
Oyina.uz qardosh xalq – qirimtatarlarning millat sifatida shakllanishi, turmush tarzi, dini, tili va adabiyoti haqida maxsus maqolani hukmingizga havola qiladi. Maqolaning birinchi qismida siz bu xalqning tarixi, shoʻrolar davridagi ayanchli kechmishi, dini, liboslari va taomlari haqida oʻqishingiz mumkin.
2-qism
Qirimtatar tili va adabiyoti
Qirimga dastlab qipchoq tili, soʻng Usmonli turk tili kirib kelgan. Qirimtatar tili shu ikki til bazasida Qirim xonligi davrida shakllangan va davlatning rasmiy tiliga aylangan. Qirimtatar tilida yozilgan ilk manbalar asosan xonlikning hujjatlari boʻlib, ular haqida maʼlumotlar oz. Toʻliq shakllangan til sifatida uni ilk qoʻllagan odam sifatida Rus davlatining elchilik xizmatida ishlagan va diplomatik hujjatlarni tarjima qilgan tarjimon Ablaz Baxshi tilga olinadi. Giraylar davrida xonlikning odamlari qipchoqcha muloqot qilishgan, madrasalarda aynan shu tilda dars oʻtilgan.
Qirimtatar tilining shakllanishida adabiyotning oʻrni katta boʻlgan. Mahmud Qirimlining 1223-yilda yozilgan “Yusuf va Zulayho” dostoni qirimtatar tilidagi birinchi asar hisoblanadi. Bu asar saqlanmagan, ammo uning eski onadoʻli turkchasiga tarjimasi saqlangan. Xonliklar davrida soʻfizm adabiyoti kirib kelgan va qirim adabiyotida yangi davr boshlanib, bir nechta yoʻnalishlari yuzaga kelgan[1]. Dastlab devon janri shakllangan va uni XV asrda Sayyid Ahmad ibn Abdulloh Qirimiy boshlab bergan. XVI asrda Xuseyna Kefeviy, Fevzi Kefeviy, Jon Muhammad, Ali Qirimli, Hafiz Mahmed Qirimiy, Xurramiy Chelabiy kabi oʻnlab shoirlar bu janrni davom ettirgan. Xonlik davrida hatto giraylarning oʻzlari ham ijod qilishgan. Mengli Giray, Gʻozi Giray(taxallusi Gʻazoiy), Bahodir Giray(taxallusi Razmiy)lar yaxshigina gʻazallar bitishgan[2].
Tasavvuf janri XVI asrda shakllangan Mustafo Muyud, Baqayi Abdulboqi Kefeviy, Tatarshayx Ibrohim, Afifiddin Abdulla Afifiy, Abdulaziz Izziy va giraylardan Mehmed Giray IV Sofiy, Said Giraylar tomonidan rivojlantirilgan[3].
Uchinchi janr ashugʻ sheʼriyati boʻlib, u Usmonlilar imperiyasi va Safaviylar davlatida ham mashhur boʻlgan. Bu janrning koʻzga koʻringan vakillari – Oshiq Umar, Mustafo Javkariylarning sheʼrlarida koʻproq aruzdan foydalanishgan[4].
Qirimda adabiyot to XIX asrga qadar soʻfizm taʼsirida yuksalib borgan. Unda isroiliyot va islom manbalari, hayotiy qissalar oʻz aksini topgan va bu oʻz oʻrnida adabiy til shakllanishiga ham ijobiy taʼsir koʻrsatgan.
Adabiy tilning shakllanishida esa shubhasiz, XIX asr qirimtatar maʼrifatparvarlari, xususan, Ismoil Gaspralining oʻrni katta boʻlgan. Qirimtatar tili va adabiyotining yangi davr talablariga mos keladigan darajada rivojlanishida Ismoil Gaspirali muharrir boʻlgan “Tarjumоn”, “Millat”, “Annaxda”(Uygʻonish)gazetalari, “Alami nisvan”, “Tarbiya” jurnallarining oʻrni katta boʻlgan. Inchunun, bu nashrlarda qirimtatar maʼrifatchilarining asarlari eʼlon qilingan va Ismoil Gaspirali yaliboʻyli dialekti asosida adabiy tilni yarata olgan. Ammo, Sovet davrdida, aniqrogʻi 1928-yilda Qirimda birinchi Tilshunoslik konferensiyasi oʻtkaziladi va unda dagʻlarning oʻrta yoʻlaq shevasi asosida adabiy til standartini yaratish haqida qaror qabul qilinadi.
Qirimtatar tili asosan uch shevadan tarkib topgan: janubiy yaliboʻyli shevasi; shimoliy choʻl shevasi; oʻrta yoʻlaq sheva.
Yaliboʻyli shevasi koʻproq oʻgʻuz tiliga tortadi va unga yunoncha va italyancha elementlar koʻp saqlanib qolgan.
Choʻl shevasida asosan j-lovchi qipchoq aholisi gaplashgan va unda soʻzlashuvchilar areali Qipchoq dashtlaridan to Markaziy yevropagacha choʻzilgan. Chunki, bu sheva qipchoq-noʻgʻay tillariga juda yaqin boʻlgan.
Oʻrta yoʻlaq shevasi asosan togʻ va togʻ oldi hududlarida tarqalgan boʻlib, negizi qipchoq tili sanaladi. Ammo, bu shevaga ham oʻgʻuz soʻzlari koʻp oʻzlashgan.
Bu sheva markazda tarqalgani uchun uni yaliboʻylilar ham, choʻl noʻgʻaylari ham bemalol tushuna olgan. Qolaversa, poloves tilining vorisi sanalgan va Qirim xonliklari davrida aynan shu tildan foydalanilgan[5]. Qirimtatar tili qirimda shakllangan boshqa tillar, xususan qirimchaq, qarayim va urum tillarining shakllanishiga ham oʻzining kuchli taʼsirini oʻtkazgan.
1928-yilda oʻrta yoʻlaq shevasi asosida adabiy til yaratiladi va 1929-yilga qadar arab yozuvidan foydalaniladi. 1929-1938-yillarda esa lotin grafikasiga oʻtiladi. 1938-yildan esa, boshqa barcha turkiy xalqlar qatori qirimtatar tili uchun ham kiril alifbosi joriy etiladi. Ammo, nemis okkupatsiyasi davrida kirillashtirish biroz toʻxtab qoladi va mahalliy aholi lotin yozuvida yozishda davom etadi. 1997-yilda, aniqrogʻi, Qirim Respublikasi Oliy Kengashining 1997-yila 9-apreldagi 1139-1-sonli qarori bilan yangi lotin alfibosiga oʻtilgan. Hozirgi kunda qirimtatar tili Qirim Respublikasining davlat tili sanaladi.
Qirimtatar tilida 33 ta harf boʻlib, ulardan 8 tasi unli, 25 tasi undosh tovushlardir. Unlilar talaffuzi onadoʻli turkchasiga yaqin. Unlilarning toʻrttasi – y, u, ø(ö), o lablashtirilgan, toʻrttasi – i, ı, ye, a lablashtirilmagan tovushlar. Undosh tovushlardan 19 tasi – p, t, k, q, b, d, g, f, s, ş, x, v, z, ʐ(ja), j, ğ, ts, ç, c shovqinli, 6 tasi – m, n, ŋ, l(l), r, w sonor tovushlar. Oʻzbek tilidan farqli oʻlaroq qirimtatar tilida a tovushi oʻzbekcha e tovushiga yaqin talaffuz qilinadi va bu ham onadoʻli turkchasi taʼsirida yuzaga kelgan.
Qirimtatar tili ham barcha oltoy tillari qatori agglyutinativ til sanaladi. Shuning uchun, soʻz yasalishida suffikslar muhim oʻrin tutadi. Affikslar umumturkiy qolipda qoʻllaniladi va uni tushunib olish juda oson.
Qirimtatar tili leksik jihatdan baʼzan qipchoq va oʻgʻiz tillari oʻrtasida bogʻlovchi vazifasini bajaradiganday tuyuladi. Buni qirimtatar adabiy tilida ikkitalik sinonim(qipchoq va ogʻuz) masalan, yashin va yildirim, toʻlqin va dalgʻa), qoʻl va el, qumursqa va qarinja, qoʻnguz va bojak soʻzlarning mavjudligida koʻrish mumkin[6]. Ayni holat, y tovushining j oʻrnida: jer – yer, jol – yol, djaman – yaman yoki v tovushining gʻ oʻrnida: avuz – agʻiz , tav – dagʻ shaklida qoʻllanilishida ham koʻzga tashlanadi.
Qirimtatar tilida singarmonizm saqlangan va grammatika uchun turk modeli qabul qilingan. Unlilar singarmonizmida qattiq yoki yumshoq unlilarning yozilish tartibiga muhim oʻrin tutadi. Singarmonizm bengzashma deb ataladi va unga koʻra unlilar ikkiga boʻlinadi: tanglay bengzashmasi, dudaq(lab) bengzashmasi. Misol uchun, soʻz boshida qattiq unlilar a, ı, ye, o, u kelsa qolgan unlilar unga boʻysunadi. Yoki yumshoq ye, i, ö, y unlilarda ham shu qoidaga amal qilinadi. Undoshlar singarmonizmi esa qaysi unli bilan bogʻlansa, oʻsha unli bilan hosil qilgan tovushga koʻra oʻzgaradi. Misol uchun, balıq soʻzida soʻngi unli qattiq boʻlgani uchun baliqchi soʻzi yasalganda unga çı affiksi qoʻshiladi. Boʻston(bostan) soʻzida esa soʻngi tovush n boʻlgani uchun, boʻstonchi emas bostandjы yoziladi. K, q, p tovushlari unlilar orasida kelganda esa boshqa tovushga oʻzgarishi mumkin: qulaq – qulagʻi, ayaq – ayagʻi va hk.
Qirimtatar tiliga boshqa tildan oʻzlashgan soʻzlarning talaffuzida koʻpincha singarmonizm qoʻllanilmaydi. Misol uchun, musafir(arabcha), televizor soʻzlarida barcha tovushlar aslicha saqlanadi. Ammo, ayrim holatlarda musafir soʻzining qipchoq qolipida musapir shaklida qoʻllanilishi ham kuzatiladi.
Qirimtatar tilining oʻziga xos xususiyatlaridan biri, talaffuzda yumshoq "h" tovushining tushib qolishidir. Bu soʻzlarning aksariyati arab yoki fors tillaridan oʻzlashgan boʻlib, koʻpincha aynan yumshoq "h" tovushi ishtirok etgan soʻzlarni tushunish qiyinchilik tugʻdiradi: ava(havo), avas(havas), ayvan(hayvan), aydavchi(haydovchi), ayret(hayrat), asret(hasrat), akem(hakam), akim(hokim), aqaret(haqorat), aqiqat(haqiqat), alaket(halokat), qave(qahva), baar(bahor), daiy(dohiy), istiraat(istirohat), muabet(muhabbat), mabus(mahbus), maalle(mahalla), maramet(marhamat), muur(muhr), raat(rahat), siir(sehr), seyaat(sayohat), subet(suhbat), taaret(tahorat), taalil(tahlil), Alla(Alloh), sali(solih).
Boshqa poloves-qipchoq tillari qatori qirimtatar tilida ham u tovushini yu shaklida talaffuz qilish kuzatiladi: yuzyum(uzum), uzuk(yuzyuk), yuqu(uyqu), syuret(surat), syulyale(sluola), tyutyun(tutun), tyus(tus, rang), tyush(tush) va hk...
Qirimtatar leksikasida qipchoq tiliga xos boʻlgan elementlar, xususan, gʻ oʻrni u(w) kelishi (tau(tagʻ), bau(bagʻ), sau(sagʻ)) yoki b oʻrnida p tovushining kelishi (put(but), pitaq(butoq) koʻp uchraydi. Umuman olganda, grammatik farqlarga qaramay, oʻzbeklar qirimtatar tilini tushunishi unchalik qiyin emas. Tilning asosi qipchoq, adabiy til oʻgʻuz tili qolipda boʻlgani uchun barcha turkiy xalqlar uni tez oʻrgana oladi. Shu oʻrinda qirimtatarcha soʻzlarga eʼtibor qaratamiz:
Assalomu alaykum! Va alakum assalom! Xayri tong! Xayrli oqshom! Sizni koʻrganimdan xursandman! Xush keldingiz! Xonimlar va janoblar! Hurmatli doʻstim! Iltimos Hurmatli mehmonlar Omonmisiz? Kayfiyatingiz yaxshimi? Oilangiz yaxshimi? Hammasi joyida, sogʻ boʻling oʻzingiz qalaysiz? Bayramingiz xayrli boʻlsin! Keling, oʻtiring Otingiz nima? Familiyangiz qanday? Keling, tanishamiz Jon dildan Ichkariga kiring, iltimos! Sizni ham mehmonga chaqiramiz! Dasturxonga marhamat! Tortinmang Bizning davramizga qoʻshiling Sizni bir toʻyga taklif etsam Xayr, sogʻ qoling! Kechangiz xayrli boʻlsin! Sizga ham xayrli boʻlsin! Koʻrishguncha |
Selyam aleykum! Aleykum selyam! Saba sherfingiz xayirli olsun! Aqsham sherfingiz xayirli olsun! Sizni korgenimden quvandim! Xosh keldingiz! Xanimlar ve efendiler! Qыymetli dostum! Bagʻishlangiz Urmetli musafirler! Amanlыqmы? Keyfingiz nasыl? Qoʻrantangыz nasыl? Er shey yerinde, sagʻ olungыz, ozyungiz nasыlsыngыz? Bayramыngыz xayыrlы olsun! Buyurыngыz, oturыngыz Adыngыz ne? Soy adыngыz nasыl? Kelingiz, tanыsh olayыq Jan gongyulden Buyurыngыz, kiringiz! Sizni musafirlikke davet etemiz Sofragʻa buyurыngыz Chekinmengiz Buyurыngыz, bizge qoshulыngыz Sizni toygʻa davet etem. Sagʻlыqnen qalыngыz! Gejengiz xayыr! Xayыrgʻa qarshы! Koryushkenjek! |
Folklor
Qirimtatar folklori oʻziga xos xususiyatga ega boʻlib, yaliboʻyilar, togʻliklar va choʻl noʻgʻaylarining folklor merosi bazasida shakllangan. Folklorning asosini umumturk va islom eposlar, janrlar, syujetlar tashkil qiladi. Shu bilan birga yaliboʻyli folklorida isroiliyot manbalari, xususan nasroniylik syujetlari ham uchraydi.
Qirimtatar folklorida destan(doston) janri muhim oʻrin tutadi va ular boshqa turkiy dostonlarning toʻgʻridan-toʻgʻri epik parallellaridir. Xususan, Chorabatыr[7], Kyor oglu(Goʻroʻgʻli), Tair ve Zore(Tohir va Zuhra) kabi qahramonlik va lirik-romantik dostonlar oʻnlab turkiy xalqlarda saqlangan.
Qirimtatar folkloridagi masallar(ertak), efsane(afsona), latife(latifa) janrlari ham umumturkiy qolipda boʻlib, ayrim qahramonlari oʻzbek folkloridagi qahramonlar bilan aynan oʻxshashdir. Misol uchun, latifalarda eng koʻp qoʻllaniladigan personaj – Nasriddin Afandi qirimtatar latifalarining eng asosiy qahramonlardan biri. Qirimtatar latifalaridagi oʻz qahramoni esa Ahmad axay(aka) Oʻzenbashi boʻlib, u boshqa xalqlar folklorida uchramaydi.
Qirimtatar folkloridagi oʻlmas janrlardan yana biri bu – maqol janri. Ular maqollarni Otasoʻz deb atashadi. Otasoʻzlar qirimtatarlarning turmush tarzida, xususan, odob-axloq tarbiyasida muhim oʻrin tutadi. Zero, otasoʻzlarning mazmunidan amr-u maʼruf(nasihat) va nahiy munkar(qaytariq)lar oʻrin olgan boʻlib, bu janr butun turkiylar etnopedagogikasining negizini tashkil qiladi.
Qirimtatar otasoʻzlarini oʻzbek maqollaridan ajratib olish qiyin, chunki ular faqat talaffuzdagina farq qiladi xolos:
Azgʻa qanaat etmegen kopnы tapmaz.
Ozga qanoat qilmagan koʻpni topmas.
***
Aqsham ishini sabagʻa qaldыrma.
Oqshomgi ishni ertaga qoltirma
***
Aqыl qazanыna bir chyomyuch baqt kerek.
Aql qozoniga bir choʻmich baxt kerak
***
Aqыl yashta degil de, – bashtadыr.
Aql yoshda emas boshda.
***
Alim olmaq qolay, adam olmaq qыyыn.
Olim boʻlish oson, odam boʻlish qiyin.
***
Ana kibi yar olmaz, vatan kibi yer olmaz
Ona kabi doʻst boʻlmas, vatan kabi yer boʻlmas.
***
Anasыna baqыp qыzыnы al, kenarыna baqыp bezini al.
Onasiga qarab qizini ol, qonoriga qarab boʻzini ol.
***
Ata balasы ach qalmaz. –
Otasi bor och qolmas.
***
Balasыz ev – mezar, balalы ev – bazar.
Bolasiz uy – mozor, bolali uy bozor
***
Bir qargʻa qыsh ketirmez.
Bir qargʻa qish keltirmas.
****
Kuzgyu kibi er kordigini syoyleme.
Koʻzgu kabi boʻl: har koʻrganingni soʻzlab yurma.
****
Qara bet masxaralыq degil, betsizlik – masxaralыq.
Yuzing qora boʻlsa sharmandalik emas, yuzsizlik – sharmandalik.
***
Qoranta – baxtnыng anaxtarы.
Oila – baxt kaliti.
***
Qыyanet olma, nedamet olursыng.
Xiyonat qilma, nadomatga qolursan.
***
Olma chot kibi: ep kendine;
olmalы pыchqы kibi: kyax sanga, kyax manga.
Choʻt kabi boʻlma: barin tortma oʻzinga;
Arra kabi boʻl: bir senga, bir menga...
***
Tayaq etten oter, sez syuyekten oter.
Tayoq etdan oʻtar, soʻz esa suyakdan.
***
Xalq ufyurse – boran qopar.
Xalq puflasa – boʻron qoʻpar.
***
Eyilikke eyilik – er kesning ishi, kemlikke eyilik – er adamnыng ishi.
Yaxshilikka yaxshilik – har kishining ishi, yomonlikka yaxshilik – er odamning ishi.
Oʻzbekiston qirimtatarlari
Davlat Mudofaa qoʻmitasining 1944-yil 11-maydagi № 5859-ss raqamli qarori bilan, fashistlar bilan hamkorlikda ayblangan qirimtatarlar oʻz yurtidan surgun qilinadi. Bu qaror qirimtatarlar tarixidagi qora kunlarni boshlab beradi. Qirimtatarlari ortga qaytmasligi uchun ularning 128 ta ovuli yoqib yuboriladi. Rasmiy manbalarda, jami 193 865 nafar surgun qilinganlarning 151 136 nafari Oʻzbekistonga, 38 443 kishi Rossiyaning turli hududlariga, 4 286 nafari esa Qozogʻistonga joʻnatilgan. Demak, surgun qilinganlarning 80 foizi Oʻzbekistonga kelgan va ularning aksariyatini qariyalar, ayollar va bolalar tashkil qilgan. Qirimtatarlar Toshkent, Andijon, Samarqand, Qashqadaryo viloyatlariga joylashtirilgan. Urush tugagandan soʻng esa frontdan qaytgan qirimtatarlar ham Oʻzbekistonga yuborilgan, chunki ularning Qirimga kirishi taqiqlangan edi. Urush qatnashchilari orasida nogironlar ham boʻlsa-da, ishga yaroqlilar soni koʻproq edi.
Qirimtatarlarga Shoʻrolar hukumati tomonidan “maxsus koʻchirilgan” “tamgʻasi yopishtirilgan” va ularning hammasi komendatura hisobida turgan. Oʻzi yashab turgan manzil shahar yoki qishloqdan sababsiz chiqishi taqiqlangan. Boshqa shaharga borish uchun ruxsat faqat yaqin qarindoshlarining “chaqiruv xati” boʻlsagina berilgan. Tartibni buzganlarga dastlab besh kunlik qamoq, qayta sodir etganlar esa yigirma yillik katorga(juda ogʻir mehnat sharoitidagi qamoqxona)ga hukm qilingan. 1954-yildan ushbu jazo kamaytirilgan va bir yil qilib belgilangan. 1956-yildan bekor qilingan. Surgunning dastlabki yillaridan qirimtatar bolalari majburan rus maktablariga berilgan. Natijada ular ona tillarini unuta boshlaydilar. Bundan norozi boʻlgan faollar Sovet hukumatiga murojaatlarni koʻpaytiradi. 1965-yildan qirimtatarlar yashaydigan hududlarning maktablarida qirimtatar sinflari, 1969-yildan Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika institutida qirimtatar tili va adabiyoti yoʻnalishi ochiladi.
Oʻzbekistonda qirimtatar tilida “Lenin bayrogʻi” gazetasi va “Yildiz” adabiy-badiiy jurnali chop etilgan. Yozuvchilar uyushmasida qirimtatar shoʻbasi ish olib borgan. Oʻzbek davlat filarmoniyasi qoshida “Xaytarma” ashula va raqs ansambli tashkil etilgan.
Vatan sogʻinchida boʻlgan qirimtatarlar 1950-yillardan to 1990-yilga qadar sobitlik bilan Qirimga qaytishga urinishadi. Sovet hukumatiga rasmiy murojaatlar bilan chiqishadi. Ammo, bu harakatlar foyda bermaydi, aksincha ular tomonidan uyushtirilgan oʻnlab mitinglar koʻplab faollarning qamoqqa olinishi bilan yakunlanadi.
1970-yillarda ularni Oʻzbekistonda saqlab qolish uchun Qashqadaryoning Muborak va Bagʻoriston tumanlari hududida Qirimtatar muxtor tumanini tashkil etish va barcha qirimtatarlarni shu yerga toʻplash loyihasi ishlab chiqiladi. Oʻsha paytda Jizzax viloyat obkomi lavozimida ishlagan Tairov Said Mametovichga Muxtoriyatga rahbarlik qilish taklifi berilgan. Ammo, Said Tairov bu taklifga va Muxtoriyat gʻoyasiga ham qarshilik bildirgan. Va nihoyat, 1989-yilda SSRI Oliy Soveti qirimtatarlar surgunini noqonuniy, deb topadi. Shundan soʻng, ular ommaviy tarzda vatanga tomon koʻcha boshlaydilar. 1990-yilda qaytib kelayotgan qirimtatarlarga yer ajaratish toʻgʻrisida SSRI ministrlar kabinetining qarori qabul qilinadi.
1991-yildan ular Qirim avtonom respublikasining ijtimoiy-siyosiy hayotida faol ishtirok eta boshlaydilar. Tez orada qirimtatar tiliga rus va ukrain tillari qatorida davlat tili maqomi beriladi. Qirimtatarlarning talabi va tashabbusi bilan 1992-yildan Musulmonlar muftiyati tashkil etiladi. Muftiyat tomonidan madrasa va 50 dan ortiq masjidlar ochilib, islom arkonlarini bajarish uchun imkoniyatlar yaratiladi.
Oʻzbeklar bilan munosabat
Yoshi ulugʻ kishilarning aytishicha, dastlabki davrlarda oʻzbeklar qirimtatarlarni yovqarash bilan qabul qilishgan. Chunki, hukumat vakillari tomonidan mahalliy aholiga qirimtatarlar haqida “choʻpchaklar” yetkazilgan. “Choʻpchaklarda” ular fashistlarning malayi, xoin, jinoyatchi sifatida tasvirlab berilgan edi. Yovqarashlarning ikkinchi sababi, yaliboʻyi qirimtatarlar koʻproq yevropaliklarga oʻxshagani uchun, ularni “oʻris” deb oʻylashgan. Vaholanki, Rus istibdodini boshdan kechirgan, ularni deb dini, qadriyatlarini boy bergan oʻzbeklar uchun har qanday yevropalik dushman boʻlib koʻrinishi tabiiy bir holat edi.
Ammo, qadarga bitilgan qoʻshnichilik, front ortidagi va keyingi xalq xoʻjaligini tiklash yillardagi mashaqqatli mehnat jabhalari ikki xalqning bir-birini yaqindan tanib olishi uchun imkon yaratadi. Oʻzbeklar qirimtatarlarni qardosh, dindosh, mazhabdosh xalq sifatida qaytadan kashf etadi.
Tumanlarda yashagan qirimtatarlar oʻzbek tilini yaxshi oʻzlashtirib, mahlliy aholi bilan tez chiqishib ketadi. Shahar aholisida oʻrtasida esa bunga ehtiyoj boʻlmagan, chunki yirik shaharlarda oʻzbeklar ham oʻzini begonaday tutgan. Qirimtatarlarning aytishicha, ular oʻzbeklardan faqat yaxshilik koʻrgan. Dastlabki yovqarashlar esa Sovet propagandasining taʼsirida shakllangan boʻlib, uni qirimtatarlar toʻgʻri tushunishadi.
***
Ushbu maqolani yozish jarayonida shuni angladimki, turkiylar orasida qirimtatarlardek mashʼum qismatga duchor boʻlgan, yoppasiga vatanidan judo qilingan, vatanning bir siqim tuprogʻiga zor boʻlgan xalq yoʻq. Shu sabab boʻlsa kerak, ularda vatan qadri boshqalardan koʻra balandroq. XX asr qirimtatar adabiyotining eng dolzarb mavzusi ham Vatan mavzusidir. Shoirlari orasida Vatan haqida yozmagan shoiri yoʻq. Seitumer Eminning qoʻyidagi sheʼrini oʻqing:
Yыldыzlar omuzuna basыp men Koklerde yursem de, Ep sanʼa bakʼarыm, Topragʻыm. Denʼizler sevsem de, Kʼanatlы dalgʻanы opsem de, Asыl men, Kene de Yalыnʼa yaldarыm, Vatan. |
Yulduzlar bagʻriga oyoq bosib men Koʻklarda yursam-da, Doim senga boqaman, Tuprogʻim. Men dengizlarni sevsam ham, Qanotli dolgʻalarn oʻpsam ham, Men oʻshaman, Hali kun kelsa Dengizning boʻyiga yetaman, Vatan. |
Bir qirimtatar kishiga savol berdim:
– Sizlarni qardosh, dindosh elga surgun qilishgan. Lekin, shunday boʻlsa-da bu yurtni vatan tutmadingiz.
U aytdi:
– Mening dengizning toʻlqinlariga termulib oʻlgim keladi!!!
Anvar BOʻRONOV,
Filologiya fanlari boʻyicha
falsafa doktori
O‘xshash maqolalar:
Qirim xonligini qurgan, yurtida qochqinga uchragan qardosh xalq – qirimtatarlar tarixi (1-maqola)
Begonalar bosimida 500 yildan buyon milliyligini saqlab kelayotgan xalq – No‘g‘aylar asli kim?
[1] Abdulvapov N. Sufizm v Krыmu i krыmskotatarskaya religiozno-sufiyskaya literatura: osnovnыye napravleniya issledovaniy // Trudы NIS krыmskotatarskogo yazыka i literaturы KIPU. Sbornik. T. 1 / [sost. Kirimov T. N]. Simferopol: KRI “Izdatelstvo Krыmuchpedgiz”, 2011. S. 135–158.
[2] Abdulvapov N. R. Sufizm i krыmskotatarskaya poeziya divana // Uchenыye zapiski Tavricheskogo natsionalnogo universiteta imeni V. I. Vernadskogo Seriya “Filologiya. Sotsialnыye kommunikatsii”. Tom 26 (65). № 1. Ch. 1. Simferopol, Tavricheskiy natsionalnыy universitet imeni V. I. Vernadskogo, 2013. S. 231–240.
[3] Kadыrova U. R. Ashыkʼ Umerninʼ shiirlerinde sevgili ve ashыkʼ obrazlarnыnʼ aydыnlatыluvы (bir shiir misalinde) // Voprosы krыmskotatarskoy filologii, istorii i kulturы. Vыp. 11. Simferopol, Krыmskiy injenerno-pedagogicheskiy universitet, 2021. S. 46-50.
[4] Pilipchuk Ya. V. Krыmskotatarskaya poeziya xanskogo perioda. Opыt istoricheskoy biografistiki // The XXIII International Scientific Symposium “Integration of cultures and multiculturalism”, dedicated to the 305 anniversary of Molla Panah Vagif. Kars, 2022. P. 140-144. | Yaroslav Pylypchuk — Academia.edu
[5] Garkaves A. N. Kыpchakskiye yazыki. — Alma-Ata: Nauka, 1987. — S. 18.
[6] Memetov A.M. Fonetiko-morfologicheskiye i leksicheskiye osobennosti dialektov krыmskotatarskogo yazыka. Jurnal “Uchenыye zapiski Krыmskogo federalnogo universiteta imeni V. I. Vernadskogo”. Filologicheskiye nauki. Tom 1 (67). № 2. 2015 g. S. 35-42..
[7] Choʻribotir
San’at
Tarix
Tarix
Tarix
Jarayon
Tarix
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q