Adabiyot
XIV-XV asrlarda va hatto keyingi davrlarda ham kelib chiqishi Chingizxon avlodidan bo‘lsa-da, davlatni nominal hukmdor sifatida boshqargan xonzodalarga nisbatan “huquqsiz xonlar” yoki “qo‘g‘irchoq xonlar” iborasi qo‘llanilgan. Mazkur maqolada Movarounnahr va unga tutash mintaqalarda hukmronlik qilgan sulolalar – Chig‘atoy xonlari, Temuriylar, Shayboniylar va Ashtarxoniylar sulolalari davridagi “huquqsiz xonlar” tarixi tahlil qilinadi. Bunda “huquqsiz xonlar”ning asosiy guruhlari, ularning hokimiyatga kelish yo‘llari, tarixiy oqibatlari ko‘rib chiqiladi. Bu masala doirasidagi tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, “huquqsiz xon”lar fenomeni mo‘g‘ul siyosiy madaniyatining asta-sekin o‘zgarishi va post-mo‘g‘ul davlatlarning shakllanishidagi muhim bosqich bo‘lgan.
Chingizxon davlati tashkil topgach, 1206-yilda tasdiqlangan Yasa qonunlarida butun imperiyada yoki keyinchalik uluslarga bo‘lib yuborilgan davlatlarda faqatgina Chingizxonga borib taqaluvchi “Oltin urug‘” vakillarigina xon unvoniga sazovor bo‘lishi mumkinligi alohida ta’kidlangan. XIV asr o‘rtalaridan boshlab Yasada qat’iy belgilangan mazkur qoida buzila boshlandi va hokimiyatga mintaqa siyosiy hayotida faol o‘rin tutgan amirlar chiqa boshladi. Bunga quyidagilar sabab bo‘ladi:
1. Chingiziy shahzodalar o‘rtasidagi doimiy ichki kurashlar va ularning yoshligi;
2. Turli shahzodalarni qo‘llab-quvvatlab kelayotgan qabila yetakchilarining harbiy-iqtisodiy ustunligi;
3. Mintaqadagi asosiy savdo yo‘llari va shaharlarning amirlar qo‘liga o‘tishi;
4. Islom dinining keng tarqalishi va mahalliy turkiy elitaning kuchayishi hamda boshqalar.
Chig‘atoy ulusi xoni Kebekdan so‘ng ulus taxtiga ikki ukasi Elchigiday va Durar Temurning qisqa hukmronligidan so‘ng, boshqa bir ukasi Tarmashirin ko‘tariladi. Ammo Tarmashirinning hukmronligi ham uzoqqa bormaydi. Deyarli o‘n yilga yaqin hukmronlikdan so‘ng Tarmashirin islom dinini qabul qilib, o‘troq hayot tarzida yashagani, boshqaruvining so‘nggi to‘rt yilida ulusning har yilgi qurultoyida ishtirok etmagani kabi sabablar tufayli ulus hokimiyatidan chetlatiladi. Qisqa fursatda ulusga o‘nga yaqin xonlar kelib, birin-ketin almashaveradi. Shu jumladan, qachonlardir ulusni o‘z ta’siriga olib, bir muddat Chig‘atoy xonlari ustidan nazorat o‘rnatgan O‘qtoy xonadoni vakillari ham ulus boshqaruvini qayta qo‘lga olish maqsadida bu kurashga qo‘shiladilar. Buzon, Chenkshi, Yesun Temur, Ali Sulton (O‘qtoy naslidan), Muhammad, Xalil Alloh (Xalilulloh) kabi xonlar boshqaruvidan keyin ulus boshqaruviga Yasavur O‘g‘lonning o‘g‘illaridan biri Qozon Temur keladi. U akasi Xalil Alloh bilan bir vaqtda bir muddat avval ikki qismga bo‘linib ketgan davlatni boshqarib kelayotgan edi.
XIV asrning 40-yillarida Ili mintaqasida toj-u taxt kurashlari avj olib ketadi. Natijada Qozon Temur davlat markazini Movarounnahr ichkarisiga ko‘chirib, davlatni qayta markazlashtirish masalasida shu yerdan turib ko‘chmanchilarga qarshi kurashgan. Shu bilan birga Qozon Temur markazlashgan davlat qurish g‘oyasiga qarshi chiqqan turk-mo‘g‘ul amirlariga qarshi kurash ham boshlaydi. Muiniddin Natanziyning “Muntaxab ut-tavorix” asarida keltirilishicha, Qozon Temur hokimiyatni kuchsizlanishga olib kelayotgan yirik amirlarni qatl eta boshlaydi. Manbada keltirilishicha, bir kunda yuzlab qatllar amalga oshiriladi. Buning oqibatida yirik amirlar ochiqchasiga Chig‘atoy xoniga qarshi birlashib, amir Qazag‘on atrofida birlashadilar va ikki o‘rtadagi bir nechta janglardan so‘ng amir Qazag‘on g‘alaba qozonadi. Hokimiyatga amir Qazag‘onning kelishi Chig‘atoy xonadoni vakillarining ulusning g‘arbiy qismidagi mustaqil hukmronligiga amalda yakun yasaydi. Amir Qazag‘on hokimiyatni qo‘lga olgan bo‘lsa-da, o‘zini xon deb e’lon qilolmaydi. Ayni vaqtda sharqiy ulusda Tug‘luq Temur hukmronlikni qo‘lga olgan edi. Amir Qazag‘on yon atrofdagi boshqa Chingiziylarning e’tiborini tortmaslik maqsadida ulus taxtiga “huquqsiz xonlar”ni ko‘tara boshlaydi. U bu masalada Chig‘atoy xonadoni vakillariga ishonmagani uchun O‘qtoy xonadoni vakili Donishmandchaxonni taxtga chiqaradi. Amir Qazag‘on bu bilan ulusning Movarounnahrdagi hokimiyatidan Chig‘atoylarni butunlay surib chiqarishni ham maqsad qilgan edi.
Ulusning dastlabki “huquqsiz xon”i – Donishmandchaxonning shajarasi manbalarda turlicha berilgan. Fasih Havofiyning “Mujmali Fasihiy” asarida yozilishicha, Donishmandcha O‘qtoy qoonning naslidan ekani ta’kidlansa-da, manbada xonning aniq shajarasi keltirilmaydi. Yana bir Temuriylar davri manbasi – muallifi noma’lum asar “Muizz al-ansob”da xonning nisbasi Donishmandcha ibn Hundun ibn Turjon ibn Malik ibn O‘qtoy, sifatida keltirilgan. XVII asr tarixchisi Abulg‘oziy Bahodurxonning “Shajarayi turk” asarida Donishmandchaxon O‘qtoyning nabirasi Qayduxonning o‘g‘li bo‘lgani yoziladi. Donishmandchaxonning ajdodlari masalasida “Muizz al-ansob”dagi ma’lumotlar haqiqatga yaqinroq. Negaki, “Shajarayi turk” muallifi aytganidek, Donishmandchaxon Qayduxonning o‘g‘li bo‘lganida edi u 1270–1300-yillar tarixiy voqealarida ishtirok etgan va manbalarda eslatilgan bo‘lar edi. Shuningdek, XIV asr boshlaridagi tarixiy voqealar shuni ko‘rsatadiki, Kebek Qayduning barcha o‘g‘illarini mintaqadan quvib yuboradi yoki o‘ldirib yuboradi.
Nizomiddin Shomiy, Sharafiddin Ali Yazdiy, Mirzo Ulug‘bek, Muiniddin Natanziy kabi muarrixlarning asarlarida Qozon Temurdan keyingi xon ikki yil “huquqsiz xon” sifatida hokimiyatda bo‘lib, keyin amir Qazag‘on farmoni bilan qatl etilgani ta’kidlanadi. Undan keyingi “huquqsiz xon”ning ismini Nizomiddin Shomiy Bayonquli Surg‘atu o‘g‘li, Sharafiddin Ali Yazdiy Bayonqulixon ibn So‘g‘do-o‘g‘lon ibn Duvaxon, Mirzo Ulug‘bek esa Bayonqulixon ibn Sarg‘ad o‘g‘ul shaklida keltiradi. Bayonqulixonning shajarasi, ayrim harflar o‘zgarishi e’tiborga olinmasa, barcha manbalarda bir xil aks etgan. Bayonqulixon nisbatan ko‘proq muddat “huquqsiz xon” sifatida boshqaruvda qolgan xon bo‘lib, uning hukmronligi davrida mintaqada bir qancha xonning nomi bilan bog‘liq Buxoroda masjid va madrasalar quriladi. Bayonqulixon tabiatan yumshoq fe’lli, amir Qazag‘onning barcha buyruqlariga so‘zsiz itoat qiluvchi shaxs edi. Ammo amir Qazag‘on vafotidan keyin amirlik hokimiyatini qo‘lga olgan uning o‘g‘li Abdulloh qisqa fursatdan keyin Bayonqulixonni qatl etadi. Mirzo Ulug‘bek uning qatl etilishiga amir Abdulloh Bayonqulixonning xotiniga oshiq bo‘lib qolganini sabab sifatida ko‘rsatadi. Shuning uchun amir Abdulloh Bayonqulixonni o‘ldirib, uning xotiniga uylanadi.
Bayonqulixondan keyingi “huquqsiz xon” Temuriylar davri barcha forsiy manbalarida yakdillik bilan Temurshoh ibn Yesun Temurxon ibn Abukan ibn Duvaxon bo‘lgani ta’kidlanadi. Ammo tarixiy manbalarda nomi qayd etilgan “huquqsiz xon”larning aksariyatining hukmronlik davri to‘g‘risida hech qanday aniq ma’lumotlar aks etmagan. “Huquqsiz xon”larning hukmronlik yillari to‘g‘risidagi qaydlarni numizmatik ma’lumotlardan olish mumkin. Shunga ko‘ra, Donishmandchaxon 1346–1348-yillarda, Bayonqulixon 1348–1358-yillarda Chig‘atoy ulusining “huquqsiz xon”lari sifatida faoliyat yuritishgan.
Bayonqulixondan keyingi “huquqsiz xon” Temurshoh hukmronligi davri aks etgan aniq numizmatik ma’lumotlar hozirgacha topilmagan. Bu holat Movarounnahr hududiga sharqiy Chig‘atoy ulusidan Tug‘luq Temurxonning kirib kelishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Negaki, Bayonqulixon qatl etilgandan so‘ng, mamlakatda qabila boshliqlari va noiblar orasida amir Abdulloh hukmronligiga qarshi ochiq harakatlar amalga oshirila boshlanadi.
Amir Abdulloh yon-atrofdagi bek va amirlarni tinchlantirish maqsadida Chig‘atoy naslidan bo‘lgan “huquqsiz xon” Temurshohni ulusga xon qilib ko‘taradi. Ammo Movarounnahrda amirlar orasida siyosiy boshboshdoqliklar avj olgani sababli Temurshohning nomidan tanga pullar zarb qilinmaydi. Temurshohni xon qilib ko‘tarish ham mavjud vaziyatni yumshatmagach, amir Abdulloh hokimiyatni tashlab qochishga majbur bo‘ladi. Natijada, Movarounnahr hududida siyosiy tarqoqlik avj olib, o‘nlarcha bek va amirlar o‘zlarini hokimi mutloq sanay boshlashadi. Movarounnahrdagi siyosiy vaziyatni Sharqiy Chig‘atoy ulusidan – Mo‘g‘ulistondan kuzatib turgan Tug‘luq Temurxon fursatdan foydalanib, g‘arbiy Chig‘atoy ulusiga – Movarounnahrga qo‘shin tortadi.
Tug‘luq Temur va uning o‘g‘li Ilyosxo‘janing qisqa hukmronligidan keyin ham Movarounnahr hokimiyatiga yana “huquqsiz xon”lar “hukmronligi” qaytadi. Xususan, amir Abdullohdan keyin Movarounnahrda hokimiyatni qo‘lga olgan amir Qazag‘onning nabirasi amir Husayn Movarounnahrda unga muxolifatda bo‘lgan siyosiy kuchlarga qarshi g‘oyaviy asos sifatida keyingi “huquqsiz xonlar”ni taxtga ko‘taradi. Shunga ko‘ra, avval ulusning yigirma sakkizinchi xoni – Kobulshoh ibn Ruji ibn Iykjildoy ibn Duvaxon, keyinroq yigirma to‘qqizinchi xon – Odil sulton ibn Muhammad ibn Po‘lod o‘g‘li ibn Ko‘njakxon ibn Duvaxon birin-ketin hokimiyatga kelishadi.
Amir Temur ham “huquqsiz xon”larni siyosiy hokimiyatga ko‘tarib, ularning nomidan davlatni idora qilish an’anasini davom ettiradi. U 1370-yil aprelda amir Husayn ustidan g‘alaba qozongach, ulug‘ amir sifatida hokimiyatga kelishidan bir oy avval bo‘lajak hokimiyatini qonuniy asoslash maqsadida Chingizxon naslidan yana bir “huquqsiz xon” – Suyurg‘atmishxonni xonlikka ko‘taradi. U Sharafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma”si muqaddimasida o‘ttizinchi Chig‘atoy xoni sifatida zikr etilib, shajarasi O‘qtoy xonadoniga borib taqalishi aytiladi. Amir Temur hukmronligi davrida ikki Chingiziy xonzodani taxtga ko‘targan bo‘lsa-da, u doimo Chingizxon avlodlariga alohida ehtirom bilan munosabatda bo‘lgan. “Huquqsiz xon” boshqaruvi davrida chiqarilgan farmon va boshqa huquqiy hujjatlarda, ular nomidan bosilgan tanga-pullarda xonlarning nomi hurmat bilan yozilgan.
Suyurg‘atmishxon “hukmronligi” davrida Amir Temurning deyarli barcha harbiy yurishlarida ishtirok etgani va sohibqironga sidqidildan xizmat qilgani tarixiy manbalarda ko‘p marta ta’kidlanadi. Ulug‘ amir va xonning munosabatlari haqidagi ma’lumotlarga ko‘ra, Amir Temur harbiy yoki saroy qurultoylarida Suyurg‘atmishxonga doimo hurmat bilan munosabatda bo‘lgan. Suyurg‘atmishxon o‘n sakkiz yillik “hukmronligi”dan so‘ng, 1388-yilda kasallikdan vafot etadi. Amir Temur Suyurg‘atmishxonning vafotidan keyin o‘rniga uning o‘g‘li Sulton Mahmudni xonlikka ko‘taradi. Shuningdek, marhum xonga bo‘lgan hurmatidan uch yil mobaynida Suyurg‘atmishxon nomini xutbada qo‘shib o‘qitishni, nomini tanga-pullarda yozib zarb etishni davom ettiradi.
Sulton Mahmud navbatdagi “huquqsiz xon” edi. Amir Temur bu ikki xon nomidan ham tanga-pullar zarb qildirgan. Shuningdek, Amir Temur Sulton Mahmudni o‘z nabira qizlaridan biriga uylantirib, xonni o‘ziga kuyov qilib ham oladi. O‘z navbatida Suyurg‘atmishxonning qizini o‘g‘li Mironshohga nikohlab “huquqsiz xon”lar bilan munosabatlarni qarindoshlik aloqalari bilan mustahkamlaydi.
Sulton Mahmud ham “hukmronligi” davrida Amir Temurning o‘nlab harbiy yurishlarida faol ishtirok etadi. Jumladan, xonning 1402-yilgi Anqara janggidagi muvaffaqiyatli ishtiroki va Usmoniylar sultoni Boyazid Yildirimni asir olishi Amir Temur tomonidan yuksak e’tirofiga sazovor bo‘ladi. Ammo mazkur jangdan ko‘p o‘tmay Sulton Mahmud Samarqandga qaytmasdan kasallik tufayli vafot etadi. Amir Temur Sulton Mahmudga ham yuksak ehtirom ko‘rsatib, vafotidan keyin bir yil mobaynida nomini xutbalarda qo‘shib o‘qitishni davom ettiradi.
Amir Temur hayotligi davrida boshqa Chingiziy xonzodalarni “huquqsiz xon”likka ko‘tarmaydi. Ammo uning vafotidan keyin uzoq yillar mobaynida Temuriy hukmdorlar ham bu an’anani davom ettirishmaydi. Amir Temur boshlab bergan an’anani nabirasi Mirzo Ulug‘bek davom ettirib, qisqa bir muddatga Chingiziylar naslidan Sodiqxon ismli xonni “huquqsiz xon”likka ko‘taradi. Shuningdek, “huquqsiz xon”lar an’anasi Mirzo Ulug‘bekning o‘g‘li Abdullatif Mirzo tomonidan ham davom ettirilgan. Abdullatif Mirzo otasi Mirzo Ulug‘bek ustidan g‘alaba qozongach, uni qatl etish haqidagi farmonga qisqa muddatda boshqaruvga ko‘tarilgan “huquqsiz xon” orqali yechim topadi. Temuriy hukmdorlar orasida yana bir qancha shahzodalar turli maqsadlarini qonunlashtirish uchun qisqa muddatlarda “huquqsiz xon”larni taxtga chiqarishadi. Amir Temur va Temuriylar boshqa amirlardan farqli ravishda Chig‘atoy xonzodalarini emas, O‘qtoy xonadoni vakillarini xonlikka ko‘targanlar. Movarounnahr bilan aloqasi bo‘lmagan va ajdodlari hech qachon taxtga egalik qilmagan bunday tipdagi shahzodalar o‘z xo‘jayiniga xiyonat qilmaydigan va boshqa amirlarga suyana olmaydigan xon sifatida eng yaxshi nomzod bo‘lgani uchun Chig‘atoy shahzodalaridan boshqa Chingiziy shahzodalarni nominal boshqaruvga ko‘tarish siyosiy to‘lg‘ama edi, deb hisoblash mumkin. Shu tariqa “huquqsiz xon”larni taxtga ko‘tarish an’anasi Temuriy Abu Said Mirzo (1250–1269-y.y.) hokimiyati yakunlangunga qadar davom etgan.
“Huquqsiz xon”larni taxtga ko‘tarish an’anasi Temuriylar davlati inqirozga uchragach, tashkil topgan keyingi sulolalar davrida ham davom ettiriladi. Jumladan, Ashtarxoniylar sulolasining so‘nggi vakili Abulfayzxon (1711–1747-y.y.) o‘ldirilgandan keyin mang‘it amiri Muhammad Rahimbiy bir nechta “huquqsiz xon”larni taxtga ko‘tarib, amalda o‘zi davlatni idora qiladi. Bu an’ana Xorazm davlatida (Xiva xonligi) ham davom ettirilib, qo‘ng‘irot qabilasidan bo‘lgan Muhammad Amin inoq Arabshohiylardan bo‘lgan sulola vakillarini “huquqsiz xon”likka ko‘taradi va ular nomidan davlatni boshqaradi. Muhammad Amin inoqning nabirasi Eltuzar inoq 1804-yilda Abulg‘oziy V ismli so‘nggi “huquqsiz xon”ni haydab yuborib, o‘zini xon deb e’lon qiladi va shu tariqa Xorazm davlatida Chingiziylarning nominal boshqaruviga ham yakun yasaladi.
Xulosa qilib aytganda, Chig‘atoy ulusining parchalanishi bilan yuzaga kelgan “huquqsiz xon”lar tizimi dastlab amir Qazag‘on va avlodlari tomonidan boshlab berilgan bo‘lsa, keyinchalik Amir Temur va Temuriylar davlati tomonidan davom ettirilgan. Temuriylar davlati o‘rniga tashkil topgan Buxoro va Xorazm xonliklari boshqaruvida ham ma’lum yillarda “huquqsiz xon”lar tizimidan foydalanilgan. “Huquqsiz xonlar” XIV-XV asrlarda Markaziy Osiyo va Dashti Qipchoqda mo‘g‘ul siyosiy tizimining mutlaqo yangi bosqichiga o‘tishini ta’minlaydi. Markaziy Osiyo boshqaruvida Chingiziylar monopoliyasining yo‘qolishi milliy turkiy davlatlarning paydo bo‘lishiga zamin yaratdi. Shu ma’noda, amir Qazag‘on, Amir Temur, Muhammad Amin inoq, Muhammad Rahimbiy otaliq kabi shaxslar nafaqat “huquqsiz xonlar”ni hokimiyatga ko‘tarishdi, shuningdek, aksariyati keyinchalik Markaziy Osiyo xalqlari davlatchiligida muhim o‘rin tutuvchi davlatlarning asoschilariga ham aylanishdi.
Sevinch ULASHOVA,
Alfraganus universiteti dotsenti, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori
Adabiyot
Tarix
Adabiyot
San’at
Tarix
Tarix
Vatandosh
Jarayon
Tarix
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Din
Til
//
Izoh yo‘q