“Qahr” – Arzon sotilgan mavzu


Saqlash
12:20 / 24.12.2025 358 0

Xurshid Doʻstmuhammadning “Qahr”i “Sharq yulduzi” da bosilibdi, degan gapni eshitganimga bir necha oy boʻldi. Bu gapni menga yetkazgan tanishim ancha beparvo ohangda “Qahhorning soʻnggi kunlari haqida ekan”, dedi. Soʻng, biroz oʻylanib, qoʻshib qoʻydi: “Sotqin boʻlganini ochiq yozibdi”. Tilimga birinchi kelgan savolni soʻradim: “Botir gapchilar”ni ham yozibdimi?” “Hech narsani yashirmagan, — dedi tanishim. – Hatto, “anavi” idoraning xodimi boʻlgani, laqabi “Zreliy” (Yetuk) ekanini ham. Xotini oʻsha idora xodimi boʻlganiga shama qilgan”.

 

Ichimdan, nihoyat bomba portlabdi-da, degan oʻy oʻtdi. Uzoq kutdim. Lekin atrof-javonibdan portlash ovozi tugul, nevaram oʻynaydigan yelim pufakning paqillashicha shovqin eshitilmadi. Hayron qoldim. Nihoyat, jurnalni topib, qissani oʻqib chiqdim. Rost, bu yerdagi gaplar yelim pufakning paqillashicha ham emas ekan. Mutolaa soʻngida tilimga kelgan ilk jumla “Xurshid aka mavzuni arzon sotibdi”, boʻldi. Sal keyinroq, oʻylab turib, “Qissa qahramonini Abdulla Qahhor deb atamasligi kerak edi. Sotqin bir yozuvchining oʻlim oldi talvasalarini yozmoqchi ekan, uning ismini Eshmatmi, Pirmatmi, deb qoʻysa, adabiyotimiz yutardi”, degan xayollar ham oʻtdi.

 

Chunki asar menda badiiy matn sifatida maromiga yetmaganday taassurot qoldirdi. Muallif qahramoniga Abdulla Qahhor deb aniq ism bermasa edi, syujetni, voqea tafsilotlarini, fikrlar, gʻoyalar... ong oqimini puxtaroq ishlashiga yoʻl ochilardi. Eng muhimi, erkin fikrlashiga, sanʼat asari yaratishiga kengroq imkon qolardi. Natijada sarhisob oniga yetib kelgan bir adibning hayot yoʻli mukammalroq chizilardi. Hozir esa... gʻarib va notavon kimsaning ajal oldi oʻylayotgan oʻylari, chekayotgan iztiroblarining magʻzi anchayin tushunarsiz chiqib qolgan.

 

Umuman olganda, asar syujeti Abdulla Qahhor hayotining soʻnggi kunlari xronologiyasi sifatida shakllantirilgani, meningcha, oʻzini mutlaqo oqlamagan. Hayoti tugayotganini bilib, nogahon kelayotgan ajal sababini anglashga urinayotgan kishi obrazi... Bu obrazni yaratish uchun psixologik tahlil va tavsifga, ong oqimi manzaralarini koʻrsatishga urinish tabiiy edi. Biroq qissada aks etgan oʻsha ong osti manzaralariga nazar tashlasak, ularda bir butunlikni koʻrmasligimiz ham bor gap. Qahhor bu kasallik menga qayerdan yopishdi, deya oʻylar ekan, umumiy fikr-mulohazadan nari oʻtmaydi. U oʻzining aybini qidirmaydi. Oʻlim oldi ham aybni jamiyatdan axtaradi, men haq edim, deya oʻjarlik qiladi. Muallif esa bu oʻjarlik sababini koʻrsatishga erinadi, yo qoʻrqadi, yo bilmaydi, yo shu haqda oʻylamaydi...

Ehtimol, bu Xurshid Doʻstmuhammad realizmidir va hayotda aynan shunday boʻlishi ham mumkindir. Kurrai arzda umrguzaronlik qilib kelayotgan sakkiz milliarddan ziyod taqdir sakkiz milliarddan koʻproq yechimga kelishi tushunarli, axir. Biroq biz ancha keng va batafsil yozilgan gazeta ocherki, yo bir oʻlim tafsiloti bitilgan tibbiy hisobot emas, badiiy asar oʻqiyotirmiz-ku! U, axir, hayotdagidan koʻra boshqacharoq qonuniyatlarga amal qiladi.

 

Bizga ustozlarimiz yozuvchi kattaroq asar boshlar ekan, oʻz oldiga muayyan savollar qoʻyadi va ularga javob axtaradi, deb oʻrgatishgan. Badiiy adabiyot, bu – sanʼat hodisasi ekanini, sanʼat soʻzi sunʼiy soʻzi bilan bir oʻzakdan yaralganini unutmaylik, axir.

 

Qissada Abdulla Qahhor xarakteri mutlaqo ochilmagan, aksincha, oʻzbek adabiyotining taniqli namoyandasi Abdulla Qahhor, deb boshlanadigan maqola-yu kitoblarni oʻqimagan, bu adib haqida oldindan shakllantirilgan muayyan tasavvurga ega boʻlmagan odamlar asar markaziga qoʻyilgan yozuvchi xarakterini, uni qiynayotgan masala-yu muammolarni tushunmasligi ham mumkin.

 

Kibriyo Qahhorova xarakterining esa asarda mutlaqo oʻrni yoʻq. Uning xatti-harakatlari tasvir topgan oʻrinlarga qarasa, bu oila bilan oldindan tanish boʻlmagan odam yozuvchining xotini qanday odam boʻlganini tasavvur qila olmaydi. Yozuvchi Kibriyo Qahhorova obrazini chizayotganda aniq tasvirlardan koʻra sermaʼno imo-ishoralarga berilib ketadiki, bu hol oʻquvchini dovdiratib qoʻyishi tabiiy. Masalan, quyidagi parchaga eʼtibor qiling:

“Opa palatadan chiqayotgan joyida taqqa toʻxtadi, iziga qaytdi, “Nima dedingiz?!” degan maʼnoda adibning tepasiga kelib, uning chehrasiga tikilib turib qoldi. Uning bu tarz turishidan goʻyo, “Gunohim yoʻq, dedingmi, Zreliy? Sen-a?!” degan maʼnoni uqish mumkin edi”.

Bu parcha, Abdulla Qahhor kabi Kibriyo opa ham oʻsha mashʼum idoraning xodimi boʻlgan, degan maʼnoda aytilgan. Lekin bu tushuntirishning xarakterni ochiqlamasligi, aksincha, uning oʻquvchi ongida paydo boʻlayotgan shamoyiliga tuman purkashini anglab yetish qiyin emas.

 

Yozuvchi yana bir oʻrinda Qahhor tilidan Kibriyo opaga qarata “tegishli joy” degan jumlani ishlattiradi. Buyam oʻsha imo-ishoradan boshqa narsa emas. Asarda Qahhor shaxsi bilan tanish boʻlmagan oʻquvchi uchun savol tugʻdiradigan bunday oʻrinlar talaygina.

 

Va umuman, asardagi boshqa qahramonlarning ham syujet voqeligida oʻrni boʻlgani holda, ularning birontasini alohida yuk koʻtargan badiiy personaj sifatida taʼriflab boʻlmaydi. Shabot Xoʻjayev obrazi doʻxtirlar hamma chorani koʻrgani, biroq natija yoʻqligini aytish uchun, Shuhrat obrazi Qahhorning janozasiz koʻmilib ketishdan qoʻrqqanini tushuntirish uchun kerak boʻlgan, xolos. Ular mustaqil badiiy yuk tashimaydi.

 

Taqdir nasib qilgan ekan, Matyoqub Qoʻshjonovday zukko olim, adabiyotning bilimdoni, akademik inson bilan koʻp bora suhbat qurish nasib etdi. Adabiyot haqida gaplashib oʻtirganimizda, har uch gapining birisida, domla, xarakter, xarakter, deb takrorlardi. Asarning syujetini xarakter boshqarishi lozim, bu – badiiyatning qonuni, deb qaytarishni sevardi. Yana aytardiki, asar voqealarini xarakter yuzaga chiqarishi lozim, voqea xarakterning hosilasi boʻlib maydonga chiqsa, oʻsha asar zoʻr, matn mukammal boʻladi. Hech boʻlmaganda, voqea xarakterning oʻziga xos jihatlarini koʻrsatishi kerak, aks holda, bu voqeaning shu asarga kiritilishi oʻzini oqlamaydi, deb taʼkidlar edi...

 

Xurshid Doʻstmuhammadday atoqli adibni tanqid qilishga jurʼat etdingizmi, degan iddaoning oldini olish uchungina nomdor ustozning fikrlari, qarashlari, oʻgitlari ortiga yashirinayotganimni, ularga suyanib turganimni oʻzim bilib turibman. Lekin baʼzida birovni tanqid qilish uchun hayotda boshqa birovga orqa qilishimiz bor gap-ku. Yaʼni, uzrimni maʼzur tutish mumkin.

 

Ustozning adabiy tutumlariga suyanib fikrlaydigan boʻlsak, qissada Abdulla Qahhorning davolanish uchun Moskvaga ketishi, goʻyoki, boshqa birovlarning harakati natijasi boʻlib chiqadi. Uyoqdagi davolanish jarayoni tafsilotlari esa Abdulla Qahhor xarakterining oʻzigagina xos boʻlgan qirralarini ochishga xizmat qilmagan. Yolgʻon boʻlmasin, xasta Qahhorning professor Shabot Xoʻjayevni va yozuvchi Shuhratni chaqirishi qahramon xarakterining hosilasi boʻlgan. Oʻsha oʻrinlardagina oʻquvchi Abdulla Qahhor degan tirik bir shaxsni koʻradi. “Kelgindi, musofir” deb pul soʻrab turgan loʻli xotin epizodi esa, nazarimda, Abdulla Qahhor siyratini yaqqol ochib koʻrsatadigan, teranroq fikrlar sari boshlaydigan topildiq obraz. Biroq ushbu epizod toʻqib chiqarilgani uchun ham asarga koʻrk boʻlib turibdi, desam hech kim eʼtiroz qilmasa kerak.

 

***

Oʻsha, “Qahr” qissasi chiqqani haqida menga xabar bergan tanishim, “Xurshid Doʻstmuhammad Qahhorni tushunishga uringan”, degan maʼnoda gap boshlaganda, men tuyqus uning gapini boʻlib qoʻydim. Dedimki, tushunishga urinish, bu oqlashga urinish ham ekanini bilasizmi? Tanishim fikrini boʻlib qoʻyganimdan norozi boʻldi va “Oʻtmish qanday boʻlsa, shundayligicha qabul qilishimiz kerak, millatning bir butunligini saqlash uchun bu juda muhim”, deb taʼkidladi. “Qahhor buyuk yozuvchi sifatida adabiyotimiz tarixida qoldi, uning insoniy qusurlarini dunyoga doston qilib, fosh qilishning sira keragi yoʻq”, deb aytdi.

 

Yana aytdiki, Qahhor haqida gapirganda oʻrtaliq yoʻl tutish kerak edi, axir u adabiyotimizning dargʻalaridan biri boʻlgan; oʻzbek hikoyachiligining asoschisi, desayam boʻlaveradi; oʻsha zamonda sotqinlik qilmaslik qiyin ish boʻlgan; deylik, sizu biz ham oʻshanday vaziyatda Qahhor bajargan ishni qilishimiz mumkin edi; podvalga tushganda sizu biz Qahhordan oshirib sayrashimiz mumkin edi... va hokazo gaplarni aytdi. Men, avvaliga, umuman toʻgʻriga oʻxshab tuyuladigan bu gaplarni bosh irgʻab, maʼqullab oʻtirdim. Lekin oxirgi fikriga chiday olmadim.

 

Sekin, juda past ovozda, biroq har bir soʻzni dona-dona qilib aytdim: “Lekin podvalga Qahhor emas, Fargʻona jamiyatining gullari – botir gapchilar tushgan. Holbuki, ular tushmasligiyam mumkin edi, mabodo, ichida bitta Qahhor kabi shoʻroparasti boʻlsa edi, Qahhorning provokatsion gaplarini ilk eshitgan kunidayoq borib, GPU ga sotib berganida qamoqda kim oʻtirishini tasavvur qilish qiyin emas. Biroq ular sotqin emas edi. Sotqin – Qahhor edi!”...

 

***

Yana bir gap.

Mening Xurshid Doʻstmuhammad, aniqrogʻi, oʻzim juda yaxshi koʻradigan, inson sifatida samimiy hurmat bilan qadrlaydigan sevimli yozuvchim Xurshid akaning “Qahr” qissasini badiiy jihatdan zaifroq chiqibdi, degan fikrim bu zotning adabiyotimiz zimmasida hamon qarz boʻlib qolayotgan masalani koʻtarib, oʻziga tirikligida haykal qoʻyibdi, deya baralla aytishimga monelik qilmaydi, deb oʻylayman.

 

Abdulla Qahhor hayotda bir umr shoʻro siyosati va mafkurasiga labbay, deb xizmat qildi. Mabodo, u oʻzining oltmish yillik yubileyida “Men partiyaning askariman”, deganida edi, askar bechora nima qilsin, buyruqni bajaradi-da, qoʻlidan boshqa nimayam kelardi, deb uni oʻzimizcha oqlasak boʻlardi. Biroq oʻshanda u “Men partiyaning ongli aʼzosiman!”, deb qilgan barcha jinoyatini ongli ravishda qilganini omma oldida tasdiqlab ketdi. Uning va u qatori minglab qahhorlarning sotqinligi sababini anglash adabiyotimizning zimmasidagi uzilmas qarz boʻlib kelayotgan edi. Xurshid aka shu qarzni uzish yoʻlida ilk qadamni tashlabdimi, qadami muborak boʻlsin, deyman.

 

Biroq shu asar bahonasida, mutaxassis adabiyotchi, millatning bir sodiq farzandi oʻlaroq, oʻz fikrlarimni aytib oʻtmasam ham boʻlmas.

 

Nazarimda, “Qahr”ning matni bir-birini inkor qiladigan bir nechta mif-afsonalar ustiga qurilgan. Ularning bir qismi umumeʼtirof etilgan, toʻgʻriligiga zarra shubha boʻlishi mumkin emas, deb hisoblanadigan miflar boʻlsa, ikkinchi qismi Qahhorni sal-pal biladigan kishilar orasida oʻn yillab aylanib yurgan, biroq mudhish maʼno tashigani uchun ham davralarda faqat shivirlab gapirilgan mif-afsonalardir.

 

Birinchi afsona Abdulla Qahhorning buyuk yozuvchi boʻlgani haqida.

Yoshlar haqida, aniqrogʻi, qirq yoshgacha boʻlganlar toʻgʻrisida bir nima deya olmayman. Lekin biz, yoshi kattalar Abdulla Qahhor buyuk yozuvchi, haqiqattalab, adolatparvar inson, degan qarashlar ostida voyaga yetganmiz. Maktab darsliklaridan monografiyalargacha, dorilfunun qoʻllanmalarigacha, dorilfunundagi ustozlarimizgacha, mubolagʻa bilan aytsak, har bir dazmoldan Abdulla Qahhor buyuk yozuvchi, degan taʼkidni eshitib ulgʻaydik. Shunga ishondik. Hech qachon oʻzimizga Abdulla Qahhor haqiqatan buyuk yozuvchimi, degan savolni berib koʻrmaganmiz. Chunki biz, oʻzbeklarning qadimdan kelayotgan kasalliklarimizdan biri shuki, ustozlarimiz aytgan gaplarni tekshirib koʻrishga oʻrganmaganmiz.

 

Holbuki, uning “Oʻgʻri”, “Bemor” kabi toʻrt-beshta yaxshi hikoyasi bor, xolos. Biroq shular ham faqat oq-qora ranglarda yozilgani bilan bugungi oʻquvchini ajablantiradi. Qahhorning ijodiy ustaxonasida qora rangdan boshqa boʻyoq boʻlmaganmi, deb hayron qoladi kishi.

Uning “Sarob” romani va “Oʻtmishdan ertaklar” qissasinigina biroz qiziqib oʻqisa boʻladi. Roman Abdulla Qahhor hali hokimiyatga xizmat qilishning hadisini olmagan paytlarda, yoshlikda qilgan mudhish jinoyatidan oʻzini oqlab olish uchun yozilgan edi va shu betizgin istak romanga jon bagʻishlab turadi. Qissada esa allaqanday yovuz bir kuch bor. Unda yozuvchi minglab, oʻn minglab odamni qatagʻon qilgan chekistlar idorasining sodiq xodimi, yaʼni oʻz otasini oqlashga uringanday boʻlib, aslida, sharmanda qiladi.

 

Yuqoridagi har ikki asar, quruq gʻoyadan emas, koʻngildan (qorayib ketgan koʻngildan) oʻsib chiqqan istak tufayli yuzaga kelgani uchun ham oʻqishli chiqqan edi. “Qoʻshchinor”, “Sinchalak” kabi faqat gʻoyaga xizmat qiladigan asarlardan farqli oʻlaroq, ularda tirik nafas bor edi. Shu tirik nafas, adibning tan olingan mahoratiga qoʻshilib, uzoq yillar adabiyotshunoslarimizning nigohini chalgʻitdi. Buyuk Abdulla Qahhor degan afsonani yaratdi.

Biz esa hamon oʻsha afsona taʼsiridan qutilganimiz yoʻq.

 

Qahhorni oʻqigan kishilar, qoʻlingizni koʻksingizga qoʻyib, oʻzingizdan soʻrab koʻring. Uning bironta asarini, xoh hikoya, xoh qissa yo roman boʻlsin, chin dildan sevinib, sevib, qahramonlariga qoʻshilib kulib, azoblanib oʻqigan joyingizni eslay olasizmi? Hatto, “Oʻgʻri”dagi oʻsha Qobil boboga ham achina olmagansiz, aksincha, uning shunchalik sodda, goʻl, laqma ekanidan jahlingiz chiqmaganmi? Bizning bobolarimiz sodda boʻlgan boʻlishi mumkin, lekin ahmoq boʻlmagandir, axir. Holbuki, Abdulla Qahhor butun millatga qarata, sening bobolaring Qobil, Babar boʻlgan, deb haqoratlab kelmadimi?

 

Men Xurshid Doʻstmuhammad “Qahr” qissasi qahramonini Abdulla Qahhor deb atamasligi kerak edi, deganda shuni ham nazarda tutgan edim. Abdulla Qahhor buyuk yozuvchi boʻlmasa ham, aqlli odam edi. Buni tan olishimiz kerak. U, aqlli odam sifatida, oʻzi yozganlarining narxi necha pul boʻlganini ham, albatta, tushungan boʻlsa kerak, deb oʻylayman. Umri oxirida, u, agar oʻzini haqiqatan isteʼdodli yozuvchi, deb hisoblagan boʻlsa, shular haqida oʻylagan boʻlishi kerak edi. Moskvada, chekka bir kasalxonaning umumiy palatasida, oddiy odamlar orasida yotganida, u bir umr yolgʻonga xizmat qilib, yolgʻon asarlar yozdim, bu kasalim shuning kaforati boʻlsa ajab emas, degan xayollarga borgan boʻlsa, yo “Qahr”ning muallifi qahramoni diliga shunday oʻylarni joylasa edi, nazarimda, asar jozibaliroq chiqardi.

 

Vallohki, Xurshid aka masalaga bu darajada chuqurlashmaydi. Masalaning mohiyatiga yetish, adib iztiroblarining tubiga tushish oʻrniga, yuzada chayqalib turgan koʻpiklar orasida qolaveradi.

 

Yana bir afsona.

Qahhor haqida, u juda adolattalab edi, degan gaplar yuradi. Xurshid aka ham “Qahr”da shu gaplarga mutlaqo va uzil-kesil ishongani bilinib turibdi. U Qahhorning oʻy-xayollarini tasvir etayotganda shu pozitsiyada turadi. Rostmikin shu gaplar?

Men oʻtgan asrning yetmishinchi yillari adogʻida Toshkentga, dorilfununga keldim. Deyarli barcha ustozlarimiz Abdulla Qahhorni salkam adolat mezoni sifatida taʼriflar edi. Misol tariqasida uning yoshlarni doimo qoʻllab-quvvatlab kelgani, yosh Abdulla Oripov, Erkin Vohidovning sheʼrlaridan oʻzi yozganlariga epigraf olgani keltirilardi.

 

Uning didi boʻlgani shubhasiz. Yaxshi asarni yomonidan ajrata olish qobiliyati boʻlgani ham tushunarli. Aks holda, u oʻsha oq-qora hikoyalarini ham yoza olmasdi.

Biroq bu masalaga chuqurroq yondashish kerak.

Hech bir zamonda ijodkor ahli mavjud hokimiyat bilan kelisha olmagan. Ijod ahli orasida doimo zamonadan nolish kayfiyati boʻlgan va boʻladi ham. Bu – aksioma, isbot talab qilmaydigan haqiqat. Ustozlarimiz bizga Abdulla Qahhorni shunday ijodkorning yetuk bir vakili sifatida koʻrsatar va biz yoshlar ham tamomila shunga ishonib katta boʻlganmiz.

Oradan yillar oʻtgach, yana bir ustozim, oʻttizinchi yillar adabiyotining bilimdoni, akademik Naim Karimov bilan Abdulla Qahhor haqida gaplashib oʻtirganimizda, domla soddadillik bilan, “Siz bilmaysiz, eskining odami puxta boʻlgan, ular qichiydigan joyini oldindan qashlab qoʻygan”, degan gapni aytuvdi. Shu gap meni oʻylantirib qoʻydi va Qahhorning adolattalabligi masalasini oʻrgana boshladim. Katta bir niyatim yoʻq edi, shunchaki, qiziqishdan. Xayriyatki, oʻsha paytlar atrofimda Qahhorni koʻrgan, u bilan hamsuhbat boʻlgan, taʼbir joiz boʻlsa, qoʻlidan bir piyola choyini ichgan odamlar talaygina edi.

 

Afsuski, bilganlarim Abdulla Qahhor degan “buyuk siymo”ni yerga tushirib qoʻydi. Nazarimda, uning qahramonligidan asar ham qolmadi...

Abdulla Qahhorning “Yoshlar bilan suhbat” kitobi yigʻishtirib olib, yoʻq qilingani maʼlum. Shu tufayli uning oʻsha paytda respublika rahbari boʻlgan Sharof Rashidov bilan munosabatlari haqida turlicha gap-soʻzlar tarqalgan.

Aslida ham bu aloqalar unchalik yaxshi boʻlmagan.

 

Masalaning asl mohiyati katta rahbar, biroq oʻrtamiyona yozuvchi boʻlgan Sharof Rashidovning Abdulla Qahhorni xushlamagani bilan bogʻliq. Ogʻzi polvon Abdulla Qahhor Sharof Rashidovning oʻrtamiyona adiblik qobiliyati haqida davralarda aytib yurgan. Maqolalarida ham ishoralar qilgan. Tabiiyki, bu gaplar “qoʻshib-chatib” Rashidovga yetkazilgan va unda ham Abdulla Qahhorga nisbatan antipatiya paydo boʻlgan. Rahbarning qosh-qovogʻiga qaraydigan hukumat doiralari ham Abdulla Qahhorga roʻyixushlik bermagan. Shungami, shogirdlari Abdulla Qahhor tazyiq ostida, degan fikrda boʻlishgan.

 

Meningcha, masalaning asl mohiyati biroz joʻnroq. Abdulla Qahhor Sharof Rashidov erishgan hokimiyat imkoniyatlarini yaxshi bilardi. U Sharof Rashidov KGB arxividan Abdulla Qahhor “Delo”sini chaqirtirib olib, uning butun qilmish-qidirmishidan boxabar boʻlib qolishidan choʻchib yashagan boʻlishi ehtimoli haqiqatga yaqinroq. Rashidovni tanqid qilishining bir maʼnosi ham shu boʻlgan – u meni yomon koʻrgani uchun qasddan tuhmat qilyapti, deya oʻzini oqlash uchun zamin hozirlab qoʻygan. Yaʼni, qichiydigan joyini oldindan qashlab qoʻygan.

 

Rashidov oʻlib, uning qilgan ishlari ochiq-yopiq qoralana boshlagan davrda Qahhor va Rashidov degan mavzu yana koʻtarildi. Sal vaqt oʻtib, Qahhorning sakson yillik yubileyi arafasida bu masala ancha qoʻzgʻalib qoldi. Chunki oʻlimidan soʻng faoliyati qoralana boshlagan Rashidovning shaxsi haqida aytilgan salbiy gaplarning koʻpiga odamlar ishonmasdi. Qahhor Rashidovning kimligini oldindan bilgan, degan afsona yangi hokimiyatga xizmat qilishi kerak edi. Biroq aksi boʻldi-yov, nazarimda. Kamina oʻsha paytda adabiy davralarda aylanib yurgan mish-mishlarning ayrimlarini eslatsam, vaziyat qanday boʻlgani yanayam oydinlashadi.

Emishki, Rashidov tirikligida Abdulla Qahhorning shogirdlaridan birini yoniga chaqirib, “Ustozingning qoʻli tirsagigacha qonga botgan-ku, shuni bilasanmi,” degan va ayrim hujjatlarni koʻrsatgan. (Bu yerda asosan “Botir gapchilar”ga ishora qilinmoqda.) Boshqa mish-mishda esa Rashidovning mashhur bir adabiyotshunos bilan suhbatda yozgʻirib “Mening davrimda qaysi adibning burni qonadi, masalan, Qahhor hamma mukofotni oldi, darsliklarga kirdi, kitoblari chiqib turdi, asarlari sahnadan tushgani yoʻq, kasal payti davlatning hisobidan Moskvaga yubordik, oʻlgach, muzeyini tashkil qildik, oʻsha paytda uning koʻnglini olish uchun yana nimalar qilishim kerak edi,” degan ekan. Afsuski, bu mish-mishlarning haqiqat yo yolgʻonligini isbotlaydigan hujjat yoʻq.

 

Abdulla Qahhorning shogirdiman, deya koʻksiga uradigan ustozimiz Ozod Sharafiddinovning “olti tomlikning soʻnggi tomlarini eʼtibordan soqit qilsak — 1967-1982-yillar mobaynida oʻzbek tilida adibning bironta ham asari nashr qilinmadi”, degan gapi davralarda Qahhor va Rashidov munosabatlarining, Qahhor oʻlimidan soʻng ham “kun koʻrmagani”ning tasdigʻi kabi jaranglardi. Bir kuni erinmay shu gapni tekshirib chiqdim. Va tong qoldim, tong qotdim. Chunki bu mutlaqo notoʻgʻri va haqiqatga xilof koʻrgazma ekan.

1967-yilning oʻzida adibning uchta – “Nurli choʻqqilar” va “Nurli hayot” nomlaridagi hikoyalar toʻplamlari, “Yoshlar bilan suhbat” kitobi; 1969-yili “Muhabbat” qissasi; 1972-yili “Oʻtmishdan ertaklar”; 1975-yili “Sinchalak”; 1976-yili “Oʻtmishdan ertaklar: qissa va hikoyalar; 1979-yili “Oʻtmishdan ertaklar”ning qayta nashri oʻzbek tilida eʼlon qilingan. Shuningdek, adibning tarjima asarlari: N.Gogolning “Revizor” (1974 va 1980 da qayta nashr); A.Pushkinning “Kapitan qizi” (1972); arab adabiyotidan “Bir soatlik xalifa” (1974) koʻp nusxalarda bosilgan (Jami oʻn ikkita kitobi). Adabiyotshunoslikda esa aytilgan yillar davomida Abdulla Qahhor haqida oʻnlab kitob, yuzlab maqola yozilib, sanogʻini olish mushkul darajada diplom ishlari, oʻnlab dissertatsiya himoya qilingan. (Bu haqda yanada toʻliqroq maʼlumotni Zuhra Berdiyeva tuzgan “Abdulla Qahhor (Biobibliografiya)” toʻplamidan olish mumkin. Qarang: Berdiyeva Z., Abdulla Qahhor (Biobibliografiya). T., 1989-y., Matn tepasida: Oʻzbekiston SSR madaniyat vazirligi, Toshkent davlat madaniyat instituti.

 

Xullas, Sh.Rashidov vafotidan keyin uning davrida rasmiy doiralarda deyarli eslanmagan A.Qahhorning hayotda qiynalgani masalasi sabab-besabab matbuotda koʻrina boshladi. Chunki yuqori siyosiy doiralarga Rashidov nomini qoralash uchun yangi va yangi bahonalar kerak edi. Oʻshanda shogirdlari Abdulla Qahhorni oqlash kampaniyasini boshlaydi. Va biz, bugungi avlod uchun adolatpesha Abdulla Qahhor obrazi yaratiladi.

 

Oʻylashimcha, Xurshid aka ham shunday afsonalar ichida ulgʻaygan odam va buni tekshirib koʻrish haqida hech oʻylamagan boʻlsa kerak. Harholda, “Qahr” meni shunday xulosaga kelishga undamoqda. Xurshid aka qissaning biron oʻrnida qahramonining buyuk yozuvchi boʻlganiga, adolatpesha inson, yoshlarning gʻamxoʻri boʻlganiga zarra shubha bildirmaydi. Men esa Qahhorning aslida kim boʻlganini tengdoshlari yaxshi bilardi, shuning uchun ham bu haqiqatni bilmaydigan yoshlar davrasida u oʻzini erkinroq sezgan, degan fikr tarafdoriman. (1939-yili ochiq oʻtkazilgan muhokamada oʻtirganlardan biri “Sarob”da Qahhor oʻzini yozgan, endi tavba qilsin”, deb bekorga qichqirmagan boʻlsa kerak.) Qolaversa, Murod Muhammad Doʻst aytmoqchi, u oʻzidan chiroyli latifa qoldirishni chin dildan istagan boʻlsa ham ajab emas.

 

Uchinchi afsona. Qahhorning “anavi” idoralarda ishlagan-ishlamagani masalasi.

Saksoninchi yillarning adogʻi – toʻqsoninchi yillarning boshida bir guruh yosh adabiyotshunoslar “gap” oʻynar edik. Oʻtmishdagi “Chigʻatoy gurungi”ga qiyosan, oʻzimizcha, Chimboy mahalla choyxonasida oʻtadigan gashtagimizni “Chimboy gurungi” deya atardik. Tabiiyki, ulfatchilik, gap yeyishning tarixiy ildizlari haqida ham suhbat boʻlib turardi.

 

Bir kuni samarqandlik gapdosh joʻramiz yengimdan tortdi. “Bilasizmi, Abdulla Qahhor “anavi” idoraning polkovnigi boʻlgan ekan”, dedi. Men gapni joʻniga qarab tepib yubordim: “Astaroq aytasizmi, polkovnik emas, general deng!”

Oʻsha paytlarda Abdulla Qahhorning “Sarob” romani ustida dissertatsiya yozayotgan Rahmon Qoʻchqorning qulogʻi ding boʻldi. “Qoʻysanglar-chi, dedi u qoʻlidagi osh yogʻini artib. Arxivlarda bu haqda bittayam hujjat yoʻq”. “Albatta, hujjat boʻlmaydi-da, dedim. U yo yashirin ishlaydigan xodim, yo “quloq” boʻlgan! KGB esa hech qachon oʻz agentlarini sotmaydi”.

 

Shu bilan ikkovora boshlangan gurungga hamma qoʻshilib ketdi. Birov u dedi, birov bu dedi, xullas, bir yechimga kelolmadik. Rahmon Qoʻchqor Abdulla Qahhorning uy-muzeyida, yozuvchining shaxsiy arxivida bunga dalolat qiladigan bittayam hujjat yoʻqligini roʻkach qilib turib oldi. Bunga Stalin oʻlgach, Qahhor oʻz arxivini tozalab tashlagan boʻlsa kerak, deya eʼtiroz bildirdik. Oxiri, mabodo, bir kun kelib, KGB arxivlari ochilsa, masalaning javobini topamiz, degan xulosa bilan boshqa mavzuga oʻtib ketdik.

 

Abdulla Qahhorning oʻz vaqtida CheKa, GPU, OGPU, NKVD, MGB, keyin KGB deya nomlangan xavfsizlik idoralari bilan hamkorlik qilgani masalasi haligacha ochiq turibdi. Biroq bu idoralar Qahhor hayotida maʼlum oʻrin tutgani bor gap. Shunisini inkor qilib boʻlmaydi...

 

Abdulla Qahhor hayotida uning shaxsiy fojiasi, deya qaralishi lozim boʻlgan, ammo “Qahr”da juda oz, yoʻl-yoʻlakay hikoya qilib oʻtilgan “Botir gapchilar” voqeasi, aslida, qissaning markazida turishi lozim edi, deb oʻylayman. Hozirgi holida u Qahhor hayotidagi koʻp voqealarning biri sifatida yoʻl-yoʻlakay hikoya qilingan va “Qahhor “anavi” idoraning xodimi boʻlgan”, degan ishonch bilan yozilgan. Bundan shunday xulosa chiqadiki, Qahhor xodim boʻlgan boʻlsa, demak, aybning bir qismi oʻsha idoraning zimmasiga boradi, yaʼniki, Qahhorning aybini “majburligi orqasidan, xizmat taqozosi yuzasidan qilgan”, degan vajlar bilan oqlash mumkin.

Shu afsonaga ishonsak boʻladimi?..

 

Toʻrtinchi afsona Qahhorning “gʻoyaviy kommunist” boʻlgani, uning shoʻro gʻoyalariga sidqidildan ishongani haqida.

“Qahr”ni oʻqisangiz, Qahhor oʻzining bir umr ishonib kelgan gʻoyalariga afsuslanayotganday, koʻzim koʻr boʻlgan ekan, deya oʻzini taftish qilayotganday tuyiladi. Goʻyoki, bir umr xudoga ishonmay yashadim, hech boʻlmasa, oxirida tavba qilay, deganga oʻxshaydi. Jumladan, oʻzining janozasiz koʻmilib ketishidan choʻchib, yozuvchi Shuhratni chaqirgani ham shunga ishora qiladi. Men, musulmon bir inson sifatida, shunday boʻlganiga ishonishni xohlayman. Qahhor Yaratganning oldiga borganida “Tavba qilib keldim!”, deya yukunishini istayman. Biroq...

Hayot haqiqati biz oʻylaganimizdan koʻra murakkabroq.

 

Men, hech bir odam oʻzini u yoki bu gʻoyaga ishonib yashagani uchun bir umr azoblab oʻtadi, deb oʻylamayman. Chunki hayotda insonning fikrlari oʻzgarib turishi – bor gap. Bir gʻoyada muqim qotib qolgan odamni uchratish amri mahol. Ammo nimagadir ishongani uchun qilgan jinoyatini hech bir odam hech bir zamonda oqlamaydi. Men oʻshanda majbur boʻlib qolgan edim, deyishi mumkin, lekin baribir jinoyatining jinoyat ekanini bilib turadi va oʻzini oxirgi daqiqada shu uchun hisob-kitob qiladi. Lekin jinoyatni tan olish, uning uchun tavba qilish jinoiy jazoni bekor qilmaydi. Dunyoning qonunida ham, ilohiy qonunlarda ham jinoyatga jazo muqarrarligi belgilangan.

 

Va umuman, hatto jinoyat kodeksida ham, kishiga jinoyat qilishni niyat qilgani uchun jazo belgilanmagan. Aksincha, jinoyatini bilib turib, gʻaraz niyat bilan qilgan boʻlsa, bu ogʻirlashtiruvchi hol, deb qaraladi. Yaʼni, niyat amal bilan qoʻshilgandagina jinoyatning bir qismiga aylanadi.

Masalaning shu oʻrnini sal kengroq tushuntirsam.

 

Koʻpchilik negadir mudhish qatagʻon davri deganda Abdulla Qodiriy, Abdulhamid Choʻlpon, Abdurauf Fitrat kabi buyuk yozarmanlarimiz qatl etilgan mashʼum 37-38-yillarni eslaydi. Holbuki, bunday qatagʻon toʻlqini ilk bor 20-yillarning soʻnggi, 30-yillarning boshida sodir boʻlgan va u XX asr boshida tarix sahnasiga chiqqan buyuk jadid bobolarimizning sardori Munavvarqori boshliq bir guruh ziyolilarning boshiga yetgan edi. Oʻshanda inqilob yillari mustabid shoʻro tuzumini qoʻllab, shuning vositasida xalqimizni hurriyatga olib chiqishni niyat qilgan, biroq har doim milliy istiqlolning ochiq tarafdori boʻlgan ziyolilarni siyosiy organlar turli xil kurakda turmaydigan ayblovlar bilan qatl qilgan edi.

 

Zahmatkash olim Sherali Turdiyev Oʻzbekiston KGBsi arxivida aniqlagan maʼlumotlarga koʻra, shoʻrolar hukumati tomonidan milliy uygʻonish – jadidchilik harakati namoyandalariga qarshi ilk ayblovlar 20-yillarning boshidayoq amalga oshirila boshlaydi. Xususan, Munavvar Qori Abdurashidov va Ubaydulla Xoʻjayevlar “Milliy ittihod” nomi ostida maxfiy tashkilot tuzganlikda ayblanadi, biroq 20-yillarning oʻrtalarida Turkiston MIQ tomonidan ular oqlanadi. Shunga qaramay, matbuotda bu shaxslarni qoralash kampaniyasi davom ettiriladi. 20-yillarning ikkinchi yarmidan boshlab eski jadidlar hisoblanmish Munavvar Qori, Ubaydulla Xoʻjayev, Fitrat, Choʻlpon, Abdulla Qodiriylarni proletar gʻoyasiga va shoʻro tuzumiga dushmanlikda ochiq ayblab qoralash kampaniyasi yana kuchayadi.

Nihoyat, 1929-yilning 6-noyabr kuni Toshkentda Munavvar Qori Abdurashidov, Ubaydulla Xoʻjayev, Eshonxoʻja Xoniy, Salimxon Tillaxonov, Abduvahob Murodiy va boshqalar, jami 83 kishi; “Milliy ittihod” qoʻmitasining taʼsirida Fargʻonada tashkil etilgan “Botir gapchilar” maxfiy tashkilotining aʼzolari sifatida 1930-yilning 31-yanvar kuni Qoʻqon shahrida Ashurali Zohiriy, Lutfullo Olimiy, Yoqub Omon, Abdulla Rahmatzoda, Nosir Erkin, Nuriddin Ermatov, Abdulla Qahhor va boshqalar, jami 15 kishi qamoqqa olinadi (Bular ichida faqat Abdulla Qahhor gunohsiz topilib, tezda hibsdan ozod etiladi). Alohida qayd etish lozimki, ushbu ilk qatagʻondan Fitrat, Choʻlpon, Abdulla Qodiriy kabi oydinlarimiz omon qolishgan. Ularga navbat mashʼum 37-38-yillarda yetib keldi. (Bu haqda qarang: Sherali Turdiyev. Maʼrifat va istiqlol fidoyisi. Chop etilgan 26.03.2014 Muallif Ziyouz.uz)

Tarixchi olim Bahrom Irzayevning qatagʻon qurbonlari haqidagi tadqiqotida keltirilishicha, “A.Zohiriy uzoq davom etgan soʻroqlardan aniq xulosaga keldiki, bu fitnaning ortida aynan shoʻro davlatining oʻzi turibdi. 1930-yil 28-may kuni soʻroqda: “Botir gapchilar” degan tashkilot boʻlsa, bu Abdulla Qahhorning uyida boʻlgan yigʻilishda tugʻilgan boʻlsa kerak. Oʻshanda u xuddi yoddan aytayotgandek qandaydir tashkilot va uning programmasi haqida soʻzlay boshlagan edi. Demak, “Botir gapchilar” bu A.Qahhorning miyasida tuzilgan va uning gʻoyalaridir“, deydi. A.Zohiriy rahbarligidagi “Botir gapchilar” tashkiloti aʼzosi deb fargʻonalik 15 nafar taraqqiyparvar yoshlar bir yildan ortiq vaqt davomida Fargʻona turmasida ogʻir sharoitda saqlandi.

 

1931-yil 25-aprel OGPU qarori bilan A.Zohiriy, L.Olimiylarga nisbatan otuv hukmi 10-yillik konslager bilan almashtirildi.

A.Zohiriy 1936-yil jazoni muddatidan oldin oʻtab qaytadi. Oradan hech qancha oʻtmay 1937-yil 5-sentyabr kuni “Milliy ittihod” aʼzosi, 1930-yildan “Botir gapchilar” tashkiloti aʼzosi deb yana qamoqqa olinadi. 1937-yil 4-dekabr kuni IIXK qoshidagi “Uchlik” sudi Ashurali Zohiriyni otuvga hukm qildi va noxolis hukm 1937-yil 28-dekabr kuni ijro qilindi. 1958-yil 15-sentyabr kuni Ashurali Zohiriy OʻzSSR Oliy sudi tomonidan oqlangan”. (Bu haqda qarang: Bahrom Irzayev. Qatagʻonga uchragan matbuotimizning zabardast vakili. April 23, 2021 Ziyouz.uz)

Abdulla Qahhorning mazkur sotqinligini Xurshid aka “Qahr”da biroz yumshatib tasvirlaydi, oqlamoqchi boʻladi:

“Yosh edi, axir u. Gʻoʻr edi. Kim uni yoʻldan urdi, qoʻynini puch yongʻoqqa toʻldirib, aldadi, shu choqqa qadar bilmaydi.

“Yangi Fargʻona” gazetasi tahririyatiga yangigina ishga qabul qilingan bir paytda, qanday boʻlmasin, tahririyat aʼzolari orasida sovetlarga qarshi boʻlgan “yot unsur”larni aniqlash vazifasini yuklashdi uning zimmasiga. Buning eng oson yoʻlini oʻrgatishdi ham: “Duch kelgan joyda shoʻroni, komfirqani baralla tanqid ostiga olaverasan, qoʻrqma, sening aytganlaringga joʻr boʻlib sayraydiganlar – oʻshandaylarning bari unsur, element! – oʻshalarni aniqlashtirib bersang bas!”

 

U laqqa tushdi. Topshiriqni ado etmoqlikka astoydil kirishdi. Jamiyatda hammaning koʻziga tashlanib turgan, ammo gapirish, tilga olish xavfli boʻlgan nuqson-u illatlarni qoʻrqmay fosh eta boshladi. Gazeta ahli, ziyoli ahli tilini tiyolmaydigan toifa emasmi, mushtdek bolakayning nayranglariga uchadigan, laqqa tushadiganlar topila qoldi. Ayniqsa, “jumhuriyatimizning mustaqil, ozod vatan sifatida ajralib chiqishiga erishmogʻimiz lozim” degan gaplari kap-katta kishilarning esini ogʻdirdi, gangitdi-qoʻydi. Unga qoʻshilib “jasorat”ga joʻr boʻladigan hamnafaslar koʻpaydi.

 

Oʻzbekchilikda gap olishning sinalgan usuli ulfatchilik emasmi, neki vazifa yuklansa, barchasini baxyama-baxya mufassal amalga oshirayotgan boʻlajak adib qoʻyarda-qoʻymay gazetachilarni ulfatchilik – gap-gashtak tashkil etishga koʻndirdi. Davraga bir qator maktab muallimlari qoʻshildi. “Shoʻro hukumati xalqni halokat yoqasiga olib bormoqda” deganlar bormi, boshqa ogʻzi botir ulfatlarining degan demaganlari bormi, u qoʻqonlik ziyolilardan tashkil topgan yangi gashtakning bamisoli mirzasiga aylandi, yaʼni, ulfatchilik chogʻida doʻstlarining ogʻzidan chiqqan oldi-qochdi gap-soʻzlarni “oqizmay-tomizmay” qogʻozga tushirib bordi. Ulfatga “Botir gapchilar” nomi berildi.

Oqibat nima boʻldi, oqibat?

 

1930-yil 30-yanvar kuni edi, oʻn sakkiz nafar “Botir gap”chi ulfatchilik qilib oʻtirgan xonadonni GPU bosdi! Ashurali Zohiriy, Lutfulla Olimiy, Yoqub Omon, Erkin Nosir, Umarxoʻja Hamidov... gashtak qamoqxonada davom etdi. Bir hamlada shu-uncha “unsur”ni fosh qilish mana man degan GPUchiga nasib etmagandi, hali goʻdak yoshidagi Abdulla esa, tugʻma qobiliyati bor shekilli, alohida gʻayrat-shijoat koʻrsatdi – shoʻro hokimiyatining oʻn yetti nafar dushmani naq tumshugʻidan ilindi. Dastlabki hufiyachilik xizmati evaziga Abdullajon “Zreliy”, yaʼni “Yetuk” degan laqab-klichka bilan siylandi.

Yosh edi, gʻoʻr edi, shayton komiga ilingan edi...”

 

Abdulla Qahhorning bu jinoyati uchun hayotda tavba qilmaganini Xurshid aka yana bir oʻrinda shunday tasvir etadi:

“Botir gapchilargami?.. Bitta-yarimtasi hayotmi yoʻqmi, Xudo biladi. Birortasi roʻpara kelsa, har bittasining gunohini betiga aytardi. Ha-da, oʻzing bir qishloq muallimi boʻlsang, chumchuqning patidek gazetada muxbir boʻlsang, sovetga, shoʻroga qarshi bosh koʻtarishni kim qoʻyibdi senlarga?! Kim yomon – shoʻro yomon, nima nomaʼqul – shoʻro mafkurasi nomaʼqul! Oʻshanday chalamulla shoʻrtumshuqlarni fosh qilganimmi, gunohim?! Eh, zamon nagʻmasini uqmagan lodonlar!.. Ah, gumrohlar!..”

 

Va nihoyat, Qahhorning buyukligi haqidagi afsona.

Men Abdulla Qahhorning hayoti va ijodini maxsus oʻrgangan emasman. Uning hayoti va ijodiga qiziqib yurgan boʻlsam, buning sababi bir ziyoli oʻlaroq, millatimiz oydinlarining tarixini, hech boʻlmasa oʻzim uchun, biroz oydinlashtirib olish istagidir. Mening shu ozgina bilganlarim ham “Qahr”da aks ettirilgan voqelik ancha yuzaki chiqib qolibdi, deyishga huquq berayotir. Shu boisdan Xurshid akaga, Xurshid Doʻstmuhammadga asarining shu joylarini koʻrsatib, eʼtiroz bildirishga maʼnaviy haqqim bor, deb oʻylayman.

 

Mening nazarimda, Qahhorning fargʻonalik ziyolilarni sotib, ularni qamoqqa, muqarrar oʻlimga yuborishi yoshlik emas edi. Gʻoʻrlik emas edi. Uning oʻshangacha boʻlgan hayoti, ehtimolki, keyingi hayoti ham faqat sotqinlikdan iborat boʻlgan.

Shaxsiy suhbatlarimizdan birida shu masalani koʻtarganimda, ham hayotda, ham ilmda ustozim boʻlgan Naim Karimov “Abdulla Qahhor bir umr Qoʻqonga emin-erkin borolmay oʻtgan. Majbur boʻlib borsa ham, rasmiy doiralar bilan uchrashiboq qaytgan. Chunki u “Botir gapchilar” tashkiloti aʼzosi boʻlgan degan gapdan ham va shuning aksi – “Botir gapchilar”ni shu odam qamatgan, degan gapdan ham qoʻrqib yashagan”, deb aytgan edi. Bu gapga ishonmaslikka asosimiz yoʻq.

 

“Oʻtmishdan ertaklar”ni hamma boʻlmasayam, koʻpchilik oʻqigan chiqar. Uning oxirgi sahifalarini kim eslaydi? Eslatishim mumkin. Qoʻqondagi oʻqituvchilar tayyorlash bilim yurti, Dorilmualliminda oʻqib yurgan Abdulla Qahhorning ustozlari orasida jadidlar koʻp edi. Shuningdek, birinchi jahon urushi payti asirga tushib, Turkistonga kelib qolgan turk zobitlari ham bor edi. Talabalar ularning milliy ozodlik kurashchilari bilan aloqalari boʻlganini bilib qolishadi. Oʻsha ustozlar Turkiston ozodligi uchun jihod qilaman deb kelgan Anvar poshshoning shahid ketganiga motam tutadilar. Yosh Abdulla uyga kelib, shu gaplarni oqizmay-tomizmay onasiga aytadi, onasi otasiga yetkazadi. Ota esa GPU xodimi edi. Asarda yozilmagan boʻlsa ham, taxmin qilish mumkinki, bu gaplarni eshitgan ota Abdullaning oʻzini savol-soʻroq qilgan, bor gapni aslidagiday bilib olgan chiqar. Shuning uchun ham “Oʻtmishdan ertaklar” qissasi “Endi nima boʻladi?” degan savol bilan tugaydi.

Buyogʻi nima boʻlganini tasavvur qilib olgandirsizlar?!

Dorilmuallimin tit-pit qilib tashlanadi...

Yosh Abdulla esa oʻzi sotgan ustozlari, hamsaboqlari orasida yakkamoxovga aylanadi. Shu bois u dorilmualliminning oxirgi kursi, oxirgi haftalarida oʻqishdan ketishga majbur boʻladi. Ketib, Qoʻqon shahar komsomoliga ishga joylashadi. Oʻrta maktabni bitirdi, degan attestati boʻlmagani uchun Toshkentga kelganida ham dorilfununga kirolmaydi, tayyorlov fakultetida (Rabfakda) oʻqiydi. Bu yerda ham biron hunar koʻrsatgandirki, uni, rabfakni tugatgach, asosiy kurslarga oʻqishga qabul qilmaydilar, tugʻilgan joyiga – Qoʻqonga qaytarib yuborishadi.

Nazarimda, bu boʻlgan ishlarda hech qachon Abdulla Qahhor oʻzini ayblamagan. Aksincha, u tabiatidagi sotqinlikni dushmanlar bilan kurashib yashayotirman, deya oqlagan boʻlsa, ajab emas.

 

Akademik Naim Karimov bilan umrining oxirlarida qilgan shaxsiy suhbatlarimizda, u kishi oʻzi eshitgan va ishonchli deb oʻylagan gaplarga tayanib, “Abdulla Qahhor yoshligida juda axloqsiz odam boʻlgan. Birinchi oilasining buzilib ketishiga ham sabab shu. Begona ayollarni xotinining ustiga ham boshlab kelaverar ekan. Yoshligida xudoga ishonmagan, aroqni ham juda koʻp ichgan, faqat keyin bu ishlarni tashlagan”, degan mazmundagi gapni aytgan edi. Oʻylaymanki, ilmda xolislik nuqtai nazaridan, yoshi toʻqsonga borgan, ilmiy ijodi havas va yaxshi maʼnodagi hasadga arzigulik olimning bu gapini eʼtiborga olmaslikning sira iloji yoʻq.

 

Shu suhbatdan soʻng Abdulla Qahhor hayotini chuqurroq oʻrgana boshladim. Albatta, qoʻlimda endigi yozadiganlarimni tasdiqlaydigan biron xat-hujjat yoʻq, lekin uzuq-yuluq tafsilotlardan tiklaganim haqiqat quyidagicha.

 

Abdulla Qahhor Rabfak talabasi ekanida turgan ijaraxonasini bir tatar kampir kelib tozalab, kirlarini yuvib, osh-ovqatini pishirib yurgan. Kampir biron sabab bilan kelolmay qolsa, uning boʻyi yetgan qizi kelgan. Abdulla shu qiz bilan oʻynashib qoʻyadi, qiz yukli boʻlib qoladi. Muammodan qoʻrqib ketgan yosh Abdulla Qoʻqonga qarab qochadi. Tatar kampir Qoʻqonga boradi. Kampir va ota orasida boʻlib oʻtgan gap-soʻzdan keyin Abdulla shu qizga uylanishga majbur boʻladi. Hayotidan norozi yurgan Abdulla butun dunyoga oʻt qoʻymoqchi boʻlganday, ichkilikka battar ruju qoʻyadi, nahsga botadi (Bu voqealar “Sarob” romanida goʻyo Saidiy hayotida boʻlgani kabi ipidan-ignasigacha tasvir etilgan). Jumladan, u, gap-gashtaklarda betoʻxtov araqxoʻrlik qiladi, shishadoshlari va ziyolilarni provokatsion suhbatlarga tortadi...

Uni shu oʻrinda qoʻlga tushirishadi.

Va yoki, buning aksi, betizgin araqxoʻrlik, buzuqlik va nahs girdobiga tobora choʻkib borayotgan Abdulla Qahhor oʻta mudhish qarorga keladi. Oʻz oʻtmishi bilan aloqasini shafqatsizlarcha uzmoqchi boʻladi. Lekin u baribir qoʻrqoqlik qiladi, bu yoʻlda oʻzini emas, oʻzgalarni qurbon qiladi...

Qay bir ehtimol toʻgʻriligini, afsuski, endi hech qachon bilolmaymiz...

 

Shu oʻrinda bir masalani alohida taʼkidlamoqchi edim. Ana, oʻzingiz ham Abdulla Qahhor gʻoʻrlik qilib qoʻlga tushgan edi, deyapsiz-ku, degan eʼtiroz boʻlib qolishi mumkinligi uchun. Abdulla Qahhor oʻshanda gʻoʻrlik qilib, qoʻlga tushgan boʻlsa edi, keyin u jadidlarni siyosiy ayblash uchun qurol boʻlib xizmat qiladigan “Sarob” romanini yozmasdi. Meningcha, u, keyin ham, oʻjarlik bilan, oʻshanda men haq edim, toʻgʻri qilgan edim, degan fikrda yashab oʻtgan. Xurshid Doʻstmuhammad “Qahr”da ham shu xulosani bergan. Oʻttiz yilcha oldin Rahmon Qoʻchqor qatʼiy taʼkidlagani kabi, “Sarob” mutlaqo siyosiy romandir. Va u Abdulla Qahhorning gʻoʻr yoshligi oʻtib, fikrlari bir oʻzanda quyilgandan keyin yozilganini eʼtiborga olsak, bu roman yillar oʻtgani sayin Abdulla Qahhorning fikr-qarashlari oʻzgarmagani, aksincha, tobora qatʼiylashib borganiga yana bir isbotdir, deya hukm chiqarishga asos beradi.

 

“Qahr”da Abdulla Qahhorning otasiga munosabati masalasi ham bot-bot koʻtarilgan. Biroq Xurshid aka Abdulla Qahhorning sotqinligi aynan otaning qutqusi bilan sodir boʻlganini bilmasa kerak. Oʻgʻlining bir ahmoqlik ketidan ikkinchisi – araqxoʻrlik va nahsga mukkasidan ketib, kelajagini xavf ostiga qoʻyayotganini koʻrgan ota uni hamshishalaridan ayirib olmoqchi boʻladi. Buning uchun u eng iflos, eng tuban yoʻlni tanlaydi. Abdulladan gashtak yigʻinlarida boʻlayotgan gap-soʻzlarni erinmay soʻrab oladi. Siyosiy mavzularda ham gurung boʻlishini anglab, oʻgʻliga baʼzi gaplarni tushuntiradi. Bular ichida shoʻro davlatiga siyosiy dushman boʻlgan odamlar ham boʻlishi mumkin-ku, shularni aniqlashtirib bersang, xotiningdan ham ajratib olaman, Toshkentga oʻqishga ham yuboraman, deb yuragiga gʻuluv soladi.

 

Bu ishni nega organlar qilmagan, nega Abdullaning otasi qilgan deyapman?

Chunki shu voqeadan keyin Abdullaning otasi bilan orasi keskin buzilib ketadi. Birinchidan, dastlab, “botir gapchilar”ga qoʻshib, Abdullaning oʻzi ham qamoqqa tashlanadi. Biron oycha yertoʻlada oʻtirib, soʻroq bergandan keyingina u qilgan ishining butun dahshatini – oʻn beshmi, oʻn sakkizmi odamni muqarrar qiynoqqa, soʻngida oʻlimga yetaklab kelganini anglab yetadi.

 

Ikkinchidan, bu ish organlarning provokatsiyasi boʻlganda edi, u yo umuman qamoqda oʻtirmasligi, yo “quloq” sifatida, hech boʻlmaganda, sudgacha qamoqda boʻlib, tergovchilarga qoʻshimcha dalil topib berishi kerak edi. Biroq Abdullaning ishi sudgacha yetib bormaydi, imi-jimida qamoqdan chiqarib yuboriladi. Aftidan, “Botir gapchilar” qamoqqa olingandan keyingina ota, yaʼni usta Abduqahhor organlarga bu ish oʻzining shaxsiy tashabbusi bilan boʻlganini tushuntirib, isbotlab bergan. Shunga vaqt ketib qolgan. Shundan keyingina Abdulla qamoqdan qoʻyib yuborilgan. “Sarob” romaniga tayanib aytadigan boʻlsak, organlar oʻshanda ham Abdullaga juda unchalik ishonishmagan. U Toshkentga kelib, dorilfununga oʻqishga kirganida komsomoldan xarakteristika keltirib bera olmagani shunga dalolat qiladi.

Ota keksayib, nafaqaga chiqqandan keyin Qoʻqonda turolmay, Toshkentga, Abdullaning uyiga keladi. Bu paytda Abdullaning onasi vafot etgan, qari ota yordamga muhtoj holatda edi. Biroq Abdulla otasini hech qachon kechirmadi. Keyin ham hech qachon otasini bironta yaxshi soʻz bilan eslamadi. Hatto, “Oʻtmishdan ertaklar” qissasi, aslida, otaning qanchalik yovuz odam boʻlganini isbotlash uchun yozilgan edi, desak ham mubolagʻa boʻlmaydi. Albatta, satrlar ortidagi maʼnoni uqiy oladigan odamlar uchun.

 

Xurshid aka Abdulla Qahhorning hayotida otasi oʻynagan mudhish vazifadan xabardor boʻlmaganiga ishonmayman. Aks holda quyidagi misralar yozilmagan boʻlardi:

“Muhokamaga Mirza keldi, “Fargʻona tong otguncha”ni yozgan, menga tanbeh berdi. “Jon Abdulla aka, dadangizning gunohlari mening boʻynimga, ularni yozmang, oʻchirib tashlang”, dedi! Oʻtinib, yukunib aytdi... Bir hafta, Toshkentga boray, Mirzaga aytay, dadamning gunohlari senga ogʻirlik qiladi, ular oʻzimga buyursin, deyman, keyin “Ertaklar”ni qayta yozaman...”

 

Maqolaning boshida badiiy matn mukammal emas, deb tanqid qilganim esingizdadir. Yuqoridagi parcha oʻsha daʼvomning bir isboti. Bu parchadagi gapni men tushunaman. Yana besh-oʻn odam tushunar. Biroq badiiy asar xoslar uchungina yozilmaydi-ku! Uni Abdulla Qahhor hayotidan bexabar boʻlgan odamlar tushunmaydi. Chunki shunday fikrga olib keladigan tasvir yoʻq, imo-ishora bor, xolos. Matndagi har qanday tushunarsiz parcha esa oʻquvchini chalgʻitadi, asarni ogʻirlashtiradi.

 

Abdulla Qahhor buyuk inson, buyuk yozuvchi boʻlganida yuqorida men qismangina yozib oʻtgan ishlarning birontasini qilmagan boʻlardi. Chunki buyuk inson ogʻirlikni zimmasiga oladi, Qahhor kabi vaziyatdan oʻrtoqlarini sotib qutilmaydi.

Buyuk yozuvchi millatini oldinga boshlaydi, Qahhor kabi millatini mustamlakachilarga, zolimlarga qul kabi bosh egishga daʼvat qilmaydi. Buyuklar zamonga moslashishni emas, zamonni oʻzgartirishni maqsad qilib yashaydi. Eng avval oʻzini oʻzgartiradi.

Shu kunlarda ayrim ijtimoiy tarmoqlarda “Qahr” munosabati bilan “Qahhor majbur boʻlgan”, podvalga tushsangiz siz bundan battarroq sayrashingiz mumkin edi, qabilidagi gap-soʻzlar bildirilmoqda. Ularga nima deyish mumkin?

 

Qahhor podvalga tushganidan keyin ularni sotmagani maʼlum, avval sotgan, keyin podvalga tushgan, desak, ular koʻnisharmikin?!

Boshqa, goʻyoki mavzuga aloqasiz bir misol keltiray. Oʻtgan asrning saksoninchi yillari soʻngida, doʻkon peshtaxtalari boʻm-boʻsh, biroq odamlarning fikri va koʻngli qaynab turgan, oʻtmishni taftish qilish avj olgan bir mahalda, oʻrtoqlarimdan biri “Kommunizmda yashab, oʻtib ketibmiz-ku, lekin buni oʻzimiz bilmay qolibmiz-da!”, deya hazil qildi. Men hayron qaradim. Biron gap topolmay qoldim. Chunki u raisning oʻgʻli edi. Uning kommunizmda yashab oʻtgani aniq edi. Biroq men qozoni oyda bir marta goʻsht koʻradigan kolxozchining bolasi edim. Kommunizmni koʻrmagan edim.

 

Abdulla Qahhor haqiqatda shoʻrodan naf koʻrgan odam edi. Inqilob yillaridagi ocharchilik paytlari organda ishlaydigan otasi yogʻliq-yogʻliq ovqat koʻtarib kelardi. Shu bois, u shoʻroni yomon koʻrganlarni yomon koʻrsa, haqli edi. Biroq otasi yogʻliq-yogʻliq ovqat keltirmaganlarning bolasida nima ayb? Vatanini ozod koʻrishni istaganlarning aybi nima? Qahhorning qahriga yoʻliqqanimi?..

 

Musulmon NAMOZ,

adabiyotshunos

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//