto‘y” bayramisiz tasavvur qilish qiyin. Turkiyda “saban” – omoch, “Sabanto‘y” esa – omoch to‘yi. Tatarlar har yili ekin ekishdan oldin Sabanto‘y o‘tkazishgan. Bugungi kunda esa bu bayram ramziy ko‘rinishga ega bo‘lib, aslida chinakam folklor bayramiga aylangan. Unda tatar millatining butun borlig‘i: tarixi, mentaliteti, madaniyati, san’ati, xalq o‘yinlari namoyish etiladi.
Tatar xalq ijodiyoti asosan dostonlar, ertaklar, afsonalar, bayotlar, qo‘shiqlar, maqollar, topishmoqlar va tezaytishlardan tarkib topgan. Shubhasiz, folklorda dostonlar birinchi o‘rinda turadi. Ular orasida “Idegey”, “Yirtyushlek”, “Jik Mergen”, “Qo‘zi-Ko‘rpyach belyan Bayan-silu”, “Chura batir”, “Yastay Munke”, “Aq qubek” kabi dostonlar juda mashhur.
Tatarlar ham do‘mbira va “Alpomish”ni saqlab qolgan xalqlardan biri. Qozon tatarlarida “Alpomish”ning “Alpamsha va dovyurak Sandug‘ach”[7], G‘arbiy Sibir tatarlarida “Alp Myamshyan” varianti saqlangan. “Alpamsha va dovyurak Sandug‘ach” varianti maqola muallifi tomonidan o‘zbek tiliga tarjima qilingan[8]. “Alp Myamshyan” dostoni tarjima qilinmagan. Bu ikkala versiya ham kichik hajmli asar bo‘lib, bu epos uslubi va tuzilishiga ko‘ra ertak yoki rivoyat janriga yaqinroq sanaladi.
Sibir tatarlarida “Ataqli qiz Tuqbikә”, “Timer batir”, “Ildan belәn Gөldan”, “Altain Sain Sөmә”, “Ak kүbek”, “Yastәy Mөңkә”, “Mejek alip”, “Yelәk batir” dostonlari saqlangan. Sibir tatarlarining dostonlari faqat turkiy qolipdagi qahramonlik dostonlaridan iborat emas. V.V.Radlov oqinlardan “Yusuf va Zulayho”, “Tohir va Zuhra”, “Sayfulmulk”, “Shohsanam va G‘arib” dostonlarini ham yozi olgan[9].
Misharlar folklorida tangrichilik elementlari ko‘p saqlangan. Afsonalarida Suv babasi, Suv anasi kabi ilohalar, Ubir, Albasta kabi obrazlar ko‘p uchraydi.
Kerashenlarning folklorida xristianlik dinining personajlari, jumladan avliyolar obrazlari ko‘p uchraydi. Kerashenlarning folklori asosan Qachmanu (cho‘qintirish) marosimi, Rashtau (rojdestvo), May chabu (maslennitsa), dekabrning 24-sanasida o‘tkaziladigan “Nordo‘g‘on” bayramlarida namoyish etiladi.
Maqollar
Tatarlarning, xususan kerashenlarning maqollari ham boshqa turkiylarniki bilan bir xil. Ular orasida umumiyliklar juda ko‘p:
Әytkәn sүz – atkan uq.
Aytilgan so‘z – otilgan o‘q.
***
Jil ismi, yafrak selkenmi.
Shamol esmasa, yaproq silkinmas.
***
Әyberneң yaңasi yaxshi, dusniң iskese yaxshi.
Har narsaning yangisi, do‘stning eskisi yaxshi.
***
Eshlәp ashasaң, arыsh ikmәge dә tәmle.
Ishlab topsang, zog‘ora nom ham totli.
***
Agach – jimeshe belәn, keshe – eshe belәn.
Daraxt mevasi, kishi – ishi bilan aziz.
***
Kergәnche chig‘uiңni uyla.
Kirguningcha chiqishingni o‘yla.
***
Berdәmlektә kөch.
Kuch birlikda.
***
Timerne kizuinda suq.
Temirni qizig‘ida suq.
***
Ni chәchsәң, shuni urirsiң.
Nimani sochsang shuni o‘rasan.
***
Tamchi tama-tama tash tishә.
Tomchi toma-toma tosh teshar.
Tatarlar boshqa turkiylarga nisbatan ertaroq o‘troqlashgani, qolaversa ko‘proq shaharlashgani uchun ko‘chmanchilar hayoti bilan bog‘liq maqollar kam uchraydi. Ammo kam bo‘lsa-da saqlangan:
Өrә belmәgәn et avilga bүre kiterer.
Hurmaydigan it ovulga bo‘ri keltirar.
***
Aziqli at arimas.
Ozuqli ot horimas.
***
Siyer dulasa attan yaman.
Sigir bo‘shalsa otdan yomon.
***
Taviq tөshenә tari kerә, ashamasa – tag‘i kerә.
Tovuqning tushiga tariq kirar, yemasa tag‘in kirar.
Tatarlar ilmni qadrlaydigan, farzandlarini ilmga da’vat qiladigan el. Bu ularning maqollarida ham aks etadi:
Belemdә kөch.
Kuch bilimda.
***
Belәktәn belem kөchle.
Bilakdan bilim kuchli.
***
Belem-nur, belmәү-xur.
Bilim – nur, bilmagan – xor.
***
Ber galim yөz nadanni җiңәr.
Bir olim ming nodonni yengar.
***
Galimneң ber kөne nadanniң bөten gөmerenә tora.
Olimning bir kuni, nodonning butun umriga teng.
Tatarlardan bekorga amaliyotchi olimlar chiqmas ekan. Chunki empirik ruhdagi maqollar ham ijod etishgan:
Belem tәjribәdәn tua.
Bilim tajribadan tug‘iladi.
***
Plansiz esh – tozsiz ash.
Rejasiz ish – tuzsiz osh.
***
Teleң belәn uzma,
Belem belәn uz.
Tiling bilan o‘zma,
Bilim bilan o‘z.
Tatar maqollarida xalqning xarakteri aks etadi. Ularda maqtovlar emas, tanqidiy yondashuvlar ham ko‘zga tashlanadi:
Tatar aqili tөshtәn soң.
Tatarning aqli tushdan so‘ng.
Musulmon tatarlarda islomiy maqollar ham juda ko‘p uchraydi:
Iman – kөch, din – һәva.
Iymon kuch, din – havo.
***
Imanli keshe – җilgә totashmiy.
Iymonli kishi – havoga (kibrga) uchmaydi.
***
Tilsimli su – Allaһniң tәңgәre.
Muqaddas suv – Allohning mo‘jizasi.
***
Allaһniң tәүfigi bulsa, barisi da җiңel.
Allohning tavfig‘i bo‘lsa, bari ish yengil ko‘char.
***
Imanli kesheң bush qalmiy.
Iymonli kishi bekorchi bo‘lmas.
***
Araqы – shaytan sidege.
Aroq – shaytonning siydigi.
***
Sin dә mulla, min dә mulla – atka pechәn kem sala?
Sen ham mulla, men ham mulla – otga pichanni kim soladi?
***
Gaep mulla qizinda da bulla.
Ayb mullaning qizida ham bo‘ladi.
Tatarlar etnopedagogikasining asosi bo‘lgan maqollarda tarbiya muhim o‘rin tutadi, shuning uchun pand-nasihat ko‘p:
Bala kүzdәn, adәm sүzdәn ziyanliy.
Bola ko‘zda, odam so‘zdan ziyon topadi.
***
Ana sөte belәn kermәsә, tana sөte belәn kermәs.
Ona suti bilan kirmasa, tana (sigir) suti bilan kirmas.
***
Xaliq әytsә hak әyter.
Xalq aytsa, haq aytar.
***
Chaqirgan җirgә bar, kug‘an җirdәn kit.
Chaqirgan joyga bor, quvgan yerdan ket.
***
Ayag‘in belen abin, telen belen abinma.
Oyog‘ing bilan qoqilsang ham, tiling bilan qoqilma.
***
Tellәr belgәn – illәr belgәn.
Tillarni bilgan – ellarni bilgan.
***
Tug‘an telne kaderlәgәn xalik qaderle bulir.
Ona tilini qadrlagan xalq qadr topadi
***
Sөydergәn dә tel, bizdergәn dә tel.
Suydirgan ham, bezdirgan ham til.
***
Eshle keshegә iң zur җәza – tik toru.
Ishlaydigan odamga eng katta jazo – ishsizlik.
***
Va alabatta tatarlarning pand-nasihat janridagi maqollarini tozalik mavzusisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi:
Chistalik – iң yaxshi maturliq!
Tozalik – eng yaxshi go‘zallik!
***
Chistalik yaratuchi, sәlamәtlekne yarata.
Tozalikni sevgan, salomatlikni sevar.
Xulosa o‘rnida
Tatarlar to‘g‘risida yozish oson ish emas...
Guvohi bo‘lganingizdek tatarlarning tarixi va kelib chiqishi o‘ta murakkab. Qolaversa, ularning dunyo bo‘ylab tarqalish geografiyasi shunchalar kengki, jamlab olishning imkoni yo‘q. Til va shevalar murakkab, e’tiqodlar turlicha, tahlil qilish qiyin. Ularni umumplanda o‘rganish katta-katta xatoliklarni keltirib chiqarishi mumkin. Shuning uchun tatar millatiga mansub tarixchi, etnolog, tilshunos va folklorshunoslarning manbalariga tayangan holda bu elning tavsifini yozishga harakat qildim. Ko‘proq o‘zimdagi ma’lumotlarga tayandim. Tatarlar “Alpomish”ini tarjima qilganim ozroq bo‘lsa-da kuch berib turdi.
Qolaversa, 90-yillar, talabalik davrimda qadarning yozig‘i bilan tatar olimi – Olimjan Qulmametovning uyida ijaraga turishimga to‘g‘ri kelgan. Olimjan aka qarib qolgani uchun Chilonzordagi to‘rtinchi qavatda joylashgan uyidan ayoli bilan boshqa dahadagi birinchi qavatdagi uyiga ko‘chib o‘tayotgan ekan. 4-qavatdagi uyida kitoblar juda ko‘p edi. Men shu kitoblar bilan besh yil yashaganman.
Olimjan aka asli Sibir tatar murzalarining Qulmametovlar sulolasidan bo‘lib, ular Kutumovlardan keyin tarxon (graf) unvoni bilan Tobol guberniyasini boshqargan. Qulmametovlar XVIII asrning oxirlarida Oqposhshodan dvoryan unvonini olishgan[10]. Sulola faqat tarxon yoki dvoryan unvoniga ega bo‘lib qolmay, balki harbiy san’at, texnika va islom ilmida ham oldinda bo‘lgan. Ular buxoriylar bilan birlashib, Chor Rossiyasining Sibir turklarini xristianlashtirishiga qarshi siyosat yurgizishgan. Aniqrog‘i, “tatarlar agar o‘zi istamasa nasroniylikka majburlab o‘tkazmaslik” bo‘yicha Moskva mitropolit va Oqposhsha bilan doimiy muzokaralar olib borgan. XX asrning boshlarida Qulmametovlarga ham qiyin kelgan. Avvalo, dinni saqlab turish, qolaversa farzandlar taqdiri o‘ylantirib qo‘ygan Olimjon akaning otasi Amin Xitoyga ketishga qaror qilgan. Shu tariqa, Olimjon aka 1920-yilda Shinjonda tug‘ilgan. Avval Shinjonda maktabda, keyin Pekin universitetida o‘qigan. Xrushchev davrida oilasi Sibirga qaytishga ruxsat so‘raganda, ularga Toshkentga qaytish uchun ruxsat berilgan ekan.
Olimjon aka tatar, rus, xitoy, ingliz tillarida erkin gapiradigan, bilga inson edi. U turkiylar tarixi, ayniqsa tatarlar tarixi bilan qiziqar, bu borada menga ham ko‘p narsalarni o‘rgatar edi. Tatarlar haqida ko‘p ma’lumotlarni, xususan Xitoy, Avstraliya, Amerika tatarlari haqida ham Olimjon aka va uning kitoblaridan o‘rganganman. Ustozning qarindoshlarining bir nechtasini taniyman, yaqinda ushbu maqola bahonasida Tobolsk va boshqa davlatdagilari bilan ham tanishdim.
Aniqlashimcha, Tobolsk tarixiy-me’moriy muzeyidagi eng asosiy qimmatbaho ashyolar va artefaktlar Qulmametovlarga tegishli ekan. Olimjon akaning otasi va boshqa qarindoshlari chet elga ketgach, Sibirda qolgan qarindoshlari butun mol-mulkini muzey fondiga topshirgan. Qulmametovlarning shajarasi va tarixi haqida hozir ham ko‘plab ma’lumotlar saqlangan, kitoblar yozilgan. Ulardan birida, xususan, tarixchi Zaytuna Aptrashitovna Tichinskixning yozishicha, Qulmametovlar asli Buxorolik bo‘lishi mumkin[11]. Men ham Olimjon akaning yuz tuzilishida ko‘proq o‘zbek qiyofasini ko‘rar edim.
Shu bilan tatarlar to‘g‘risidagi maqola nihoyasiga yetdi. Unda imkon qadar o‘zbek o‘quvchisi uchun qiziqarli bo‘lgan ma’lumotlarni jamlashga harakat qildim.
Anvar BO‘RONOV,
filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori
[1] Исхаков Р. Р. Культ мусульманских святых в религиозно-обрядовой традиции татаркряшен Волго-Уралья (XIX начало хх в.). https://www.gramota.net/article/hss20152920/fulltext
[2] Ислаев Ф. Г. Православные миссионеры в Поволжье. – Казань: Татарское книжное издательство, − 1999.
[3] Гаркавец А. Н. Codex Cumanicus: Половецкие молитвы, гимны и загадки XIII–XIV веков // Кыпчакское письменное наследие. – Алматы: КАСЕАН; Баур, 2007. – Т. II. – С. 63–120.
[4] Залялетдинов Л. З. Татар теле диалектларын өйрәнү өчен кыскача программа // Совет мәктәбе. – 1940. – № 9. 33–37 стр.
[5] Ахатов. Г.Х. Диалекты западносибирских татар. Дисс. на соиск. учен. степени докт. филолог. наук. Ташкент, 1965.
[6] Алишина Х.Ч. Как нам сохранить язык сибирских татар? // Языки, духовная культура и история тюрков: традиция и современность. Т. 1. – Казань, 1992. – С. 24-26; Тумашева Д.Г. Көнбатыш Себер татарлары теле: Грамматик очерк һəм сүзлек / Д.Г.Тумашева – Казан: Казан дəүлəт ун-ты нəшрияты, 1961. – Б. 182.
[7] Tatar tilida “Alpamsha һәm qiyu sandugach” deb nomlanadi.
[8] Bo‘ronov A. Alpomish dostoni (turkiy xalqlar versiyalari). – Toshkent: Muharrir nashriyoti, 2020. 180 b. file:///C:/Users/admin/Downloads/Alpomishdostoni.pdf.
[9] Радлов, 1872 – Радлов В.В. Образцы народной литературы тюркских племен, живущих в Южной Сибири и Дзунгарской степи, собраны В.В. Радловым. Часть IY. Наречия барабинцев, тарских, тобольских и тюменских татар». – СПб.: Тип. Императ. Акад. наук, 1872. 411 с.
[10] Татарские мурзы и дворяне: история и современность: Сборник статей. Выпуск. 1. –. Казань: Институт истории им. Ш. Марджани АН РТ, 2010. – 376 с.
[11] Тычинских З.А. Мурзы Кульмаметьевы. Книга 1. Власть и могущество (XVII–XVIII вв.). – Тюмень: ТюмГУ-Press, 2024. – 208 с.
Maqolaning birinchi qismini bu yerda o‘qing.
San’at
Tarix
Adabiyot
Adabiyot
Tarix
Tarix
Jarayon
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Din
Tarix
Til
//
Izoh yo‘q