“O‘tkan kunlar”ning davomi – yozuvchi Xayriddin Sultonning “Yaldo kechasi” haqida mulohazalar


Saqlash
17:54 / 22.12.2025 1634 0

Kuni kecha atoqli yozuvchi Xayriddin Sultonning “Yaldo kechasi” kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Oyina.uz ziyolilarning ushbu kitob haqidagi fikrlari bilan qiziqdi.

 

Milliy ozodlik harakati namoyandalari hayotini aks ettirgan yangi asar

 

“Yaldo kechasi” romanini men ham dastlab qo‘lyozma holida, keyin esa kitob shaklida juda qiziqish bilan o‘qib chiqdim. To‘g‘risi, bu asarning maydonga kelish jarayonidan qisman bo‘lsa-da xabarim bor.

 

Alohida ta’kidlash kerakki, roman nihoyatda katta ijodiy mehnat-mashaqqat ortidan bunyod bo‘ldi. Muallif e’tirof etganidek,  tog‘dek ulkan material ustida “qariyb olti yil qilingan uzluksiz mehnat” samarasi bu. Aslida ijod ahli shuurida muayyan  mavzu, ichki dard, adabiy g‘oya, hayotiy manba  – bularning barchasi xayolida aylanadi. Ammo shu mazmunga mos original shakl topish, chinakam badiiy asarga aylanish jarayoni, albatta, bu oson kechmasa kerak. Birgina misol: kitob so‘zboshisining dastlab bir-biridan mutlaqo farq qiladigan uchta varianti yoziladi. Buni qarangki, oxir-oqibat asarda yangi, to‘rtinchi varianti chop etilganini eslash misol uchun yetarli, menimcha.

 

 

Roman salkam bir asrlik davrni qamrab olgan. Bir insonning barakali umriga g‘oyat murakkab zamonning ijtimoiy-siyosiy va ma’naviy muammolarini zehniyat ko‘zgusidan o‘tkazib joylashning o‘zi bo‘lmaydi. Buning uchun jiddiy badiiy talqin, chuqur mulohaza, xayolot-fantaziya, albatta, mehnat va mahorat, adabiy voqelik iplarini o‘zaro mustahkam bog‘lash, ora-orada o‘quvchi qiziqishini kuchaytiradigan sirli nuqtalar ham o‘ylab topilishi kerak. Muhtaram adibimiz – Xayriddin Sultonov ushbu yangi asarida ana shunday ulkan va mashaqqatli ijodiy vazifani to‘la-to‘kis ado etibdi.

 

Bugungi kitobxonga jadidlik fenomenini, jadidlar hayotini, XIX asr oxiri – XX asrning 20-yillaridagi murakkab, dolg‘ali kunlarni, abadiyat qarichi bilan o‘lchaganda, qisqa bir fursatda ikki xil mustabidona qiyofaga kirgan bosqinchilar zulm va nayranglarini, bir oilaning ikkiga bo‘linish sabablari va, umuman, inson zotining qismati qanchalar ziddiyatli ekanini anglatish uchun yangi roman  ma’naviy zamin bo‘lib xizmat qiladi, deb o‘ylayman.

 

“Yaldo kechasi” milliy ozodlik harakati namoyandalari hayotini aks ettirgan yangi obrazlar va ularning yangicha talqinlari bilan qadrli.  Tabiiyki, asardagi obrazlarning ayrimlari tarixiy, ba’zilari esa to‘qima-umumlashma qahramonlardir. Ular, avvalo, o‘zining hayotiyligi, haqqoniy va yorqinligi bilan o‘quvchilar qalbi va xotirasida o‘chmas iz qoldiradi. Bu fazilat chinakam san’at asarining eng muhim alomatidir.

 

Romanda odamning yuragini larzaga soladigan ko‘plab lavhalar bor. Ocharchilik balosi, qo‘shnining qozonini so‘rab olish va shu qozonda qolib ketgan chaqaloqning oyoq suyaklari. Oilasi boshiga tushgan mislsiz musibatni ko‘tara olmay to‘shakka mixlangan Zumradbibi. Yodgorbekning jadidona faoliyati va jasorati. Ma’suma Suyimaning otib o‘ldirilishi. Ozodbek va Odilbek o‘rtasidagi g‘oyaviy kurash va  haqiqiy janglar. Oxir-oqibatda shu aka-ukaning o‘z maslagi yo‘lida halok bo‘lishi. Darhaqiqat, o‘quvchi esida qoladigan bunday epizodlarni ko‘plab sanash mumkin.

 

 

Roman janrining bag‘ri keng. Unga juda ulkan zamon va makon sig‘ishi mumkin. Sig‘dirish esa katta mahorat va ustalikni talab etadi. “Yaldo kechasi”da badiiy to‘qima bilan tarixiy faktlarning ketma-ket kelishi ham, gohida yillarning nisbiyligi ham ajib bir adabiy uyg‘unlik kasb etganini kuzatish mumkin.

 

Umuman, “Yaldo kechasi” romani zamonaviy o‘zbek adabiyotida alohida, jiddiy bir voqea ekanini ta’kidlash lozim.

 

Men bundan o‘n yillar oldin yozgan maqolamda, qachondir vaqti kelib, ayni mavzuda, xususan, Abdulla Qodiriy siymosiga bag‘ishlangan cho‘ng bir roman yozilsa, ajab emas, degan umid, aniqrog‘i, ishonch bildirgan edim adibimizga. Ana shu orzuimiz ro‘yobga chiqqanidan behad quvondim.

 

Bahodir KARIM,

adabiyotshunos, filologiya fanlari doktori, professor

 

“Yaldo kechasi”ning badiiy-estetik qimmati

 

Adibning “Yaldo kechasi” tarixiy romanini berilib, ta’sirlanib o‘qidim. Ta’kidlash kerakki, ushbu roman milliy nasrimizdagi e’tiborga molik badiiy-estetik voqeadir. Asar, muallifning o‘zi e’tirof etganidek: “...yaratilganiga shu kunlarda yuz yil to‘layotgan “O‘tkan kunlar” romaniga nazira, aniqrog‘i, uning ikkinchi kitobi o‘laroq” ijod etilgan. Vatanimiz va xalqimiz hayotining eng murakkab va ziddiyatli Rusiya mustamlakasi zamoni voqealari milliy nasrimizda ko‘rilmagan uslubda – adabiy mistifikatsiya, o‘ziga xos bir badiiy intriga tarzida ifodalangan roman mutolaasi ko‘zimdan uyquni, qalbimdan halovatni oldi. Bir necha kun davomida roman qahramonlari bilan bir davr va bir muhitda yashadim, ular quvonsa – quvondim, anduh cheksa – qayg‘ulariga sherik bo‘ldim.

 

Avvalo, asarning nomlanishi haqida. “Yaldo kechasi” eng uzun va qorong‘i tun ma’nosini ifodalashi ayon. “O‘tkan kunlar” asarida, muallif ta’biri bilan aytganda:  “...tariximizning eng kirlik, qora kunlari” talqin etilgan bo‘lsa, uning davomi bo‘lgan “Yaldo kechasi” romanida millatning avval Chor Rusiyasi, keyin esa sho‘rolar istibdodi zamonlaridagi eng uzun va zulmatli tuni – ajdodlarimizning mustamlaka zulmi ostida kechgan og‘ir va iztirobli hayoti, hurriyat yo‘lidagi jasoratli kurashi va bu yo‘lda shahid ketishi bilan bog‘liq voqealar tasvirlangan. Roman nomi, shu jihatdan, teran ramziy-majoziy ma’noga ega.

 

 

“Yaldo kechasi”ga asos bo‘lgan “O‘tkan kunlar” romanida Rusiyaning Turkistonni bosib olishi jarayonlari tasvirlanmagan. Asar syujeti 1861-yilgacha bo‘lgan voqealarni o‘z ichiga olib, unda yurtning istibdod iskanjasiga tushishi arafasidagi tarixiy vaziyat qalamga olingan. Lekin roman xotimasidagi mana bu so‘zlar adib asarda yo‘lini topib, mustamlakaga qarshi kurash orzusini ifodalay olganidan darak beradi: “1277-nchi (milodiy 1861) yilning kuz kezlarida bo‘lsa kerak, Yusufbek hoji Qanoatshodan bir xat oldi. Qanoatsho Avliyootadan yozar edi: “O‘g‘lingiz Otabek yana bir kishi bilan bizning qo‘shunda edi. Olmaota ustidagi o‘rus bilan to‘qunishmamizda birinchi safimizni shu ikki yigit oldi va qahramonona urushib shahid bo‘ldi. Men o‘z qo‘lim bilan ikkisini dafn etdim”.

 

Yusufbek hoji xatmi Qur’on qilib yurtka osh berdi, O‘zbek oyim qora kiyib ta’ziya ochdi”.

 

Ana shu so‘zlarni o‘qiganda, Otabekning o‘rus bilan urushda shahid bo‘lishi haqidagi xabarning o‘ziyoq Abdulla Qodiriy roman tagmatniga Rusiya istibdodidan ozodlik g‘oyasini mahorat bilan singdirib yuborgani, millat uchun ozodlik hayot-mamot masalasi ekaniga alohida urg‘u bergani haqida o‘ylaganman. Asar so‘ngidagi “Yozg‘uchidan” sarlavhali izohdan Otabekning o‘g‘li Yodgorbek va undan qolgan ikki o‘g‘ilning ham istibdod qurboni bo‘lgani anglashiladi. Otabekning o‘zi chor Rossiyasi mustamlakasiga, keyingi ikki avlodi – o‘g‘li va nevarasining sho‘rolar istibdodiga qarshi kurashda qurbon bo‘lgani yozuvchining asl muddaosi milliy ozodlik tasviri ekanidan darak beradi. Ustoz Xayriddin Sultonning “Yaldo kechasi” romani Otabek hayotining so‘nggi davri, uning o‘g‘li Yodgorbek hamda nevaralari Ozodbek va Odilbeklar qismati o‘sha davr tarixiy voqeligi fonida keng epik planda tasvirlangani jihatidan “O‘tkan kunlar”ning mantiqiy davomidir.

 

Roman katta ko‘lamdagi arxiv hujjatlari, jadid matbuoti materiallari hamda ma’rifatparvar jadidlar asarlarining olimlarimiz tomonidan amalga oshirilgan nashrlarini sinchiklab mutolaa qilish, nainki o‘qib-o‘rganish, ijodkor qalbi va tafakkuri chig‘irig‘idan o‘tkazish natijasi o‘laroq yuzaga kelgan. Muallif, ta’bir joiz bo‘lsa, tog‘dek mas’uliyatni zimmasiga olgan. Tasavvur qilish qiyin bo‘lgan darajada zahmatli ishni amalga oshirgan. Asar mutolaasi yozuvchining ulug‘ Ogahiy ta’biri bilan aytganda, “no‘shi bir bo‘lsa, nishi ming, rohati bir bo‘lsa, tashvishi ming” ijod jarayonining nihoyasiz mashaqqatini tortganidan dalolat beradi. Aslida, chinakam ijod mahsuli, dard-u so‘z (iztirob va o‘rtanish) hosilasi sifatida yaratiladi. Shuning uchun ham haqiqiy ijodkor halovatni rohat-farog‘atdan emas, mehnat-u zahmatdan oladi. Ushbu murakkab mavzudagi asarning muvaffaqiyatli yakuni buning yorqin isbotidir.

 

Ustoz adib Xayriddin Sulton tarixiy haqiqatni yuksak mahorat bilan badiiy haqiqatga aylantiradi. Ona Turkistonning o‘tgan asr avvalidagi voqeligiga doir tarixiy fakt va ma’lumotlarga jon kiritadi. Jadidlar asarlaridagi o‘tli fikrlarni badiiy voqelikka san’atkorona singdirib yuboradi. Mumtoz shoirlarimiz baytlari, xalqona hikmatlar va iboralar matn mantig‘iga har jihatdan uyg‘un tanlangani barobarida asar tilining jozibali, roman syujetining qiziqarli bo‘lishiga xizmat qiladi. Bu orqali romanda tarixiy kolorit va epik tasvirning mukammal darajadagi mutanosibligi ta’minlanadi. Natijada asar qahramonlarining o‘y-kechinmalari-yu shaxsiy hayot tarzidan ijtimoiy-siyosiy voqealardagi ishtirokigacha, millat oydinlarining mustamlaka ma’muriyatini tamsil etgan personajlar bilan g‘oyaviy bahs jarayonlaridan milliy ozodlik yo‘lidagi amaliy kurashigacha bo‘lgan harakat dinamikasi tasviri hayotiy asoslarga quriladi. O‘quvchi asar syujetiga nainki ishonadi, adibning  mahorati bois voqealarda bevosita ishtirok etayotganini sezmay ham qoladi. Bu esa, o‘z navbatida, yozuvchining erik tasvir borasidagi cho‘ng mahoratidan va romanning hayotiy ehtiyoj hosilasi o‘laroq yaratilganidan dalolat beradi.

 

 Xulosa qilib aytganda, “Yaldo kechasi” tarixiy romani milliy adabiyotimizdagi ulkan ahamiyatga ega badiiy-estetik voqeadir. Asar har bir o‘zbek xonadoniga kirib borishi, uni millatning har bir farzandi mutolaa etishi zarur, deb bilaman. Chunki ushbu tarixiy roman mudroq tafakkurni uyg‘otadi, aqlni ma’rifat qayrog‘i bilan charxlaydi, ko‘ngilni milliy tuyg‘ular bilan charog‘on etadi. Millat yoshlarining adabiy idrokini o‘stiradi, badiiy didini tarbiyalaydi. Bu orqali milliy estetik tafakkurni yangi darajaga yuksaltiradi.

 

Nurboy JABBOROV,

adabiyotshunos, filologiya fanlari doktori, professor

 

Abdulla Qodiriy va uning safdoshlariga yuksak ehtirom ifodasi o‘laroq dunyoga kelgan roman

 

Kitobning ilk sahifasida qayd etilganidek, tarixiy hujjatlar asosida taniqli adib Xayriddin Sulton tomonidan yaratilgan ushbu badiiy to‘qima o‘zining shakl-u shamoyili va mazmun-mundarijasi bilan kitobxonlarni hayratga solishi shubhasiz.

 

Mashhur “O‘tkan kunlar” romanining go‘yoki davomi sifatida yozilgan bu roman avvalo buyuk Abdulla Qodiriy va uning safdoshlari shaxsiga yuksak ehtirom ifodasi o‘laroq dunyoga kelganini ta’kidlash lozim.

 

“Yaldo kechasi” romani “O‘tkan kunlar” kabi to‘laqonli, qayg‘uli, shu bilan birga, nekbin bir asar sifatida namoyon bo‘ladi.

 

Asarni o‘qigan kishi beixtiyor tarix bilan yuzlashadi. Bugungi kunimiz va bizni kutayotgan noma’lum, sirli kelajak haqida jiddiy o‘ylarga toladi. Bu g‘aroyib roman boshdan-oyoq millatparvarlik, Vatanga muhabbat, xalqqa sadoqat tuyg‘ulari bilan yo‘g‘rilgandir.

 

Biz asar qo‘lyozmasini Yozuvchilar uyushmasida bundan bir yil oldin o‘qib, har tomonlama muhokama qildik. Roman haqida muhtaram ustozlarimiz – Ibrohim Gʻafurov, Erkin A’zam, Tursunali Qo‘ziyev hamda Shuhrat Sirojiddinov, Bahodir Karim, Nurboy Jabbor, Shuhrat Rizayev, Jabbor Eshonqul, Murtazo Qarshiboyev, Olimjon Davlatov, Gʻayrat Majid, Xondamir Qodiriy, Ikrom Iskandar, Gʻafur Eshmurod, Gʻayrat Sheraliyev singari adib va olimlar o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar. Qadrli ustoz Ibrohim aka Gʻafurov esa romanning mas’ul muharriri sifatida juda katta va muhim ijodiy ishni amalga oshirdilar. O‘tgan vaqt davomida asar matni yanada takomillashtirildi va nihoyat, bugun – yaldo kechasida kitobxonlarga, xalqimizga taqdim etilmoqda.

 

 

Endi uni nafaqat o‘qish, balki keng targ‘ib etish – barchamizning burchimizdir.

 

Ushbu asarda milliy tariximiz va adabiyotimizning o‘nlab namoyandalari asarlaridan ijodiy tarzda, mahorat bilan foydalanilgan.

 

Shular qatorida “Bayroqni kim ko‘taradi?” bobida mening qalamimga mansub quyidagi to‘rtlik ham keltirilganki, buni o‘zim uchun sharaf deb bilaman:

 

Gʻunchai bo‘stonlari so‘lg‘an, dema,

Ko‘zlariga xor-u xas to‘lg‘an, dema.

Haq yo‘linda kimki o‘tdi – barhayot,

Hech qachon o‘lg‘an, dema, o‘lg‘an, dema.   

 

Ajdodlarimiz Vatan va millat dardini yonib kuylagan, odamzodni yaxshilik va adolatga, insoniylikka chorlaydigan kitoblarni non kabi yuz-ko‘zlariga surib, tavof qilib, ularni xonadon to‘rida saqlab kelishgan. Umid qilamizki, “Yaldo kechasi” romani ham uyimizning, qalbimizning to‘ridan joy oladigan ardoqli kitobga aylanadi.

 

Eng muhimi, bu roman Vatan fidoyilarining ruhlari shod bo‘layotgan shu kunlarda barchamizni milliy istiqlolimizni asrashga, yangi Uyg‘onish davrining faol ishtirokchisi bo‘lishga undaydi.

 

Sirojiddin SAYYID,

O‘zbekiston xalq shoiri,

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi

 

Yurt, xalq, millat uchun mudom bezovta qalbning ma’naviy jasorati deb baho berishga arziydi

 

Bu yil “O‘tkan kunlar” romanining dastlabki nashri chiqqaniga yuz yil to‘ladi. Mana shu yuz yilda “O‘tkan kunlar” romani tom ma’nodagi mumtoz asar sifatida millatimizning barcha qatlamlari ijtimoiy, madaniy, ma’naviy hayotiga singib ketdi. Shubha yo‘qki, bu romanni o‘qigan xar bir avlod o‘zi uchun, o‘z zamonasi uchun nimadir olgan. O‘z ma’naviy izlanishlari uchun, tafakkur extiyoji, ijtimoiy ko‘rimlari uchun, umumlashtirib aytganda, o‘zini izlamoq va topmoq uchun romandan ko‘p ibrat topgan. Nazarimda, hozirda romanning ahamiyati nimada deb so‘ralsa, hech ikkilanmasdan, “O‘tkan kunlar”ni bugungi kun uchun ham harakatdagi, amaliy harakatdagi asar sifatida baholagan bo‘lardim. Asar o‘tmish tarixning o‘lik bir shoxidligi emas, u muzeylarda saqlanadigan eksponat emas, u bugun ham ishlayotgan, bugungi avlodlarga ham harakat uchun qo‘r berayotgan romandir. Bu nimalarda ko‘rinadi? Bu avvalo muhabbat – Otabek va Kumush, kundoshlik fojiasi, ota-ona rizosi va yana boshqa-boshqa mavzularni bir tomonga qo‘ygan holda romanning siyosiy motivlari, siyosiy qamrovlari bilan bog‘liq jihatlarida yaqqol qo‘rinadi. Siyosiy jihatlardagi ko‘rinish, xususan, Yusufbek xojining mamlakatga tashqaridan Chor Rossiyasi bostirib kelayotganda ichki nizolarga berilgan xalqning vakillarini aql-u tamizga, hushyorlikka, ittifoqqa chaqirishi bilan bog‘liq qayg‘uli, nihoyatda og‘riqli, alamli so‘zlarida ifoda topadi. Tashqarida dushman darvozang ostida turganida, ola chopon, qora chopon deb qipchoqu o‘zbek bir-biriga tobut chopib, go‘r qazib tursa, yurt, el-ulus holi nima bo‘ladi, deya Yusufbek hoji davra ahlidan nafratlanib, ko‘zda yosh bilan o‘sha izdihomni tark etganini yodga olaylik. Bu Qodiriyning o‘z ohi, azob-u armonlari, albatta.

 

“Yaldo kechasi” romani “O‘tkan kunlar”ning xotimasi-epilogiga jo bo‘lgan bosh qahramon qismatiga oid qisqa tafsilotlar negizidagi mantiqiy badiiy xayolot tasvirlari bilan boshlanib, Otabekning zurriyodi Yodgorbek va Yodgorbek farzandlari bo‘lgan Odilbek ham Ozodbekning taqdir yoziqlariga doir epik ko‘lamdagi badiiy to‘qima tasvirlari aks etgan, o‘zbek adabiyoti uchun mutloq yangi, tamomila o‘ziga hos asardir. O‘z davrida va keyin ham “O‘tkan kunlar”ni uqib, anglab, his etib o‘qigan o‘quvchilarning xayolida so‘roq uyg‘otib, jumboqsifat bir taassurot paydo qilgan jajji “xotima”ning katta qamrovli roman darajasidagi badiiy tafsilotlari tavsifi deya ta’riflasak ham yanglishmasak kerak. Aynan, hech qanday munosabatsiz, badiiy faktning o‘zinigina qayd etgan adib Abdulla Qodiriy ikki og‘iz jumla – Yodgorbekdan tug‘ilgan ikki o‘g‘ilning XX asrning o‘ninchi yillarida voyaga yetib, roman yozilgan yillarda, ya’ni oktyabr inqilobi bo‘lib, Sho‘rolar saltanati o‘rnatilgan “shu zamonlarda” biri bolsheviklar safiga kirib, ikkinchisi esa bosmachilar qurboshilaridan bo‘lib ketgani haqidagi axborot tariqasidagi ma’lumot bilan faol kitbxonni o‘z tafakkuri хayolotiga mahkum etgan edi.

 

 

“Yaldo kechasi” muallifi ana o‘shanday faol kitobxonlar sirasida tafakkur хayolotiga maftun bo‘lib, o‘sha davrlarning bori ijtimoiy manzarasini Yodgorbek va uning o‘g‘illari kechmishlarida ko‘rsatib berishga jaxd etgan. Va tabiiyki, o‘zining ilmiy-tarixiy, ilmiy-siyosiy, ilmiy-adabiy va yana qancha ilmiy bilim, tajribalari negizida qariyb besh yuz sahifalik romanni qoralagan. Nazdimda shuning o‘ziyoq yurt, xalq, millat uchun mudom bezovta qalbning jasorati, ma’naviy jasorati deb baho berishiga arzirlik hodisa.

 

Biz bugun jadidchilik g‘oyalarini Yangi O‘zbekistonning yangi Uyg‘onish orzularining ma’naviy poydevori sifatida belgilagan ekanmiz, bu hodisani uch-to‘rtta ma’rifiy tusdagi harakatlar va besh-olti nom atrofidagina ko‘rib, mahdud tasavvurlar tashviqi bilan andarmon yuribmiz. Vaholangki, pirovard bosh maqsadi Mustaqillik bo‘lgan bu umumturkiy, umummilliy harakatning ko‘pchilik o‘rganib, anglab yetmagan puchmoqlari juda ko‘p. “Yaldo kechasi” ana shu murakkab to‘qimali, qizg‘in kechgan tarixiy jarayonni tafakkur va qalb ko‘zi bilan yuksak fasohat ila qamrab ololgani uchun ham qadrli va qimmatlidir.

 

Shuhrat RIZAYEV,

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiyysi, professor

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Vatandosh

17:02 / 05.02.2026 0 81
Xazinaga yo‘liqqan o‘n oltinchi farzand

Mafkura

16:02 / 05.02.2026 0 450
Hukmronlikning yangi shakli

Tarix

16:02 / 05.02.2026 0 217
Saroymulkxonimning ajdodlari kim bo‘lgan?





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//