Adabiyot va jamiyat dialektikasini tadqiq etishda metodologiya muhim o‘rin tutadi. Mamlakatimizda siyosiy tizim o‘zgarishi bilan ilmiy-metodologik masala ham kun tartibiga chiqdi.
Xorijda metodologiyaga tayanmagan tadqiqot chinakam ilmiy ish hisoblanmaydi. Xalqaro ilmiy tadqiqot etikasi bo‘yicha adabiyotlar tahlili, metodologiya, ilmiy masalaning qo‘yilishi, tahlil va muhokama shakllari kabilar asosiy shartlar sirasiga kiradi. Zamonaviy ilm-fan talabiga muvofiq metodlar tadqiqotni ixchamlashtirish, modellashtirishga xizmat qiladi.
O‘zbek adabiyotshunosligi ham rus fani orqali yevropa metodologiyasidan xabardor bo‘lgan esada, o‘zbek sovet adabiyoti, adabiyot tarixi sho‘ro mafkurasi nuqtayi nazaridan sotsialistik realizm asosida o‘rganilgan. Bu esa, tabiiyki, tarixiy tahlilda mahdudlikka olib kelgan.
Adabiy-badiiy ong – ijtimoiy ong shakllaridan biri. Zotan, jamiyat voqeligi adabiyotda aks etadi. Dunyo adabiyotshunosligida ijtimoiy idrok (ong) turi ekani adabiyotni sotsiologik yondashuv orqali tadqiq etishga asos beradi degan qarash mavjud. Bu metod yagona yoki umumiy bo‘lmay, adabiyotshunoslikning boshqa metodlari bilan birgalikda mazmun kasb etadi.
Mustaqillik davrida sho‘rocha ilmiy-materialistik metodologiyadan voz kechilib, adabiy hodisalar kengroq ko‘lamda tadqiq etiladigan bo‘ldi. Bu vaqtda adabiy tadqiqot ustida ishlashning aniq va yaxlit ilmiy-nazariy asoslari shakllanmadi. Sho‘ro adabiyotshunosligining ayrim sinfiy-sotsialistik prinsiplaridan voz kechilmagan holda, adabiyot tarixi subyektiv qarashlardan kelib chiqib hamda mavjud amaliy metodlardan (qiyosiy-tipologik, statistik, umumlashtirish, tasnif, tahlil kabi) foydalangan holda yoritildi.
Adabiyotshunoslik atamasi ruscha “литературоведение” so‘zini kalkalashdan paydo bo‘lgan. Gʻarbda esa bu fan “literary critique” (adabiy tanqid) deb ataladi. U turli metodlardan (struktural, formal tanqid, feministik tanqid, postkolonial tanqid, axloqiy tanqid, marksistik tanqid, psixoanalitik tanqid, tarixiy, sotsiologik) foydalanadi. Mazkur metodlar faqat filologik yondashuvdan iborat bo‘lmay, barcha ijtimoiy-gumanitar soha uslublarini qamrab oladi.
Gʻarb adabiyotshunosligida voqelikka, subyekt, shaxs va jamiyatga nisbatan sotsiologik yondashuv ustun. Bu metod kirib bormagan soha qolmadi. Gʻarb adabiyotshunosligida sotsial metodning paydo bo‘lishi sotsialistik g‘oyalar keng tarqalgan XIX asrga borib taqaladi. Metod quyidagi faktorlarga ega: tarixiylik (umumiylik), shaxslar va jarayonlarga e’tibor qaratish, adabiyotni xalq madaniyati qonuniyatlarining ifodachisi sifatida tadqiq etish, badiiy ijodni sotsiologiya, iqtisodiyot va boshqa fanlarning qonuniyatlari yordamida tushuntirish, adabiyotning siyosiy vaziyat va ijtimoiy hayotga ta’sirini o‘rganish. Sotsiologik yondashuv davr hodisalarining adabiyot bilan bog‘liqligiga alohida urg‘u beradi. U so‘z san’atini tarixiy va ijtimoiy o‘zgarishlar prizmasidan o‘tkazib tekshirishda faol qo‘llanayotir. Biz ham, deylik, Navoiy asarlaridagi odil podshoh, adolat g‘oyalari yoki jadidlarning asarlarida ilgari surilgan ijtimoiy-g‘oyaviy islohotlar haqida gapirar ekanmiz, sotsiologik yondashuvga suyanamiz.
Sotsial metod sho‘ro davrida mafkuraviy tor maqsadda qo‘llangani bois dogmaga aylandi. Hatto Tolstoy va Dostoyevskiy asarlarining yakkash sinfiy kurash nuqtayi nazardan o‘rganilishi vulgar sotsiologizmni keltirib chiqardi. Keyinchalik sho‘ro adabiyoti shu metod asosida yozilgan asarlarga to‘lib ketdi. Asardan nuqul sinfiylik, g‘oyaviylik, mafkuraviy xato izlangani senzurani kuchaytirib, badiiy asardagi tabiiylik, jonlilikni yo‘qqa chiqarardi. Shu bois biz hamon mazkur metoddan cho‘chiymiz. Mafkuraviy qullik iskanjasiga tushib qolish xavfi bizni xavotirga soladi. Aslida adabiy metodologiyada aynan sotsial yondashuv muhim hisoblanadi. Jamiyat ko‘zgusi deganda ham adabiyotning ijtimoiy va shaxs muammolarini ko‘tarib chiqishi ko‘zda tutilgan.
Dunyo adabiyotshunosligida sotsial metod samarali, erkin uslub hisoblanadi. Bu – matnning qaysi jihatlariga e’tibor qaratilishiga bog‘liq. Muayyan tadqiqotchi asarni jamiyat voqeliklari bilan bog‘lab o‘rgansa, boshqa biri sevgi motivini shaxsning ichki xususiyatiga uyg‘un tarzda tekshirishi mumkin.
Zamonaviy ilm-fanda tadqiqotchining metodologiyadan instrument sifatida foydalanib matnning kontekstual mazmunini chuqur va haqqoniy yoritishi va hatto yangi metodologik kategoriyalar yaratishi mumkinligi dastaklanadi. Demak, tadqiqotchining matnni talqin etishdagi roli yanada oshgan. Dialogli muloqot konsepsiyasini ishlab chiqqan Mixail Baxtin asarlaridagi madaniyat va til sotsiologiyasining rivojlanishi haqida ham shunday deyish mumkin. Olim o‘rtaga tashlagan dialog konsepsiyasini sotsiologik tafakkursiz tushunib bo‘lmaydi.
Shunday qilib, sotsial yondashuv – keng tushuncha. Shaxsning (biror guruhning) muayyan muallif yoki asarni qanday qabul qilishidan tortib (assotsiatsiya), jamiyatdagi voqea-hodisalarning adabiyotda qay darajada aks etishi, jamiyat va adabiyotning o‘zaro ta’siri kabilargacha qamrab oladi. Bizning ilmiy muhitda sotsial metod deganda qizil bayroq ko‘targan mafkurachilar ko‘z oldimizga keladi. Gʻarbda, qolaversa, rossiyada ham bu metodning vulgar-sotsiologik jihatlari tanqid qilinib, u qayta nomlanib (rossiyada – sotsiologik; Gʻarbda – marksistik, ba’zan sotsialistik), asosiy aspektlari ko‘rsatib o‘tilgan. Ya’ni, bu metod butkul inkor etilmagan, balki uning mafkuraviy jihatlari tanqid qilingan.
Gʻarb adabiy tanqidchiligidagi metodlardan yana biri tarixiy tanqiddir. U adabiy matn yozilayotgan vaqtda sodir bo‘layotgan tarixiy-ijtimoiy va madaniy voqealarga kengroq qarashni nazarda tutadi. Muallif yashagan dunyoni (ijtimoiy voqealar, mafkura, madaniyat, turmush tarzi...) o‘rganish asarni to‘liqroq tushunishga yo‘l ochadi deb hisoblanadi. Adabiyot vakuumda paydo bo‘lmaydi, u tarixiy jarayonlar va ijtimoiy-madaniy munosabatlarning ajralmas qismidir. Tarixiy tanqid jadid ideallarini ko‘rsatishda yuqori samara beradi. Aynan shu metod adabiyotning tarixiy kontekstda jamiyat, madaniyat va davr ideallarining ko‘zgusi ekanini ko‘rsatishga qodir. Bizda tarixiy tanqid qisman istifoda etilayotgan bo‘lsa-da, bu metodning barcha vositalarini ishlab chiqib, ulardan tizimli foydalanish vaqti kelgan, deb hisoblaymiz.
Retseptiv metod ham bizda qisman qo‘llanayotir. O‘tmish va hozirgi har bir asar bugungi kitobxon uchun bitilgan; kitobxonning assotsiativ qabullashi g‘oyat muhim; badiiy asarning bugungi kun uchun foydasi ham ahamiyatga molik... – retseptiv metod ana shularni tadqiq etadi. Asarni qabul qilish o‘quvchi shaxsiyati, qiziqishi, dunyoqarashi, hayotiy tajribasiga bog‘liq. Matnni individual qabul qilish haqidagi mushohadalar XX asrda, ayniqsa, fenomenal falsafa va germenevtika rivojlanishi bilan tahlilning asosi sifatida faollashdi. Olmon faylasufi Hans-Georg Gadamer “Haqiqat va metod” (1960) kitobida aytishicha, matnni tushunish o‘quvchining tarixni bilishiga, uning mushohadalariga (bilim, tajribalariga) bog‘liq. Aynan o‘quvchigina turlicha talqin orqali matnning mohiyatini yuzaga chiqarishga qodir. Yevropada zamonaviy adabiyot va ta’lim o‘quvchi shaxsini markazga qo‘yadigan subyektiv madaniy-kontekstual yondashuvga ko‘ra yo‘nalish oldi.
Qizig‘i shundaki, bizda bu metodlardan ta’kidlamagan holda foydalanib kelinadi. Deylik, sobiq Ittifoq davridagi mafkuraviy sotsialistik realizmni tanqid qilib, ayrim voqeliklarga qaytadan baho berdikmi, demak, dunyo adabiyotshunosligida keng qo‘llanadigan postkolonial tanqid metodidan foydalangan bo‘lamiz. Tarixiy hodisa yoki faktga murojaat qildikmi – tarixiy metodni; jadidlarning xalq qayg‘usida faoliyat olib borgani haqida yozdikmi – sotsial yondashuvni qo‘llaymiz.
Demak, Gʻarb ilm-fani kontekst va ijtimoiy vazifani urg‘ulaydi, adabiyotning ratsional-ijtimoiylik va funksionallik jihatlariga ustunlik beradi. Matnning insonga ko‘rsatadigan ta’siri ham ana shu funksionallik jihatlariga kiradi. Shu bois ham Yevropada Bobur va “Boburnoma” Navoiy va uning asarlariga qaraganda ko‘proq dong qozongan. Sharqda esa emotsional aspekt – adabiyotning inson qalbi, his-tuyg‘ulariga ta’siri va shu orqali komil insonni tarbiyalash muhim.
Gulshan RAHIM,
filologiya fanlari nomzodi
“Tafakkur” jurnali, 2025-yil 4-son.
Tarix
Tarix
Adabiyot
Tarix
Adabiyot
San’at
Vatandosh
Jarayon
Tarix
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Din
Til
//
Izoh yo‘q