Orol dengizida dovulga uchragan 6 ming koreys taqdiri – Sovet deportatsiya siyosatining ayanchli oqibatlari qanday kechgan?


Saqlash
10:47 / 28.03.2025 466 0

XX asrning 30–40-yillarida sovet hokimiyati tomonidan insoniyat tarixidagi eng shafqatsiz qatag‘onlardan biri hisoblangan xalqlarni majburiy ko‘chirish siyosati amalga oshirildi. Bu siyosatdan ko‘zlagan bosh maqsad kommunistik mafkura g‘oyalari asosida tashkil etilgan hokimiyatni saqlab qolish hamda yanada mustahkam ildiz otishi uchun zamin hozirlash edi. Shu sababdan, sovet hokimiyatiga, uning yuritgan nodemokratik boshqaruv tizimiga qarshi chiqishi mumkin bo‘lgan har qanday unsurlarga shubha bilan qaraldi, gumon ostiga olinganlarga turli ayblar ag‘darilib, dushmanlar qatoriga kiritildi, qora ro‘yxatga olinib tuhmatlar bilan badarg‘a qilib yuborildi.

        

1937-yilga kelib sovet hokimiyati sharqiy chegaralarni “ijtimoiy xavfli” unsurlardan tozalashga kirishadi. Chegara hududlarida yashovchi xalqlarni ko‘chirish boshlanishi, I.Stalinning yuz berishi mumkin bo‘lgan urushni oldindan taxmin qilib, unga tayyorgarlik ko‘rayotganini anglatgan. Sharqiy chegaralarni tozalash uchun boshlangan deportatsiya tadbirlarida koreyslar ommaviy ko‘chirib yuborilgan birinchi etnik xalq bo‘ldi. Yaponiya bilan urush holati yuzaga kelgach sharqiy chegara hududlarida yashovchi sovet koreyslari shubha ostiga olinib, ularni ko‘chirish maqsadga muvofiq deb topiladi. Bu haqda I.Stalinning Sharqiy tumanlar NKVD rahbari general G.S.Lyushkov bilan suhbatida, chegara hududlarida yashovchi koreyslarning yapon harbiylariga josuslik qilishi mumkinligidan xavfsirab, oldindan bu xalqga ishonchsiz munosabatda ekanini bildirgan [1]. Ya’ni, agar Yaponiya bilan urush boshlanadigan bo‘lsa koreyslarning dushman davlat tomoniga o‘tib ketishi yoki yapon razvedkachi zobitlarining koreys aholisi orasida yashirinishi osonligi xavfi mavjudligi ushbu xalqni butunlay ko‘chirib yuborishga asos qilib olinadi. Natijada, tez orada I.Stalinning rejasiga muvofiq, 171 781 koreyslarni Qozog‘iston (36000 oila) va O‘zbekistonga (16272 oila) ko‘chirish boshlanadi[2].

                                                       

1937-yilning 21-avgustida SSSR XKS va BKP (b) MIQning “Uzoq sharq o‘lkasidagi chegara tumanlaridan koreys aholisini ko‘chirish to‘g‘risida”gi (№1428-326ss) qarori qabul qilinadi. Ushbu qaror qabul qilinganidan 20 kun o‘tib Poseta, Spassk, G‘arbiy Xanki, Xabarovsk tumanlaridan koreyslarning dastlabki eshelonlari O‘rta Osiyo tomon yo‘lga tushadi. Yo‘lda eshelonlarning biri temir yo‘l halokatiga uchrab o‘nlab ayollar, qariyalar, bolalar o‘ladi [3]. Bundan tashqari yo‘ldagi og‘ir sharoit va turli yuqumli kasalliklar vaziyatni yanada murakkablashtirib, o‘lim holatlarini ko‘paytirgan. Koreys aholisi orasida 1938-yilda 1927-yilga nisbatan tug‘ilish 10 foizga tushib ketgan hamda deportatsiya davrida 2 yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘limi soni ortgan [4]. Majburiy ko‘chirish koreyslarning demografik holatiga salbiy ta’sir o‘tkazib, aholi sonining keskin kamayib ketishiga olib keladi.

 

1937-yil oktyabr oyida yana qo‘shimcha 5 ming oila (22–25 ming kishi) O‘zbekistonga ko‘chiriladi. SSSR NKVD Maxsus manzilgohlar bo‘limining hisobotida keltirilishicha, 1937-1938-yillarda Uzoq Sharq o‘lkasidan O‘zbekiston SSRga 16307 nafar koreys oilasi, jami 74,5 ming kishi ko‘chirildi.

 

Qoraqalpog‘iston ASSR hududiga 1800 ta koreys oilalari ko‘chirilgan bo‘lib, ular Mo‘ynoq, Xo‘jayli, Qo‘ng‘irot va boshqa tumanlarda tashkil qilingan kolxozlarda baliq ovlash va baliqchilik mahsulotlarini yetkazib berish kabi ishlar bilan band qilinadi [5]. Biroq dastlabki davrda ular joylashgan kolxozlar zarur baliq ovlash jihozlari va boshqa texnik vositalar bilan ta’minlanmagani, shuningdek ishchilarning moddiy ahvoli og‘irligi kabi muammolar sovet hukumati tomonidan respublikadagi hal etilmagan masalalar qatoridan o‘rin olgan edi.

                                                        

Koreyslarni Qoraqalpog‘iston ASSRga ko‘chirish belgilangan reja asosida ketmagan. 1937-yil 9-oktyabrda tarkibida 1427 kishidan iborat bo‘lgan 4 ta baliqchilik kolxozi bo‘lgan 37-sonli eshelon Arisdan Orol dengiziga yo‘l olgan va ularni Qo‘ng‘irot tumaniga joylashtirish mo‘ljallangan. Eshelon tarkibida bolalarning ko‘pligi va o‘ta sovuq havoni hisobga olib ularni kutib olish va yana 1000 nafar baliqchi oilalarni Qo‘ng‘irotga joylashtirish topshirig‘i berilgan [6]. O‘zbekiston SSR XKS raisi Segizboyevning 1937-yil 19-dekabrda yuborgan xatida Qoraqalpog‘iston ASSRga ko‘chirish rejalashtirilgan 2300 xo‘jalikning 1383 nafari (6826 kishi) joylashtirilgani, 1529 xo‘jalik esa ortga qaytarilgani ma’lum qilingan [7]. Bunga sabab, noyabr oyining birinchi yarmida Orol dengizi tumanlarida kuchli sovuq va bo‘ronlarning boshlangani bo‘lib, aholini Orol dengizi va Amudaryo qirg‘oqlari bo‘ylab poroxodlarda ko‘chirishning imkoni bo‘lmay qoladi. 9 balli dovul boshlanib [8], havo harorati -17, -21 gradusgacha tushib ketgan hamda kemalar suvda muzlab qolgan.

 

Orol dengizi hududiga joylashtirilishi mo‘ljallangan 6000 kishi belgilangan yo‘nalishga yetib bora olmagan va buyruqqa asosan ko‘chirish ishlari butunlay to‘xtatilgach, 800 ta baliqchi, 300 ta kolxozchi, 400 ta ishchi va xizmatchi oilalari ortga qaytarilgan. Ularning 5109 nafari O‘zbekiston SSRning boshqa tumanlariga takroran ko‘chirilgan [9].

 

Ular qish oyida bekor qolib ketmasliklari uchun yangi mehnat manzillariga qaytadan safarbar qilininadi. Unga ko‘ra, Tojikiston SSRdagi oltin qidirish ishlariga qora ishchi sifatida 300 xo‘jalikni, Qo‘qon shahridagi korxonalarga 400 xo‘jalikni, sovxozlarga 150 ta, Quyi Chirchiqdagi kolxozlarga 150 ta, Kalinin tumaniga 150 ta, Mirzacho‘l tumaniga 150 ta xo‘jalikni joylashtirish ma’lum qilingan [10]. Shu tariqa Qoraqalpog‘iston ASSRga koreys aholisini joylashtirish uchun noqulay vaqt tanlangani, ularning yo‘l yarmida sovuq dovulga uchrab, katta qiyinchiliklar bilan ortga qaytarilishiga to‘g‘ri kelgan.

 

O‘zbekiston SSRga ko‘chirilgan koreys xo‘jaliklari 196 ta mavjud bo‘lgan, 50 ta qaytadan tashkil qilingan mustaqil faoliyat yurituvchi kolxozlarga joylashtiriladi. 1938-yilda O‘zbekiston SSR va Qoraqalpog‘iston ASSRdagi jami 254 ta kolxozda 16 908 ta koreys xo‘jaliklari mehnat qilgan [11].

 

Sovet davlati vujudga kelgan davrdan boshlaboq, hokimiyatni yanada mustahkamlash hamda totalitar tuzumni qaror toptirish uchun qatag‘on usulidan keng foydalandi. I.Stalinning hokimiyat tepasiga kelgan davrdan to uning vafotiga qadar sodir etilgan sinfiy va etnik tozalashlar tufayli millionlab insonlar o‘z vatanidan maxsus manzilgohlarga majburiy ko‘chirib yuborildi. Xalqlarni majburiy ko‘chirish orqali sovet hokimiyati o‘zining siyosiy va iqtisodiy maqsadlarini amalga oshirishni rejalashtirib, turli millatlardan tarkib topgan davlatning demografik holatini sun’iy ravishda o‘zgartirib yubordi hamda bu siyosat keyingi davrlarda o‘zining ayanchli oqibatlarini birma-bir namoyon qila boshladi. Sovet davlatida kuchli ma’muriy buyruqbozlik tizimi ishlagani, inson huquqlari va erkinligi tushunchasiga mutlaqo zid faoliyat yuritgani, Konstitutsiya va qonunlarda fuqarolar tengligi e’tirof etilsa-da, amalda bunga yo‘l qo‘yilmagani butun boshli xalqlarni surgun qilishdek insoniyat tarixidagi eng og‘ir jinoyatning sodir etilishiga asos bo‘lib xizmat qilgan.

 

 

Mavluda RAHMONOVA,

O‘zFA Tarix instituti tayanch doktoranti

 

Foydalanilgan manba va adabiyotlar

1.                 Бугай Н.Ф. Иосиф Сталин – Лаврентию Берии: «Их надо депортировать...». – С. 6.

2.                 Ким П.Г. Корейцы Республики Узбекистан. – С. 13.

3.                 Ким П.Г. Корейцы Республики Узбекистан. – С. 13.

4.                 Эдиев Д.М.  Демографические потери депортированных народов СССР. – Ставрополь, 2003. – С. 103.

5.                 O‘zMA. R-837-jamg‘arma, 32-ro‘yxat, 590-yig‘majild, 4-bet.

6.                 O‘zR IIVA. R-432-jamg‘arma, 5-ro‘yxat, 2-yig‘majild, 164-bet.

7.                 “По решению правительства Союза ССР...”. Сборник документоварақ. Сост. и авторы Бугай Н. и Гонов А. – Нальчик, 2003. – С. 151-152.

8.                 O‘zR IIVA. R-432-jamg‘arma, 5-ro‘yxat, 5-yig‘majild, 522-bet.

9.                 O‘zR IIVA. R-432-jamg‘arma, 5-ro‘yxat, 5-yig‘majild, 566-bet.

10.            O‘zR IIVA. R-432-jamg‘arma, 5-ro‘yxat, 2-yig‘majild, 517-bet.

11.            O‘zMA. R-837-jamg‘arma, 32-ro‘yxat, 1228-yig‘majild, 26-bet.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//