
Rossiya imperiyasi oʻzbek xonliklari bilan diplomatik munosabatlar olib borish jarayonida elchilarga oʻz vazifalaridan tashqari bir qator qoʻshimcha maxsus topshiriqlar ham bergan. Jumladan, elchi, oʻzi borgan davlatning ichki siyosiy ahvoli hamda qoʻshni davlatlar bilan munosabatlari xususida maʼlumotlar yigʻishi lozim boʻlgan. Rus elchi, sayyoh yoki josuslari tomonidan yigʻilgan bunday maʼlumotlar hisobot shaklida hukumatga topshirilgan va keyinchalik ayrimlari nashr ham qilingan.
Taʼkidlash joizki, ushbu maʼlumotlar Oʻzbekiston tarixini oʻrganishda qandaydir darajada ahamiyatli ham hisoblanadi. Zero, mazkur maʼlumotlarda yurtimiz tarixining maʼlum bir bosqichida yuz bergan siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy jarayonlar yoritilgan. Albatta, boshqa bir davlatdan maxsus vazifa bilan kelib, boshqa bir hududdagi voqea-hodisalar haqida axborot berayotgan shaxsning barcha qarashlarini mutlaqo haqiqat sifatida tushunish aslo toʻgʻri emas. Shunday boʻlsa-da, uning fikrlaridan oʻsha davr ruhiyatini anglash mumkin.
XIX asrda Rossiya imperiyasi oʻzbek xonliklari bilan aloqa yuritish ishlarini Orenburg harbiy gubernatori orqali amalga oshirgan. Shu bois mazkur gubernatorlik Markaziy Osiyoga kelayotgan karvonlarga oʻz vakillarini qoʻshib, yuborib turgan. Shunday xufiyona joʻnatilgan elchilardan biri Buxoro amirligiga kelib, oʻz safari haqida batafsil hisobot yozgan sharqshunos Pyotr Ivanovich Demezon hisoblanadi.
Shu oʻrinda P.I. Demezon xususida qisqacha toʻxtalib oʻtish maqsadga muvofiqdir. U 1807-yili Sardiniya qirolligidagi Shamberi shahrida shifokor oilasida tugʻilgan. Dastlab, Qozon imperatorlik universitetiga oʻqishga qabul qilingan. Keyin Sankt-Peterburgda sharqshunos G.M. Vlangali rahbarligi ostida sharq tillarini oʻrgangan. 1829-yili sharq tillari boʻyicha tilshunoslik nomzodligini himoya qilgan. 1829-1831-yillarda Qozon universitetida talabalarga dars bergan. Demezon 1831-yilning fevralida Orenburgga keladi va N.I. Neplyuyev harbiy bilim yurtida sharq tillari katta oʻqituvchisi hamda Orenburg chegara komissiyasi tarjimoni vazifasida ishlaydi.
U 1833–1834-yillarda Orenburg harbiy gubernatori V.A. Perovskiy topshirigʻi bilan Demezon Buxoroga yoʻl oladi. U amirlikka Jaʼfar ismli tatar mullasi qiyofasida kirib keladi. Demezonga Perovskiyning maktubini shaxsan Buxoro amirligi qoʻshbegisiga topshirish vazifasi yuklatiladi. Ushbu maktub orqali Demezon Buxoro qoʻshbegisi bilan uchrashish imkoniyatiga ega boʻladi.
Perovskiy tomonidan Demezonga Buxoro amirligidagi “sayohati” davomida amal qilishi lozim boʻlgan, 25 ta boʻlimdan iborat rasmiy koʻrsatma berilgan. Ushbu koʻrsatmalarning bajarilishi va qoʻlga kiritilgan maʼlumotlar Perovskiyga fransuz tilida yozilgan hisobot tarzida yuborib turiladi. Ushbu hisobotlar va qaydlar keyinchalik tarixchi N.A. Xalfin muharrirligi ostida 1983-yil Moskvada “Zapiski o Buxarskom xanstve (Otchetы P.I. Demezona i I.V. Vitkevicha)” nomi bilan nashr qilingan boʻlib, aytib oʻtish joizki, mazkur manba hozirga qadar oʻzbek tiliga tarjima qilinib, nashr etilmagan.
Quyida Demezon qaydlaridagi Buxoro amirligining tashqi siyosati va mintaqa siyosiy munosabatlaridagi oʻrni haqidagi maʼlumotlar xususida toʻxtalib oʻtiladi.
Demezon Buxoroning qoʻshni xonliklar bilan munosabatlari haqida toʻxtalar ekan quyidagilarni bayon qiladi:
Buxoro oʻz qoʻshnilari bilan ziddiyatga ega: Qoʻqon, Shahrisabz, Qunduz va Xiva qoʻshbegining munosabatlarni tiklashga urinishlariga qaramasdan, koʻp yillardan beri Buxoro bilan kelishmovchilikda.
Demezon soʻzida davom etib, Shahrisabz hokimining Xiva va Qoʻqon xonliklari bilan Buxoroga qarshi ittifoqi xususida bir qator mulohazalarni ilgari suradi.
“U (qoʻshbegi) bir necha bor uzoq va qonli boʻlishi mumkin boʻlgan urush oʻchoqlarini oʻchirishga muvaffaq boʻlgan. Buxoro xoni tomonidan Shahrisabzga uyushtirilgan ekspeditsiya tamomila barbod boʻladi. U bor yoʻgʻi ikki-uch qalʼani egallash jarayonida 1000 ga yaqin odamni yoʻqotadi. Shu bahorda Qoʻqon xoni talabiga koʻra yaʼni, uning urush ochish tahdidi ostida sharmandali tarzda bu qalʼalarni yana qaytarib berdi. Qoʻshbegi rahbarligidagi kengash xonga Qoʻqon, Xiva va Shahrisabz hukmdorlarining unga qarshi tuzgan ittifoqiga qarshilik koʻrsatish imkonsizligini isbotladi va u yon berdi”.
Shuningdek, Xiva xonligi va Qoʻqon xonliklarining Rossiya nisbatan munosabati haqida quyidagicha bayon qilinadi.
Xivaliklar Rossiyaga nisbatan dushmanlarcha munosabatda boʻladi va hatto buni yashirishga harakat ham qilmaydi. Ular bizning hukumatimizga ziyon yetkazish uchun butun kuchlarini ishga soladi. Ularga asir tushgan yoki ular tomonidan qirgʻiz va tatarlardan sotib olingan rus asirlariga Xivada tasavvur qilish qiyin darajada shafqatsiz munosabatda boʻlinadi. Ular Qoʻqonning Rossiyaga nisbatan dushmanlik kayfiyatidaligini biladi va Qoʻqon bilan har qachongidan-da yaxshiroq doʻstona munosabatlarni yoʻlga qoʻyishga urinmoqda.
Aygʻoqchi Buxoroning Rossiyaga nisbatan siyosiy kayfiyati haqida hisobotning keyingi oʻrinlarida aytib oʻtgan. U Buxoroning Xiva va Qoʻqon xonliklari bilan munosabatlarida Rossiyaning muhim oʻrin tutishi mumkinligini, agar Rossiya Xiva va Qoʻqonga qarshi harakatlar olib borsa Buxoroning ishonchli hamkori boʻlishini taʼkidlagan.
Demezon Buxoro amirligining Xiva, Qoʻqon va Shahrisabz ittifoqi yuzaga kelishiga xalaqit berish xususida amalga oshirgan ishlari haqida quyidagicha maʼlumotlar taqdim etadi:
“Xivaga kelgan dahshatli ocharchilik koʻplab aholini shaharni tark etishi va Buxoroning turli shaharlariga oʻrnashishiga majbur etdi. Bu Xiva hukumatini deyarli toʻliq zaiflashtirdi. Xivaning bunday ahvoli Buxoro hukumatini butunlay qanoatlantirardi. Buxoro oʻz istaklarining bajarilishi uchun Xivani bir muncha miqdorda don bilan taʼminladi. Ular Xivaga qarshi qaratilgan Rossiya va Fors ekspeditsiyasi haqida turli gap-soʻzlarni tarqatib Xivani doimiy tahdid ostida ushlab turadi. Ushbu gap-soʻzlarga mening Buxoroga kelishim koʻpsonli vajlar berdi. Ushbu yilning qishida Buxoroda boʻlgan Xiva elchisiga mening missiyam maqsadini ʼXurosondagi Abbos Mirzo qoʻshini bilan birgalikda faoliyat yuritayotgan rus korpusining harakatlarini aniqlashtirish, shuningdek, Xivaga qarshi harakatlanayotgan rus ekspeditsiyasiga nisbatan Buxoro hukumatining munosabatini aniqlashʼ deb xabar berishgan. Bu gap-soʻzlar katta ehtimol bilan qoʻshbegining buyrugʻi bilan tarqatilgan hamda Xiva, Qoʻqon va Shahrisabzning Buxoroga qarshi tuzishi mumkin boʻlgan ittifoqidan xavotirlanishi natijasida yuz bergan. Hatto mayning oxirida mening Buxorodan ketish vaqtimgacha ham, bu shahardagilar Rossiya yurishi haqida yaʼni, shu yil bizning hukumatimiz Kaspiy dengizining sharqiy qirgʻoqlariga kirganligi haqida hech nimani bilmas edi.
Demezon Buxoro amirligi hukumatining Rossiya imperiyasiga nisbatan munosabati haqida quyidagi fikrlarni yozib qoldirgan: “Buxoroliklar aslida xivaliklardan kam boʻlmagan darajada Rossiyani yoqtirmaydi. Ammo oʻz manfaatlari yoʻlida buni yashirishga urinadi. Buni hukumatlarimiz oʻrtasidagi bir qarashda doʻstona xususiyatga ega boʻlgan munosabatlarni saqlab qolish uchun qiladi”.
Elchi Rossiya imperiyasining qozoq juzlari ustidan hukmronligi oshib borishiga Buxoro amirligining munosabati qanday boʻlgani haqida ham maʼlumot taqdim etgan: “Bir tarafdan oʻz mutaassibliklari sababli rus hukumatiga nafrat bilan qaraydilar, boshqa tarafdan esa – Rossiyaning qirgʻizlar (qozoqlar) ustidan hukmronligi oshib borayotganidan hadiksirab turadilar, chunki ular bu yerdagi daromadli savdodan mahrum boʻlishdan qoʻrqadi. Buxoroliklar Rossiya va har qanday qaramlikka qarshi boʻlgan qirgʻizlarni urishtirib qoʻyishga harakat qiladi”.
Ushbu holat Demezon nigohida Buxoro amirligining oʻzaro savdo munosabatlari hamda mintaqadagi siyosiy manfaatlarini himoya qilish maqsadlarini namoyon etadi. Zero, XIX asrning 30-yillarida Buxoro amirligi mintaqadagi qoʻshnilari Xiva va Qoʻqon xonliklari bilan raqobatlashish jarayonida oʻziga Markaziy Osiyo tashqarisidan hamkor izlashga majbur edi. Shu bilan bir vaqtda Rossiya imperiyasi timsolida paydo boʻlgan hamkorning agressiv siyosati Buxoro amirligi hukmron doiralarini ehtiyotkorlikka chorlardi.
Demezon Buxoro uchun Rossiya imperiyasi bilan savdo aloqalarining ahamiyati haqida shunday yozadi: “Vaholanki, bir tomondan buxoroliklar Rossiya bilan savdo aloqalaridan manfaatdor, chunki bu ularning halokat yoqasida boʻlgan hukumatini qoʻllab-quvvatlab turadi yaʼni, bizning qalʼalar ularning karvonlari uchun yopilsa ularning moliyaviy ahvoli ogʻirlashadi. Ikkinchi tarafdan esa – Buxoroni istalgan paytda hujum uyushtirishi mumkin boʻlgan qoʻshnilari qarshisida doimiy xavfda yashaydi va bu Buxoro Rossiya bilan ittifoq tuzishiga turtki beradi. Biz bilan uzilish roʻy bersa ular tashqi yordamdan mahrum boʻladi. Shularni inobatga olgan holda Turkistondagi davlatlar ichida Rossiya bilan doʻstona aloqalarini olib boradigan va bizning hukumatimiz rejalariga eng kam qarshilik qiladigani bu Buxorodir deyish mumkin”.
Ushbu fikrlar yuzasidan aytish mumkinki, Demezon Buxoro amirligining harbiy salohiyatini past baholab, Rossiya imperiyasi bilan oʻzaro munosabatlarda iqtisodiy va harbiy qaramlik xususida baʼzi mubolagʻali fikrlarni ilgari surgan. Amir Nasrulloxon hukmronligi davrida Buxoro harbiy jihatdan Turkistonning boshqa xonliklaridan ustun boʻlgan. Buni keyingi tarixiy jarayonlar – 1837-yilda muntazam qoʻshinning joriy etilishi va keyinchalik 1842-yilda Qoʻqon xonligining bosib olinishi tasdiqlaydi.
Demezonning qoʻshbegi bilan uchrashuvida oʻzaro savdo aloqalarini rivojlantirish hamda savdo yoʻlining xavfsizligini taʼminlash maqsadida Sirdaryo boʻyida qalʼa qurish masalasi muhokama qilinadi. Shuningdek, Buxoro amirligi karvonlarni ikki tarafdan qoʻriqlab borish lozim boʻlgan chegarani aniq belgilab olishni taklif qiladi.
“Buxoro hukumatini Qoʻqon, Xiva va qirgʻizlar barcha tarafdan siqib qoʻyib, unga savdoda toʻsqinlik qilmoqda. Ular Rossiya Sirdaryo qirgʻoqlariga siljib, xivaliklar va qirgʻizlarni qoʻrqitish uchun istehkom qurishini, maʼqullaydi.
Shu oʻrinda taʼkidlash joizki, istehkom qurish masalasi ikkala davlat oʻrtasida oldingi elchilar doirasida ham muhokama qilingan. Ammo, Rossiya imperiyasi ushbu istehkomni boshqa maqsadni koʻzlab qurgani keyinroq maʼlum boʻladi.
Xulosa oʻrnida taʼkidlash mumkinki, ushbu qaydlar Buxoro-Rossiya diplomatik munosabatlarida katta ahamiyat kasb etuvchi Buxoroning ichki siyosiy ahvoli, qoʻshni xonliklar bilan munosabatlariga bogʻliq boʻlgan tarixiy jarayonlarni oʻrganishda muhim manbalardan biri hisoblanadi. Mazkur davrdagi Buxoro amirligining Turkistondagi qoʻshnilari Xiva va Qoʻqon xonliklari bilan siyosiy aloqalaridan tashqari, Afgʻoniston, Eron, Hindiston, Sharqiy Turkistondagi siyosiy vaziyat haqida ham muhim maʼlumotlar beradi.
Demezon qaydlari Buxoro amirligining tabiiy geografik joylashuvi, uning maʼmuriy va siyosiy boshqaruvi, shaharning binolari, qoʻshin holati, ichki va tashqi savdosi, davlatning iqtisodiy salohiyati, gʻaznasi va boshqa bir qator muhim maʼlumotlarni taqdim qiladi. Ushbu manbaning maʼlumotlarini boshqa tarixiy manbalar hamda arxiv hujjatlari bilan qiyosiy oʻrganish Buxoroning oʻz qoʻshnilari va Rossiya bilan diplomatik aloqalar tarixini yoritishda uchrab turadigan tarixiy chalkashliklar natijasida notoʻgʻri xulosalar kelib chiqishiga asos qoldirmaydi.
Sunnatillo Hamroyev
Tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori
Adabiyot
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Adabiyot
Jarayon
Adabiyot
Jarayon
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Din
Tarix
Til
//
Izoh yo‘q