Chexov va kino: ijodkorning dramaturgiyaga taʼsiri


Saqlash
12:48 / 25.04.2025 35 0

Rus yozuvchisi Chexov ijodini koʻpchilik hikoyalari orqali biladi, u qisqa satrlarda insonning tashqi va ichki dunyosini aniq tasvirlab bera olgan. Shu sabab dramaturgiyani sevgan adibning boshqa adabiy janrlardagi ishlari ham xuddi sahna uchun yozilganday tasavvur uygʻotadi. U vaziyatni ifodalash uchun soʻzlardan emas, qisqa pauzalardan foydalanishni afzal koʻrgan. Adabiyotda pauzalar paytida qahramon xayolini oʻqib, holatni tushunishimiz mumkin, ammo kinoda bu juda qiyin. Biroq Chexovdan keyin bu uslub dramaturgiyada ham keng tarqala boshladi.

 

Anton Chexovning asarlaridan tashqari, yana maktublari ham adabiyot va dramaturgiya uchun juda muhim sanaladi. Uning oʻsha mashhur gapi ham maktublarining birida yozilgandi: “Agar pyesa ijro etilayotgan paytda devorda miltiq osilib turgan boʻlsa, u jarayonda ishtirok etishi kerak, agarda uning keragi boʻlmasa, miltiqni olib qoʻying”. Asar yoki pyesadagi har bir element syujetga aloqador boʻlishi, ortiqcha elementlar boʻlmasligi kerak, degani edi bu. Shuningdek, hikoya boshidagi kichik syujet elementining yakunda muhim ahamiyat kasb etishini bildirardi. Ushbu gap isbotini biz koʻpincha detektiv filmlarda, xususan, “Jeyms Bond” haqidagi seriyalarda uchratamiz. Bu qoida zamonaviy kinoda “pilot-tvist” deyiladi. Unga koʻra, kartina boshida koʻrsatib oʻtilgan kichik jihat yakunda film asosini tashkil etadi. “Chexov miltigʻi” qoʻllangan mashhur filmlar sifatida “Shoushenkdan qochish”, “Qasoskorlar(Altron davri va Intiho)” “Qinidan chiqqan pichoqlar”, Beshinchi element” kabilarni aytishimiz mumkin.

 

“Qinidan chiqqan pichoqlar” filmidan kadr

 

Chexovning juda koʻp ishlari teatr sahnasida qoʻyilgan, ammo biz uning biror mashhur adaptatsiyasini bilmaymiz(ammo ular bor). Shunga qaramay, Chexov xuddi Shekspir kabi asarlari eng koʻp ekranga koʻchgan ijodkor hisoblanadi. Koʻplab mashhur rejissyorlar, xususan, Vudi Allen, Ingmar Bergman, Andrey Tarkovskiylar undan ilhomlangan. Zamonaviy kinoning juda koʻp nuqtalarida Chexov nafasi sezilib turadi. Jumladan, quyidagi ikki filmni biz “Chexovona kino” deb bemalol ayta olamiz:

 

“Mening mashinamni hayda”. “Oskar-2022” marosimida “Eng yaxshi xorijiy film” boʻlgan ushbu kartina Chexov bilan bevosita bogʻliq. Haruki Murakami asariga asoslangan, Ryusuje Hamaguchi tomonidan suratga olingan film syujeti markazida “Vanya amaki” asarini sahnalashtirish uchun Yaponiyaning uzoq shahriga yuborilgan teatr rejjisyori Kafuku turadi. Film xuddi Chexov asarlari kabi iztirobli odamlar haqida hikoya qiladi, xotinining oʻlimidan iztirob chekayotgan inson, Kafuku – bu haqiqiy Vanya. Uning qahramonlari soʻzga kelganda ojiz, iztiroblari ichkarida, u bularni aytish, yorilish uchun atrofga umid bilan boqadi. Film va asar yakuni ham bir xil – qahramonlar oʻz ogʻriqlarini qabul qilishadi, hali hayot oldinda ekanini anglab yetishadi.

 

 “Mening mashinamni hayda” filmidan kadr

 

“Qish uyqusi” – Chexovning “Ajoyib odamlar” va “Xotin” hikoyalaridan ilhomlanilgan film rejissor Nuri Bilga Jeylanga 2014-yilgi Kann kinofestivalining bosh mukofoti – oltin palma yaprogʻini olib kelgan. Mehmonxona xoʻjayini Aydinning oilasi, turmush tarzi, davr va atrofidagi odamlar haqida soʻzlovchi film oʻzida koʻplab axloqiy masalalar – sevgi, boylik, oilaviy hayot, diniy mavzularni mujassam etadi. Filmda ham xuddi adib asarlari kabi soʻzlar emas, balki nigohlar tilida soʻzlashiladi, qahramonlar tashqi dunyo kuchlari bilan emas, oʻz ichki dushmanlari bilan kurashadi. Aydin esa xuddi Platonov kabi – olim, oʻqimishli, boy, ammo buning hech kimga foydasi tegmaydi. U bunga harakat ham qilmaydi, u tirik, ammo yashamayapti. Bu esa filmni Chexov ruhiga moslashgan ajib bir dostonga aylantiradi.

 

 “Qish uyqusi” filmidan kadr

 

Aktyorlar ijrosidagi “Chexov uslubi”. Men teatr sahnasi va kino ijro mahoratidagi ushbu uslubni ham Anton Chexov yaratgan deyishni istar edim, ammo bunday emas. Ushbu ijro yoʻnalishini adibning jiyani – Mixail Chexov oʻylab topgan. Teatr dargʻasi Stanislavskiy qoʻlida taʼlim olgan M.Chexov Moskva teatri direktori boʻlgan, ammo SSSR mafkurasini qabul qilmagach, avval Germaniya, keyinchalik AQShga ketgan va oʻz nomini tarix sahifalariga yozishga erishgan. “Chexov uslubi” xuddi Chexov adabiyotda qoʻllagani kabi, ekrandagi aktyor holatni soʻzlar bilan emas, balki jismoniy harakat, imo-ishora tili bilan koʻrsatib beradi. Bunda aktyor sahnani faqatgina aqli bilan emas, balki butun tanasi orqali his qiladi, personajining holatiga kirishga erishadi.

 

 “Chexov uslubi”ni oʻqitish jarayoni

 

Bu uslub butun dunyo, xususan, Gollivudda keng tarqalgan, Entoni Hopkins, Jek Nikolson, Ingrid Bergman, Merlin Monro kabi aktyor va aktrisalar ushbu uslubni bevosita M.Chexovning oʻzidan oʻrganishgan. Tabiiyki, Mixail bu uslubni yaratishda Anton Chexov va Stanislavskiydan ilhomlangan.

 

Farhod AZAMOV

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Tarix

17:04 / 24.04.2025 0 220
Termiziy haqmi yo Farog‘iy?





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//