Adabiyot
“Filmlar bu – tomoshabinlarga joʻnatilgan maktub, xat solib dengizga otilgan shisha idish kabidir” degandi XXI asr shoirona kinolarining taniqli namoyandasi Nuri Bilga Jeylan. Sekin surʼatlarda rivojlanadigan, tomoshabindan anchagina sabr talab qiladigan, ammo yakunda bir dunyo taassurot qoldiradigan filmografiyaga ega bu ijodkor nafaqat Turkiya, balki butun turkiy xalqlar kino ijodkorlariga namuna boʻla oladi.
Ehtiyot boʻling, maqolani oʻqirkansiz, uning filmlarini koʻrishni istab qolishingiz mumkin…
Nuri Bilga Jeylan 1959-yilning yanvarida Istanbulda tugʻilgan, ammo bolaligi otasi tugʻilib oʻsgan Yenije (Chanoqqalʼa vil.) qishlogʻida oʻtgan. Dastlab muhandislikni oʻrgangan boʻlsa-da, goʻzallikka boʻlgan intilishi uni keyinchalik Meʼmor Sinan tasviriy sanʼat universitetida fotografiyani oʻrganishga yetaklaydi. Biroz oʻtib, u olgan rasmlar respublika gazeta va jurnallarida bosib chiqarila boshlaydi. Keyinchalik “Kodak” kompaniyasi tomonidan oʻtqazilgan xalqaro fotofestivalda birinchi oʻrinni qoʻlga kiritadi. Biroq, keyin – harbiy xizmatni oʻtash chogʻlarida esa unda kino suratga olish istagi paydo boʻladi.
1993-yil Mehmet Eryilmazning “Seviyorum Ergo Sum” nomli qisqa metrajli filmida rol ijro etadi va suratga olishda ishlatilgan kinokamerani sotib oladi. Bu kamera bilan u kinematografiyadagi ilk qadamlaridan biri boʻlgan “Pilla” (1995) qisqa metrajli filmini suratga oladi. Film Kann kinofestivalida ishtirok etish uchun roʻyxatga olinadi.
Kino ishlashni kichik byudjet bilan boshlagan Jeylan dastavval aktyorlar sifatida faqat ota-onasi, qarindoshlari va qoʻshnilaridan foydalangan. “Pilla” filmida ota-onasining kundalik yumushlar bilan shugʻullanishi, atrofni tomosha qilishi, uxlashini suratga olgan. Dastlabki uch filmida esa jiyani Mehmet Emin Toprak bosh rollardan birini ijro etadi va “Uzoq”(2003) filmi uchun Kann kinofestivalining “Eng yaxshi aktyor” nominatsiyasida gʻolib boʻladi.
Jeylanning ilk toʻliq metrajli filmi “Qishloq” (1997) boʻlib, unda minimalizm uslubidagi hikoya va realistik aktyorlik asosiy oʻrinda turadi. “May bulutlari” (1999) esa bu uslubni davom ettirib, real va badiiy tasvirlarni uygʻunlashtiradi. Ushbu filmlar rejissor kinematografiyasida “viloyat trilogiyasi” deb norasmiy nom olgan filmlar uchligidagi birinchi va ikkinchi kartina hisoblanadi.
“Uzoq” filmi Kann kinofestivalida Gran-pri va “Eng yaxshi aktyor” mukofotlarini qoʻlga kiritganidan soʻng rejissorning xalqaro darajadagi muvaffaqiyatlari boshlanadi. Kartina yolgʻiz fotograf va uning qishloqdan kelgan qarindoshi hayotini tasvirlab, insonlar atrofidagi yolgʻizlik, begonasirash hissi, vaqtning inson qalbiga taʼsirini oʻzining qorga burkangan goʻzal shaharlari bilan koʻrsatib beradi.
Sekin surʼat, statik kadrlar va tabiat landshaftlari Jeylanning tashrif qogʻoziga aylanib ulgurgan desak, adashmaymiz. U uzoq yillik hamkori, operator Goʻkhan Tiryaki bilan birga kadrdagi yorugʻlik, soya va fraktura elementlariga diqqat bilan eʼtibor qaratadi. Shafaq oldi va shom tushgandan keyingi qorongʻilik, bulutli osmon, goʻzal togʻ va adir landshaftlariga ega yolgʻizlikka choʻmgan qishloq uylarini uning deyarli barcha filmlarida uchratsa boʻladi. “Oʻtmishda meni eng koʻp zeriktirgan filmlar vaqt oʻtib eng sevimlilarimga aylangan. Shu sabab, tomoshabinni zeriktirib qoʻyish haqida hecham qaygʻurmayman. Baʼzida, men ularni judayam zeriktirishni xohlab qolaman. Chunki zerikish sabab kunlar, yillar oʻtib qayta koʻrilgan film oʻzidan turli moʻjizalar keltirib chiqarishi mumkin.”, - deb taʼkidlaydi rejissor bu haqda.
Uning hikoyalari insonning ichki kechinmalari, hayotiy muammolari va falsafiy masalalarni oʻrganadi. Qahramonlari hayotlari haqida koʻp oʻylaydi, teran suhbatlar quradi va oʻtgan hayotidan afsus chekadi. Uning filmlarida keskin syujet burilishlari kam uchrasa-da, tomoshabinda asta-sekin chuqur his-tuygʻularni shakllantiradi.
Filmlarida dialoglarga kamroq, yuz emotsiyalari, ekrandagi turli detallarga koʻproq eʼtibor qaratishni xush koʻradigan Nuri Bilga Jeylan soʻzlar haqida shunday deydi: “Men soʻzlarga ishonmayman. Umuman olganda, odamlar aldaydi, haqiqatni aytmaydi. Xaqiqat yashirin narsalarda, aytilmagan gaplarda yashaydi. Reallik hayotimizning gapirilmagan qismlarida yotadi. Agar muammolaringiz haqida gapirmoqchi boʻlsangiz, bu unchalik ishonarli chiqmaydi. Odamlar oʻzlarini himoya qilishga harakat qilishadi; har kimning yashiradigan joylari boʻladi. Ular oʻz zaif tomonlarini yashirishga harakat qilishadi. Ular sizga bir hikoya aytib berganida, oʻzlarini oʻsha hikoyaning qahramoni qilib koʻrsatishadi. Shuning uchun filmlarim soʻzlarsiz yaxshiroq, va bu tomoshabinni yanada faol boʻlishga undaydi; tomoshabin oʻz boshdan kechirganlariga asoslanib, javob topishga harakat qilishi kerak…”
Rejissorning oilaviy muammolar, er-xotin munosabatlaridagi turli baland-pastliklar haqida hikoya qiluvchi “Iqlimlar” (2006) filmi keyingi ishlaridagi doimiy hamrohiga aylangan operator Goʻkhan Tiryaki bilan ilk hamkorligi hisoblanadi. Ushbu kartinada u xotini Ebru Jeylan bilan bosh rollarni oʻynashadi. U oilaviy ichki ziddiyatlar mavzusini 2008-yilda suratga olgan “Uch maymun” filmi bilan davom ettiradi.
Turkiyada roʻy bergan haqiqiy jinoyat ishiga asoslangan “Bir zamonlar Onadoʻlida”(2011) filmi ijodkorni jahon miqyosida tanilishiga katta turtki boʻldi. Qotillik tergoviga bagʻishlangan film tashqi betartibliklardan koʻra qahramonlarning ichki kechinmalariga katta eʼtibor qaratadi. Taniqli kinotanqidchi Rojer Ebert kartina haqida soʻz yuritarkan: “Bu turk rejissyori kuchli dramatik syujet burilishlari bilan yuzimizga tarsakilamaydi. Balki, ekranda voqealar sodir boʻlarkan, bizni qahramonlar bilan birga yashashga sharoit yaratib beradi”, - degan edi. Film Kann kinofestivalida Gran-prini qoʻlga kiritadi.
Jeylan faoliyatining eng yuqori nuqtasi “Qish uyqusi”(2014) filmi boʻlib, Kann kinofestivalining bosh mukofoti – Oltin Palma bilan taqdirlangan. Anton Chexovning “Xotin” novellasidan ilhomlangan kartina senariysida Fyodor Dostoyevskiyning “Aka-uka Karamazovlar” romani elementlarini ham uchratishimiz mumkin.
Darvoqe, rus adabiyotining uning ishlariga qoʻshgan hissasi haqida soʻzlar ekan “19 yoshimda “Jinoyat va jazo”ni oʻqiganimdan beri hayotim oʻzgargan. Men oʻz qahramonlarimni shu adabiyot prizmasi boʻyicha tasavvur qilaman. Ammo u butunlay boshqa xalq, boshqa madaniyat, har bir xalqning oʻzgacha madaniyati boʻladi va har birimizning shaxsiyatimiz turlicha. Ammo vaqt ham, madaniyat ham oʻzgartira olmaydigan, har yerda oʻxshash narsa bu – odamlarning qalbidir. Men ana shu narsani oʻrganmoqchiman, oʻz koʻzlarim bilan koʻrib, oʻz ongim bilan tushunmoqchiman”, — deydi rejissor. Ushu film oʻsha davr Turkiyasidagi boy va kambagʻal, kuchli va kuchsiz qatlamlar oʻrtasidagi farqlarni yoritib bergani uchun turli muhokamalarga sabab boʻladi.
Shunga qaramay, ijodkor yana oʻz usulida “Yovvoyi nok daraxti”(2018), “Quruq oʻtlar ustida”(2023) filmlarini suratga oldi va zamonamizning oʻz nomiga loyiq atoqli sanʼatkori ekanini yana bir bor isbotladi.
Jeylan adabiyotdan, ayniqsa, rus yozuvchilari Anton Chexov va Fyodor Dostoyevskidan ilhom olganini yashirmaydi. Uning hikoyalari ham Chexovnikidek – sodda voqealar orqali chuqur maʼnolarni yetkazadi.
– Aslida, mening barcha filmlarimda Chexov elementlari bor, deb oʻylayman, - deydi usta oʻzining sevimli yozuvchisi haqida gapirar ekan. – Chunki Chexov juda koʻp hikoya yaratgan. U hayotdagi deyarli har qanday vaziyat haqida yozgan va men uning asarlarini juda yaxshi koʻraman. Shu sabab, ehtimol, u hayotga boʻlgan qarashimga taʼsir qilgandir. Men uchun hayot bir maʼnoda Chexov asarlariga oʻxshab ketadi. Chexovni oʻqigandan soʻng hayotda ham xuddi shunday vaziyatlarni koʻra boshlaysiz. Senariy yozish jarayonida esa qandaydir tarzda uning hikoyalari yodimga tushaveradi.
Shuningdek, Andrey Tarkovskiy, Mikelanjelo Antonioni va Abbos Kiorastamining filmlari ham uning uslubiga taʼsir koʻrsatganini sezish mumkin. Ustozi sifatida esa yapon rejissori Yasujiro Ozuni taʼkidlab oʻtadi u. Jeylan turk kinosini xalqaro miqyosga olib chiqdi. Shaxsiy, falsafiy hikoyalar ham global tomoshabinlarga taʼsir qilishini isbotladi. Tijoriy muvaffaqiyatga intilmagan holda, sanʼat orqali inson ruhiyatining tubsizliklarini oʻrganishga harakat qildi va qilishda davom etmoqda.
Film davomiyligi uning savdosida, efirga uzatilishida katta rol oʻynaydi. Rejissorning eslashicha, fransuz prodyuserlik kompaniyalari agar film davomiyligi 150 daqiqadan oshadigan boʻlsa, ajratiladigan mablagʻ miqdorini keskin pasaytirishlarini aytib oʻtishgan ekan. Kannda Oltin Palma shohini yutganiga qaramay, “Qish uyqusi”ni ingliz televideniyesi sotib olishdan bosh tortgan. Chunki film davomiyligi naq 3 soat-u 20 daqiqani tashkil etardi…
“Baʼzan bunday uzun filmlarni tomosha qilish qiyinligini tushunaman, lekin hozirgi zamon hayotining surʼati ruhimga mos kelmaydi. Shuning uchun filmlarim unga qarshi bir turdagi nido hisoblanadi. Men dunyoni qanday koʻrsam, shunday filmlar yarataman. Yaxshiyamki, haliyam bunday filmlarga qiziqadigan odamlar bor. Ular, albatta, ozchilikni tashkil etadi, lekin nima ham qilardim? Mening surʼatim shunday”, - deydi u bunday jarayonlar haqida gapirarkan.
Qaysi filmdan boshlash kerak?
Rejissorning filmlarini birinchi bor koʻrayotganlar uchun ular avvaliga biroz gʻalati tuyulishi mumkin. Yozilganidek, kartinalarda katta syujet burilishlari yoki keskin sahnalar yoʻq, lekin har bir kadr hissiyotga toʻla. Agar Jeylan filmlarini koʻrishni istasangiz, “Uzoq”, “Bir zamonlar Onadoʻlida” va “Qish uyqusi” tartibida tomosha qilishni tavsiya qilamiz. Bugungi tezkor va shov-shuvli kinolar fonida, Nuri Bilga Jeylan bizga biroz sekinlashish, nafas rostlab hayotning sokin lahzalarida goʻzallik topishni eslatadi. Uning filmlarini sabr ila tomosha qilganlar, ular oddiy hikoyalar emas, balki bir umrga esda qolarli hissiyotlar toʻlqini ekanini asta-sekin anglab yetadi.
Jamshidbek TOSHPOʻLATOV
The Cinema of Nuri Bilge Ceylan: The Global Vision of a Turkish Filmmaker — Bulent Diken, Craig A. Hammond, and Graeme Gilloch, 2018.
Exploring Nuri Bilge Ceylanʼs Style Via the Auteur Theory — Balca Elif Sagmanli, Lynn University, 2017.
Adabiyot
Tarix
Tarix
Tarix
Tarix
Ma’naviyat
Jarayon
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Din
Tarix
Til
//
Izoh yo‘q