
Qadimdan koʻplab urushlar guvohi boʻlgan Turon aholisi mudofaa inshootlari qurish boʻyicha yuksak mahoratga ega edi. Ularning markaziy shaharlar atrofida qurgan himoya inshooatlari asrlar davomida dushmanlar hujumini qaytarishda muhim rol oʻynagan. Bu jarayon VIII-IX asrlarda ham davom etadi. Arab xalifaligi lashkarlarining Turonga hujum boshlashdan choʻchishi, bu hududni egallash uchun maxsus tayyorgarlik oʻtkazishga majbur boʻlishi ham aynan ushbu mudofaa jihatdan mustahkam boʻlgan Turon qalʼalari sabab edi.
Qutayba ibn Muslimning Poykandni ellik kun qamal qilib ham, shahar devorini buzib oʻta olmagani, Poykand mudofaa devorining qanchalik mustahkamligini koʻrsatadi. Poykand bu davrda “jez shahar” nomi bilan mashhur boʻlgan, bu nom unga mustahkam qalʼa devori (hisori)ga ega boʻlgani uchun berilgan.
Ellik kun davomida qalʼani egallay olmagan musulmonlar hiyla ishlatib devorning ostidan lahm qazib shaharga kirishga muvaffaq boʻlgan.
Narshaxiyning maʼlumot berishicha, bu vaqtda Varaxsha, Vardona, Afshina, Romitanda ham mustahkam mudofaa devorlari mavjud boʻlgan.
Musulmon qoʻshinlariga qarshi 674-yildan boshlab to 709-yilga qadar qarshilik koʻrsatib kelgan Buxoro shahrining ham mustahkam qalʼa devori mavjud boʻlgani manbalarda keltiriladi. Lekin bu mustahkam devorlar Arab xalifaligi davrida zaiflashgan va shu sababdan Buxoro xalqi voliydan shaharni yangi himoya devori bilan oʻrab olishni soʻragan.
782-783-yilda Xuroson voliyligiga kelgan Abul Abbos Tusiyga qilingan ushbu murojaat asosida Buxoro hokimi Muhtadiy ibn Hammodga shaharning barcha hududlarini oʻrab olgan mudofaa devori qurish buyruladi. Bu mudofaa devori yillar davomida qurilganidan ham koʻrinib turibdiki juda katta hududni qamrab olgan va oʻta mustahkam qilib qurilgan.
Uning qurilishiga bosh qozi Saʼd ibn Xalaf Buxoriy mutasaddi etib tayinlanadi. Devor qurilishida har bir farsang masofada bir darvoza va har yarim mil masofada mustahkam minora barpo etiladi. Buxoro devori 830 831-yillarda Muhammad ibn Yahyo davriga kelib qurib bitkaziladi va har yili bu devor taʼmirlab turiladi. Bu taʼmir jarayoni katta mablagʻ talab qilgan, buning ogʻirligi yesa xalq yelkasiga tushgan. Bu jarayon to amir Ismoil Somoniy hokimiyatga kelganga qadar davom etgan.
Qadimdan mustahkam qalʼalarga ega boʻlib kelgan Samarqand ham bu davrda qalin devor bilan oʻralgandi. Shu sababli ham musulmonlar shaharni bir oydan koʻproq qamal qilgan boʻlsalar-da, bu mudofaa devorlaridan kechib oʻta olishmagandi. Samarqandning himoya devori qaysi davrda qurilgani maʼlum emas, lekin uning arablarga qaramlik davrida ham oʻzining mustahkamligini saqlab qolganligi maʼlum.
Narshaxiy oʻz asarida Sugʻd maliki Yazid ibn Gʻurakdan keltirgan rivoyatga koʻra, Sugʻdning ichki shahar(shahriston)mudofaa devori Sugʻdda podshohlik qilgan bir xotun kishi buyrugʻi bilan bunyod etilgan. Samarqand devorlari baland va qalin boʻlgan. Ular ustida kamonchilar uchun maxsus joylar qilingan. Bu yerda ham Arab xalifaligi qoʻshinida shaharga kirish uchun lahm qazishdan boshqa chora qolmagan.
Xalifalik zamonidagi Samarqand tashqi mudofaa (rabod) devori haqidagi maʼlumotga koʻra, shahar oʻn ikki farsax (1 farsax – 5.6 yoki 6 km) uzunligidagi devor bilan oʻralgan. Bu surning oʻn ikkita darvozasi bor edi.
Tabariy keltirgan rivoyatga koʻra, tashqi shaharning devori Abu Muslim tomonidan qurdirilgan. Rofe ibn Lays qoʻzgʻalonida esa Samarqand Harsama tomonidan qamal qilingan va janglar davomida tashqi mudofaa devori yiqilgan. Keyinroq xalifa Xorun Rashid buyrugʻi bilan qaytatdan barpo etilgan.
Zarafshon vodiysida joylashgan Panjikent qalʼasi tabiiy tepalikda joylashgan boʻlib, shaharning shimoli-sharqiy qismi oʻtib boʻlmas jarlikka tutashgan. Shaharning mudofaa inshootlari shakllanishi uning suv tizimiga yaqinligiga ham bogʻliq boʻlgan. Chunki suv ham mudofaa jarayonida koʻplab qulayliklar bergan.
Mudofaa majmuasida devorlar yonida ayrim chogʻlarda tabiiy, ayrim chogʻlarda esa sunʼiy qurilgan xandaqlarning oʻrni ham muhim boʻlgan. Bunday xandaqlar mudofaa tizimining birinchi chizigʻi boʻlgan. Sugʻdda deyarli barcha ilk oʻrta yuzyilliklar yodgorliklarida bunday xandaqlar mavjud. Misol uchun, Panjikentda 11 metr, Samarqandda 5-6 metr, Yerqoʻrgʻonda 8 metr, Qalai Zahoki Maronda 12 metr, Poykendda 7 metrlik mudofaa xandaqlari qazilgan.
Xulosa qilib aytadigan boʻlsak VIII-IX yuzyilliklarda Turonn shahalari ham ichki, ham tashqi mudofaa devorlari bilan himoyalangan boʻlib, bu dushman hujumlarini qaytarishda muhim ahamiyat kasb etgan. Bu davr davomida yiqitilgan yoki zarar koʻrgan mudofaa devorlari hukmdorlar tomonidan qayta taʼmirlangan.
Javohir Azimqulov
FA Tarix instituti kichik ilmiy xodimi
Adabiyot
Ta’lim-tarbiya
Adabiyot
Jarayon
Adabiyot
Mafkura
Jarayon
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Din
Tarix
Til
//
Izoh yo‘q