Disney bolalik tasavvurlarimizga ajralmas obrazlar bergan: ulkan qalʼalar, rang-barang liboslar, sehrli mavjudotlar va deyarli har doim baxtli yakun. Ammo bu yorqin manzaralar ortida koʻpincha eʼtibordan chetda qoladigan, biroq syujetni harakatga keltiradigan yashirin kuch turadi – qoʻrquv. Ertaklardagi qoʻrquv koʻpincha yovuz sehrgar, ajdarho yoki makkor raqib qiyofasida namoyon boʻladi. Biroq ular aslida ichki xavotir, shubha va oʻzimizga boʻlgan ishonchsizlik kabi juda tanish his-tuygʻularni aks ettiradi. Ushbu maqolada biz Disney qahramonlarining qoʻrquvlarini tahlil qilib, ularning hikoyalaridan kundalik hayotimizga mos keladigan gʻoyalarni izlab topamiz.
Koʻpchilik ertaklardagi qoʻrquv unsurini shunchaki dramatik taʼsir vositasi deb hisoblaydi. Aslida esa bu inson tajribasining markaziy qismidir. Disney qahramonlari duch keladigan qoʻrquvlar biz hayotimizda uchratadigan, ammo koʻpincha ifodalashga qiynaladigan holatlarning badiiy koʻrinishi hisoblanadi: jamiyat kutayotgan rollarga mos kelmaslik, yaqin insonni yoʻqotish, oʻz ovozini topa olmaslik yoki oʻtmishdagi xatolardan qochish.
Psixolog Karl Yung taʼkidlagan “Soya” tushunchasi bunga juda mos keladi. Insonning tan olmaydigan yoki yashirishga urinadigan tomonlari mavjud. Disney qahramonlarining qoʻrquvlari koʻpincha ana shu soyani aks ettiradi. Hikoyalar esa bizga shuni eslatadi: haqiqiy oʻsish yoʻli avvalo ichki soyani tan olish va unga yuzlanishdan boshlanadi.
Qahramonlar va ularning yashirin qoʻrquvlari
Ariel uchun ovoz shunchaki qoʻshiq aytish vositasi emas, balki oʻz fikrini bayon etish va kimligini namoyon qilish yoʻlidir. U sevgisi yoʻlida ovozidan voz kechadi, bu esa oʻzini ifoda etish huquqidan mahrum boʻlish demakdir. Hayotda ham koʻpchilik munosabatlar yoki vaziyatlar tufayli ichki ovozini “soʻndiradi”, biroq haqiqiy erkinlik uni asrab qolishdan boshlanadi.
Mulan oila shaʼnini himoya qilish bilan jamiyat kutayotgan “ayol” qiyofasiga mos kelish tanlovi oʻrtasida ikkilanib qoladi. Erkaklar safida jang qilish bu – oʻzini isbotlash yoʻli. Uning hikoyasi, haqiqiy jasorat boshqalarning tasdigʻini olishdan koʻra, oʻz tamoyillaringga sodiq qolish ekanini uqtiradi tomoshabinga.
Elza kuchini boshqara olmasligidan va yaqinlariga zarar yetkazib qoʻyishidan qoʻrqadi. Shu sababdan u yolgʻiz yashashni afzal koʻradi, ammo kuchni yashirish muammoni hal qilmaydi. Hayotda ham koʻpchilik “agar oʻzgacha qobiliyatimni namoyon qilsam, atrofdagilar bilan munosabatlarim oʻzgarib ketadi” deb xavotirga tushadi. Aslida esa, oʻz kuchini boshqarishni oʻrganish – shaxsiy rivojlanishning bir qismi hisoblanadi.
Bell kichkina shaharning tor doirasidan chiqishni istaydi. Uning eng katta qoʻrquvi – qulay hayot yoki “jamiyat shunday deydi” degan bahonalar bilan oʻzi xohlamagan odamga turmushga chiqib, orzu-istaklari va erkinligidan voz kechishdir. Bu vaziyat bizga tanish: katta orzularni jamiyat bosimi va urf-odatlar iskanjasida yoʻqotib qoʻymaslik lozim.
Rapunzel butun umrini minorada oʻtkazsada, tashqariga chiqishni istamaydi, tashqi dunyo unga vahimali tuyuladi. U xavfsiz joyda qolish yoki erkinlik yoʻlida xatar-xavfga duch kelish orasida tanlov qilishi kerak. Aslida, oʻzlikni anglash yoʻli koʻpincha xavfsizlik chegarasidan tashqarida boshlanadi.
Piter Pen uchun katta boʻlish erkinlikning yoʻqolishi demakdir. Biroq, ertak bizga shuni koʻrsatadiki, ulgʻayish bu — yangi imkoniyatlar va boshqacha turdagi erkinlikka yoʻl ochadi. Bu, ayniqsa, bolalikdan kattalikka oʻtish davrida juda muhim ahamiyatga ega.
Simba oʻz xatolarini tan olishdan qochadi, chunki bu ogʻriqli jarayon. Biroq, javobgarlikni oʻz zimmamizga olmasdan, yetuklikka erishib boʻlmaydi. Biz ham oʻtmishdagi xatolarimizdan qochishga harakat qilamiz, ammo ularni tan olish – shifo topish va shaxsiy rivojlanishning boshlanishi hisoblanadi.
Pinokkio yolgʻonlari tufayli “haqiqiy” bolaga aylanish imkoniyatidan mahrum qoladi. Uning yoʻli – halollik orqali erkinlikka erishish edi. Chunki koʻpincha haqiqat vahimali tuyulsada, u haqiqiy ozodlikning yagona kalitidir.
Qadimiy ertaklardagi ajdarho bugungi talqinda koʻpincha ichki qoʻrquvning ramziga aylangan. U ovozingizni tortib olishi (Ariel), erkinlik eshigini berkitishi (Rapunzel) yoki oʻtmishdan qochishga majbur qilishi (Simba) mumkin. Har bir qahramonning sarguzashti bizga shuni oʻrgatadi: ajdarhoni yengish uchun uni avvalo tan olish kerak. Uni koʻrmaslik yoki inkor etish uni yoʻqotmaydi — aksincha, kuchini oshiradi. Faqat yuzma-yuz kelgandagina qoʻrquv oʻz qudratini yoʻqotadi.
Disney qahramonlari bizga qoʻrquvni yoʻq qilish shart emasligini, balki uni oʻsish uchun kuch manbaiga aylantirish kerakligini aytadi. Ariel ovozsiz boʻlsa ham oʻzini ifoda eta oldi, Rapunzel minoradan chiqib dunyoni kashf etdi, Simba oʻtmishidan qochishni toʻxtatdi, Elsa esa sovuqni iliqlikka aylantirdi. Qoʻrquv dushman emas, yoʻldoshdir. U bizni orqaga tortishi ham, oldinga yetaklashi ham mumkin. Gap biz uni qanday qabul qilishimizda. Har safar qoʻrquvga qaramasdan bir qadam oldinga qoʻyganimizda, ichimizdagi ajdaho kichrayadi, biz esa toboro ulgʻayib boramiz.
Samandar Erkinjonov
Adabiyot
Tarix
Adabiyot
Jarayon
Falsafa
Tarix
Jarayon
Vatandosh
Tarix
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Din
Til
//
Izoh yo‘q