“Zahhoki moron” – Istibdodga qarshi ochilgan sahnaviy urush


Saqlash
12:03 / 05.10.2025 95 0

Turkistondagi jadid taraqqiyparvarlari ichida G‘oziy Yunus (1887–1942) alohida ajralib turadi. U dramaturgiya sohasida ham sermahsul ijod qilgan bo‘lib, qariyb 30 ga yaqin asarlar yozgan va o‘zga tillardan tarjimalarni amalga oshirgan. G‘oziy Yunusning sahna asarlari ichidan “Jaholat qurboni”, “Hoy Sharq”, “Farzand duosi”, “Johillar” kabi pyesalarni keltirib o‘tish mumkin. Bundan tashqari uning bisotida bir sahna asari borki, unga Firdavsiyning “Shohnoma”si asos qilib olingan.

 

 

Maqola avvalida yana bir muhim ma’lumotni aytib o‘tishim kerak: Tadqiqotlarda G‘oziy Yunusning ismi shu paytgacha “G‘ozi Yunus” shaklida xato qayd etib kelingan. Uning o‘g‘li To‘lqin G‘oziyevning shaxsiy arxivida saqlanib qolgan qo‘lyozma shaklidagi hujjatlar, maktublar, qolaversa adibning milliy va davriy matbuot sahifalarida e’lon qilingan maqolalarga qo‘ygan imzolarida adibning taxallusi “G‘oziy Yunus” – غازى يونس shaklida ekanligi aniqlangan. Keyingi tadqiqotlarda bu siymoning ismini asliga muvofiq – “G‘oziy  Yunus” shaklida yozish to‘g‘ri bo‘ladi. Endi maqolamizning asl maqsadiga qaytsak.

 

G‘oziy Yunus ijtimoiy  hayotdagi o‘zgarishlarning sabab va ildizlarini tarixiy jarayonlardan topishga intildi. Turkiston o‘lkasida yuz berib kelayotgan uzluksiz jaholat va qoloqlikni ikki-uch asrdan beri tizimli tarzda davom etib kelayotgan noto‘g‘ri “formula”ning natijasi deb bildi. G‘oziy Yunus ana shu formulani to‘g‘rilashga, jabr-zulm, zo‘ravonlik va haqsizlikka qarshi xalqda immunitet hosil qilish yo‘lida ko‘plab pyesalar yaratdi, o‘zga tillardan tarjimalarni amalga oshirdi. “Zahhoki moron” asari ana shunday sahna asarlaridan biri edi.

 

G‘oziy Yunusning “Zahhoki moron” pyesasi 1918-yilda Turkiston davlat nashriyoti tomonidan bosilib chiqqan. Pyesaga asos qilib olgan “Shohnoma” Eronning milliy dostoni va fors adabiyotining eng buyuk asarlaridan biri sifatida muhim o‘rin egallagan. Abulqosim Firdavsiy ushbu asarini 980–1018-yillar orasida yozgan. Dostonda Peshdodiylar, Kayoniylar, Ashkoniylar va Sosoniylar davriga oid voqealar yoritilgan. Jamshid, Zahhok va u bilan kurashgan Kova, Faridun, yettita qiyin ishni uddalagan Rustam, Turon mamlakatining hukmdori Afrosiyob (Alp Erto‘nga), Kaykovus, Kayхusrav, Isfandiyor, Doro  va Iskandar kabi qahramonlar to‘g‘risida ma’lumotlar mavjud.

 

 

1

“Zahhoki moron” asarining muqovasi.

 

Garchi, G‘oziy Yunus o‘zining “Zahhoki moron”iga “Shohnoma” asarini asos qilib olgan bo‘lsa-da, biroq uning o‘zi doston muallifi bo‘lmish Firdavsiyga nisbatan tanqidiy qarashlarga ega bo‘lgan. U  “Bilim o‘chog‘i” jurnalida chop etilgan “Qing‘ir tarixchilar” nomli maqolasida Firdavsiy to‘g‘risida quyidagi tanqidiy mulohazalarini keltirib o‘tgan: “Firdavsiy “Shohnoma”ni yozib o‘zini tanitmasa, uning kim ekanini bilmas edik, bugun Firdavsiyning “Shohnoma”sini o‘qub uning Eron millatchisi ekanini Kayyoniy tojini dunyo turguncha saqlashni istovchi, Eroniston uchun arab, turk xalqlari qurbon bo‘lsa bo‘lsun, Eronning butunligi uchun tirishuvchi bir kishi ekanligini “Mana men” deb ko‘rsatish bilan bilduk. Firdavsiy Eron xalqining jangovаrligini Eron paxlavoni Rustamni qancha ko‘tarib maqtaydir, Turon jangovarlarining boshlig‘i bo‘lg‘on Afrosiyob bilan arab pahlavoni Sa’d Vaqqosning kuch-quvvatini e’tirof etgan holda, quturib ularni so‘kadir. Turoniylar bilan arablarning dunyoda yashash uchun haqqi yo‘q degan da’volarni qiladir”.

 

Haqiqatdan ham, Firdavsiy Eron pahlavon va shohlarini tasvirlashda o‘ta mubolag‘aga yo‘l qo‘ygan. Masalan, u Rustamni tasvirlar ekan u bo‘kirsa tog‘lar larzaga kelishini, yurganida zalvori sabab oyog‘i yerga botib ketishini, o‘tirgan chog‘ida bo‘yi hammadan baland bo‘lishini, tun-u kun ot chopib charchamasligini, bir kunda ikki kunlik yo‘l bosib o‘tishga qodir ekanligini yozgan (Ehtimol, shu boisdan ham Mahmud G‘aznaviy Firdavsiyga yetarlicha iltifot ko‘rsatmagandir).

 

 

“Zahhoki moron” ikki bo‘lak va to‘rt pardadan iborat. O‘z navbatida pyesa pardalari “majlis” deb ataluvchi kichik pardalarga bo‘linib ketgan. Bu XX asrning 20-yillaridagi pyesalarga xos bo‘lmagan holat hisoblanadi. Mazkur jumboqning javobini asarning kirish qismida muallifning o‘zi bergan. Adibning yozishicha teatr binolarining jihozsizligi, sahna ko‘rinishiga mos va xos bo‘lgan turli hil asbob-uskunalarning yetishmasligi va eng muhimi chiroqlarning tez-tez o‘chib turishi uni shunday yo’l tutishga majbur qilgan. Shuning uchun ham G‘oziy Yunus asarni ikki bo‘lak va to‘rt pardadan iborat holda yozishga majbur bo‘lgan.

 

Adib asarda Abulqosim Firdavsiyning “Shohnoma” dostoni tarkibidagi “Zahhok va uning otasi haqida qissa”, “Iblisning oshpazlik qilgani”, “Zahhok va temirchi Kova” dostonlaridan foydalangan va unga zimdan Turkiston xalqining erksizligi va buning natijasida yuzaga kelgan xo‘rlik hissini badiiy yo‘sinda urg‘ulab, ulug‘ fors shoirining shoh asarini sahna asari ko‘rinishida “milliylashtirgan”.

 

Adibning o‘zi ushbu asarni yozishdan bo‘lgan maqsadini quyidagicha ochiqlaydi: “Bu teatru kitobini yozuvdan maqsudim bizning orqada qolg‘on sanoyi nafisamizga (teatr – M.Alijonov) xizmat qiluv bilan birga hozirgi vaqtda o‘z turmushimizdan olinib, yozuvchilarimiz tarafindan yozilib, sahnalarda ko‘rsatilib turg‘on asarlarga bir tarixiy asar qo‘shuvdir”.

 

Umuman pyesada Zahhok, bosh vazir, birinchi va ikkinchi vazir, birinchi umaro, ikkinchi umaro, Kova, Kovaning xotini Mehrnoz, o‘g‘illari Ashkash, Shopur, inqilobchi Mehros, boy, boyning xotini Gulbod, ularning bolalari, Nosihi amin oshpaz, tabib qiyofasida ko‘rinuvchi Shayton, jallod, yasovullar boshlig‘i, bog‘bon – hammasi bo‘lib yigirma nafar personaj ishtirok etadi. G‘oziy Yunusning aytishicha ushbu pyesa ilk bor 1919-yil 27-sentyabrda Toshkentda, “Kolizey” binosida tomoshabinlar e’tiboriga havola qilingan. Ushbu spektaklda Zahhok rolini Mannon Uyg‘ur, Temirtoshni G‘oziy Yunus, bosh vazirni Qayum Ramazon, Kovani Fathulla Umarov, uning xotini Mehrnozni  Ma’suma Qoriyeva, Iblisni Abror Hidoyatov o‘ynagan.

 

G‘oziy Yunusning ushbu pyesasi Zahhokning qanday qilib otasining taxtini egallash haqidagi xayollari bilan boshlanadi. Zahhok bunga erishishning yagona yo‘li sifatida otasini o‘ldirish deb biladi. Biroq Zahhok otasini o‘ldirib taxtga egalik qilish borasida ikkilana boshlaydi. Uning ushbu ruhiy kechinmalari asarda quyidagicha tasvirlanadi:

 

Zahhok (o‘z-o‘ziga)Podshoh bo‘lmoq uchun dunyoda men qilmag‘on makr-u hiylalar qolmadi. Lekin ming afsuski xalq kaminaning o‘rniga otamni podshoh qilib shohlik tojini uning boshiga kiydirdi. Xalq esa otamning yuritayotgan to‘g‘ri siyosatidan g‘oyatda mamnundur. Otam xalqning xohishini yaxshi tarafdan o‘ziga tortadir, xususan otamning adolati butun katta-yu kichikka qilg‘on ibrati va bundan boshqa shohlarda bo‘lmag‘on g‘ayrat va matonat xalqning mehrini otamg‘a mahkamlashtiradur. Ish mundog‘ bo‘lg‘ondan keyin otamning tirikligi chog‘ida hech vaqt podshohliq menga nasib bo‘lmaydir. Fikr yuritib chora topishim kerak. Topdim! Bir ish qilib otamni o‘ldirmoq kerak. Chunki otam o‘lsa xalq albatta meni podshoh qilib ko‘tarar. Chunki bu holatda podshohliqg‘a mendan munosib bir kishi topilmas. Tabiiyki, xalq o‘z shahzodalari bo‘la turib ikkinchi bir kishini podshoh qilmaylar. Har holda dunyo muboraza (kurash, jang-jadal – M.Alijonov) hayotidir. Xalq mendan boshqani podshoh qilaman deb taxtni ag‘darmoq yaramaydir. Mana otam ham toj-taxtga ega chiqmoq uchun qancha g‘ayrat, jahd sarf etdi. Odam ko‘tara olmaydigan og‘ir mashaqqatlar bilan o‘ring‘a o‘tirib butun dunyoga hukmronliq qilib tarixni qilg‘on ishlari bilan ziynatladi. Otam ham toj-taxtni osonlik bilan qo‘lg‘a kiritmadi. Otam tomonidan ko‘rsatilgan favqulodda g‘ayrat va matonat orqasidan toj-taxt otamg‘a nasib bo‘ldi. Bu yo‘lda men ham yo‘limda uchragan har narsani yakson qilib maqsadimga erishaman. Hozirda menim qarshimda birgina zo‘r mone bor, u har qandog‘ monelardan ortiqdir”.

 

Biroq, Zahhok o‘zining o‘ylaridan qo‘rqib ketadi va taxtni otasini o‘ldirib egallash qattiq gunoh va jinoyat ekanligini o‘z-o‘ziga ta’kidlaydi. Shunda unga “yordam”ga Shayton keladi va otasini o‘ldirish toj-taxt yo‘lida oddiy ishligini aytib uni gij-gijlaydi.

 

Shunday qilib, Shayton Zahhokka taxtni nihoyatda go‘zal tarzda ko‘rsatib, uni egallash otaga bo‘lgan muhabbatdan ham ortiqroq zavq berishiga ishontiradi. Natijada, Zahhok Shaytonning firibiga uchib otasini o‘ldiradi va taxtni egallaydi. G‘oziy Yunus ushbu asarida insonlar fe’l-atvoridagi mol-dunyo va saltanatga bo‘lgan muhabbatning nihoyatda kuchliligi va bu yo‘lda har qanday razillikdan ham tap tortmasligini ochib berishga harakat qilgan va aytish mumkinki, buni mohirona tarzda uddalagan.

 

Asarda qayd etilishicha, Zahhok taxtga o‘tirgach shayton oshpaz qiyofasida uning saroyiga tashrif buyurib, o‘zini Nosih deb tanishtiradi va shoh uchun shirin taomlar pishirib Zahhokning mehrini qozonadi. Bir kuni Zahhok oshpazni (ya’ni Shaytonni) mukofotlamoqchi ekanligini aytib uni o‘z huzuriga chorlaydi:

 

Zahhok Yo Nosih! Sening qilg‘on taoming har birimizga maqbul bo‘ldi. Shuning uchun davlat huzurida har qanday talabing bo‘lsa so‘ragil, hech qaytarmasdan qabul qilurman.

 

Ayyor Shayton shohning ushbu gapiga javoban:

 

Shayton Bu kungi taom u darajada maqtaydurg‘on emas, ertaga bundan ham lazzatli taom tayyorlayman. Bu xizmatim uchun hech mukofot so‘ramasman. Mening birgina iltimosim sendek podshohi odilning salomatligidur.

 

Zahhok – Ey Nosihi Amin! Sadoqatingdan mamnunman. Lekin shu soat mendan bir narsa talab etmasang xursandligimdan yorilarman.

 

Shayton – Podshohi olam! Bo‘lmasam menim istagim, agar ruxsat bersangiz, ikki kaftingizga yuz va ko‘zimni surib o‘psam (Arkoni davlat hayron bo‘lub bir-biriga boqar).

 

Zahhok – (Taajjub yuzi bilan) Yo Nosih! Bu ishdan senga nima foyda bor? Bir narsa so‘ragilki, o‘tkan podshohlardan hech biri raiyatga bunday karambaxshlik qilmag‘on bo‘lsun.

 

Shayton – Shoh! Mening bundan hech talabim yo‘q edi. Modomiki bir nima talab qil deb zo‘rlading. Men shunigina talab qildim. Umid qilurmankim menim bu talabimni qaytarmaysan. Chunki bu vasiyla bilan xalq orasida mening obro‘yim ziyoda bo‘lur. Sen bilan mening oramizda bo‘lg‘on do‘stlik robitalari oshkor bo‘lur.

 

Zahhok – Ey Nosih! Muroding shul bo‘lsa kel!

 

Shundan so‘ng Zahhok kaftini ochadi, shayton ta’zim qilib suyunch bilan shohning qo‘liga yuz-ko‘zini surtib asl qiyofasida saroy ahliga o‘zini namoyon qiladi va qah-qah urib kulgan holda ko‘zdan g‘oyib bo‘ladi. Devon ahli esa yuz bergan bu holdan qattiq qo‘rqib sakrab tushadi.

 

Shayton ko‘zdan g‘oyib bo‘lgach Zahhokning yelkasi qichishib uning ikki yelkasidan ikkita ilon o‘sib chiqadi va u shohga qattiq azob bera boshlaydi. Zahhok bu dardning da’vosini izlab butun dunyo hakimlarini o‘z huzuriga chorlaydi, biroq tabiblarning birortasi ham bu g‘aroyib kasallikka da’vo topolmaydi. Ana shunda saroyga yana Shayton tashrif buyuradi, bu safar tabib qiyofasida. Tabib qiyofasidagi Shayton Zahhokka og‘riqlarini aritish maqsadida quyidagicha maslahat beradi:

 

Tabib (shayton) – Podshohi olam! Sening darding g‘oyat xavflidur. Bunga hech bir iloj qilib bo‘lmas, buni o‘zing ham bilursan? Bir chora bor, biroq bu juda qiyindur. (Zahhokning chehrasida g‘azab alomati) Buning uchun birgina yo‘l bor.

 

Zahhok – Ul qaysi yo‘l, tez so‘yla!..

 

Tabib (shayton) – Har kun ikki odam [go‘dak] ning miyyasini chaqib, bu ilonlarg‘a berasan. Bular taskin topmasa o‘zingni yemoqg‘a boshlaydilar, u vaqtda halok bo‘lursan. Bundan boshqa iloj yo‘q. Har kuni ikki raiyatning qoni sening hayoting uchun haloldur.

 

Albatta, G‘oziy Yunus yomonlik ustidan yaxshilik va ezgulikni g‘olib qilish maqsadida Kova personajini o‘z asariga olib kiradi. Kova temirchi bo‘lib, Zahhokning dardini yengillatish yo‘lida uch farzandidan ayrilgan edi. Va tabiiyki alamzada ota shohga qarshi isyon ko‘taradi. Bu paytga kelib xalq ichidan jami 17 nafar go‘dak Zahhokning nafsil-amri uchun qurbon qilingan edi. Shu boisdan xalq ham Kovaning atrofida to‘planadi. Pyesaning oxirida temirchi Kova xalqni o‘z atrofida uyushtirib Zahhok ustidan g‘alaba qozonib, xalqni undan halos qiladi.

 

 

“Zahhoki moron” asariga ishlangan surat.

 

Bir so‘z bilan aytganda, “Zahhoki moron” asari zulm va istibdodga, diktaturaga qarshi ochilgan sahnaviy urush edi. Bundan tashqari G‘oziy Yunus Zahhokni yo‘ldan ozdirgan va keyinchalik bedavo dardga yo‘liqtirgan narsa Shayton tomonidan unga berilgan taom ekanligini urg‘ulab, bolsheviklar tomonidan Turkiston xalqiga singidirilayotgan sotsialistik va kommunistik mafkura ham ana shu “taom”ga juda o‘xshashligini, bu “taom”dan zaharlangan siyosiy elita kelgusida o‘z xalqining boshiga juda katta balo-yu ofatlarni olib kelishini kosa tagida nimkosa tarzida ifodalab bera olgan. Lekin kosa tagidagi nimkosani bolsheviklar ham yaxshi ilg‘agan edi. Shu boisdan ham G‘oziy Yunusning “Zahhoki moron”i sahnadan olib tashlandi. Hatto, Cho‘lponning: Endi bu bir qo‘yilib o‘tkan va qo‘shilib, butunlanib bostirilgan o‘rtoq G‘oziy Yunusning “Zahhoki moron”ini ko‘rishga tilaymiz. Bu asarning qo‘yilg‘onig‘a ko‘p bo‘ldi. Xalq sog‘ing‘ondir” deb yozgani ham e’tiborsiz qoldirildi.

 

Keyinchalik esa G‘oziy Yunus millatchilik va aksilinqilobchikda ayblanib 1937-yil 6-avgustda qamoqqa olinib qatag‘on etildi.

 

 

G‘oziy Yunus qamoqxonada (1937-yil).

 

Muslimbek ALIJONOV,

tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Tarix

11:10 / 03.10.2025 0 613
4-oktabr. Mashʼum kundan guvoh hujjatlar

Mafkura

18:10 / 02.10.2025 0 417
Alamim bor...





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//