Emotsional intellekt yoki baxt darslari bolani hayotga qanday tayyorlaydi?


Saqlash
18:14 / 18.08.2025 16 0

Darvin (Avstraliya) shahridagi boshlangʻich maktabda har tong oddiy bir marosim bilan boshlanadi: har bir bola qanday kayfiyatda ekanini aytib oʻtadi – gʻazablanyaptimi, xavotirdami, xursandmi yoki xotirjam. Finlandiyada esa birinchi sinf oʻquvchilari tonggi davrada his-tuygʻulari bilan oʻrtoqlashadi. Hindiston poytaxti Dehlida boʻlsa minglab bolalarga har kuni 40 daqiqa davomida “baxt darslari” oʻtiladi – mashgʻulotlar oʻz ichiga ongli hushyorlik mashqlari va qadriyatlar muhokamasini oladi. Bir vaqtlar noodatiy tuyulgan ushbu jarayon dunyo boʻylab tobora koʻproq maktablarda odatga aylanmoqda.

 

Xoʻsh, bu qanday darslar? Bu – farovonlik, ruhiy salomatlik va eng muhimi, emotsional intellektga bagʻishlangan darslardir. Oʻqituvchilar bolalarga oʻz his-tuygʻularini tanish, boshqarish, boshqalarni tushunish va ijtimoiy koʻnikmalarni rivojlantirishni oʻrgatadi. Endilikda bu koʻnikmalar matematika yoki oʻqish bilan teng darajada muhim hisoblanmoqda.

 

Bunday darslar nega kerak?

 

Bugungi maktab oʻquvchisi imtihonlarga tayyorlanish bilan birga, oʻzgaruvchan, bosimga toʻla va katta raqobatli hayotga ham moslashishga majbur. Raqamli texnologiyalar, ijtimoiy tarmoqlardagi solishtirish, yolgʻizlik hissi va ruhiy siqilish – bularning barchasi yoshlar ongini charchatadi. Shunga koʻra, psixolog, pedagog va ota-onalar “zamonaviy maktab faqat akademik bilim berish bilangina cheklanib qolmay, bolaning ruhiy va emotsional rivojlanishiga ham jiddiy eʼtibor qaratishi kerak”, deya tobora koʻproq mulohaza qilmoqda.

 

Emotsional intellekt (EQ) – yaʼni oʻz his-tuygʻularini anglay olish, boshqarish, boshqalarni tushunish va ijtimoiy muomala qilish qobiliyati muhim hayot koʻnikmasiga aylanmoqda. Tadqiqotlar shuni koʻrsatadiki, EQ darajasi yuqori bolalar nafaqat darsda muvaffaqiyatli, balki hayotda ham bardoshliroq, muloqotga kirishuvchan va oʻziga ishochi balandroq boʻladi.

 

Amerika Psixologik Assotsiatsiyasi tomonidan chop etilgan tadqiqotga koʻra, oʻz his-tuygʻularini yaxshiroq tushunish va boshqarish qobiliyatiga ega boʻlgan oʻquvchilar, yaʼni emotsional intellekti rivojlanganlar bu koʻnikmaga ega boʻlmagan tengdoshlariga qaraganda baholar va standart test natijalari boʻyicha yaxshiroq natijalarga erishadi.

 

Shu sababli koʻplab mamlakatlar maktab oʻquv dasturiga farovonlik darslarini kiritmoqda. Maqsad – bolalarni shunchaki testlar uchun emas, balki haqiqiy hayot uchun tayyorlash. Chunki his-tuygʻularni tushunishni oʻrgatmagan taʼlim – yarim taʼlimdir.

 

Buyuk Britaniya: PSHE orqali his-tuygʻularni oʻrganish

 

2020-yildan buyon Angliyadagi barcha maktablarda ruhiy salomatlik va farovonlik boʻyicha taʼlim majburiy hisoblanadi. PSHE (Shaxsiy, ijtimoiy, sogʻliq va iqtisodiy taʼlim) darslari orqali oʻquvchilarga turli emotsiyalar haqida soʻz yuritish, oʻzini anglash va boshqarish hamda boshqalarga hamdardlik qilish kabi koʻnikmalar oʻrgatiladi.

 

Masalan, Londonning Columbia maktabida bolalar har hafta “circle time” – doira shaklidagi suhbatlar oʻtkazib, his-tuygʻularini baham koʻradi. Bu yondashuv maktab muhitini iliqlashtirgan, oʻquvchilarning darslarga qiziqishi va qatnash darajasini sezilarli darajada oshirgan.

 

Yuqori sinflarda esa bu suhbatlar sogʻlom munosabat, hissiy muvozanat, stressni yengish kabi mavzularda olib boriladi. Hatto Eton kolleji kabi nufuzli xususiy maktablar ham meditatsiya mashgʻulotlarini joriy qilmoqda. Maqsad esa emotsional salomatlikni mustahkamlashdir.

 

Finlandiya: Har bir kun emotsional barqarorlikdan boshlanadi

 

Fin maktablari emotsional intellektni dars sifatida emas, maktab hayotining ajralmas qismi sifatida koʻradi. Fin oʻquv dasturida urgʻu bolaning “butunlikda rivojlanishi”ga beriladi. Bu esa his-tuygʻularni boshqarish, sogʻlom munosabatlar oʻrnatish va shaxsiy farovonlikni anglatadi.

 

Espoo shahridagi bir maktabda bolalar har tong davra tashkil etib, har biri qanday holatda ekanini aytib beradi. Jarayonga oʻqituvchi ham qoʻshiladi. Ular bu bilan bolaning his-tuygʻulari tan olinayotganini, u oʻzini xavfsiz his qilayotganini taʼminlaydi. Asosiy tamoyil esa avvalo farovonlik — keyin taʼlimdir.

 

Finlandiyada oʻqituvchilar emotsional tarbiya boʻyicha ham chuqur tayyorgarlikdan oʻtadi. Darsni toʻxtatib, bolani tinglash yoki emotsional vaziyat haqida suhbat qilish – bu erda odatiy hol. Maktablarda psixolog, hamshira va maslahatchilar ishlaydi. Raqobat oʻrniga hamkorlik, testlar oʻrniga ishonch ustuvor hisoblanadi.

 

AQSH: Ijtimoiy-emotsional taʼlimning kengayishi

 

AQShda bu jarayon SEL (Social and Emotional Learning – ijtimoiy va emotsional oʻrganish) nomi bilan olib boriladi. 2023-2024-oʻquv yilida maktab rahbarlarining 80% maktablarida SEL dasturi mavjudligini bildirgan.

 

Bu darslarda bolalar hissiyotlarni aniqlash, boshqarish, empatiya, sogʻlom munosabat va masʼuliyatli qaror qabul qilishni oʻrganadi. Baʼzi maktablarda haftalik SEL darslari boʻlsa, boshqalarda bu koʻnikmalar boshqa fanlar – adabiyotda qahramonning his-tuygʻularini tahlil qilish, guruh ishlarida muloqotni oʻrganish kabilar orqali singdiriladi.

 

SELʼning afzalliklari aniq: oʻquvchilar stressni kamaytirishni oʻrganadi, ijtimoiy koʻnikmalari yaxshilanadi, hatto baholari ham oshadi. Albatta, bu borada bahslar ham yoʻq emas, ammo koʻpchilik oʻqituvchilar SELʼni farzandi uchun zarur deb hisoblaydi.

 

Avstraliya: Har tong – his-tuygʻular bilan suhbatdan boshlanadi

 

Avstraliyada ham farovonlik darslari tobora keng tarqalmoqda. Mamlakat boʻylab “Be You” dasturi keng joriy qilinmoqda. Bu maktablarda emotsional salomatlikni mustahkamlovchi yondashuvlar ilgari suriladi.

 

Darvin shahridagi Ludmilla boshlangʻich maktabida har tong oʻquvchilar oʻz kayfiyatini aytib, nega bunday his qilayotganini tushuntiradi. Bunga maxsus darslar, masalan, qanday qilib yaxshi doʻst boʻlish, yordam soʻrash, ziddiyatni tinch hal qilish kabi mavzular hamroh boʻladi. Shu tarzda bolalar hayotiy vaziyatlarga tayyor, ruhiy barqaror va sogʻlom munosabat qura oladigan inson boʻlib voyaga yetadi.

 

Avstraliya maktablarida meditatsiya, ongli hushyorlik, miyani dam oldirish mashqlari ham mavjud. Maktablar bularni sport, sogʻliq darslari yoki alohida ijtimoiy-emotsional dasturlar orqali amalga oshiradi. Eʼtiborlisi shundaki, bu darslar mahalliy madaniyatga ham moslashtirilgan: masalan, aborigen jamoalari bilan hamkorlikda yuritiladigan dasturlar mavjud.

 

Hindiston: Har kuni 40 daqiqa – baxtga bagʻishlangan dars

 

Hindiston esa barchani hayratga solgan loyihani boshladi: Dehli shahrida 800 mingdan ortiq oʻquvchi har kuni 40 daqiqa davomida maxsus “Baxt darslari”ni oʻtadi. Bu darslar ongli hushyorlik (mindfulness), axloqiy mazmundagi ertaklar, ijtimoiy koʻnikmalarni rivojlantiruvchi mashgʻulotlar hamda ijodiy faoliyatlardan iborat boʻladi.

 

Hamma darslar meditatsiya bilan boshlanadi va yakunlanadi. Bu orqali bolalar oʻz hissiyotlarini anglaydi, boshqaradi, boshqalarga mehr-oqibat bilan munosabatda boʻlishni oʻrganadi. 2025-yildan boshlab bu loyiha “Yashash ilmi” nomi ostida yanada kengaytirildi – endi unga raqamli salomatlik, stressni yengish va raqamli detoks kabi mavzular ham qoʻshilgan.

 

Emotsional intellekt dunyoning koʻplab mamlakatlarida muhim taʼlim yoʻnalishiga aylanmoqda. Baʼzi joylarda bu alohida dars shaklida, boshqalarida esa kundalik hayotga singdirilgan holda amalga oshirilmoqda. Ammo maqsad bitta: bolalarni nafaqat bilimli, balki baxtli, barqaror, mehribon va hayotga tayyor qilib yetishtirish.

 

Navroʻzaxon Boʻriyeva,

Oyina.uz

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//