Sevgi ertaklari qayerga ketdi? Romantikaning yangi qiyofasi


Saqlash
11:25 / 09.04.2025 799 0

Bu faqat bolalar uchun emas, balki har birimizning ichimizdagi bola uchun. Farqi yo‘q, olti yoshdamizmi yoki oltmish. Mazkur so‘zlarni Uolt Disney o‘z animatsion tasvirlarini dunyoga taqdim etganida aytgan edi. Haqiqatan ham shunday. Bolaligimizning eng yorqin xotiralari orasida albatta kamida bitta Disney ertagi bor. O‘sha ertakni birinchi ko‘rganimizda yuragimiz hayajonlangan, hayot va sevgi haqidagi tasavvurlarimiz shakllangan edi.

 

Sehrli o‘pich bilan uyg‘ongan Uyqudagi Malika, dengizdagi hayotini tark etib inson sevgisi uchun ovozini qurbon qilgan Ariel (Suv parisi), qahrli maxluq qo‘lini ushlagan Bel... Bular bizning yoshligimizning qahramonlari edi. Ammo bugun Disney filmlarini tomosha qilar ekansiz, g‘alati bir tuyg‘u paydo bo‘ladi – Shu yerda nimadur yetishmayapti...

 

So‘nggi o‘n besh yillikda Disney studiyasi ajoyib o‘zgarishni boshdan kechirdi. Ular uzoq va baxtli hayot kechirdilar yoki birinchi ko‘rishda sevib qolish kabi an’ana asta-sekin yo‘qolib, o‘rniga yangi tushunchalar paydo bo‘ldi: shaxsiy kuch, oilaviy rishtalar, do‘stlik va o‘zligini anglash.

 

Bu o‘zgarishlar ortida nimalar turibdi? Nima uchun Disney o‘zining eng mashhur formulasidan voz kechdi?

 

Romantika: Kecha va bugun. O‘tmishda qolgan sehr

 

 

Disney filmlarining oltin davri bir sehrli formulaga asoslangan edi: go‘zal yosh qiz, unga oshiq bo‘lgan bahodir shahzoda va ularni ajratuvchi to‘siq. Bu chiroyli, oddiy va ishonchli formula turli avlodlarning yuragini zabt etdi.

 

Sindrellani eslang: kambag‘al, qiynaladigan qiz shahzoda bilan raqsga tushadi, so‘ngra oyoq kiyimini tushirib qo‘yadi. Shahzoda butun qirollikni kezib, uni izlaydi. Nima uchun? Chunki ularning taqdiri birlashishi kerak. Yoki Oppog‘oyni olaylik: unda zaharli olmadan o‘lib qolgan qizni faqat haqiqiy sevgi o‘pichi qutqaradi. Bu filmlarning asosiy g‘oyasi shunday edi: Haqiqiy sevgi har qanday to‘siqni yengadi.

 

Bu ertaklarda qizlar faol emas, ular passiv. Ularning baxtli hayoti shahzodaga bog‘liq. Sevgi esa oldindan belgilangan, taqdir tomonidan yozilgan, birinchi ko‘rishdayoq yuzaga keladigan mo‘jiza sifatida tasvirlanadi.

 

Bugunning yangicha qahramonlari

 

Yangi Disney qizlari bizning zamonamiz qizlari kabi: mustaqil, kuchli, o‘z taqdirini o‘zlari belgilashni istaydigan. 2010-yillardan boshlab Disney filmlarida jiddiy o‘zgarish yuz berdi. Romantik sevgi hikoyalari ikkinchi planga tushib, boshqa mavzular ko‘tarildi:

 

 

“Muz Yurak” (Frozen - 2013) – Disney an’anaviy sevgi hikoyasini butkul o‘zgartirdi. Anna dastlab shahzoda Hansni birinchi ko‘rishdayoq sevib qoladi, ammo bu sevgi uning halokatiga sabab bo‘ladi. Film bu holatni tasvirlash orqali an’anaviy ertaklarni parodiya qiladi. Hans xoinona kulib: “Seni kimdir chin dildan sevganida edi....” deydi. Ammo asl “haqiqiy sevgi” Anna va Elsa o‘rtasidagi opa-singillik rishtasi bo‘lib chiqadi. “Muz Yurak” “birinchi ko‘rishda sevgi” konsepsiyasini rad etadi.

 

 

“Moana”da (2016) romantik syujet umuman yo‘q. Moana o‘z qishlog‘ini qutqarish va o‘zligini anglash uchun sayohatga chiqadi. Uning hech qanday romantik sherigi yo‘q. Maui bilan munosabati esa ustoz-shogird yoki do‘stlik munosabatidir, romantik emas. Film qahramonning o‘z kuchini topishi va qabiladoshlarini qutqarishi haqida hikoya qiladi.