Adabiyotning “Chalgʻima”yotgan avlodi bugun qanday sheʼrlar yozmoqda?


Saqlash
10:46 / 22.08.2025 122 0

Bugun adabiy maydonda kitob turkumlari chop etilishi urfga kirdi. Klassik kitoblardan zamonaviy adabiy jarayon vakillariga qadar bu anʼana faol qoʻllanyapti. Xususan, yoshlar ijodi boʻyicha “Izlam”, “Aks”, “Qanot”, “Chigʻanoq” kabi loyihalar oʻquvchilar qoʻliga yetib bordi. Shoira Kumush Abdusalomovaning “Qanot” loyihasi doirasida chop etilgan “Chalgʻima” kitobi mutolaasidan soʻng uning ijodi, shu asnoda bugungi adabiy jarayon va undagi xotin-qizlar sheʼriyatining oʻrni haqida ayrim fikrlar paydo boʻldi.

 

Xalqonalikka xalq onalik qiladi

Kumush Abdusalomova ilk sheʼrlaridanoq xalqona yoʻldagi ohanglari bilan tanilgan. Adabiyotimizga bunday usulni ilk bor Usmon Azim oʻzining “Baxshiyona” turkumi bilan olib kirib, takomilga yetkazdi. Shoir baxshiyonani alohida poetik uslub darajasiga olib chiqa olgan. Undan keyin yozilgan shu yoʻldagi barcha sheʼrlar shu uslubning turli darajadagi takrori boʻldi xolos.

 

Ammo Kumushning xalqona termalari baxshiyona emas. U xalq qoʻshiqlariga poetik ishlov beradi, oʻz tuygʻularini oʻsha ohanglarga sintez qiladi va ijodiy eksperiment natijasida yangicha ohanglar topadi. Masalan, “Sust xotin” sheʼri yomgʻir chaqirish marosimida aytiladigan terma yoʻlida yozilgan. Avval zaminga yomgʻir soʻrab qoʻshiq kuylagan xotinlar endi yigʻilib, gʻiybat boshlab bir qizning koʻziga yomgʻir – koʻzyosh chaqiradi. Ammo tayyor lirik shaklga oʻz fikrini joylash jarayonida sheʼrdagi hissiyot, sezimlar ifodasi oddiylashib qoladi. Buni sezgan muallif sheʼrda moʻrtlashgan lirik ohang oʻrnini oʻynoqi qofiyalar bilan toʻldirishga urinadi.

 

“Gul sayli” sheʼri ham 5 bandlik shaklda yozilgan. Samimiy lirik kayfiyatdagi lirik qahramonni nogoh ogʻir oʻylar qurshay boshlaydi. Birdan yer sharining ikki yarim sharidagi xavotirli voqealar haqida oʻylab ketadi. Muallif oʻquvchiga bir voqeadan ikkinchisiga oʻtishning sababini koʻrsatmaydi, ikki mavzuni bogʻlovchi tashbeh, satr, fikrlarni keltirmaydi. Bobdan oʻrin olgan “Qiz qoʻshigʻi”, “Tashqarida”, “Hut keldi”, “Yoʻllaringga”, “Koʻnglimga” nomli sheʼrlarda ham shunday hol kuzatiladi. Mumtoz adabiyotda gʻazalning turli strukturalari bor. Yakpora musalsal, voqeband va parokanda gʻazal shunday turlardan. Gʻazal mustaqil baytlardan tuzilgan boʻlsa, unga parokanda gʻazal deyiladi. Kumushning xalqona termalari gʻazalning shu turiga oʻxshab ketadi. Bu ijodiy holatmi yoki kamchilikmi, aniq aytolmayman.

 

 

 Sheʼrda birinchi banddan soʻnggi satrgacha oʻzaro bogʻlaydigan tizgin boʻlmogʻi zarur. Kumush bir ohangni tanlaydi, bu xalq qoʻshigʻidan satr, biror dostondan parcha boʻlar, ehtimol. Oʻsha ohang, satr, parcha, lirik qahramonning turli-tuman oʻylarini bogʻlovchi sheroza (kitob varaqlarini birlashtirib turuvchi ip) vazifasini bajaradi. Bu – shoiraning oʻzi tanlagan yoʻl. Baʼzan bu uslub oʻzini toʻla oqlamasligini taʼkidlash adolatdan boʻladi. Lekin mazkur usul oʻzini oqlagan oʻrinlar ham borki, ularga ham oʻz bahosini berish adolat posangisini muvozanatga keltiradi. “Koʻnglimga” va “Chalgʻima” sheʼrlari bunga misol. Bu ikki sheʼrda dostonlardan ulgu boʻlgan ohang va sartlar bor, lekin undan tashqari muallifning oʻz fikriy tizgini ham mavjud. Bundan shunday xulosa qilish mumkin: ohang, shakl sheʼrning muhim komponenti, lekin uning badiiy pishiqligi har doim undagi fikriy izchillikka bogʻliq.

 

“Koʻnglimga” sheʼri Alpomish dostonidan olingan “Samanning sariga tush, yo olapocha toʻriga tush, shapaqning zoʻriga tush…” parchasi asosida dunyoga kelgan:

Gulga tush, giyohga tush.

Tovushlar koʻp – ohga tush.

Yor yotgan u chohga tush.

Buncha baland ketibsan

Yozil endi, oqqa tush!

 

Alpomish arqonni ot boʻyiniga solish uchun otib, qayga tushishini tusmollar ekan, shoira shu jarayonni sheʼrning asosiga aylantiradi. Agar shoirning badiiy niyati faqat shu “tushish” jarayonini tasvirlashdan iborat boʻlganida bu sheʼr emas, qofiyalar uyumiga aylanib qolardi. Lekin Kumush avvalgi shakliy eksperimentlardan yetarli xulosa olgan, oʻz uslubini takomilga yetkazish jarayonida. U sheʼrda “Koʻnglim – maning chilvirim” deydi. Demak, Alpomish ot boʻyniga arqon otgan boʻlsa, Kumush oʻz koʻnglini olamga otyapti. Endi bu sheʼr Alpomishdan alohida, bu lirik kayfiyat Kumush Abdusalomovaga mansub:

Samangamas, sarga tush!

Koʻzga – shashqatorga tush.

Bariga qoʻl silta va

Birga tush-ey, Borga tush!

Mening ingichka koʻnglim,

Mening ingichka koʻnglim!

 

Sheʼrda sir boʻlishi kerak. “Koʻnglimda” arqonning aslida koʻngil ekani sir edi. Shu sir sheʼrni sheʼr qilgan.

 

“Chalgʻima” sheʼri esa Goʻroʻgʻli dostoni syujeti asosida yozilgan. Goʻroʻgʻlining onasi Hiloloy oʻgʻliga nasihat qiladi. Shoira uni sheʼrga soladi:

Yer usti boyligi koʻzingnikimas,

Yer osti boyligi oʻzingnikimas,

Mozoroti yer osti boyligingdir,

Qabrtoshlar yer usti boyligingdir.

Tillaridan shakkar yetsa, chalgʻima.

 

Sheʼrda shoira tom maʼnoda onaga aylanadi, millat farzandlariga qarab duo qiladi. Endi sheʼrda Goʻroʻgʻli yoʻq. Unda millatning yer usti va yer osti boyliklari haqidagi fikrlar yangray boshlaydi. Shunda birdan shoira yana sheʼr sirini berkitib qoʻyadi. Mozorot – yer osti boyligi, qabrtoshlar – yer usti boyligi ekan, qarang-a. Bolaning oti Goʻroʻgʻli boʻlgandan keyin uning yurti mozor boʻladi-da. Bu achchiq istehzo, kinoya ortida koʻp gap bor, koʻp gap.

Yolgʻiz otsan, lekin dunyo changidi.

Goʻroʻgʻlima, ufq dilim rangidir,

Ozodmiz deb bunda koʻplar chalgʻidi,

Ozodmiz deb bunda koʻplar chalgʻidi,

Sen boʻyningga xanjar yetsa, chalgʻima.

 

Sheʼr soʻngida ulkan sir oʻzini koʻrsata boshlaydi. Bu changib yotgan dunyoga yolgʻiz otning qismati 37 millionlik oʻzbek nufusiga oid ekani ayon boʻladi. “Ozodmiz” deb oʻzini ovutib yashash endi bizga toʻgʻri kelmasligini shoir dadil aytadi. Bu kayfiyat Kumush Abdusalomova va shu avlodga mansub boshqa tengdoshlarimiz ijodidagi muhim jihat. Shoirlar ozodlikning oʻzi yetarli emasligini anglagan joyida XXI asrdagi yangi oʻzbek sheʼriyati boshlandi. “Ozodmiz deb bunda koʻplar chalgʻidi” deb ayta oladigan avlod kelayotgani adabiyotshunoslarimiz uchun signal, nazarimda. Endi yoshlar sheʼriyatiga jiddiy yondashuv kerak. Shu kunga qadar adabiyotimizda oxirgi soʻzni 70-yillar avlodi aytib keldi. Mustaqillik uchun kurashib unga erishgan sheʼriyat endi nima haqda yozishni, nima uchun kurashishni bilmay qoldi. Ular yoppasiga koʻngilga berkinishni boshlashdi. Sheʼriyat ijtimoiy fikr aytish vakolatidan mahrum boʻldi. Oʻzbek adabiyotida mustaqillik yillaridagi ijtimoiy-lirik kayfiyat 90-yillardagi kayfiyatga boʻylasha olmaydi. Aslida teskarisi boʻlishi kerak emasmi?!

 

 

 Soʻnggi yillarda yuz bergan ijtimoiy-siyosiy oʻzgarishlar bahonasida adabiy avlodlar yana millatni uygʻotuvchi soʻzlar aytishga jazm qila boshladi. Biz anglab qoldikki, ozodmiz deb yuraversak, dunyoda yolgʻiz otdek changda qolishimiz tayin. Ha, endi bizning avlod shoirlari mustaqillikka shukr qilishdan charchadi, endi millatning dunyoga boʻylashini orzulaymiz. Dunyoga migrant yetkazib beruvchi mamlakatda yashash shoirni iztirobga soladi. Ozodlik konstitutsiyadan, mustaqillik deklaratsiyasidan avval ruhoniyatda aks etishi kerak, tafakkur ozod boʻlmogʻi zarur. Bugun adabiyotimizda ana shu haqiqatni baralla ayta olayotgan Kumushlar bor. Bu haqiqatlarni ayta olish uchun shoir shaxsiyati baland boʻlishi kerak. Axir koʻrib turibmiz, ijodining bosh mavzusi unvon olish, uy-joy solish, biror kattakonning nazariga tushish ilinjida qalam qitirlatib yurgan “ejodkor”larni ham. Ayrim shoirlarimizning yozganlarini koʻrib, uyatdan yuzimiz qizaryapti. Shoir qavmi shu darajada obroʻsizlantirildiki, bugun “shoir” degan soʻz masxaraomuz maʼno tashib kelyapti. “Quyosh paneli quraylik”, “investitsiya kiritaylik” degan aljirab yurgan kimsalar internet olamida shoir sifatida taqdim etilmoqda. Buyuk Rauf Parfining:

Roʻbaroʻ kelgandek goʻyo oʻt va suv,

Roʻbaroʻ keladi shoir va zamon… degan haqiqati qayda-yu, bu kimsalar qayda? Shoirlik maqomi shunday ahvolda ekan, Kumush Abdusalomova kabi tengdoshlarimiz ijodini koʻrib koʻngil oʻsadi. Bu avlod yaratadigan adabiyot boshqacha boʻladi, ishoning, deysan beixtiyor!

 

Adabiyot xonimlari va sheʼriyatdagi ayol siymosi

Oʻzbek adabiyoti tarixida ayol shoiralar avlodi shakllanishida Qoʻqon adabiy muhitining alohida oʻrni bor. Malika Nodirabegim shafeligida yaratilgan shoiralar davrasi mumtoz adabiyotimizda alohida gul bogʻchasidek gurkirab turibdi. Lekin koʻpchilik eʼtibor bermagan bir jihat bor: bu davrda ijod qilgan shoiralarning deyarli barchasi ijtimoiy muammolarni dadil qalamga olgan demokratik adabiyot vakillari edi. Uvaysiy, Anbar Otin, Dilshod Barno, Maknuna, hatto Nodirayi davron ijodida isyonkor ruh balqib turadi.

 


 

Zamonaviy adabiyotda esa sheʼriyatimizning ikki Halimasiga bellashadigan shaxsiyat hali maydonga kelmadi. Ammo bugun buyuk enalarning ortidan dadil maydonga chiqayotgan Bashorat Otajonova, Nargiza Odinayeva, Kumush Oʻsarova, Majnuna, Tillaniso, Gulrux Xudoyorova, Madina Norchayeva, Mehrinoz Abbosova, Kumush Abdusalomova, Shohsanam Nishonova, Feruza Xayrullayeva, Nozima Habibullayeva, Zulxumor Orifjonova, Gulhayo Anorova, Nilufar Ergasheva kabi koʻplab opa-singillarimiz borligi kishini quvontiradi. Ular sheʼriyatda ayol shaxsiyatini alohida adabiy muammo sifatida oʻrtaga qoʻyishmoqda. Koʻpchilikshoirlarni erkak-ayol deb ayirmaslik kerak, adabiyotda jins ajratilmaydideb matal oʻqishadi. Bekor gap. Ayol va erkak yaralish fitratiga koʻra bir-biridan butkul farq qiladi. Ana shu fitratdagi ayrilik lirik qahramon qiyofasiga bevosita taʼsir qiladi. Ayol kishi his qiladigan kechinmalarni erkaklar yoza olmaganidek, shoiralar ham oʻz fitratidan uzoq tushmaydi. Kumushning sheʼrlaridagi lirik qahramonning bir necha qiyofasi bor: farzand, ona, opa, yor, ijtimoiy shaxs va hokazo. Va ularning hammasi birlashib, shoiraning lirik qahramoni ancha ijtimoiylashgan, jamiyatning yuziga tik qaray oladigan ayol koʻrinishida namoyon boʻladi.

 

“Oʻzimning dostonim” sheʼriy turkumida shoira oʻzining sevimli xalqona terma uslubida dostonlarimizdagi ayol obrazlariga nazar soladi. Xolbeka, Zulxumor, Oybarchin obrazlari bilan bogʻliq doston epizodlarini shunday tanlaydiki, ularda malikalar oʻzlarining gʻururi, izzat-nafsi, sharafini himoya qilayotgan holati tasvirlanadi.

 

“Pichan gʻarami haqida” nomli sheʼr esa voqeband xarakterga ega. Otasi bozorga ketayotgan qiz maktabdan qolib ukasiga qarab turishi kerak boʻladi. Lekin qizaloq maktabdan qolishga koʻngli boʻlmay, ukasini qoʻshnining bolasi bilan qoldirib, maktabga joʻnaydi. Shum bolalar esa otaning yil boʻyi toʻplagan pichanlarini yoqib yuboradi. Shoira esa bundan kutilmagan badiiy xulosa oladi:

Dada, bola edim, maʼzur tutasiz.

Yaramni tirnadim, mana qonadi.

Oʻsha voqeadan olgan xulosam:

Qizlar maktab borsa, pichan yonadi!

Bu xulosa bilan sheʼrni yakunlash mumkin edi. Lekin shoiraning hayotga, odamlarga beradigan savollari bor edi. Bu savollar sheʼrning yana bir pogʻona yuqori darajaga olib chiqadi:

Dada, qancha qiz bor – nurdan bebahra.

Ayon – ilm emas hoʻplaganlari.

Qizlar ilm olsa, otalarining

Yonib bitadimi toʻplaganlari?

 

“Uljoy Turkon ogʻo” sheʼri esa oʻzbekyurtdagi ayol siymosining kechmishi va buguni haqida soʻzlaydi. “Temur tuzuklari”dan ilhomlanib yozilgan asarda sargardonlikda yurgan Temurbek yonidagi bir necha sherigi bilan ketib borarkan, oʻzining otiga jufti haloli Uljoy Turkon ogʻoni mindirib olgani aytiladi:

Bu joyning erlari hech qachon

Yolgʻondan qasamlar ichishmas.

Oʻldirsa, oʻldirib ketar-u

Yorini qoldirib ketishmas –

Bu joy Turon, ogʻo!

 

Lekin tarix evrildi. Ayollar chimmatini tashladi, erkaklar bilan bir safda mehnat qila boshladi. Oʻzining zulmatli tunlari tongga evrilishini kutayotgan oʻzbek ayoli yorugʻlik koʻrdimi?

Ayollar qoʻllari qabargan.

Oʻxshamas muhtaram, moʻtabarga.

Yelkalar ustida xurjunlar

Erlari otlangan safarga.

Uljoy Turkon ogʻo!

Dilda bir ibora yotibdi.

Aytmasam koʻngilga botibdi.

Erlar yovdan emas,

Dushmandan emas,

Yoʻqchilikdan qochib borayotibdi.

Bu joy Turon, ogʻo.

Mana bugunning haqiqiy manzarasi. Qanchalik achchiq boʻlmasin, qanchalik fojiali boʻlmasin, bir zamonlar eriga sovut boʻlgan ayollar bugun yelkasiga tirikchilik, roʻzgʻor yukini olishga majbur boʻlmoqda. Bugungi fojia va Sohibqironning ayoliga koʻrsatgan ehtiromi oʻrtasidagi kontrast sheʼrning asosini tashkil qilgan.

 

 

Yangilanish ehtiyoji

Adabiyotning yangilanishi haqida soʻz ketganda, yana Rauf Parfiga murojaat qilamiz. Donishmand shoir “adabiyotimizni turkchilik ruhi yangilaydi”, deya bashorat qilgandi. Bugun Turon haqida sheʼr yozmagan shoir qolmadi, hatto bu soʻzning sheʼrlarda andak siyqasi chiqa boshlaganidan menda allaqanday qizgʻanish ham paydo boʻlyapti. Chunki ularning aksariyati populistlarcha chaqiriq toʻniga oʻralgani sezilib turibdi. Kumushning turkona ruhdagi sheʼrlarida esa xalqona ohang va ijtimoiy-siyosiy va lirik kayfiyat omixta boʻlib ketadi:

Malikayi Turondodim,

Ertakdan chiq,

Boʻy-bastingni

Bir koʻrib qoʻysinlar toki.

Ertakdan chiq,

Endi bu xalq

Ertaklarga ishonmaydi.

 

Kumush ijodida millat mavzusining sarhadlari ancha keng. Ingliz tilidagi “To be”, ya’ni “bo‘lmoq” fe’li haqidagi she’rida “To be” ni “tobe” deb talaffuz qiladigan, buning ortidan ustozidan dakki eshitadigan, lekin shu tilni o‘rganmasa, o‘qishga kira olmasligini o‘ylab siqilib yurgan abituriyent qizning kechinmalarini bayon qiladi:

Men o‘zi shundog‘am tobeman.

Mendan ona tilim, ranjima.

Dunyoda nima gap bo‘lyapti –

Hammasi tarjima!

 

Men o‘zi shundog‘am tobeman.

O‘zimning tilimga moneman.

Dunyoning iqlimi ularga bog‘liq.

Men esa shunchaki someman.

 

Bu haqiqatni ozodlikka shukrona aytib, madhiyalar toqiyotganlar ayta olmaydi. Bu she’r bugungi dunyoda bir o‘zbekning haqiqiy o‘rnidan so‘ylaydi. O‘z yurtida chetning tilini bilmasdan o‘qishga, ishga kira olmaslik bundoq olganda qanchalik achinarli ekanini eslatadi. Buning sababi esa millatning o‘z tiliga, o‘zligiga befarqligida ekaniga ishora qiladi. Shoira millatning dunyoda bo‘lishi orzu qiladi.

 

Yana bir jihat borki, “Chalgʻima” kitobini varaqlash orqali Kumush Abdusalomovaning kutubxonasiga kirib borasiz, uning mutolaa doirasi sheʼrlardagi mavzu koʻlamidan yaqqol koʻrinib turadi. Oʻrxun-Enasoy bitiklari, “Xamsa”, “Boburnoma”, “Temur tuzuklari”, jahon adabiyoti klassiklari va xalq dostonlarining ulkan xazinasi… Muallif ularni shunchaki mutolaa qilmaydi, har bir maʼnaviy obidadan bittadan sheʼr bilan qaytib chiqadi. Hayratlarini poetik tafakkur chigʻirigʻidan oʻtkazib, oʻquvchiga taqdim etadi. 

 

Suhrob ZIYO

 

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//