
Ushbu maqola tatar farzandi – Olimjan og‘a Qulmametov xotirasiga bag‘ishlanadi.
Tatarlar – turkiy el. Tili turkiy tillarning qipchoq guruhiga mansub. Ular boshqa turkiylardan farqli o‘laroq dunyoning barcha mintaqalariga tarqalib ketgan, shuning uchun aniq nufusini aniqlashning imkoni yo‘q. Rasmiy manbalarga ko‘ra tatarlarning soni 6 million, ammo so‘nggi tadqiqotlar 10 milliondan ortiq ekanini ko‘rsatadi. Katta qismi Tatariston, Boshqirdiston respublikalari va ularga yondosh Chelyabinsk, Ulyanovsk, Orenburg, Tyumen, Samara viloyatlarida yashaydi. Asosiy qismi islom dinining sunniylik yo‘nalishida. Mazhabi hanafiya. Afg‘oniston va Eronda kamsonli tatarlar shialikning jafariya mazhabida. Bir qismi nasroniylik diniga e’tiqod qiladi, ularni kerashenlar, ya’ni “cho‘qintirilgan tatarlar” deb atashadi. Mongoliyadagi tatar urug‘larining ayrimlari buddaviylikni qabul qilgan.
Tatarlarning kelib chiqish masalasi o‘ta murakkab va chigal. Inchunin, tatar etnosini bir xil prizma ostida o‘rganish mumkin emas. Qolaversa, tatarlarning tarixi, dini, etnologiyasi, folklori, tili va adabiyoti ham ko‘pqirralidir.
Tarix
Tatar nomi V asrda ko‘chmanchi jujanlar davrida alohida xalq sifatida tilga olingan[1]. O‘rxun-Enasoy yozuvlarida esa Otuz Tatar Bodun (o‘ttiz tatar xalqi) va Tokuz Tatar (to‘qqiz tatar) shaklida kelgan[2]. Mahmud Koshg‘ariy “Devonu lug‘otit turk”da tatarlarni bajanak, qipchoq, o‘g‘uz, jamaq, boshqird, basmil, qay, jabaqu, qirg‘iz xalqlari bilan birga tilga olgan[3]. Koshg‘ariy tatarlarning turk ekanini ham qayd etgan[4].
Kelib chiqishi bo‘yicha uch xil nazariya shakllangan:
1. Turk-tatar nazariyasi;
2. Turk-bulg‘or nazariyasi;
3. Turk-mo‘g‘ul nazariyasi.
Turk-bulg‘or nazariyasiga ko‘ra tatarlarning kelib chiqishi VIII asrda Volgabo‘yi va O‘rol tog‘i atrofida shakllangan bulg‘or etnosi bilan bog‘lanadi[5]. Bu nazariya XX asrda paydo bo‘lgan va u ko‘proq o‘sha davr tarixchilarining tatarlarni Yevropa xalqlari bilan bog‘lashga intilishlari oqibati bo‘lishi mumkin. Inchunin, turkiy tillarning eng kichik guruhi, ya’ni bulg‘or (o‘g‘ur) aynan Volgabo‘yi va O‘rol tog‘i atrofida shakllangan bo‘lib, hozir u xalqlardan faqat chuvashlar saqlanib qolgan xolos. Bulg‘orlarning tili va madaniyati o‘zgacha, ular qipchoq emas. Tatarlar bulg‘orlar bilan baqamti yashab kelgani uchun ularda umumiy atropologik o‘xshashliklar bor. Ayniqsa, kam sonli musulmon chuvashlar bilan madaniy sinkretizm kuzatiladi.
Turk-mo‘g‘ul nazariyasiga ko‘ra tatarlarning kelib chiqishi mo‘g‘ul, Chingizxon qo‘shini bilan Markaziy Osiyodan kelganiga e’tibor qaratiladi. Bu nazariya tarafdorlari avvalo, turk va mo‘g‘ul xalqlarining oltoy xalqlari ekanini unutishgan ko‘rinadi. Qolaversa, mo‘g‘ul-tatar so‘zini XX asrga qadar faqat ruslar qo‘llab kelgan va bu Jo‘chi qo‘shinlarining tarkibida tatarlarning ko‘p bo‘lgani, Rus hududlari aynan tatarlarga suyurg‘ol qilingani bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Umumun olganda tatarlarning Oltoy va Markaziy Osiyodan Yevropaga siljigani rost, ammo bu ularning mo‘g‘ul ekanini anglatmaydi.
Turk-tatar nazariyasi eng ishonarli nazariya bo‘lib, unga ko‘ra tatarlarning kelib chiqishi qadimgi Turk xoqonligi bilan bog‘lanadi. Ular ham boshqa turkiy xalqlar qatori Xazar, Volga Bulg‘oriyasi, Qipchoq-qimaq, Oltin O‘rda davrida yuzaga kelgan ijtimoiy-siyosiy-madaniy bo‘hronlar ta’sirida alohida etnos sifatida shakllangan. Inchunin, tatarlar turkiy tilning qipchoq lahjasida so‘zlashishgan, folklor va adabiyoti ham boshqa qipchoq xalqlari bilan o‘xshashdir.
Tatarlar azaldan qipchoqlar dunyosining shimoliy hududlarida yashab kelishgan. Bu ularning yuz qiyofasida ham aks etadi. Sharqda qisiq ko‘zli, keng yelkali (mongoloid), Ural va Volgabo‘yida qirra burun, soch va ko‘z rangi qora, jiyron aralash (sublaponoid), Janubiy-g‘arbda uzun bo‘yli, soch va ko‘z rangi (pontiy), Shimoliy g‘arbda ko‘k ko‘zli, bo‘ylari uzun, qirra burunli (yevropoid) tatarlar uchraydi[6]. Sibir tatarlari Abulxayrxon tuzgan O‘zbek xonligi davrida shakllangani uchun qiyofasida o‘zbeklar bilan umumiylik ko‘p.
Tatar etnosi
Tatar etnosi asosan turk va mo‘g‘ul xalqlari tarkibida uchraydi. Tahlillarimiz aniq bo‘lishi uchun avvalo mo‘g‘ullar tarkibidagi tatar urug‘iga to‘xtalamiz. Ularning negizi turk. Qadimgi turk tilida so‘zlashishgan. Mo‘g‘ullar tarkibidagi tatar Mo‘g‘ilistonning yerli xalqi bo‘lib, ular o‘z davrida saltanat qurgan o‘ttiz tatarning avlodi. Mo‘g‘uliston va Ichki Mongoliyada[7] hozirgi kunda ham tatar etnosi bor. Mo‘g‘ulistonda Sharqiy Matad, Suxebaatar aymog‘ining Asgat somonlarida istiqomat qilishadi. Ichki Mongoliyada Xalxingol va Buyur-nur vodiylarida yashaydi[8]. Hozirgi kunda Mo‘g‘uliston tatarlari mo‘g‘ul tilida so‘zlashishadi[9].
Turkiy tatarlar deyilganda, avvalo Qozon, Sibir va Ashtarxon xonliklari davrida shakllangan alohida etnik guruhlar tushuniladi. Ular yuz qiyofasi, madanyati va tiliga ko‘ra boshqa turkiylardan farqlanadi. Hozirgi kunda qo‘yidagicha tasniflanadi:
1. Qozon tatarlari;
2. Mishar tatarlari;
3. Qosim (qosimov) tatarlari;
4. Sibir tatarlari;
5. Astraxan tatarlari;
6. Kerashen (kerashen-cho‘qintirilgan) tatarlar;
7. Perm tatarlari;
8. No‘g‘aybaqlar;
9. No‘krat (Chepes) tatarlari;
10. Buxor tatarlari.
Bundan tashqari Xitoy, O‘rta Osiyo, Turkiya, Afg‘oniston, Yevropa, Amerika va Avstraliyada ham tatar diasporalari bor.
Xitoyda tatarlar o‘rta asrlardan buyon yashaydi. Ular asosan Shinjon-uyg‘ur va Manjuriya muxtoriyatlarida istiqomat qiladi. Shinjon-uyg‘ur tumanidagi tatarlarning katta qismini Sibir va Qozon tatarlari tashkil etadi. Ular Xitoyga XIX asrdan tadbirkorlik va savdo-sotiq uchun, ayrimlari esa islom dinini saqlash uchun Ruslardan qochib kelishgan. Ular orasida taniqli ulamolar, qorilar, masjid imomlari bo‘lgan[10]. Tatarlar Xitoyga kelishining keyingi oqimi XX asrning birinchi yarmiga to‘g‘ri keladi. Avval Birinchi jahon urushi, keyin Sovet tuzumi davrida Shinjonga, Sibir va Oltoy tatarlarining ko‘pchiligi Manjuriyaga kelishgan. Va nihoyat bu ko‘chishlar Ikkinchi jahon urushi davrida ham davom etgan. 1989-yilda Xitoyda Dasyuan-Tatar milliy volosti tuzilgan.
Turkiya tatarlari ham Rossiya bilan urushlar davrida uyumlasha boshlagan. Hozir ularning soni 200 ming ekani aytilgan, ammo tatar olimlari taxminicha milliondan ko‘p. Chunki Turkiyada turkiy xalqlarning pasportiga millati turk yozilishi hammaga ma’lum.
Afg‘oniston tatarlari nufusi rasmiy manbalarda 300 mingdan ortiq ekani qayd etilgan. Ular asosan XIII asrda Chingizxon qo‘shinlari bilan borgani aytiladi. Hozirgi kunda Afg‘oniston tatarlari Butun dunyo tatarlar kongressi bilan aloqa o‘rnatgan[11]. Ularning aksariyati chig‘atoy o‘zbekchasi, turkman, pushtun va dari tilida so‘zlashadi. Hozirda ularga Qozondan tatar tilini o‘rgatish uchun onlayn kurslar tashkil qilingan. Qobulda “Tatar avazi” jurnali dari tilida chop etiladi. Afg‘oniston tatarlarining asosiy qismi sunniylar, Eron tarafdagi tatarlar shia oqimiga e’tiqod qilishadi[12].
Amerika tatarlari qit’aning hamma mamlakatlarida bor. Yirik diasporalari AQSh, Kanada va Braziliyada yashaydi.
Yevropa tatarlari To‘xtamishxon davridan Litva knyazligiga kela boshlagan va hozirgi Polsha, Germaniya, Ruminiya, Vengriya hududlariga joylashgan. Keyin Sovet davrida, xususan Ikkinchi jahon urushi davrida va 1990-yillarda ko‘plab tatarlar Yevropaga ko‘chib o‘tishgan.
Avstraliyaga tatarlar Ikkinchi jahon urushi davrida ko‘chib kela boshlagan. Hozir ularning soni 5000 dan ortiq. Sidney, Melburn va Adelaida tatarlarning markazlari va yakshanbalik maktablari mavjud.
Qozon butun dunyo tatarlari uchun madaniy poytaxt sanaladi, shu joyda o‘rtaliq madaniyat shakllangan. Qozon atrofida tatarlarning millat sifatida shakllanishi asosan Oltin O‘rdaning tugashi va Qozon xonligining tashkil topishi bilan boshlanadi. 1437-yilda Oltin O‘rda xonlaridan biri – Ulug‘ Muhammad mamlakatda boshlangan tarqoqliklardan foydalanib Bulg‘or ulusining markazi bo‘lgan Qozonni egallaydi va yangi xonlikka asos soladi. 1959-yilda Kichik Muhammadning o‘g‘li Mahmud Astraxan (Xoji Tarxon) xonligini tuzadi. 1968-yila O‘zbek xonligining bir qismida avval Tyumen, so‘ng Sibir xonliklari vujudga keladi. Tatarlar madaniyati asosan Qozon va Astraxan xonliklarida 100 yildan oshiq vaqt davomida shakllanadi.
Mishar tatarlari Volga va Oka daryolarining qirg‘oqlarida yashagan. XI asrdan asosan Volganing Sura va Okaning irmog‘i bo‘lgan Moksha daryolari atrofida yashagan. Oltin O‘rda davrida bu yerda “Mishar yurt” ma’muriy birligi tuzilgan. Bu yurt Qozon xonligi tarkibiga kirmagan. Shuning uchun madaniyati va shevasida farqlar ko‘zga tashlanadi.
Qosim tatarlari Ryazan oblastining Qosimov va Sasovka rayonlarida yashaydi. Bu nom Ulug‘ Muhammadxonning o‘g‘li Qosim nomi bilan bog‘liq bo‘lib, xon shu joylarni o‘g‘liga bergan. 1452–1681-yillarda bu yerlarda Qosim xonligi tashkil topgan.
Sibir tatarlari Tyumen, Omsk, Tomsk, Novosibirsk, Sverdlovsk va Kemerovo oblastlarida yashaydi. Bu etnos Oltin O‘rda tanazzulidan so‘ng 1468-yilda tashkil topgan Sibir xonligi davrida shakllangan.
Astraxan tatarlari Oltin O‘rda tanazzulidan so‘ng tashkil topgan Astraxan va No‘g‘ay xonliklarida shakllangan. Ularning tarkibida yana alabug‘at, bulg‘ar, kundurov, qorauyli no‘g‘ay (yurtovskiye) va qoraog‘och tatarlari ham bor. XVII asrda Rossiyaning Astraxan guberniyasi tashkil topgach, bu yerga Volgabo‘yi tatarlari ko‘chib kela boshlagan va Qozon tatarlariga yaqin yangicha madaniyat shakllangan.
Perm tatarlarining yana bir nomi kungur tatarlari. Ular asosan Perm, Sverdlovsk, Chelyabinsk oblastlarida va qisman Boshqirdistonda istiqomat qiladi.
No‘krat (Chepes) tatarlari asosan Udmurtiya Respublikasi va Kirov oblastlarida yashaydi. Ular qozon tatarlariga yaqin bo‘lib, shakllanishi Qorabek tomonidan tashkil etilgan Nokrat yer bekligi bilan bog‘liq[13]. Qorabek nukus urug‘idan bo‘lgan.
Buxor tatarlari asosan Buxoro xonligidan Ural va Sibirga borib qolgan etnik guruh, ular Astraxan va Sibir tatarlarining shakllanishida ishtirok etgan. Buxorlarning aksariyati o‘zbek chig‘atoychasida, ayrimlari tojikcha gaplashgan. Ular Tobol, Tyumen, Omsk guberniyalarida yashagan. XX asrning 40-yillariga qadar Tobol va Tyumenda Buxoro volosti bo‘lgan[14]. XX asrning 30-yillaridagi pasportlashtirish jarayonlarida pasportiga “Buxorolik” deb yozilgan va alohida millat sifatida ham qayd etilgan. Ammo, keyinchalik tatarlar tarkibiga subetnos sifatida kiritilgan. Buxor tatarlarining katta qismi savdogar va qori, so‘fiylardan iborat bo‘lgan. Buxorolik qori va so‘fiylarning izlari musulmon tatarlar yashaydigan barcha hududlaridan topiladi. Ular XIV asrdan boshlab dinni o‘rgatish uchun bora boshlagan va shaharlardagi madrasa hamda ovullardagi masjidlarda xizmat qilishgan.
Yuqorida zikr etilgan barcha tatar etnoslari islom dinining sunniy oqimi, xanafiya mazhabida. Qo‘yidagi ikki etnos esa asosan nasroniylik dinining provoslav oqimiga mansub.
Kerashen (kreshyonniy-cho‘qintirilgan) tatarlar asosan Tatariston hududlarida, qisman Boshqirdiston va Udmurtiyada yashaydi. Kerashen nomi ularga XVI–XVIII asrlar davomida Rossiya tomonidan cho‘qintirilish davrida berilgan. Ammo kerashenlarning o‘zlari buni inkor qiladi va X asrda nasroniylikni qabul qilgan kereitlarning avlodi ekanini ta’kidlab keladi.
No‘g‘aybaqlar Chelyabinsk oblastining Chebarko‘l va No‘g‘aybaq rayonlarida yashaydi. Ularning cho‘qintirilgan no‘g‘aylar ekaniga shubha yo‘q, inchunin aksar turkolog olimlar shunga ittifoq qilishgan.
Etnoslar
Tatarlar boshida tatar urug‘i sifatida shakllangan. Millat sifatida shakllanganda esa boshqa turkiy ellar qatori urug‘larga bo‘lingan. Ulardan tatar xonliklari davrida yuksak mavqega ega bo‘lgan shirin, arg‘in, barin, qipchoq, mang‘it, mansur, yashlav, nayman, uyshun, kereit, no‘g‘ay urug‘lari saqlangan.
Sibir tatarlari tarkibida olchin, xatan, qoraqipchoq, no‘g‘ay, sari uyg‘ur, teleut, shuningdek buxoriylar ham urug‘ sifatida qayd etilgan.
Kerashen tatarlari urug‘lari ancha ko‘p va ular fenomenal tarzda juda yaxshi saqlangan. Sababi, kryashenlar nasroniy o‘laroq qabrboshiga xoch (bashqazig‘i) qo‘yishadi va har bir xochqoziqqa urug‘ining tamg‘asi qo‘yiladi.
Kerashen tatarlarida qo‘yidagi urug‘ nomlari tamg‘alari bilan saqlangan: aqsaqal, uchburma, jilan tamg‘a, cho‘mich, tuqran (sassiq popishak), bo‘ri, keren, chyukich (bolg‘a), qozoyoq, shoyqiy, chapay, churu, qiytan, qurchey, baqaray, tazlar, chutir, churi, qaraqay, aqbay, batin, amay, jiriq, siqir, o‘rtey, pulaq, qaqay, ishtan, tiray, pitay, kalabash, qirg‘iz, savqiy, minka, minesh, sabriy, bater, baqa, ukey, qazaq, to‘rtte, meras, shayqiy va h.k[15]. Ular orasida qozoyoq, qozoq, qirg‘iz urug‘lari ma’lum, ammo qolganlari turkiy olimlar tomonidan yetarlicha tadqiq qilinmagan.
Tatarlar orasida Chingizxon avlodlari girey va oqsuyak nomlari bilan saqalanib qolgan. Shuningdek, tatarlar tarkibida o‘zlarini Rasulullohning avlodlari sifatida taqdim qiladigan sayyidlar ham bor. Ammo ularning katta qismi sahobalar yoki boshqa arablarning, shuningdek so‘fiylarning avlodlari bo‘lishi ham mumkin.
XIV asrdan boshlab tatarlar orasida ijtimoiy tabaqalanish yuzaga kela boshlagan. Xonlar, gireylar, tarxonlar, to‘ralar, murzalar alohida maqomga ega bo‘lishgan. XVIII asrdan boshlab Chor Rossiyasi tomonidan tan olingan kiborlar jamiyati shakllangan. Ular orasida murzalar, xonlar, beklar, davlat xizmatidagi tatarlar, yasaqchilar va lashmanlar bo‘lgan. Murzalar, xonlar va beklar amaldorlar sanalgan. Davlat xizmatidagilar ularga bo‘ysungan. Yasoqchilar ozod bo‘lib, o‘z erkinligiga ega bo‘lishgan, ammo Oqposhshoga soliq to‘lashgan. Lashmanlar – davlat xizmatidagilar bo‘lib, ular Petr I davrida o‘rmonlardan dengiz floti uchun kemabop daraxtlarni kesish va tashishga majburlangan. Avval lashmanlikka hamma millatlar safarbar qilingan. Ammo lashmanlikdan ozod bo‘lish uchun nasroniylikni qabul qilish sharti qo‘yilgach, chuvashlar, mordvalar va udmurtlar nasroniylikni qabul qilishgan, bu nom faqat islomdan voz kechmagan tatarlarga nisbatan qo‘llanila boshlagan.
Turmush tarzi
Tatarlarning tarqalish areali qanchalik keng bo‘lmasin, ular uchun umumiy bo‘lgan milliy xususiyatlar shakllangan. Bu tatarlar uchungina xos bo‘lgan yuz tuzilishi, xarakter, urf-odatlar, til va folklorda aks etadi.
Tatarlar uchun qozon tatarlari madaniyati o‘rtaliq sanaladi. Shu bilan birga Qozon barcha tatarlari uchun madaniy markaz vazifasini o‘taydi. Shunga ko‘ra, biz ham tatarlar turmush tarzini qozon madaniyati misolida tavsiflashga urinamiz.
Tatar xarakterini qo‘yidagi sifatlar orqali tavsiflash mumkin: ilmda tirishqoqlik; qat’iy tarbiya; aniqlik va puxtalik; tartib va tozalik; ehtiyotkorlik; tejamkorlik.
Tatarlarning ilmga e’tibori sabab juda ko‘p olimlar yetishib chiqqan. Hozirgi kunda ular turkiylar orasida IQ darajasining yuqoriligi bilan ajralib turadi. Tatarlar birinchi ko‘rinishda juda qo‘rs, ikkinchi ko‘rinishda yaxshi do‘st. Do‘stlashganda yaxshi maslahatchi, yaxshi yo‘ldosh, yomon kunda tirgak bo‘la oladi.
Qadimda tatarlar ham boshqa turkiylar qatori ko‘chmanchilik bilan kun kechirishgan. U davrda ular asosan o‘tovlarda yashashgan. O‘tovlar hozirgi kungacha qarauyli (yurtovskiye) tatarlarida saqlangan. Janub tatarlari kigiz o‘tovlarda, shimoliy hududlarda ko‘proq qayin po‘stlog‘i bilan yopiladigan yog‘och uylarda yashashgan. Yevropa hududidagi tatarlar XIII asrdan izba, ya’ni “ag‘ach өy”lardan foydalana boshlagan. XIX asrga kelib o‘tovda yashaydigan tatar deyarli qolmagan.
Tatar libosi turk va islom an’nalarining simbiozidir. Liboslarning asosini kүlmәk (ko‘ylak) va ishton tashkil qiladi. Erkaklar ishtoni chalbar deb atalgan. Ularning ustidan yengsiz kamzul, bashmet yoki qazaqin deb ataladigan kiyim kiyilgan. Boshga an’anaviy tarzda tүbәtәy (do‘ppi) kiyib, uning ustidan salla o‘rashgan. To‘batay so‘zi keyinchalik ruslarga “tyuteteyka” shaklida o‘zlashgan.
Erkaklar kiyimi ayollarnikidan ko‘p farq qilmaydi. Faqat erkaklar kiyimi dag‘al va qo‘polroq, ayollarniki nozik va bezaklarga boy qilib tikilgan. Ayollar kiyimi metal tangalar bilan ham bezatilgan. Qishda chekmen, chepkan va to‘n kiyishgan.
Oyoq kiyimlari orasida yozgi bashmaq, itek (etik), kүplәk (tufli) muhim o‘rin tutadi. Tatarlar musulmon o‘laroq maxsi kiyishadi va uni turkiy formantda ichitek (ichetik) deb atashadi. Tatarlar mohir bezakchi bo‘lishadi. Ular barcha kiyimlarini, jumladan oyoq kiyimlarini ham did bilan bezatishadi. Kiyimlarining o‘ta bejirim bezaklaridan tatar ruhi sezilib turadi.
Ornamentlar
Tatar ornamentni uema (o‘yma) yoki urnek (o‘rnak) deyishadi. Har bir tatar bolalikdan naqshlar orasida o‘sadi.
Tatarlar uyining tashqi, ichki qismi, hovli, har bir maishiy predmet, kiyim-kechak, hatto oyoq kiyimlarini ham naqshlar bilan bezatishadi. An’anaviy tatar uylarida bezaksiz jihozni topish qiyin.
Tatarlarning bezak san’ati o‘ziga xos va dialektik xarakaterga ega. Buning sababi ularning o‘z san’atiga empirik yondashuvi bilan bog‘liq. Ma’lumki, aksar turkiy xalqlarning ornamentlari konservativ xarakterda bo‘lib, ular asrlar davomida o‘zgarmagan. Tatarlar an’anaviy bezak tomoyillaridan chekinmagan holda, ya’ni shaklar, kompozitsiyalar va ranglarni kashf etishgan.
Masalan, turkiylar uchun umumiy bo‘lgan sakkiz burchak turli shakllarda chizilgan.
Tatar ornamentlari zoomorf, o‘simlik gulli va astral bezaklardan tarkib topgan. Zoomorf bezaklar an’anaviy muyuz nusxadan tortib, bug‘i va saygak shoxlari, bo‘ri, ayiq, tulki, olmaxon tasvirlarigacha rivojlantirilgan. O‘simlik gulli bezaklar orasida “gomer agachi”, ya’ni hayot daraxti muhim o‘rin tutadi. Eng qizig‘i, bu janrga tatar bezakchilari qush va boshqa hayvonlar obrazlarini ham olib kirgan.
Ranglar uyg‘unligi va yorqinligiga alohida e’tbor berilgan holatda, koloriti boyitilgan.
Hosildorlik va ko‘pfarzandlik ramzi bo‘lgan anor motivi yangicha nafis shakllar va ramzlar bilan boyitilib o‘zga bir kompozitsiyalar hosil qilingan.
Tatar ornamentlarida doim turkiy ruh sezilib turadi. Chunki ornamentlarning aksariyati boshqa turk va islom xalqlari ta’sirida shakllangan.
Tatar taomlari
Tatarlar taomni “ashau” deydi va bu sof turkiy nomdir. Dasturxon – ashyauliq, sho‘rva – ash, don – ashliq, porsiya – asham, yemoq – ashau deyiladi. Tatarlar mohir oshpazlardir. Oshpaz tatarchada peshekche, pesherүche.
Tatar oshxonasining negizini go‘shtli, sutli va xamirli ovqatlar tashkil qiladi. Qullama (beshbarmoq), ash (sho‘rva), ayran, qatiq, bo‘za, qatlama, baursaq, chalpak, qabartma, chak-chak, echpochmak, toqmach kabi taomlar tatar oshxonasining an’naviy taomlari sanaladi. Tatarlar – ijodkor xalq. Bu ularning taomlarida ham ko‘zga tashlanadi. An’analarni buzmagan holda go‘shtli, sutli va xamirli ovqatlarni turli sabzavot, meva, baliq go‘shti, qo‘ziqorin va tuzlamalar bilan boyitish orqali yangi taomlarni kashf etishgan.
Inchunin, tatarlarda tuxumdan tayyorlanadigan quymoqning 20 dan ortiq turi bor. Paramach, go‘badiya, balmay (asal+yog‘), qush tili, talqish-kaleve, alba kabi taomlar tatar oshpazlarining yaratiqlaridir. Ular orasida talqish-kalava juda qiziqarli tayyorlanadi va ko‘rinishidan yigirilgan kalava ipga o‘xshab ketadi.
Tatarlar eng yaxshi asalarichilardir. Tatarlar va boshqirdlar yetishtirdagin jo‘ka (lipovoy) asali butun dunyoga mashhur. Tatarlar asal qo‘shib tayyorlanadigan taomlari va pishiriqlari bilan ham olamga tanilgan. Xususan, sariyog‘ga asal qo‘shib tayyorlanadigan balmay taomi eng to‘yimli va antiqa taomlardan biridir[16].
Tatarlarning dasturxon atrofida o‘tirish va ovqatlanish etiketi juda e’tiborga molik. Odob qoidalari asosan islom shariati doirasida shakllantirilgan: ovqatlanishdan oldin va keyin qo‘lni yuvish, yeyishdan oldin “bismilloh”, yeb bo‘lgach “alhamdulillah” aytish shart. Qaysi taomni oldin, qaysini keyin yeyish, qaysi taomlarni aralashtirmaslik, ehtiyotkorlik kattalar tomonidan doimiy uqdirib turiladi. Dasturxon to‘riga yoshi kattalar va mehmonlar, so‘ng qolganlar yoshiga qarab joylashadi. Ko‘pincha bolalar va ayollar bo‘lak o‘tirishgan. Bir-biriga “ash bulsin” va “tәmle bulsin” degan so‘zlar bilan mulozamat ko‘rsatish odob sanaladi. Mazkur qoidalar tatar xalq pedagogikasining asosini tashkil qiladi. Bu XIX asr ma’rifatparvari Qayum Nasiriyning o‘gitlarida ham o‘z aksini topgan: “Taom berilgan zahoti dasturxonga kelib o‘tir, boshqalarni kuttirma. O‘ng qo‘ling bilan ye, dasturxonga yoshi ulug‘ yoki hurmatli odamlar yig‘ilgan bo‘lsa, ularning oldidagi taomga qo‘l cho‘zma – bu yomon odatdir. Me’yorda ovqatlanishning juda katta foydasi bor – xotirang mustahkam, aqling o‘tkir bo‘ladi”.
Tatarlar oshxonasida tozalik muhim o‘rin tutadi. Har bir tatarga ovqatlanadigan joyning tozaligi, idish-tovoqlar va sochiqlarning tozaligiga e’tibor qaratish, ovqatlanishdan oldin va keyin qo‘l, yuz, og‘izni yuvish, ovqatlangandan keyin dasturxon va idish-tavoqlarni yuvmasdan yotmaslik bolaligidan o‘rgatiladi.
Anvar BO‘RONOV,
filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori
[1] Ушницкий В. В. Историческая судьба татар Центральной Азии // Золотоордынская Цивилизация. – 2017. – Вып. 10. – С. 92–95.
[2] Ross, E. D; Thomsen V. The Orkhon Inscriptions: Being a Translation of Professor Vilhelm Thomsen's Final Danish Rendering// Bulletin of the School of Oriental Studies, University of London: journal. – Vol. 5, no. 4, 1930. – P. 861– 876.
[3] Koshg‘ariy Mahmud. Devonu lug‘otit turk. I jild. – Toshkent: Fan, 1960. – B. 64.
[4] Koshg‘ariy Mahmud. Devonu lug‘otit turk. I jild. – Toshkent: Fan, 1960. – B. 490.
[5] Каримуллин А.Г. Татары: этнос и этноним. – Казань: Татарское книжное издательство, 1988. – С. 3.
[6] Трофимова Т. А. Этногенез татар Среднего Поволжья в свете данных антропологии // Происхождение казанских татар. – Казань, 1948. – С. 30–34.
[7] Xitoy Xalq respublikasining shimolida joylashgan avtonom rayon.
[8] Очир А. Монгольские этнонимы: вопросы происхождения и этнического состава монгольских народов. Элиста: КИГИ РАН. 2016. – С.161.
[9] Informator: Mo‘g‘iliston Milliy universiteti professori Xereed Jamsrangiyn Urangua.
[10] Хабутдинов А. Татары в Китае: мусульманский мост между великими державами. Газета «Медина аль-Ислам». Медина аль-Ислам №101 /Февраль 2010/
[11] Камалатдин Татар. Выступление председателя общества татар Афганистана на IV съезде Всемирного конгресса татар в Казани // «Мусульманский мир». - 2014. - №2. - С.134-138
[12] Парвиз Ахмади. Татары Афганистана: прошлое и настоящее. https://ruskline.ru/special_opinion/2016/mart/tatary_afganistana_proshloe_i_nastoyawee/
[13] Д. Г. Касимова «Чепецкие татары: особенности культуры, языка и религии». Ижевск, 2005. – С. 158–164.
[14] Клюева В. П. Сибирские бухарцы Тобольской губернии (конец XVII—XIX вв.): демографический анализ // Словцовские чтения-2001: тезисы докладов и сообщений научно-практической конференции. Тюмень, 2001. С. 95-96.
[15] Макаров Г.М. Тамги кряшен // Научный Татарстан. – 2011. – №3. – С. 229–236.
[16] Ю. А. Ахметзянов. Татарские блюда. – Казань: Татарское книжное издательство, 1961. – 271 с.
Maqolaning ikkinchi qismini bu yerda o‘qing.
Til
Adabiyot
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Jarayon
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Din
Tarix
Til
//
Izoh yo‘q