Tafakkur karvonining sarboni


Saqlash
11:31 / 08.10.2025 66 0

Mashhur orif va muhaddis Sufyon Savriy “Ko‘ngildan kibr zangini ketkazishdan ko‘ra tog‘ni igna bilan quduqqa aylantirish osonroq”, degan ekan. Mavlono Jaloliddin Rumiyga ko‘ra esa, takabburlikning eng tuban ko‘rinishi ko‘pincha ilm ahli orasida uchraydi, binobarin, kibru havo bois ilohiy dargohdan haydalgan Iblis ham dastavval farishtalarga ustozlik qilgan. Alhol, ilmiga shoista amal qilgan xoksor olimlarning maqomi ham, martabasi ham ko‘ngil atalmish ulug‘ dargohning to‘rida bo‘ladi.

 

Kibrini yengib, nafsi ustidan hokim bo‘lganlar har kuni ham uchravermaydi. Shukrlarkim, kamina xodimingiz ana shunday darveshtabiat, o‘zini tuproqdek xoksor tutgan, aslida, maqomi azim tog‘lardek baland munavvar bir zotning suhbati, tarbiyatidan bahramand bo‘lganman. O‘zbek tasavvufshunosligi hamda mumtoz tarjimashunoslik maktabi asoschisi, atoqli adabiyotshunos Najmiddin Komilov  (1937 – 2012) ana shunday  naziri yo‘q kishi edi.

 

Ilk saboq

 

Talabalik kezlarim o‘zim ham takabburlik xastaligiga mubtalo bo‘lganim haqrost. Tasavvuf va irfonga oid eng moʻtabar manbalarni mustaqil ravishda o‘qiganim sababli, ro‘zg‘or tashvishida xayoli parishon ustozlardan o‘zimni bir bosh baland hisoblab yurardim. Bir kuni qiblagohim qo‘limga “Tafakkur” jurnalining to‘rtta sonini tutqazib mutolaaga da’vat etdilar:

 

– O‘qi! Tasavvuf haqida to‘rt salmoqli maqola chiqqan. Muallifini yaxshi taniyman. Juda ulug‘ inson.

 

Jurnalni olib, istar-istamas o‘qimoqqa tutindim. Najmiddin Komilov qalamiga mansub maqolalar ekan. O‘sha vaqtlarda mahalliy matbuotda tasavvuf va irfon haqida asosan oldi-qochdi gaplar, mahobatu mubolag‘adan iborat tizmalarni o‘qiyverib, olimlardan hafsalam pir bo‘lgan edi. Ammo “Tafakkur”dagi maqolalar birinchi satrdanoq meni butkul hushimni o‘g‘irlab oldi. Muallif dalil o‘laroq keltirgan manbalarning deyarli barchasi menga tanish edi. Ayrimlarini hatto betma-bet yodlab olgan edim. Ammo o‘qigan boshqa-yu, uqqan va ayniqsa, boshqalarga to‘g‘ri uqtirgan boshqa ekan. Manbalarda shunchaki oddiy gap deb o‘qib o‘tganlarimdan Najmiddin Komilov shunchalar chuqur, shunchalar cho‘ng xulosalar chiqargan ediki, har bir jumla va ibora olam-olam ma’no tashirdi.

 

Alqissa, maqolalar kibr oralagan ko‘nglimni, ko‘nglim ne fikru xayolimni ostin-ustun qildi. Domlaga shogird tushmoq ishtiyoqida azza-bazza Toshkentga yo‘l oldim.

 

Sirdaryo viloyati soliq inspeksiyasida ishlaydigan Azimjon tog‘am bilan domlani izlab-izlab, Davlat va jamiyat qurilish akademiyasidan topdik. Ilmiy ishlar bo‘yicha prorektor Najmiddin Komilovni qo‘riqchilar ham boshqacha hurmat qilarkan – serjantlardan biri o‘zi bizga yo‘l ko‘rsatdi.

 

Bizni keng, shinam kabinet eshigida ozoda kiyingan salobatli domla qarshiladi. Qisqa hol-ahvol so‘rashuvdan so‘ng tog‘amning poyintar-soyintar gaplaridan muddaoni tushungan domla menga yuzlandi:

– Diplomingiz qanaqa sizni?

– Tojikiston diplomi.

– Pasportingiz-chi?

– Hozircha SSSR pasportida yuribman.

Domla birpas jim o‘tirib, keyin tog‘amga qarab muloyimlik bilan gap boshladi:

Yangi qoida chiqqan deng. Diplomni nostrifikatsiya qilish kerak. Test markazi qo‘shimcha imtihon olarkan. Savollari biram g‘alati... Pasport olish ham oson emas. Bir shogirdimning pasporti bo‘yicha iltimos qildim. Olimlarni hamma hurmat qiladi-yu, lekin iltimosini bajarmaydi. O‘zbekiston pasportini olib berish qo‘limdan kelmadi. Holbuki, uyam Moskvaga o‘qishga ketib, endigina qaytib kelgan edi.

– Domla! Men sizning oldingizga diplomimni nostrifikatsiya qilib bering yo pasportimni almashtirib bering deb kelganim yo‘q. Mabodo aspiranturaga o‘qishga kirsam, menga ilmiy rahbar bo‘lishga rozimisiz? Shundan gapiring.

 

...Ochig‘i, hozir ham o‘sha betamizligim, gustoxligimni eslasam, yuzim xijolatdan lovullab yonadi. Ammo nachoraki, “Yoshlik – tentaklikning bir turi” (hadisi sharif) ekan.

Domla pastga qaragan holda bir dam sukut saqlab, so‘ng muloyimlik bilan menga boqdilar:

– O‘zbekcha zo‘rg‘a gapirar ekansiz, dissertatsiyani qanday yozasiz, taqsir?

– Shunchasini ikki-uch oyda o‘rgandim, buyog‘iniyam amallarman, – deya yana “egar”dan tushmadim men.

 

Suhbatimiz davomi tojikcha kechdi. Domla universitetdagi ustozlarim, o‘qigan kitoblarim, qiziqishlarim haqida surishtirib, so‘ng aspirantura bo‘limiga uchrashimni tayinlab, juda iliq xayrlashdilar. Kuzatayotgan vaqtda bir gapni shunchaki yo‘liga aytgandek qo‘shimcha qildilar:

– Ilmda qaysi tilda tadqiqot olib borishingiz unchalik muhimmas. Muhimi – fanga nima hissa qo‘sha olishingiz. Shaxsan men uchun Bertels ayrim vatandoshlarimdan ham, millatdoshlarimdan ham yaqinroq.

 

Liftga kirganim zahoti vijdonim uyg‘ondi shekilli, ichimda o‘z-o‘zimni malomat toshlari bilan toshbo‘ron qilaketdim: “Ey, sen, diplomini hali qo‘lga ham olmagan, fuqaroligining tayini yo‘q olifta! Yoshi otangdan ham ulug‘ professor, prorektor odam muloyimligi, husni xulqi bilan bir chaqaga ham arzimasligingni ko‘rsatdi-qo‘ydi. O‘l bu kuningdan! Yoshing bir joyga borganda birorta yigitcha shunday betgachoparlik qilsa, kechirarmiding? Aslo! Qanday ulug‘ odam ekan-a bu Komilov deganlari!”

 

O‘shanda o‘zimga so‘z berdim – nima bo‘lsa ham Toshkentga ko‘chib kelib, Najmiddin Komilovning etagini mahkam tutaman.

 

Bir yildan so‘ng pasport muammosini hal qilib, aspiranturaga kirdim va ustozning rahbarligida ilmiy ishimni boshladim.

 

Achchiq sabrning shirin mevasi

 

Bir kuni ilmiy ishim doirasida maqola tayyorlab, ustozning huzuriga olib bordim. Maqolada rahmatli Natan Mallayevning kitobidan bir iqtibos keltirib, o‘zimcha muallifning rosa po‘stagini qoqqan edim. Mallayev domlaning boshqa din vakili ekani, islom dini ta’limotini bilmasligi, bilsa ham tan olmasligini ham qistirib o‘tgan edim. Domla maqolani diqqat bilan o‘qib, so‘ng qaytarib berdilar:

– Ilmni tanqiddan boshlabsiz-ku, taqsir?!

Boshqa hech narsa demadilar. Yotoqxonaga qaytib,  ustozning “Tasavvuf” kitobini qayta o‘qiy boshladim. Domla juda nazokat bilan, ko‘p hollarda xatoga yo‘l qo‘yganlarning nomini ham tutmay yuzlab g‘alati mashhurlarni isloh qilganlarini ko‘rib, Boburning o‘sha kitobda keltirilgan “Yo‘lni ne bilgay kishi to rahnamo ko‘rsatmagay” satrining mohiyatini qaytadan kashf etgandek bo‘ldim...

 

“Alisher Navoiy she’riyatida Qur’on oyatlari va hadislarning badiiy talqini” mavzusidagi dissertatsiyamning uchinchi bobi Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam siyrati xususida edi. Domla bir kuni suhbat chog‘ida so‘radilar:

– Alisher Navoiy g‘azallarida Rasululloh (s.a.v.) ko‘p hollarda “habib” sifati bilan eslangan. Manbasini aniqlasak bo‘ladimi?

Qur’oni karimda ham, “Sahihi Buxoriy”da ham Payg‘ambarimizga nisbatan qo‘llangan ushbu sifatga oid biror oyat yo hadis topolmay, rosa izlandim. Diniy ulamolarimizga qilgan murojaatlarim ham javobsiz qoldi.

 

Bundan chorak asr muqaddam internet bazasi ham g‘aribgina, islomiy manbalar yetarli emas edi. Izlab yurganim hadisni qidira-qidira “Sunani Termiziy”dan topdim. Topgunimcha besh oycha vaqt o‘tib ketibdi. Xijolat aralash xursandlik bilan ustozni yo‘qlab bordim. Domla diqqat bilan yozganlarimni o‘qib:

– Achchiq sabrning mevasi shirin bo‘ladi, – dedilar odatdagidek donishmandlik bilan.

 

Sirni o‘zim bilan olib ketaman

 

Ustozning oilasi shogirdlarni xuddi tug‘ishganidek qabul qilgan edi.  Ellik yilga yaqin vaqt davomida ikkita qozon osib, birida domlaga parhez taom, birida oila va mehmonlarga tansiq ovqatlar pishirishdan charchamagan Muzaffara yangamullomizning so‘zlari o‘tkir bo‘lsa ham, qalbi yumshoq, fidoyi bir ayol o‘laroq domlaga mushfiq, mehribon edi. Najmiddin aka umrining oxirigacha bozor-o‘char va boshqa turmush tashvishlaridan ozod qilingan edi. Balki shu ham bir sababdirki, ustozning suhbatiga biror marta dunyoviy tashvishlar, siyosiy va adabiy g‘iybatlar oralamagan edi.

 

Umrining oxirida domla biroz yotib qoldi. “Farzandnoma” kitobi muallifi Obiddin Mahmudov, angrenlik ma’rifatparvar tadbirkor Rahmon Davlatov hamda kamina navbat bilan u kishiga tong otguncha suhbatdosh bo‘lardik. Kunduzi biroz uxlab, tunni bedor o‘tkazadigan ustoz bizga sokin va xasta ovozda kechmishlarini gapirib bergani kechagidek yodimda.

 

Onasi Qur’onni xatm qilmaguncha o‘n yoshigacha maktabga bermagani; ro‘za tutgani va “eski yozuv”dan xabardorligi uchun maktabdan haydamoqchi bo‘lganlarida tatar millatiga mansub mayzada bir o‘qituvchi “Kompartiyaga eskichani biladigan kadrlar ham kerak”, deb joniga ora kirgani; Toshkentda ijarashinlik va muhtojlikdan qiynalayotganini ko‘rib, ma’naviy padari – Qutbiddinxon eshon o‘z hovlisining yarmini arzongina narxga sotgani; Toshkent dorilfununi va Prezident devonida ishlagan davrida davlat uy bergani-yu ikki o‘g‘lini vatanli qilgani; himoyaoldi jarayonlardagi qiyinchiliklar va ustozlarning yaxshiliklari... Bu hikoyalarning har biri o‘z holicha muruvvat va odamiylik, to‘g‘rilik va halollikdan saboq edi aslida. Ayrim voqealarni ikki-uch marta ham eshitdik, tasanno-ki, domla har safar bir xil, birorta yolg‘on qo‘shmasdan, ortiqcha pardoz bermasdan gapirib bergan edi. Ayrim zamondoshlarimiz haqidagi ba’zi qitmir savollarimga javoban esa “Bu sirni o‘zim bilan olib ketganim ma’qul”, deb gapni qisqa qilardi.

 

Tafakkur karvonining sarboni

 

Mamlakatimizda minglab fan doktori, professor bor. Xo‘sh, ulardan qanchasi chinakam olim?.. Nazarimda, haqiqiy olim shunchaki unvondor olimdan ilmning zalvorli muammolarini hal etgani bilan ajralib turadi. Najmiddin Komilovning har bir asari, har bir maqolasi fanning eng dolzarb muammolarini yechishga qaratilgani bilan qadrlidir.

 

Domla, avvalo, mumtoz tarjimashunoslik bobida maktab yaratdilar. Xorazm tarjima maktabiga oid ulkan tadqiqot orqali o‘zbek mutarjimlik san’ati ko‘p asrlik tarixga ega ekanini ko‘rsatib berdilar. Unga qadar ilmda “o‘zbek tarjima san’ati sovetlar sharofati bilan vujudga kelgan” degan da’vo ilgari surilgan edi. Najmiddin Komilovning dissertatsiyasi ilovasida Xorazm tarjima maktabining yuzdan ziyod namunasi keltirilgan-ki, shu birgina fakt o‘zbek tarjima san’atining ildizi nechog‘li chuqur va baquvvat ekanini tasdiqlaydi.

 

Sovet davrida mumtoz adabiyotimiz mehnat vasfi, ijtimoiy-siyosiy g‘oyalar, din va dindorlar tanqidi, peyzaj, ishq-muhabbat, xalqlar do‘stligi kabi mavzu-motivlar tegrasida, yagona qolipda o‘rganilar edi. Ustoz salmoqli maqolalari, tadqiqotlari bilan daqqi qolipni yakson qildilar va mumtoz adabiyotni anglash, idrok etishning mutlaqo yangi metodologiyasiga asos soldilar. 

 

Tasavvuf ta’limoti ham ilmda shunchaki bir moziy voqeligi o‘laroq o‘rganilgani ma’lum. Najmiddin Komilov tasavvuf go‘zal axloqni shakllantiruvchi sarchashma, odamlarni birlashtiruvchi, jamiyatni fozillik maqomiga ko‘taruvchi ma’rifiy kuch ekanini ko‘rsatib berdi. Domla har bir fikrini sahih manbalar bilan quvvatlantirgani, Qurayshiy, Sulamiy, Navoiy, Jomiy, Iroqiy kabi tasavvuf mutafakkirlari risolalariga tayangan holda xulosalar chiqargani e’tiborga molikdir. Ikki jildlik “Tasavvuf”, “Najmiddin Kubro”, “Komil inson haqida to‘rt risola”, “Faqr nuri ila porlagan qalb”, “Xizr chashmasi”, “Ma’nolar olamiga safar”... bu asarlarning har biri ilmda katta voqea bo‘lgan edi.

 

Najmiddin Komilovning Sharqu Gʻarb ilmiy, adabiy aloqalariga doir tadqiqotlari alohida bir olam. Ustoz “Tafakkur karvonlari” kabi yirik asarlari bilan ovruposentrizm da’volari puch ekani, Mag‘rib-u Mashriq xalqlari o‘zaro bahramandlik asosida taraqqiy etgani, Gʻarbning manaman degan mutafakkirlari ham Sharq ma’naviy xazinasidan ilhomlanganini isbotlab berdilar.

 

Mubolag‘asiz butun umrini, borlig‘ini ilmga baxsh etgan ustoz “Ilohiynoma”, “Mantiq ut-tayr” (Farididdin Attor), “Futuvvatnomai sultoniy” (Husayn Voiz Koshifiy), “Zubdat ul-haqoyiq” (Aziziddin Nasafiy), “Maorif” (Sulton Valad) kabi Sharq ma’naviyati durdonalarini ham o‘zbek tiliga mahorat bilan tarjima qildilar.

 

Tafakkur karvonining sarbonlaridan biri bo‘lgan Najmiddin Komilovning ilmiy-ma’naviy merosi haqida ko‘p va xo‘b yozish mumkin. Hazrat Alisher Navoiyga chuqur ixlos qo‘ygan ustoz bir maqolasida mutafakkir bobomiz ijodini Xizr chashmasiga o‘xshatgani bejiz emas. Zero, domla umrbod Navoiy ilgari surgan maslakka sodiq bo‘lmoqqa intilib yashadi. Jumladan, “Ilm, Navoiy, sanga maqsud bil, / Emdiki ilm o‘ldi, amal aylagil” degan purma’no bayt ustozning hayotiy shioriga aylanganiga biz shogirdlar shohidmiz.

 

So‘nggi o‘git

 

2012-yil. Navro‘z ayyomida biroz ahvoli yaxshilanib, bizni xursand qilgan ustozni beayov dard yana yiqitdi. Boshi yana yostiqqa teggan ustozning yonlaridan bir on ham jilgimiz kelmaydi. O‘sha kunlari u kishidan xabar olgani Oliy Majlis qo‘mita raisi lavozimida ishlayotgan atoqli yozuvchi Xurshid Do‘stmuhammad keldi. Xurshid akaning aytishicha, sobiq kasbdoshlari (Najmiddin aka bir muddat Markaziy saylov komissiyasi raisi lavozimida ham ishlagan edi) ziyoratiga  kelmoqchi bo‘lib, u kishini vaziyatni bilish uchun yuborgan ekan. Biz ustozning ahvoli ancha yomonlashgani, hozir ham shifokor muolaja qilayotganini aytib, birpas kutishlarini iltimos qildik. Shifokor ketgach, Xurshid aka bir og‘iz so‘rashgani ustoz huzuriga  kirdi. Domlaning lablari dard zo‘ridan ko‘karib ketgan edi. Ko‘zlarini zo‘rg‘a ochib, mehmonni tanidilaru:

– Xurshid! Yolg‘on! Hammasi yolg‘on!!! – dedilar.

Najmiddin Komilovdan eshitgan so‘nggi o‘gitim shu bo‘ldi. Ikki kundan keyin ustoz bu yolg‘onchi dunyoni tark etdi...

 

Janozani juma namozidan keyin muftiy Usmonxon Alimov Hastimom masjidida o‘qidi. Domla Sag‘bonda yashagani bois Chig‘atoy qabristoniga qo‘yiladigan bo‘ldi.

Qabriston darvozasidan mozor boshigacha ustozning safdoshlari, do‘stlari, shogirdu muxlislari saf tortdi. Izdihom kattaligidan ayrimlarning qo‘li hatto bir marta ham tobutga tegmadi. O‘sha pallada Parvardigordan o‘zimga ham ana shunday chiroyli xotima tiladim, jamiyatga manfaatli ilm sohibi etishini, egallangan ilmga amal qilmoq baxtini, el-yurt hurmati hamda oxirat saodatining go‘zal bashoratini so‘radim.

 

Ustozlar bayrami va Ustozning tavallud kuni bahonasida o‘zbek ilm-fani tarixida yorqin iz qoldirgan, olimlikning chin timsoliga aylangan Najmiddin Komilovni baqadrihol esladim. Shoyad, ustoz yodi ila ko‘nglimiz poklansa!..

 

 

Olimjon DAVLATOV,

Najmiddin Komilovning shogirdi

 

Jadid gazetasi, 2025-yil 3-oktyabr №40 (92)

Olim-u ilm-u amal maqolasi

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Tarix

11:09 / 30.09.2025 0 819
4-oktabr. Mashʼum kundan guvoh hujjatlar

Mafkura

18:10 / 02.10.2025 0 610
Alamim bor...





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//