Sovet deportatsiya siyosati qurbonlari – Stalinning vatandoshlari taqdiri


Saqlash
18:07 / 21.05.2025 123 0

(Gurjiston SSRdan aholini ko‘chirish koreys xalqi singari noqulay ob-havo sharoitlarida olib borilgani ularni O‘zbekiston SSRga joylashtirishda ham katta qiyinchiliklarni keltirib chiqardi.)

 

Sovet deportatsiya siyosatining qurbonlaridan biri Ikkinchi jahon urushi front chizig‘idan ancha olisda bo‘lgan Stalinning ona vatani Gurjistonda yashovchi kam sonli xalqlar bo‘ldi. Eng katta e’tibor Gurjiston-Turkiya chegarasida yashab kelayotgan musulmon xalqlar – mesxeti turklariga qaratildi. Ikkinchi jahon urushi davrida 46 mingdan ortiq turklar sovet armiyasi safida jangga kirganiga qaramasdan deportatsiya qilinuvchi xalqlar ro‘yxatiga kiritiladi [1].

 

Mesxeti turklari – Gurjistonning janubi-g‘arbiy tumanlaridagi Mesxetiya deb nomlangan hududlarda yashagan xalq. Ular Mesxetiyada yashagani uchun mesxeti turklari deb atalgan. Bugungi kunda Mesxetiyaning janubiy qismi Gurjiston davlati, shimoli-sharqiy qismi Turkiya davlati hududiga qarashli. Mesxetiya 1576-yilda to‘liq Usmonli Turkiyasi tomonidan egallangan. Kelib chiqishi gruzin bo‘lgan mesxi qabilasi usmonli turk hukmdorlari nazoratida bo‘lgan. Ular doim turkcha nom va ismlardan foydalangan, turk tilida so‘zlashishgan hamda e’tiqodiga ko‘ra musulmon sunniylar hisoblangan. Mesxeti turklar yashab kelgan hududlar 1829-yilgi Andrianopol tinchlik shartnomasiga ko‘ra, Rossiya imperiyasining Tiflis guberniyasi tarkibiga kiritilgan. Sovetlar davrida Gurjiston SSR tarkibida bo‘lgan. 1928–1937-yillar davomida bu xalqlar sovetcha qatag‘on va etnik repressiyalarni boshidan o‘tkazgan va Ikkinchi jahon urushi davrida Qozog‘iston va O‘rta Osiyo respublikalariga deportatsiya qilindi. Hattoki, ularda umumqabul qilingan nomlanish ham mavjud emas. Turklar, ahiska turklari, usmonli turklari, mesxeti turklari, javaxet turklari, mesxetiyaliklar, kavkaz turklari – ularga nisbatan eng keng qo‘llaniladigan atamalardir. NKVD idoralari yuritgan maxsus ko‘chirilgan aholi ro‘yxatlarida ular Gurjistondan ko‘chirilgan ozarboyjonlar va turklar deya ko‘rsatilgan. Sovet va rus adabiyotlarida, manbalarida ularni mesxeti turklari, Turkiya va Ozarboyjon, qisman Qozog‘istonda ahiska turklari deb nomlash odatga aylangan. Ilmiy manbalar va adabiyotlarda ushbu xalqlarning etnik nomlanishiga oid aniq dalillar mavjud bo‘lmagani uchun maqolada ularni milliy va xalqaro ilmiy doiralarga yaxshi ma’lum bo‘lgan mesxeti turklari nomi bilan qo‘llash ma’qul ko‘rildi.

 

Sovet hokimiyatining mesxeti turk, kurd va xeshmin kabi milliy ozchilikni tashkil qiluvchi xalqlarni majburiy ko‘chirish siyosatidan ko‘zlagan maqsadi diniy omilga bog‘liq bo‘lib, Gurjiston SSR chegaralari hududlarini musulmon bo‘lgan xalqlardan tozalash edi. Chunki sovet hokimiyatining dastlabki yillarida mesxeti turk xalqlarini xristianlashtirish va ruslashtirish siyosati kutilgan natijani bermagan. Keyinchalik aholini gruzinlashtirish, gruzincha nom va ismlarni qabul qilishga majburlash choralari ham qo‘llab ko‘riladi [2]. Lekin sovet hokimiyati ushbu siyosatdan ham biror natijaga erisha olmaydi va ularni Qozog‘iston va O‘rta Osiyo respublikalariga deportatsiya qilish kerak degan xulosaga keladi.

 

L.Beriya sovet davlati rahbarlari Stalin, Molotov, Malenkov nomiga yozgan xatida mesxeti turklarini ko‘chirib yuborish uchun asosli sabablar keltirib beradi [3]. Unga ko‘ra, Mesxetiya aholisi turkiyaliklar bilan doimiy qarindoshlik aloqalarini saqlab qolib, muntazam kontrabanda bilan shug‘ullanganlikda, jinoiy guruhlar tuzganlikda, bu xalqlarda josuslik elementlari mavjud bo‘lib, turk razvedka organlariga ma’lumot yetkazib turganlikda ayblangan.

 

1944-yil 25-iyulda L.Beriya sovet davlati rahbari Stalinga xatida Gurjiston SSR chegara hududidan 16 700 turk, kurd, xeshmin oilalarini Qozog‘iston, O‘zbekiston, Qirg‘iziston SSRga ko‘chirishni taklif qiladi. Natijada, Gurjiston SSR chegara hududlari xavfsizligini ta’minlash maqsadida Axalsixe, Adigen, Aspindza, Bogdanov tumanlaridan va Adjariya ASSRdan 86 000 turk, xeshmin, kurdlarni majburan ko‘chirish, ularning 40 ming nafarini Qozog‘iston SSRga, 30 ming nafarini O‘zbekiston SSRga, 16 ming nafarini Qirg‘iziston SSRga joylashtirish rejalashtirilgan [4].

 

Loyihada ko‘chirish amaliyotiga SSSR Ichki ishlar xalq komissarligi mas’ul qilib tayinlanadi. Har bir oilaga o‘zi bilan oziq-ovqat va zaruriy buyumlar olishga ruxsat berilishi, ko‘chirilgan oilalar tomonidan qoldirilgan mol-mulk va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qabul qilib olish uchun komissiya tashkil qilinishi, Qozog‘iston SSR, O‘zbekiston SSR, Qirg‘iziston SSR rahbariyatlari tomonidan ko‘chirilgan oilalarni qabul qilish, joylashtirish tadbirlarining o‘tkazilishi, ko‘chirilgan oilalar qoldirgan xo‘jaliklar o‘rnini to‘ldirish uchun Gurjistonning boshqa zich yashovchi va kam yerli aholisining jamoa xo‘jaliklari bilan birga ko‘chirib o‘tkazilishi, ko‘chirish operatsiyasini amalga oshirish uchun pul va moddiy-texnik yordamning tashkil etilishi loyihada ko‘rsatib beriladi.

 

Ushbu loyiha asosida O‘zbekiston SSR XKS va O‘zbekiston KP(b) MQning 1944-yil 9-avgustda “Gurjiston SSR chegara hududlaridan maxsus ko‘chirilganlarni joylashtirish va ish bilan ta’minlash to‘g‘risida”gi qaror [5] qabul qilinadi hamda Farg‘ona viloyatiga 5 000, Toshkent va Samarqand viloyatidagi kolxozlarning har biriga 10 000dan, Sovxozlar xalq komissarligiga 3000, poliz mahsulotlari ishlab chiqarish komissarligiga 2000 nafar kishini biriktirishga ko‘rsatma beriladi. Moskvadagi sovet rahbarlari Kavkazortidan ko‘chirilayotgan aholini faqatgina qishloq xo‘jaligi bilan bog‘liq ishlarga yo‘naltirish topshirig‘ini bergan edi [6].

 

1944-yil 31-iyulda SSSR DMQning 6279-sonli buyrug‘iga asosan, O‘zbekiston SSR hududiga Gurjiston SSRdan 30 ming aholini ko‘chirishga ko‘rsatma berilgan edi [7]. Ushbu buyruq 4-noyabrda o‘zgartirilib, O‘zbekistonga ko‘chirilayotgan aholi soni 50 mingga oshirilgani ma’lum qilingan [8]. Rejadagidan ikki baravar ko‘p Qirim xalqlarini qabul qilishga majbur etilgan O‘zbekiston SSR hukumati, mo‘ljalidan ikki karra ko‘p Gurjiston SSR aholisini ham joylashtirish vazifasini olgach iqtisodiy jihatdan tang ahvolda qoladi.

 

Gurjiston SSR aholisini deportatsiya qilish uchun NKVDning 4 ming operativ xodimlari biriktiriladi [9]. O‘zbekistonga Gurjiston SSRdan eshelonlar kelishi 1944-yilning 25-noyabridan 13 dekabriga qadar davom etgan va jami 29 ta eshelondagi odamlar respublikaning 7 viloyatning 44 ta tumaniga taqsimlangan. O‘zbekiston SSR Ichki ishlar xalq komissari o‘rinbosari Meyerning SSSR NKVD maxsus manzilgohlar bo‘limi boshlig‘i M.Kuznesov nomiga yozgan hisobotiga ko‘ra, 1944-yil 14-dekabrda Gurjiston SSRdan ko‘chirilgan aholini O‘zbekiston SSRda qabul qilish yakunlangan. Ularning umumiy soni 53 127 kishi (10 616 oila)ni tashkil qilgan.

 

Sovetcha qatag‘on siyosati qurboni bo‘lgan xalqlar majburiy ko‘chirish tadbirlari davomida og‘ir sinovlar va mashaqqatlarni boshidan o‘tkazishiga to‘g‘ri keldi. Hisobotda keltirilishicha, yo‘l davomida har bir kishiga 400 gramdan non va 2 mahal issiq ovqat berilgan. Aslida esa, odamlarga ovqatlar asosan yirik shaharlardagi temir yo‘l to‘xtash bekatlaridagina tarqatilgan va ular ko‘pincha och qolishgan. Bundan tashqari, odamlarning tovar vagonlariga g‘uj joylashtirilishi, noqulay sharoitlar tufayli aholi turli yuqumli kasalliklarga duchor bo‘ladi. Shuningdek, sovuq havo tufayli o‘tkir shamollashdan kasallanganlar ko‘p bo‘lgan va ularning 45 nafariga safar vaqtida, 46 nafariga stansiyalarga tushirilgach tibbiy yordam ko‘rsatilgan [10]. Gurjistondan Qozog‘iston va O‘rta Osiyo respublikalariga yo‘l qariyb 3 hafta davom etgan va yo‘l davomida 262 nafar odam (bir kishi poyezd tagida qolib ketib) halok bo‘lgan, yana 6 kishi eshelondan tushirilgach vafot etgan, ularning asosiy qismi qariyalar va kichik yoshdagi bolalar hisoblangan [11].

 

Stansiyalardan aholini maxsus manzilgohlarga ko‘chirish davomida oddiy yuk mashinalaridan foydalangan. Yomg‘irli va sovuq ob-havo sharoitida Bulung‘ur tumanidagi Tuyatortar kanali atrofida maxsus ko‘chirilganlarni olib ketayotgan yuk mashinasi halokatga uchrashi natijasida 1 ayol va uning 4 nafar farzandi ko‘prikdan qulab, kanalga cho‘kib halok bo‘lishgan [12]. Gurjiston SSRdan aholini ko‘chirish koreys xalqi singari noqulay ob-havo sharoitlarida olib borilgani ularni O‘zbekiston SSRga joylashtirishda ham katta qiyinchiliklarni keltirib chiqardi.

 

1944-yilda Qirim ASSR va Gurjiston SSR mintaqasidan eng ko‘p ko‘chirilgan xalqlar joylashtirilgan hududlar Toshkent va Samarqand viloyatlari bo‘lsa, eng kam miqdorda aholi Buxoro va Qashqadaryo viloyatlariga qabul qilingan. Respublikaga ko‘chirilgan jami aholining 1/3 qismi Farg‘ona vodiysi viloyatlariga to‘g‘ri kelgan. Toshkent, Samarqand viloyatlari va Farg‘ona vodiysiga majburiy ko‘chirilgan aholining ko‘p miqdorda joylashtirilishini ushbu hududlarda qishloq xo‘jaligi tarmoqlarini kengaytirish va yangi dehqonchilik tumanlarini o‘zlashtirish, front chegaralaridan ko‘chirib keltirilgan zavodlar faoliyatini yo‘lga qo‘yish hamda ishlab chiqarish va sanoat korxonalarida ishlash uchun mehnat resurslariga talab yuqori bo‘lgani bilan izohlash mumkin.

 

Shunday qilib, Ikkinchi jahon urushi boshidan to I.Stalinning vafotiga qadar keng qamrovli ommaviy etnik deportatsiyalar o‘tkazilib, o‘nlab xalqlar O‘zbekiston SSRga joylashtirildi. Ayrim xalqlar vatanga xiyonat qilganlikda ayblanib, ayrimlari esa hech qanday sababsiz sovet hokimiyatining dushmanlari qatoriga kiritildi. Temir yo‘l orqali eshelonlarda ko‘chirilgan xalqlarning oila a’zolari bir-birini yo‘qotib, o‘zaro ayrilib ketadi. Aholini maxsus manzilgohlarga joylashtirish davomida baxtsiz hodisalar tufayli odamlarning vafot etish holatlari ro‘y bergan. Deportatsiya qilingan xalqlar ko‘proq O‘zbekiston SSRning qishloq xo‘jaligi va sanoatida ishchi kuchiga talab yuqori bo‘lgan viloyatlariga joylashtiriladi.

 

Mavluda RAHMONOVA,

 O‘zFA Tarix instituti tayanch doktoranti

 

Foydalanilgan manba va adabiyotlar

1.                 Юнусов А. Ахыскинские турки: Дважды депортированный народ // Газета Турецкого национального центра «Ахыска». https://www.ahiska-gazeta.com.

2.                 Полян П. Не по своей воле. История и география мигрaций в СССР. Москва: Мемориал, 2001. – С. 129.

3.                 Полян П. Не по своей воле. История и география мигрaций в СССР. – С. 128.

4.                 Бугай Н.Ф. Иосиф Сталин — Лаврентию Берии: «Их надо депортировать...». Москва: Дружба народов, 1992. – С. 151.

5.                 O‘zR IIVA. 32-jamg‘arma, 1-ro‘yxat, 36-yig‘majild, 3-varaq

6.                 O‘zR IIVA. 32-jamg‘arma, 1-ro‘yxat, 36-yig‘majild, 19-varaq.

7.                 O‘zMA. R-314-j, 7-ro‘yxat, 5-yig‘majild, 134139-varaqlar.

8.                 O‘zR IIVA. 32-jamg‘arma, 1-ro‘yxat, 36-yig‘majild, 21-varaq.

9.                 Vacharadze A. 1944 წლის ოფიციალური დოკუმენტები საქართველოში მცხოვრები უმცირესობების გადასახლების თაობაზე (Gurjistonda yashovchi milliy ozchiliklarni deportatsiya qilish to‘g‘risidagi 1944-yildagi rasmiy hujjatlar) // https://idfi.ge/ge/official_documents_of_1944_on_the_deportation.

10.            O‘zR IIVA. 32-jamg‘arma, 1-ro‘yxat, 36-yig‘majild, 67-varaq.

11.            O‘zR IIVA. 32-jamg‘arma, 1-ro‘yxat, 35-yig‘majild, 297-varaq.

12.            O‘zR IIVA. 32-jamg‘arma, 1-ro‘yxat, 36-yig‘majild, 68-varaq.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Tarix

12:05 / 22.05.2025 0 9
Qoratosh-Dehli hodisasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//