
Kim qancha yashasa ham hosilasi “dunyo derazasi”dan bir boqishlik muddat bo‘lib qolaveradi. Muhimi, o‘sha derazadan qanday boqishda. Izidan kelayotganlar ibrat olishga arzirli meros qoldira bilishida. Ana shunda u bu dunyo derazasidan mazmunli boqib ketgan bo‘ladi. Bugun professor Shomirza Turdimov bilan ana shu mavzular xususida suhbatlashdik.
– Inson taqlid qilib o‘sadi, yashaydi degan gap bor. Chunki taqlidchilik har qanday tirik mavjudot rivojlanishining asosiy usullaridan biri. Eng ajablanarlisi, odam miyasi o‘ziniki bo‘lgani bilan undagi ma’lumotlarning aksari jamoaviy ong hosilasi ekan. Demak, inson ongi jamoaviy tushunchalar, ramzlar va ishonchlar sandig‘i, ularni ishlab chiqaradigan va tarqatadigan vositadir. Shu o‘y-xayollar ta’sirida sizdan so‘ramoqchi bo‘lganim: jamoaviy ong shakllanadimi yoki tayyor hosilami?
– Eng avval inson hayotida taqlidning o‘rni masalasiga to‘xtalsak.
Haqiqatan ham taqlid bolalikda hayotiy tajribalarni o‘zlashtirishning eng asosiy vositasi. Bolalar folklori, o‘yinlarining juda ko‘p qismi taqlid asosida ekani shuni isbotlaydi. Lekin inson hayotida taqlidning darajalari bor. Agar inson bir umr taqlidchi bo‘lib qolsa, unda shaxs shakllanmaydi. Chunki shaxs degani insonning o‘zini o‘zi namoyon etishi va himoya qilishidir. Shaxs bo‘lib yetilmasa, inson ommaning ichida yo‘qolib ketadi. Haqiqiy katta shaxslar yo‘lboshlovchi bo‘ladi.
Ma’lum miqdordagi ba’zi shaxslar ommaning niqobida yuradi. Omma va ommaviy ong degan tushunchalar ham mavjud. Bular nima o‘zi? Har bir atamaning aniq chegaralarini belgilab olish darkor. Ommaviy ongning ahamiyati ayniqsa hayvonlar hayotida yaqqol bilinadi. Biologlarning tasdiqlashicha, agar ommaviy ong bo‘lmasa, hayvonlarning mavsumiy ko‘chishi sodir bo‘lmaydi.
Siz so‘ragan savolga kelsak, insoniyat hayotida jamoaviy ong qayerdan paydo bo‘ladi, qanday rivojlanadi degan masaladan boshlash kerak. Shu o‘rinda bir o‘xshatishni keltirmoqchiman, ammo aytib qo‘yayki, har qanday o‘xshatish aybli bo‘ladi, chunki u bitta masalani izohlaydi va faqat o‘sha masala yuzasida o‘zini oqlaydi, ammo boshqa tarafdan aybli bo‘lishi ehtimoli ko‘p. Yumaloq favvorani ko‘z oldimizga keltiraylik. Uning umumiy sathi, otiladigan o‘rni bor, lekin otiladigan joyi umumiy sathdan baland bo‘ladi. Umumiy sath jamoaviy ong deganimizga to‘g‘ri keladi va ma’lum ma’noda ommaning fikr darajasini belgilab ham beradi. Suv otilib chiqadigan joyni SHAXSning ongiga qiyoslash mumkin. Shaxslarning ommadan ajralib turishi ularning otilib chiqishida ko‘rinadi.
Mashhur Tesla aytadi: “Mening miyam radiopriyomnik, butun kashfiyotlarning hammasini tepadan, ana shu yadrodan olaman, lekin u yadroning qayerda ekanini aniq bilmayman, ammo borligiga iymonim komil”. Dinda ham bu atamaning muqobili bor. Lavhul mahfuzda butun dunyo taqdiri bitilgan deyilishi ana shu tushunchaga to‘g‘ri kelsa kerak. Men dinshunos emasman va bu narsalarga aniq javob bera olmayman, biroq ma’lum miqdordagi anglamlarimdan Tesla aytgan yadro Lavhul mahfuz bo‘lsa kerak deb o‘ylayman.
Barcha insonlarning taqdiri oldindan bitib qo‘yilgan degan oddiy ifodadan oladigan xulosamiz shuki, inson hayotida o‘zlashtiradigan narsalarning hammasi bir-birini takrorlaydi. Insonning “taqdiri azaliy, iymoni amaliydir”. Taqdirning azaliyligi qachon tug‘ilishimiz, qachon o‘lishimizni bilmasligimiz bo‘lsa, iymonning amaliyligi bajargan amallarimizda ko‘rinadi. Shuningdek, kulli aqlimiz amal bilan, tajriba bilan, fikrlash bilan ko‘p narsaga erishish imkoniga ham ega. Qolaversa, shaxs sifatida shakllanishimizda amallar muhim o‘rin tutadi. Agar odam taqlid doirasida qolib ketsa, u shaxs bo‘lolmaydi. Taqlidchilar umumiy sathdan nariga o‘tolmaydi. Insonning imkonida doimo yangilanish ehtiyoji bor.
“Muhabbat eski narsa, har ko‘ngil uni yangirtar” deydilar. Muhabbatning ham darajalari borki, yuksak sevgiga erishgan bilan avom sevgisiga ega bo‘lganlarning ko‘ngli bir-biriga mos kelmas. Sababi, suvning tepadan to‘kilishi bor, tepaga otilishi bor. Shu kabi har bir tushunchaning qaysi o‘rinda, darajada turganini baholash muhimdir.
– Fikrlash har kimning shaxsiy doirasida ro‘y beradi, ammo amaliyotda ommaviylik hukmron. Shu sababdanmi rivojlanish ko‘pchilik qabul qilgan yo‘nalishda amalga oshadi.
– Shaharda yashashning o‘z qoidalari, keng dalada yashashning o‘z amallari bor. Ikkovining shart-sharoiti bir-biriga to‘g‘ri kelmaydi. Masalan, shaharda yo‘l harakati svetofor orqali boshqariladi va buni hamma qabul qiladi, qabul qilmagan jarimaga tortiladi. Ammo cho‘lning o‘rtasida svetofor o‘rnatish aqldan tashqari narsa. Shu kabi ko‘pchilik qabul qilgan yo‘nalish – jamiyat qabul qilgan yo‘nalishdir. Kiyim kiyish jamiyat axloq normalariga mos keladi, ammo o‘rmonda yashaydigan odam uchun buning ahamiyati yo‘q. Bunday qoidalar jamiyatning rivojlanishiga xizmat qiladi. Axloq dinning asosi ekanligi bekorga emas, chunki odamga uyat, halol-harom degan tushunchalar singdirilgan bo‘lishi kerak. Shu tushunchalar poymol bo‘lganda jamiyat izdan chiqadi va rivojlanish to‘xtaydi.
Shaxsning ba’zi harakatlari ommaga to‘g‘ri kelmasligi mumkin, chunki shaxs omma uchun yashamaydi. U o‘zi uchun yashaydi, omma u uchun qiziq emasdek. U qarashlarini ommaning mezonlari bilan o‘lchamaydi. Shunisi e’tiborliki, folklorda ham, mumtoz adabiyotda ham, hayotda ham xoslar degan tushuncha bor. Folklorda eranlar, homiylar “aybli” tasvirlanadi. Buning sababini juda oddiy tushuntirish mumkin. Agar omma bir odamni eran deb bilsa, shu odamda katta quvvat borligini sezsa, albatta uni suiiste’mol qilishga harakat qiladi. Hayotda homiylarning quvvatini omma suiiste’mol qilmasligi uchun tabiat deysizmi, xudo deb olasizmi, umuman borliqni tartibda ushlab turuvi bir qudratli KUCH ularning harakatini yashiradi.
Masalan, ertakda homiylik qiluvchi bo‘rining cho‘loq bo‘lishi shundan. Aslida bu bo‘rining quvvati juda katta. Buni esa faqat qahramongina anglaydi, lekin boshqara olmaydi, o‘zi boshqariladi. Bu kuchni anglaganning darajasi ham homiyning darajasiga yaqinlashib qolgan bo‘ladi. Bular sirni oshkor qilmaydi, oshkor qilsa quvvatdan mahrum bo‘ladi. Shu uchun aytiladiki, xoslarning yo‘li TIGʻ yo‘lidir, agar xato qilsa, tig‘ uni kesib ketadi. Xuddi shu kabi har kimning fikrlashi shaxsiy bo‘lsa-da, rivojlanish umumiy bo‘ladi. Xoslarning fikrlari ko‘pincha ommaning mezonlariga teskari keladi. Xosning xosligini omma bilmasligi kerak, mana shu – mezon.
Agar bilsa, uning xosligi yo‘qoladi va kuchi qolmaydi.
Har bir davrning o‘z eranlari, chiltanlari bo‘ladi, bu haqda avom va xos o‘rtasidagi farqni sezgan, bilgan, his qilgan odamlar gapirgani ma’qul, biz oddiy odamlarmiz, folklorda tasvirlanganini ayta olamiz, xolos.
– Inson tabiatida botiniy ong, ya’ni intuisiya (savqi tabiiy) aksariyat hollarda ongli fikrlashdan keladi. Shunday holda qay biriga quloq solgan ma’qul?
– Intuisiya degani insonning asl va tabiiy holatiga uyg‘unligidan kelib chiqadi. Biror narsa qilishdan avval xayolingizga kelgan oniy fikr “yo‘q” degan bo‘lsa-yu, siz unga qarshi borib, teskarisini qilsangiz, u ko‘pincha amalga oshmaydi. Ba’zi odamlarning ichki sezgisi suvdek tiniq bo‘ladi. Intuisiya, sezish tabiatga uyg‘unlikdan darak beradi. O‘tmishning odamlari tabiatga hamisha yaqin bo‘lgan. Tabiatga yaqinlik tabiiy qonuniyatlarga bo‘ysunib yashashni bildiradi. Insonning halqumi toza bo‘lsa, tabiatga ters bormaydi. Halqumi toza degani halol yeb, halol yashash demakdir. Kishining o‘yi, so‘zi, amali uyg‘unlashish kerak, bu esa har kimning ham qo‘lidan kelmaydi.
Odamda juz’iy va kulliy aql bor. Juz’iy aql – qo‘riqchi. Aqlning darajalari xalq ertaklarida aytib qo‘yilgan. Uch aka-ukaning birinchisi juz’iy aql egasi bo‘lib, u tanasi nimani buyursa, shuni qiladi. Uning boradigan joyi oshpazga o‘t yoquvchilikdir. Ikkinchisi hammomga boradi, aqli yetarli, faqat tanasini tozalaydi-yu, ko‘ngilni tozalamaydi. Kenja esa borsakelmas yo‘ldagi aql va muhabbatni tanlaydi. U yalmog‘iz – nafsni yengishi kerak. Nafsni esa o‘ldirib bo‘lmaydi, uni yengish mumkin. Yalmog‘iz – nafs suvga cho‘ktiriladi. Suv esa ko‘ngil oynasidir. Xalq qo‘shiqlarida:
“Eshik oldi oydin ko‘l,
Oyna solsam botmaydi.
Men yorimga xat yozsam,
Javoblari kelmaydi”,
deb aytiladi. Bu yerda ham ko‘ngilning oynaga o‘xshatilishi bor. Ko‘ngil oynasi qanchalik toza bo‘lsa, uning tubidagi xazinalar shunchalik ko‘rinadi.
– “Tilni shaxslar emas, xalq yaratadi” degan naql bor. So‘zlarni ham odatda xalq topadi. Ayrim so‘zlarni olimlar, yozuvchilar yoki tilshunoslar yaratgan bo‘lishi mumkin, lekin shu so‘zlar ham omma foydalana boshlagandan keyingina tan olinadi, muomalaga kiradi. Shunday ekan, so‘zda alohida shaxslarning emas, balki jamoaning ongi o‘z aksini topadi. Odamzotning jamoaviy donoligi xalq ijodida barhayot. So‘zning magik xususiyati ham aynan ko‘pchilikka tegishli ekanida, unda ko‘pchilikning ulushi borligida, shunday emasmi?
– Ma’lumki, Momo Havo Odam Atoning qovurg‘asidan yaralgan, ya’ni qayta ishlangan “mahsulot”. Odamning farishtalardan ustunligi unga barcha narsalarning ismi o‘rgatilganida edi. Ism faqat so‘zgina emas, u har bir narsaning quvvati hamdir. So‘zning quvvatini folklorda magiya deymiz. Kompyuterning raqamli kodlari orqali programmalar yaratilganidek, so‘zdan ham quvvat yaraladi. Lekin biz so‘zni mardikordek ishlatamiz, o‘tmishdagilar so‘zning poetik quvvatini sezishgan, tirik saqlashgan. Masalan, “qip-qizil nartdek yuz” degan iborani olaylik. Nart – uzumning shoxasi. U sog‘lom bo‘lsa, qizarib turadi. Yuzning ham tozasi qizarib, nurli bo‘lib turadi. Xalq esa o‘xshatishlarning barini tabiatdan olgan. Inson so‘z yaratishi mumkin, ammo yaralgan narsalar asosida yaratadi. So‘z yaralishining ibtidosi, strukturasi u yoqda turibdi. Inson esa bor so‘zlardan so‘z yasay oladi. Men “la” so‘zi haqida ko‘p gapiraman, ashula, yalla, alla, o‘lan, lapar va hokazo. Bu so‘zlarning barining o‘zagida “la” turibdi. Buni juda qadimiy so‘z, ohang bo‘lsa kerak deb o‘ylayman. Chunki u kuyga, irga o‘xshaydi. Buni aniq bilaman deb aytolmayman, chunki “bilaman” deyish inson imkoniyatlarini cheklab qo‘yadi. Narsalarning ustidan hukmronlik qilish, uni yengishdek ko‘rinsa-da, aslida yengilishdir. Narsalar va odamlarni borligicha qabul qilish kerak, lekin hukm chiqarish shart emas, hukm faqat Ollohdan.
Folklorni xalq yaratadi, ommaviy ong shunday yaraladi. Inson kanallari ilhom holatida yadro bilan bog‘lanadi. Ijod va ijro yo‘li yadroga bog‘langan payti so‘z ham, shakl ham, kuy ham osongina quyilib keladi. Buni o‘rgatib bo‘lmaydi. Jaloliddin Rumiy bilan Shayx Tabriziyning bir-biriga muhabbatini “pastdagi”lar tushunmaydi, uni anglash uchun o‘sha darajaga yaqin kelishi kerak. Odamning gapirayotgan so‘ziga qarab baholash mumkin, lekin uning ongida qanday fikrlar kechayotganini ko‘rib bo‘lmaydi. Odamlar bir-birini to‘liq anglay olmaydi. Inson intuisiyasi, sezgilarini so‘z bilan ifodalash mushkul, bu yerda so‘z ojiz qoladi.
Folklordagi biror qo‘shiq yo ertak bir odamning taqdiridan so‘zlamaydi, u butun xalqning taqdirini gapiradi, unda butun xalqning quvvati yig‘ilgan. Biz shu quvvatga bog‘lanamiz va ular anglaganini anglaymiz. Buning ham darajalari mavjud. Qanchalik katta darajada anglansa, shunchalik quvvatga ega bo‘ladi. Masalan “Ahmadlar” degan ertakni olaylik. Undagi Ahmad suvchi, Ahmad toshchi va Ahmad kamalak kabi ko‘makchilarning barcha quvvatini Ahmad qahramon yengib, ularning bor kuchini o‘ziga singdirib oladi. Natijada yig‘ma Ahmad paydo bo‘ladi. Shu kabi insonning quvvati uning egallagan bilimlari bilan emas, balki borini jonli qabul qilishiga bog‘liq.
– Kishining ruhiy holati shundayki, u qayerda bo‘lmasin, nima qilmasin har doim yolg‘iz emasligini ongli yoki ongsiz ravishda his qiladi. Shu bois odamlar orasidami, o‘zimi, cho‘ldami, tog‘dami – qat’i nazar o‘zini yakka sezmaydi. Har doim ruhiy olam bilan aloqadorlik bor. Ushbu jamoaviy ruhiy holatning shakllarga kirishi, so‘zga aylanishi folklorning kuchini, yashovchanligini ta’minlovchi omil deb bilaman. Sizning bu boradigi fikrlaringiz?
– Rauf Parfining qanchalik quvvatli shoir ekanini ko‘pchilik biladi. Uning bir gapi bor: “Odamni qamab qo‘yish mumkin, lekin uning ruhini zanjirlab bo‘lmaydi”. Yana bir eng qiziq gapi: “men tushimni boshqara olaman” deb aytadi. Men buni bekorga aytmayapman. Shaxs qanchalik o‘zini-o‘zi anglasa, bilimi shunga yetsa, u katta quvvatga ega bo‘ladi va unga odamlar bilan suhbatlashish shart emas. Tush bilan hushning unga farqi qolmaydi. Tush bilan hushning farqi shuki, tushda zamon va makon yo‘q, hammasi aralashib yaxlit singishgan bo‘ladi. Odamga bekorga tush va hush berilmagan deb o‘ylayman. Chunki bu holat odamni navbatdagi bosqichga tayyorlash. Navbatdagi bosqichni biz faqat taxmin qilamiz, chunki hech kim borib qaytmagan. Tushlarni tahlil qiladigan bo‘lsak, shuning o‘zi bizga ko‘p bilim va tajribalarni o‘rgatadi. So‘z, holat, zamon, makon haqida ham men shug‘ullanadigan sohaning shu tajribalar ichida turgani xursand qiladi. Odamning odamga munosabati ham uning qaysi darajada turganini bildiradi. Uni yashirib bo‘lmaydi – so‘zidan, harakatidan, amalidan bilinib turadi. Bu yerda falonchi deyish shart bo‘lmaydi, chunki uning falonchiligini o‘zi gapirib, bildirib qo‘yadi. So‘zlarni, harakatlarni birov izohlashi shart emas, buni anglamaganlar amalga oshiradi. Har bir harakat odamning o‘zidan gapiradi.
– Aksariyat ijodkorlar uslub, shakl haqida bosh qotiradilar. O‘ziga xos ovoz, yo‘nalishga ega bo‘lish – hamma ijodkorlarning orzusi, maslagi. Sizning folklorshunos bo‘lishingizga nima turtki bo‘lgan hamda uslubingiz ramzlar bilan o‘ralganining sababi nima?
– Men yoshlikdan folklorshunos bo‘laman degan niyatda o‘qishga kirganman. Ergash otaning ishini davom ettiramiz deb o‘ylaganmiz. Ergash Jumanbulbulning yubileyidan so‘ng uning ijodiga qiziqqanim sababli folklorshunos bo‘lishim kerakligini anglaganman. Bu qondan o‘tgandir balki. Odamlar o‘qib o‘rganadigan narsalarni men eshitib o‘sganman. Dastlab Xorazm xalq qo‘shiqlarini o‘qiganman. Qo‘shiqda aytiladiki:
“Shoyi ro‘molimni shamolga yoydim,
Tillo duzuvimni bo‘ynimga osdim,
Tut ostida yotgan ekan bo‘z bola,
Opajon, bilmayin oyog‘in bosdim”.
Ko‘p qo‘shiqlarda ro‘mol obraziga duch kelaverdim. Va ularning barini bir joyga yig‘ib ko‘rdimki, ro‘mol o‘z ma’nosida kelmayapti. Ro‘molning oila ramzi ekanligini, uning marosimdagi o‘rni va xalq qo‘shiqlaridagi mazmunining uyg‘unligini ko‘rdim. Shundan so‘ng boshqa ramzlarga qiziqib ketdim. Shu tariqa ramzni jahon adabiyotshunosligidagi mezonlar asosida o‘rganib chiqdim. Har bir janr, har bir asarning semantikasini o‘rganishga ehiyoj tug‘ilgan. Barcha narsalarning mohiyatida ramzlar yotganini intuitsiya orqali sezganman. Yoshligimdan “Go‘ro‘g‘li” dostonlarini o‘rganish asosiy maqsadim bo‘lgan. Chunki Qo‘rg‘on dostonchilik maktabini va uning tarixini o‘rganishda “Go‘ro‘g‘li” dostonlari muhim o‘rin tutadi. Uning mohiyatida o‘lib tiriluvchi mif turganini anglab yetgach, asos – o‘zanga tushib olganman. Mendeleyev jadval tuzgani kabi “Go‘ro‘g‘li” dostonlari mohiyatini, uning strukturasini yagona jadvalga solib oldim.
Rasm chizishga qiziqaman, lekin rassom bo‘laman deb harakat qilmaganman. Hech qachon falonchini chizaman yoki falon ramzni chizaman deb o‘ylamaganman, qo‘lim o‘zi chizib ketaveradi. Buyam bir ne’mat deb bilaman.
– Ijod azaldan inson taqdiri, uning ezgulik va yovuzlik o‘rtasidagi o‘rnini doim ko‘rsatib kelgan. Insonning mohiyati uning kurashuvlari zamirida ochilib borar ekan, asli uning ma’no-mohiyati nimadan iborat o‘zi?
– Dunyo dinlarini olaylik, ularning bari Olloh yagonaligini targ‘ib qiladi va payg‘ambarlarga bu yo‘lda kurashish kerakligi aytiladi. Ijod insonning o‘zini namoyon qilishi bo‘lib, egallagan bilim va tajribalari yuzaga chiqadi. Shu o‘rinda yahudiylarning bir latifasi esga keladi. Bir Zakiy Zakiya degan odam tug‘ilibdi, yashabdi va xudoning oldiga boribdi. Xudo undan so‘rabdi:
– Sen kimsan?
– Men Zakiy Zakiyaman.
– To‘g‘ri, seni Zakiy Zakiya qilib jo‘natganman, lekin mening oldimga Zakiy Zakiya bo‘lib kelmading, sen Zakiya emassan, – debdi xudo.
Manoqiblarning oxirgi nuqtasini olib qaraylik, hammasida insonning zimmasiga qanday vazifa yuklangan bo‘lsa, o‘sha vazifani uddalab borishi turadi. Ruhning ezgu holatda manziliga yetib borishi muhim. Eng mukammal ilohiy bilimlar tepadan tushsa, inson egallagan bilimlar tepaga bormog‘i lozim. Inson muqaddas kitoblarda aytilganidek yashasa, o‘yi, so‘zi, amali bir bo‘lsa, adashmaydi. Bu yo‘lda inson avvalo o‘zi bilan o‘zi kurashishi kerak. Bular aytib kelingan gaplar. O‘zingni angla, o‘zingni namoyon qil degan gaplar yangi gap emas. Qo‘shiqlarda aytiladi:
“Amudaryo oqar ketar,
Qirg‘og‘ini yiqar ketar,
Bu dunyo bir derazadir,
Har kim undan boqar ketar”.
Bunda juda chuqur ma’no bor. Amudaryoning oqishi umrning o‘tishi bo‘lib, dunyo derazasiga bir kelib, boqib ketish hammaning boshida bor. Muqaddas bitiklarda aytilganidek, mohiyat insonning hayot yo‘lini munosib yashab o‘tishidadir. Butun bilimlar inson hayotda munosib yashab o‘tishiga qaratilgan. Allada bolaning ongiga ohang yoziladi. Topishmoq va tutalda olamni obrazli tasavvur qilish boshlanadi. Ertakda bilimlar anglanadi. O‘yinda esa bolaning jamiyatga qo‘shilishi yo‘llari o‘rgatiladi. Masalan, “Odamtoy” ertagini olaylik. Unda qo‘li, ko‘zi va oyog‘i yo‘q bir qizni olib qochib, qal’aga borganda kun ko‘rish uchun ovga ketishadi. Qiz har kuni uy tozalab, bitta mayiz topadi va buni mushugi bilan bo‘lib yeydi. Bir kuni mushuk kelmaydi. Qiz mayizni yeb qo‘yadi. Mushuk kelib so‘rasa, yeb qo‘yganini aytadi. Mushukning jahli chiqib, olovni ho‘llab, o‘chirib qo‘yadi. Qiz olov izlab yalmog‘izning oldiga boradi. Kampir bit qovurib o‘tirgan bo‘ladi...
Ertakdagi qal’a nimaning ramzi, mayiz nega bitta? Bularni anglash ertakdagi bilimni ochadi. Bularni bola qanday bo‘lsa shunday, boricha qabul qiladi. Xalqimiz bejiz “bolaga besh yoshgacha podshodek munosabatda bo‘l” demaydi. Shu paytda uning gard qo‘nmagan ongiga barcha bilimlar yoziladi. O‘n to‘rt yoshgacha quldek va keyin do‘stdek bo‘lish uqtiriladi. Ana shu paytda o‘smirning shaxsi shakllanadi, taqlid davri tugab, fikrlash jarayoni boshlanadi, shu davrda u bilan hamfikr bo‘lish juda zarur. Masalan, Navoiyning to‘qqiz yoshida “Mantiqut-tayr”ni yodlab olgani bejiz emas, hech kim uning boshida turib “yoshingga munosib asar o‘qi” demagan, chunki ko‘ngli shunga to‘g‘ri bo‘lgan.
Navoiy bobo nimani idrok qilgan bilmayman, lekin yozgan asarlari shundan dalolat beradiki, u kosmik planda fikrlagan.
Shu narsa aniqki, adabiyot ri-voj-lan-may-di, adabiyot yangilanadi. Eski narsalar yangi shaklga kiradi, xolos. Chunki rivojlanish uchun keyingisi avvalgisini inkor qilishi kerak. Har bir davrning o‘z adabiyoti bo‘ladi. Navoiy davrini biz adabiyotning eng cho‘qqisi deb bilamiz, ammo har bir davrning o‘z yulduzlari bo‘ladi. Temiriylar saltanatining mahobati Navoiyning poetik tafakkurida ko‘rinadi.
– Mazmunli suhbatingiz uchun tashakkur, ustoz!
Jamila ASQAROVA suhbatlashdi.
“Ma’naviy hayot” jurnali, 2025-yil 3-son.
“Taqlidchi va shaxs sharhi” suhbati
Tarix
Tarix
Tarix
Mafkura
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Jarayon
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Din
Tarix
Til
//
Izoh yo‘q