
Tarix – bu faqat oʻtgan sana, voqealarini yoritib beruvchi fan emas. U – hal qilinmagan savollar, javobsiz qolgan faryodlar, unutishga mahkum qilingan haqiqatlarning sokin, ammo qudratli ovozidir.
Qolaversa, har bir davrning oʻz sirlari, oʻz jumboqlari bor. Baʻzilari tadqiqotchilar nigohidan chetda qoladi, baʻzilari esa ataylab pinhon saqlanadi. Ammo vaqt oʻtishi bilan shu “yechilmagan muammolar” insoniyat tafakkurini, minglab, millionlab qalblarni bezovta qila boshlaydi: nega bunday boʻldi? kim aybdor? asl haqiqat qayerda?
Agar biz oʻtmishdagi yechimi yoʻq yoki noaniq masalalarning tub ildizini ochmasak, kelajakdagi xatolarni qayta takrorlashimiz tayin. Shu bois ushbu maqola tarix sahifalarida javobsiz qolgan bir muammoni tahlil qilish, uni faktlar, manbalar va mantiqiy mushohadalar asosida yoritishga bagʻishlandi.
2023-yilning 17-mart kuni Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasida (hozirgi Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida) “Yangi Oʻzbekiston tarixshunosligida Turkiston Muxtoriyati tarixining oʻrganilishi: yangicha yondashuv va tadqiqotlar” mavzusida Respublika miqyosidagi ilmiy-amaliy konferensiya boʻlib oʻtgandi. Konferensiya avvalida bir atoqli tarixchi olim Turkiston Muxtoriyatining milliy tariximizdagi ahamiyati xususida toʻxtalar ekan, oʻz nutqi davomida quyidagi soʻzlarni aytdi: “Turkiston Muxtoriyatini qurishda oʻzbeklar bagʻrikenglik koʻrsatib, turli xil millat vakillarini hukumat tepasiga olib chiqdilar. Lekin ularning baʻzilari oʻzbeklarning bu bagʻrikengligining qadriga yetmagan. Masalan, Mustafo Choʻqayni oʻzbeklar Turkiston Muxtoriyatining eng yuqori lavozimiga qoʻygan boʻlsa-da, u oʻzbeklarni yomon koʻrgan, bu haqidagi hujjat qoʻlimizda turibdi” (Afsuski, konferensiya toʻplami sifatida chop etilgan materiallardan olimning kirish soʻzidagi ushbu jumlalar tushirib qoldirilgan – M.Alijonov).
Konferensiya ishtirokchisi sifatida maʻruzani tinglab oʻtirar ekanman, ustoz tarixchimiz aytgan oʻsha hujjat nima ekan, unda Mustafo Choʻqayning oʻzbeklarni yomon koʻrgani toʻgʻrisida qanday dalil keltirilgan va boshqa shu kabi koʻplab savollar miyamda gʻujgʻon aylana boshladi. Mana shu “ekan”lar ortidan izlanib, 2023-yilning oktyabr oyida “Zabarjad media” tomonidan “Jadid kulliyoti” turkumi nashr etildi. Turkum doirasida nodir manbalar qatorida “Ulugʻ Turkiston” gazetasiga bagʻishlangan toʻplam ham nashr etilgan ekan. Mazkur toʻplamga “Ulugʻ Turkiston” gazetasida (gazeta 1917-yil 25-apreldan 1918-yil noyabrga qadar oʻzbek va tatar ziyolilari tomonidan Qoʻqonda chop etilgan – M.Alijonov) eʻlon qilingan materiallar va ularning izohli bibliografiyasi kiritilgan edi.
Toʻplamni varaqlarkanman, unda mart oyidagi konferensiyada atoqli olimimiz tomonidan Mustafo Choʻqayga nisbatan aytilgan ayblovning asosi boʻlmish hujjatga koʻzim tushdi. Toʻplamda Mustafo Choʻqayning xati boʻlib, unda muallif Turkiston Muxtoriyatining soʻnggi daqiqalarni tasvirlab, bu orada oʻz boshidan oʻtgan hodisalarni shunday xotirlaydi: “Men bolsheviklarning tazyiqidan qochub, Hoʻqand tegrasindagi qishloqlarda sartiya qardoshlarimiz orasinda 5−10 kun yurdim. Shul ozgʻina muddatda chekkan jabr-jafolarimni dushman boʻlsalar-da xudoyi toleʻ bolsheviklarga-da koʻrsatmasun. 20-fevral chahorshanba kuni Govxona degan qishloqdan, butun Fargʻonaga belgili Moʻymarak qishlogʻinda yashovchi bik (koʻp) mashhur bir zotning bolasi bilan birga Eloch qishlogʻidan oʻtub, Qumboshi qishlogʻina keldik. Yoʻldoshim otda, men yayov edim. Chunki sartlar oqcha barobarina-da yollab minish uchun menga ot bermadilar. Ustimdagi kiyimlarim sartcha boʻlub, oyoqda chetang kovush, ustimda olachopon, boshimda qozon kabi zoʻr oq chalma edi. Borachak yerim belgisiz boʻlgʻangʻa, Hoʻqandda soʻgʻish (urush) bosilgʻoncha oʻzimizning sartlar orasinda xavf-xatarsiz kun kechiruv xayoli meni bir qishloqdan ikkinchisina tentiratar edi. Qumboshigʻa kelib yetuv bilan qurollangʻon yigirma qadar sartlar kelub tutib, meni tekshirarga kirishdilar:
— Hoy, sen kimsan?
— Musulmonman.
— Nendi musulmonsan?
— Qozoqman.
— Qozoq qachondan beri musulmon?
— Almisoqdan beri musulmon.
— Qozoqning musulmonligʻina bizning shekimiz (shubhamiz) bor?
— Sizning shakingiz boʻlsa, bizning qozoqning shohdi bor.
— Shohdi nima narsa, qani ayt?
— Shohidi kalimayi tavhid (tavhid kalimalarin aytib chiqdim).
Shunday tekshiruvlardan soʻng ham menim musulmonligʻima tamom ishonib yetmadilar. Ular meni bogʻlashib, mendan musulmonchiliqning koʻrinib turgʻan “nishona”sin izlay boshladilar. Shul vaqtda menga anchadan beri tanish boʻlgan va birga yurgan yoʻldoshim sart ot ustinda menga kulib qarab turishdan boshqa bir yordam koʻrsatmadi. Ul butun Fargʻonada mashhur bir zotning oʻgʻli boʻlib, bunday oʻrinlarda bir ogʻiz soʻzi bilan men kabilardan yuztasini qutqarishga kuchi yetsa-da, yuqoridagʻi hollardan soʻng ul otiga qamchi bosib, meni tashlab yoʻlinda davom etdi.
Sartlar menim musulmonligʻimga ishongach: “Sen qozoq bu yerda nima ish qilib yuribsan?” deb soʻradilar. Men bir soʻz ham yolgʻon aralashtirmay yuz bergan voqealarni boricha soʻylab, juda ham mashhur bir zotning uyida bir necha kun mehmon oʻlaroq turganligimni aytdim. Ular ul kishining uyinda mehmon boʻlgʻaning durust boʻlsa, nega seni uning oʻgʻli tashlab ketdi, dedilar. Men ne deb javob berishni bilmay qoldim. Yoʻldoshimning koʻnglina alam toʻlub yoʻldoshliq haqqin haqlargʻa-da oʻrin qolmagʻondir, deb oʻyladim. Shundan soʻng sartlar: “Bizga baribir, bu kim boʻlsa boʻlsun, qaydan chiqsa undan chiqsin, sart tugalligi haqiqat, onasindan oʻzi-da tanimiy oʻtirsa kerak, hozir zamon sartniki, bizga qozoq ham, bolshevik ham bir”, deb qoʻlimdan yetaklab, yoʻl boʻylab: “Qozoqni tutdiq!” deb qichqirub, odamlarni yigʻib, qishloqning chetiga qarab olib ketdilar.
Meni atrofimda jiyilgʻon (yigʻilgan) xalq 70−80 qadar boʻlub, har qayusining qoʻlinda miltiq, oybolta, xanjar, pichoq, choʻqmor kabi narsalar bor edi. Ular meni bir qurigan ogʻochning (daraxtning – M.Alijonov) tagiga oʻtirgʻizib, ikki qoʻlimni va ikki koʻzimni baylashdi, boʻynimga qora qayishdan (teri kamar – M.Alijonov) boʻlak qilib bogʻlab qoʻyilgan holda, jonimni olishlarini kutib oʻtirdim. Sartlarning bir guruhi meni ikki oyogʻimdan yogʻochga osib, oʻq otishga tayyor turishardi. Ehtimol ular boshqalarga qaraganda menga rahmi kelgandir, “agar miltiq bilan emas, kamon (pitra) bilan otsak, qiynalib oʻladi”, deb faqat miltiqning oʻziga oʻq solishdi.
Xudoning gʻayrioddiy qudratiga, adolatiga aslo shubha qilish mumkin emas. Aynan shu yerda Allohning yordami menga yetib keldi.
Meni osmoqchi boʻlib tayyorlanishayotgan paytda bir sart kelib:
“Bu odamni siz qozoq deyapsiz, lekin qozoqning ham har xil turi bor, avval bu qanday qozoq ekan, koʻraylik”, dedi-da, koʻzlarimni yechib yuzimga qaradi. Soʻng jilmayib: “Assalomu alaykum, Mustafo afandi!” deb, bogʻlangan qoʻllarimni yechdi, boʻynimdagi arqonni pichoq bilan kesdi va meni oyoqqa turgʻizdi. Ikki koʻziga yosh toʻlib turgan holda u shu yerda turganlarga kim ekanligimni aytib berdi.
Haqiqatni anglagach, meni oʻldirishga yigʻilgan xalq bundan voz kechdi va meni Qoʻqonga Ergash qaroqchining huzuriga yuborishga qaror qildi. Shahar tomon ketayotgan bir yoʻlovchining otiga mindirib, meni kuzatib qoʻyishdi.
Meni qutqargan sartning ismini bilmayman. U oʻtgan yili mardikorlikka ichki Rossiyaga borgan, zulmga chiday olmay Fargʻonaga qochib kelgan ekan. Peterburgda menga uchrab, yoʻl xarajati uchun mendan pul olib yurtiga qaytgan edi. Shuning uchun u Petrogʻradda ham, Turkistonda ham qilgan ishlarimdan xabardor ekan (!).
Govxonaga yetganimizda yoʻl boʻyidagi qishloqlarning boshliqlari bilan uchrashdim. Ulardan biri meni avvaldan tanir edi. U hol-ahvolimni soʻrab, vaziyatni bilgach, yonimdagi sartlarni tinchlantirib, “sizlar oʻzingiz shu yerda oʻtiraveringlar”, deb ularni joʻnatib yubordi va meni oʻz uyiga olib borib mehmon qildi. Mening iltimosimga binoan yonimga bir yigitni ham qoʻshib, meni Qudach boʻlisiga topshirdi. Koʻrnazar degan qishloqda Qudach boʻlisi bilan uchrashdik; uning ham meni balodan qutqara olmasligini koʻrib, keyin Govxonaga qaytib, Hoʻqanddagi voqealar tugaguncha shu yerda kutib turdim.
Biroq Hoʻqandda ahvol ogʻirlashdi. Ergash qaroqchi qochib ketgani va shahar bolsheviklar nazoratiga oʻtganligi xabari tarqaldi. Keyin “Sart davri” tugagandek jimlik yuz berdi: odamlar xuddi och va shikasta qorin kabi sukut saqlashdi. Qishloq sartlarining niyatlarini anglagach, imkon qadar ularning orasidan chiqib ketishga harakat qildim. Yoʻl topib otga yoki aravaga chiqa olmay, hamrohliksiz juda qiynaldim. Oʻsha zamonda sartlar qishloqlarning nomini aytmay, yoʻlni koʻrsatmay, beparvolik bilan menga yordam bermadi; kunlar oʻtib, charchab holsiz boʻlib qolganimda menga hatto suv-choy ham bermay, yetarlicha yegulik ham taqdim etmadi. Ilk ikki kun ichida men bundan tashqari boshqalar ham meni “sen qozoqsan” deb oʻldirmoqchi boʻlishgani va oldingi ishlarim tufayli qattiq qiynalganimni, keyin Ergashlar qochib ketgach bolsheviklar kelganligi sababli, bu shoshilinch sartlar menga yoʻl koʻrsatib, men ikkinchi marta azob tortganim ham jonimni yedirdi.
Ikki kun davomida yayov yurib, Dogʻiston nomli qishloqqa yetdim. U yerda 900 soʻmga ot olib, 290 soʻmga yoʻldosh yollab, “Qozoq-qirgʻiz qayerda ekan?” deb qorli togʻlar orqali yoʻlga tushdim. Oʻsha joyda sartlarga “Xoʻsh!” deb murojaat qildim. Koʻrganlarim juda koʻp boʻlsa-da, ularni hammasini yozishga azob va vaqt yetmadi” (Xatdan iqtibos qisqartirilib va hozirgi tilga moslashtirilib keltirildi – M.Alijonov).
“Jadid kulliyoti” toʻplamidan oʻrin olgan Mustafo Choʻqayning ushbu xati “Ulugʻ Turkiston” gazetasining 1918-yil 26-martdagi 74-sonida chop etilgan. Ilmiy izlanishlar jarayonida ayni shu xat va unda keltirilgan gaplar keyinchalik baʻzi tarixchilar tomonidan “Mustafo Choʻqay oʻzbeklarni yomon koʻrgan” degan juda sayoz xulosaga kelishlariga asos boʻlgan (Ustiga ustak ushbu xat Gazeta.uz saytida ham eʻlon qilingan – M.Alijonov).
Toʻgʻri, kimdir meni: birinchidan, xat Turkiston Muxtoriyatining nashri afkori “Ulugʻ Turkiston” gazetasida chop etilgan, ikkinchidan, unda Muxtoriyatning bolsheviklar tomonidan bostirilishi toʻgʻri tasvirlangan oʻrinlar bor va eng muhimi, gazetada chop etilgan xatning ostida “Mustafo Choʻqayev” imzosi turibdi-ku?”, deb ayblashi mumkin. Lekin biz bu iddaolarga qarshi bir savolni oʻrtaga tashlamoqchimiz: Bu xatni rostan ham Mustafo Choʻqayning oʻzi yozganmi? Bizning bunday deyishimizga maʻlum bir asoslar bor.
Birinchidan, Mustafo Choʻqay “oʻz” xatida mahalliy oʻzbeklarga nisbatan “sart” atamasini ishlatadi. Vaholanki, “sart” atamasi Turkiston jadidlari tomonidan milliy haqorat oʻlaroq qabul qilingan boʻlib, bu haqida davriy matbuot sahifalarida oʻnlab raddiya tarzidagi maqolalar eʻlon qilingan. Bunga misol oʻlaroq Behbudiy tomonidan “Oyina” jurnalining 1915-yildagi qator sonlarida bosilgan “Sart soʻzi majhuldir” nomli turkum maqolalarni keltirish mumkin. Mustafo Choʻqay dastlab Chor, soʻngra bolshevik amaldorlari tomonidan mahalliy xalqqa (anirogʻi oʻzbeklarga) nisbatan haqorat sifatida ishlatilingan bu atamaning asl mohiyatidan va M.Behbudiy tomonidan yozilgan raddiya maqolalarning mazmunidan yaxshi xabardor boʻlgan. Mustafoning oʻz xotiralarida Behbudiyga nisbatan chuqur hurmatini hisobga olsak, uning goʻyoki oʻzi yozgan xatda oʻzbeklarga nisbatan “sart” soʻzini ishlatgani shubha ostida qoladi. Qolaversa, “Yosh Turkiston” jurnalining 1936-1937-yillaridagi 76-90- (qariyb 13 ta!) sonlarida chop etilgan M.Choʻqayning shaxsiy xotiralarida mahalliy oʻzbeklar biror marta ham “sart” deb atalmagan.
Yana bir muhim jihat: Mustafo Choʻqay tomonidan yozilgan deb aytiladigan xat “Ulugʻ Turkiston” gazetasida darj etilishidan oldin, qozoq tilidagi “Birlik tui” (“Birlik bayrogʻi”) gazetasining 1918-yil 7-mart sonida bosilgani aniqlandi. Mening eʻtiborimni tortgan jihat, xatga ilova qilingan gazeta tahririyatining izohi boʻldi. Uni aynan keltiraman: “Boshqarmadan: Tubandagi Mustafoning xati kutilmagan bir yoʻl bilan bizga yetib keldi. (Bul xatni bizga bir yoʻlovchi olib kelib topshirib ketdi. Xat qalam bilan yozilgani sababli biroz kirlangan edi. Biroq Mustafoning qoʻlini tanib, xat uniki ekanligiga ishonch hosil qilganimizdan soʻng uni chop etmoqdamiz). Ushbu xatni olganimizdan soʻng biz uning omonligini bilib quvonib ketdik. Bungacha u haqida qancha turli noxush xabarlarni eshitib qalbimiz mahzun edi. Mustafo bul xatni bizga yuborganda, uni gazetga bosib chiqarishimizni oʻtingan ekan. Shuning uchun biz uni hech bir joyini oʻzgartirmasdan bosmoqdamiz”.
Xoʻsh, Qoʻqon shahri va uning atrofi qamalda ekan, u yerdan odam tugul hatto bitta hayvonning ham chiqib ketishi ilojsiz bir paytda Mustafoning xatini eson-omon shahardan olib chiqqan, jonini ming bir xavfga qoʻyib uni olisdagi gazeta tahririyatiga yetkazgan bu jasur “yoʻlovchi” kim? Gazeta boshqarmasining “Mustafoning xati kutilmagan bir yoʻl bilan bizga yetib keldi”, “Ushbu xatni olganimizdan soʻng biz uning omonligini bilib quvonib ketdik. Bungacha u haqida qancha turli noxush xabarlarni eshitib qalbimiz mahzun edi” soʻzlaridan ham yaqqol sezilib turibdiki, Qoʻqonda boʻlayotgan qamal, qatliom va dahshatlarga qaramasdan xatning ularning qoʻliga yetib kelishi tahririyat aʻzolarini ham shoshiltirib qoʻygan. Keyinchalik, xuddi shu gazetadagi xat “Ulugʻ Turkiston” gazetasining 1918-yil 26-martdagi 74-sonida qayta chop etiladi. Biroq xatning ikkinchi qayta chop etilishida “Birlik bayrogʻi” gazetasi tomonidan keltirilgan izoh tushirilib qoldirilgan. Nega?
Yana bir eʻtiborli jihati shundaki, Mustafo Choʻqay yuqorida keltirganimiz “Yosh Turkiston” jurnalidagi turkum xotiralarining biror joyida (goʻyoki oʻzi yozgan deb hisoblanadigan xatda tasvirlanganidek) oʻzbeklarning unga nisbatan koʻrsatgan qoʻpol muomalalarini aqalli bir marta boʻlsa ham tilga olmagan. Bu oʻta muhim “xat” xususida ham toʻxtalib oʻtmagan. Aksincha, oʻzbek qardoshlarni doimo hurmat bilan yodga olgan.
Keling, shu oʻrinda oʻzimizga xolisona bir savol beraylik: mahalliy oʻzbeklar qozoqlarni musulmon emas deb hisoblar ekan, ular qozoqlarni yomon koʻrar ekan, nega yerli xalq oʻzining ichida oʻnlab iqtidorli kadrlar turganida qozoq millatiga mansub Mustafo Choʻqayni dastlab Turkiston Muxtoriyatining Tashqi ishlar vaziri, soʻngra Bosh vaziri lavozimiga koʻtardilar? “Qozoq musulmon emas, bolsheviklar bilan qozoqlarning hammasi bir goʻr” deb hisoblaydigan oʻzbeklar shu darajada bagʻrikenglik koʻrsatishi mumkinmi?
Yuqoridagi mulohazalardan kelib chiqqan holda “Mustafo Choʻqay oʻzbeklarni yomon koʻrgan” degan iddaoga qarshi quyidagilarni xulosa oʻrnida taʻkidlamoqchiman:
– Mustafo Choʻqay oʻzbeklarga nisbatan hech qachon “sart” soʻzini ishlatmagan, aksincha, bu soʻzga qarshi chiqqan oʻzbek jadidlarining pozitsiyasini qoʻllab-quvvatlagan hamda ular bilan yaqindan (maslakdosh oʻlaroq) hamkorlik qilgan.
– Uning keyingi yillardagi (1930-yillar) shaxsiy xotiralarida oʻzbeklarga nisbatan biror marotaba salbiy munosabat bildirilmagan. Aksincha, u oʻzbeklarni qardosh, Turkistonning madaniy jihatdan eng ilgʻor qismi hamda asosiy tayanchi sifatida tilga olgan. Demak, Mustafo Choʻqay nomidan “sartlar meni qiynadi”, “menga yordam bermadi” degan mazmundagi xatda tasvirlangan hikoyalar uning mualliflik fikri emas, balki siyosiy vaziyat taʻsirida toʻqilgan hamda uchinchi shaxslar tomonidan yozilgan soxta matndir. Bundan koʻzlangan asosiy maqsad oʻzbek va qozoq xalqlari oʻrtasida ishonchsizlik, adovat va nizo urugʻini sochish, jadidlar merosini buzib koʻrsatish va ularning birlashuvga asoslangan gʻoyalarini zaiflashtirishdan iborat boʻlgan.
– Tarixiy haqiqat shundan iboratki, Mustafo Choʻqay butun faoliyati davomida Turkiston xalqlarining birligi, ayniqsa oʻzbek va qozoqlar oʻrtasidagi qardoshlik rishtalarini mustahkamlash yoʻlida fidoiylarcha faoliyat olib borgan. U muhojirlikda yashab, Germaniyada tahsil olayotgan oʻzbek yoshlarini moddiy va maʻnaviy jihatdan qoʻllab-quvvatladi, “Yosh Turkiston” jurnalini nashr qilarkan, asosan oʻzbek ziyolilarini hamkorlikka jalb etdi (!).
– Bundan tashqari Mustafo Choʻqay ogʻir va oʻta murakkab muhojirlik sharoitida ham oʻzbek xalqining ijtimoiy-siyosiy manfaatlarini qatʻiyat bilan himoya qildi. U xorijda yashab turgan chogʻida (ogʻir iqtisodiy sharoitlarga qaramasdan) “Yosh Turkiston” jurnalini nashr ettirib, jurnal sahifalarida Stalin boshchiligidagi sovet tuzumining oʻzbeklarga qarshi olib borgan qatagʻon siyosatini ochiq fosh etdi. U minglab begunoh oʻzbek ziyolilarining qamoqqa olinishi, surgun qilinishi va otib tashlanishi bilan bogʻliq dahshatli qatagʻon jarayonlarini xalqaro jamoatchilikka yetkazishga harakat qildi.
Ushbu maqolani Mustafo Choʻqayning oʻlimi oldidan aytgan quyidagi vasiyati bilan tugatishni lozim topdim: “Turkiston milliy bayrogʻini qattiq tutinggiz! Turkiston birligini saqlangiz!”
Keling, ushbu vasiyatga amal qilaylik!
#yakdilmintaqa
Muslimbek ALIJONOV,
tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Ma’naviyat
Jarayon
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Din
Tarix
Til
//
Izoh yo‘q