“Durbin”, “Ofarinnoma” va Chingizxonning “ont kosa”si – Tilimizdagi bugungi soʻzlarning qadimgi maʻnosi


Saqlash
10:47 / 20.10.2025 73 0

Til tubidagi ganja

 

Zamon ogʻrigʻini teran his qilgan ziyolilar borki, ular mudom millat tili atrofida jam boʻlishgan. Ular uchun soʻz – qurol, til – ruhiyat, maʼrifat – chin maslak edi. XX asr boshlaridagi oʻzbek ziyolilarining ichida Behbudiy, Fitrat, Elbek va koʻplab ziyolilar tilimizning maʼnaviy qoʻrboshilari edi.

 

Ushbu minbardan foydalanib, kamina uchun yangiday koʻringan ayrim soʻz va mulohazalarni bayon etsam. Behbudiyni varaqlab, ajib soʻzga duch keldim. Maʼrifatparvar adib ota-onasiga yozgan maktublarida yuksak hurmat va ehtiromini namoyon qilar ekan, bizning tilimizda goʻyo siyqasi chiqqan bir soʻzning yangicha koʻrinishini keltirib oʻtadi. “Tashakkurnoma”, “Maqtov yorligʻi” kabi bir enlik qogʻozlar Behbudiy tilida “Ofarinnoma” koʻrinishida yangraydi:

 

“Marhamatlik qiblagohim! Maktabgʻa kelgandan beri, alhamdulilloh, tinch va sihatdurman. Boshqa sheriklarim qatorinda saboq oʻqub turibman. Birinchi oʻquganlarimni imtihon berib “ofarinnoma” oldim. Maktabga aslo xafa boʻlganim yoʻq”.

 

Jadidlarning nafaqat favqulodda ilmi, balki kelajak yuz yillarni teran his qila olishi meni doim hayratda qoldiradi. Masalan, Behbudiyning bir daʼvati xuddi bugungi kunimizning yuragi boʻlib turgan sunʼiy intellekt, elektron texnologiyalar ilmini oʻrganishga hamohang keladi. Maʼrifatparvar adib yozadi:

 

“Ey musulmonlar! Bolalaringizgʻa kelar zamon ilmini oʻrgatingiz! Zeroki, alarni Xudo taolo xalq etdi, sizni zamonangizdan boshqa, yaʼni kelar zamon uchun”.

 

Professor Fitrat tilimiz islohiga bel bogʻlar ekan, turkiy tilimiz qaysi manbalardan oziqlanishi lozimligini uqtirib oʻtadi:

 

“Tilimizning sof shaklini daladagʻi el-aymoqlarimizda koʻra olamiz. Dalada yashagʻan el-aymoqlarimiz orasida unlarning jon ozigʻi boʻlib turgʻan dostonlar, ashulalar, matallar, laparlar, qoʻshiqlar bor. Shunlarning hammasini buyuk bir diqqat bilan yozib olish kerak, el-ulus orasida yozuv doirasigʻa kirgan ...kabi aristoʻkrat shoirlarimizning asarlari bor. “Qutadgʻu bilig”, “Hibat-ul haqoyiq”, “Devonu lugʻatit turk”, “Muqaddimat-ul adab” kabi eski vasiqalar bor. Shunlarning hamasini qilni qirq yorib tekshiraylik; bir-biriga solishtirib, kelishtirib, tekli, tubli natijalar olayiq...”

 

Chindan ham olim shu jumlai olami bilan turkiy til islohiga boradigan jaridani aniq-tiniq chizib berganday. Adib har qanday “ilmiy axtarishlar boʻlmagʻuncha bunlarning birtasi ham boʻlajaq emas”ligini shu yoʻsinda taʼkidlaydi.

 

Yana bir maʼrifatparvar Elbek tomonidan tilimiz himoyasi yoʻlidagi jonbozlik har qancha ehtiromga loyiq. U “Turkiston” gazetasida maxsus tarzda “Lugʻat va atamalar bobi”ni ochishni taklif etib, bunda faol boʻlmoqqa keng jamoatchilikni chorlaydi. U tilimizdagi oʻnlab xorijiy soʻzlarni matbuotda eʼlon qilar ekan, ularning turkiycha muqobillarini ham taklif qiladi. Masalan, mamlakat – oʻlka, yetim – oʻksuz, doʻxtir – emchi, dorixona – emloq, inqilob – toʻnkarish, musobaqa – oʻzishma, taqdir – yozmish, mustaqil – oʻz boshli, tarafdor – yoqdirash...

 

“Toʻnkarish”ning yana bir xalqona variantini oʻqib qoldim – oyoqlanma! Bu soʻz qoʻzgʻolon, isyon, xalqning oyoqqa turishi maʼnosida muomalada boʻlgan. Ahat Andijonning “Turkiston uchun kurash” asarida shunday yoziladi:

 

“Turkistonda Rusiyaga qarshi biror isyon chiqishiga ishonmayman. Bundayin oyoqlanma sodir boʻlsa, shafqatsiz bostiriladi”.

 

Istaymizki, bu topilmalar davomli-davomli boʻlgay...

 

Mehmonning koʻhna obroʻsi

 

Mehmonning turkiy xalqlardagi obroʻyi nihoyatda yuksak maqomda boʻlib, otaday ulugʻligi aslo choʻpchak emas. Unga izzat-ikrom koʻrsatish, imkon qadar taomlantirish, xushxulq boʻlish mezbonning maʼnaviy burchi. Bu anʼana avvalo oilada, soʻngra davlat miqyosida ham qadriyat darajasida turgan.

 

Alp Er Toʻnga jangnomasida mehmondorchilik haqidagi yuksak fazilatlarga urgʻu beriladi:

 

Kelsa uma tushurgil,

Tinsin aning aruqluq.

Arpa saman yagʻutgʻil

Bulsin ati yaruqluq.

 

Yaʼni:

 

Mehmon kelsa oʻtqazgʻil,

Hordiq olib tinch boʻlsin.

Oti ham yorugʻliqda

Arpa-somonga toʻlsin.

 

Turkiylarning mehmondoʻstligiga oyna tutadigan yana bir manbaga duch keldim. Arab geografi va sayyohi Abu Isʼhoq al-Forisiy al-Istaxriyning “Kitab masalik al-mamalik” nomli asari bor. Unda Movarounnahr tasvirlari va ajdodlarimizning goʻzal fazilatlari haqidagi rost kechinmalar bor. Asarda Movarounnahrliklarga kelgan mehmon xoh tanish, xoh notanish boʻlsin, oʻzini oʻz uyida deb his qilishi aytib oʻtiladi.

 

“...Movarounnahrda odamlar bir xonadon kishilari kabidir. Bir kishi boshqasinikiga oʻz uyiga kirganday toʻxtaydi. Mezbon yoʻlovchining bu ishida yomonlik koʻrmaydi. Kelgan mehmonni tanimasa-da, undan sovgʻa umid qilmay ogʻirini yengil qilishga bor kuchini sarflaydi”.

 

Jumlalarni davom ettiramiz: “Ularda har bir kishi borini oʻzi va uyiga kelgan mehmondan ayamaydi. Borsang, katta qasr va mehmon uchun xona qurayotgan joy egasini topasan. Uning vaqti kechasi kelgan yoʻlovchiga sharoit hozirlashga ketishini koʻrasan...”

 

Bu kun bir zamonlardagi turkiy bobolarimiz yer-mulk, boylik emas, mehmon talashishgan, desak lofga oʻxshar. Ammo asarda shu xislat haqida ochiq-oydin faktlar aytiladi:

 

“...Bir yoʻlovchi toʻxtasa, uning uchun bahslashib, tortishadilar. Movarounnahrda hech kim na kechasi va na kunduzi odamlar bor joyda narsasini yoʻqotib qoʻyishdan qoʻrqmaydi. Ular bu borada boshqalar davlat toʻplashda bahslashgani va boyligi bilan maqtanganlari kabi oʻzaro bellashadi”.

 

Yaqin-yaqingacha qishloq darchalarimizga qulf tugul choʻpak ham osilmas edi. Ammo asrlar avval bundan-da ulugʻvor zamona mavjud boʻlgan:

 

“...Men Sugʻdda shunday hovlini koʻrdimki, u yuz yildan koʻproq vaqtdan beri qulflanmaydi, hamma vaqt mehmonlar uchun ochiq. Toʻsatdan bu xonadonga yuz-ikki yuzlab mehmonlar keladi, uy egasi hech qiynalmay mehmonlarni ot-ulovlari bilan joylashtiradi va ziyofat qila oladi”. 

 

Darvoqe, zamonaviy restoranlarda oq qoʻlqop kiyib xizmat qiladigan ofitsiantlarni koʻp koʻrganmiz. Bu manzara Yevropa madaniyatining bir qismiga aylanib boʻlgan. Ammo mening hayratim XV asr boshlarida Samarqandga, Amir Temur saroyiga kelgan Kastiliya elchisi Rui Gonzales de Klavixoning iqrorlarida boʻldi. U ziyofatlarda qoʻlida maxsus qoʻlqop kiygan xizmatkorlar mehmonlarga ovqat tarqatayotganini taajjub bilan tasvirlaydi. Chunki, bu paytda Yevropada hali oddiy gigiyena qoidalari ham bir maromda emas edi...

 

Sayyoh “Samarqandga – Amir Temur saroyiga sayohat kundaligi (1403–1406-yillar)” asarida shunday yozadi:

 

“...Charm dasturxon ustiga shu qadar koʻp goʻsht qoʻyilgan ediki, koʻtarganda naq yirtilib ketishi mumkin edi. Goʻsht keltirgan xizmatkorlar podshohdan yigirma qadamcha nari ketganlaridan soʻng, goʻsht maydalovchilar hozir boʻldilar, oldilariga peshband tutgan, qoʻllariga charm qoʻlqop kiyib olgan goʻsht maydalovchilar charm dasturxon yoniga tiz choʻkib oʻtirdilar”.

 

Oradan vaqtlar oʻtsa-da, mehmon va uning dasturxoniga boʻlgan hurmat yashab qolaverdi. Turkiy xalqlarimiz qay arkonda yashamasin, shu aqidani doim yodda tutdilar.

 

Chingizxon saltanatida ham Bovurchi (“dasturxonchi”) lavozimi boʻlib, u “ovqat va ichimlik mudiri”, keyinchalik xonning asosiy oshpazi (bakovul) boʻlgan. Bularning bari mehmonning izzat-hurmati uchun edi.

 

Yana bir hayratim, mezbon mehmonning koʻnglini olishdan tashqari u bilan kelgan jonliqlarga ham masʼul boʻlgan. Ot-ulov qorni toʻygʻazilgan. Bu ham mezbonning zimmasidagi burch edi. Shuningdek, chorvador koʻchmanchi turkiylar poy-piyoda uzoq yoʻl bosib kelgan mehmonga qaytarda ot tuhfa qilgani dostonlarimizda ham, tarixiy manbalarda ham keltiriladi.

 

Mirzo Bobur “Boburnoma”da darbadarlik chogʻlarida ham mehmon sifatida ulugʻlangani, hatto otlariga ham gʻamxoʻrlik koʻrsatilgani haqida yozadi:

 

“...Seshanba kuni vird (duo) uqib, Yonbu loq yoʻli bilan Kobulga qarab joʻnadik. Asr namozi vaqti Algatu daryosidan kechib, namozshom payti Qorabugʻaga kelib otlarga yem berildi. Tezda ozgina ovqat hozirladilar, otlar arpasini yeb tugatgach, yana yoʻlga tushdik”.

 

Mehmon va mezbon madaniyati burungi xonliklarimizda ham davom etdi. Saroyda nafaqat mahalliy, balki xorijlik elchilarni qabul qilishga mutasaddi boʻlgan shigʻovul, dasturxonchi, munshiy, ovqat suzuvchi va ichimlik quyuvchi – toʻqsoba kabi lavozimlar boʻlgani barchamizga ayon.

 

Turkiylarning “Ont kosa”si

 

Ont ichish va unga amal qilish turkiylar uchun or-nomus, hayot-mamot masalasi edi. Hatto ichilgan ont uchun xalqqa belgi berish maqsadida osh va suv tarqatilgan. Yaʼni, biror maqsad yoʻlida qasam ichilgani shu tarzda elga bildirilgan. Bu amalning koʻpning koʻzi oldida qilinishi ahdga vafoni yanada mustahkamlagan.

 

Kamina faoliyatim yuzasidan koʻp harbiy qismlarda vatan oʻgʻlonlarining qasamyodlariga guvoh boʻlganman. El-ulus oldida ichilgan ont chindan insonni boshqa kishiga aylantiradi.

 

Nega ont ichiladi? Buning-da tarixiy asosi borligiga shubham yoʻq edi. Manbalarni oʻqir ekanman, ont ichish xususidagi ajib faktlarga duch keldim.

 

Qadimda Skiflar nafaqat vatan himoyasini, balki doʻstlikni ham buzilmas qasam bilan mustahkamlar ekan. Ichilgan ont bir umrga sodiqlik, vafodorlik ramzi edi. Undan avvalgi koʻchmanchilar jamiyatida ham qasamyod marosimlari yuksak darajada oʻtkazilgan ekan.

 

Ont atamasi qayerdan paydo boʻldi? Buning bir qancha dalillari bor. Maʼno-mazmuni boʻyicha eng ishonarlisi, nazarimda “Ant (ont) kosasi”dir. Miloddan avvalgi davrlarda Xunlar va Xitoy elchilari oʻrtasida “ont (ant) kosasi” boʻlgani, bitimlar shu kosalarda ichimlik ichilgan holda tuzilgani haqida maʼlumotlar bor.

 

Yana bir manbada Chingizxon saltanatida taxtga oʻtirgan kishining ont ichishi uchun Tolu deb nomlangan kosa boʻlgani haqida aytiladi. Ont kosasi boʻlmish “Tolu” moʻgʻullar uchun shu qadar muhim ediki, hatto Chingizxon oʻgʻillaridan birining ismi ham Toluy (Tulu) edi.

 

Keyinchalik bu kosa xalqlarni birlashtiradigan birdamlik ramziga ham aylangan. Qadimgi turkiylar “ont kosasi”ni qimizga toʻldirar, qasamyod qilganlarning bari bilagini kesib, tomchi qonini oqizar edi. Soʻngra jamoa oʻsha aralashmani navbati bilan ichar, qonlar birlashuvi ularga ruhiy yaqinlik, jipslik bagʻishlar edi.

 

Mahmud Koshgʻariy “Devon”ida ham turkiylarning temirga boʻlgan ulkan eʼtiqodi, uning nomi bilan ont ichilishi oʻziga xos ramzni ifodalaydi. Ular qilichni oldilariga koʻndalang qoʻyib: “Bu kök kirsün, qızıl çıqsun” deydilar. Maʼnosi: “vaʼda buzilsa, bu koʻk kirsin, qizil chiqsin, yaʼni qonga belanib chiqsin. Bu ahd buzilsa, temir seni oʻldirsin, oʻch olsin”.

 

Qasamyod qilish tariximizning barcha etnik va zamonaviy qatlamlarida boʻlgan va boʻlayotir. Amir Temur qoʻshinidan tortib Bobur lashkarigacha muqaddas ontning mavqeyi baland saqlangan.

 

Mirzo Bobur qoʻshin ichida yurib, ular bilan birga qasamyod qilar edi. “Boburnoma”da shunday yoziladi:

 

Tangri taolo bunday saodatni bizga nasib qilibdi va bunday davlatni bizga yaqin aylabdi. Oʻlgan – shahid, oʻldirgan – gʻoziy. Barchangiz Tangrining kalomi nomi bilan bu urushdan hech kim yuz oʻgirishni xayoliga keltirmasligi va to tanasidan joni chiqmagunicha, bu jang va urushdan chiqib ketmasligini aytib, ont ichmogʻingiz kerak...”

 

Shu asnoda barcha bek va navkarlar muqaddas Qurʼonni qoʻliga olib, yuqorida aytilgan jumlalarni takrorlagancha qasam ichishgan. Bunday yigʻinlar odatda barchaning koʻz oʻngida oʻtkazilib, yaqin-yiroqdagi doʻst-u dushmanning yuragiga qoʻrquv solar edi.

 

Bugun tilimizdagi ayrim soʻzlarning maʼnosi tarixan ont ichishga tengligini siz-u biz yoddan chiqargandirmiz ehtimol. Masalan, indallo soʻzi. Gapning indallosi shu, deymiz baʼzida. Xuddi, poʻstkallasini, loʻndasini aytaman, deganday.

 

Soʻzning lugʻaviy maʼnosi “Allohning huzurida”, “Allohga yaqin”, “Allohning yonida” degani. Yaratganning huzurida yolgʻon gapirib boʻlarmidi? Demak, Alloh oldida aytilgan soʻz bajarilishi shart boʻlgan ontga teng.

 

Soʻz bilan ulfatlik...

 

Darvoqe, yondaftarimga tez-tez birnimalarni yozib yuraman. Xalq ogʻzaki ijodidan, Navoiydan, Bedildan, Anbar Otindan, Abdulla Qodiriydan...

 

Ularni na zamon, na davr bogʻlamasa-da, soʻz qudrati oldidagi jasorat va mahorat birlashtiradi. Kutilmaganda baxshi shunday deydi:

 

Seni minib, doim toʻdada chopdim,

Yaxshi ulfatlarning koʻnglini topdim.

 

Qarang, goʻyo chavandozning ot minib, gulgun davralarda chopgani koʻz oldingizga keladi. Aslida maʼno oʻzani boshqacha. Bekmurod Joʻraboy oʻgʻliga tegishli ushbu termada baxshi “Seni minib, doim toʻdada chopdim” deya uchqur tulporga emas, doʻmbirasiga murojaat qilmoqda.

 

Baxshining mahorati, soʻz oʻyini ustasi ekani shunda emasmi?

 

Hazrat Navoiy “Munshaot”ida uzoqni koʻra oluvchi, aqli har narsaga yetadigan kishilarni nima deb ataganini oʻqib, miriqdim. Durbin degan. Bu soʻz forschada “uzoqni koʻra oluvchi” maʼnosini anglatadi. Dastlab insonning zakovati, tafakkuriga nisbatan ishlatilgan bu soʻz keyinchalik uzoqni yaqinlashtirib koʻrsatadigan asbob, yaʼni durbinga nisbatan ishlatila boshlangan. Noyob topilma, shundaymi?

 

Mirzo Bedilda ham bebaho soʻz zargarligini koʻraman. Shoir yozadi:

 

Naqshi maʼkusi nigin az sajda megardad durust, 

Sarnavishti vojgunro rost mesozad namoz.

 

Muhr oʻyilgan uzukka ters xat naqsh etilgan. Barmoq bukib nigin qogʻozga bosilsa, muhrning ters xati oʻng boʻladi. Ey, inson, sening ham peshonangga taqdir xati chappa yozilgan. Uni oʻng xatga aylantirish uchun peshonangni sajdaga qoʻy. Sening xaloskoring namozdir. Bir muhrga berilgan taʼrifning goʻzalligini qarang. Yana bir qiyosi shundaki, uzuk oq qogʻozda bukilib sajda qilgani uchun u doim eʼzozda. Ajib qiyos, bedilona chuqur falsafiy bayt!

 

Chindan ham xalqning har soʻzi hikmat. Abdulla Qodiriy uni taʼriflar ekan, shunday deydi: “Xalq hikmatlari turmush onasining dard chekib tuqqan oʻgʻli”.

 

Ajabo, baxshi doʻmbirani tulpor qilib chopar, soʻz mulkining sultoni uzoqni koʻra oluvchi donishmandni durbin atar, Bedil muhr orqali inson “taqdirni oʻnglar”ga, Qodiriy esa xalq ogʻriqlarini hikmatga yoʻyar. Bularning barchasi til tubidagi ganja, soʻz qudrati qarshisidagi sajdadir.

 

Bobur ELMURODOV,

filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Tarix

09:10 / 16.10.2025 0 469
Mustafo Choʻqay oʻzbeklarni yomon koʻrganmi?





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//