
Adabiyot
Tamaraxonim oʻzbek professional raqs saʼnatining asoschilaridan biri hisoblanadi. U raqsini sahnalashtirish, milliy baletni shakllantirish va xalqaro miqyosda oʻzbek sanʼatini targʻib qilishda muhim rol oʻynagan.
Tamaraxonim 1929-1934-yillarda Samarqanddagi Oʻzbek davlat musiqali teatrida, 1934-1935-yillarda Xorazm teatrida faoliyat yuritgan. 1936-1941-yillarda Oʻzbek davlat filarmoniyasida raqqosa va baletmeyster, 1941-1969-yillarda Oʻzbek davlat filarmoniyasining musiqa ansamblida badiiy rahbar, baletmeyster va aktrisa sifatida faoliyat koʻrsatgan.
Ikkinchi jahon urushi yillarida Tamaraxonim konsert brigadalari bilan birga armiya qismlarida xizmat qiladi. Bu xizmati uchun unga kapitan unvonini berilib, qurol olib yurish huquqi taqdim etiladi. Tamaraxonim yirik sovet artistlaridan tashkil topgan guruh bilan 1952-1953-yillarda Xitoy va Albaniyaga, 1954-yilda Pokiston, Norvegiya va Italiyaga, 1957-1958-yillarda Afgʻoniston, Hindiston va Indoneziyaga, 1962-yilda Mongoliya davlatiga gastrol konsertlarini uyushtiradi.
Tamaraxonim doimo oʻzini yaxshi saqlar, sogʻlom turmush tarziga rioya qilar va bu orqali barchaga oʻrnak edi. Hatto 85 yoshida ham baland poshnali oyoq kiyimida chiroyli raqslar ijro etardi.
U qaysi xalqning qoʻshigʻi va raqsini ijro etsa, oʻsha mamlakatning tarixi, etnografiyasi, mahalliy urf-odatlari, milliy sanʼatini batafsil oʻrgangan. Tamaraxonim ijrosida 500 dan oshiq ashula va raqslar 86 tilda yangragan. U ustozi Olim Komilov bilan bir qancha oʻzbek xalq raqslarini sahnalashtirib, oʻziga xos (oʻzbek raqsi harakatlarini qamrab olgan) uslubini yaratadi, yangi zamonaviy raqslar, teatrlashgan raqs syujetlarini, yangi xoreografik kompozitsiyalarni (“Gul oʻyin”, “Sadr”, “Zang”, “Pilla”, “Kema oʻyini” kabi) ishlab chiqadi.
Tamaraxonim – sahnada nafaqat kuy va raqs, balki liboslari bilan ham oʻz davrining ramziga aylangan. U koʻpincha oʻzbek xalqining anʼanaviy kiyimlarini zamonaviy sahna uslubida kiygan. Atlas, adras, shoyi kabi matolardan tikilgan liboslar uning sahna obrazining ajralmas qismi hisoblangan.
Liboslar odatda yorqin ranglarda (qizil, yashil, moviy, sariq) tikilgan boʻlib, raqs jarayonida ranglarning jilosi sahnaga oʻzgacha fayz qoʻshgan. Tamaraxonim liboslarida milliy kiyim bilan zamonaviy teatr elementlari uygʻunlashgan. Shu bois u sahnada milliylikni ham, zamonaviylikni ham namoyon eta olgan.
Kiyimlar keng va yengil boʻlib, raqs harakatlarini chiroyli koʻrsatish uchun qulay tarzda tikilgan .Uning liboslari oʻz davrida Oʻzbekiston milliy madaniyatining timsoli boʻlgan va xalqning goʻzallik haqidagi tasavvurlarini dunyoga tanitgan.
1925-yil Parijda Xalqaro dekorativ sanʼat koʻrgazmasida yosh raqqosa Muhiddin Qori Yoqubov bilan birga Vatani shaʼnini munosib himoya qiladi. Tamaraxonimning oʻzbek liboslari parijlik xonimlarning havasini uygʻotadi. Ular oʻzbek milliy liboslarini navbati bilan kiyib koʻra boshlaydi. U bundan taʼsirlanadi va sayohat davomida milliy kiyimlardan voz kechmaydi.
Tamaraxonim 1932-yilda ayol sanʼatkorlar ichida birinchi boʻlib “Oʻzbekiston xalq artisti” unvoniga sazovor boʻladi. Bu paytda u endigina 26 yoshga toʻlgan, lekin teatr, raqs va ashula sohalarida katta muvaffaqiyatlarga erishgan ijodkor edi.
Tamaraxonim milliy kiyimlarni chet elda targʻib qilishdan tashqari, boshqa xalqlar liboslarni ham yurtiga olib kelgan. Hindiston va Eron safarlarida u bu yerlarning milliy liboslariga qiziqqan va sari yoki sharqona naqshli toʻnlarni olib kelib, ularni oʻzbekona uslub bilan uygʻunlashtirgan. Shuningdek, Turkiyadagi konsertlaridan soʻng turk uslubidagi atlas koʻylaklarga qiziqqan, Misrda esa sharqona raqs kiyimlariga oʻxshash bezakli liboslarni sahnada ishlatgan.
Tamaraxonimning Fransiya va Germaniyadan olib kelgan liboslari koʻproq sahna uchun moslashtirilgan, yaʼni zamonaviy teatr va opera liboslariga oʻxshash boʻlgan. Lekin u doimo milliy ruhni saqlab, bu kiyimlarga atlas, adras yoki doʻppi kabi unsurlarni qoʻshib ishlatgan.
Tamaraxonimning chet davlatlardan olib kelingan marvarid, kumush va rang-barang toshli taqinchoqlari ham mavjud. Hattoki, raqqosada olmos bilan bezatilgan kastyum ham boʻlgan (ammo, mazkur qimmatbaho libos Tamaraxonim vafotidan keyin uning nevarasi tomonidan Oʻzbekistondan olib chiqib ketilgan. Undan kiyimni uy-muzey eksponati ekanligini aytib, qaytarishni soʻrashganda meros masalasiga daxl qilmasliklarini soʻragan).
Tamaraxonim doimo “men qayerga bormay, libosim orqali ham xalqimning madaniyatini koʻrsatishga harakat qilaman”, degan gapni aytib yurgan.
Tamaraxonim Sharq mamlakatlaridan atlas, shoyi, zarbof va ipak matolar olib kelib, oʻz liboslarini yanada boyitgan va «Liboslari galereyasini» yaratgan. Uning liboslari keyinchalik «Sharqona goʻzallik» ramzi sifatida sahnalarda namoyish qilingan. Shu bois Madaniyat vazirligining 1986-yil 16-yanvardagi 6-son buyrugʻiga asosan Tamaraxonimning doimiy ishlab turuvchi kostyumlar koʻrgazmasi tashkil etilgan.
1994-yilda esa Tamaraxonimning doimiy ishlab turuvchi kostyumlar koʻrgazmasi Tamaraxonim uy muzeyiga aylantirilgan.
Oʻzbek sanʼatining shuhratini butun dunyoga taratgan Tamaraxonim 86 yoshda vafot etadi. U nafaqat sanʼatkor, balki Oʻzbekiston madaniyatining elchisi boʻlib, Sharq mamlakatlariga milliy kuy-qoʻshiqlarimizni tanitgan edi.
Tamaraxonimning liboslari – bu nafaqat sahna kiyimlari, balki bir davrning madaniy va estetik timsolidir.
Tamaraxonim muzey fondidagi baʼzi liboslar siyosiy va madaniy shaxslar tomonidan sovgʻa qilingan. Masalan, ayrim manbalarda Mao Zedong va Javaharlal Nehru tomonidan raqqosaga libos sovgʻa qilingani aytilgan.
Xulosa qilib aytganda, Tamaraxonim umri davomida yuzga yaqin xalqaro va davlat mukofotlari bilan taqdirlangan sanʼat vakilasi hisoblanadi. Uning qariyb 50-yillik samarali mehnati natijasida toʻplangan ijodiy laboratoriya mamlakatimiz va jahondagi 86 millatning qoʻshiq va raqslari bilan boyigan.
Shoxista Elmuratova
Alfraganus universiteti dotsenti, PhD
Adabiyot
Ma’naviyat
Tarix
Tarix
Mafkura
Ta’lim-tarbiya
Jarayon
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Din
Tarix
Til
//
Izoh yo‘q