Koshgʻariyning “retseptsiz” dorilari: Oʻn asr avvalgi malham va xastaliklar


Saqlash
16:05 / 23.12.2025 55 0

Mahmud Koshgʻariyning “Devonu lugʻotit turk” asari turkiy tilning lugʻaviy boyliginigina emas, balki xalq hayotining barcha qirralarini – kundalik turmush tarzi, maʼnaviy dunyosi, urf-odatlari hamda oʻsha davrga xos tibbiy bilim va tasavvurlarni ham oʻzida jam etgan betakror ensiklopedik manbadir.

 

“Devon”da qayd etilgan dorivor oʻsimliklar, shifobaxsh vositalar hamda ulardan foydalanish usullari haqidagi maʼlumotlar oʻsha davr tabobat ilmi darajasini anglash, xalqning koʻp asrlik tajribasini ilmiy jihatdan oʻrganishda muhim manba vazifasini oʻtaydi.

 

Xabaringiz bor, Toshkent shahri va tajriba-sinov loyihasi amalga oshirilayotgan 15 ta tuman (shahar)da “Elektron retsept” tizimi bosqichma-bosqich joriy etilmoqda. Sogʻliqni saqlash vazirligi tasdiqlagan roʻyxat asosida tegishli dori vositalari retsept bilan berilmoqda.

 

Bundan oʻn asr muqaddam turkiy xalqlar hayotida muomalada boʻlgan dorivor vositalar, turli xastaliklarni bartaraf etishdagi tibbiy usullar bugungi oʻquvchida ham qiziqish uygʻotishi tabiiy. Ayniqsa, zamonaviy dorixonalarimiz ajnabiy nomdagi dori-darmonlarga toʻlib-toshgan bir paytda, asrlar qaʼridagi turkiycha “oʻt” va “im”lar, ularning shifobaxsh xususiyatlari nafaqat tarixiy, balki maʼnaviy bilimlarimizni ham mustahkamlashi shubhasiz.

 

Oʻsha davr tabobati mahalliy dorivor oʻsimliklar bilan cheklanib qolmasdan, turli xorijiy oʻlkalardan keltirilgan dori vositalari, ularni qoʻllashga oid amaliy tajriba va tibbiy bilimlarni ham oʻz ichiga olgan. Bu holat oʻrta asrlar turkiy tibbiyotining boy, tizimli va ochiq ilmiy anʼanalarga ega boʻlganini yaqqol koʻrsatadi. Shu bilan birga, “Devon”da uchraydigan tibbiy atamalar va ularga berilgan izohlar nafaqat davolash amaliyotini, balki oʻsha davr xalqlarining tabiat, inson tanasi va kasallikka oid oʻziga xos dunyoqarashini ham ifoda etadi. Quyida esa ayrim soʻzlarning maʼno qatlamlari hamda ularning oʻsha davr tabobati bilan bogʻliq jihatlariga nazar tashlanadi.

 

“Devon”da ot (oʻt) soʻzi dori, davo maʼnosida keladi. “Ot ichtim” dori isteʼmol qilishni bildirsa, shu negizda yasalgan “otachi” soʻzi tabibga nisbatan qoʻllanilib, tibbiy bilimning amaliy tajribaga suyanganini tasdiqlaydi.

 

“Em” soʻzi ham qadim turkiy tilimizda davo va shifo tushunchasining markazida turadi. Bu soʻz nafaqat dorini, balki davolash jarayonining oʻziga xos mohiyatini ifodalagan. “Emchi” atamasi orqali oʻsha zamon tabobatida maʼlum tibbiy bilimga ega boʻlgan mutaxassis tushunilgan. Hozirgi tilimizdagi “emlash” ham shu asosdan hosil boʻlgan.

 

Koʻrinadiki, til qurilishidagi harakatni yuzaga keltiradigan -la, -chi feʼl yasovchi qoʻshimchasi ham ancha qadimiydir.

 

Atamalardan yana biri biblidir. Bu soʻz qadim turkiy tibbiyotda murchning uzun navini, yaʼni dorivor oʻsimlik, taʼm qoʻshuvchi vositani anglatgan. Bu dori nafaqat taʼmi, balki shifobaxsh xususiyati tufayli xalq orasida keng isteʼmolda boʻlgan.

 

“Ang” soʻzi qadim turkiy tibbiy manbalarda davo vositasi sifatida koʻrsatiluvchi qush yogʻidir. U shifobaxsh xususiyatga ega boʻlib, mushak ogʻriqlarini yengillashtirishda qoʻllanilgan. U kaftga surtilib, teriga singdirilgan.

 

“Devon”da uchraydigan ayrim dori nomlari xalqning irim-sirim va eʼtiqodiy qarashlari bilan ham uygʻun holda qoʻllanilgani kuzatiladi. Jumladan, “egit” yaralarni davolash bilan bir qatorda, koʻz tegishi va turli salbiy taʼsirlardan saqlanish vositasi sifatida ham ishlatilgan. Uning tarkibiga zaʼfaron va boshqa tabiiy moddalar kiritilib, ularning oʻzaro birikmasi orqali dori shifobaxsh xususiyat kasb etgan. Mazkur vosita bolalar va kattalar yuziga surtib qoʻyilgan.

 

Yana bir oʻsimlik turi “egir” (iyir) deb nomlanib, qorin ogʻrigʻini davolash uchun qoʻllangan. “Egir boʻlsa, er olmas” iborasining maʼnosi: qorin ogʻrigʻiga duchor boʻlgan odam uni isteʼmol qilsa, hayotiy zarardan saqlanadi.

 

Ipruk bugungi kunimizda ham faol tabiiy vosita sifatida qoʻllanilib, qatiq bilan sutning aralashmasidan qurtoba shaklida tayyorlanadi. “Ipruk” qadim turkiy tabobatda ich qotishi va hazm buzilishlarida qoʻllanilgan tabiiy dori sifatida maʼlum.

 

Surgi dorilardan yana biri “Oʻtrum” va “Churni”dir. Ular zahr, yara va shishlarning oldini olish va ogʻriqni yengillashtirishda ishlatilgan. Churnining turk tabiblari tomonidan tayyorlanishi bu davrda mahalliy mutaxassislik va retseptura amaliyoti rivojlanganligini koʻrsatadi.

 

“Kekush” atamasi shishga surtiladigan malham sifatida qayd etilgan. “Irvi” va “Uragʻun” esa kasalliklarni davolashda qoʻllanilgan hindcha dorilar nomi sifatida tilga olinadi. “Xasni” bolalarni semirtirish maqsadida yaratilgan dori boʻlib, Hindistondan keltirilgani manbalarda koʻrsatiladi. Bu kabi vositalarning qoʻllanilishi qadim tabobatda bolalarning ozuqaviy holatini yaxshilash va sogʻlom oʻsishini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilganidan dalolat beradi. Shuningdek, hind dorilarining kirib kelishi savdo yoʻllari orqali shakllangan xalqaro tibbiy tajribaning mavjudligidan dalolatdir.

 

“Uditgʻan” koʻp uxlatib qoʻyadigan doridir. Uning uxlatuvchi taʼsiri asabni tinchlantirish bilan bogʻliq tibbiy amaliyotlarda qoʻllanganligini koʻrsatadi.

 

Tavgʻach yudasi – bargi savsan gulining barglariga oʻxshash bir daraxt. Uni dori sifatida ishlatadilar. Undan yara va shishlarni yengillashtirishda foydalanilgan. “Toʻpulgʻaq” esa tabobatda qorin va ichak kasalliklarida ishlatilib, bu oʻsimlikning tabiiy tarkibi va taʼsiri orqali davolash amaliyotida faol qoʻllanilganini koʻrsatadi.

 

“Yaqigʻ” qadim tabiblar tomonidan mahalliy taʼsir koʻrsatuvchi vosita sifatida qoʻllangan. Ushbu dori yara va shishlarning tez shifo topishi, ogʻriqning yumshatilishi va infeksiyaning oldini olishda ishlatilgan.

 

Hindistondan keltirilgan dorilardan yana biri Buga deb nomlangan. Turli rang va turdagi vositalar uning samaradorligi va qoʻllanish maqsadlariga koʻra ajratilib ishlatilgan. Sariq va qoʻngʻir rangi bilan farqlanishi, ehtimol, dorining moddiy tarkibi va taʼsir kuchiga bogʻliq boʻlgan. Bu davolash usulida moddaning xususiyati va natijasi muhim hisoblanganini koʻrsatadi.

 

“Bezinch” qadim turkiy tibbiyotda mahalliy oʻsimliklardan tayyorlangan malham sifatida qoʻllanilgan. Bu vositadan yara va terini yumshatishda, shish va ogʻriqlarni yengillashtirishda foydalanilgan.

 

Oʻzbekning asriy hamrohi boʻlgan isiriq “Devon”da “isriq” shaklida kelib, bolalarning boshiga toshadigan yaralarni davolashda foydalanilgan. Bu vosita nafaqat moddiy, balki ruhiy taʼsir orqali ham shifo berishga qaratilgan. Masalan, koʻz tegishidan himoya qilish uchun bolaning yuziga tutunini isriq-isriq (“Ey jin, es-hushini yoʻqot”) deb tutilgan.

 

Anduz (yoki angduz) – yerdan qazib olinadigan oʻsimlik ildizi boʻlib, mahalliy aholi uni “rosan” deb atagan. U otlarning qorin ogʻrigʻi kasalida davo vositasi sifatida qoʻllangan. “Anduz bolsa, at olmas” iborasi rosan oʻti ot bilan birga yoʻlda boʻlsa, ot qorin ogʻrigʻidan azob chekmasligini anglatadi.

 

Koʻp asrlar avval ham yurak ogʻrigʻiga malham boʻluvchi oʻsimliklar boʻlgan. “Egirsadi” ana shunday malhamlardan biri. U qadim turkiy tibbiyotda yurak va qon aylanishi bilan bogʻliq kasalliklarni davolashda qoʻllanilgan.

 

“Devon”dagi yana bir maʼlumot kishini hayratda qoldiradi. “Sigʻun oti” ildizi odam shaklida oʻsadigan oʻsimlik. U erkak va ayollarda jinsiy salomatlikni taʼminlashda muhim oʻrin tutgan.

 

Yana bir shifobaxsh dori nomi “Chaxshu” deb atalib, u koʻz ogʻrigʻi va koʻz bilan bogʻliq muammolarni davolashda samarali vosita hisoblangan.

 

“Avilqu” qadim turkiy tibbiyotda hamda kundalik hayotda universal vosita sifatida qoʻllanilgan. Mevasi va poʻstlogʻi nafaqat davo maqsadida, balki rang berishda ham ishlatilgani uning tabobat va amaliyotdagi koʻp qirraliligini namoyon etadi.

 

“Devon”da oʻzini doim salomat asrash, oʻz-oʻziga yordam koʻrsatish “qartandi” atamasi bilan ifodalangan. “Er qartin qartandi” iborasi orqali inson oʻzini himoya qilish va oʻz salomatligini nazorat qilish zarurligi taʼkidlanadi.

 

Ahamiyatlisi shundaki, “Devon”da mahalliy turkiy xalqlar orasida qoʻllanilgan qadimiy kasalliklar nomi ham keltirib oʻtiladi. Masalan, “Oʻtug” oshqozon va ichak bilan bogʻliq ogʻir holatlarni anglatgan. Bu kasallik asosan hazm buzilishi va organizmdan zararli moddalar chiqishi (qusish) bilan namoyon boʻlgan. “Anar oʻtugʻ tutdi” iborasining maʼnosi “uni ich ketish va qusish tutdi” deganidir.

 

Qorinda sariq suv yigʻilishi, organizmdagi suyak va yogʻlar muvozanatining buzilishi “Atgʻaq” kasalligi deb atalgan. Sariq rangdagi bir turli oʻsimlikka ham atgʻaq deyilsa, qaygʻudan rangi sargʻayganlik ham shu soʻz bilan ifodalangan.

 

Kindikning ichki tomoni toʻgʻrisida paydo boʻluvchi kulanjga oʻxshash kasallik “Inagu” deyilgan.

 

“Anumi” esa xalq orasida shu nom bilan qoʻllaniluvchi moxov kasalligining nomi. Uning asoratlari aniqlanishi bilan muayyan muolaja va choralar koʻrilgan.

 

Hayvonlarda uchraydigan kasalliklar ham xalq tibbiy amaliyotida alohida ahamiyatga ega boʻlgani “Devon”da qayd etilgan. Masalan, “Etilgan” otlardagi bez kasalligi sifatida taʼriflanib, kasallik davomida bez oʻzi yorilishi va soʻngra tuzalishi koʻrsatilgan. Bu maʼlumotlar mahalliy amaliyotda hayvonlarni davolashda tabiiy vositalar va anʼanaviy tajribadan foydalanilganini koʻrsatadi. “Childak” esa otning koʻkragiga chiqadigan yaraning bir turi sifatida keltiriladi.

 

“Yaqriqan” mevali oʻsimlik turlaridan birining nomi. Uning poʻsti shamollab yorilgan lablarga surtilganda shifo boʻladi.

 

Bugungi hayotimizda uchraydigan tutqanoq kasalligi qadim turkiy devonda “Tutugʻ”, yaʼni jindan kelib chiqqan kasallik sifatida qayd etilgan. U ruhiy va irsiy kasalliklar qatoriga kiritilgan. Masalan, “Anin tutugʻi bar” deganda xalq u kishining jin kasali (yaʼni tutqanogʻi) mavjudligini nazarda tutgan. Bu tushuncha kasallikning jindan deb baholanishi orqali qadimiy irim-sirimlar va ruhiy dunyoqarashning ahamiyatini ham aks ettiradi.

 

“Talgʻan ig” atamasi ham “tutugʻ” bilan uzviy bogʻliq boʻlib, kasallik xususiyati va taʼsirini aniqlashda ishlatiladi. Ushbu iboralar orqali kasallikning turi va uni davolashda qoʻllaniladigan chora-tadbirlar tizimi namoyon boʻladi.

 

Bugungi tibbiyotimizdagi chechak kasali devonda Chekak (chigilcha) nomi bilan atalgan. Bu kasallik oʻsha davr hayotida ham epidemik kasallik sifatida qayd etilgan. Bu kasallikning ogʻir asoratlari va tarqalish xususiyati xalq davolash amaliyotida maxsus choralarni talab qilgan.

 

Devonda “Kezik” soʻzi umumiy kasallik tushunchasini, “sarigʻ kezik” esa sariq kasalni anglatgan boʻlsa, soʻgal ham o‘gʻuzchada bemorni ifodalagan. Soʻgal devonda “Sigil” nomi bilan kelsa, “Tupulg‘aq” ichak va qorin bilan bogʻliq kasalliklar qatorida qayd etilgan.

 

Tahlillarda koʻrinadiki, koʻpgina xastaliklar nomi va ularning paydo boʻlish shakli oʻsha davr xalq eʼtiqodi va ruhiyatiga ham bevosita bogʻliq boʻlgan. Masalan, “buquq” (buqoq)ni olaylik. Devonda unga tomoqning ikki tarafi, teri bilan goʻsht orasida paydo boʻladigan et bezi, deya taʼrif berilgan. Yana aytiladiki, Fargʻona bilan Siqni shaharlarida bir qancha kishi bu dardga yoʻliqqan, bu dard nasldan naslga ham oʻtgan. Baʼzilarining buqogʻi kattaligidan koʻkragini koʻrolmas darajaga yetgan. Koshgʻariy yozadi: “Men ulardan bu kasalning sirini soʻraganimda, shunday javob bergan edilar: “Bobolarimiz gʻoyat baland tovushli kofirlar boʻlgan ekan. Ular sahobalar bilan jang qilishibdi. Otalarimiz ularga katta kuch bilan bostirib boribdilar, baland ovozda baqirib-chaqiribdilar. Musulmonlar ularning haybatli ovozidan hayajonga tushibdi. Bu voqea hazrati Umarning qulogʻiga ham yetib boribdi. Hazrati Umar ularni qargʻabdi. Natijada ularning boʻgʻizlarida shu dard paydo boʻlgan va bu dard ularga meros boʻlib qolgan ekan. Hozir ular orasida biror baland ovozli kishi topilmaydi”.

 

Xastaliklardan yana biri – “bezitti” boʻlib, “titratdi”, “qaltiratdi” maʼnosida keladi. “Tumlugʻ ani bezitti” iborasining maʼnosi “sovuq uni qaltiratdi”, demakdir. Bu kasallikning “bezgak” shakli ham bor. U “bezitür, bezitmak” feʼllaridan kelib chiqib, bezgakning kasallik xususiyatlarini aks ettiradi.

 

Tahlillar shuni koʻrsatadiki, “Devon”da keltirilgan dorivor oʻsimliklar va kasalliklar nomlari xalq tibbiyotining boyligi va turkiy xalqning davolanishdagi tajribasini ochib beradi. Har bir dorining qoʻllanishi va kasalliklarga mosligi qadimiy tabobatning tizimli yondashuvga ega boʻlganini koʻrsatadi. Shu bilan birga, bu maʼlumotlar xalqning tabiiy malhamlar, mahalliy va xorijiy dorilardan foydalanish malakasini aks ettirishi bilan ham qimmatlidir.

 

Bobur ELMURODOV,

filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//