Bir paytlar oddiy sichqoncha – Mikki Maus bilan boshlangan Disney sarguzashti bugungi kunda inson tasavvurining eng yuksak cho‘qqilarini zapt etdi. 1937-yilda “Oppog‘oy va yetti gnom” filmi ilk bor ekranlarda paydo bo‘lganda, hech kim bu kichik animatsiya studiyasi butun insoniyat madaniyatini aks ettiruvchi sehrli ko‘zguga aylanishini tasavvur ham qilmagan edi.
Avvalgi maqolamizda Disney filmlaridagi sevgi va romantikaning qanday o‘zgarganini tahlil qilgan edik, ammo bu faqat hikoyaning bir qismi xolos. Disney filmlari – bu nafaqat muhabbat qo‘shiqlari va sehrli ertaklar, balki jamiyat qiyofasi, qadriyatlarimizning o‘zgarishi aks etgan ulkan bir mozaikadir.
Disney dunyosi vaqt o‘tishi bilan o‘zgarishda davom etdi. Sehrlangan o‘rmonlardan okean sohillarigacha, Yevropa qal’alaridan Janubiy Amerika tog‘larigacha – bu nafaqat geografik, balki madaniy jihatdan ham katta sayohat. Keling, filmlardagi shu rang-barang o‘zgarishlarni birma-bir o‘rganib chiqamiz.
Oq rangdan kamalakkacha: Disney qahramonlarining rang-barang dunyosi
Bir zamonlar Disney olami oppoq edi, xuddi abadiy qor yog‘ayotgan qirollikka o‘xshardi. Eng birinchi malikalar: Oppog‘oy, Sindrella, Uyqudagi malika – barchasi Yevropa afsonalaridan kelib chiqqan, yevropacha yuz tuzilishi va ko‘rinishga ega edi.
Ammo ellik yildan keyin, studiyada boshqa ranglar ham paydo bo‘la boshladi. 1992-yildagi “Olovuddin” va 1995-yildagi “Pokaxontis” filmlari boshqa madaniyatlarni aks ettirish yo‘lidagi dastlabki qadamlar edi. Biroq bu filmlar hali haqiqiy madaniyat tasviridan ko‘ra, g‘arb ko‘zi bilan ko‘rilgan sharq ertaklari edi.
Keskin o‘zgarish 2009-yilda “Malika va qurbaqa” bilan boshlandi. Tiana – Afro-amerikalik qiz Disney malikalarining rasmiy ro‘yxatida birinchi qora tanli qahramon bo‘ldi. Haqiqiy inqilob esa keyingi o‘n yillikda yuz berdi.
“Moana” (2016) filmida Polineziya madaniyatining qadimiy merosi, “Koko”da (2017) Meksikaning “O‘liklar kuni” bayramiga singdirilgan falsafa, “Raya va so‘nggi ajdarho”da (2021) Janubi-sharqiy Osiyo madaniy merosining nozik jihatlari, “Enkanto”da (2021) esa Kolumbiyaning turmush tarzi va oilaviy qadriyatlari chuqur hurmat, aniqlik va san’atkorona tafsilotlar bilan aks ettirilgan.
Disney mahsulotlarining madaniy asosini yanada ishonchli va haqqoniy qilish uchun jiddiy izlanishlar olib bormoqda. Masalan, “Moana” filmini ishlash jarayonida Okeaniya madaniyatining mutaxassislaridan iborat maxsus maslahat kengashi tashkil etilgan, “Enkanto” yaratuvchilari esa Kolumbiyaga sayohat qilib, mahalliy urf-odatlar va turmush tarzini chuqur o‘rgangan.
Dastlab Disney dunyosi asosan oq rang bilan cheklangan edi. Bugungi kunda esa u tobora rang-barang tus olmoqda. U nafaqat tashqi xilma-xillikni aks ettiradi, balki turli madaniyatlarning ichki falsafasi, dunyoqarashi va hayotni tushunish usullarini uyg‘un tarzda ifodalashga intilmoqda.
Go‘zallik nimada? – Standartlar o‘zgarmoqda
Disney qahramonlarining tashqi qiyofasi jamiyatdagi go‘zallik tushunchasining qanday o‘zgarayotganini aks ettiradi. Ilgari go‘zallik standartlarini o‘rnatgan ushbu studio endilikda ularni qayta ko‘rib chiqmoqda va yanada realistik tasvirlarga o‘tmoqda.
Dastlabki malikalarni eslaylik: Oppog‘oy, Sindrella, Uyqudagi malika – ularning qiyofasi o‘sha davr ayol idealiga mos edi. Nozik bel, katta ko‘zlar, himoyaga muhtoj va muloyim fe’l-atvor – ularning go‘zalligi aynan shu zaiflikda edi. 1990-yillarga kelib, Disney qahramonlari biroz faolroq bo‘la boshladi. “Suv parisi”dagi Ariel dengizga bo‘lgan ishtiyoqi bilan, “Sohibjamol va maxluq”dagi Bel esa kitoblarga bo‘lgan muhabbati bilan ajralib turadi. Ammo ularning tashqi qiyofasi hanuz klassik standartlarga mos edi: ingichka bel, uzun oyoqlar va katta ko‘zlar.