Derazasiz uy, singan daraxt, uchburchak – Bolangiz chizgan rasmi orqali nima demoqchi?


Saqlash
11:37 / 16.10.2025 10 0

Farzandingiz chizgan ilk suratlarni eslay olasizmi, o‘zingiznikinichi? Ularda nimalar tasvirlangandi? O‘sha rasmlar muallifining ruhiy holatini tarjima qilib berishi mumkinligini bilasizmi? Bu maqola aynan shu haqda.

 

Rasm chizish jarayoni bolalarga o‘z fikrlarini, his-tuyg‘ularini va tajribalarini tasvirlash imkonini beradi, bu esa ularning ruhiy holatini tushunishda muhim ma’lumot manbai bo‘lib xizmat qiladi. Shu bois, bolalar chizgan rasmlarga asoslangan psixologik tahlil nafaqat diagnostika, balki davolash va profilaktika jarayonlarida ham muhim o‘rin tutadi.

 

Psixologlarning ta’kidlashicha, bolalar chizgan rasmlardan ularning ruhiy holatini aniqlashning turli tahlil usullari mavjud. Bu usullar asosan ranglar, shakllar va figuralarni o‘rganishga qaratilgan. Masalan, ranglar tanlovi bolaning kayfiyati, hissiy holatini ko‘rsatishi mumkin.

 

Agar bola rasmida ko‘p miqdorda qizil rangdan foydalanayotgan bo‘lsa, bu uning ichki bezovtaligi, agressiyasi yoki kuchli his-tuyg‘ularini bildirishi mumkin. Aksincha, ko‘k va yashil ranglar osoyishtalik va tinchlik holatini ifodalaydi. To‘q ranglardan foydalanish tushkunlikni ifodalasa, faqat bitta rangdan foydalanish cheklanganlik yoki o‘zini ifoda etishdagi muammolarni anglatadi.

 

Shuningdek, rasmda ishlatilgan shakllar va ularning joylashuvi ham psixologik ma’noga ega. Masalan, chizilgan figuralarning kattaligi, ularning qog‘ozda joylashuvi, chizilgan odamlarning ko‘rinishi yoki holati bolaning o‘zini qanday his qilayotganini ko‘rsatishi mumkin.

 

Agar bola o‘zining rasmida o‘zini juda kichik hajmda yoki mavhum chizmalar orqali tasvirlasa, bu uning o‘ziga bo‘lgan ishonchsizligini yoki o‘zini qadrlamasligini ko‘rsatadi. Masalan, bir bola o‘z portretida yuzini aniq chizmay, faqat kichik doira qilib chizsa, bu uning o‘z qobig‘iga o‘ralib olganini anglatishi ehtimoldan holi emas.

 

Psixologiyada bolalar uchun mo‘ljallangan “Inson rasmi” metodi diagnostikada keng qo‘llaniladi. Ushbu testda bola odam suratini chizadi va psixologlar tasvirdagi tana a’zolari – bosh, qo‘llar, oyoqlar, yuz ifodasi kabi elementlarni tahlil qiladi.

  - Agar bola boshni juda katta chizsa, bu uning aqlli va g‘oyalar bilan bandligini bildiradi.

 

 - Agar qo‘llar yoki oyoqlar ancha kichik yoki chizilmagan bo‘lsa, bolaning harakat erkinligi yoki ijtimoiy munosabatlariga daxl qilinayotgan bo‘lishi mumkin. Katta qo‘llar esa yo faollikni, yo tajovuzkorlikni bildiradi.

 

- Yuz ifodasining yo‘qligi yoki juda sodda chizilishi esa bola o‘zini tushkun yoki befarq his qilayotganidan darak beradi.

 

 - Juda katta yoki o‘tkir ko‘zlar – qo‘rquv, xavotir belgisi.

 

Ba’zan rasmdagi bo‘sh joylar yoki chizilmagan qismlar ham muhim signal bo‘lib, bolaning ichki muammolari haqida ma’lumot berishi mumkin. Masalan:

 

 

 

Oila a’zolarini tasvirlashdagi psixologik ma’nolar

 

Bolalar o‘z oilasini suratda ifodalaganda har bir a’zoning tasviri – ular orasidagi munosabatlar; joylashuvi esa bolaning oila haqidagi his-tuyg‘ulari, xavfsizlik hissi va ijtimoiy holatini aks ettiradi. Masalan:

 

1. Oila a’zolari tasviri kattaligi va joylashuvi

 

- Agar bola ota yoki onani juda katta qilib chizsa, bu uning ularga bo‘lgan hurmati yoki ularga bog‘liqligini va o‘sha odamning oiladagi bola tasavvuridagi o‘rnini ko‘rsatadi.

 

- Aksincha, agar ota yoki ona kichik yoki rasmda uncha aniq tasvirlanmagan bo‘lsa, bu o‘sha oilada bolaga juda kam e’tibor qaratilayotganini anglatadi.

 

- Oila a’zolarining rasmda bir-biriga yaqin yoki uzoqda joylashuvi ular orasidagi hissiy yaqinlik yoki sovuqlik haqida ishora beradi.

 

2. Yuz ifodasi va tana tili

 

- Agar bola oila a’zolarini baxtli, kulayotgan yoki bir-biriga qarab turgan holatda chizsa, bu oilada iliq va sog‘lom munosabatlar mavjudligini anglatadi.

 

- Agar rasmda odamlarning yuzlari ko‘rsatilmagan yoki yuz ifodasi tushkun bo‘lsa, bola oiladagi ziddiyatlar yoki tushkunlikni sezayotgan bo‘lishi mumkin.

 

3. Muayyan a’zolarning yo‘qligi yoki chetga surilishi

 

- Ba’zan bola rasmda biror oila a’zosini chizmaslik yoki ularni eng chekkada tasvirlashi – o‘sha shaxs bilan bola o‘rtasidagi munosabatlarda muammolar borligini ko‘rsatadi.

 

4. Qo‘llar va tana harakati

 

- Qo‘l berib turish, bir-birini quchoqlash iliq munosabatlar belgisi. Orqasiga yashirilgan yoki belga qo‘yilgan qo‘llar esa sovuqlik yoki ziddiyat belgilari bo‘lishi mumkin.

 

Shakllarning psixologik ma’nosi

 

1. Doira (aylana) – butunlik, himoyalanganlik, tinchlik va xavfsizlikni anglatadi. Bola o‘zini himoyalangan, qulay va osoyishta his qilayotganida ko‘pincha doira yoki yumaloq shakllarni chizadi. Masalan, doira ichida oila a’zolarini tasvirlash ularning bir-biriga yaqinligi va oilaviy bog‘liqlikni bildiradi.

 

2. To‘g‘ri to‘rtburchak (kvadrat, to‘rtburchak) – qat’iylik, tartib, barqarorlik va chegaralarni anglatadi. Bola o‘z hayotida tartib va xavfsizlikni istasa yoki tartibli muhitda bo‘lsa, to‘rtburchak shakllarni ko‘proq chizishi mumkin. Biroq o‘tkir burchakli shakllar boladagi g‘ashlik yoki tushkunlikni ko‘rsatishi ham mumkin.

 

3. Uchburchak – energiya, qaror qabul qilish va ba’zida agressiya ramzi sifatida qaraladi. Bola uchburchak shaklni chizganda, u o‘zining ichki kuchini yoki hayotdagi ziddiyatlarni ifodalaydi.

 

4. Chiziqlar

 

- Vertikal chiziqlar – kuch, qat’iyat, maqsadga intilish belgisi.

 

- Gorizontal chiziqlar – tinchlik, barqarorlik va passivlikni ifodalaydi.

 

- Qiyshiq yoki egri-bugri chiziqlar – bezovtalik yoki ichki qarama-qarshilikni ko‘rsatadi.

 

Tabiat tasviridagi ruhiy holat ma’nolari

 

 

Bolalar ko‘pincha o‘z his-tuyg‘ularini va atrofdagi dunyoni tabiat tasviri orqali ifodalaydi. Buning qaysi biri va qanday chizilganligi bolaning oilaviy munosabatlari, ruhiy holati va ichki dunyosini anglashda yordam beradi. Masalan:

 

1. Daraxt

 

- Katta va sog‘lom daraxt: Bu ota-ona yoki oilaning barqarorligi, bolaga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlik va himoyani anglatadi.

 

- Quruq, yorilgan yoki kichik daraxt: Bola oiladagi muammolar yoki qarama-qarshiliklarni his qilayotganidan dalolat.

 

- Daraxtni ildizlari bilan tasvirlash: Bu bolaning o‘zini oilaga bog‘liq his qilishini yoki oiladagi xavfsizlik darajasini bildiradi.

 

Shuningdek, daraxtlar yashil, sog‘lom bo‘lsa, tabiatga bog‘liqlik, sog‘lom rivojlanish belgisi. Qurigan, qulab tushgan daraxtlar esa hissiy charchoq, tashvish belgisi bo‘lishi mumkin.

 

2. Quyosh va bulutlar

 

Quyosh: Yorqin, katta va iliq quyosh bola oilada iliq munosabatlarni, xavfsizlik va quvonchni his qilayotganini bildiradi. Quyosh, asosan, bolaning ona bilan aloqasini bilishda muhim detaldir. Agar quyosh markazda yorqin va porloq holda tasvirlansa, bu bolaning ona bilan munosabati yaxshi ekanidan, ona bolasini mehr va xavsizlik bilan ta’minlayotganini bildiradi. Porloq nurlar quyoshga bog‘langan bo‘lsa, bola onasiga qattiq bog‘langanini, nurlar uziq holda tasvirlansa, bolaning onasi bilan munosabatlarida uzilishlar borligini, ona mehri va e’tiboriga to‘ymay qolayotganini anglatadi.

 

Agar quyosh chekkada yoki tog‘lar (bulutlar) orasida tasvirlangan bo‘lsa, bolaning hayotida ona degan shaxs nomigagina mavjudligi, ish-turmush tashvishlari bilan ona bolasiga vaqt ajratolmayotganidan dalolat.

 

- Bulutlar, yomg‘ir yoki qorong‘i osmon: Bu orqali bola ichki bezovtaligi, tushkunligi yoki oilaviy muammolar borligini ifodalayotgan bo‘lishi mumkin.

 

3. Gul va boshqa o‘simliklar

 

- Gullar: Ko‘pincha baxt, o‘sish va rivojlanishni ifodalaydi. Agar gullar rang-barang va yorqin bo‘lsa, bu bolaning o‘zini baxtli va himoyalangan his qilayotganini bildiradi.

 

- So‘ligan yoki xunuk gullar: Bola ruhiy yoki oilaviy tushkunlikni sezayotganini ko‘rsatadi.

 

4. Uy tasviri

 

- Odatda, uy ota siymosi bilan bog‘langani uchun katta va pishiq uy oilada otaning o‘rni mustahkam ekanidan dalolat beradi. Xunuk va xaroba uy bolaga ota mehri yetishmayotganini bildiradi.

 

- Uyning derazalari ochiq va eshik bilan tasvirlansa, bu bola munosabatlarga ochiqlik, mehr va xavfsizlikni his qilayotganidan darak.

 

- Uy eshik-derazasiz tasvirlansa, yolg‘izlik va tashqi dunyodan himoyalanganlik belgisi.

 

- Uyda tutun, yong‘in, qora bulutlar bo‘lsa, bu zo‘ravonlik, qo‘rquv, xavotir belgisi bo‘lishi mumkin.

 

5. Tabiat elementlarining joylashuvi va umumiy kompozitsiya

 

- Agar bola rasmida tabiat elementi (daraxt, quyosh) alohida, markazda joylashgan bo‘lsa, bu uning ota-onaga yoki oilaviy muhitga bo‘lgan e’tiborini bildiradi.

 

- Agar tabiat elementlari rasmning chetida yoki kichik hajmda chizilgan bo‘lsa, bola o‘zini oilaviy munosabatlardan ajratilgan yoki chetda his qilayotgan bo‘lishi mumkin.

 

Demak, chizmalarda ifodalangan ranglar, shakllar, obrazlar va tafsilotlar orqali bola o‘z his-tuyg‘ulari, qo‘rquvlari, quvonchlari hamda orzularini anglatar ekan, psixologlar va pedagoglar uchun bu rasmlar muallif” bilan muloqot qilish, uni yaxshiroq tushunish va kerak bo‘lsa, o‘z vaqtida yordam ko‘rsatish imkonini beradi. Shunday ekan, bolalar chizgan rasmlarga befarq bo‘lmaslik, balki ularni tahlil qilish va tushunishga intilish har bir ota-ona va tarbiyachining muhim vazifasidir.

 

Ziyoda TURDIBOYEVA

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Tarix

09:10 / 16.10.2025 0 111
Mustafo Choʻqay oʻzbeklarni yomon koʻrganmi?

Ma’naviyat

13:10 / 09.10.2025 0 570
Tarixiy muallimlarimiz zakosi bizni birlashtirishi kerak





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//