Xudoyorxon yozdirgan asarlar


Saqlash
13:46 / 26.12.2025 38 0

Qo‘qon xonligini boshqargan minglar sulolasi vakillari Umarxon (1810–1822) va Muhammad Alixon (1822–1842) singari Xudoyorxon (1845−1858, 1862-1863, 1865−1875) ham mamlakat madaniy hayoti rivojiga muhim hissa qo‘shdi. U ‒ Qo‘qon xonlari orasidagi eng ziddiyatli shaxs. Ammo har qanday hukmdor faoliyati nafaqat siyosiy jihatdan, balki uning madaniyat, san’at, ilm-fan va ma’naviyat ravnaqiga qo‘shgan hissasiga ko‘ra ham baholanmog‘i lozim.

 

Xudoyorxon o‘z saroyida ko‘plab shoir, olim, me’mor va san’atkorlarni to‘plagan. Ayniqsa, uning topshirig‘i bilan bunyod etilgan me’moriy obida, madrasa va kutubxonalar o‘z davrining muhim madaniy markazi bo‘lgan.

 

Xudoyorxon homiyligida yaratilgan adabiy asarlar ham diqqatga molik. Ana shunday asarlardan biri ‒ “Tazkirayi Sultoniy” (“Sultonlik tazkirasi”). Taniqli manbashunos Shodmon Vohidov bu asarga quyidagicha baho bergan: “Qo‘qon tarixchilik maktabida bunday asarning paydo bo‘lishi ko‘p jihatdan diqqatga sazovordir. Xudoyorxonning uchinchi xonligi davrida (1865‒1875-yillar) davlat nizomi va davlatdorlik ishlarini tartibga solish, xonlikning boshqaruv nazariyasiga ahamiyat berish, xon va amaldorlarning davlatni saqlash yo‘lidagi harakatlari boshlangan edi. Xonlik bu davrda tashqi va ichki sabablarga ko‘ra inqirozga duch keladi. Endi xonlikka yonma-yon bo‘lgan rusiya o‘zining mustahkam davlat tizimi, kuchi, ichki osoyishtaligi bilan namuna edi... Xon va saroy ahli ana shunday davlatdorlik, salohiyatli amaldorlar va vazir-u mirzolarga ega bo‘lishni istardilar. Xudoyorxon shunday amaldorlarni tarbiyalash uchun qo‘llanma zarurligini bilib, Manzurga bir asar yozishni buyuradi” (Vohidov Sh. Qo‘qon xonligida tarixnavislik. Genezisi, funksiyalari, namoyandalari, asarlari. Toshkent, “Akademnashr”, 2010).

 

Tazkirayi Sultoniy”ning muallifi Abdulvose’ Manzur haqida to‘liq ma’lumotlar aniqlanmagan bo‘lsa-da, u saroyga yaqin, ilm-ma’rifatli shaxslardan bo‘lgan, deb taxmin qilish mumkin.

 

Niyoz Muhammad qalamiga mansub “Ibrat ul-xavoqin” (“Xonlarning ibrati”) asari ham Xudoyorxon amri bilan yaratilgan. 1871–1872-yilda tojik tilida yozilgan asarda Qo‘qon xonligi tashkil topishidan XIX asrning 70-yillari boshlarigacha bo‘lgan davr voqealari bayon etiladi. Asarni Sh.Vohidov o‘zbek tiliga o‘girgan.

 

“Mahzun” taxallusi bilan ijod etgan Ziyovuddin Xo‘qandiyning “Shohnoma” asari ham xon topshirig‘i bilan bitilgan. Chor rusiyasining Qo‘qon xonligini bosib olishi va Xudoyorxonning davlatni tashlab chiqib ketishi oqibatida “Shohnoma” muallif qo‘lida qolib ketgan. Xudoyorxon amri bilan yaratilgan avvalgi ikki asar tojik tilida edi, bu esa o‘zbekcha yozilgani bilan ahamiyatli.

 

“Shohnoma”ning bir qismi 2007-yili qirg‘iz tiliga tarjima qilingan (qarang: Ziyabidin Magzuni. Fargana xandarinin tarixi. Bishkek, “Turar”, 2007).

 

Xudoyorxon nomi bilan bog‘liq navbatdagi asar ‒ “Majmuayi shoiron” (“Shoirlar majmuasi”). Aslida, ushbu tazkira Qo‘qon xoni Amir Umarxon hukmi bilan yozilgan. Ammo uning 1153 raqamli qo‘lyozma nusxasi oxirida asar hijriy 1273 (milodiy 1856-1857)-yilda ko‘chirilgani qayd etilib, xattot bu ishni Xoqon ibn al-xoqon hazrati Said Muhammad Bahodir Sulton farmoniga ko‘ra bajarganini ta’kidlaydi (Fazliy Namangoniy. Majmuayi shoiron. O‘zR FA Shi, qo‘lyozma, №1153/2). Xattot ko‘rsatib o‘tgan vaqtda Qo‘qonda Xudoyorxon hukmronlik qilganini inobatga olsak, mazkur nusxa uning amri bilan ko‘chirilgani ma’lum bo‘ladi.

 

Abdulg‘afforboyning “Zafarnomayi Xudoyorxon” asarini tadqiq etgan Sh.Vohidov uning mazmuniga asoslanib, muallif asarni yaratish bo‘yicha xondan topshiriq olgan degan fikrni ilgari suradi. Nomlanishiga ko‘ra, “Jangnomayi Xudoyorxon” (Mullo Shamsiddin Shavqiy), “Tarixi Xudoyorxon” (Ismatiy) kabi asarlar ham Xudoyorxon ko‘rsatmasi asosida yozilganini taxmin qilish mumkin.

 

Ravshanjon ABDULLAYEV,

tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori

 

“Tafakkur” jurnali, 2025-yil 4-son.

Xudoyorxon shafeligida bitilgan asarlar” maqolasi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

12:12 / 24.12.2025 0 2461
“Qahr” – Arzon sotilgan mavzu





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//