“Suv keltirgan xor-u, koʻza keltirgan aziz”: Muhammad Shayboniyxon “suv keltirganmi” yoki “koʻza sindirgan”?


Saqlash
16:47 / 22.05.2025 99 0

Bundan besh yuz yilcha oldin boʻlsin, bugungi kunda boʻlsin, tarixiy va badiiy asarlarda Shayboniyxon, Muhammad Shayboniyxon ismlari bilan atalgan shaxs, oʻz davri yozma manbalarida esa asl ismi Shohibek ekaniga urgʻu berilgan hukmdor bilan bogʻliq tarixiy voqeliklar jamiyatimizda turlicha baholanayotgani koʻzga tashlanadi. Ayniqsa, Shayboniyxon shaxsini oqlash yoki qoralash kabi yondashuvlar “ilmiy” tus olgan kezlar – XX yuzyillik boshlarida Turkistonda boʻlgan yoki bu oʻlka tarixi bilan shugʻullangan rus tarixchi va sharqshunoslari izlanishlarida bu holat yaqqol kuzatiladi. Bunday yondashuv birgina Chor Rossiyasi ilmiy muhitiga mansub kishilar orasida yetakchilik qilib qolmay, yerli oydinlar, ayniqsa, jadidlarga ham yuqqani kuzatiladi. Sovet davrida esa ayrimlarini aytmaganda, koʻpchiligiga qora boʻyoqlar chaplangan hukmdorlar sirasidan joy olgan Muhammad Shayboniyxon, mustaqillikning ilk oʻnyilliklarida “qora roʻyxat”ga olingan tarixiy shaxslardan biri boʻldi. Faqat keyingi 3-4-yildirki, bir necha yuzlab tarixchilarga ega mamlakatimizda barmoq bilan sanarligina izlanuvchilarimizning bu borada birmuncha farqli qarashlar bildirayotganliklariga taniq – guvoh boʻlyapmiz.

 

2020-yillarning boshlaridan bugungi kungacha Muhammad Shayboniyxon shaxsini yoritgan tarixchi, adabiyotchi va jurnalist oydinlarimiz – Eldor Asanov “Shayboniyxon shaxsiyati nega eʼtiborsiz qolmoqda? Oʻzbek tarixining eng ziddiyatli nuqtasi haqida mulohazalar”, Sulaymon Mardiyev “Zahiriddin Bobur va Muhammad Shayboniyxon. Millatning bu ikki buyuk farzandini bir-biriga dushman tanitish kimga kerak?”, Oʻljaboy Qarshiboy “Shayboniyxon bizga “begona”mi?”, Baxtiyor Alimjonov, Akbar Zamonov “Muhammad Shayboniyxon davrni oʻzgartirgan siyosiy lider edi(mi?)”, Jahongir Ostonov, Akbar Idiyev “Oʻzbekiston tavalludining boshlanishi – Muhammad Shayboniyxon bizga oʻgaymi?” kabi maqolalari bilan ushbu tarixiy shaxs toʻgʻrisida jamoatchilik koʻzqarashini oʻzgartirishga intildilar. Sarlavhalarning oʻziyoq ularning bu masalaga qanchalik jon kuydirayotganliklarini koʻrsatib turibdi. Xoʻsh, ushbu oydinlarimizning Muhammad Shayboniyxon shaxsi uchun bunchalik qaygʻurishlarining negizida nima yotadi? Nega boshqa tarixchilarimiz Shayboniyxonga butunlay boshqacha yondashadilar-u, bularning qarashlari ularnikidan tubdan farq qiladi yo har kimning oʻz haqiqati bormi, bor boʻlsa u qanaqa kabi savol-soʻroqlar koʻnglimizdan oʻtadi. Bizningcha, quyidagicha omillar Shayboniyni “oqlashga urinayotgan” ushbu izlanuvchilarimizni boshqacha yondashishga undagan:

 

1. Yozma manbalarni sinchiklab oʻrgangan har bir kishi shu choqqacha qayta-qayta yozib kelinganidek, Shayboniyxon “oʻzbek davlatchiligining ildiziga bolta urgan hukmdor” emas, aksincha, Oʻrta Osiyodagi eng koʻp sonli aholi guruhining bitta nom – “oʻzbek” atamasi ostida toʻplanishini boshlab bergan kishi.

 

2. Chet ellik tadqiqotchilarning izlanishlarini oʻqigan har bir yurtdoshimiz xorijliklarning “Oʻzbekiston”, “oʻzbek xalqi” deganda koʻproq Muhammad Shayboniyxonga urgʻu berishlari, uni “oʻzbek” harbiy-siyosiy toifa nomidan etnik atamaga aylanishdagi asosiy yalovbardor deb bilishlariga duch keladi. Shu oʻrinda savol tugʻilishi mumkin: “Shayboniyxon faoliyati natijasida oʻzbek atamasi Oʻrta Osiyoda tarqalishidan oldin ham bu hududda bugungi oʻzbek xalqining ota-bobolari yashar edi-ku, xorijliklarning qutqusiga uchsak, oʻzbeklar faqat Shayboniy va uning izdoshlari davrida yuzaga chiqqan, shakllangan xalq boʻlib qoladi-ku?”. Aslida chet ellik izlanuvchilar Shayboniylardan oldin ham bu yerda bugungi oʻzbeklarning ajdodlari yashaganliklarini tan oladilar, biroq ular bu yer aholisining “oʻzbek” nomini olishlari Shayboniylar boshqaruvi chogʻi mahsuli ekani, shuning uchun bugungi oʻzbek xalqi toʻgʻrisida soʻz borganda Shayboniylar omiliga katta eʼtibor berilishi toʻgʻri ekaniga urgʻu beradilar.

 

Yaqinda bir guruh ziyolilarimiz bilan olib borilgan ilmiy suhbatlarda shunga guvoh boʻldikki, Muhammad Shayboniyxon shaxsi boʻyicha biryoqlama yondashuv hali ham kuchli ekan, hatto uni qoralashga moyil tadqiqotchilar anchagina koʻpchilik ekan. Ular oʻzlarining haq ekanini quyidagicha isbotlashga urindilar:

 

  • Muhammad Shayboniyxon unga yordam bergan Temuriy hukmdorlarga xiyonat qilibgina qolmay, ularga tegishli yerlarni bosqinchilik bilan qoʻlga kiritdi. Temuriylar xonadoni vakillarini soʻzsiz-soʻroqsiz qirib tashladi;
  • Shayboniyxon Xoja Ahror valiyning avlodi – Xoja Yahyoni oʻldirtirib yubordi, ushbu muborak xonadonning qargʻishi tufayli uning urugʻi qirilib ketdi, yaqin qarindoshlari – amaki va jiyanlari esa koʻp hukmronlik qila olmay, tez orada siyosat sahnasidan tushib ketdi.
  • Shayboniyxon bizning yurtga faqatgina “oʻzbek” etnonimini berdi, xolos. Bundan boshqa ularning biror sanashga arzigulik xizmatlari yoʻq.
  • Shayboniyxon umri boʻyi birorta masjid yoki madrasa qurdirmadi. Yalpi olganda, Shayboniylarning qurilish ishlari — meʼmorchilik, ilm-fan, jamiyat hayotini rivojlantirishdagi ulushi deyarli koʻrinmaydi.
  • Shayboniy egallagan hududlar ancha kichik boʻlib, uning chegaralari sanab oʻtishga arzigulik emas.
  • Shayboniylar kelib, Temuriylar davlatini qulatgach, mintaqa siyosiy va iqtisodiy qiyinchilikka yuz tutdi. Agar ular kelmaganda Temuriylar boshqaruvi ostida yurtimiz tinch-totuv boʻlar edi, ular qoʻl ostidagi hududlar yaxlitligicha qolar edi, urush-janjal boʻlmas edi, davlatchiligimiz oʻsishda davom etar edi va b.

 

Aslida bu kabi yondashuvlar biryoqlama ekaniga oʻnlab oʻrnaklar keltirish mumkin. Birinchidan, dunyoda, ayniqsa, Turonda boshqaruvda boʻlgan sulolalarning boshqaruv yillari 150-200-yildan oshmaydi. Toʻgʻri, turkiylar tomonidan qurilgan sulolalar orasida 300-500-yil hukm surganlari ham bor, biroq ular bizning oʻlkalarda emas, turkiylar tomonidan keyinchalik egallagan yerlarga toʻgʻri keladi. Oʻrnak keltiradigan boʻlsak, deyarli 600-yil boshqaruvda boʻlgan Usmoniylar sulolasi (1299-1922) Kichik Osiyo va tegralarida, 1070- yillarda Saljuqiylar tomonidan qoʻlga kiritilgan oʻlka – Onadoʻlida oʻrtaga chiqqan boʻlsa, 350-yilga yaqin hukm surgan Boburiylar sulolasi (1526-1858) Hind oʻlkasida yuzaga kelgan sulola oʻlaroq tarixda qoldi. Turkiylarning oʻz oʻlkasi boʻlmish Turon – Oʻrta Osiyo va tegralarida oʻrtaga chiqqan sulolalar – Eftaliylar (450-565) 100-yildan koʻproq, Turk xoqonligi (552-744) 200-yilga yaqin, Uygʻur xoqonligi (745-840) 100-yilga yaqin, Qoraxoniylar (960-1212) 200-yildan koʻproq, Xorazmshoh-Anushteginiylar (1070-1220) 150-yilga yaqin yashadi. Temuriylardan oldingi Chigʻatoy ulusi (1240-1344) 100-yildan sal koʻproq boshqaruvni oʻz qoʻl ostida tuta olgan boʻlsa, Temuriylardan keyin hukm surgan Shayboniylar (1500-1601) 100-yil, Ashtarxoniylar (1601-1753) 150-yildan sal ortiq boshqaruvni saqlab tura oldi.

 

 

Demak, Temuriylarning 140-yil yashashi – bu undan oldin va keyin davom etgan turkiy davlatchilikning yorqin oʻrnagidir. Yaʼni bu hududda, ayrim istisnolarni aytmaganda, birorta sulola 100-200-yildan ortiq yashamagan, yashay olishi ham mumkin emasdi. Turkiylarning keyinchalik egallagan oʻlkalaridan farqli oʻlaroq Turon – Turkistonda koʻp yuzyilliklar boʻylab boshqaruvni qoʻlda tutib turish qiyin edi. Sababi, koʻpchilik qismi keng dalalar – qir-adirlarni qamrab olgan bu hududda bir necha oʻnlab yirik koʻchmanchi urugʻ va elatlar yashab, ularning boshliqlari – “bek”lar oʻrni kelganda oʻzi xizmat qilayotgan sulolani yiqitib, yangi sulola tuzishga qodir edi. Ular oʻz urugʻi yoki qoʻl ostidagi urugʻlar, yo boʻlmasa qarindosh urugʻlarini bir oraga toʻplaganda oʻn minglab qoʻshin tuza olardi. Har biri bir necha ot – argʻumoqqa ega boʻlgan jangchilar esa urushda suyagi qotgan kishilar oʻlaroq yangi hukmdor boshchiligida yangi-yangi oʻlkalarni egallashga tayyor edilar. Yaʼni savashlarda koʻp yillik tajribaga ega boʻlgan koʻchmanchilar oʻrtami – muhitida biror boshqaruvchi sulolaning 400-500-yil yashashi ancha qiyin edi. Shuning uchun “Shayboniylar kelmaganda Temuriylar saltanati yana bir necha yuzyillar yashar edi, bizning davlatchiligimizning “oltin chogʻi” davom etayotgan boʻlardi” deb qarash butunlay yanglish. Qolaversa, Shayboniyxon Temuriylar chegarasiga kirib kelgan kezlarda ushbu sulola 5-6 ta boʻlakka ajralib ketgan, Bobur yozganidek, “Husayn Bayqarodek yoshi ulugʻ hukmdor qoʻl ostidagi shaharlarda hukmdordan to farroshgacha isrofgarchilikka berilgan”, Andijon markaz boʻlgan Fargʻona vodiysida Bobur, Turkiston (Yassi) va tegralarida Temuriylardan boʻlmagan tarxonlar, Buxoroda ham shunga oʻxshash tarxonlar va boshqa toifalarga mansub kishilar, Samarqandda Boburning otasi – Umarshayx mirzoning ogʻa-inilari, Hisorda oʻzlarini “qadimgi Iskandar Zulqarnayn urugʻi” bilan qarindoshchilikka ega deb biluvchi Xisravshoh va uning urugʻlari, Hirot markazi boʻlgan Xuroson Husayn Bayqaro va uning koʻplab oʻgʻillari qoʻl ostidagi, bir-biri bilan kelishmay, mulk talashilayotgan, oʻzaro ichki kurashlar ketayotgan bir palla edi. Bir vaqtlar Temuriylarning tayanch yerlari boʻlgan Toshkent va Sayram allaqachon ushbu sulola qoʻl ostidan chiqib ketgan, bu yerlarda Chingiziy boshqaruvchilar – Yunusxon va uning oʻgʻillari hukm surayotgan bir davr edi.

 

Shu oʻrinda Turon yurtida davlat boshqaruvi, sulolalarning boshqaruvda oz yo koʻp qolishining negizlariga qisqacha toʻxtalib oʻtsak. Oʻsha kezlarda mintaqada yetakchilik qilish uchun “koʻchmanchilar dunyosi” bilan uzliksiz aloqada boʻlish talab etilardi. Qora dengizning shimoli va kunchiqaridan kunbotarda Oltoy togʻlarigacha, undan oʻtib Oʻrxun vodiysi (Moʻgʻuliston) va Sibirning kungay tuproqlarigacha, Volga-Uralboʻyidan Sirdaryoning oʻrta va quyi oqimlarigacha, shuningdek, Gʻarbiy Sibirdan Yettisuv va Sharqiy Turkistongacha choʻzilgan ulkan Yevroosiyo kengliklarida, bitta nom bilan aytganda Dashti Qipchoq va uning yaqin tegralarida bir necha oʻnlab yirik koʻchmanchi turkiy va turklashgan moʻgʻul urugʻlari yashab, ularning har biri oʻn minglab jangchi yetishtirib berish imkoniga ega edilar. Ularga qoʻshni oʻlkalarda, ayniqsa, oʻtroqlar koʻpchilikni tashkil qiladigan vohalarda koʻpincha buning teskarisi boʻlib, kasbi ekin-tikinchilik, suvchilik, quruvchilik, yunugʻchilik(duradgorlik), novvoylik, oshpazlik, temirchilik, boʻyoqchilik, egar-jabduq yasash, mudarrislik, bogʻbonlik, tabiblik, diniy bilimlar bilan shugʻullanish va boshqa oʻnlab sohalardagi kishilar qoʻshinga deyarli olinmas edi. Urush bu – koʻpincha ota-bobolari, qarindosh-urugʻlari harbiy boʻlib, jang sanʼatini yaxshi oʻzlashtirgan, qoʻlida ogʻir qilich-u qalqonlarni koʻtarib yura oladigan, ulardan toʻgʻri foydalana biladigan, yov hujum qilganda birinchilardan boʻlib qarshi turgan, hujum chogʻida old saflarda borgan kishilarga xos deb tushunilgan. Turonda harb ishi koʻproq uning keng qir-adirlarida yashab, kundalik turmush yoʻsinida koʻchmanchi chorvachilik yetakchi boʻlgan el-uluslar vakillarining ishi deb bilinib, xon-u xoqonlar ularga tayanib, oʻz chegaralarini qoʻriqlashga, yangi-yangi oʻlkalarni egallashga intilganlar.

 

Toʻgʻri, ayrim oʻrinlarda oʻtroq dehqonlar, turli kasb egalari ham urushga olingan kezlar boʻlgan, biroq, bu holat koʻpincha kutilgan natija bermagani oʻrta asr yozma manbalaridan anglashiladi. Oʻrnak keltiradigan boʻlsak, Zahiriddin Muhammad Bobur “Boburnoma”da Muhammad Shayboniyxon Samarqandni qamal qilgan kunlarda ayrim yoshlar, din vakillari – mullalar shahar darvozasidan chiqib, yayov holda Shayboniy qoʻshiniga hujum uyushtirgani, buni koʻrgan otliq shayboniy askarlari ular ustiga ot haydab, barchasini tumtaraqay qilib yuborgani, shuning uchun uning oʻzi bu ishni, yaʼni urush koʻrmagan kishilarning yovga qarshi bunday chiqishlarini taqiqlashga uringanini quyidagicha keltirib oʻtadi:

 

“Ikki-uch kundin soʻng Shayboqxon kelib qoʻrgʻondin yiroqroq tushti. Samarqandning mahalla-mahalla, koʻy-koʻy avbosh va yatimlari favj-favj yigʻilib, yatimona salavotlar chekib, madrasa eshigiga kelib, urushgʻa chiqarlar edi. Shayboqxon urushqakim otlanur edi, qoʻrgʻonning yovugʻiga ham kela olmas edi. Necha kun bu vatira bila oʻtti. Oʻq va qilich zahm zarbini va masof va maydon qitol va harbini koʻrmagan avbosh va aytom bu muomaladin dalir boʻlub yiroq-yiroq chiqa kirishtilar. Ish koʻrgan yigitlar mundoq besirfa chiqishlaridin manʼ qilsalar, taʼn qila kirishtilar.

 

Bir kun Shayboqxon Ohanin darvozasi sari urush kelturdi. Yatimlar chun dalir boʻlub erdilar, doimgʻidek dalir va yiroq chiqtilar. Buning orqasigʻa baʼzi yigitlarni otliq chiqorildi. Ushturgardan tarafida koʻkaltoshlar va yovuq ichkilar chiqib erdilar, misli Shirim, Nuyon koʻkaltosh, Qulnazar tagʻoyi va Mazid va baʼzilar andin bir-ikki uch oʻzbak bulargʻa ot soldi. Qulnazar bila qilich olishtilar. Boʻlgʻon oʻzbaklar yayoqlab zoʻr kelturdilar. Shahr yatimlarini tebrattilar. Ohanin darvozasigʻa tiqtilar. Qoʻchbek va Mirshoh qavchin Xoja Xizr masjidining yonida tushub qoldilar. Yayoqlarni tebratgan bila ilgarigi otliqlari Xoja Xizrning masjidiga yigʻilib keldilar. Qoʻchbek chiqib, ushbu ilgari kelgan oʻebaklar bila yaxshi chopqulashib namoyon ish qildi. Bori el boqib turub edi, quyigʻa qochqonlar xud qochmoqlari bila oʻq boʻlub edilar. Oʻq otardin va urushqa turardin ish oʻtub edi” [Boburnoma 1960: 146-147].

  

Bundan koʻrinadiki, qadimda boʻlgani kabi oʻrta asrlarda ham harb ishiga hammaning ham qoʻlidan kelaveradigan shunchaki bir ish deb qaralmagan. Chindan-da, Turon oʻtmishiga koʻz tashlaydigan boʻlsak, milod boshlaridagi Kushon saltanati, ilk oʻrta asrlardagi Xion (xun)lar, Kidariylar, Eftaliylar (Abdallar – 450-565 yy.), Turk xoqonligi (552-744), Uygʻur xoqonligi (745-840), Qoraxoniylar (960-1212), Saljuqiylar (1038-1194), Xorazmshoh-Anushteginiylar (1077-1231), Chigʻatoy ulusi (1224-1340), Temuriylar (1370-1507), Shayboniylar (1500-1601), Ashtarxoniylar (1601-1753) va soʻnggi oʻrta asrlardagi uchala oʻzbek xonligi qoʻshini koʻproq oʻz urugʻ tizimiga ega boʻlgan el-uluslar vakillarini, turkiylarning koʻchmanchi ellari orasidan chiqqan kishilarni qamrab olgan.

 

Endi, yuqorida Muhammad Shayboniyxonning “ayblab”, unga hukm chiqargan izlanuvchilarning “Shayboniyxon unga yordam bergan Temuriylarga xiyonat qildi, ularga tegishli yerlarni bosqinchilik bilan qoʻlga kiritdi. Ushbu xonadon vakillarini qirib tashladi”, “Shayboniyxon Xoja Yahyoni oʻldirtirib yubordi, ushbu muborak xonadonning qargʻishidan uning qarindoshlari koʻp hukmronlik qila olmay, tez orada siyosat sahnasidan tushib ketdi” kabi qarashlarining ayrimlariga qisqacha javob berishga tirishamiz.

 

Birinchidan, Shayboniyxonning Temuriylar sulolasiga nisbatan tutgan siyosati – bu oʻtmishda oʻtgan barcha boshqaruvchi sulolalar uchun xos boʻlib, hokimiyat uchun intilgan kishilarning koʻpchiligi shunday yoʻldan borgan, yaʼni oʻzidan oldingi sulola vakillarini ayamagan, bundan boshqacha yoʻl tutishi ham mumkin emas edi. Oʻsha kezlarda hokimiyatga saylov yoʻli bilan emas, qilich kuchi bilan kelinganini yaxshi bilamiz. Buning uchun faqat Shayboniyxonni ayblash kerak emas. Temuriylar orasida ham bunday yoʻl tutgan hukmdorlar koʻp boʻlgan.

 

Ikkinchidan, oʻrta asrlarda Turon va unga qoʻshni musulmon oʻlkalarda diniy kishilarning boshqaruvga aralashgani, ayrim oʻrinlarda ular jamiyat va davlat birligini saqlab qolishdek ezgu ishlarni amalga oshirganliklari, ayrim oʻrinlarda esa buning teskarisi boʻlgani kuzatiladi. Shu oʻrinda Xoja Ahror izdoshlarining ayrimlari bir necha Temuriy shahzodaning qoni toʻkilishiga olib kelgan voqeliklar boshida turganini ham unutmaslik kerak. Qolaversa, ilm biror siyosiy yoʻlboshchining hayotida qoʻlga kiritgan yutuqlari-yu, omadsizliklarini “ilohiy”lik, “qanaqadir qargʻish urish” bilan ochiqlamaydi. Bunday yondashuv allaqachon – bundan yuz yilcha oldin rad etilgan va oʻzbek ilmiga qayta kirib kelmasligi kerak.

 

Uchinchidan, Shayboniyxon toʻgʻrisida Bobur “negativ” yozganidan kelib chiqib, “Boburnoma”da qanday ochiqlangan boʻlsa, shunday tushunmaslik kerak. Bobur uni qora boʻyoqlar bilan koʻrsatishi tabiiy hol. Deyarli bir yarim asrdan beri mintaqaning ulkan bir boʻlagini boshqarib kelayotgan sulola boshqaruvini boshqa bir kishi kelib egallashini yengilgan sulola vakili boshqacha qabul qilishi va uni olqishlab tushuntirishini tasavvur qilish qiyin. Holbuki, oʻsha voqeliklarga oʻz koʻzi bilan guvoh boʻlgan, Shayboniyxondan jabr koʻrgan dugʻlat urugʻi vakili, Boburning boʻlasi Muhammad Haydar oʻzining “Tarixi Rashidiy” asarida Shayboniyxon faoliyatiga boshqacharoq yondashgan [Mirza Muhammad Haydar 1996]. Uchta turkiy sulola – Temuriylar, Shayboniylar va Safaviylar xizmatida boʻlib, ushbu sulola boshqaruvchilari bilan yaqin muloqotda boʻlgan, soʻnggi kunlarini Boburiylar saroyida oʻtkazgan Xondamir (1475-1535) oʻzining “Habib us-siyar” asarida Muhammad Shayboniyxonga tarafsiz yondashib, davlat boshqaruvining Temuriylar qoʻlidan Shayboniylar qoʻliga oʻtishini “oʻz davrining talabi ekani, tobora nurab borayotgan Turon davlatchiligini saqlab qolish Muhammad Shayboniyxonga nasib qilgani”ga urgʻu berib yozganini ham unutmaslik kerak [qarang. Xondamir 2013].

 

 

Muhammad Shayboniyxon Turkiston (Yassi) shahri va tegralari – Sirdaryoning oʻrta havzasidan chiqib, 1500-1509-yil orasida – 10-yilga yaqin qisqa muddat ichida Samarqand, Buxoro, Toshkent, Fargʻona, Jizzax, Qarshi, Shahrisabz, Denov, Termiz, Hisor, Balx, Qunduz, Marv, Hirot kabi oʻsha kezlarda Turon – Oʻrta Osiyoning bosh shaharlarini qoʻlga kiritishi, Bobur urgʻu berib yozgan “300 ming qoʻshinga ega qozoq xoni Qosimxon” qoʻshinlarini toʻxtatib qoʻyishi, oʻnlab Temuriy hukmdorlari birma-bir tor-mor qilishiga guvoh boʻlganlari uchun ham oʻsha davr mualliflari uning harbiy ishda mohir, siyosiy va mafkuraviy hayotda ilgʻor boʻlganiga urgʻu beradilar.

 

“Shayboniyxon hech qanday foydali ish qilmadi, na masjid qurdirdi, na madrasa” deguvchilar oʻz davlatini qurish uchun umrining soʻnggi 10-yilligini faqat savash-u urushlarda oʻtkazgan bu shaxsning janglardan soʻng yoki urushlar chogʻida ham turli kengashlar oʻtkazib, aholining iqtisodiy turmush yoʻsinini tartibga solish uchun yer, suv, mulk bilan bogʻliq ishlarni koʻrib chiqqani, undan bir necha vaqf hujjatlari yetib kelganini bilib qoʻyishlari kerak.

 

Oʻrnak keltiradigan boʻlsak, “Mehmonnomayi Buxoro” (XVI yuzy.) asarida keltirilishicha, Shayboniyxon yer-suvdan foydalanish va soliq ishlarini tartibga solish uchun Samarqand yaqinidagi Konigil mavzesida fiqh olimlarini yigʻib, maxsus kengash oʻtkazadi. Unda soliqlarning ogʻirligi va amaldorlarning zulmidan yer-suvlarini tashlab ketgan mulk egalarining yerlaridan unumli foydalanish masalasi koʻrib chiqiladi. Bunday yer-suvlarni xon tasarrufiga topshirish, qachonki yer egalari qaytib kelgach, ularga oʻz mulk yerlarini qaytarib berish va yerdan davlat foydalangani uchun xazinadan maʼlum miqdorda haq toʻlash toʻgʻrisida qaror qabul qilinadi [Jalilova 1963: 40-43].

 

Shunga oʻxshash bilgilar Shayboniylar oʻtmishini yorituvchi boshqa manbalarda ham uchraydi. Kamoliddin Binoiyning “Shayboniynoma” nomli asarida 1503-yili Kuhak (Zarafshon) daryosining Oqdaryo va Qoradaryoga ajralgan joyida Shayboniyxon buyrugʻiga koʻra, suv ayirgʻich koʻprik qurilib, tevarakdagi aholi uchun qulaylik boʻlishi va dehqonchilik bilan shugʻullanishi uchun sharoit yaratilgani aytib oʻtiladi [Azamat Ziyo 2003: 249]. Shayboniyxon “masjid, madrasa qurdirmagan” deb urgʻu beradiganlar u tomonidan Samarqandda qurdirilgan “Xoniya” toʻgʻrisida ham bilib qoʻysalar zarar qilmaydi [qarang. Azamat Ziyo 2003: 251].

 

Shayboniyxon va uning faoliyati natijasida yurtimizda keng yoyilib, keyinchalik bizni birlashtiruvchi atamaga aylangan “oʻzbek” soʻziga shunchaki joʻn qarab, “u bizning yurtga faqatgina “oʻzbek” etnonimini olib keldi” deb tushuntiradigan bir qator izlanuvchilar borligini esa tushunib ham, tushuntirib ham boʻlmaydi, bir qarashda. Birinchidan, har bir atamaning yuzaga chiqishi, kurtak yozib, borgan sari kengayib, oʻziga yangi-yangi yuklamalar olib borishi oʻz-oʻzidan boʻlmaydi. Ayniqsa, biror hududda yashasalar-da, turli-tuman urf-odatlarga, hatto turlicha soʻzlashuvlarga ega, mafkurasi bir-biridan ancha farq qiluvchi oʻlkalardagi el-uluslarni birlashtira oladigan bir atamaning oʻrtaga chiqishi – bu jamiyatning ulkan yutugʻidir. Toʻgʻri, oʻsha kezlarda Amudaryo – Sirdaryo oraligʻi va unga tutash oʻlkalarda “turk” atamasi yalpi oʻzliklardan biri edi. Aholi – oʻtroq boʻlsa koʻpincha yashaydigan shahar va qishloqlari nomi bilan atalgan (toshkentlik, buxorolik, samarqandlik, xorazmlik, andijonlik, qarshilik va b.), koʻchmanchi boʻlsa oʻz urugʻi nomi bilan bilingan (qoʻngʻirot, barlos, nayman, mangʻit, uz, kenagas va b.) bir pallada koʻpchilik uchun yalpi – umumiy boʻlgan “turk” atamasining yoniga “oʻzbek” atamasining kirib kelishi va tobora uning oʻrnini olib borishi oʻz-oʻzidan boʻlmadi.

 

Yashash yeri yoki urugʻi nomi bilan bilinish – bu koʻpincha aholi oʻz yurtidan tashqaridan chiqmagan oʻrtam – muhitga xos boʻlsa, uzoq oʻlkalar – Hind, Eron, Arab oʻlkalariga borgan mintaqa vakillari koʻproq “turk” atamasi ostida tanilib kelgan boʻlsa, endilikda “oʻzbek” degan nom dovruq qozona boshlashi Shayboniylar va undan keyingi sulolalar boshqaruv chogʻiga toʻgʻri keladi. Hatto, turonliklar bilan bitta ildizga ega usmonli turklari ham soʻnggi oʻrta asrlarga kelganda u yerlarga borgan qardoshlari uchun turonliklar, turkistonliklar atamasini qoʻllash bilan birga ularga nisbatan “oʻzbeklar” atamasini keng qoʻllay boshlashlari ham ushbu tarixiy jarayonlar bilan bogʻliq edi.

 

Muhammad Shayboniyxon va uning izdoshlari boshqaruvining eng yirik xizmatlaridan biri bu –Oʻrta Osiyo va unga qoʻshni oʻlkalardagi bir necha oʻnlab turkiy urugʻ va elatlarning oʻzaro uyushuvi natijasida “92 bovli oʻzbeklar” tushunchasining yuzaga kelishi va bugungi oʻzbek millati shakllanish bosqichiga ulkan ulush qoʻshganligidir. Bungacha turli atamalar ostida bilingan mintaqa el-uluslari asrlar oʻtgan sayin birlashtiruvchi etnik atamaning yuzaga chiqishi, bu atamaga bir necha yuklamalarning yuklatilishi oʻz-oʻzidan boʻlmadi. Eng oliy boshqaruvchilar – xonlarning “oʻzbek” deb atalishi-yu, saroy va qoʻshindagi kishilarning katta qismi ushbu etnonim bilan yuritilishi, Oʻrta Osiyoning oʻnlab vohalaridagi yuzlab qishloq va ovullar turgʻunlarining shu nom ostida bilinishlari, albatta, Muhammad Shayboniyxon tomonidan boshlab berilgan ishlarning amaldagi natijasi edi. Yaʼni Shayboniyxon qoʻshinlarining koʻpchiligi yirik urugʻ va elatlar – boshlangʻichda siyosiy-harbiy toifa nomi boʻlgan “oʻzbek” atamasi ostida uyushgan boʻlib, bu uyushuvga shunchaki bir tarixiy voqelik deb qaramaslik kerak.

 

Masʼud ibn Kuhistoniyning “Tarixi Abulxayrxoniy” asarida (XVI yuzy.) keltirib oʻtilgan yetakchi urugʻlar – oq-oʻrdalik yaʼni Oʻzbek ulusidagi burqut, qiyat, qoʻshchi, iyjan, qoʻngʻirot, ushun (uyshun), oʻtachi, nayman, jat, chimboy, qarluq, kenagas, durman, qurlaut, tubay, mangʻit, nukuz, tangʻut, uygʻur, xitoy, toymas, echki, tuman-ming urugʻlari [Axmedov 1965: 16] Amudaryo – Sirdaryo oraligʻida tomir yoyib, oʻnlab qishloq va ovullarga asos soldilar. Keyinchalik ular sirasiga arlot, barlos, argʻun, jaloyir, qovchin, uz, doʻrman, batosh, qatagʻon va yana oʻnlab – bir boʻlagi shu yerlik, bir boʻlagi esa Shayboniylardan oldin yoki keyinroq Dashti Qipchoq va Turkistonning oʻzak hududlarida, ayniqsa, Amudaryo – Sirdaryo oraligʻida koʻchib yurgan dashti qipchoqlik urugʻ va elatlar ham qoʻshilib, yangi bir etnosiyosiy uyushuv – “92 oʻzbek urugʻi”ning yuzaga kelishi albatta ota-bobolarimizning eng ulkan yutuqlaridan biridir.

 

Har biri bir necha yuzlab oilalarni oʻz ichiga olgan ushbu aholi guruhlari Oʻrta Osiyo vohalarida yangi-yangi aholi maskanlari – qishloq, ovul, mahallalarning oʻrtaga chiqishi, mintaqaning koʻplab shahar va qishloqlarda yashovchi yerli aholi bilan qoʻshilib, soni boʻyicha eng koʻp salmoqqa ega elga aylanishining negizida albatta Muhammad Shayboniyxon va uning izdoshlari boshqaruvi chogʻida kechgan ijtimoiy-siyosiy va etnomadaniy jarayonlar yotishini koʻzdan qochirmaslik kerak boʻladi.

 

Gʻaybulla BOBOYOR,

Tarix fanlari doktori, professor

 

Qoʻllanilgan adabiyotlar

Alimjanov B. “Muhammad Shayboniyxon davrni oʻzgartirgan siyosiy lider edi(mi?) // https://uza.uz/uz/posts/muhammad-shayboniyxon-davrni-ozgartirgan-siyosiy-lider-edimi_306667

Alimjanov B., Zamonov A. Не Тимуром единым: игнорирование Шибанидов в рамках концепции «Централизованного государства» // Золотоордынское обозрение / Golden Horde review, 2025, 13 (1). – C. 207-223.

Asanov E. Shayboniyxon shaxsiyati nega eʼtiborsiz qolmoqda? Oʻzbek tarixining eng ziddiyatli nuqtasi haqida mulohazalar // <a href=“https://kun.uz/kr/news/2021/10/05/shayboniyxon-shaxsiyati-nega-etiborsiz-qolmoqda-ozbek-tarixining-eng-ziddiyatli-nuqtasi-haqida-mulohazalar“>https://kun.uz/kr/news/2021/10/05/shayboniyxon-shaxsiyati-nega-etiborsiz-qolmoqda-ozbek-tarixining-eng-ziddiyatli-nuqtasi-haqida-mulohazalar

Axmedov B. Государство кочевых узбеков. – M.: Nauka, 1965. 

Bobir, Zahiriddin Muhammad. Bobir-noma. Nashrga tayyorlagan P. Shamsiyev. – Toshkent, 1960.

Jalilova R. К истории аграрных отношений в государстве Шейбани-хана в начале XVI века // ONU, №9, 1963. – S. 40-43.

Ziyo A. Oʻzbek davlatchiligi tarixi. – Toshkent: Sharq, 2001.

Mardiyev S. Zahiriddin Bobur va Muhammad Shayboniyxon. Millatning bu ikki buyuk farzandini bir-biriga dushman tanitish kimga kerak? / https://zarnews.uz/post/zahiriddin-bobur-va-muhammad-shayboniyxon-millatning-bu-ikki-buyuk-farzandini-bir-biriga-dushman-tanitish-kimga-kerak (07.02.2022)

Mirza Muxammad Xaydar. Tarix-i Rashidi. Vvedeniye, perevod s persidskogo A. Urunbayeva, R. P. Djalilovoy, L.M. Yepifanovoy. – Tashkent: Fan, 1996.

Ostonov J., Idiyev A. Oʻzbekiston tavalludining boshlanishi – Muhammad Shayboniyxon bizga oʻgaymi? // https://oyina.uz/kiril/article/1795 (15.07.2023)

Qarshiboy Oʻ. Shayboniyxon bizga “begona”mi? // https://rost24.uz/uz/news/1449 (2023-y.)

Xondamir, Gʻiyosiddin ibn Humomiddin. Habib us-siyar fi axbori afrodi bashar (Bashar ahli siyratidan xabar beruvchi doʻst). Fors tilidan tarjima, muqaddima mualliflari J. Hazratqulov, I. Bekjonov. – Toshkent: Oʻzbekiston, 2013.

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//